Korpus bo‘yicha izlash

Kontekst:

Ulug‘ yo‘l (roman, 1-qism) [Oybek] Birinchi Bob I Kun sovuq. Quyosh dam ochilib, ko‘ngillarni yoritib yuboradi, dam yopiladi-da, tumshayib oladi. Daraxtlardan to‘kilib ulgurmagan yaproqlar ora-sira shirt-shirt uziladi, salqin havoda bir-ikki aylanib tun izg‘irinida qatqaloqlangan, endi esa sumalaklana boshlagan ko‘cha loyiga g‘aribona yaslanadi. Kun sovuq, lekin bozor qaynaydi. Bu yerga tutashgan ko‘chalarning hammasidan odam daryoday oqadi. Ba’zi birovlar sovuqdan qotgan qo‘llarining kaftlarini og‘izlariga tutadilar-da, «kuh-kuh» deb isitib oladilar. Jomening orqasida, uning baland g‘isht devoriga tiqilib Otash-dukchi o‘tiribdi. U lukni g‘uv-g‘uv aylantiradi, so‘ng bir qo‘li bilan ko‘zoynagini ko‘tarib turib, dukni ko‘zlariga yaqin tutani, sinchiklab qaraydi, tag‘in uni silliqlay boshlaydi. Duk kutib o‘tirgan seryamoq juldur paranjili yosh-qari xotinlarga u bir-ikki og‘iz gapirib ham qo‘yadi. Otash-dukchi oltmishlarga yaqin, burushiq yuzida ko‘zlari teran joylashgan, yelkasi chiqiq, ko‘rkam oppoq soqolli qovjiroq bir chol. Lekin uning ko‘rkam oppoq soqoli bor, sallasining yirtig‘i, to‘nining yamog‘i aslo esiga kelmaydi, bunga o‘rganib ketgan. Soqolini barmoqlari tez-tez tarab, zeb berib turish cholga odat bo‘lib qolgandi. Borgan sari bozorning g‘ovur-g‘uvuri avjga chiqadi. Bu kun chorshanba bo‘lganidan bozor ayniqsa qizigan. Har kim o‘z holiga yarasha, biri qopda, biri qopchiqda bug‘doymi, arpami keltirib sotar edi. Birovlar savdo-sotiq yoki xarj bilan ovora bo‘lsa, birovlar cho‘ntaklarida siyqa chaqasi yo‘q, bozor rastalarida garang surgaladi. Jomening bir yonboshida kabobning xush bo‘yi gurkiraydi. — Keling, keling!.. Pishdi kabob!.. G‘archcha moy!. Maza qilasiz, kelib qoling!..— maqtaydi kabobchilar. — Hay-hay kabob, jonim kabob...— dedi boshini liqillatib dukchi yonidagi paranjili kampirga bir ko‘zini qisib. — Be... Nimasini gapirasiz,— qixillab kuldi kampir. — Dimog‘ingga isi tegsa bas!—dedi kinoya bilan tag‘in bir xotin. — Tezroq bo‘la qoling, ota! Duk o‘zi necha pul?— so‘radi sabrsizlanib shu yerda o‘tirgan bir yosh juvon. — Arzonroq bo‘lsin,— dedi kampir va ro‘moli uchiga tugilgan tangani sekin ushlab qo‘ydi. Chol dukning uchini ingichkalar ekan, kulimsiradi: — Arzon, arzon, bir tanga, xolos! Ko‘rib turibsiz, bir dukni qo‘lday chiqargunimcha ona sutim og‘zimga kelyapti. Sahardan oqshomgacha charxning g‘uv-g‘uvi kallani shishiradi, keyin qorin piyoz po‘stiday shilinib, bazo‘r uyga yetsam, kampirim taq etib oldimga bir kosa arpa umochmi, oqshoq xo‘rdami qo‘yadi. Ha, shunday, singillarim. — Hammamizning kunimiz shu ekan, yer yutsin dunyosini!— dedi shoshib turgan juvon. — Tavba degin, qizim, parvardigorim o‘zi yorlaqasin, oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, bandasining umri shundoq...— dedi kampir nasihatomuz ohangda. — Otamning soqoli oqaribdi-yu, qachon yorug‘likka chiqar ekan?!—so‘radi zaharxanda bilan haligi juvon. — O‘zi ko‘rmasa bolalari ko‘rar yorug‘likni...— dedi kampir osoyishta tovush bilan. Cholning yuzida istehzoli yengil tabassum titrar edi, u indamay qo‘lidagi katta dukni kampirga uzatdi: — Mana, ona, duklarning buzrugi — durvoza! Xotinlar navbat bilan bir tangadan pul uzatib duklarni olar, ro‘molchagami, eski lattagami o‘rab, uylariga shoshib jo‘nar edilar. Xotinlarni jo‘natib, Otash chol shoshmasdan yana o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘ldi. Ba’zan esiga kelgan eski baytlardan asta kuylab qo‘yar edi. Dukchi yonida yamoqchi kosiblar, biror kimsa yirtiq mahsimi, churuk choriqmi ko‘tarib kelarmikin, degan umid bilan sarg‘ayib o‘tirardilar, — Eshitaylik jinday, balandroq o‘qing, otaxon!— dedi bir kosib yigit. — Ovoz chiqmaydi, inim, ermak-da,— dedi chol. — Ota qadim baytlarga misoli kon, hech kim bilmaganni biladi,— dedi chetroqda o‘tirgan kal kosib. Otash-dukchi bo‘g‘iq ovozini sal ko‘tarib, bir bayt boshladi, «o‘hu-o‘hu» deb yo‘taldi. — E-e... Chiroqlarim, bir vaqtlar qanday tiniq edi bu ovoz... Endi qarabsizki, xuddi eski aravaning gupchagi... Shu payt cholning oldida baland bo‘yli, olifta mo‘ylovli bir yigit to‘xtadi: — Assalomu alaykum, amaki! Ustida uzun trinka kamzul, boshiga yangi chamandagul do‘ppi qo‘ndirgan, do‘rdoq lablari ustiga ingichka mo‘ylov qo‘ygan, quyuq payvasta qoshli bu yigit Otash-dukchiga, sho‘rvasining sho‘rvasi deganday, chatishib ketgan, uzoq bir qarindosh edi. — Ko‘rinmaysan, Eshonxon, hanuz boyning eshigidamisan?— so‘radi dukchi qo‘l berib ko‘rishgach va pastak o‘rindiqni yaqinroq surdi.— Qani o‘tir. — Iya, eshigida deganingiz nimasi, qariya, boyning to‘ridaman, to‘rida!— Eshonxon qo‘njidan bir latta chiqarib, qunt bilan etiklarining changini arta boshladi.— Ishim olchi, amaki, obro‘ katta, boyning jilovi qo‘limda, chizgan chizig‘imdan chiqmaydi. Dukchi bir zum sukutdan keyin dedi: — Shundoq bo‘lsa, omading kelibdi, uka! Boyaqish otang nuqul mehnat bilan o‘tib ketdi bu dunyoyi g‘amxonadan.— Bir on sukutdan so‘ng dukchi tag‘in Eshonxonga qarab so‘radi:—O‘ris tiliniyam o‘rgangan bo‘lsang kerak, jiyan? — Ha, amaki, qiyib tashlaymiz ruschani ham,— javob berdi g‘urur bilan Eshonxon. Chol nosqovog‘idan kaftiga jinday nos to‘kib, tag‘in gapga kirishdi: — Otang boyaqish mardikorlikka ketgan yigitlarni ko‘p gapirardi. Tangri o‘zi bechora bandalariga, yetim-esirlar ahvoliga rahm qilsin, urush bitsa, kelib qolisharmikai? — E-e, ota, ularning qismati shu ekan, tashvish qilmang, urush bitdi deguncha hammasi darrov uya-uyasiga qarab qanot qoqadi. Podshohi oliy hazrat haqiga erta-yu kech duo qilishni unutmang. Inshoollo, buyuk Rusiyamiz g‘olibiyatga erishajak. Bunga aminmiz,— dedi Eshonxon bilimdonlik bilan. — Qaydam, inim, — dedi dukchi, og‘zidagi nosvoydan Kurmaklanib.— Zamon buzilishga buzildi. Ishqilib, o‘g‘lonlarning omon kaytganlarini ko‘rsak bas, keyin biz omonatini topshirardik-da, adamga ravona bo‘lardik... Ha, bu yolg‘on dunyoning achchiq sharbatini xo‘p totdik... Eshonxon avval mo‘ylovini bir-ikki daf’a burab oldi, keyin ovozini pasaytirib, chol tomon engashib sirli ohangda dedi: —Otaxon, tangriga ming karra shukur qilsangiz arziydi, shu kunlar sizga omad keldi, katta omad... Dukchi qattiq taajjubdan yalt etib qaradi Eshonxonga: — Nima deyapsan, esing joyidami? Och-yalang‘och bir g‘arib banda bo‘lsam, mening eshigimda omad ne qilsin?! Eshonxon, avval bir qah-qah urib kuldi, keyin tag‘in shivirladi: — Ota, butun shohona molu dunyo ko‘chib keladi yaqinda xonadoningizga, baxt-saodat, iqbol — barchasi sizni izlab qoldi... — E-e, tentak, ajab gaplarni aytasan. Hazilni qo‘y, inim, zamon ahvolidan so‘yla. Yurtga tinchlik kerakmi, yo‘qmi? Nega yurt og‘alari buni o‘ylamaydilar? Men shunga dog‘man... — E-e, chol-e,— dedi Eshonxon qo‘lini siltab,— yurtning ahvoli bilan bosh qotirmang, o‘zingizni o‘ylang, gapni eshiting! Mashhur attor Eshmuhammadxon boyni yaxshi bilasiz-a? Katta yer-suvlari, g‘ij-g‘ij mol to‘la do‘konlari... Toshkentning to‘rt dahasi uniki desam, lof bo‘lmaydi. — Ha, bilaman, bilaman, bir vaqt elakday uch gaz chitni zakot deb tutqizgan edi menga. Past, ziqna, it fe’l bir boy. Xo‘sh, gapir, qani eshitaylik. — Chamamda, ikki hafta burun, bir kun, kech payti boy aka ikkovimiz faytonda yonma-yon o‘tirib, o‘sha attor boynikiga bordik. Ulfatchilik joyida bo‘ldi, ichdik, yedik... O‘sha kuni Eshmuhammadxon janoblarinikida qiz oshi ekan. Katta ichkari hovlisining butun uy-ayvonlari qizlarga liq to‘la edi. Bir qizlarki, har biri bir parizod deysiz. Tashqari ham to‘la odam. Biz pinhon xo‘p tomosha qildik. Eshmuhammadxonning qizini ham g‘ira-shira ko‘rdim. Malikalarday yasan-tusangan, to‘lagina, lekin rostini aytsam, uncha ko‘hlik emas, qorachagina qiz ekan. — Ha, eshitdim. Eshmuhammad jahonda misli yo‘q bir to‘y beribdi, ta’rifidan til ojizmish. Quturgan-da, oltin quturtiradi...— dedi dukchi kesatib. — Ah, avji gapni qiziq joyida buzasiz-a! Boylar axir shahrimizning ko‘rku obro‘si, to‘y qilsa, yurtga osh bersa, yomonmi? Haddan tashqari to‘y bersa, o‘z hamyonidan axir hammasi! Har to‘yning o‘z mezoni bo‘ladi. Gapni eshiting, ota! Saidahmadxon, men, bir to‘da boylar sekin derazadan tomosha qildik. Katta uyda qizlar saf tizib o‘tirishibdi. To‘rda boobro‘ oilalarning oltin-kumush, shohi-zarboflarga belangan qizlari, poygakda holi tang oila qizlari... Lekin bunday bazmni sira ko‘rmaganman, Marg‘ilondan, Farg‘onadan dong‘i ketgan yallachilar chaqirilgan. Dutoru tanbur, ashula, o‘yin bir zum tinmadi. Lekin barchaning aqlini olgan bir qiz bo‘ldi... Chiroyli, popukday bir qiz o‘ynadiki, ah-ah, iqlimda misli yo‘q, beqiyos... — Ha, ha, ahyonda shunday o‘ynoqi bir qiz chiqib qoladi,— dedi kulib dukchi. — E-e, gapni bo‘ldingiz. Xo‘sh, shunday qilib, chunon o‘ynadiki o‘sha qiz, Saidahmadxon janoblari es-hushidan ayrildilar qoldilar. «Yana bitta o‘ynasin, yana bitta o‘ynasin», deb sharaq-sharaq pul sug‘ura boshladi. «Uyat bo‘ladi», deb bazo‘r pullarni qayta kissasiga soldirdim. Boyu boyvachchalarning barchasi qizga mahliyo bo‘ldi, illo barchasining ko‘ngli o‘rtandi. Qiz ham payqab qoldi shekilli, izza bo‘lib tappa o‘tirib oldi, piq-piq yig‘ladi. Eshmuhammadxon: «Bas, bo‘ldi, chiqinglar tashqariga», deb hammamizni ichkaridan haydadi. Keyin ko‘p o‘tirmadik, jo‘nadik. Saidahmadxon tamom hushdan ayrildi, dedim, yo‘lda anchagacha bir so‘z qotmadi, lekin chidamadi, shekilli, so‘radi: «Kimning qizi ekan? Ofat! Ofat!» «U g‘arib-benavo bir oiladan. Oti Zumrad», dedim.— Eshonxon cholga tikildi:—: Xo‘sh, nima deysiz, amaki? Endi gap sizdan. Cholning qovog‘i osilib ketgan edi: — Bas, bas, haromi! Tilingni tiy, aljirama!—dedi qahrli bo‘g‘iq tovush bilan dukchi Eshonxonni jerkib.— Zumrad pok, asil qiz. Qiz oshilarni, qiz bazmlarini sevadi, o‘rtoqlari bilan borgandir boynikiga. Ochiq, sho‘x qiz. Nima bo‘pti? Bir oz sukutdan so‘ng Eshonxon jiddiy ohangda so‘radi: — Xo‘sh, nima deysiz, ota? Gapim chin. Boy: «Tez o‘rtaga tush, gaplash», deb qo‘ymayapti. To‘g‘ri, o‘g‘illari bor, qizlari bor, qo‘sh xotini bor, tag‘in xohlabdi bir uylanishni, nima bo‘pti? Davlatiga yarashadi-da. Mashhur zavodchi bo‘lsa, shohona sha’n-shavkati bo‘lsa, qizingiz malikalarday yayrab-yashnaydi, yomonmi? Chol «uh» deya boshini quyi soldi, xomush tortdi. — Tavba, qiziq gap...— dedi parishon holda. Eshonxon dukchining bo‘shashganligini payqab, yana shivirlab avray boshladi: — Tixirlik qilmang, xo‘p deng, qariya! O‘zingiz ham boy bo‘lib olasiz, bu yog‘ini o‘ylang. Duk-pukingizni yig‘ishtiring, shu ham kasb bo‘ldi-yu, qo‘ying-e! Tole oftobi chiqaman deyapti, esingiz joyidami?! — Inim Eshonxon, bu g‘oyat qiyin savdo,— dedi Otash-dukchi.— Boy akang o‘lguday quv, mug‘ambir odam. Ko‘p ko‘rganmiz, chirog‘im. Boylar oshiq bo‘pti, jigaridan uribdi, deydilar. Unday qilaman, munday qilaman, boshimga ko‘taraman, deb Sulaymon taxtini va’da qilib, bechoralarning gulday qizlarini oladilar. Shunaqa beaxloq bo‘ladi boy-boyvachchalar! Ko‘p ko‘rganmiz, jiyan! Bizdaqa hokisorlarni aldashga, avrashga usta ular. Boshimni qotirma, jiyan, qo‘y behuda gaplarni! — E, bas-e! Mo‘tabar zotlarga til tegizmang! To‘g‘ri, bitta-yarimta ziqna, baxili onda-sonda chiqib qoladi, hammasi shunday bo‘laverarmidi! Saidahmadxon muruvvatli, adolatli, g‘ariblarga mehribon bir odam. Qani, ota, fotihani beravering, qizingizning baxtini o‘ylang! Biz bir xolis duo deb yuribmiz! Chol ham ikkilanib qolgan edi. «Harna bo‘lsa-da, boy, badavlat odam, balki qizim boyning davlatida olqib-cholqib, bola-chaqali boyvuchcha bo‘lar, o‘zim ham qariganimda qornim to‘yib ovqat yerman», deb o‘yladi ichida. Bir zumda Otash-dukchi ko‘nglida fikrlar quyuni aylanib ketdi. — Jiyan, meni shu tobda shoshirib, ikki oyog‘imni bir etikka tiqma. Bu oson gap emas, umr savdosi, deydilar axir. Sabr qil: bir-ikki kun o‘ylab ko‘ray, kampirimga maslahat qilay, qavmi qarindoshim bor o‘zimga yarasha. — Mayli amaki, har nechuk ishni tezroq bitirgan yaxshi, orqaga surmang, o‘zingiz dono odamsiz, sizga maslahatning nima darkori bor? Unga-bunga aytib, baxt qushini cho‘chitib qo‘ymang!—o‘rnidan turdi Eshonxon.— Xo‘p xayr! Eshonxon qaddini tik tutib, tim tomon tez yurib ketdi. Dukchi uzoq parishon o‘tirdi. Boshida turli-tuman xayollar chalkashib ketdi. Goh: «Shunday katta bir davlatmandga qaynata bo‘lish tog‘day bir baxt-ku», derdi o‘z-o‘ziga, goh: «Bunday voqealarning oqibati hamisha falokatli bo‘lgan», deya gumonga ketar edi chol. «Tog‘day taxt bo‘lguncha, barmoqday baxt bo‘lsin», dedi Otash-dukchi o‘zicha shivirlab va shu on xayoli tamom qarshi tomonga uchdi. Jomedan muazzin ovozi yangradi, dukchi shoshilinch ravishda duklarni, asboblarni yig‘ishtirgach, juma namoziga yugurdi. II Namozga yaqin edi. Eshonxon mehmonxonaning eshigini sekin ochdi: — Mumkinmi? Assalomu alaykum!—dedi ta’zim bilan. Tanchada xomush o‘tirgan Saidahmadxon parvosizgina ostona tomon ko‘z qirini tashladi: — Xo‘sh, qayoqqa yo‘qolding?—zarda bilan so‘radi. Eshonxon, qo‘llari ko‘ksida, ayyorona iljayib, ko‘zlarini o‘ynatib oldi-da, tanchaga suqildi. — Boy aka!—dedi tovushiga sirli tus berib.— To‘y bo‘lib qoldi... Janoblariga to‘y muborak! — A?— dedi Saidahmadxon yirik, to‘nkaday og‘ir, go‘shtdor jussasini bir qo‘zg‘atib.— Nima deb valdirayapsan, bachchag‘ar, tushuntirib gapir!— Bir zum sukutdan keyin kulib yubordi.— E-e, endi fahmladim, gap boshqa yoqda ekan.— Boyning yirik qora ko‘zlari yonib ketgan edi, semizligidan yiltiragan yo‘g‘on barmoqlari bilan mo‘ylovini bir-ikki burab olgach, qoshlariga qadar bostirilgan yangi suvsar telpagini peshanasiga ko‘tardi.— Qani, gapirchi, mirzam, ko‘ndimi isqirt boboy? Nima dedi? Ayt, qani, boshidan batafsil gapir! Eshonxon endi gapirishga shoshilmas edi, cho‘ntagidan «Roza» papirosini chiqarib, barmoqlari orasida ezdi, tishlab gugurt chizdi, bir-ikki qattiq-qattiq tortgach, sekin gapga tushdi. U bugun tushda masjid Jomega, dukchi oldiga borganini, unga nimalar deganini bir-bir so‘zladi. — Boyaqish chol so‘z topolmasdan, ag‘raygancha qotdi-qoldi,— dedi Eshonxon papiros tutunidan havoga ketma-ket halqalar uchirarkan.