Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {bosh}
So‘z bo‘g‘inlari: bosh
Izoh(lar)i:
bosh ot

1. 1. Tananing bo‘yindan yuqorigi, oldingi (odamda, hayvonlarda) qismi; kalla. Bosh kosasi (anatomiya). Bosh miya. Bosh kiyimlar magazini. Do‘st boshga boqar, Dushman — oyoqqa. Maqol
O‘zbek oyim boshi bilan keliniga rizolik bildirib, barakalla! deb qo‘ydi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
— Badanim o‘t bo‘lib yondi, boshim og‘rib, ko‘zlarim tindi, — dedi Hoji xola. M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha
U shoshib, ot boshini chap tarafga burdi. S. Ahmad, Ufq

2. ko‘chma hma Aql-hush, miya. Bosh bilan ish qilmoq. Tog‘ning ko‘rki tosh bilan, odamning ko‘rki bosh bilan. Maqol
Agronomga o‘z boshi bilan ish qilishga ruxsat berish kerak. S. Nurov, Narvoy
Qoratoy Yo‘lchining yelkasini do‘stona qoqib dedi: — Rosa boshing bor, inim Yo‘lchi, oltin boshing bor. Gaplaring — bari haq. Oybek, Tanlangan asarlar

3. 3. Boshliq, rahbar. Yaxshi yigit — davraning boshi. Maqol
Yaxshi xotin erni elga bosh qilur, Yomon xotin erini gado qilur. Maqol
Yomonga bosh bo‘lguncha, yaxshiga yo‘ldosh bo‘l! Maqol
Qirq yigitga bosh bo‘ladigan xotin edi. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Singlingning to‘yiga sen bosh bo‘lasan, sening to‘yingga Robiya bosh bo‘ladi. O‘. Hoshimov, Ikki eshik orasi

4. sft. ft. Lavozim, mansab jihatdan katta, yuqori turuvchi. Bosh vrach. Bosh agronom. Rustam Surxondaryo viloyatidagi kolxozda bosh agronom bo‘lib ishlayotibdi. Mushtum
Direktorning bu gapi bosh injenerga qaymoqday yoqib ketdi. Mushtum
Uning otasi bosh cho‘pon, o‘zi esa cho‘pon yordamchisi bo‘lib ishlay boshladi. Gazetadan
Bundan so‘ng ham bosh mirzoligingizni emas, mirza Anvarligingizni ehtirom qilamiz. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon

5. 5. Ulkan, katta, asosiy. Ozgina yurgach, Bog‘izog‘onning bosh arki oldidan chiqdilar. Oybek, Navoiy
Mana Xorazmning janubiy bosh darvozasi. I. Jabborov, Ko‘hna xarobalar siri
Bosh sovrin ta’sis etildi Gazetadan

6. sft. ft. Eng muhim, asosiy, yetakchi. Bosh masala. Bosh sabab. Paxta — bosh vazifa. Keyinchalik maktab sahnasida o‘ynaladigan spektakllarda hamisha bosh rollarni ijro etadigan bo‘ldi. S. Karomatov, Hijron
— Huzuringizga kelishimning bosh sababi shundadir! — dedi Hasanali. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

7. sft. ft. Eng oldingi, birinchi. Bosh bola. Bosh kelin. Qutidor bo‘lsa, ko‘z ochib ko‘rgan qudamiz, xotining bo‘lsa, bosh kelinimiz. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Yoshi ulg‘ayganda uylanganidan, bosh bolasi men edim. Oybek, Tanlangan asarlar

8. ko‘chma s.t. .t. Odam, kishi. Bir boshga bir o‘lim. Maqol
Bir boshga yuzta xo‘jayin bor. S. Nurov, Narvoy
Bu bosh dunyoga kelib nimalarni ko‘rmadi-a! A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

9. 9. (sanoq sonlar bilan) Chorva hisobida har bir adad jonivor. O‘n bosh ot. Ikki bosh qo‘y. Har bosh sigirdan ikki yarim ming litrdan sut sog‘ib olindi. Kolxoz chorvasiga bir yuz o‘n to‘qqiz bosh mol qo‘shildi. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari

10. 10. Tik narsalarning tepa qismi, uchi, cho‘qqisi. Shamol bo‘lmasa, daraxtning boshi qimirlamaydi. Maqol
Toqatliga tog‘lar egar boshini, toqatsizning birovlar yer oshini. Maqol
Quyosh tik ko‘tarilib issiqdan maysalarning boshi egildi. Shuhrat, Shinelli yillar
Gul ochilgay qonlarning boshida, Lolalar bor buloqlarning toshida. H. Olimjon

11. 11. Biror marosim, tadbir, voqea-hodisaning ro‘y berish, amalga oshish jarayonidagi dastlabki bosqich. Yusufbek hojining o‘zi ish boshida turib, Oybodoqqa tashqari hovlini tozalatardi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Yuring, xolajon, qizni o‘zim topa-man, to‘yning boshida o‘zim bo‘laman, yor-yorni ham o‘zim aytaman O. Yoqubov, Pyesalar
Bildimki, bu ig‘volarning boshida o‘zi bosh-qosh. K. Yashin, Hamza

