1. 1. To‘g‘ri keladigan, mos tushadigan; arziydigan; muvofiq, munosib; sazovor.
Maqtovga loyiq ish. U hurmatga loyiq odam. Sizga loyiq bir ish topdim.
▬
Otabek xon qiziga loyiq bir yigit ekan.
A. Qodiriy, Utgan kunlar
Tetik, ziyrak, ulug‘, dono xaloyiq Baho bergay bilib har kimga loyiq. Uyg‘un va I.
Sulton, Alisher Navoiy
Yaxshini ham ko‘rdi, yomonni ham. Ichidan o‘ziga loyig‘ini tanlab oldi.
J. Abdullaxonov, Xonadon
2. 2. O‘lchamiga to‘g‘ri keladigan.
Bu etik oyog‘ingizga loyiq ekan. Bo‘yi bo‘yimga loyiq.
▬
— O‘ho‘! — dedi Turdiyev deraza ko‘zlarini ko‘rib. — Bularga loyiq oynani qayerdan topaman.
I. Rahim, Tinimsiz shahar
3. 3. Yetarli miqdorda, darajada.
Anvarga jabr bo‘ladi, deb o‘ylasang, bundan keyin o‘ziga loyiq, oz-oz non yopib tur.
A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Boy o‘zi mehnat qilishni xohlamasa, kuchiga loyiq yer, ishlab chiqarish vositalari qoldiriladigan bo‘ldi.
N. Safarov, Olovli izlar