— Xullas, boy aka, qo‘ymadim, cholni ko‘ndirdim. Mana, janob, ish shunday do‘ndirildi. Xullas, harakatingizni qilavering. Shoshilmasangiz bo‘lmaydi, qiz bag‘oyat suluv, dilbar, bitta-yarimta ilib ketmasin, dog‘da qolmang... Saidahmadxon suyunib ketgan edi. — Otangga rahmat! Ayni muddao!— dedi-da, o‘yga toldi. U endi xotinlarining yig‘i-sig‘i, xarxashasini, bolalarining noroziligini o‘ylar edi. Eshonxon boyning holatini ko‘nglidagi andishani payqagan edi, albatta, shuning uchun uning fikrlarini chalg‘itish niyatida tag‘in gapga kirishdi: — Faqir kishi uchun bir oltin tanga — xazina,— dedi Eshonxon va cholning hamyonini bir daf’a to‘ldirmoq, qizga bir necha qat asil sarpolar tayyorlamoq lozimligini aytdi.— Boyning xotin ustiga xotin olishini xalq yomon ko‘radi, shu sababdan kichikroq shirin bir to‘y qilamiz. Boy aka, hali yoshsiz, ellikka zndi kiryapsiz, shundaymi, og‘a? Ikki marta uylandingiz, tag‘in ikki uylanish oldingizda turibdi. Hayot misli bir yugurik daryo, oqadi ketadi, surgan kayfu safongiz qoladi,—quv ko‘zlarini suzib, iljaydi Eshonxon. — Umuman aytganda, ish chakki bo‘lmadi,— dedi Saidahmadxon yostiqqa yonboshlab.— Lekin qo‘yib bersam, tilingni xo‘p qayraysan. Bu gapirganlaringni o‘zim ham bilaman, ammo uy ichini, xotinlarni o‘ylayapman. Xayr, mayli, ular tez ko‘nikib ketishadi. Endi to‘yni boshlayveramiz, o‘zing bosh bo‘lib, hamma ishni saranjom qilasan, uqdingmi? Qizning butun sarposini atlas-shohidan, duxo-bazarbofdan olasan. Cholga nafaqa kerak, deysanmi? Gaping to‘g‘ri. Bir qora cho‘zsak kifoya deb o‘ylayman, ozmi, ming so‘lkavoy! Qalay, tuzukmi? Tushida ko‘rmagan dukching shuncha pulni, bachchag‘ar, bu yog‘ini ham o‘yla! — Bir qora deganingiz ma’qul, lekin bu zamonda pul ham xashak-da. — Ho, anoyi, birovning dunyosiga tantilik qilma, aqcha yerdan terilmaydi, uka. Rahmatli bobom o‘la-o‘lguncha: «Oltin yig‘, bolam, oltin yig‘! Har narsaning davosi — oltin, belingning quvvati— oltin!» degan edi. Sen kasofat nuqul meni isrof yo‘liga surgaysan!—kuldi Saidahmad. Suhbat uzilmadi, ular zavoddan, paxtadan gaplasha boshladilar. «Sart va machchoyi ishchilarga nisbatan ayniqsa, ehtiyot bo‘lish zarur», degan gaplar ham bo‘ldi o‘rtalarida. — Hali zavodni bir aylanib chiqdim, qayda edilar, janoblari?—so‘radi Eshonxon. — Ha, ko‘paslar bilan yurdim. Paxta ishi ko‘p og‘ir, nozik ish-da. So‘ng madrasada bo‘ldik. Xullas, kun o‘tdi,— dedi Saidahmad va og‘zini katta ochib homuza tortdi. Qorong‘i tushgan edi, xizmatkor va izvoshchi Qoravoy kelib o‘ttizinchi osma chiroqni yoqa boshladi. — Hovliga kirarkansiz, janob, ovqat tayyormish. Boy, odati bo‘yicha, ko‘pincha ovqatni ichkarida yerdi. — Oshmi?— keskin so‘radi Qoravoydan boy. Boshini tebratib «ha» degan imoni qildi xizmatchi. — Olib chiq!— buyurdi Saidahmad. — Hayratda qolgan Qoravoy boyga yalt etib qaradi-da, indamasdan ichkariga kirib ketdi. Saidahmadxon tirjaydi: — Endi xotinlarga shu kunlar oz-oz zahar tashlab turmoq tuzuk, asta-sekin ko‘nikishsin, a, nima deding? Eshonxon qah-qahlab kulib yubordi. — Boy aka, durust, yo‘lini bilasiz.— Chiroqning piligini tuzatishga kirishdi. — Sen kasofatga qoyilman! dedi Saidahmadxon peshanasini ishqab.— Ishni xo‘p boplabsan. Endi boyvuchchalarga to‘ngroq gapirib turamiz, yo‘qsa, ish chatoq bo‘ladi. — Boy aka, ilohim kuniga uylaning, boshingizdan davlat qushi aslo ketmagay!— dedi Eshonxon tovushini pasaytirib. O‘rta eshik oldida Qoravoyga oqsoch seryog‘ palov uyib suzilgan xitoy laganni tutqazdi-da, nimanidir shivirladi. «Bilmadim» deganday pastki labini osiltirib, boshini bir yonga qiyshaytirdi Qoravoy. — Katta bekaning jahllari chiqayotganmish, nima balo bo‘libdi, tinchlikmi, deb so‘rayotganmishlar,— dedi. Qoravoy laganni Eshon qo‘liga tutqazib, oppoq dasturxonni yozarkan. Saidahmad illjaydi: — Bor-bor, ishingni qil, xumpar!— Bir on sukutdan so‘ng ovozini pasaytirib dedi:— Ehtimol, uylanarman, lekin pinhon tut buni, aljirasang tilingni kesaman. — Xo‘jayin, xo‘p, soqovman, lekin men sho‘rlik toq o‘tamanmi bu dunyodan? Insof qiling-da, axir, xo‘jayin,— dedi Qoravoy o‘ksingan holda. Saidahmad qiqirlab kuldi, keyin hazilnamo po‘pisa qildi: — Avvalo, mulla jiring kerak, boshpana bir vatan kerak. Keyin qayliq orzu qilsang bo‘ladi. Bo‘ying bir qarich, buning ustiga abjag‘ing chiqqan cho‘tir bo‘lsang, sen ta’viyaga kim boqadi, tentak! — «Boshim kal, ko‘nglim nozik», deganini eshitganmisiz, boy aka?— dedi darrov yenglarini shimarib, qo‘llarini yuvgach, qazi va go‘shtni to‘g‘rashga kirishgan Eshonxon. — Xo‘p, xo‘jayin, umidni uzmaymiz, «umidi yo‘q — imoni yo‘q», degan maqolni ham eshitganmiz,— dedi qizarib Qoravoy va sekin eshikni yopib chiqib ketdi. — Padar la’nati-ey...— dedi boy Eshonxon tutgan obdastadan o‘tirgan joyida qo‘llarini chayarkan, so‘ng ikkovlari churq etmasdan sergo‘sht, yog‘li palovga qo‘l uzatishdi. Eshonxon ochligidan oshni bosh ko‘tarmay oshalar, Saidahmad esa yalqovgina yerdi. Qovog‘i soliq Qoravoy kirib Eshonxonning oldiga katta gardin choynakda ko‘k choy qo‘yib chiqib ketdi. Boy tuxum po‘chog‘iday yupqa xitoy piyoladagi choyni maydalab xo‘pladi-da, o‘rnidan turdi: — Gorodga ketyapman, bir-ikki fabrikantlar bilan restoranda o‘tirmoqchi edik,— dedi boy. Dik etib turib, ta’zimda qaqqaygan Eshonxonga buyurdi:—Chiq, Qoravoyga ayt, faytonni tayyor qilsin. Hozircha butun gapni maxfiy saqla, valdirab shov-shuv ko‘tarib yurma! Boyvuchchalarning mojarosini uncha pisand qilmayman, lekin qaynatalardan, bitta-yarimta dushmanlarning g‘iybatidan cho‘chish kerak. Ehtiyot shart... — Xotirjam bo‘lsinlar, boy aka, aslo g‘am yemasinlar, butun g‘ovlarni o‘zim bartaraf qilaman,— dedi Eshonxon mo‘ltonilik bilan va hovliga otildi. Saidahmadxon ustidagi surma rang yangi movut kamzulining etaklarini qo‘li bilan urib bir-ikki qoqdi, telpagini boshidan olib, barmoqlari bilan chertib tozalagan bo‘ldi. Qoziqdan yarqiragan, qora movut qoplangan uzun, keng pochapo‘stinni olib kiydi. Og‘ir odimlab mehmonxonani bir-ikki aylangach, ko‘krak cho‘ntagidan oltin soatini olib qaradi-da, shoshilib amirkon kavushini kiydi, tez yurib hovliga chiqdi. Tashqari yarim yalang‘och daraxtlar, chiptaga o‘ralgan atirgullarga to‘la sahni keng hovli edi. Fayton hali tayyor bo‘lmaganiga qaramasdan, Saidahmad ichkariga kirishni xohlamadi, g‘isht terilgan tor yo‘lkada birpas aylanib turdi. — Marhamat, boy aka! Fayton tayyor!— xabar qildi Eshonxon. Saidahmad takabburona yurish bilan darvoza oldiga chiqdi va gerdayib, yumshoq izvoshga o‘tirishi hamon Qoravoy «Chuh-chuh, hay!..» deb uzun qamchini ko‘tardi. Yiltiragan, bir-biridan go‘zal qo‘sh olmovut otlar yengil yurib ketishdi. Fayton ko‘zdan yo‘qolguncha, ko‘chada tik qotib turgan Eshonxon ichkariga kirdi. Hovlining bir burchidagi tor, qorong‘i hujrada paypaslab tokchadan chiroqni topdi, uni yoqib kichkina shaloq xontaxta ustiga qo‘ydi. Sovuq, tanchasi ham yo‘q zax hujrada, bir qo‘lini iyagiga tirab, bir lahza xayolga tolgancha jim o‘tirib qoldi. So‘ng tokchadan qalin katta kitob — «Ming bir kecha»ni olib, varaqlay boshladi... III Ayvonda bosma gulli bo‘z ko‘rpa yopilgan pastakkina tanchada qizlar o‘tirardi. Ular to‘rtta edi; undan-bundan gangur-gungur gaplashib, birovi tepalik, birovi jiyak, birovi gardish tikish bilan mashg‘ul. Ular ko‘ngillarida chayqalgan havaslariga bovar, yuksak zavqlariga xos nozik nusxalarni, ko‘rkam naqshlarni bir-biridan o‘zishib tikar edilar. Qizlarning biri Otash-dukchining qizi Zumrad, boshqalari — uning o‘rtoqlari, qo‘shni qizlar. O‘n besh bilan o‘n sakkiz o‘rtasidagi popukday ko‘rkam bu qizlar kichiklikdan birga o‘ynab o‘sgan, o‘zaro samimiy do‘st, ahil dugonalar. Bular orasida Zumrad ayniqsa sho‘x, so‘zlari, qiliqlari o‘ziga yarashgan dilbar qiz. Uning o‘rta, tolma bo‘yi, nozik beli, ingichka egma qoshlari, qirra burni, yirik uchqunli ko‘zlari bir-biriga munosib. U sarbast, ziyrak, harakatlari dadil, so‘zlari o‘tkir, o‘rtoqlari orasida onabosh qiz. Mahallada o‘tkir, gapga chechan qizlar ko‘p bo‘lsa-da, o‘ta qashshoq, past tabaqadan hisoblangan Otash-dukchining qizi — Zumradning oqilaligi, zukkoligi va suluvligiga katta-kichik barcha tan berar, maftun bo‘lar edi. Otash-dukchining otasidan qolgan bo‘g‘ot tomli pastak uyning bir chekkasi cho‘kkan, qiyshayib to‘kilib turar edi. Kaftday kichkina hovlining bir yoqasidan o‘tgan anhor bo‘yi — quyuq tolzor, sersoya, jimjit bir go‘sha. Zumrad — kampir va cholning bitta-yu bitta yolg‘izi. Ularga u ham o‘g‘il, ham qiz, undan boshqa farzand ko‘rmagan edilar. Gulasal jiyakni tez-tez qatim tortib tikardi. Birdan tiniq ovozini jaranglatib kuylab yubordi: Derazadan bosh boqqan, dilbarim, G‘amza bilan qosh qoqqan dilbarim. Derazadan boqmangiz, boshim yalang, Boqsangiz, boqmasangiz — qoshim qalam!.. Qizlar qotib-qotib kulishdi. — Nima qilay, ikir-chikir gaplaring qursin, zerikib ketdim. Qo‘shiq ko‘ngilning chigilini yozadi, bilsanglar...—dedi Gulasal — ko‘zlari qiyiq, bodom qozoq, istarasi issiq, jajjigina qiz. — Turmushimiz nuqul mashaqqat-a, mundaqa zamonni yer yutsin! Xudoning bergan kuni ozig‘imiz un oshi bo‘lib qoldi. Olti oymi-etti oymi bo‘ladi, tishimizga go‘sht tekkani yo‘g‘-a, uf!..— deb qo‘lidagi gardishni yerga qo‘ydi Bashor.— Otam boyaqish erta-yu kech mahsi tikadi, jo‘jabirday jonmiz, topganimiz yetmaydi.— Ozgina sukutdan keyin qo‘shib qo‘ydi:—Bir po‘stdumba bosgan, sergo‘sht palov bo‘lsa-ya shu tobda... — Voy-voy, un oshiga nozmi? Bizning qozonimiz nuqul qora sho‘rva qaynatadi,— dedi istehzo bilan Gulasal ipak qatimini tishlari bilan uzib. Ra’no jon-jahdi bilan do‘ppi tikardi. U Bashorning tizzasini sekin turtdi: — Hay, Bashor, mug‘ambirsan-ey, har kuni yeganlaring qayla, moshkichiri, pismiq o‘lgur, pishiqsan, ayyamaysan. Turshak, mag‘iz-ku qop-qop, otang har kun tashiydi bozorga. Bashorning jahli chiqib ketgan edi, yonidagi gardishni yerdan yulib oldi-da, tap etib tancha ustidagi mis barkashga qo‘ydi: — Sening hamisha gaping shu! To‘qsan, butsan, deb ko‘z ochirmaysan. Otam sho‘rlik yoz bo‘yi yer ishlaydi, qishda hammollikka bozorga yuguradi, bir uy to‘la jonni boqish osonmi?! Ichganimiz yovg‘on xo‘rda, yovg‘on un osh, onda-sonda bir adashib zig‘ir yog‘ palov ko‘rib qolamiz. To‘qlik o‘lsin shu bo‘lsa! Zumrad o‘rtoqlarining bir zum jiqillashganidan xunob bo‘lib yonib qetdi: — Bas-e, o‘linglar iloyim, shuyam gapmi! Kambag‘almizu, lekin qadrimizni bilaylik. Qornimiz och bulsayam, ko‘zimiz to‘q bo‘lsin! — Ajabmi! O‘zing ham tupugingni yutding-ku!— dedi payvasta qoshlarini chimirib Bashor. — Qo‘y, jonim Bashoratxon, taqdirning muruvvatiga umidvor bo‘laylik. Kunimiz tug‘sa, tinchib qolarmiz. Balki xudoyim hammamizga yaxshi-yaxshi kuyovlar buyursa...— ko‘zlarini noz bilan suzdi Zumrad.— Tegib ketarmiz... Qizlar beixtiyor kulib yuborishdi. — Popukday yigit chiqsa, indamay tegib ketaverardim,—dedi jo‘rttaga jiddiy tus bilan Ra’no. — O‘l-e, muncha ersiramasang!—dedi yuzini ters burib Gulasal. Qizlar tag‘in qah-qah urishdi. Ayvonning bir chetida Zumradning onasi —Momosuuv xola charxni g‘uv-g‘uv aylantirardi. U novcha, quruq suyak bir kampir: yuzi burushiq, chakaklari ichiga kirgan, hayot mashaqqatidan ko‘zlari nursizlangan, boshida suzilib turgan eski doka ro‘mol ustidan qora durra tang‘ilgan. Kampir charx g‘uv-g‘uvidan qizlarning gapini eshitmas edi, lekin er haqidagi so‘zlari qulog‘iga yeta qoldi, zarda bilan bo‘g‘ilib baqirdi: — O‘linglar, qizlar ham shunday behayo bo‘ladimi! Qaqildoqlar-ey, er-er, deb o‘lasanlar-a!—Kampir qizlarning ma’yus tortib qolganini ko‘rib, picha yumshadi.—Parvardigorim barchangizga mehnatkash, jafokash, bainsof yigitlarni buyurgan bo‘lsin! Kuyovlaring bilan qo‘sh ho‘kiz bo‘lib tirikchilik qilinglar, ilohim, dasturxonlaringdan qazilik norin, yog‘lik patir arimasin... «Aytganingiz kelsin!» dedi ichida shivirlab Ra’no. — Yo‘q, oyijon, Men erga tegmayman, bitta-yu bitta qizingizman, yostiq bo‘lay sizga!— dedi Zumrad. — Yomon nafas qilma, qizim, qari qizlikni hech qaysilaringga ko‘rsatmasin tangrim!— dedi kampir boshini chayqab. Qizlar ishdan qo‘llarini uzmasdan goh kulishib, goh hazil aralash, goh jiddiy gap talashib uzoq o‘tirdilar. Kampir qurushgan barmoqlari bilan tizzalarini bir-ikki qattiq-qattiq uqalab olgach! «Yo ollo!» deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Is bosgan tor, qorong‘i, yillar yukidan bukchaygan oshxonada Momosuluv xola o‘choqqa olov yoqdi, dekchaga bir qoshiq moy tomizdi-da, jazillatib piyozni qovurdi. Qora sho‘rva osongina tayyor bo‘lardi. — Voy-voy-ey, judayam charchadim...— dedi kerishib Ra’no va ishpechini yig‘a boshladi. Boshqalari ham nari-beri ishlarini yig‘dilar-da, duv etib hovliga tushdilar. Zumrad belini siqib tugmalangan kalta nimchasining cho‘ntagidan xil-xil ipak bilan turlangan koptokni chiqarib yerga bir urgan edi, u bo‘y barobar sapchib ketdi. Chir-chir aylanib, qayta-qayta koptokni otib o‘ynay boshladi. Qizlar boshlarini goh osmonga ko‘tarib, goh yerga boqib, koptokni kuzatib turdilar. — Bahor kelsin, qonib-qonib bir o‘ynaylikki...— dedi Ra’no kulib. — Koptok o‘ynashni judayam yaxshi ko‘raman, yozin-qishin cho‘ntagimda olib yuraman,—dedi Zumrad koptokni qaytadan kichkina cho‘ntagiga tiqishtirib. Qizlar bir-birlarini opichib, quvlashib, jarang kulgilar bilan bir oz yayrashdi. Ko‘cha eshik bo‘sag‘asida Otash-dukchi paydo bo‘lgan on, qizlar uning avzoyi buzuqligini payqab, darrov uy-uylariga tarqalishdi. Zumrad ham Ra’noga ergashib chiqib ketdi. Chol qovog‘i soliq, yerga boqqani holda xonaga kirdi, ustidagi olacha to‘nini yechib, eski kir choponini kiygach, ayvonga chiqdi, o‘ho‘-o‘ho‘lab yo‘talgancha, tanchaga tiqildi. — Hey, qaydasan? Beri kel!—chaqirdi u kampirini. Oshxonada tappiing achchiq tutunidan xit bo‘g‘ilgan kampir ming‘illadi: — Bay-ba-ey, cholim bechora ichi yalanib och keladi-ya... — Beri kel deyapman, qulog‘ing tom bitganmi?!—tag‘in chaqirdi chol toqatsizlanib.— Gap bor... Momosuluv xola kelib ayvon chetiga omonat o‘tirdi: — Tag‘in nima gap topib keldingiz? Doim mashmasha... Ovqat tayyor. — Chiq, yaqinroq o‘tir, gap ko‘p,— dedi yuvoshlanib chol. — Eshityapman, gapiravering!