1. 1. 1 Ohista harakat bilan, asta, oshiqmasdan, shoshilmasdan.
Sekin yurmoq. Eshik sekin ochildi. Daryo sekin oqardi.
▬
Ra’no sekin boshini ko‘tarib kulumsidi va yuzini chetga o‘girdi.
A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Qamalgan tutun juda sekin tarqalmoqda edi.
Oybek, Tanlangan asarlar
2. 2. Bilinar-bilinmas, sezilar-sezilmas.
Sherigim meni sekin turtib imladi. Qabulxonaga chiqdik.
A. Qahhor, Bek
[Fotimaning] O‘g‘lining sochlariga teggan barmoqlari sekin qimirladi-yu, silashga ham jur’at etolmay, to‘xtab qoldi.
O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
Atrofda tobora odam ko‘payib borar, birov unga uzoqdan ta’zim qilar, birov quyuqqina ko‘rishar, notanish kishilar sekin kalla silkib qo‘yardi.
S. Siyoyev, Yorug‘lik
3. 3. Ehtiyotkorlik bilan, asta-asta; ozor bermay, avaylab.
Yaraning lattasini sekin ko‘chirmoq. Zirapchani sekin olib tashlamoq.
▬
Tal’at piyolani sekingina stol burchagiga qo‘ydi.
O‘. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
4. 4. Vazminlik bilan, hovliqmasdan, ohista.
Sekin tushuntirmoq.
▬
Agar men bir boyning o‘g‘li bo‘lsam, Nuri meni sevsa, ota-onasiga aytmaganda ham, atrofdagilarga sekin bildirgan bo‘lar edi.
Oybek, Tanlangan asarlar
5. 5. Past tovush bilan; eshitilar-eshitilmas.
— Sekin! Sekin gapir! — Hakimboyvachcha labini tishladi, — xotinlar eshitsa, gap-so‘z chuvaladi.
Oybek, Tanlangan asarlar
Alimardon sekin uf tortib qo‘ydi.
O‘. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
6. 6. Oz-ozdan, astalik bilan; kam-kamdan.
Ilojsiz qolgan dehqon bahoni sekin kamaytirib, yetti so‘mga tushdi.
Oybek, Tanlangan asarlar