12. 12. Yon, old, tomon. Saidmurod aka xashakchilar boshiga borganda, ular tushlikka chiqishgan ekan. N. Qobul, Bemorlar
Tez-tez boshimga borib tur. S. Ahmad, Yulduz

13. 13. O‘rin, karavot va shu kabilarning bosh qo‘yiladigan yuqori tomoni; shunday o‘rinda yotgan kishining beldan yuqori tomonidagi joy. so‘ri ustiga yozilgan o‘rinning bosh tomonidagi uchi tepaga cho‘nqaytirib qo‘yilgan yostiqlar ozoda hayotdan xabar berardi. Shuhrat, Shinelli yillar
o‘rnidan dik etib turib, karavot boshiga tashlab qo‘yilgan shimning kamarini sug‘urib oldi. M. M. Do‘st, Lolazor
Asqar ota borib, sag‘ananing bosh tomoniga cho‘kka tushdi va baland ovoz bilan quron o‘qidi. A. Qahhor, Asarlar
Hoji Kumushning boshiga kelib o‘tirdi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
— Bir vaqt hushimga kelsam, otam boshimda yig‘lab o‘tiribdi, — dedi Hoji xola. M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha

14. 14. Ba’zi otlar bilan birikib, shu ot orqali ifodalangan narsaning o‘zini yoki u o‘rnashgan joyni, yon-atrofini bildiradi. Nigor oyim o‘choq boshida ovqat pishirish bilan mashg‘ul edi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Mullanavro‘z xirmon boshida qoldi. S. Ayniy, Qullar
Otam mash’alani tutib, oxur boshiga bordilar. Sh. Xolmirzayev, Og‘ir tosh ko‘chsa
Haydar ota shu bahona bilan u yoq-bu yoqni ham ko‘ray deb, aylanishroq bo‘lsa ham, bozor boshidan yurdi. A. Qahhor, Asarlar

15. 15. Cho‘ziq, davomli, bo‘yli narsalar, joy, maydonlarning boshlanish joyi yoki oxiri, etagi; shunday narsalarning ikki uchidan, chekkasidan, tomonidan biri. Daryo boshlangan joy daryo boshi deyiladi. Geografiya
Yormat Yo‘lchini sudrab, ko‘chaning boshiga, aravalar to‘xtagan joyga yugurdi. Oybek, Tanlangan asarlar
Xiyobonning bu boshida naqshdor, havorang baland ayvonning bir chekkasi ko‘rinib turardi. A. Qahhor, Asarlar
Avaz dala boshida, omonat bir chayla soyasida soch olib turardi. S. Siyoyev, Avaz
Xonaning u boshidan bu boshiga yurdi. Shuhrat, Shinelli yillar

16. 16. Voqea, hodisaning, biror muddat yoki faslning, asar, matn va shu kabilarning boshlanish joyi, payti, avvali, muqaddimasi. Hikoyaning boshi. Yilning boshi. Ishimning boshi yo‘q, Oshimning moshi yo‘q. Maqol
To‘yning boshi — boshlanguncha. Maqol
Qiz so‘zning boshini eshitib iljaydi, oxirini eshitib, qo‘rquvdan bo‘zardi. P. Tursun, O‘qituvchi
Mamlakat urushning boshidayoq otadan ayrilib, ona qo‘lida qoldi. O‘. Umarbekov, Sirli sohil
To‘ti bu xatning boshini eshitiboq, o‘zini yerga ko‘tarib urgan edi. S. Zunnunova, Olov
— Men, bo‘lmasa, gapni boshidan boshlay, — dedi Abdurasul. P. Tursun, O‘qituvchi
Sentyabr boshlarida polk g‘arbga tomon yo‘l oldi. Oybek, Tanlangan asarlar
Homidning sovchisi boshqa sovchilarning muqaddimasi, yoz boshida keladigan qaldirg‘ochlarning yo‘lboshchisi edi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

17. 17. Voqea, hodisa va shu kabilarning boshlanishi uchun bahona bo‘lgan narsa, dastlabki sabab. Qo‘shnimning oshi — janjalning boshi. Maqol
Qumriniso Sobiraxonga ko‘z qisib: — O‘yin-kulgimizning boshi Bahrixonning to‘yi bo‘ladi, — dedi. A. Qahhor, Xotinlar
Baxtni birovlarning ostonasidan qidirishning o‘zi baxtsizlikning boshi! A. Qahhor, Og‘riq tishlar

18. 18. Ba’zi o‘simliklarning kalla yoki chochoq shaklidagi hosili, mevasi. Bir bosh uzum. Bir bosh karam. Topgan gul keltirar, topmagan — bir bosh piyoz. Maqol
Pesh-taxta oldiga borib, savatdagi uzumdan bir bosh tanladi-da, tarozi pallasiga qo‘ydi. K. Yashin, Hamza
Qayoqdan ham bir bosh ko‘knor topib ichirdik, og‘ziga jiydaning suvini tomizib ko‘rdik. S. Siyoyev, Yorug‘lik

19. 19. (sanoq sonlar bilan) Karra, hisob. Besh bosh qilib olmoq. O‘n bosh qilib to‘lamoq.