—dedi zarda bilan kampir. Dukchi chol tancha osha boshini cho‘zgani holda sirli tovush bilan so‘zga kirishdi. U Jomeda o‘tirganida bugun oldiga Eshonxon kelganini aytdi. Keyin uning izvoshda xo‘jayini bilan ziyofatga birgalashib borganini, u yerda qiz oshida derazadan qizlarga mo‘ralaganlarini, Zumradning rosa o‘ynaganini, boyning ishqi tushib qolganini — hammasini bir-bir aytdi. Kampir hayratdan tishsiz og‘zini baliqday katta ochib tinglar edi. — Endi boy nima uchun Eshonxonni oldimga yuborganining ma’nisini tushundingmi, kampir? E-e, gumroh, qizingni so‘ratyapti! Boshim qotib qoldi!—qichqirdi jahl aralash dukchi. Rangi o‘chib, behush angrayib qolgan kampir cholning baqirig‘idan o‘ziga keldi, oyoqlaridan eski kavushlarini tushirib tanchaga suqildi: — Qaysi boy? Bo‘ydoqmi o‘zi, shunisini gapiring avval!— dedi sabrsizlanib. — Darhaqiqat juda boy. Mashhur paxtachi boylardan. O‘zim ham bir ko‘rganman, juda takabbur, uncha-munchani pisand qilmaydi, aytgani aytgan, degani degan.— Chol bir oz sukut qilgach, kulib, tilining tagiga nos otdi.—Esi past kampir-ey! Sening gapingga kulyapman. Bo‘ydoqmi deysan! Bo‘ydoq bo‘ladi-yu, boy bo‘ladi-yu, sening qizingni so‘raydimi! Esing joyidami? O‘zi chamasi elliklarda, ammo ikki xotini bormish! Ha, shunday, uvali-juvali odam. Ishqi tushgan qizingga, yaxshi ko‘rib qolgan...—dedi chol, nosvoydan duduqlanib. — Ishqi tushmay o‘la qolsin!—dedi bo‘shashib Momosuluv.— Yigirmada, o‘ttizda bo‘lsayam, bitta xotinlik bo‘lsayam, «Ha, peshanasi shu ekan qizimning», derdim. Ikki kundosh-a, ikki yov! Kun berarmidi ayg‘ir otday ikki kundosh! Kundoshlikka kun tug‘mas, kun tug‘sa, butun tug‘mas, degan qadimlarning so‘zini bilmaysizmi?! Popukday qizim cho‘ri bo‘ladi-ku, ularga, kuyadi, o‘tda yonadi... Ko‘p ko‘rganman mundoq voqealarni... Yo‘q, chol, sira bo‘lmaydigan gap. O‘sha Eshonxon-da, bilaman, xo‘p tulkiligini, siz, laqillagan chol, uning nog‘orasiga o‘ynamoqchisiz! Chol «uh!» deb uzoq sukutga tolgach, namatni bo‘yra bilan qo‘shib ko‘tarib, nosvoyni tupurdi, bo‘g‘ilib qattiq yo‘taldi: — Qaydam, molu dunyosining hisobi yo‘q badavlat odam. Shoyad qizim yayrab-yashnab ketsa, deb umid qilgan edim, shu vajdan menga ma’qulday ko‘ringan edi... — Xom kallasiz—dedi kampir kuyunib,—davlati ko‘pning kuni zahar zaqqum bo‘ladi “och qornim—tinch qulog‘im” degan qadimning gapini bilasiz-ku. Mo‘min-qobil bir mehnatkash topilib qolar, andak sabr qiling, pushaymon bo‘lasiz. — Sen, kampir, tushunmaysan, boyning davlatidan biz ham qarigan chog‘imizda qitday bahramand bo‘larmidik deyman. Kasbim dukchilikka barham berarmidim... Kunimiz ham bitib qoldi, bir shingil rohat ko‘rarmidik... Momosuluvning jahli chiqib ketgan edi: — Ixtiyor sizda-yu, otasi, lekin qarab turing, qizingiz xunibiyron yig‘lab qaytib keladi, shunda pushaymon bo‘lasiz. Xudo ko‘tarsin boylaringizni, men ularning hammasini miridan-sirigacha bilaman, ha, xo‘p deng gapimga!— Kampir jahl bilan o‘rnidan turdi-da, qaddini rostlab, oshxonaga ketdi. Otash-dukchi tanchaga tiqilib, uzoq o‘y surdi. Unga goh kampirning gaplari ma’qulday ko‘rinar, goh buning teskarisi tuzuk tushar edi. U namozgarga tayyorlangach, oshxona oldiga bordi. — Hoy, kampir, og‘zingni yuma tur, qizingga ham, boshqalarga ham aljirab qo‘yma! Og‘iz ayg‘oq, til tayg‘oq! Uqdingmi? Mahallaning kattalari bilan sekin maslahatlashib ko‘raman,—dedi-yu, ko‘chaga chiqib ketdi chol. , Zumrad eshikdan kirgan hamon onasining xafaligini sevgan edi: — Tag‘in nima gap o‘tdi, yig‘labsizmi?— so‘radi onaning yuziga tikilib qiz. — Chol o‘lmagur bilan jinday g‘ijillashdik-da, nima bo‘lardi...— dedi kampir tutundan xip bo‘g‘ilgan tovushi bilan.—Qo‘y, ishing bo‘lmasin, qizim! — Bu nimasi-ya, oyi, o‘qtii-o‘qtin urishib qolasizlar. Cholu kampir ahil, mehribon bo‘lishi kerak edi. Oyijon, bu g‘avg‘o, xarxasha kambag‘alligimizdan bo‘lsa kerak... Mayli, oyi, behuda kuyinmang, otam kelsin, o‘zim urishib qo‘yaman,—dedi Zumrad va onasi uzatgan bir kosa qora sho‘rvani ko‘tarib, nimadir kuylagan holda ayvonga yengilgina chiqib ketdi. Ikkinchi Bob I Osmondan mayin, yengil qor uchqunlaydi. Qatqaloq ko‘chalarda sovuqdan junjigan odamlar tirikchilik tashvishida shoshilib, biri bozorga borar, biri bozordan qaytar edi. Yengil-engil kiyingan aravakashlar otda bukchayib o‘tiradilar, o‘qtin-o‘qtin issiq nafaslari bilan kaftlarini isitib oladilar. Goho guv etib konkalar, goho otliqlar o‘tib ketadi. Mana, suvsar telpak, pachapo‘stinda, mo‘ylovlari olifta buralsan Saidahmadxon faytonni bitta o‘zi to‘ldirgan holda gerdayib ketmoqda. Uni tanimagan odam kam. Savdo ahli, paxta dallollari: «Asealomu alaykum!» deya ta’zim bilan salom berib qoladilar. Saidahmadxon ba’zan izvoshini bir lahza to‘xtatib, biror tanish bilan jinday gaplashar ekan, samovarchiga: «Chilim»! deya qichqiradi. Samovarchilar chilimni shosha-pisha pishitib, nari-beri artib yuguradilar. Fayton yengil boradi, hammaning ko‘zi, go‘yo maqomga monand, uchib ketayotgan qo‘sh olmovut otlarga qadalib qoladi. Eskijo‘vada baland g‘isht bino, manufaktura magaziniga yetgach, fayton qayrildi, madrasa oldida to‘xtadi. Boy salmoqdor qadami bilan keng yo‘lakdan o‘tib, o‘ng tomondagi eshikni ochdi-da: «Mumkinmi, taqsir?» dedi va javob kutmasdan ichkari kirdi. Tor, qorong‘iroq hujrada bosh mudarris— a’lam bilan to‘rtta-beshta ulamo o‘tirardi. — Ehe, xush kelibdilar, janoblari!—dedi o‘rnidan qo‘zg‘alib mudarris. Ulamolar bilan ko‘rishib bo‘lgach, boy pixillab bazo‘r chordona qurdi. Hujra o‘chog‘ida pistako‘mir laqqa cho‘g‘ bo‘lib turardi. Ikki tokchaga arab va fors tillarida, ba’zilari tosh bosmada chop etilgan, ba’zilari qo‘lda bitilgan qalin-qalin kitoblar terilgan. Mudarris— Sadriddin a’lam va uning huzuridagi mashhur ulamolar savatday katta oq sallalarda, qat-qat yangi, keng to‘nlarda, hammalari uzun soqolli, salobatli keksa odamlar edi. — Janoblari, bardammilar?—so‘radi boyga murojaat etib Sadriddin a’lam. Boy o‘ziga jiddiyat berib, qulluq qildi: — Tashakkur, taqsir, o‘zlaridan so‘rasak?— va bir-bir ulamolar bilan so‘rashib chiqdi. — Qalay tolibi ilmlar, umuman barcha madrasa ahli, ta’lim ishlari tuzukmi?—so‘radi boy Sadriddin a’lamdan. — Tolibi ilmlarimizning namozu ibodatga, tahsilga ixloslari ko‘p baland. Vaqf yerlarining mablag‘lariga qanoatda bo‘lib tahsil qilurlarki, ofarin deyishga sazovordirlar,—javob berdi, kichik ayyor ko‘zlarini qisib, paxmoq soqol ulamo. Sadriddin a’lam shoshmasdan, so‘zlarni bir-bir chertib salmoq berib so‘zlay boshladi. Madrasa talabalari orasida hatto yigirma-yigirma besh yil mobaynida matonat va ijtihod bilan tahsil qiluvchilar borligini aytdi. — Bular go‘yo igna bilan quduq qazigandek bag‘oyat diqqat, qunt bilan mehnat qilurlar,— dedi Sadriddin a’lam. Boshini quyi solib, sukutda o‘tirgan ko‘sa bir ulamo dedi: — Kambag‘al, nochor shogirdlarimizning holi tang. Holbuki, ularning oziq-ovqati yolg‘iz vaqf zimmasida. Bir guruh shogirdlar, ba’zi ulamolar bilan til biriktirib, vaqf daromadini laqqa-laqqa yutadilar. Butun falokat va razolat shunda. Shariatimizning qonunlari, huquqlari qayda qoldi?! O, barchasi barbod topdi, yolg‘iz ollo taolo... — Bas-bas-e!— kesdi ulamoning so‘zini jahldan qizargan Sadriddin a’lam.— Ollo haqi, bo‘hton bu... Astag‘firullo, deganlaringiz nuqul kufurdir. — Astag‘firullo! Bo‘hton!—dedi bo‘g‘ilib xasta ovoz bilan bir ulamo. — Faraz qilaylik,— Sadriddin a’lam o‘tirgan yerida bir chayqalab oldi,— mabodo bir-yarim noinsof bor, deb. Ammo nafaqaning ulkan hissasi shogirdlarga ajratilgan. Lekin inkor qilmaymizki, shogirdlar orasida olchoq, dangasa, rasvo, ildizdan chirigan bazmkash haromilar bordirki, bu ko‘p foje voqea, astag‘firullo, shoyad tangrim o‘zi jazolarini bergay! Saidahmadxon, garchi, zarur ishlari ko‘pligi tufayli ichdan toqatsizlansa-da, jim quloq solib o‘tirardi. — Afsuski, illatlar ko‘p, taqsirlar,— dedi mo‘ylovini asta burab boy.— Shariat bobida chetga toymasdan, bandalar ko‘kragiga imonni jo qilmoq — siz azizlarning vazifangiz. Biz esa ollo taoloning ojiz bandasimiz. Rahmatli otamiz, farzandimiz qur’oni sharifni varaqlashga muyassar bo‘lg‘ay, degan niyatda kaminani maktabga berdilar. Yosh edik, sho‘x edik, domlamiz sal nari bo‘lsa, ship etib darchadan otardik o‘zimizni. Mana, g‘irt omiman, janoblar, rasvoyi olamman. Lekin na chora, yolg‘iz pushaymonlik...— Ulamolarga bir-bir qarab chiqdi boy, so‘ng davom etdi:—Quloq bering, taqsirlar, zamon taraqqiyot pog‘onasiga yetdi. Peterburgda bo‘lganimda tatar boylari bilan ko‘p uchrashdim, birga bo‘ldik, ular ziyrak, aqlli, o‘qimishli, islom yo‘liga berilgan odamlar. Buxoroyi sharifning amiri oliylari Peterburg musulmonlari uchun bir masjid bino qildiribdilar, ko‘rib aqlim lol qoldi. Minoralari samoga qadalgan muhtasham bir bino. Tatar do‘stlarga ergashib har kun namoz o‘qidim, bir kun kanda bo‘lmadi.— Boy jilmaydi.— O‘z shahrimizda, bilmadim, ish ko‘pligidanmi, tarki namoz yurar ekanmiz... Ulamolar kulib qo‘yishdi. — Musulmon bandasining boshi hamisha sajdada bo‘lmog‘i farzdir, janob!— dedi a’lam jiddiyat bilan va qo‘lidagi tasbehni barmoqlari orasida bir-ikki aylantirib qo‘ydi. — Shu shahri azmimizda ham tatar do‘stlarimiz, ziyolilar bisyor,— dedi boy va bir qo‘zg‘alib, tizzalarini uqalab oldi.— Ular bilan ziyofatda, majlislarda, savdo-tijorat masalalarida tez-tez uchrashib turamiz. — Ha, janob, tatarlar dinda qanchalik mustahkam bo‘lsa, tijoratda ham shuncha farangdirlar,— dedi ulamolardan biri uzun soqolini silab. — Shundoq, taqsirim,— dedi boy boshini tebratib.— Tatar ulamolari madrasalarda birmuncha islohot ishlari boshlaganlar. Bizning Toshkentda, Qo‘qonda, Samarqandda, Andijonda ziyolilar, jadidlar ko‘paymoqda. — Dini islomimiz barbod bo‘lurmi, astag‘firullo...— dedi ulamolardan biri yig‘lamsiragan ohangda. Qovog‘ini osiltirib o‘tirgan Sadriddin a’lam quyuq qoshlarini ko‘tardi va boyga murojaat qilib, qahrli ohangda dedi: — Shariatimiz faqat olloni, payg‘ambarni, qur’onni buyurmish biz ojiz bandalariga. Jadid degan badnom dahriylar paydo bo‘lmish, kofiri jahondir badbaxtlar! Qiyomat yaqinmikin, tangrim, o‘zing kechir bandalarning gunohini, zamon buzildi, olam rasvo bo‘ldi. Ammo ulamolarimizning birontasi ularga yondashmas, biz ollo taologa sig‘inib, yig‘lab, duo qilurmiz, ummatlarga yo‘lboshchi, rahnamodirmiz. Ulamolar boshlarini qimirlatib, a’lamning aytganlarini ma’qulladilar. — Dilimizda avvalo xudo, so‘ng payg‘ambar alayhissalom va shariatimizdir!— dedi ulamolarning biri. — Haq rost!— tasdiqladi kipriklarini pirillatib ikkinchi ulamo. Saidahmadxon peshanasini uqalab, jim bo‘ldi. U nima deyishni bilmasdan taraddudda qolgan edi. — Mumkinmi? Assalomu alaykum!— Eshikdan kulimsirab Anvarxon qori kirib keldi. U o‘rta bo‘yli, yag‘rinli, oppoq yuziga kalta qora soqoli yarashgan, ko‘zlarida aql jilvasi ko‘rinar edi, boshida did bilan o‘ralgan kichik oq salla, egnida surma rang movutdan uzun to‘n. Anvar qorining orqasida quyuq ta’zim bilan qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, baland bo‘yli, siyrak soqolli, ingichka, rangpar kishi — «Izoh» jurnalining kotibi Mirzahalim turar edi. Ulamolar va Saidahmadxon o‘rinlarida qalqib, qori bilan ko‘rishib qayta-qayta so‘rashdilar. Saidahmadxon Anvarxon qorini yoniga o‘tqazgach, yana bir karra so‘rashib oldi. — Madrasada ko‘rarman deb o‘ylamagan edim janoblarini,— dedi Saidahmadxon qoriga qarab. — Hazratlarini ziyorat qilgali goho kelib turamiz,— javob berdi qori kulimsirab. — Qori!—dedi Sadriddin a’lam ohista, salmoqli nutqi bilan.— Ayni vaqtida kelibsiz, ko‘p xursandmiz. Biz shu topda boy janoblari ila muhim bir masala ustida so‘z chaqib o‘ltirurdik. Imonimiz komildirki, siz ulamo hazratlarning islom dinining homiyligiga aminsiz. Siz ulamolarning pok niyatlarini, xulqi-atvorini yaxshi bilursiz. Shundoq ekan, umid qilurmiz, siz jadidlar yo‘liga sad chekkaysiz, u behayolarni yo‘qotgaysiz! Anvarxon qori bir lahza hayratda qolgan edi. Lekin ziyrak kishi bo‘lganidan darhol ulamolar ko‘nglidagi g‘ashlikni sezdi, Saidahmadxonga murojaat qildi: — Shu davrimizda jadid atalmishlar mavjud bo‘ldi. Janoblarga ma’lum bo‘lg‘aykim, ularning maqsadi—islom bayrog‘i soyasida xalqqa xizmat etmoq va millatga rahnamo bo‘lmoqdir. Biz bilurmiz, ulamolarimiz ko‘ngillari pok, dinimiz uchun o‘zlarnni qurbon etadigan zotlardir. Ulamo hazratlar jadidlar ila birgalikda xalqqa rahnamolik etsalar, tarbiya, shafqat qilsalar ko‘p dardlarimiz shifo topgan bo‘lur edi, muqaddas vazifalarimiz bajo etilgan bo‘lur edi. Ollo taolo, payg‘ambarimiz, shariatimiz haqi, ont ichurman, taqsirlar,— qori bir zum sukut qilib, ulamolarga bir-bir qarab chiqdi,— pok vijdon ila qayd eturmanki, ulamolarga e’tiqodimiz buyukdir, janob Saidahmadxon,— Anvar qori boyga murojaat etdi,— xalqimiz bid’at, xurofot botqog‘ida qolib borur, buning boisi nedur? Ilm-urfondan mutlaqo mahrum, nodonlik-gumrohlikka muttasil g‘arq bo‘lmishlar. Millatimizning bu jarohatlariga davo izlaylik, shafqat qilaylik! Ulamo hazratlar bizdan aslo ranjimasinlar,— dedi qori dadil ohangda, — bu masalalar xususida bir oz og‘iz ochsak, maktab, madrasalarga bir oz isloh kiritaylik desak, hazratlar o‘ta mutaassiblik ila ziddiyat ko‘rsaturlar. Istambulda dorilfunun bor. Turkiyaning Anqara, Izmir kabi shaharlarinda yangi usul maktablar ochilmish. Arabistonga bir nazar tashlang: Qohira, Iskandariya, Damashq, Bag‘dod shaharlarining barchasida dorilfununlar, maktablar bisyor emish. Janoblar, ahvol shundoq. Turkiston viloyatida maorif mash’ali yo‘q, xalqimiz hayoti tom zulmat. Eski maktablarimiz g‘oyat qoloq. Holimiz foje va ayanchli. Uncha-muncha taraqqiyparvar ziyolilar, jadidlar paydo bo‘lib kelurlar. Bular ham shariatimizni, qur’oni sharifni muqaddas bilurlar, inchunun maktab ishlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsaturlar. Ulamo hazratlar, muhtaram boylar, ziyolilar, jadidlar orasida birlik lozimdir. Ayni eamonda maktab-madrasalarimiz isloh talabdir. Hujra eshigida, tashqarida, bir to‘da shogirdlar turardi. Ular ba’zan eshikni qiya ochib, tag‘in yopar, o‘zaro ivir-shivirlashib qo‘yar edilar. Ulamolar qovoqlari soliq, yerga boqib, sukutda o‘tirardilar. «Izoh»ning kotibi muloyim ohangda sekin so‘zladi: — Jadid atalmish kimsalar paydo bo‘ldi, mayli, o‘zlarini muqaddas islom bayrog‘imiz ostiga olsalar, qarshilik ko‘rsatmaylik, birgalashib millat uchun jon kuydiraylik. Turkiya va Arabiston yaqin do‘stlarimizdir. G‘oyamiz, iqbolimiz, maslagimiz birdir. Ayni zamonda vazifalarimiz zo‘r va mas’uliyatlidir. Ollo taolo o‘zi karam etsin! Ulamolar jinday yumshadilar. Ulardan baland bo‘yli, sersavlat, ellik besh yoshlardagi biri mug‘ambir ko‘zlarini Anvarxon qoriga tikanday qadadi: — Islom bayrog‘i ostida birlashuvga e’tirozdan ojizmiz. Din uchun, iqbol uchun, muqaddas vazifalar uchun jonimiz fido!