Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {nom}
So‘z bo‘g‘inlari: nom
Izoh(lar)i:
nom [nom ]

1. Shaxs yoki narsa-predmetlarga qo‘yilgan ot; ism. Keksayib qolgan eshonning xotirasi ancha pasayganidan ko‘p vaqt o‘z o‘g‘illarining nomlarini ham xotinidan so‘rab olar edi. P. Tursun, O‘qituvchi

2. Biror sohaga, guruhga oidlikni bildiruvchi atama. Mansur, Muslim! Senga bir gap bo‘ldimi? Muallim degan nomimiz bor, shunday vaqtda ish ko‘rsatmasak, qachon ko‘rsatamiz?! Said, N.Safarov, Tarix tilga kirdi

3. Faoliyatning biror sohasida erishgan yutuq, malaka darajasini ko‘rsatish uchun rasmiy yo‘l bilan beriladigan unvon. Faxriy nom. Xizmat ko‘rsatgan artist degan nom. Klassik kurash bo‘yicha mamlakat chempioni degan nom. Gazetadan

4. Ko‘pchilik orasida ma’lum-mashhurlik; dong, dovruq, shuhrat. Ochil Eshnazar Siyob volostining Qo‘shtamg‘ali qishlog‘ida nom chiqargan shaxs edi. M. O‘rinxo‘jayev, Unutilmas kunlar

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: dovruq , ism [a], ot
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

«Dahnoma»XV asrda yashagan shoir Yusuf Amiriyning qalamiga mansub, eski o‘zbek adabiy tilining nodir namunasi. Uning XVI asr boshlarida ko‘chirilgan yagona nusxasi Britaniya muzeyida saqlanadi. Asar nomachilik an’analariga qat’iy rioya qilingan holda yozilgan, shoh Ulug‘bekning akasi Boysung‘ur Mirzoga bag‘ishlangan. Asar tilining ravonligi va sujetining pishiqligi bilan ajralib turadi. Noma asosini ma’shuq va oshiqning bir-biriga yo‘llagan maktublari tashkil etadi. Asardan ayrim parchalar “O‘zbek adabiyoti” kitobining birinchi tomiga kiritilgan. 1987- yili G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan “Muborak maktublar” deb nomlangan majmuaga H.Muxtorova tomonidan tayyorlangan nusxasi kiritilgan.

«Latofatnoma»XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrning birinchi choragida yashab ijod etgan Xo‘jandiy qalamiga mansub va eski o‘zbek tilining nodir namunasi. Shu davrda Xorazmda hukmronlik qilgan Temurning avlodlaridan biri Sulton Mahmudga bag‘ishlangan. Xorazmiyning “Muhabbatnoma”sidan farqli ravishda, har bir nomadan so‘ng g‘azal keltirilmaydi, fard, qit’a va munojotlar ham yo‘q. “Latofatnoma” masnaviy shaklida yozilgan. Bizgacha 4 nusxasi yetib kelgan. Ikkitasi Kobul kutubxonasi muzeyida, bir nusxasi Istanbulda, biri esa Britaniya muzeyida saqlanadi. 488- yilda ko‘chirilgan qo‘lyozma 313 baytdan iborat. Asar 1980- yilda E.Fozilov tomonidan nashr etilgan. “Muborak maktublar” majmuasiga kiritilgan.

 

«Muhabbatnoma»Xorazmiyning dunyoviy lirikaga munosib hissa bo‘lib qo‘shilgan asari. Eski o‘zbek adabiy tilining va o‘zbek adabiy tilida noma janrining birinchi namunasi. U Oltin O‘rda hududida hukmronlik qilgan Muhammad Xo‘jabekning iltimosiga ko‘ra yozilgan. Shoir uni Sirdaryo yoqalarida yozganligini ma’lum qiladi. Asarning ikki nusxasi fan olamida ma’lum. Biri arab, ikkinchisi uyg‘ur yozuvida. Ikkalasi ham Londondagi Sharq qo‘lyozmalari muzeyida saqlanadi.

Asar xudoga hamd, payg‘ambarlarga na’t bilan boshlanib, so‘ngra asarning kimga bag‘ishlanganligi va uning madhi, lirik chekinish – g‘azal keltiriladi. So‘ngra asarning yozilish sababi aytilib, nomlar keltiriladi. Har qaysi nomadan keyin masnaviy yoki g‘azal beriladi.

«Muhabbatnoma»asari oshiqning o‘z ma’shuqasiga yozgan she’riy maktublari ko‘rinishida. 11 nomadan iborat, 8 tasi eski o‘zbek tilida, uchtasi (4-, 8-, 11-) fors-tojik tilida.

