Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {kun}
So‘z bo‘g‘inlari: kun
Izoh(lar)i:
kun ot

1. 1. Quyosh, oftob. Kun tepadan tig‘ urayotganda, mashina obodgina bir qishloqqa kirib keldi. S. Ahmad, Ufq
Mana, kun ham terak bo‘yi ko‘tarilib qoldi. S. Yunusov, Kutilmagan xazina
Nuktadon Mutrib darhol hovlisining kichikligidan kun tushmasligiga ishora qilib, payrov bilan javob berdi. S. Siyoyev, Yorug‘lik

2. 2. Sutkaning quyosh chiqqandan quyosh botgungacha bo‘lgan qismi. Hasanali kunlarini tomoqsiz, tunlarini uyqusiz kechira boshladi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Bo‘lmasa, men qaytay, kun ham kech bo‘lyapti. S. Karomatov, Oltin qum

3. 3. Bir kecha-kunduzga — 24 soatga teng vaqt; sutka. Bir yil — 365 kun. Uch-to‘rt kungacha Avaz mozoristondan chiqmadi. S. Siyoyev, Avaz
O‘shandan uch-to‘rt kun o‘tgach, yangi gap chiqib qoldi. E. Raimov, Ajab qishloq
Bu chiroq singilchamning qo‘lidagi ruxsatnoma desam ham bo‘ladi — roppa-rosa yigirma kunga berilgan. X. To‘xtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati

4. 4. Oy yoki haftaning ma’lum bir kalendar sanasi; ma’lum bir hodisaga bag‘ishlangan kun, sana. Shanba kuni siz keling, yakshanba kuni men boray. Qaysi kunlarda uyda bo‘lasiz? — Chorshanba, juma kunlari. Quruvchilar kuni. Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida qishloq mehnatkashlari uchun an’anaviy teatr kunlari boshlandi. Gazetadan

5. ko‘plik shaklida ida Kunlar bilan belgilanuvchi vaqt, payt, kez, davr. Bolalik kunlarimda, Uyqusiz tunlarimda Ko‘p ertak eshitgandim. H. Olimjon
Erkin kunlar kelur, istiqbolimiz yorqin, toleimiz baland bo‘lur, albatta. Oybek, Nur qidirib

6. 6. Ob-havo, ob-havo sharoiti. Mayning o‘rtalari bo‘lsa-da, kun issiq edi. S. Siyoyev, Yorug‘lik
Noyabr o‘rtalab, kunlar sovigan edi. S. Ahmad, Yulduz
Javzo kirdi. Kunlar isib, arpa pishdi. K. Yashin, Hamza

7. 7. Ayrim so‘zlar bilan qo‘llanib, ahvol, sharoit ma’nosini bildiradi. Boshingizga og‘ir kun tushdi. Mirmuhsin, Me’mor
Tursunoyning kuniga uchrab, yosh joningizga jabr qilmang, deyman. H. Nosirova, Men o‘zbek qiziman
Shomurod dodxohning kunini mening boshimga solarding, odamxo‘r qotil! K. Yashin, Hamza

Antonim(lar)i: kecha , tun
Sinonim(lar)i: havo [a], quyosh

1. kun I Ot
yerga issiqlik va nur taratib turuvchi planeta, quyosh, oftob

2. kun II Ot
sutkaning ertalabdan kechqurungacha bo‘lgan qismi; kun chiqqandan yana kun chiqqungacha bo‘lgan vaqt; umr, yashash muddati

Paronimi: ko‘n Ishlov berilgan teri; charm.
Qomus: mavjud emas.

1. bir kun bo‘lmasa-bir kun: qachondir, kelgusida

2. kechani kecha, kunduzni kunduz demay: vaqt tanlamay, sutkaning istalgan vaqtida

3. kun bermaslik: chiqishtirmaslik, ta’bini xira qiladigan, osoyishtaligini buzadigan harakatlar qildi

4. kun chiq: nechuk bunday favqulodda yaxshi ish bo‘ldi?!

5. kun ko‘rdi: tirikchilik qildi, tirikchilik o‘tkazdi

6. kun o‘tkazdi: 1)vaqt o‘tkazdi 2)tirikchilik qildi

7. kun yo‘q: tinchlik bermaslik, tinch hayot kechirishga yo‘l qo‘ymaslik

8. kuni bitdi: o‘ladigan vaqti keldi

9. kuni tugadi: o‘ladigan vaqti keldi

10. kuniga qoldi: 1) biror ishni bajarishda qaram bo‘ldi 2)foydalanishga majbur bo‘ldi

11. kunini ko‘radi: tirikchilik qiladi, tirikchilik o‘tkazadi

12. kunini o‘tkazdi: 1)vaqtini o‘tkazdi 2)tirikchiligini qildi

13. kunni kechirdi: 1)vaqt o‘tkazdi 2)tirikchilik qildi

14. o‘lganning kunidan: Boshqa iloji bo‘lmaganidan.

1. Lahza – on – soniya – daqiqa – soat – kun – sutka – hafta – oy – yil -asr – era.
Ma’nosiga ko‘ra
(vaqt miqdorining ortib borishiga ko‘ra)

2. Quyosh – oftob – kun
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanishining oz-ko‘pligiga ko‘ra)

3. Sahar – tong – choshgoh – tush – kun oqish – kun botishi – kech – shom – tun
Ma’nosiga ko‘ra
(sutka qismlarining ketma-ketligiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.