— dedi keskin ravishda hayajondan qizarib. Sadriddin a’lam, odati bo‘yicha, ko‘zlarini yerdan olmagan holda shoshmasdan ming‘illab so‘zlashga kirishdi. «Jadidlar orqadan dinga rahna solib yururlar», deya turli dalillar ko‘rsatishga o‘rinib, uzoq gapirdi. U ichida Anvar qorini aqlli, tadbirli, hushyor, olamdan xabardor, deb o‘ylaganidan, har nechuk tixirlik qilsa-da, asta-sekin bo‘shashdi: — Islom dini pok va ulviydir. Ulamolar din homiysi, xalq yo‘lboshchisidirlar. Modomiki, shundoq ekan, ziyolilar, boylar — barchasi ulamolar bilan inoq bo‘lib, ulamolarga aslo shak keltirmay birlashsalar, shoyad xalq boshidagi tashvish va kulfatlarni, tangrining qudrati ila daf eturmiz. Uho‘-o‘ho‘,— deb bir-ikki yo‘taldi a’lam, tag‘in asabiy holda boshini ko‘tarib, qoriga qaradi:— Janoblari ogoh bo‘lsinlarki, xoin jadidlarning shallaqiliklari haddan oshgani hamon sad chekurmiz. Toshbo‘ronni bilurmisiz? Turkiston o‘lkasiga, bandalariga qudratli tangri rahm qilsa, o‘zi nur ato etur! — Pok vijdonimda zarra shubha yo‘q, hazratim!— dedi qo‘llari ko‘ksida ta’zim bilan qori.— Ollo haqi, aslo shak keltirmagaysiz... — Taqsirlar,— dedi Saidahmadxon avval ulamolarga, so‘ngra a’lamga murojaat etib,— g‘alva-mojaro, nizolarga barham beraylik. Alhamdulillo, barchamiz musulmonmiz, bizni shariat yo‘lidan siz olib borursiz. Lekin eamonamizning talabiga muvofiq, qori afandi aytganlariday, qitday isloh bilan maktab-madrasalarga ilmi hisob kiritmoq gunoh bo‘lmas, deb o‘ylaymiz. Taqsirim, menga ijozat bersinlar, tijorat ishida har bir daqiqaning qimmati g‘oyat zo‘r,— dedi boy va pixillab o‘rnidan qo‘zg‘aldi. — Choy, choy lozim edi, afsuski faromush bo‘libmiz,— dedi Sadriddin a’lam o‘rnidan turar ekan. — Tashakkur!— dedi boy qulluq etib, ulamolar bilan xayr-ma’zur qilib va qoriga ko‘zini qisib zimdan imo bilan boqdi-da, hujradan chiqdi. Ulamolar ham hovliga chiqdilar. Saidahmadxon va Anvarxon qori tag‘in qulluq qilib, ulamolar bilan qayta-qayta xayrlashdilar va ko‘chaga qarab asta yurdilar. Ko‘cha eshik oldida ikki talaba «Assalomu alaykum!» deb ta’zim bilan salom berdi. Anvarxon qori to‘xtadi, qo‘l berib, har ikkisi bilan ko‘rishdi. Boy «Vaalaykum...» deb o‘tib ketishni mo‘ljallagan bo‘lsa-da, noiloj to‘xtadi. — Bu kishining zehni olmos, yuragi pok, dardi ilmda,— dedi qori boyga Umaralini ko‘rsatib.— Qani shunday chanqoq yig‘itlarga ilm bulog‘ini ochib yuborsak. Bunisi esa mashhur yalqovlardan,— dedi kulimsiragan holda qori.— Tarbiya bilan balki epga keltirib bo‘lur, deyman, jinday zaharligi ham bor. — Shogirdlarni miridan-sirigacha bilasiz-da, qari janoblari. Sabr-matonat bilan ilm va dinni chuqur o‘rgansalar, axir bir kun muddaoga yetadilar,— dedi boy gerdayib. — Ko‘p yaxshi gapirdilar, qori hazratlari. Maroq bilan tingladik, aytganlaringiz barchasi haqiqatdir. Ilmga tashnaligimizning ta’rifidan til ojiz...— dedi Umarali ta’zim bilan qoriga murojaat etib.— Hujradagi suhbatni eshik orqasidan eshitdik. Afv etgaylar,— jilmaydi yigit. Umarali yigirma uch, yigirma besh yoshlarda, baland bo‘yli, oqishdan kelgan, kelishgan yigit. Uning keng peshanasi, yirik ko‘zlaridagi fikr va aqlning teranligi ichki ruhiyatidagi go‘zallikni ko‘rsatardi. Egnidagi juda sodda, hatto faqirona, lekin toza kiyimi ham, boshidagi qunt bilan o‘ralgan knchkina oq sallasi ham juda yarashgan. — Talabalar moddiy va ma’naviy ahvolining shu tobda g‘oyat chatoqligi — barchamizning dilimizdagi jarohat. Uning davosini axtarmoq, shifosiga erishmoq ko‘ngillarimiz orzusidir, inim,— dedi qori Umaraliga muloyim boqib. — Har ishda sabr-qanoat lozim, janob Anvarxon, musulmonchilik asta-asta,— dedi shoshganidan toqatsizlanib Saidahmadxon. Umaralining sherigi, qori, yalqov, deb tanishtirgan shogirdi, Xurram mirzo ko‘zlari ola-kula, ko‘saroq, qarimsiq, pakanagina yigit edi. — Boy aka!— dedi Xurram mirzo Saidahmadxonning pinjiga suqilib.— Nomim Xurram, do‘stlarim erkalab «Tanbal» deydilar. Lekin arab tilida madrasa ahli orasida oldimga tushadigani yo‘q. O‘qtin-o‘qtin shu makonda dilim siyoh bo‘lib ketadi-yu, bitta-yarimta chapani ulfatlarim oldiga borib jinday may yoxud bang bilan ko‘ngil ochaman. Shundoq, boy aka, mendek faqirga zig‘irday shafqat va ehson ko‘rsatsalar. Davlatingiz bundan ham ziyod bo‘lgay. — Obbo, nafsi buzuq, sira bu qilig‘ingni qo‘ymading!—dedi ranjib shogirdlardan biri. — Falokat, pismiqsan, nariroq tur!—dedi Xurram mirzo to‘ng‘illab. Qori bilan Umarali kulib yuborishdi. — Serzavq ko‘rinasan, ertaga hovliga bor, gaplashamiz, xo‘pmi?— dedi boy kekkayib. Xurram mirzo qayta-qayta bukilib ta’zim qildi. Anvarxon qori bilan Saidahmadxon. ko‘chaga chiqqach, darvoza oldida uchragan shilpiq ko‘zli cholga: «Chilim, tez chilim!» dedi sabrsiz holda. — Jonim o‘rgilsin sizdan, boy aka, chilim, mana!— Chilimni shoshilib boyga tutdi chol. Saidahmadxon chilimni bir-ikki uzun-uzun tortdi va «ol!» deya bir chaqani tashlarkan, chol bukilib qo‘l qovushtirdi. — Ulamolarning dilini og‘ritmang, janob qori, inoqlik bilan ish ko‘rsangiz, yutasyz. Ulamoning qudrati zo‘r, tegajaklik qilmang,— o‘git bergan bo‘ldi Saidahmadxon miyig‘ida kulib. — Ulamolarga hurmatimiz cheksiz,— javob berdi qori, lekin... Birdan qorining so‘zini kesdi Saidahmadxon: — Gorodga chiqmaymizmi? — Tashakkur!—dedi qulluq qilib Anvarxon qori.— Matbaaga kirishim zarur, bir risola bitgan edim, shuning nashriga doir jinday yumush bor. Kitobdan avvalo sizga hadya etajakman. Boy qulluq qildi: — Indinga bizning hovliga marhamat etsinlar, suhbatlashamiz. Qori: «Albatta borurman», deb xayrlashgach, Saidahmadxon faytonga o‘tirdi. — Zavodga!— buyurdi boy izvoshchiga. II Fayton yurib ketishi bilan, Anvar qori qaytib madrasaga kirdi va Umarali hujrasi tomon yurdi. Umarali ehtirom bilan qorini yolg‘iz kichkina ko‘rpachaga o‘tqazdi. — Saidahmadxon paxtachi boylar orasida eng e’tiborlilaridan. Rus fabrikantlar ham yaxshi taniydilar,— dedi qori peshanasini uqalab. — Bilaman, lekin g‘ururi ham xiyla baland,— dedi Umarali qorining qarshisiga — quyiga cho‘kkalab.— Ilmga tushunmaydigan, qadri-qimmatiga yetmaydigan maxluq hammasi. — Boylar ko‘paymoqda, bu yomon emas. Ularni tashviqot-targ‘ibot bilan taraqqiyparvarlik yo‘liga solish bizning vazifamiz. Millatning ahvoli fojedir, buni boylarga tushuntirmoq bizning burchimiz. Avvalo boylarni g‘aflat uyqusidan uyg‘oturmiz, so‘ng ular bilan birgalikda millat g‘amini ko‘rurmiz. Inim Umarali, bu g‘oyat mushkul ish, lekin millatning koriga yaraydigan odamlar — boylar. Ulamo hazratlarning jadidlarga zidligi avjga minmoqda, bilmadim, oqibati ne bo‘lur. — Janoblari hargiz ifrot, ehtiyot bo‘lsinlar! Bularning siri faqiringizga ko‘p ayon,— dedi Umarali tovushini pasaytirib.— Haqiqiy din homiylari bo‘lmish ulamolarga hurmatimiz komil, afsuski, ashaddiy nodon mutaassiblar ham bor, ularga tob berish mushkul. — Zinhor mashaqqat chekmang, inim,— dedi qori va kulib yubordi.— Saidahmadxon bo‘lmasa edi, ulamolar yeb qo‘yardilar meni. Toshbo‘ron, deb do‘q qildilar, eshitdingizmi? — Aql sohibining so‘zi emas, albatta, tangrim o‘zi saqlasin sizni. Ammo janoblari amin bo‘lsinlarki, bular orasida "har qanday qabihlikdan bosh tortmaydiganlar bor. — Modomiki shundoq ekan, biz kezi kelganda jasurlik, kezi kelganda muloyimlikni ishga solib, g‘olib chiqurmiz,— dedi Anvarxon qori. Keyin bir oz sukutdan so‘ng davom etdi:— Bir kun sizni Saidahmadxonnikiga olib boraman. Ha, boyni yoqtirmadingizmi? — Ularning ziqligi tag‘in, bay-bay-bay, takabburligini, g‘ururini aytmaysizmi? Aslo toqatim yo‘q!— nazokat bilan jilmaydi Umarali. Hayotning mushkulliklari, muammolari haqida qori uzoq gapirdi. Umarali ko‘nglini ezgan hasratlarini gapirdi. Otasi ko‘pdan vafot etganligini, onasi har kimning eshigida yumushda yurganligi, yolg‘izgina singlisi jiyak tikib tirikchilikka yordam berishga majburligi haqida dard bilan so‘zladi. — Men bo‘lsam, ilm gadoyi bo‘lib madrasada yuribman. Onam bilan singlimni o‘ylasam tunlari ko‘zlarimga uyqu qo‘nmaydi... Anvarxonning ko‘ngli ezilgan edi, qarshisida o‘tirgan, ruhan siqilgan yigitning ahvolini yaxshi tushungan edi. Uzoq sukut qilgach, yupantiruvchi, muloyim tovush bilan dedi: — Inim Umarali, modomiki onangiz, singlingiz ro‘zg‘orni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da tebratib turur ekanlar, sabr qiling, tahsilingizni bir nuqtaga yetkazing. Har bir tunning bir kunduzi bo‘lgani kabi, hayotingizning ham kunduzi kelur. Ilm shami yo‘lingizni yoritur. Inshoollo, muddaongizga yetursiz. — Faqirlikning podshohlikdan ulug‘ligiga aminman, janoblari!—dedi yengil tortib Umarali. Shu tobda birdan eshik ochildi, talabalardan biri hujraga boshini tiqdi: — Do‘stim, tez chiq, mudarris dars boshladilar, lekin juda fe’llari aynagan. Qori o‘rnidan turdi: — Bizga ijozat bering, siz ham darsdan qolmang, ilmning durlari behuda sochilmasin! Umarali arabcha bir kitobni qo‘ltig‘iga tiqib, qori bilan birga hovliga chiqdi, uni eshikka qadar kuzatgach, nazokat bilan xayrlashdi: — Janoblari ko‘nglimizni va hujramizni nurga to‘ldirdilar. Ming qatla tashakkur, tez-tez ko‘rmoqni orzu qilardim...— dedi va qorini jo‘natib, darsxonaga yugurdi. Uchinchi Bob I Shokir ota do‘koniga Tulki tilmoch o‘zining qimorboz, bezori do‘stlaridan bittasini ergashtirib kirib keldi. Tulki tilmochning asli ismi Bozorboy bo‘lsa-da, bu ismini ko‘plar bilmas, «u ko‘pdan ayyorligi, quvligi sababli orttirgan «Tulki tilmoch» laqabi bilan hammaga ma’lum edi. O‘zi ham o‘rganib ketgan, mabodo birov: «Ismingiz nima?» deb so‘rasa: «Ismim Tilmoch, ishim ham tilmochlik, bu hunarda oldimga tushadigan kimsa yo‘qligidan meni Tulki tilmoch, deydilar!» deb g‘urur bilan javob berardi. U uzun bo‘yli, xodaday beso‘naqay, beo‘xshov kishi. O‘zi qirqlarga endi kirgan bo‘lsa-da, qop-qora terisi suyaklariga yopishgan, yuzlari tirish, u yoq-bu yoqqa qarab so‘rraygan yirik tishlari churuk. Katta ola-kula ko‘zlari qinidan otilib chiqadiganday, ayniqsa, g‘ilayligidan juda ham xunuk. Shuning uchun ham Tilmoch hamisha qora ko‘zoynakda yurardi. Bular yetmagandek, tag‘in pastki jag‘i oldinga chiqqan, pastki labi ham osilib turar edi. Tulki tilmoch Shayxantahur qozisi oldida tilmochlik qilar va o‘zining kasbidan nihoyat mag‘rur bo‘lganidan, mahallasidagi kosib, bo‘zchi, temirchi va boshqa kasb egalarini pisand qilgisi kelmas, faqat ellikboshi, boy-boyvachchalarga quyuq salom berar edi. Oyog‘ida etik, egnida uzun trinka kamzul, ko‘kragida soatining uzun yo‘g‘on zanjiri. — Ehe, boboy, hormang, ishlar qalay?— dedi Tulki tilmoch do‘kon chetidagi namatga o‘tirib va imo bilan yonidan do‘stiga joy ko‘rsatdi. — Kelinglar,— dedi Shokir ota noxushgina tovush bilan, ensasi qotgan holda. Tulki tilmoch u yoq-bu yoqdan bir qadar gap aylantirdi. Shokir ota uncha ro‘yxush bermaganini payqaganidan gapning po‘skallasini aytdi qo‘ydi: — Unsin qalay?—so‘radi tishlarini tirjaytirib. — Oho, ana endi kelding o‘zingga!— dedi qimorboz qalin lablarini yalab.— Goho oy qizingiz, boboy, guzardan paranjida o‘tib qoladi. Suluvligi sochvon tagidan ham bilinadi, orqasidan termilganimcha qotib qolaman... O‘rtanib ketaman. Olay shu qizni, deymanu, lekin kambag‘alman-da, hamyonda hemiri yo‘q, qani iloj... — Bas-bas! Yo‘qol, ablah!— jahldan bo‘g‘ilib baqirdi chol. Qimorboz Shokir otaning so‘zini pisand ham qilmadi, kissasidan xaltacha chiqarib, eski qog‘ozga maxorka o‘radi, tishlari orasiga qistirdi, do‘konning burchak-burchaklariga alanglab qaradi: — Do‘konning ozodaligiga qara, Tulkibek, isqirt cholning omadi... Shokir ota oynak ustidan o‘qraydi: — Bas, yo‘qol deyapman senga, bachchag‘ar! — Xafa bo‘lmang, boboy, gapga quloq soling,— dedi Tulki tilmoch ayyorona kulib.— Yaqinda Saidahmadxon boyning mehmoni bo‘ldim. Boylarning sarasi ekakligini bilasiz. Shaharning obro‘li boylari, kattakonlari ko‘p edi. Dasturxonga holva-yu asal, kabobu mantilarni to‘kib tashladi. Boylardan bittasi: «Yo‘lchi o‘ldi-yu, lekin hanuz tinchimadik, ishchilar, masterovoylar suvni loyqatyapti», deb qoldi. Darrov so‘zni men oldim: «Yo‘lchi ham, masterovoylar ham barchasi bir go‘r, albatta, tezda oldini olish kerak. Lekin Yo‘lchining farishtaday bir singlisi bor, bir mahsido‘z cholning qo‘lida, qiz ham kosiblikda farang, tikkan mahsilari misoli bir gul», dedim. Boyu boyvachchalar hayratda qotib qolishdi. Shokir ota ishdan to‘xtab, ko‘zoynagini peshanasiga ko‘tardi: — Yo‘lchining arvohini tinch qo‘y, til tegizma! Yo‘lchi mard, sher yigit edi, dunyoga bir keldi, bir ketdi. Singlisi kamtar, mehnatkash bir qiz. Husnda Toshkentning to‘rt dahasida tengi yo‘q. Lekin hali yosh, yigirmaga kirsin, kichik akasi Elmurod kelsin, rabochilikda yuribdi... Unga, o‘ziga munosib, boadab, aqlli, yuvoshgina kuyov topamiz. — Boboy, siz mening so‘zimga kiring, Unsinni menga topshiring. Bizning xonadonda supurish-sidirishdan boshqa ish yo‘q, pishirish-kuydirish keliningizdan ortmaydi. Keng-mo‘lchilik, yayrab yuradi, gulday asrayman, zinhor qaytarmang so‘zimni. Katalakday hovlingizda diqqinafas bo‘lib, mehnatda chaqilib o‘tiribdi, insof qiling, qariya! Rahmim keladi, bir savob ish qilay, deyman. — Xo‘p, deng, boboy!— dedi maxorkaning tutunini burqsitib qimorboz.— Men-ku muttaham qaroqchi, xullas, rasvo odamman, aybim shu... Uylan, uylan, deb xudoning bergan kuni kampirim qulog‘imni bitiradi... Endi, boboy, siz tixirlik qilmang, qizni Tulki tilmochga bering, mahsi tikish qiz bolaga oson yumush emas, sil bo‘ladi-ya, bu yog‘iniyam o‘ylang-da. Tilmochni bekorga Tulki demagan odamlar, bir boy kuyov topadi, qarab turing, cho‘tal beramiz sizga!.. Xo-xo-xo! Shokir ota qarshisida o‘tirgan bezorilarning tegajakligidan, shallaqiligidan xunob bo‘lgan va qahrlangan esa-da, indamadi. Tulki tilmoch tag‘in gapga kirishdi. Po‘pisa ham qildi, yalinib ham ko‘rdi, lekin cholni sira ko‘ndira olmadi. — Befoyda gap bilan tilingni ko‘p qayrayverma!