Filologiya fanlari doktori, professor Abduhamid Nurmonov 1942-yiliAndijonda tavallud topgan. O‘zbek tili fonetikasi, morfologiyasi, sintaksisi va tilshunoslikning umumiy nazariy masalalari bilan bog‘liq qator asarlar muallifi. Ular orasida «O‘zbek tili sintaksisini sistema sifatida o‘rganish muammolari» (1982), «Gap haqida sintaktik nazariyalar» (1988), «O‘zbek tilining mazmuniy sintaksisi» (1991), «O‘zbek tili fonologiyasi va morfonologiyasi» (1992), «O‘zbek tilining nazariy grammatikasi. Sintaksis» (1995), «O‘zbek tilining nazariy grammatikasi. Morfologiya» (2001), «Tilshunoslik va tabiiy fanlar» (2001), «O‘zbek tilshunosligi tarixi» (2002) kabi kitoblar muallifi.
A.Nurmonov o‘rta va oliy ta’limda o‘zbek tili va tilshunosligini o‘qitishni takomillashtirish borasida ham samarali mehnat qilmoqda. Ayniqsa, uning akademik litsey talabalari uchun yozilgan «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» I qism (2001), «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» II qism (2002), «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» III qism (2003) darsliklari, o‘rta maktablarning V–IX sinflari uchun yozilgan «Ona tili» darsliklari ona tili ta’limi va o‘zbek tilshunosligining taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.