20. 20. 3-shaxs egalik va jo‘nalish kelishik, o‘rin-payt kelishik, chiqish kelishik affikslari bilan ko‘makchi vazifasida qo‘llanadi (boshiga, boshida, boshidan).

Antonim(lar)i: oxir
Sinonim(lar)i: asosiy [a], aql [a], kalla [f-t]

1. bosh I Ot
organizmning bo‘yindan yuqori qismi, kalla; miya; aql-idrok, fikrlash qobiliyati; rahbar; dona (hayvon, piyoz kabilarni sanashda ishlatiladigan numerativ); bir bandga birlashuvchi bir qancha shingil; eng yuqori qism; boshlanish nuqtasi; oyoq kiyimining taglikka birlashtiriluvchi qismi

2. bosh II Sifat
eng oldingi, birinchi; asosiy, muhim; katta; rahbarlik qiluvchi, boshchilik qiluvchi

Paronimi: mavjud emas.

Bosh bo‘laklargapning grammatik asosini tashkil etuvchi va boshqa bo‘laklarni o‘ziga tobelantiruvchi gap bo‘lagi turi. Bosh bo‘lak – kesim va ega.

Kesim. Kesim – tasdiq/inkor, mayl, zamon shaxs/son ma’nosi va shakliga ega bo‘lgan, gapning egasi haqidagi xabarni ifodalovchi bo‘lak. Nutqda kesimsiz gap bo‘lishi mumkin emas. Gapda kesim bo‘lmasa, u o‘zbek tili uchun to‘liqsiz gap. Kesim qaysi turkum so‘zi bilan ifodalansa, shu turkum so‘rog‘iga javob bo‘ladi. U qo‘llanishiga ko‘ra ikki xil: 1) mustaqil kesim; 2) nomustaqil kesim.

Mustaqil kesim sodda gap tarkibida ham, qo‘shma gap tarkibida ham bir xil ma’no beradi. Mas., Karim keldi, lekin Salim kutmadigapidagi har ikki kesim shu qo‘shma gap tarkibida ham, ajratilgan sodda gap tarkibida ham bir xil ma’noga ega. Qiyoslang:Karim keldi. Salim kutmadi.

Nomustaqil kesim. Ayrim kesim sodda gap tarkibida boshqa, qo‘shma gap tarkibida boshqa ma’no beradi: Salim kelsa, men boramangapi tarkibidagi ergash gapning kesimi“shart”ma’nosini ifodalamoqda. Lekin qo‘shma gap sodda gapga ajratilsa, bu kesimning ma’nosi o‘zgaradi: Salim kelsa (istak). Bu – nomustaqil kesim. -sa shart mayli qo‘shimchasi, uning -sa edi, -ganda edi o‘tgan zamon ko‘rinishi, -di ham, -ganicha yo‘q, -ganicha yo‘q edi, -gan edi, -ardi, -ar ekan o‘tgan zamon qo‘shimchasi kabilar nomustaqil kesimni shakllantiradi.

 

Qo‘shma gap tarkibida

Sodda gap tarkibida

Havo ochilsa, ishni boshlaymiz.

Havo ochilsa.

Kitobim bo‘lsa edi, tezda bajarar edim.

Kitobim bo‘lsa edi.

Salim kelganda edi, bir zumda hal qilar edik.

Salim kelganda edi.

U aytardi(aytsa edi), men bajarardim.

U aytardi.

 

Boshqa shaklli kesim mustaqil kesim sanaladi.

Kesimning ifodalanishi. Kesim ifodalanishiga ko‘ra ikki xil: 1)fe’l kesim;2)      ot kesim.

Fe’l kesim.Sof fe’l bilan ifodalangan kesimfe’l-kesim deyiladi:Men maktabga boraman. Po‘lat xatni kecha yuborgan.

Ot kesim. Ot, sifat, son, olmosh, ravish, taqlid, modal va harakat nomi bilan ifodalangan kesim – ot kesim: 1) ot-kesim: Qarg‘a nima deyotganini bilmaymiz, chunki u – qarg‘a, biz – odam; 2) sifat-kesim: E taqsir, qissamiz uzun;3) son-kesim: Ikki karra ikki – to‘rt;4) ravish-kesim: O‘zlashtirishing – yodaki. 5) taqlid-kesim: Hamma tomon g‘ovur-g‘uvur. 6) olmosh-kesim:Sen – mensan-u, men –senman, qissamni bayon etsam;7) modal-kesim: Tinchlik yo‘q.

Kesimningtuzilishi.Kesim tuzilishiga ko‘ra ikki xil: a)sodda kesim; b) murakkab kesim.

Sodda kesim bir so‘z bilan ifodalanadi: 1.Sen bahorni sog‘inmadingmu? 2. Majlis shunga qaror qildi. Qo‘shma, juft, takroriy so‘z, ibora bilan ifodalangan kesim ham sodda kesim deyiladi. Chunki u yaxlit holda bitta so‘z yoki unga teng hodisa.

