Murakkab qo‘shma gap – ikkitadan ortiq sodda gapning bog‘lanishidan tuzilgan qo‘shma gap turi. Maktab darsligida uch va undan ortiq sodda gapning birikishidan tarkib topgan gap murakkab qo‘shma gap deyiladi. Ayrim darslikda uning quyidagi turi ajratiladi: 1) bog‘lanish yo‘li bilan tuzilgan murakkab qo‘shma gap, ya’ni tarkibidagi sodda gap teng bog‘lovchi yoki shu bog‘lovchi vazifasidagi yuklama yordamida bog‘langan qo‘shma gap: Hamma keldi- yu, Sattor kechikayotgan edi, lekin biz ishni boshlashga qaror qildik; 2) ergashish yo‘li bilan tuzilgan murakkab qo‘shma gap (bu haqda quyida so‘z yuritiladi); 3) bog‘lovchisiz tuzilgan murakkab qo‘shma gap, ya’ni tarkibidagi sodda gaplar maxsus bog‘lovchi vositasiz, faqat ohang yordamida bog‘langan murakkab qo‘shma gap: Nonlar yopildi, qo‘ylar so‘yildi, o‘choqlarga o‘t yoqildi. 4) aralash tarkibli murakkab qo‘shma gap. (Bu haqda quyida so‘z yuritiladi).
Bir necha ergash gapli murakkab qo‘shma gap. Birdan ortiq ergash gap bir bosh gapga tobelanib kelsa, bir necha ergash gapli qo‘shma gap deyiladi. Bunday gap tarkibidagi ergash gap bosh gapdan, shuningdek, bir-biridan vergul bilan ajratiladi: Tomosha zaliga kirsam, chiroq o‘chib, parda projektor nurida porlab turardi. Bu gapdagi ergash gap bosh gapga quyidagicha bog‘lanadi: 1) to‘g‘ridan-to‘g‘ri tobelanish (birgalik ergashish).Bunda ergash gapning har biri to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosh gapga bog‘lanadi. Bunday gapdagi ergash gap: a) bir xil ergash gap (uyushgan) bo‘ladi: Mana bu kanal bitsa, yangi yer ochilsa, paxta ham ko‘payadi; b)har xil ergash gap (uyushmagan) bo‘ladi: Bordi-yu, rost bo‘lsa, hammasi emas, yarmi rost bo‘lsa ham, juda xunuk gap-ku!Bunda oradagi biror ergash gap tushirib qoldirilsa ham, gap qurilishi va mazmuni buzilmaydi:Mana bu kanal bitsa, yangi yer ochilsa, paxta ham ko‘payadi – Mana bu kanal bitsa, paxta ham ko‘payadi; 2) ketma-ket ergashishda har bir ergash gap to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosh gapga bog‘lanmasdan, biri ikkinchisiga, ikkinchisi keyingisiga va oxirgisi bosh gapga bog‘lanadi. Bunday gap tarkibida turli xil ergash gap qatnashadi: Agar siniq shisha bo‘lsa ham, birovning mulki bo‘lsa, xiyonat qilma.Bunda oradagi ergash gap tushurilsa, gap qurilishi va mazmuni buziladi:Agar siniq shisha bo‘lsa ham, birovning mulki bo‘lsa, xiyonat qilma – Agar siniq shisha bo‘lsa ham xiyonat qilmakabi.
Aralash turdagi qo‘shma gap. Tarkibidagi gap ergashish yo‘li bilan ham, tenglanish yo‘li bilan ham bog‘langan bo‘lsa, aralash turdagi qo‘shma gap deyiladi. Bunday qo‘shma gap uchdan ortiq sodda gapdan ham tashkil topadi: Eshik ochildi, shuning uchun hamma qayrilib qaradi, lekin hech kim kirmadi; sovuq havo xonani qopladi.