— baqirdi Shokir ota o‘rnidan turib.— Falokat, sherigingni oldingga sol! Daf bo‘llaring! — He, qari taka!— dedi qimorboz Tulki tilmoch orqasidan ko‘chaga chiqa turib.— Bir kun pushaymon bo‘lmagin, deyman, Tilmochning qozi kalonday tirgovuchi bor, bilib qo‘y. — Aljirama, jo‘na!—haydadi bo‘g‘ilib Shokir ota va do‘konning ko‘cha eshigiga shaqirlatib zanjir sola boshladi. — Voy o‘lay, nima gap, otajon? Nima shovqin? — ayvonga chiqadigan eshik orqasidai so‘radi tashvishli ovoz bilan Unsin. — Gap ko‘p, qizim, tura tur!— dedi chol yo‘talib. — Oh, ovozingdan!..— dedi qimorboz behayo shivirlab, Unsinniig tovushini eshitarkan. — Tinchlikmi, otajon?— tag‘in so‘radi Unsin sabrsizlanib. — Qarab tur! Baribir qizni axir sug‘uramiz iningdan. Churuk uyingga hayf shunday farishta!— dedi qimorboz ko‘chada mushti bilan po‘pisa qilib. Chol asabiylashgan holda uyga kirgach, bo‘lgan voqeani Unsinga gapirib berdi. — Qo‘ying, kuymang, otajon, xudoyim butun do‘zaxni u muttahamlar boshiga ag‘darsin!—dedi Unsin cholga taskin berib va tag‘in ishini qo‘lga oldi. II Saidahmadxon zavoddagi torgina kontorasida stolga og‘ir gavdasini tashlagan holda pishillab o‘tirar, qarshisida nozik qomatini alifday tutib Eshonxon turar edi. — Qani aytgan paxtang, yo‘q-ku?— so‘radi zarda bilan boy. — Kelib qolar, yo‘l uzoq, boy aka,— javob berdi Eshonxon. — Tur, mexanikni chaqir, yo‘lakay choy ham ola kel,— buyurdi boy. Zavodning mashina bo‘limidan, devning qalbi kabi, gurs-gurs uzluksiz zarb eshitilib turadi. Zavod Parkent ko‘chaning pastqam bir joyida, aholi kam yashaydigan yerda. Kontoraning derazasidan tollar, qayrag‘ochlar ko‘rinadi, ko‘cha botqoq, yo‘llar yomon. Paxta tashiydigan aravalar yozda tuproq bulutiga ko‘milsa, qishda botqoqqa cho‘miladi. Aravakashlar «hay-hay», «chuh-chuh» deya shovqii bilan ko‘chani boshga ko‘tarar edilar. Eshikdan qo‘lida choynak Eshonxon va mexanik Arkadiy Petrovich kirib keldilar. Mexanik ellik yoshlardagi soqoli kalta, charm kamzul kiygan kishi edi. — E, Arkadiy Petrovich, keling-keling, salomatmisiz, ishlar yaxshimi?— dedi boy o‘tirgan joyida va qarshidagi o‘rindiqni ko‘rsatdi. — Salom, ishlar yomon emas, joyida,— javob berdi mexanik o‘rindiqqa o‘tirib. — Eshitishimga qaraganda zavodda, ishchilar orasida sartlardan, machchoyilardan bir guruh yalangoyoq buzuqlar, g‘alamislar, yo‘ldan urarlar paydo bo‘libdi. Ko‘zingiz yo‘qmi, bu qanday noma’qulchilik?!—asabi tutganidan qizarib so‘radi boy. — Siz qizishmang,— dedi muloyim, vazmin tovushda mexanik.— Barchalari mehnatkash, azamat yigitlar, bir, zum qaddini rostlamasdan qanor-qanor, toy-toy paxtani kun bo‘yi tashiydilar. Noroziligingizning sababini tushunolmadim, boy? — Suvni loyqatib, sodda mehnatkash yigitlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib yurganlar bor emish ishchilar orasida,— dedi boy o‘zini bir oz bosib. — Ax, bor emish deng... Unday mish-mishlarga men ishonmayman, lekin men ishlaydigan mashina bo‘limida ish bir sekund ham to‘xtagani yo‘q, xo‘jayin. Presslarga quyilib turgan paxta daryosi, presslardan dumalab chiqayotgan toy-toy paxtalar bir nafas tingani yo‘q. Bundan ortiq yana nimani talab qilasiz?— Mexanik boyga tikilib qaradi. — Zavodning ishi ketyapti, bunga aminman, lekin haligidek men aytgan buzuqilar oralab yurgan bo‘lsa, bizga ko‘p ziyon yetadi. Mening sizdan talabim — har ishning oldini olish lozim, siz ham ko‘z-quloq bo‘lib yuring. Hushyorlik kerak, oq podshoning yo‘lidan yurish kerak. Arkadiy Petrovich indamadi-da, bir oz sukutdan so‘ng o‘rnidan turdi. — Men boray, mashinalarni nazoratsiz qoldirib bo‘lmaydi, men ularning ko‘z-qulog‘iman,— dedi va tez yurib chiqib ketdi. Saidahmadxon choyni erinchoqlik bilan ho‘plab, nimanidir o‘ylab jim o‘tirardi. — Boy aka,— dedi Eshonxon Saidahmadxon uzatgan piyolani ola turib,— bu mexanik, texniklaringizga ishonib bo‘lmaydi, musulmon ishchilarni yo‘ldan urib, aql o‘rgatayotganlar shularning o‘zlari! — Sening aqling balo! Bitta senga ishonaman, mirza Eshonxon!— dedi boy uzun homuza tortib.— Ha, aytgandek, bugupdan boshlab Smirnovga paxta berishni to‘xtatdim. U padar la’nat kam narx bilan olib, zo‘r berib Maskov-Petrga jo‘natyapti, foydani u qilayotibdi. Kelsa, bermanglar, xo‘jayinga uchrash, denglar, uqdingmi? — Xo‘p, boy aka! Egriga egri bo‘ling, deyman-ku hamisha sizga. Lekin ishni zimdan qilish kerak. Qo‘pollik yaramaydi. Paxtachi boylar, protsentchilar bilan g‘oyat nozik muomalada bo‘lmoq lozim. Ular dehqon qiynalib turgan paytni poylaydi, qarzga pul beradi-da, shartta boplaydi qo‘yadi, siz qolaverasiz. Mana shunga dog‘man. Siz ijozat bering, men pinhon ish qilay: daladan paxtani to‘ppa-to‘g‘ri zavodingizga oqizib beray, hamma raqiblaringiz dog‘da qolsin! Ana shunda ularni hurjunga o‘tqazamiz. — Haqiqatan, mirza, dag‘alligim bor,— kuldi boy.— Mayli, o‘zing hamma ishga razm solib yur. Zamon juda loyqalanib ketyapti, hali qarasang u boy sinibdi, hali bu boy... Paxtachi boylarning orasida eng beli baquvvati, qo‘li balandi o‘zim bo‘lsam ham, ba’zan xayolga ketib, cho‘chib qolaman. — Iqbolingiz baland, sira qo‘rqmang, taqsir!— dedi Eshonxon o‘rnidan turgan Saidahmadxonning yelkasiga pochapo‘stin yopib. — Men ketdim. Eshon, aravakashlar, pul, deb kelsa, hayda hammasini, bugun pul yo‘q, degin. Uqdingmi? — Uqdim, uqdim, boy aka!— dedi Eshonxon ta’zim bilan. Boy og‘ir qadamlar bilan ayvonga chiqdi, bir zum to‘xtab, zavod tomonga, keng hovlidagi brezent yopilgan tog‘-tog‘ toy paxtalarga nazar tashlagach, toza yuvilgan faytonga o‘tirdi: — Hayda!— buyurdi izvoshchiga. — Boy aka, qayerga?— so‘radi izvoshchi uzun qamchini baland ko‘tarib. — «Regina»ga!— dedi boy faytonning yumshoq yostig‘iga yaslanib. Fayton zavodning katta darvozasidan ko‘chaga chiqqach, balchiqni sachratib, uchib ketdi. III Eshonxon boyni jo‘natgach, qaytib kontoraga kirdi. Bir oz cho‘t qoqib, har kungidek hisob-kitob qildi. Keyin tashqariga chiqdi, pul kutib turgan aravakashlarga, birini so‘kib, biriga do‘q qilib, qo‘pol muomala qildi. Aravakashlarning ba’zi keksaroqlari yalinib ko‘rishdi, o‘spirinlari so‘kishdi, ba’zilari indamasdan xo‘mraygancha jo‘nashdi. Aravakashlar har vaqt Eshonxonni: «Boy akamning iti!» deb so‘kar edilar. Eshonxon buni bilar va ichida: «Shoshma, xap senlarnimi!» deya yonib yurar edi. Eshonxon zavod ichiga kirdi, paxta tashiyotgan ishchilarni tergab, har ishdan chalkash topib, bir qanchalarini xafa ham qildi: — Hoy, anqov, qoping yirtiq, ko‘zing ko‘rmi? — Hoy, tojik, hangamangni bas qil, tez-tez qimirla! O‘rta yoshli mo‘mingina bir ishchini to‘xtatdi: — Ishlar qalay?— so‘radi po‘ng‘illab Eshonxon. — Labbay, xo‘jayin, xizmat?—so‘radi ishchi katta qanor paxta ostidan ikki bukilgan holda. — Hozir ishingdan qolma, ishdan chiqqach, oldimga kir, gap bor. — Xo‘p, xo‘jayin, xo‘p!— dedi ishchi va inqillaganicha qiltiriq oyoqlarini bir-bir bosib, qanor tagida bukilgancha ketdi. Eshonxon ko‘ksini baland ko‘tarib, gerdaygan holda samovar tomon yurdi, lekin u yerga yaqinlashganda yana bir ishchini to‘xtatdi. — Hoy, falokat, ichganmisan? To‘xta-chi! Ko‘zlari qiyiq, ko‘sa ishchi oqarib to‘xtadi. — Xo‘jayin, zinhor koyimang, ichganim yo‘q...— dedi ishchi o‘zini chetga tortibroq. — Bachchag‘ar, ko‘rib turibman-ku!— baqirdi Eshonxon. Ishchi indamadi, zavod tomon tez yurib ketdi. — Keling-keling, xo‘jayin!— qarshi oldi Eshonxonni samovarchi — bir ko‘zi g‘ilay, semiz, pakana kishi. Kichkina, iflos choyxona oldida uch-to‘rtta to‘rqovoq osig‘liq turardi. Bir-ikki ishchi yirtiq namat ustida choy ichib, gaplashib o‘tirardi. Eshonxon choyxonani, u yerdagi choyxo‘rlarni bir oz ko‘zdan kechirgach, asta turib, yana kontora tomonga ketdi. IV — Tuzukmisiz, onajon?— so‘radi Umarali xasta yotgan onasining peshanasidan mehr bilan o‘pib. O‘g‘lini hamisha sog‘inch bilan kutuvchi Hilol buvi sevinganidan darhol yostiqdan boshini uzdi: — O‘tir, tanchaga o‘tir, bolaginam, ranging o‘chibdi, sovuq-da... O‘tira qol! — Urinmang, yoting, oyi...— dedi Umarali onasining yuzini silab. Boshidan sallasini olib, qoziqqa ilgach, eskigina do‘ppini boshiga kiydi va tanchaga suqildi. — Jim bo‘lib ketding, xabar olay ham demaysan. Bilasan-ku, yo‘lingga ko‘z tikib o‘tiraman... Kechiksang tashvish tortaman,— shikoyat qildi ona so‘niq, g‘amgin tovush bilan. — Oyi, madrasa jafosini chekib yuribman...— javob berdi Umarali muloyimlik ila. — Mayli, o‘g‘lim, tahsilingga g‘ov bo‘lmayman aslo. Ehtimol, masjidga imom bo‘larsan... Birpasgina bo‘lsa ham, ora-chora ko‘rinish berib, notavon ko‘nglimni tinchitib ketsang bo‘lgani... Hilol buvi majolsiz gavdasini bazo‘r rostlab, yostiqqa suyandi. Eski peshanabog‘ni qoshlariga tushirib bog‘ladi. U o‘rta bo‘yli, jikkak gavdali, qoramtir kelgan, ko‘hlikkina xotin edi. Burushiq yuzida va g‘amgin ko‘zlarida ona muhabbati, samimiy yurak mehri balqir edi. — Izg‘irinda ayvonda yotibsiz, uyga kirsangiz bo‘lmasmidi?—so‘radi Umarali onasining orqasidagi yostiqni tuzatib.— Ko‘chirib qo‘yaymi? — Yo‘q, jonim, yoruqqina ayvon tuzuk menga, uyda nafasim tiqilib ketadi. Umarali buni bilardi. Hilol buvi uncha-muncha yomg‘ir-qorni pisand qilmas, qishning qahraton chillasidagina tanchani uyga ko‘chirar va sovuq bo‘shashgan hamon, ko‘klam daragi kelmasdan, tag‘in ayvonga ko‘chib olar edi. — Og‘riq qoldimi, uyqungiz qalay?— so‘radi Umarali onasining rang-ro‘yiga razm solib. — Bilmayman, bolam, qanday bedavo dardga chalindim, na uyqu bor, na ishtaha. Ko‘kragimning sanchig‘i sira qolmaydi,— javob berdi ona xasta tovush bilan. Umarali indamadi, u onasining ahvoliga ich-ichidan qayg‘urar, tabib chaqirsammikan, deb o‘ylar, puli yo‘qligi dilini ezar, onasidan yoki singlisidan pul so‘rashga tili bormas edi. — Jamila ko‘rinmaydi, qayoqqa ketdi?—so‘radi Umarali hovliga, o‘choq boshiga ko‘z yugurtirib. — Jiyaklarini Oynisa buvisiga olib ketgan edi, kelib qolar. Qiz boyaqishga qiyin bo‘ldi... Men yotib qoldim...— dedi Hilol buvi va shu on o‘g‘lining yuzidagi g‘am ko‘lankasini sezib, so‘zini boshqa mavzuga burdi:—Qo‘shnilardan hali unisi, hali bunisi holimni so‘ragani chiqib turadi. Jinday gaplashamiz. Shu kecha-kunduz turli-tuman mish-mishlar ko‘paydi. Xudoga yolvoraman, o‘zi asrasin seni. Bag‘rimda bo‘lsang, ko‘nglim tinchroq bo‘larmidi, Nima gap o‘zi, nega zamon chayqalib qoldi? Madrasadasan-ku, o‘g‘lim, gapir, senga hammasi ayon bo‘lsa kerak, tushuntir men gumrohgayam. Nima bo‘lyapti? O‘ylab aqlim yetmaydi sira. Umarali kulimsiradi. — Sira tashvish tortmagaysiz, oyi, men tinchman, tahsil bilan mashg‘ulman,— dedi onasini yupatib.— Mish-mish gaplarga e’tibor bermang. Eshitishimga qaraganda, Rusiya askarlari urushdan bosh tortishayotganmish. Lekin tirikchilik mashaqqati haddan ziyod, xalqning ahvoli borgan sari xaroblikka ketyapti. Eshik g‘irch etib ochilib, Jamilaning ovozi jarangladi: — Voy, akam keliptilar! Muncha sog‘intirasiz!— Qiz paranjisini ayvon chetiga uloqtirib, akasini quchoqladi. — Tanchaga o‘tir tezroq, qizginam, sovqotibsan,— dedi Hilol buvi. Umarali singlisini erkalab, hol so‘rashgach, yoniga o‘tqazdi va tanchaning olovini ochish uchun kurakchani izladi. — Qo‘ying, bezovta bo‘lmang, aka, o‘zim ochaman olovni,— dedi Jamila va o‘chayozgan qo‘rning ustidan kulni tortdi.— Jiyak o‘lgur suv tekin ketdi, esiz mehnatim. Buyam mayli-ya, nasiyaga olib qoldi Oynisa xola, puli yo‘q ekan.— Tancha ustidagi choynakni boshiga ko‘tarib sovuq choydan qult-qult yutdi. Keyin ro‘molini yechdi-da, sochlarini tuzatib, qaytadan o‘radi. Umarali singlisiga ham mehr, ham qizg‘anish hissi bilan termildi. Singlisining ingichka, nozik qoshlari ostidagi shahlo ko‘zlarida mung ko‘rib, ich-ichidan dard chekdi. «Nasiya» so‘zini eshitgan Hilol buvi bo‘shashib ketgan edi. Bir oz sukutdan so‘ng qizini ovutishga urindi: — Mayli, qyzim, qechqisi yo‘q. Oynisa xolang insofli xotin.— Umaraliga qarab davom etdi;—Popop tikishga shundog‘am chevarki! Toshkanning to‘rt dahasida hech kim unga teng kela olmaydi.— Kulimsirab sirli tovush bilan shivirladi.— Katta o‘g‘li ham popopning piri, mehnatkash yigit, popukday yigit. Singling ham nozanday bo‘y yetib qoldi. Xudoyim xohlasa, shu mo‘min-qobil yigit bizga kuyovlikka nasib bo‘larmikan, deb umid qilaman. — E-e, qo‘ying-e!—dedi uyalganidan loladay qizargan Jamila va irg‘ib o‘rnidan turib uyga kirib ketdi. Umarali onasidan ranjidi: — Erta-ku! Endi o‘n beshga kirdi-ya! — Kunim bitib, qazo qilsam, singling aro yo‘lda qolmasin, deyman. Ko‘zim ochig‘ida, joyiga, buyurganiga topshirsam, deyman. Mazam yo‘q, Umarali!.. Keyin, yaxshigina qiz topib, kelin qilsam. Sening ham boshingni ikki qilsam. Aqlli, hushli qiz bo‘lsa, obro‘li joydan bo‘lsa... Keyin o‘lsam armonim yo‘q,— sukut qildi Hilol buvi, o‘ksinganday uzun bir uh tortdi.— Pul yo‘q-da, bolam!.. Bu yog‘ini o‘ylasam, ko‘zlarimga uyqu qo‘nmaydi. — Qayoqdagi gaplarni aytasiz!— dedi ranjigan Umarali. — Yo‘q, gapimga quloq os, bolam! Ko‘zimning ostiga olib yurgan bir popukday qiz bor. Oti Xursan. Bilasan, o‘zing ham ko‘rgansan. Ota-onasi faqirgina odamlar, lekin tagi asil, uzoq chatishgan qarindosh bizga. Qomati raso, oppoqqina, qoshlari qalam, yuzlari anorday, sadag‘asi ketay, chiroyli qiz. Umarali jilmaydi, ko‘zlarida allaqanday bir xayol jilvalandi, ichdan bir uh tortdi. — Arziydi maqtovga!— dedi u sekin. — Tadbirli, dono qiz,— dedi ona davom etib.— O‘qtin-o‘qtin Jamilaning oldiga birrov kelib ketadi.— Hilol buvi bir oz jim qolib, keyin dedi:—Rasmi ozroq pul berish kerak. Oriq bo‘lsayam, kichkina bo‘lsayam, bitta qo‘y kerak. Taomili shu, bolam. Xayolxonamda gir aylanaman, shunga iloj topolmayman, nochorman... — Bo‘sh xayollar... Qo‘ying, dilingizni aslo ranjitmang!— dedi Umarali xomush bir ahvolda. — Namozgar yaqin, oyi, nima ovqat qilamiz?