Murakkab kesim birdan ortiq so‘z bilan ifodalanadi: 1.Ayozli kunlar birin-ketin o‘tib borayotir.Murakkab kesim tarkibidagi ikkinchi so‘z ko‘makchi fe’l, bog‘lama, nisbiy so‘z bo‘lishi ham mumkin. Murakkab kesimga misol: a) birikmali: Bu kun biz uchun og‘ir kun; O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat;b) to‘liqsiz fe’lli so‘z: Anjir kulchaday yirik va holvaytarday yumshoq edi;d) ko‘makchili so‘z: Hammasi sen uchun, Dilovar uchun;e) bog‘lamali: (q. Bog‘lama)Bunday odamlarni nodon hisoblashadi; f) ko‘makchi fe’lli: Hamma ham xalqiga xizmat qilgisi keladi.Murakkab ot-kesim quyidagi xususiyatga ega: a)  ot/sifat/son/olmosh/ravish+"bo‘lmoq"fe’li yoki to‘liqsiz fe’l: Mehnat qancha qiyin bo‘lsa, noni shuncha shirin bo‘ladi;b) yo‘q/bor/oz/ko‘p/zarur/lozim/kerak+bo‘lmoq fe’li yoki to‘liqsiz fe’li: Uzoqda ko‘ringan sharpa bir zumda yo‘q bo‘ldi;d) harakat nomi+kerak/lozim/shart/darkor: Choyxona yangi solingan qishki binoga ko‘chib kirishi va bayramda ochilishi kerak edi.

Ega. Gapdagi xabarning kim yoki nima haqida ekanligini bildirib, kesimga tobe bo‘lgan bo‘lak – ega. Ega kim, nima, qayer so‘rog‘iga javob bo‘ladi: Kishilar (kim)Hakimani va boshqa qizlarni maqtashdi. O‘tloqda bedana (nima) ko‘p. Atrof (qayer?)jimjit.Ega bosh kelishikda bo‘ladi va ifodalanishi, odatda, quyidagicha: 1) ot: Shamol gul hidlarini atrofga taratdi; 2) olmosh: Ular to‘garak mashg‘ulotiga muntazam qatnashadi;3) harakat nomi: O‘qish tugadi;4) otlashgan (sifat, son, sifatdosh, ravish, taqlid)so‘z: Yaxshilar(sifat)ko‘paysin, yomon qolmasin. Ikkovimiz(son)dala aylandik. Bilgan (sifatdosh)bilganin ishlar, bilmagan (sifatdosh)barmog‘in tishlar. Ko‘plar(ravish)qatnashdi. Uzoqdan to‘plarning gumbur-gumburi (taqlid) eshitilardi;5) ibora: Uning yuziga oyoq qo‘yish axloqimizga zid;6) kengaygan birikma: Otlarning otxonaga olib o‘tilmagani Ziyodillani taajjublantirdi.Ba’zan teng aloqadagi bir necha so‘z ham butunicha yoki bo‘lak-bo‘lak ravishda ega bo‘lib kelishi mumkin: Otam bilan akam bozorga ketishdi. Ba’zan ega chiqish kelishigidagi so‘z bilan ham ifodalanishi mumkin. Bunda haqiqiy ega tushirilgan, undan oldin kelayotgan chiqish kelishigidagi so‘z ega vazifasini ifodalaydigan bo‘lib qoladi: Unda ham bu kitobdan bor. Bu gapdagi haqiqiy egani tiklash mumkin: Unda ham bu kitobdan biri bortarzida.

Hamma gapda ega qatnashavermaydi. Shu nuqtai nazardan gap egali va egasiz gapga bo‘linadi. (q. Gap).

Ega bilan kesimning shaxs-sonda mosligi.Ega bilan kesimning shaxs-sonda mosligini ikkiga bo‘lib o‘rganish mumkin: a) shaxsda moslik;b) sonda moslik.Shaxsda moslik. Ega va kesim bir-biri bilan shaxsda hamma vaqt mos bo‘ladi: Biz maktab jamoat ishida faol qatnashamiz. Nutqda Hayron bo‘lasan kishi tarzidagi gap qo‘llanadi. Bu gapda ega va kesim shaxsda moslashmagan: ega (kishi) III, kesim esa II shaxsda. Bu – kam uchraydigan hodisa. Sonda moslik. Bunda quyidagi holat muhim:a) fe’l-kesim I va II shaxsda ega bilan hamma vaqt sonda mos bo‘ladi: Biz yordam berdik;b) kesim III shaxsda ega bilan hamma vaqt sonda moslashavermaydi: 1) kishini bildirgan III shaxsdagi ega bilan fe’l-kesim sonda mos bo‘ladi: Dehqonlar ishni boshlab yubordilar;2) ko‘plikdagi kishini emas, narsa-buyumni bildirsa, fe’l-kesim, odatda, ega bilan sonda moslashmay, birlikda ishlatiladi: Kitoblar olindi; 3) ot-kesim ko‘plikdagi ega bilan ko‘pincha moslashmaydi: Uyda akam, opam va singlim bor edi;4) gapda eganing aniqlovchisi miqdor son bilan ifodalansa, kesim va ega birlik shaklida bo‘ladi: Uchta qiz yordamga keldi.Ega va kesim mosligini yuzaga keltirishda ohang muhim o‘rin tutadi:1.Yer xazina – suv oltin. 2. Qo‘l - yaratuvchi. 3.Bu – maktab, do‘stim.