Asarning yozilish yilini shoirning o‘zi hijriy 754 (milodiy 1353) deb aytadi.

Nutqimizda ishlatiladigan barcha so‘zlar mustaqil lug‘aviy ma’no anglatmaydi. Atash ma’nosiga ega bo‘lgan so‘z mustaqil lug‘aviy ma’noli, atash ma’nosiga ega bo‘lmaydigan so‘zlar nomustaqil ma’noli so‘z deyiladi. Mustaqil so‘zdan olmosh, alohida olingan so‘zdan undov, modal va taqlid atash ma’nosiga ega emasligi bilan xarakterlanadi.

 

«O‘g‘uznoma»– turk-o‘g‘uz shajarasi va ularning afsonaviy hukmdori O‘g‘uz hoqon haqidagi epik yodgorlik; kitobiy epos. Uyg‘ur yozuvida bitilgan. Asarning asl nusxasi taxminan XV asrda ko‘chirilgan, Parij kutubxonasida saqlanadi. «O‘g‘uznoma»ning turli variantlari bor. Uning eng ko‘p tarqalgan varianti Abulg‘oziy Bahodirxonning «Shajarai turk» asarida saqlangan. «O‘g‘uznoma»ko‘p tillarga, jumladan, nemis, rus tillariga o‘girilgan.

Onomastika yunoncha onomastike - “nom qo‘yish san’ati” demakdir. Onomastika – tilshunoslik sohasi. Tilda mavjud bo‘lgan barcha tur atoqli otlarini o‘rganadi. Atoqli otlarning tildagi tarkibining (qanday so‘z va qo‘shimchalardan iboratligi) qaysi til dalillari ekanligi, ma’no soni, tovush o‘zgarishlari onomastikada o‘rganiladi.

Onomastikaning bo‘limlari:

  1. Antroponimika (ismshunoslik), kishilarning ismi, otaism, familya, taxallus va nisbalarni o‘rganadi.
  2. Toponimika joy nomlarini o‘rganadi.
  3. Teonimika iloh, ma’bud, ilohiy shaxs va tushunchalar, payg‘ambar va aziz avliyolar, qadamjolarning nomini o‘rganadi.
  4. Kosmonimika osmon jismlari, sayyora va yulduzlar, burjlarning nomlarini o‘rganadi.
  5. Zoonimika hayvonlarga atab qo‘yilgan maxsus nom-laqablarni o‘rganadi.
  6. Ktematonimika insoniyat tomonidan ishlab chiqilgan, yaratilgan moddiy va nomoddiy narsa, tushuncha nomini o‘rganadi: kuy-qo‘shiq, badiiy asar, ommaviy axborot vositasi, haykaltaroshlik va rasm kabilarning nomi.
  7. Mifonimika xayoliy narsa va tushunchalar nomini o‘rganadi.

          Onomastik lug‘atlar. Onomastik lug‘ato‘zbek leksikografiyasining alohida sohasi. Bunday lug‘atlarda atoqli otlar (onomosionimlar)dan, mas., toponim yoki antroponim izohlanadi va ular etimologik lug‘atning o‘ziga xos ko‘rinishi. Bunga T.Nafasov tomonidan tuzilgan «Janubiy O‘zbekiston toponimlarining izohli lug‘ati»ni, E.Begmatovning “O‘zbek ismlari”, S.Qorayevning joy nomlarining izohli lug‘atini misol qilib keltirish mumkin.

2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan T.Nafasov va V.Nafasovaning “O‘zbek tilining o‘quv toponimik lug‘ati” maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan.

 

1. nomi chiqdi: 1) ma’lum-mashhur bo‘ldi 2)sharmanda bo‘ldi

2. nomimni boshqa qo‘yaman!: biror ishni bajarishga qasd qilganlikni bildirishda aytiladi

3. nomusi bukildi: sharmanda bo‘ldi

4. yetti nomusini yerga bukmoq: sharmanda qildi

1. Badnom – uyatli – sharmanda – sharmsor
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(salbiylik bo‘yog‘ining ortiqligiga ko‘ra)

2. Bo‘lmag‘ur – be’ma’ni – noma’qul – nodurust – tuban – jirkanch – rasvo – yaramas – razil – qabih
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorlik belgisining kam-ortiqligiga ko‘ra )

3. Nomusli – hayoli – oriyatli – andishali – iboli
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorlik belgisining ortib borishiga ko‘ra)

4. Or – nomus – g‘urur
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgisinig bo‘yoqdorligiga ko‘ra)

5. Xat – maktub – noma
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanishining faol-nofaolligiga ko‘ra)

6. Yaramas – nomard – ablah – iflos – razil – badkor
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(salbiylik bo‘yog‘ining ortib borishiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.