—so‘radi uydan chiqib Jamila. — Ugra osh qil, qizim. Koshki edi palov bo‘lsa, bolaginamni siylab yuborsam... Go‘sht yo‘q, guruch yo‘q. Mayli, omon bo‘lsin, masjidga imom bo‘lsin, tangrimdan tilaganim shu... — Ugrami, umochmi, bari bir, ziyoni yo‘q,— dedi Umarali kulimsirab. Umarali va onasi uzoq dardlashib o‘tirdilar. Umarali, goh-goh onasining chehrasiga tikilib qo‘yar va uning xastaligiga chuqur qayg‘urar edi. Jamila cho‘ntagidan bir hovuch turshak oldi va patnisga tashladi. — Turshak shiminglar, ro‘paradagi qo‘shni Oytosh buvi bor-ku, aka, bilasizmi? Hali o‘tin yorib bergan edim, duo qila-qila esi ketdi, keyin cho‘ntagimni to‘latib turshak berdi. Tish sindiradigan turshak, ermak qilib o‘tiringlar,— dedi Jamila va oshxonaga ketdi. Hilol buvi turshakka qo‘l uzatdi: — Ha-ya, rangidan bilinib turibdi, toshday ekan.— Qurt yegan turshakdan bitta oldi, og‘ziga solib so‘ra boshladi.— Ol, shimib o‘tir,— dedi o‘g‘liga. Umarali ikki dona turshakni qo‘liga olib, «puf-puf» qilib tozalagan bo‘ldi, keyin shima boshladi. — Bay-bay-bay, tishni sindiradi, degani rost ekan, lekin mazasi yomon emas,— Umarali jilmaydi. Ona-bola turshak shimib o‘tirdilar. Hilol buvi namatning chetini ko‘tarib, katta bir qayroq tosh oldi, Umaraliga uzatdi. — Danagini chaqib yegin, ermak. Shu tobda eshikdan ammasi Buvsara kirib kelganini ko‘rgan Umarali, qo‘lidagi qayroqni tancha chetiga qo‘yib, mehmonni qarshi olgani ayvondan tushdi. Ammasini ko‘rganidan sevinib ketgan Jamila oshxonadan yugurib keldi. Buvsara uzoqdan, Qa’nidan horib kelgan edi, paranjisini Jamilaning qo‘liga tashlab, uni quchoqladi, ikki yuzidan o‘pib ko‘rishdi, Umaralini ham quchoqladi, Hilol buviga engashib yelkasini tutdi. Jamila darrov uydan ko‘rpacha olib chiqib to‘rga soldi, ammasini o‘tqazib, orqasiga yostiq qo‘ydi, qarshisiga cho‘nqaydi. Buvsara ko‘rpachaga o‘tib o‘tirgach, «Omin!» deb qo‘llarini ko‘tardi. Hammalari duoga qo‘l ochdilar. Buvsara shivirlab, yaxshi tilaklar, niyatlarni aytib uzoq duo qildi, hammalari qo‘llarini yuzlariga tortdilar. — Buvsarabonu, salomatmisiz, pochchamiz, o‘g‘illar, kelinlar o‘ynab-kulib yurishibdimi?— so‘radi Hilol buvi. — Shukur, xudoga ming qatla shukur, aylanay, hammasi salomat, salom deb qolishdi... Buvsara baland bo‘yli, qoshlari payvasta, ko‘zlari tiyrak, zuvalasi pishiq, oppoqqina, ellik ikki-ellik uch yoshlardagi ayol edi. U keksaygan bo‘lsa-da, ko‘zlarining o‘ti so‘nmagan, sochida bir tola oq yo‘q, hanuz xushro‘y, unga hech kimsa qirq-qirq ikkidan ortiq yosh bermas edi. Buvsara gapga tushdi: — Umarali chirog‘im, bola-chaqa ko‘p, tirikchilik g‘amida pochchang boyaqish chaqilib ketdi. Kunimizga yarab turgan yolg‘izgina bir otimiz bor edi, to‘satdan o‘zini tappa yerga tashlab o‘ldi-qo‘ydi. Endi peshanamizga tag‘in qachon ot bitadi, narx-navo osmonda... — E, afsus, bilaman, qizil qashqa, yuvosh ot edi, chakki bo‘libdi,— dedi Umarali achinib. — Ha, o‘rgilay Buvsara, kelgan balo-qazo o‘shanga ursin, o‘zlaringning tanlaring sog‘ bo‘lsin, qattiq kuymanglar, xudoning qahri keladi-ya,— tasalli berdi Hilol buvi. — To‘g‘ri aytasiz, o‘zim ham shundoq deb pochchangizni ovutaman, lekin o‘ylasam yuragim jiz-jiz achib ketadi, Er qanoti — ot! Tushlarim ham shundoq alkash-chalkashki, ertalab hech qasrga sig‘madim. Sizlarni bir ko‘rib kelay, deb yo‘lga tushdim. Qa’niyam juda uzoq-da, hali piyoda, hali aravada, xullas, yetib keldim. — Yaxshi qilibsiz, ammajon, biz ham sizni sog‘ingan edik,— dedi Jamila Buvsaraning kelganiga behad sevinib. — Mendan xabar olib turganingiz yaxshi, Buvsarabonu,— dedi Hilol buvi dard bilan.— Kundan-kun kasalim zo‘raysa zo‘rayyaptiki, orqaga qaytish yo‘q. Kunim bitib, qazoyim yaqinlashib qoldi shekilli... — Undoq demang, opog‘oyijon, rangingiz tuppa-tuzuk. Oldingizda qator-qator to‘ylaringiz turibdi-ya, parvardigorim o‘zi shifo beradi har qanday dardga!— yupatib gapirdi Buvsara.— Umarali inim, yaxishsi, o‘qtin-o‘qtin oyingizni o‘qitib turing. O‘qitganda ham tuzukroq domlaga o‘qiting. Hilol buvi dedi: — Aylanay sizdan, domlalar bor, lekin nafasi o‘tkirini topish qiyin. Bilmadim, qiyomat yaqinmi, ya’juj-ma’juj kelyaptimi, tavba deyman, domlalardan ham putur ketgan. — O‘zim Qa’nidan boshlab kelaman, nafasi judayam davo bir domla bor,— dedi jiddiy tusda Buvsara. Buvsara arzir-arzimas gaplarni aytib ezmalik qilardi. Umarali boshini quyi solib, jim o‘tirardi. Jamila o‘choq boshida shoshilib xamir yonib, ugra kesa boshladi. Havoda yangragan azon tovushi namozgarni eslatdi. Umarali irg‘ib o‘rnidan turdi-da, hovliga tushib tahorat olgach, masjidga chiqib ketdi. To‘rtinchi Bob I Saidahmadboyning mehmonxonasiga ulfatlar liq to‘lgan. Dasturxonda murabbo, asal, xil-xil holvalardan tortib, .go‘shtkuydi somsalar, jazillagan issiq kabob, yaxna kiyik go‘shtiga qadar anvoyi noz-ne’matlar mo‘l. Ulfatlarning aksari paxtachi boylar va bazzozlar. Ziyolilardan Anvarxon qori, Mirzayunusxon, shoir G‘aribiy bor. Shoir baland bo‘yli, qirqlardan endi oshgan kishi. Uning yirik xayolchan ko‘zlari, ko‘rkam, kalta qora soqoli, egnidagi olacha to‘ni, kichik oppoq sallasi — hammasi o‘ziga yarashgan. Qalbidagi ishq va she’r bulog‘ining jilvasi yuziga toshganday jozibador. G‘aribiyning bir yonida mashhur hofiz Mulla To‘ychi o‘tirardi. Bu yuksak nafosat sohibining butun borlig‘ida yoqimli jozibador ifoda ko‘rinar edi. Hofiz va G‘aribiy yaqin do‘st, bir-birlarining shoirona nozik ruhlarini, she’riyat va musiqiy to‘la qalblarini yaxshi tushunar edilar. Eshikka yaqin joyda Saidahmadning o‘zi, mahallaning bir necha obro‘li kishilari va shunday o‘tirishlarga hamisha xiralik bilan suqiladigan Tulki tilmoch o‘tirar edilar. Mehmonlar dahaga kirgan qurtday: birovlar issiq kabobni chaynar, birovlar kiyik go‘shtiga o‘zini tashlagan, birovlar bu taomlarga xo‘p to‘yganidan kekira-kekira pista-bodomni ermak qilar edilar. Suhbatlar goh qizib, goh uzilib davom etardi. — O‘tgan sana zavod qo‘ldan ketayozdi. Bankadan jinday qarzim bor edi. Ish bir orqaga ketdimi, o‘ng‘arilishi mushkul bo‘ladi. Qarz degan narsa misoli bo‘yinga bog‘langan bir xarsang tosh botqoqning qa’riga tortadi ketadi... «Saidahmadboy ana sinadi, mana sinadi», deb har daqiqa kutib turgan raqiblar oz emasdi...— Sirli tabassum bilan mehmonlarga bir qarab olgach, davom etdi mezbon.— Bir kun Mirzakarimboyning bog‘ida ziyofatda edik. Boy tikka yuzimga soldi. «Qil ustida turibsiz; silliqlik bilan butun chigirni o‘zimiz yechamiz, zavodni bizga bering, taqdirga vaqtida tan berish ma’qul. Yo‘qsa, pushaymon bo‘lasiz, janob!» desa bo‘ladimi! Yuzimga aytdi-ya! Oqarib ketdim. Irg‘ib o‘rnimdan turdim-da. «E, balli, boy ota, tashakkur!» dedim, to‘g‘ri darvozaga yurdim, orqamdan Hakimboyvachcha yugurdi: «Afv etsinlar, boy aka, padarimiz hazillashdilar. Zavod olish niyatim aslo yo‘q, xudo xohlasa o‘zim qurdiraman»,— dedi. Jahldan juda avzoyim buzilgan edi. «Boy otangiz qari tulki, tayyorga ayyorlikni yaxshi ko‘radi. Toleimiz bugun pastlashibdimi, ertaga baland bo‘lsa ajab emas, hali loyga tiqilganimizcha yo‘q, boyvachcha. Umidim zo‘r, olloga shak keltirmayman, dedim. Mabodo zavodni sotguday bo‘lsam, Mirzakarimboyga sotmayman, siz amin bo‘ling, o‘risnimi, turkmannimi, armannimi, juhudnimi topaman, boyvachcha!» dedim. Hakimboyvachcha churq etolmadi, uyalganidan qotib qoldi. Izvoshga o‘tirdimu, jo‘nadim. — Mirzakarimboy eski tulki,— dedi yo‘talib bazzoz Muhammadmansur, oltmishdan endi oshgan kalta qirov soqolli, lekin yigitlarday olifta yasangan kishi.— U, xabaringiz bo‘lg‘ay, xasis boy. Chimkentda, Avliyootada, Qo‘qonda, Farg‘onada — ko‘pgina shaharlarda do‘konlari bor. Boy ota xizmatkorining farishtaday suluv, yoshgina qiziga uylanib olgan edi, bultur yozda to‘satdan zahar berib o‘ldirib qo‘yishdi, eshitgandirsiz, janoblar. Shaharda yomon shov-shuv bo‘ldi; boy otaning ham, gerdaygan Hakimboyvachchaning ham obro‘yi bir pul bo‘ldi! Qizning otasi Mirzakarimboyning yigirma yillik xizmatkori, bir kechada Salimboyvachchani chavaqlab, o‘ligini jarga tepib yubordi. Ana ofat! Balli, janob, shunda men, xo‘p bo‘ldi, dedim, tolening pastligi ana shu, shundoq bo‘ladi!— dedi gerdayib Saidahmadboy. — E-e, bu voqeani Toshkan aholisi orasida eshitmagan qolmadi,— dedi paxtafurush Mirhoji, boshi yumaloq, katta burnining kataklari kerik, dag‘al soqolli, to‘ng‘izday sovuq, gerdaygan boy.— Chavaqlangan shahid Salimboyvachcha yerning qa’rida hok bo‘lib yotibdi, keyin xizmatkor Yormat Sibirga haydaldi, xolos! — O, qori afandi,— dedi negadir bugun churq etmasdan xomush o‘tirgan shoir G‘aribiy Anvarxonga engashib.— Shahid ketmish notavon qizga bir qatra achinish izlayman, afsuskim, nadomat chekkan bir kimsani-da topolmasman... Barbod bo‘lmish qiz qalbimni cho‘g‘day uzdi... — Hayot chigillarining biridir, —javob berdi shoirga shivirlab Anvarxon.— Qizni ajal bu dunyo jahannamidan qutqazmish... — Tag‘in bir xizmatkori bor edi Mirzakarimboyning,— do‘ng‘illab davom etdi Mirhojiboy,— tug‘ishganlaridan, devday yigit edi. Yomonlar yo‘ldan urdi chamamda, olomonga ergashib qo‘zg‘olonga aralashibdi. Alalxusus, sallotlar o‘qi bilan gum bo‘ldi. Yomonlarning beti qursin, yomonlar ko‘p. Oq podsho oliy hazratlariga arz qilib, jamiki isqirt, muttaham qashshoqlarni otish emas, osish kerak, ibrat bo‘lsa shoyad. — To‘g‘ri aytasiz, janob boy, yomonlar ko‘p,— dedi yumshoqlik bilan Mirzayunusxon, madrasada bir necha yil tahsil ko‘rgan, tatar va turk adabiyotidan xabardor, oriqqina, qirg‘iy burun, faqirona kiyingan, o‘ttiz besh yoshlardagi jadid.— Turkiston o‘lkasining xalqlari ma’rifatdan bexabar, zimiston bir hayot kechirurlar. Butun falokat shunda! Afsuski, boyonlarimiz xalq manfaati, xalq dardini nazar-pisand qilmaydilar, shifosini axtarmaydilar. Majlis ahli chuqur sukutga ketdi. Qosh-qovog‘ini osiltirib o‘tirgan Muhammadmansur ranjigan ohangda dedi: — Ollo taologa aslo shak keltirmagaysiz, mirzam, bandalarining g‘amini yolg‘iz olloning o‘zi chekadi. Tag‘in o‘rtaga uzoq sukut cho‘kdi. Lekin Eshonxon boshliq bir necha xizmatkorlar katta-katta xitoyi chinni laganlarda bug‘i burqiragan qazi-qartali palovni ko‘tarib kirgach, majlis ahlida bir yengillik his etildi. Eshonxon va Tulki tilmoch go‘shtni bir lahzada chaqqonlik bilan to‘g‘rab tashlagach, mehmonlar yenglarini shimarib, bir-birlariga «olsinlar-olsinlar» qilishib, palovni oshay boshladilar. Suhbat goh uzilib, goh yangilanib, tag‘in Mirzakarimboy ustida to‘xtadi. — Janoblarining xabarlari bo‘lsa kerak, Mirzakarimboy bulturning o‘zidayoq do‘ndiqqina, olifta bir tul xotinga uylanibdilar!— dedi Saidahmadxon Muhammadmansurga murojaat etib. Muhammadmansurning ayyor ko‘zlari tabassumdan qisildi. U chaynayotgan qazisini yutganicha yo‘q edi, Tulki tilmoch so‘zni ildi: — Ijozat etgaylar, janoblar, batafsil hikoya qilay. Boy otaning ikir-chikir, nozik sirlariga kamina xo‘p oshnaman,— dedi u, moyli barmoqlari bilan ko‘zoynagini to‘g‘rilab. — So‘zlang, tilmoch, bundoq qiziq gaplar ermak-da, mehmonlarning jinday ko‘ngli ochilsin!— dedi Saidahmadxon va Eshonxon ko‘k choy suzib uzatgan piyolani oldi. Tulki tilmoch o‘tirgan o‘rnidan bir qo‘zg‘alib, joylashibroq oldi. — Boy ota bir sira Salimboyvachchaga qattiq motam tutdi, ammo ko‘p muddat kechmadi, taqdirga tan berdi. Men ham goho boy otaning huzurida bo‘lardim, payg‘ambarlarning, aziz-avliyolarning ham jafo-alam chekkanlari haqida ibratli gaplarni aytib boyaqishga tasalli berardim. Boy otaning oldiga mahallasining ellikboshisi, obro‘li, dono, gapga chechan sohibi tadbir Olimxon aka ham tez-tez kirib turardi. Ellikboshi — boy otaning yaqin do‘sti, maslahatgo‘yi. «Uylaning, ust-boshingizga, tahorat suvingizga qarab turishga bir mahram kerak, umr g‘animat,— dedi bir kun Olimxon aka.— Ijozat bering, bir jononni o‘zim topaman, shuncha davlat bilan toq o‘tirasizmi!»— dedi. Xullas, boyni ko‘ndirdi. Lekin uy ichi — Hakimboyvachcha, qizi, Salimboyvachchaning xotini shunday bir g‘avg‘o ko‘tarishdiki, u yog‘ini qo‘yavering. Boy ota qattiq turdi. «Hammangdan kechsam kechaman, illo uylanaman», dedi.— Tulki tilmoch barmoqlarini qirsillatib, majlis ahliga diqqat talab bir-bir qarab chiqdi. — Qani, gapiring, eshitaylik, oqibati ne bo‘ldi ekan?— so‘radi kibr bilan Saidahmadxon. — Boy ota bilan Hakimboyvachcha o‘rtasida ellikboshi bo‘zchining mokisiday yugurib qoldi. Nihoyatda epchil, bilimdon odam-da Olimxon aka, alalxusus ishni bitirdi. Boy davlatni bo‘lib berishga rozi bo‘ldi, ular otalarining uylanishiga ijozat berishdi. Butun ishni zimdan, kishi bilmas, pinhon bitirishdi. Ellikboshi har ikkala tomondan cho‘tal oldi va boy otaga qizlarday bir yosh juvonni topib berdiki, husni bajo, orqasi bilan bitta soch, yuzlari sutday tiniq, qoshlari payvasta, yigirma sakkizga to‘lib-to‘lmagan bir barvasta qomat mahbuba... — Bay-bay-bay.., chol qurg‘urning iqbolini ko‘ring!— dedi boshini saraklatib Mirhoji. Mehmonlar qotib-qotib kulishdi. Eshonxon bilagiga sochiq solib, bir qo‘lida dastsho‘y, bir qo‘lida obdasta bilan paydo bo‘ldi. Mehmonlar qo‘llarini yuvib, birovlar ko‘k choy, birovlar famil choyni issiq-issiq xo‘plashga kirishdilar. Suhbat o‘zga mavzularga ko‘chdi. Podsho haqida, urush haqida, oldi-qochdi xabarlar tildan tilga o‘tdi. Eshonxon dahlizda ichirib-edirib mehmon qilgan bir guruh tanburchi, g‘ijjakchi sozandalarini boshlab kirdi. — Xayriyat, xush sozu, muazzam ovozingizdan ko‘ngillarimiz munavvar bo‘lg‘ay! Yo rabbiy, fisqu fasod tutunidan ifrot bo‘g‘ildik-ku,—- dedi shivirlab shoir G‘aribiy tabassum bilan Mo‘lla To‘ychiga. — Balli!—dedi kulib shoirning so‘zini eshitgan Mirzayunusxon. — Hofizi a’zam, majlisni xushnud qilsinlar, muntazirmiz! — Men tovushimni rostlagunimcha, sozandalar lutf aylasinlar, «Rohat»ni eshitaylik,— dedi yumshoqlik bilan Mulla To‘ychi tanburchiga murojaat etib... «Rohat» yangradi. Majlis ahli sukutda eshitdi. Tanburning mo‘jizakor torlaridan quyilgan musiqa mavji havoni to‘ldirdi. Yuksak mahoratli sozandalar ijro etgan dilnavoz kuy birdan barchaning ko‘ngliga safo keltirdi. Majlis ahlining ko‘pchiligi lazzatparastlikdan insoniy ma’naviyati buzilganlar esa-da, sehrkor «Rohat» kuyidan ajoyib nozik hayajonlar to‘lqinida sirli bir ro‘yoga botdilar. «Rohat» xotimaga yetganda shoir G‘aribiy yeng uchi bilan ko‘zlaridagi namni artib, boshini tebratar edi. Mulla To‘ychining mislsiz yoqimli ovozi qudratli bir shalola kabi quyilib ketdi. Majlis ahli maroq bilan, ixlos bilan tinglar edi. Toshlarni yorib, quyoshga intilgan bir nihol kabi dillar yuksalar, hatto kibrdan qalblari qotib ketgan Toshpo‘lat bazzoz, Saidahmadboylarning og‘zidan ham «Ofarin!», «Salomat bo‘lsinlar!», «O‘lmang!» degan xitoblar o‘qtin-o‘qtin yangrar edi. To‘ychi hofiz Navoiy, Fuzuliy, Mashrablarning qalblari yolqini abadiy saqlangan baytlarni buyuk mahorat bilan kuylar edi. Bu kuylardan, musiqa sehridan ko‘ngillar ziyoga, shavqqa to‘lib ravshanlashdi, mayin hislarda balqidi. — Assalomu alaykum! Astag‘firullo!.. Tangrim o‘zi saqlasin!..