Ega bilan kesim orasida tirening ishlatilishi.Quyidagi holatda ega bilan kesim orasiga tire qo‘yiladi: 1) gapning kesimi bosh kelishikdagi ot bilan ifodalanib, bog‘lama yoki kesimlik qo‘shimchasi bo‘lmasa: Toshkent – go‘zal shahar;2) gapning egasi yoki kesimi yoxud ikkisi ham harakat nomi bilan ifodalansa va bog‘lama bo‘lmasa: Kulish – umrni uzaytirish vositasi;3) gapning egasi yoki kesimi birikma bilan ifodalanib, tenglik, o‘xshatish, kabi ma’noni bildirsa va bog‘lama bo‘lmasa: Yaxshi qiz – yoqadagi qunduz;4) ega yoki kesim ko‘rsatish olmoshi yoxud miqdor son bilan ifodalanib, alohida ajratib ko‘rsatilsa, bog‘lama yoki kesimlik qo‘shimchasi bo‘lmasa: 1.Ana shu – mening uyim. 2.Uch karra uch – to‘qqiz;5) ega bilan kesim bu, u, mana bu so‘zi bilan ajratilganda tire shu so‘zdan oldin qo‘yiladi: Istiqlol – bu o‘zbek xalqining azaliy orzusi.

Quyidagi holatda ega bilan kesim orasiga tire qo‘yilishi lozimdek bo‘lsa ham, qo‘yilmaydi: 1) ega kishilik olmoshi bilan ifodalangan bo‘lsa va bog‘lama bo‘lmasa ham: U tajribali iqtisodchi;2) kesim bosh kelishikdan boshqa kelishik qo‘shimchasini olgan bo‘lsa: Butun umidimiz sendan;3) ega bilan kesim o‘rtasida ham yordamchi so‘zi bo‘lsa: Men ham kichik paxtakor;4) kesim sifat, son (miqdor sondan tashqari), ravish bilan ifodalansa: 1.Shahrimiz go‘zal. 2.Kitoblar soni beshta. 3.Mening orzularim ko‘p.5) ta’kidlash uchun yuklama qo‘llanganda: 1.Men ham talaba. 2.Yer xazinami? 3.Bu kitob-ku?Ba’zan ta’kidni kuchaytirish uchun kesimlik qo‘shimchasi bo‘lishiga qaramay, egadan keyin tire qo‘yilishi mumkin: Adabiyot — hayotning badiiy ifodasidir.

Bosh harf imlosi1995- yil 24- avgustda qabul qilingan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning 66–74- paragraflarini o‘z ichiga oluvchi bosh harf bilan yozish haqidagi imlo qoidasi to‘plami.

Bosh harflar quyidagi hollarda ishlatiladi:1) kishining ismi, ota ismi, familiyasi, taxallusi, ramziy atoqli oti bosh harf bilan boshlanadi: Dilbar, O‘rinova, Muhabbat Majidovna, Azamat Shuhrat o‘g‘li, Hamza Hakimzoda, Muhammadsharif So‘fizoda, Mannon Otaboy, Navoiy, Furqat; Yelpig‘ichxon, Salomjon Alikov kabi; 2) joy nomi bosh harf bilan boshlanadi: Andijon, Yangiyo‘l (shaharlar), Naymancha, Buloqboshi (qishloq), Bodomzor, Chig‘atoy (mahallalar), Zavraq (dara), Yorqoq (yaylov), Qoratog‘, Pomir (tog‘), Oqtepa, Uchtepa (tepa), Zarafshon, Sirdaryo (daryo), Yoyilma (kanal); Turkiya, Hindiston (mamlakat) kabi. Bunday atoqli ot tarkibidagi sifatlovchi ham bosh harf bilan yoziladi: Shimoliy Kavkaz, Markaziy Qizilqum kabi; 3) yulduz va sayyora, boshqa xil osmon jismining atoqli oti bosh harf bilan boshlanadi: Hulkar, Qavs, Mirrix (yulduz va sayyoralar nomi), Tinchlik dengizi (Oydagi relyef nomi) kabi. Yer, quyosh, oy turdosh otlari sayyora nomi bo‘lib kelgandagina bosh harf bilan yoziladi: Yer Quyosh atrofida, Oy Yer atrofida aylanadi;4) madaniy-maishiy va savdo korxonasiga, adabiyot va san’at asariga, sanoat va oziq-ovqat mahsulotiga, shuningdek, transport vositasi, sport inshootiga qo‘yilgan nom bosh harf bilan boshlanadi: “Tong” (mehmonxona), “Saodat” (firma), “Navro‘z” (xayriya jamg‘armasi), „Kamalak» (matbaa birlashmasi), “G‘uncha” (bog‘cha), “Botanika” (sanatoriy), “Paxtakor” (stadion), “Qutlug‘ qon” (roman), “Dilorom” (opera), “Tanovar” (kuy), “Ozodlik” (haykal), “Jasorat” (yodgorlik), “Sino” (sovutgich) kabi; 5) muhim tarixiy sana va bayram nomi tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan boshlanadi: Mustaqillik kuni, Xotira kuni, Ramazon hayiti, Navro‘z bayramikabi; 6) davlat, davlat oliy tashkiloti va mansabining, xalqaro tashkilot nomidagi har bir so‘z bosh harf bilan boshlanadi: O‘zbekiston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Misr Arab Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining Raisi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon Tinchlik Kengashikabi. Boshqa tarkibli nomda oliy mansabni bildiruvchi birinchi so‘zgina bosh harf bilan boshlanadi: Bosh vazirning o‘rinbosari, Mudofaa vaziri, Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi kabi. Vazirlik va idora, korxona va tashkilot nomi tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan boshlanadi: Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Tilshunoslik instituti kabi; 7) davlatning oliy darajali mukofoti nomi tarkibidagi har bir so‘z bosh harf bilan boshlanadi: “O‘zbekiston Qahramoni” (unvon), “Oltin Yulduz” (medal). Boshqa mukofot, faxriy unvon, nishon nomidagi birinchi so‘zgina bosh harf bilan boshlanadi: “Sog‘lom avlod uchun” (orden), “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” (faxriy unvon), “Matbaa a’lochisi” (nishon) kabi; 8) gapning birinchi so‘zi bosh harf bilan boshlanadi: Yer tagidan Muqaddasga bir qarab oldim (O.Yoq.). (Eslatma:1) ko‘chirma gapdan keyin kelgan muallif gapining birinchi so‘zi (agar u atoqli ot bo‘lmasa) kichik harf bilan yoziladi: “Bu men”, – qo‘rqibgina javob berdi ko‘laga (O.Yoq.); 2) xatboshiga gapning sanaluvchi qismi chiqarilganda bunday qism oldidan chiziq qo‘yiladi va ular kichik harf bilan yoziladi: Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rishga tayyorlash vaqtida tegishli organ (mansabdor shaxs) quyidagi masalani:

