1. Jismoniy jihatdan kuchsiz; zaif, bequvvat, notavon.
Gulnor esa, oyoqda turishga ojiz, tinkasi qurigan bir xasta kabi, umidsizlik bilan yana sekingina o‘tirdi.
Oybek, Tanlangan asarlar
2. Biror ish qilish uchun hech qanday chora-iloj qo‘lidan kelmaydigan; ilojsiz, noiloj.
Birov birovga muruvvat qilishdan ojiz bo‘lgan o‘sha zamonda Hamro ota va uning oilasiga o‘xshash insofli odamlar ham bor edi.
N. Safarov, Katta karvon yo‘lda
3. Qurbi, kuchi yetmaydigan, kuchsiz.
Toshkentimiz — bag‘ri keng, go‘zal shahar. Uning ta’rifiga uncha-muncha qalam ojizdir.
Gazetadan
4. Bo‘sh, kuchsiz, past.
U [Qumri] yarani bog‘layotgan-da, Botirali ojiz tovush bilan bir ingradi-yu, yana jimib qoldi.
H. G‘ulom, Mash’al
5. Xira, kuchsiz; yorqin emas.
Fonarning xira shishasidan atrofga ojizgina qizg‘ish shu’la yoyildi.
H. G‘ulom, Mash’al
6. Ko‘rish qobiliyatini qisman yoki batamom yo‘qotgan; ko‘r.
Ba’zan tushlik ovqat vaqti, ko‘pincha ishdan keyin, to‘rtta-beshta ko‘zi ojiz erkak-ayollar yig‘ilishib, o‘zaro gurunglashib qolishardi.
Shukrullo, Saylanma