— dedi dabdabador ohangda qo‘qqisdan mehmonxonada paydo bo‘lgan Saidakbar Buzruk eshon — Saidahmadxonboyning katta qaynatasi. Uning ortidan bir necha ulamo kirib keldi. Ustlarida qat-qat yarqiroq to‘nlar, boshlariga savatday oq sallalar qo‘ndirilgan, soqollari serkillagan, salobatli, baland mavqeli kazo-kazolar... — Marhamat, hazratim, marhamat! Inoyat va iltifotlariga hasanot!— dedi odatdagi yasama tabassumi, ayyorligi bilan Saidahmadxon qo‘llarini tavozeda qovushtirib. Kayfiyatlari keskin buzilgan mehmonlar barchasi oyoqqa qalqqan edi, hurmat bilan bir-bir ko‘rishilgach, ulamolarga to‘rdan o‘rin berildi, uzundan-uzun duodan so‘ng: «Omin!» deyildi va qayta-qayta hol-ahvol so‘rashga kirishildi. Saidakbar eshon baland bo‘yli, keng yag‘rinli, yirik gavdali, oltmish yoshlardagi kishi. Katta yuzi go‘shtdor, qip-qizil burni baayni xo‘rozning tojisi, qavat-qavat kamzul va to‘nlar ustidan tag‘in keng, kumush tovlangan banoras to‘n kiygan, boshiga katga oq salla o‘ragan, oyoqlarida sag‘ri kavush. Ota-bobolari eshon o‘tgan, yoshligidan toat-ibodat, zikr bilan suyagi qotgan. Buxoro madrasasida tahsil ko‘rgan, eshonlar orasida mashhuri, obro‘lisi, buzrugi. — Bu yanglig‘ bazmlarda azozil ham sherik bo‘lur emish.— Buzruk eshon Saidahmadboyga mag‘rur tusda qarab oldi.— Sizlardan olloning qahrini qaytarmoq niyatida ostonangizga qadam ranjida qildik...— dedi eshon tanbehlovchi ohangda. — Xotirlariga malol kelmagay, hazrat. Tangrim o‘zi karam qilsin, bandalariga marhamati benihoyadir,— dedi ulamolardan biri. — Qadamlariga hasanot, ko‘p xursand bo‘ldik, marhabo!— Zarracha sarosimalik sezmagan Saidahmadxon ulamolarni dasturxonga taklif etdi.— Taomlar intizor... Eshonxon o‘ziga xos chaqqonlik bilan issiq somsa va bir necha laganda bug‘i burqiragan palov bilan ulamolar oldini birpasda to‘latib tashladi. Ulamolar «Bismillo!», «Alhamdulillo!» deya uzun yenglarini shimarib, ovqatga berildilar. Qazi-qartali palovni xo‘p oshagandan keyin ulamolar somsaga, yumshoq non bilan murabboga, asalga o‘tishdi. — Qori afandi, darvoqe, qulog‘imga chalindi, bir risola yozganmishsiz,— dedi Buzruk eshon so‘zlariga vazminlik berib.— Nima gap o‘zi?—O‘siq qoshlarini ko‘tarib, surma tortilgan yirik ko‘zlarini qoriga tikdi. — Taqsir, yoshlarga oid qadimdan qolgan, xalq yaratgan ibratomuz, axloqiy hikoyalar, masallardan iborat bir risola tartib etmish erdim,— javob berdi Anvar qori o‘ziga xos sipolik bilan. — Ko‘p nojo‘ya qilmishlaringiz bor, qori,— dedi Buzruk eshon ranjigan tusda.— Risola tartib qilmoq bag‘oyat yaxshi gap, ammo payg‘ambarlar, avliyo-anbiyolar haqida diniy rivoyatlar bitilgan risolalarni chop ettirsangiz, ko‘p savobli ish qilgan bo‘lur edingiz. — Hazrati buzrukvor,— shoshmasdan gapirdi qori,— forsiy, arab kitoblarda ibratomuz, yoshlarga foyda keltiruvchi hikoyalar ko‘p bo‘ladi, biz ham islom mash’alini baland tutgan arablarga taqlid qildik. Faqiringizning risolasida diniy rivoyatlar ham bisyor. — Balli, qori, suhbatda baliqday suzasiz! Ammo hargez oxiratni unutmag‘aysiz: marg ushtur ast, ki bur sori har xonadon meoyad! (Forscha-tojikcha: ajal go‘yo bir tuyaki, har xonadon oldida cho‘kadi ) —dedi eshon kinoyali ohangda va choyni bir-ikki ho‘plab, ustma-ust yo‘taldi. Eshonxon laganda ustiga murchli piyoz sochilgan kabobni ko‘tarib kirdi. — Bay-bay-bay... Cho‘g‘day kabob ekan! Qoravoyingiz xo‘p pazanda,— dedi Buzruk eshon yog‘i tomib turgan kabobni sixdan sug‘urib. Ulamolar piyoz aralash kabobni chaynashga tutindilar. Uy sohibi ta’zim va takalluf bilan: — Olsinlar! Taomni muntazir qilmag‘aylar!— deb yeyishga qistar edi. — O, taomlarning a’losi kabob emish! Ajab totliq pishibdi,— dedi eshon ikkinchi sixni bo‘shatib.— Hovlida ko‘zim tushgan edi, qo‘ra ustiga mukka tushib pishirmoqda edi, ko‘p yaxshi izvoshchingiz bor-da! — Nafsilamr, mundog‘ lazzatli kabobni yemaslik gunohdir,— dedi laganga qo‘l uzatib ulamolarning biri va dimog‘iga murch urganidan ustma-ust aksirib oldi. Ulfatlar bamaylixotir ikki-uch kishi bo‘lib, past ovozda suhbat qilar edilar. II Saidakbar eshon «Yo ollo!» deb bazo‘r o‘rnidan turdi. Saidahmadxon va bir-ikki yoshlar o‘rinlaridan turib: «Xush kelibdilar!» deya tavoze qildilar. Eshonxon to‘g‘rilagan pishiq kavushlarini kiyib, mag‘rur yurib, tashqariga chiqqan Buzruk eshon olma, shaftoli daraxtlari orasidagi g‘ishtin yo‘l bilan ichkariga qarab yurdi. Hovlida o‘ynab yurgan bir to‘da katta-kichik bolalar «Assalomu alaykum!» deya, nazokat bilan qo‘l qovushtirib, eshon oldiga duv yig‘ildilar. — Borakallo, katta bo‘linglar! Ollo-taolo insof bergay barchangizga!— dedi Buzruk eshon bolalardan birining yelkasidan qoqib, birining boshini silab va g‘isht zinali baland ayvonga chiqdi. Xona eshigi ochilib, boyning katta xotini Arabxonbegim sevinganidan yuzi yorug‘lanib, yugurib chiqdi: — Assalom, xush kelibdilar, marhabo!— dedi otasiga bukilib salom berib. — Oppoq oyim, popuk oyim!— dedi eshon qizining yelkasini quchib. Arabxonbegim shohi-atlas ko‘rpachalardan ikkitasini tancha to‘riga qavatlab soldi va katta par yostiqni eshonning orqasiga qo‘yib, qarshisiga o‘tirdi. — Omin!— dedi eshon allaqanday bir duoni o‘qib, soqolini siypadi. — Xush kelibdilar, oyijonim tetikkina yuribdilarmi, salomatmilar?—uzundan-uzoq so‘rasha boshladi Arabxon. U oriqqina, o‘rta bo‘yli, qoshlari payvasta, bodom qovoq, ozgina sepkili bo‘lsa-da, istarasi issiq, o‘rta yoshli xotin edi. Uzun sochlariga chirmashgan sochpopuklar orqasini to‘latgan, qo‘llarida qo‘sh-qo‘sh uzuk va bilaguzuklar. — O‘zing yaxshimisan? Qalaysan, oppoq qizim?— so‘radi eshon joylashib o‘tirgach. — Xudoga shukur, yuribman. Yumushim ko‘p, bolalar sho‘x, har kuni mehmon, kuyovingiz mehmonsiz turolmaydi,— dedi Arabxonbegim ro‘molini tuzatib. — Shukur qiling, qizim, olloning marhamati yog‘ilgan uyga mehmon yog‘iladi. Noshukur bo‘lmang!—dedi eshon qiziga nasihat berib. — Tangrimga ming qatla shukur!—dedi Arabxonbegim tabassum bilan. Ota bilan qiz bir oz undan-mundan ganlashib o‘tirdilar. — Assalomu alaykum!— dedi shoshilib xonaga kirgan Jo‘raxon — Arabxonbegimning ikkinchi o‘g‘li, olifta kiyingan, oppoqqina, ko‘zlari o‘tli, o‘n olti yoshlardagi ko‘rkam yigitcha. — Qani o‘tir, tentak! Eshitdim, may icharmishsan, ahmoq!— dedi eshon nabirasiga tikilib. Jo‘raxon indamadi, qizargan holda ko‘zlarini yerga tikdi. — Jo‘raxon yuvosh bola, bobosi!—Arabxon o‘g‘lining yonini oldi:—Jinday erkaligi bor, bir kecha sag‘algina shirakayf kelibdi... Ulfatlari ko‘p-da... Otasining ishi yo‘q. Qovog‘ini osiltirib o‘tirgan Buzruk eshon nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, og‘zini ochishga ulgurmadi. Eshikdan boyning kichik xotini Zebixon lop etib kirib keldi. — Assalom!— dedi u ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan holda bukilib. — Borakallo! Salomatmisiz, qani o‘tiring!— dedi eshon Zebixonga. Zebixon pastroq bo‘yli, oppoq, ko‘zlari ayyorona o‘ynoqlagan, semizgina, yigirma besh yoshlardagi juvon edi. Kundoshiga zimdan qarab qo‘ydi, o‘tirishga botinmadi. — Ishim ko‘p, ulug‘ hazrat, uzr...— Uyalib yerga boqdi va orqasi bilan sekin yurib chiqib ketdi. Bir zumda Arabxonning ko‘zlari g‘azabga to‘ldi, yig‘lamsirab otasiga qaradi. — Kuyganimdan ado bo‘ldim,— dedi dardli tovush bilan.— Xudoning bergan kuni boyning qulog‘ini g‘iybatga to‘ldiradi, boy bo‘lsa menga firoq qiladi, g‘azab qiladi. Ikki kundosh tez-tez qirilib olamiz... Kundoshlik boshim, zaharli oshim...— Arabxonbegim liq yoshga to‘lgan ko‘zlarini yerga tikdi. Qovog‘ini solib, jim o‘tirgan Jo‘raxon sekin o‘rnidan turib chiqib ketdi. — Olloning amriga itoat qil, beka qizim, peshanangga yozilganini ko‘rasan.— Buzruk eshon nasihat qildi...— Zebixonga qattiq gapirma, dilini og‘ritmay sabr qil, u dunyoda kundoshlarning makoni jannatda... Arabxonbegim ma’yusgina jilmaydi. — Otajonim kechirsinlar, ko‘nglimning dardi toshib ketgan edi, jinday bo‘shatdim.— Ovozini pasaytirib shivirladi:— Zebi shu dargohga o‘n yetti yoishda tushdi, mana sakkiz yil bo‘lib qoldiki, farzand ko‘rmadi, alam qiladi shekilli. Eshon indamadi, bir zum xayolda jim o‘tirdi, keyin qiziga boqib dedi: — O‘zing bosh bo‘lib, nafasi shifokor domlaga o‘qit, shoyad parvardigorim qudrat qalami bilan peshanasiga farzand bitsa! — Voy o‘laqolay, buzrukvor hazratim, judayam ajoyib gapirasiz. Kundoshim tug‘maydi, deb ham kuyaymi! Be-e-e, tirnoqqa zor bo‘lib o‘tmaydimi dunyodan! — Hay-hay, tavba degin, qizim!—ko‘zlarini olaytirdi otasi.— Olloning qahri keladi, aslo g‘ayirlik qilmay, ko‘nglingni keng tut! Arabxon otasiga javob bermadi, xomush o‘tirib qoldi. Birdan eshikning ikki tavaqasi ochilib ketdi, oqsoch harsillagancha samovar ko‘tarib kirdi. — Assalom alaykum, taqsir, xush kelibsiz!— dedi samovarni yerga qo‘ygach, boshi yerga yetguncha egilib oqsoch. Eshon boshini qimirlatib, alik oldi. Arabxonbegim oqsochga: «Boravering, ishingizdan qolmang», deganday imo qildi-da, surilib samovarga yaqin o‘tirdi. Oqsoch issiq non, patir, meva-cheva uyulgan katta patnis, piyola, yangi sochiq olib kirdi, keyin oyoq uchida yurib chiqib ketdi. — Qornim juda to‘q, me’dam andak koyib turibdi, oppoq qizim,— dedi eshon Arabxon uzatgan piyolani olib. — Novvot bilan issiq-issiq iching,— dedi Arabxon va kulchadan, patirdan ushatib qo‘ydi. Ota-bola choy ho‘plashib, so‘zlashib o‘tirdilar. Arabxon katta o‘g‘li Otabekdan shikoyat qildi:—Ulfatlari ko‘p, qoq yarim tunda mast keladi, kelin ham arazlab otasinikiga ketganiga uch kun bo‘ldi... — Chakki bo‘libdi,— dedi eshon soqolini qashib.— O‘rtaga sovuqlik tushmasdan aldab-suldab olib kelinglar. — Ertalab Otabek tushmagur: «Araz qiladigan xotinning keragi yo‘q, bugun kelmasa uch taloq qildim», deb chiqib ketdi. — Tentak bola! Boyga aytaman, nasihat qilsin, yo‘lga solsin, erkalatishning hojati yo‘q, yomon yo‘lga tushib ketadi,— dedi tanbehlab eshon. — Qaynatasi bu yil Qarqaraga ketayotib, yur, desa, bormadi. Qo‘y haydab kelamiz, o‘ynab, dunyoni ko‘rib kelasan, deb chunon yalindi, bo‘lmadi. Otabek qaynatasini yomon ko‘radi. O‘lguday ziqna, xasis boy o‘ziyam!— kuldi Arabxon. — Madrasada ta’lim olsin, desam, boy ko‘nmady, tuzem maktabga beraman, deb kofirlarga qo‘shib qo‘ydi. Musulmon odam bunday noma’qulchilik qilmog‘i yaramaydi,— dedi ranjigan tusda eshon. — Rost aytasiz, hazrat. Otabek madrasa ko‘rmadi, yangichaniyam yolchitib o‘qimadi, tashlab ketdi. Mana endi, aro yo‘lda qoldi. Otasidan oladi saboqni: hali uloqqa, hali bazmga yuguradi. — Tangrim o‘zi insof bersin,— dedi yo‘talib eshon va fotiha o‘qigach, harsillab bazo‘r o‘rnidan turdi. Eshon Arabxonbegim, Zebixon va bolalar bilan xayrlashgach, bir-bir bosib tashqariga chiqdi. Mehmonxonada suhbat quyuq va qizg‘in edi. Anvar qori barmoqlarini o‘ynatib, silliq, chiroyli so‘zlardi. Saidakbar eshon kirishi bilan hamma o‘rnidan qo‘zg‘alib, hazratga joy berdi. Qori g‘arib va yo‘qsillarga boyonlarning shafqat ko‘rsatmog‘i, xalq g‘amini birga ko‘tarmog‘i haqida allaqanday ifodalar, ibratli gaplar bilan so‘zlardi. Buzruk eshon quloq solib, bir oz sukutda o‘tirgach, bir-ikki yo‘talib oldi, mag‘rur tusda boshini ko‘tarib gap boshladi. U o‘ziga xos usul bilan avliyolarning g‘urbati, sahobalarning faqirligi haqida turli oyatlar, rivoyatlar keltirdi. So‘filarning hayotidan, ularning ishqi — haqiqat ishqi, ular haqiqatni izlaydilar, olloning oshig‘idirlar, haqiqiy inson oxiratni o‘ylamog‘i darkordir, deb shoshmasdan hikoya qildi. Suhbat ortiq qizimadi, undan-bundan gaplashib, choy ichishdn. Uzundan-uzoq duodan so‘ng mehmonlar qo‘zg‘alishdi. Botqoq ko‘chaga qorong‘ilik og‘ir cho‘kkan, izg‘irin shamol yuzlarning issig‘ini shilardi. Saidahmadxon va qo‘lida fonar tutgan Eshonxon mehmonlarni jo‘natib, mehmonxonaga kirishdi. Qoravoy bilan Eshonxon dasturxonlar yig‘ar ekanlar, boy ichida: «Gorodga qarta o‘ynagani jo‘nasammikan yoki yaqinroq pinhon joyda boyvachchalar bilan birga bo‘lsammikan,— deb o‘ylar edi.— Yo‘q,— dedi u o‘z-o‘ziga,— charchadim, uyga kiray». U mehmonxonadan chiqib, ichkari tomon horg‘in yurdi. Mayda qor sepalar edi. Beshinchi Bob I Saidahmadboyning zavodi ishchilaridan Jumaboy va Shermat bozorda, charxchilar oldida o‘tirar edilar. — Alalxusus, uka, turmush shundog‘am mo‘shkullashdiki, do‘zaxning o‘zi bu dunyoga ko‘chibdi, desam, aslo mubolag‘a bo‘lmas,— dedi Shermat, yangi charxlangan pichoqni qiniga solib. — O‘ho‘, og‘ayni, odam degan maxluq har qanday og‘irlikni ko‘taraverarkan,— dedi ko‘zlari shilpiqlangan, sovuqdan qizargan qirg‘iy burniga siniq ko‘zoynak qo‘ndirgan qurishiq jussali qari charxchi. Uning egnida olacha to‘n, ustidan belbog‘, rangi va mo‘ynasidan asar qolmagan eski telpakni bostirib kiygan, oyoqlarida paytavasi oqqan yirtiq mahsi. Cholning qarshisida o‘tirgan sherigi — yirik gavdali, peshanasi do‘ng, muloyim yigit. U kir, yamoq guppi choponga o‘ralgan, yalang oyoqlarida yirtiq kalish, boshida yag‘ir do‘ppi. Yigit gung-soqovligidan indamasdi, bir otim nosni til tagiga tashlab, charx tortadi, charxning butun og‘irligi uning gardanida. Chol esa qayroq ustida pichoqni qayrab o‘tiradi. Charxdan tinmay uchqun otiladi, g‘uv-g‘uvdan quloqlar bitadi. — Mehnat ahli hamisha zabunlikda. Savdogarlar-chi? Barchasi zangin, bizning bel va bilak kuchimizdan semirgan haromtomoqlar!— dedi qahr bilan Jumaboy. — Nafsilamr aytdingiz, pul quturtiradi-da, davr ularniki,— dedi charxchi charx ustiga rostlab. — Haq yerini topar, degan dono so‘zni siz yaxshi bilasiz, qariya,— dedi Jumaboy cholga murojaat qilib.— Xotirjam bo‘ling, zolimni ko‘tarmaydigan zamona keladi, shunda haqiqat quyoshi yarqirab ketadi! — Shoyad ollo taolo bandalarini yarlaqasa, ro‘zg‘or tangligi ezib yubordi, uka!..