–mazkur ishni ko‘rib chiqish uning huquq doirasiga kirish-kirmasligini;

–ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi protokol va ishga oid boshqa material to‘g‘ri tuzilgan-tuzilmaganligini ... hal qiladi;3) gapning qismlari qavsli raqam yoki qavsli harf qo‘yib sanalsa, bunday qism ham kichik harf bilan yoziladi: Hozirgi o‘zbek adabiy tilining lug‘at boyligi asosan besh manba negizida tarkib topgan: 1) umumturkiy so‘z; 2) o‘zbekcha so‘z; 3) tojik tilidan kirgan so‘z; 4) arab tilidan kirgan so‘z; 5) rus tilidan kirgan so‘z(“O‘zbek tili” darsligidan); 9) tarkibli nomning bosh harfidan iborat qisqartma, atoqli ot bo‘lmagan ba’zi birikmaning qisqartmasi bosh harf bilan yoziladi: AQSH (Amerika Qo‘shma Shtatlari), BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti), AES (atom elektr stansiyasi) kabi. Qisqartma tarkibida bo‘g‘inga teng qism bo‘lsa, uning birinchi harfigina bosh harf bilan yoziladi: ToshDTU (Toshkent davlat texnika universiteti) kabi.

Boshqa tildan o‘zlashgan so‘zning talaffuzida o‘ziga xos me’yorlar bor. Ular quyidagilar: 1.Turkiy tillarda, ma’lumki, f undoshi bo‘lmagan, shuning uchun jonli so‘zlashuvda arab, fors va rus tillaridan o‘zlashgan so‘zlardagi «f»ni «p» deb talaffuz qilish hollari uchraydi: ulfat>ulpat, faner>paner, ferma>perma kabi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida ularni «f» bilan talaffuz qilish me’yor holiga kelgan. 2. So‘z yoki bo‘g‘in boshida undosh tovushlarning qatorlashib kelishi turkiy tillarga xos bo‘lmagan. Bu hodisa keyinchalik boshqa tillardan o‘zlashtirilgan so‘zlar talaffuziga ham ta’sir qilgan – jonli so‘zlashuvda so‘z yoki bo‘g‘in boshida yoxud bo‘g‘indagi ikki undosh orasida bir unlining orttirilishiga olib kelgan: shkaf > ishkop, stakan > istakon, plan > pilon, traktor > tiraktir kabi. Bunday holat so‘z oxirida ham uchraydi: aql > aqil, fikr > fikir, ilm > ilim, hukm > hukum kabi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida bunday so‘zlarni asl holicha (unli orttirmay) talaffuz qilish orfoepik me’yor sanaladi. Bunday me’yor shu tipdagi so‘zlarning yozuvdagi shaklini (imlosini) to‘g‘ri belgilashga ham yordam beradi. 3. Umumturkiy so‘zlarda ikki unli yonma-yon qo‘llanmaydi, bu hol arab tilidan o‘zlashgan oila, doir, rais, maorif, saodat, mutolaa kabi so‘zlar talaffuziga ta’sir qilgan: oila, doir, rais so‘zlarida bitta «y» orttirilgan (oyila, doyir, rayis kabi), maorif, saodat, mutolaa so‘zlari esa unlilarning diftonglashuviga – mo:rip, so:dat, mutola: kabi talaffuz qilinishiga olib kelgan. Keyingi bir asr ichida rus tilidan so‘z o‘zlashtirishning faollashganligi, ruscha o‘zlashmalarning rus tilidagi talaffuz va imlo me’yorlarini o‘zbek tiliga aynan singdirish an’anasining ustun bo‘lganligi o‘zbek tilida ikki unlining so‘z tarkibida yonma-yon kelishini orfoepik va orfografik me’yorga aylantirdi: biologiya, geometriya, geologiya, geodeziya va boshqalar. Bu hol arabcha o‘zlashmalarda (oila, doir, rais, maorif, saodat, matbaa, mutolaa kabilarda) ham ikki unlining yonma-yon talaffuz qilinishi va yozilishini me’yor darajasiga ko‘tardi. 