Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {yorug‘}
So‘z bo‘g‘inlari: yo-rug‘
Izoh(lar)i:
yorug‘ sf

1. 1. Yonib, qizib turgan narsadan tarqalgan yog‘du, nur. Sham yorug‘i. G‘ulomjon o‘choqdagi o‘t yorug‘ida qomati xiragina ko‘rinib turgan do‘stini borib quchoqladi. M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha
Elmurod palatkaga kirdi. Palatka sham yorug‘ida ertaklarda uchraydigan go‘zallik va fayz kashf etgan. Shuhrat, Shinelli yillar

2. 2. Nur tushib turgan; ravshan, charog‘on. Ko‘chalar yorug‘. Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘. Maqol
Uy yorug‘ edi. Sergey stol lampasini o‘chirmay uxlab qolgandi. P. Qodirov, Uch ildiz

3. ko‘chma hma Baxtli, nurli, yorqin. Fotima dunyoga kelib, o‘zi bilan shu qadar mehribon, xushmuomala gaplashadigan odamlar borligini, ularning birdan-bir maqsadlari uni ozod qilib, yorug‘ yo‘lga boshlash ekanini angladi. P. Tursun, O‘qituvchi
Bu ko‘z yoshlarini g‘am va hasrat emas, aksincha, o‘sha yorug‘ hislar tug‘dirgan edi. O. Yoqubov, Ota izidan

Antonim(lar)i: qorong‘i
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: yoriq Yorilgan, darz ketgan; oraliq, tirqish.

«Oltin yorug‘»– buddayivlikka e’tiqod qilgan turkiy qavmlar orasida mashhur bo‘lgan qadimgi yozma yodgorlik. Asl nomi Suvarnaprabxasa, sanskrit tilidan qadimgi xitoy tiliga tarjima qilingan. X asrda Beshbaliq shahrida Sengi Seli Tudung uni xitoy tilidan qadimgi turkiy tilga «Oltin yorug‘» nomi bilan tarjima qilgan va eski uyg‘ur-turk tiliga ko‘chirgan. O‘nta afsonani ichiga olgan asar 675 sahifadan iborat. Barchasida buddaviylikning “najot topish” ta’limoti birinchi o‘rinda turadi. Unda aks etgan “to‘rt oliy haqiqat” bosqichi ham O‘rta Osiyo xalqlarining falsafiy qarashlariga mos keladi. «Oltin yorug‘»ning hozir foydalanilayotgan nusxasi XVIII asrda ko‘chirilgan va Sankt-Peterburgdagi Osiyo muzeyida saqlanadi. Uni 1910- yilda Sharqiy Turkistonning Xan-su viloyatidagi Vun-shigu qishlog‘idan S.Y.Malov topgan. Topilmaning faksimel nusxasini u va V.V.Radlov nashr qilgan (1913–17). Nemis olimi V.Myuller esa asarning 1920 sahifasini asl nusxa bilan qiyoslagan holda chop ettirgan (1913). V.V.Radlov «Oltin yorug‘»ning bir qismini nemis tilida nashr qilgan (1930). Turk olimi Rashid Rahmatiy Arat «Oltin yorug‘»ni transliteratsiya qilib, usmonli turk tiliga tarjima qilishni boshlagan, lekin ish yakun topmagan. Yana bir turk olimi Cheval Qoya yuqorida eslatilgan faksimel nashr asosida «Oltin yorug‘»ni to‘liq transliteratsiya qilib, chop ettirdi (Anqara, 1994). O‘zbek olimi Nasimxon Rahmonov asarni o‘zbek tiliga o‘girib, “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalida e’lon qildi.

 

1. yuzi yorug‘ bo‘lmoq: uyaladigan joyi yo‘q, olqishlashga loyiq

1. Yorug‘ – nurli – charog‘on – yorqin – munavvar – porloq – ravshan – nurafshon
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(oydinlik belgisining kuchiga ko‘ra)

2. Yorug‘- nurli – charog‘on – yorqin – munavvar – porloq – ravshan – nurafshon
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanishining oz-ko‘pligiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.