Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {mayl}
So‘z bo‘g‘inlari: mayl
Izoh(lar)i:
mayl ot

1. 1. Kishining narsa yoki ishga, biror ehtiyojini qondirishga bo‘lgan ishtiyoqi, qiziqishi, intilishi, havasi; moyillik. Uning musiqaga mayli zo‘r. Mahfuzada chevarlikka bo‘lgan mayl ustun chiqdi T. Avvalov, Shogird mehri

2. 2. Istak, xohish, rag‘bat. Yetim bolalarni o‘qitishga uning mayli bo‘lmasa ham, bormay iloji yo‘q ekan. P. Tursun, O‘qituvchi

3. 3. Erk, ixtiyor. O‘z mayliga qo‘ymoq. — Har kimning mayli o‘zida, — dedi Sharofat va labini burib, chetga qaradi. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari

4. tlsh. sh. Harakatning voqelikka bo‘lgan munosabatini so‘zlovchi nuqtai nazaridan belgilaydigan grammatik kategoriya. Shart mayli. Buyruq mayli. Fe’l mayllari.

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: istak , ixtiyor [a]
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: moyil – [a] Mayli bor, ko‘ngil qo‘ygan; yaqin.

Gapga kesim vazifasida kirgan fe’l harakatning bajarilishi haqida xabar, buyruq, shart, iltimos ma’nosidan birini bildiradi: o‘qidi, o‘qisa, o‘qigin kabi. Fe’l asosida ifodalangan harakat-holat haqidagi xabar, buyruq-istak, shart, maqsad ma’nosini ifodalovchi fe’lning munosabat shakli – mayl. Maylning uchta shakli ajratiladi:

Xabar mayli. Harakat-holatning zamon bilan bog‘liq holda bajarilish yoki bajarilmasligi haqida xabar beradi: keldi, kelyapti, keladi. Doimo zamon va shaxs-son qo‘shimchalari bilan shakllangan bo‘ladi. Xabar maylining maxsus ko‘rsatkichi yo‘q.

Buyruq-istak mayli. Harakat-holatning kelasi zamonda bajarilish yoki bajarilmasligi haqidagi buyruq, iltimos, maslahat ma’nosini ifodalaydi. Uning qo‘shimchasi buyruq-istak bilan birga shaxs va sonni ham ko‘rsatadi:

I shaxsda buyruq shakli mavjud emas, ammo istak maylining birligi -(a)y shakli bilan, ko‘pligi unga -lik shaklini qo‘shish bilan yasaladi: yozay, yozaylik. Buyruq-istak maylining asosiy shakli II shaxs, uning birligi: 1) maxsus ko‘rsatkichsiz (nol shakl): yoz; 2) -gin shakli bilan: yozgin; 3) ko‘pligi -ing: yozing va -ingiz: yozingiz shakllari bilan yasaladi. Maxsus qo‘shimchasiz yasalganda buyruq ohangi kuchli bo‘ladi: kel, o‘qi, ket. III shaxs birlikda -sin, ko‘plikda -sinlar shakli bilan hosil qilinadi: yozsin, yozsinlar.

Buyruq-istak maylining inkor shakli -ma qo‘shimchasi orqali hosil qilinadi: bormay, borma(gin), bormasinkabi.

Shart mayli. Boshqa bir harakat/holatning bajarilishi yoki bajarilmasligi uchun shart bo‘lgan harakat/holatni, shuningdek, payt, istak, iltimos, maslahat, faraz (kerak so‘zi bilan qo‘llanganda), to‘siqsizlik (asosan, ham va -da yuklamasi bilan) kabi ma’nolarni bildirgan fe’lning munosabat shakli. -sa qo‘shimchasi yordamida yasaladi: 1) shart: Sunnatjon bilsa, aytadi; 2) payt: Mahbuba uyga kirsa, hech kim yo‘q. 3)istak-xohish: tezroq talaba bo‘lsam. 4) maslahat: yaxshisi, o‘tilganlarni takrorlaymiz. 5) faraz, gumon: ertaga qor yog‘sa kerak. 6) iltimos: daftaringizni berib tursangiz. 7) taklif: bitta yostiq bersam, yonboshlasangiz.

Uslubiy belgilari.Mayl qo‘shimchasi bir-birining o‘rnida qo‘llanadi:

a) xabar mayli buyruq maylini ifodalaydi: Qani, yozamiz, bolalar. Ketdik, yigitlar. Bugun ish ko‘p, bolam. Mehmonlarning qo‘liga suv quyasan, joy-joyiga o‘tqazib, avval choy berasan. Ovqatlanayotganda ham gapiradimi, odam.

b) xabar mayli shart mayli o‘rnida: Va’da berdingmi, bajar.

d) buyruq mayli xabar mayli o‘rnida: O‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Mehnatni ular qilsin-u, foydani siz ko‘zlaysiz.

 

Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.