4. Arab tilidan o‘zlashtirilgan ta’na, da’vo, ma’no, e’lon, me’mor, mo‘tabar kabi so‘zlarning birinchi bo‘g‘inidagi unlilar cho‘ziqroq talaffuz etiladi. 5. Rus tilidan o‘zlashgan so‘zlarda «i» unlisi o‘zbek tilining «i» unlisidan torroq va cho‘ziqroq talaffuz etiladi. tish (o‘zb.) – tip > ti:p (rus.), til (o‘zb.) – tir > ti:r (rus.) kabi. 6. Ruscha leksik o‘zlashmalarning urg‘usiz bo‘g‘inidagi «e» unlisi o‘zbekcha «e»dan ancha tor («i»ga yaqin) talaffuz etiladi: telefon > tilifon., televizor > tilivizir, adres > adris kabi. 7. Rus tili orqali o‘zlashgan so‘zlarda «a» unlisi o‘zbekcha «a»dan yo‘g‘onroq talaffuz etiladi: kana (o‘zb.) – kanal (rus) kabi. 8. Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlardagi o‘rta keng, lablangan «o» unlisi urg‘uli bo‘g‘inda o‘zbek tilidagi o‘rta keng, lablangan «o‘»dan kengroq talaffuz etiladi: ton (rus.) – to‘n (o‘zb.), tok (rus.) – to‘q (o‘zb.), tort (rus.) – to‘rt (o‘zb.) kabi. 9. Jonli tilda «r» bilan boshlangan arabcha, forscha va ruscha so‘zlarning boshida bir «o‘» tovushining orttirilishi ancha keng tarqalgan: ro‘za>o‘raza, rus>o‘ris, ro‘mol>o‘ramol kabi. Adabiy talaffuz me’yori sifatida ro‘za, rus, ro‘mol shakllari saralangan. 10. Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlarning oxirida lab-tish «v» undoshi jarangsiz «f» tarzida talaffuz qilinadi: aktiv > aktif, passiv > passif, ustav > ustaf, kursiv > kursif kabi; «v»ning jarangsizlanishi so‘z ichidagi assimilyativ holatda ham yuz beradi: avtomat > aftomat, stavka > stafka kabi. Bunday talaffuz adabiy til uchun me’yor sanaladi, ammo o‘zbek tilining o‘z so‘zlarida qo‘llanadigan lab-lab «v» undoshi so‘z oxirida ham, jarangsiz undosh ta’sirida ham «f» ga o‘tmaydi: ov, birov, ovqat, shavkat kabi. (Bu holat ham orfoepik me’yor sanaladi). 11. Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zning ko‘pchiligida urg‘u erkin bo‘ladi, bu hol o‘zbek adabiy tili va talaffuziga ham singib bormoqda: atlas, trolleybus, tramvay kabi. 12. O‘zbek tilidagi urg‘u asosan so‘zning oxirgi bo‘g‘iniga tushadi, ammo ayrim o‘zlashgan so‘zlarda urg‘u so‘zning oldingi bo‘g‘inlarida bo‘lishi ham mumkin: hamma, jami, hamisha, afsuski kabi. Bunday holatlardan xabardor bo‘lish adabiy talaffuz me’yoriga amal qilish imkonini beradi.

 

Boshqird tiliboshqird xalqining tili.Turkiy tillar g‘arbiy tarmog‘ining qipchoq guruhiga kiradi. Boshqird tilida 1 millionga yaqin kishi so‘zlashadi (1992 yildagi ma’lumot). Ikkita asosiy shevasi bor: a) janubiy (yurmata); b) sharqiy (quvaqan). Boshqird tiliturkiy tillardan tatar tiliga yaqin turadi, faqat talaffuz va qisman grammatik jihatdan farqlanadi. Yozuvi arab (1929- yilgacha), lotin (1929–1939) va kirill (1940- yildan) alifbolari asosida.

 

1. bir boshdan: boshlanishidan, tartib bilan

2. bir boshini ikkita qildi: oilali qildi

3. bir yoqadan bosh chiqardi: hamjihat bo‘ldi, yakdil bo‘ldi

4. bir yostiqqa bosh qo‘ydi: turmush qurdi

5. bo‘rk ol desa bosh olmoq: biror ishni lozim bo‘lganidan ham qo‘pol qilib bajardi

6. bosh egdi: itoat qildi, bo‘ysundi

7. bosh ko‘tardi: 1) qaradi 2) qilib turgan ishini to‘xtaldi 3)qo‘zg‘aldi, harakat qildi 4) kurashga chog‘landi 5) unib chiqdi

8. bosh og‘rig‘i: ortiqcha tashvish, dahmaza

9. bosh qo‘shdi: aralashdi, qatnashdi

10. bosh qotirdi: astoydil o‘yladi, chuqur fikrladi

11. bosh suqdi: 1)gavdasi tashqarida qolib, boshini tiqqan holda qaradi 2)aralashdi

12. bosh tovlamoq: bosh to‘lg‘amoq, bosh tortmoq

13. bosh urib kelmoq: najot izlab, panoh istab kelmoq.

14. boshdan oyoq: to‘la-to‘kis, bus-butun

15. boshga qo‘ndirmoq: kiymoq

16. boshi achidi: fikrlash qobiliyatini yo‘qotdi

17. boshi aylandi: 1)behud bo‘ldi, muvozanatini yo‘qotdi 2)esankiradi

18. boshi aylantirdi: esankiratdi

19. boshi bilan sho‘ng‘ib ketdi: butunlay berilib ketdi

20. boshi chiqmadi: xalos bo‘lmadi, qutulmadi

21. boshi g‘ovladi: o‘ylayverib gangidi

22. boshi ikkita bo‘ldi: uylandi

23. boshi ko‘kka yetdi: behad sevindi

24. boshi oqqan tomon: duch kelgan taraf

25. boshi osmonda: nihoyatda xursand

26. boshi shishdi: o‘ylayverib gangidi

27. boshi yostiqqa yetganda: kasal bo‘lib qolganda

28. boshida danak chaqdi: ortiq darajada azobladi

29. boshidan kechirdi: 1)o‘z hayotida ko‘rdi 2)ma’lum bir muddat fikrladi

30. boshidan oshib yotibdi: ortiq darajada, benihoya ko‘p

31. boshiga keldi: o‘yladi, idrok qildi, fahmladi

32. boshiga ko‘tardi: qattiq shovqin soldi, yuksak darajada izzat-hurmat qildi

33. boshiga qilich kelsa ham: har qanday sharoitda ham

34. boshiga urmaydi: kerak emas

35. boshiga yetdi: halok qildi

36. boshini achitdi: me’yoriy fikrlash qobiliyatini yo‘qotdi

37. boshini bukdi: uyat-nomusdan bosh ko‘tarolmaydigan holatga tushirdi

38. boshini ko‘tardi: yotib qolgan xastalikdan keyin sog‘aya boshladi

39. boshini og‘ritdi: 1) o‘yladi 2) miyasini charchatdi

40. boshini olib ketdi: butunlay tashlab ketdi

41. boshini qayoqqa urishini bilmadi: ilojini topa olmadi

42. boshini xam qildi: uyat-nomusdan boshini ko‘tarolmaydigan holatga tushirdi

43. boshini yedi: yo‘q qildi, halok qildi

44. boshlarini bir joyga qovushtirdi: 1) hamjihat bo‘lib birlashtirdi 2) oila qurdirdi

45. boshvoq solmoq: bo‘ysundirmoq, jilovlamoq

46. dargohiga bosh urdi: xokisor bo‘ldi, xokisorlik qildi

47. do‘ppi ol desa bosh olmoq: biror ishni lozim bo‘lganidan ham qo‘pol qilib bajardi

48. egilgan boshi: uyat-nomusdan bosh ko‘tarolmaydigan holatga tushirdi

49. eshigiga bosh qo‘ydi: xokisor bo‘ldi, xokisorlik qildi

50. hushi boshidan uchdi: esankiradi

51. nomimni boshqa qo‘yaman!: biror ishni bajarishga qasd qilganlikni bildirishda aytiladi

52. ostonasiga bosh qo‘ydi: xokisor bo‘ldi, xokisorlik qildi

53. otimni boshqa qo‘yaman!: biror ishni bajarishga qasd qilganlikni bildirishda aytiladi

54. oyog‘iga bosh qo‘ydi: xokisor bo‘ldi, xokisorlik qildi

55. oyog‘iga bosh urdi: xokisor bo‘ldi, xokisorlik qildi

56. tegirmon boshi: Tegirmon joylashgan joy

57. yostiqdan bosh ko‘tarmoq: yotib qolgan xastalikdan keyin sog‘aya boshladi

1. Adoq – bel – bosh
Ma’nosiga ko‘ra
(joylashish o‘rnining yuqoriligiga ko‘ra)

2. Aql – fahm – tamiz – es – miya – bosh – kalla
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(ijobiy-salbiylik belgisiga ko‘ra )

3. Boshqa – o‘zga – yot – begona – raqib
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgining kuchli ifodalashiga ko‘ra )

4. Boshqacha – bo‘lakcha – o‘zgacha – ayricha
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(ko‘p-oz qo‘llanishiga ko‘ra )

5. Don – bug‘doy – boshoq – xirmon
Ma’nosiga ko‘ra
(miqdor-ko‘lamining ortib borishiga ko‘ra)

6. O‘tirmoq – yonboshlamoq – cho‘zilmoq – uzala tushmoq – yotmoq
Ma’nosiga ko‘ra
(holat darajasiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.