—dedi charxchi boshini g‘amgin tebratib.— Qani endi bizdaqa g‘ariblarga ham kun tug‘sa! — Tug‘adi, albatta tug‘adi yaxshi kun, zolimning joyi jahannam!—javob berdi Jumaboy ishonch bilan. — Aytganing kelsin, omon bo‘l, inim, umid shami bilan ko‘nglimni ravshan qilding,— dedi chol yengil tortib.— Egri ozadi, to‘g‘ri o‘zadi, degan so‘z bor. Dilimiz to‘g‘rimi, iqbolimiz baland bo‘lgay!—dedi qo‘lini ko‘ksiga urib charxchi. Uzoq sukutdan keyin ichdan bir uh tortib davom etdi:—Qachon palov yeganimni bilmayman, qora sho‘rva, arpa non, xolos... Bizning endi to‘rimizdan go‘rimiz yaqin... Hademay makonimizga ravona bo‘lamiz... E-e, bevafo dunyo!.. Chiroqlarim, sizlar yorug‘lik ko‘ringlar... — Yo‘q, otajon!— dedi Shermat.— Tenglikni, hurriyatni, haqiqat oftobining balqib chiqqanini siz ham ko‘rasiz! — Inshoollo!.. Sadag‘ang ketay, inim, umid qilamiz, noumid — shayton...— siyrak soqolini silab qo‘ydi chol. — Ota, bizlar ko‘p nodon ekanmiz,— dedi Shermat yonidagi ikki qadoq mosh solingan xaltachani qo‘liga olib,— bir qoshiq umochmi, moshxo‘rdami halqumimizdan o‘tsa bas, xudoga ming qatla shukur, bugungi kun ham o‘tdi, deymiz, xursand bo‘lamiz. E-a, padariga la’nat bunday turmushning! Xo‘sh, biz xudoga nima qilibmiz?! Nima gunohimiz bor?!—bo‘g‘ilib yo‘taldi Shermat. — Hay-hay-hay, kalima keltir, inim, olloga ming marta tavba degin,— dedi charxchi chol ranjigan tusda. — Yo‘q, otaxon, do‘stimning so‘zi to‘g‘ri, biz nodonmiz,— dedi Jumaboy, ko‘kragini ko‘rsatib.— Ko‘zi so‘qirdan, ko‘kragi so‘qir yomon! Men rus ishchilarga razm solaman, o‘zaro ivir-shivir gaplariga quloq osaman, eshitganlarimni dilimga tugib, xo‘p mag‘zini chaqaman. Ular ko‘p narsani tushunadilar. Shu kecha-kunduz butun olamda bo‘lib turgan jamiki voqealarni biladilar; bizga o‘xshash ko‘kragi ko‘r emas. Tez-tez yig‘in qilib, maslahatlashadilar. Toshkentda turib, dunyoning bir chekkasidagi Maskov, Piter ishchilari bilan zimdan aloqa qiladilar; polisalardan ham, to‘ralardan ham, oq poshshodan ham qo‘rqmaydilar! — Tavba!— dedi charxchi yoqasini ushlab. Soqov yigit na bir tovush eshitar, na bir so‘z tushunar, uning ichki ruhiyati o‘zga bir olam, o‘z fikrlari, o‘ylariga chulg‘angan holda charx tortar edi. Goho yigit suhbatdoshlarning yuz ifodasi; ko‘zlari jilvasidan biror narsa tushungisi kelar, nochor ichdan uh tortib qo‘yar va tag‘in bitmas-tuganmas xayollarga botar edi. — Sen bu dunyoga, yolg‘iz gapga kelgan inson ekansan, do‘stim. Otang rahmatli g‘oyat mo‘min, kamgap odam edi. Bir osh, pishguncha og‘zidan bir kalom chiqmasdi. Ko‘cha-ko‘yda, samovarda biror janjalmi, g‘avg‘omi chiqquday bo‘lsa, sekin ship etib qochib qolardi. Sen bo‘lsang gap olamida baliqday suzasan, olamni boshingga ko‘tarib baqirasan, balli senga-e! Men ketdim.— Xaltachani ko‘tarib Shermat o‘rnidan turdi. — Olov yigit-da, olov!..— dedi kulib charxchi. Jumaboy ham qo‘zg‘aldi. Charxchilar bilan xayrlashgach, ikki do‘st yo‘lga tushdilar. Bular goh gaplashib, goh sukutda borar edilar, charxchilar Pichoqchilar qatoridan, bozorning chuvvos shovqin-to‘polonidan chiqib, Chorsudan o‘tgach, Ko‘kcha tarafga qayrilgan hamon, chap ko‘chaga kirdylar. — Oqshom samovarga chiq, jinday gaplashamiz,:— dedi Jumaboy kichkina eshik oldida to‘xtab. Shermat «xo‘p» deganday boshini qimirlatdi va horg‘in yurib kotdi. Uning uyi bir ko‘cha yuqorida edi, bir oz yurib o‘ng qo‘lga burilarkan, it urishtirib, to‘polon ko‘targan yigitchalarga duch keldi. — E-e, qo‘yvoringlar, jabr-ku boyaqishlarga,— dedi Shermat ranjib. Lekin bolalarning birontasi Shermatning gapiga parvo qilmadi, og‘zi-burni qon itlarni bir-biri ustiga tashlab, olkishlardilar. Shermat yuzini ters o‘girib o‘tib ketdi. II Shermat eshigi oldida dukchi cholga duch keldi. Otash-dukchi ikki qo‘li orqasida yerga qarab xomush turardi. — Assalomu alaykum!— Xaltasini qo‘ltig‘iga qisib, qo‘llarini cholga uzatdi Shermat.— Qani, amaki, hovliga marhamat!— dedi u dukchi bilan ko‘rishgach, eshikni keng ochib. — Kelgan edim, yo‘q ekansan, inim, hozir kelib qoladilar, degan edi kelin. Shermatning ovozini eshitib, uydan to‘rt yoshdan sakkiz yoshgacha ikki o‘g‘ilcha va qizchasi yugurib qarshi olishdi. Ustlarida bo‘z guppi, eski kalish, choriqlarni oyoqlariga ilgan go‘daklar, mehmonni ko‘rgach, uchovlari ham bir og‘izdan: «Assalomu alaykum!» deb salom berar ekanlar, «Vaalaykum assalom, chiroqlarim», dedi dukchi; birining boshini siladi, birining yelkasiga qoqdi. Eng kichigi, jajji qizcha otasining qo‘llarida sevinib bo‘ynini quchgan edi. Shermat amakisi Otash-dukchini tanchaga taklif qildi. Bir kosadan ugra osh ichdilar, keyin choyga o‘tgandan so‘ng chol maqsadni ochdi. — Uka Shermat, bir maslahat uchun kelgan edim,— dedi chol soqolini silab. — Xizmat, amaki?— so‘radi Shermat, qo‘lidagi piyolani tancha ustidagi eski barkashga qo‘yib. Otash chol gapni uzoqdan boshladi. O‘g‘li yo‘qligi, bor-yo‘g‘i yolg‘iz bir qizi ekanligi, holi tangligi, chol-kampir keksayib, bu dunyo bilan vidolashuv chog‘lari yaqinlashgani — hammasini shoshmasdan so‘zladi. U gapni qarilarga xos ezmalik bilan aylantira-aylantira, nihoyat, Saidahmadboyning Eshonxonni sovchi qilib yuborganiga olib keldi. — Gap shu, inim, boshim qotib qoldi. «Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar», degan qadimgilarning gapi bor. Aql yoshda emas, boshda. Sen yosh bo‘lsang ham, aqli komilsan, akamdan qolgan yolg‘iz yodgorsan, deb keldim.— Dukchi javob kutganday Shermatga qaradi. Shermat boshini quyi solib jim utirardi. U o‘z fikrini — xo‘jayini Saidahmadboyga ko‘nglidagi nafratini, boylarning rasvo fe’lini bu sodda cholga lo‘nda qilib qanday anglatishni o‘ylardi. Otash cholning ham boshi qotgan edi. O‘rtadagi uzoq sukutni Shermat buzdi. — Ko‘zingizning oqu qorasi, yolg‘iz qizingizni Saidahmadboyday bir to‘ng‘izga, tag‘in ikki kundosh changaliga qanday berasiz?! Yo‘q, amaki, men bunga aslo rozi emasman!— dedi Shermat qat’iyat bilan.— Boy kuyovni axtarmang, qo‘lida hunari bor, qizingizga munosib bir insofli, aqlli yigit topilib qolar. Hunari bor xor bo‘lmaydi, amaki, buni o‘zingiz yaxshi bilasiz. Saidahmadboylarning miridan-sirigacha bizga ayon. Buzuq, ishqi yo‘q eshak-da bari!.. Dukchi churq etmadi. Suyuqqina damlangan famil choydan bir piyola ichgach, chol o‘rnidan turdi. — O‘ylashib ko‘ramiz, uka, bu og‘ir savdo,— dedi oyoqlariga zilday og‘ir choriqlarini kiyib. — Salomat bo‘ling, oppoq oyimga, Zumradxon singlimga salom ayting!— dedi Shermat cholni kuzatib ko‘chaga chiqqach, bu ishdan noroziligini amakisiga tag‘in qayta-qayta uqtirishga tirishdi. Chol qorong‘i tushgan loy ko‘chada qoqila-surina asta yurib ketdi... Oltinchi Bob I Sovuqning zahri kesilgan, fevralning oxirlari... Saidakbar Buzruk eshon katta xonaqohga yondosh tor hujrada yolg‘iz o‘tirar edi. Keng hovli shoxlari g‘uj to‘p qayrag‘ochlar, beso‘naqay tarvaqaylagan tutlar, tik o‘sgan dil teraklar bilan to‘la. Chor atrofida kichik-kichik hujralar katorlashgan bu hovlini o‘rtadan qoq yorib, katta bir ariq to‘la suv oqib turardi. Eshon yakka dsrazasi zich yopilgan qorong‘i hujrada tasbeh o‘girar, ibodatga berilgan edi. — Hazratim, ijozat bersalar,— so‘radi eshik ochilib, ostonada to‘xtagan jikkak gavdali, soqoli bir tutam chol eshonning eski muridi, xizmatkori Xudoyqul maxsum qo‘l qovushtirib.— Hazratimni ziyorat qilgali qishloqdan odamlar kelgan. — Kirishsin!— dedi eshon bir lahza sukutdan so‘ng va derazaga imo qildi. Maxsum choriqlarini shoshmasdan yechgach, ohista borib derazani ochdi. Kichkina derazadan kirgan quyoshning bir tutam so‘niq shu’lasi hujrani sal yoritdi. Maxsum yengil yurib chiqib ketdi. Eshon o‘siq qoshlarini va quyuq soqolini siladi, boshini quyi solib, tasbeh o‘girishda davom etdi. Eshik ochilib, yetti-sakkiz yosh-qari dehqonlar hujraga kirdilar; yelkalaridagi xurjunlarni ostonaga tashlab, qo‘llari ko‘ksida, qayta-qayta bukildilar, ixlos va chuqur tavoze bilan salom bergach, eshonning qo‘llarini o‘pib, to‘nlarnning etaklarini ko‘zlariga surtdilar. — Bo‘ldi, bo‘ldi, o‘tiringlar!—dedi sekin eshon. Dehqonlar xurjunlaridan nimta-nimta go‘sht, dumba yog‘larni, turli kiyimliklarni chiqarib, eshonning oldiga qo‘ydilar, ko‘zlarida yosh, tag‘in ta’zimda bukildilar. Maxsum derazadan tashqarida turgan ikki-uch qo‘y-echkiga imo qilib: — Hazratim, duo qilsinlar!— dedi. Eshon qo‘llarini baland ko‘tarib duoga ochdi. Dehqonlar ham qo‘llarini ko‘tarib, cho‘kka tushdilar. Eshon ko‘zlarini yumib uzoq duo o‘qidi: «Omin!» deya yuzini siypadi. Tovushsiz yig‘lagan dehqonlar, eshonga ergashib, qadoqli qo‘llari bilan yuzlarini siypadilar. Eshon, besh vaqt namozni kanda qilmaslik, olloga, avliyo-anbiyolarga sig‘inish, ollo yo‘liga xayr-sadaqani unutmaslik, oxiratni hamisha yodda tutish haqida vazminlik bilan uzoq so‘zladi. Keyin hazrat mehnat mavzuiga ko‘chdi: — Mehnat qilinglar, o‘g‘illarim, kor or nest, ya’ni mehnat or emas, mehnatkashlar, kosiblar olloning suygan bandalaridur alkosibu habibullo!— dedi eshon so‘nggi so‘zlarni qiroat bilan.— Xorlik, muhtojlikdan aslo or qilmagaysiz, qanoatni dillarga jo qilgaysiz, zero, oxiratda iqbolingiz misli chiroqdir!.. Dehqonlar ho‘ng-ho‘ng yig‘lab, ixlos bilan eshitar edilar. — Dam olinglar, o‘g‘illarim!— dedi eshon mayin tovush bilan. Dehqonlar tag‘in bukila-bukila ta’zim bilan chiqib ketdilar. — Bir choynak achchiq choy keltiring, maxsum!—dedi eshon, eshik oldida buyruqqa muntazir to‘xtagan maxsumga. — Xo‘p, pirim!—dedi murid va tovushini tag‘in ham pasaytirib so‘radi,— go‘sht-yog‘larni ichkariga olib kiraymi? — Balli!— boshini qimirlatib tasdiqladi eshon. Maxsum bir choynak choy bilan piyola olib keldi, bir-ikki qaytarib quydi, piyolani eshonga uzatgach, go‘sht-yog‘larni ichkariga tashiy boshladi. Hazrat ertalab katta bir tovoq quyuq qaymoqqa issiq nonni bostirib to‘g‘rar va to‘yib yeb olar edi. Har kun yaqin-uzoqdan eshonga tovoq-tovoq qaymoq kelardi. Darvoza oldida, hovlida o‘tirgan muridlar: «Balli, balli, borakallo, hazrat ibodatdalar», deb duo qilib, qaymog‘u, sariag‘larni olib qolardilar. Bir qismini ichkariga jo‘natsalar, bir qismini o‘zlari urardilar. Saidakbar eshonning ota-bobolari ham ko‘p taqvodor zshon o‘tgan. Atrof qishloqlarga dong‘i ketgan bu katta dargohdan har vaqt muridlar, ulamolar arimas, hamisha toat-ibodat, zikr uzilmas edi. Eshon choyni huzur bilan ichib, choynakni bo‘shatgach, o‘rnidan turdi, asta yurib hovliga chiqdi. Eshonni ko‘rgan hamon katta hovlining burchak-burchagida, hujralar oldida o‘tirgan muridlar o‘rinlaridan turib, qo‘l qovushtirdilar. Eshon bir-bir bosib, ikki tavaqali o‘ymakor eshikdan tashqari hovliga o‘tdi. Hovlida o‘ynab yurgan bir to‘p o‘g‘il-qiz bolalar — eshonning nevaralari «Assalomu alaykum!» deb ta’zimda qotishdi. Eshon kulimsirab, birining peshanasidan o‘pdi, birining yuzini siladi. «Borakallo, katta bo‘linglar!» dedi. Tashqari ham keng, katta daraxtlarga to‘la bog‘. Yong‘oq, shotut, gilos — hammasidan bor. Hovlining ikki tomoni bo‘got imorat; katta chorxari, shifti rangdor toqili, devorlari ganchli mehmonxonalar. Eshiklari va derazalarining eshiklari o‘ymakor, pishiq, sahniga chorsi, qadimiy g‘ishtlar terilgan dahlizlar, hujralar... Saidakbar eshon u vaqtlar yosh bola edi. Bu imoratlar uning eshon bobosi zamonida qurilgan. Muridlar, atrofdagi ustalar, dehqonlar o‘sha eshondan duo olib, qo‘y-echkilarni bo‘g‘izlab, poydevorni boshlab yuborgan edilar. Ichki, tashqari hovli va unga yondosh xonaqoh, hujralar terilgan uchinchi hovlida butun yoz ish qaynagan. Bular hammasi o‘sha vaqtda besh-olti yoshda bo‘lgan Saidakbarning esida. Ba’zan u yolg‘iz ibodatda o‘tirarkan; bobosini xotirlardi. Yirik gavdali bobosining zikrda, davrada yurgani, muridlar, xaloyiq hayajon bilan, yig‘i bilan zikr tushgani, Mashrabning g‘azallari o‘qilganda bobosining etagini ushlab tinglagani, ba’zan o‘zi ham birgalashib o‘qigani... Hammasi bir-bir ko‘z oldida gavdalanar edi. ...Eshon ohista yurib, dahlizga kirdi. Keng, ravonli dahlizda o‘tirgan mehmonlar duv qalqib, qo‘l qovushtirdilar. Buzruk mehmonxona bo‘sag‘asi oldida amirkon kavu-shini yechib, ichkari kirdi. Mehmonxonada qadlarini egib, ta’zimda turgan mehmonlar orasidan farg‘onalik ikki mehmon uning oldiga ildam qadamlar bilan keldi, qo‘llarini o‘pib, orqaga chekindi. — O‘tiringlar, marhamat!— dedi eshon mehmonlarga va ular bo‘shatgan joyga o‘tirmasdan, poygakroqqa, deraza tagiga cho‘kdi. Mehmonlar ham eshonga hurmat, ehtirom izhor etganday, sekin-sekin cho‘kkaladilar. Duodan so‘ng, kimdir ikki qo‘llab uzatgan piyolani olib, eshon choyni mayda xo‘plab ichdi. Mehmonlar deyarli barchasi ulamolar, boylar, boyvachchalar edi. Jadidlardan faqat bir-ikki kishi ko‘rinardi. — Qo‘qondanmisizlar? Qalay, u yerlarda, nima gap?— so‘radi eshon musofir mehmonlarning biridan. — Taqsir, bugun sahar Qo‘qondan keldik,— javob berdi kattagina, novchadan kelgan, cho‘tir kishi. U, Qo‘qon boylaridan bo‘lsa kerak, movut kamzul ustidan yangi sirma to‘n kiygan, boshida katta suvsar telpak. — Hazratim, ziyoratingizga muntazir edik, tangriga ming daf’a shukurlar bo‘lsinki, munavvar bo‘ldik,— dedi ikkinchi musofir — Abdulaziz maxsum. U, o‘rtahol, mullanamo kishi edi. Kichigi trinka kamzul ustidan olacha to‘n kiygan, boshida katta ko‘k salla. Hazrat biron sukutdan so‘ng birinchi mehmonga murojaat qildi: — O‘g‘lim, Qo‘qon ahvolidan so‘zlang, eshitaylik. Ha, darvoqe, Jamoliddin Muhammadkarim so‘fi salomatmilar? — Salomatlar, taqsirim, hammalari salomatlar. Hazratimga ko‘pdan-ko‘p duo va salom yo‘lladilar,— deb javob berdi mehmon nazokat bilan. — Ifrot musaffo inson, shariatning chin homiysi, eshonu azimdirlar. Toshkentga bir dafa kelgan edilar, ko‘p yaxshi suhbatda bo‘lgan edik. Qo‘qondan kelgan mehmonlar Jamoliddin Muhammadkarim so‘fini tariqatning peshvosi, avliyoi pir, deya ko‘p ta’rifini gapirdilar. Majlis ahli churq etmay jim o‘tirar edi. Ba’zi boyvachchalar zerikkanlaridan seqin uh tortib qo‘yardilar. — Islom ahli uchun shariatning piri — payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom yo‘riqlarini astoydil e’tiqod bilan, muhabbat va ishtiyoq bilan bajo keltirmoq olloning buyruqlaridan biridir,— dedi eshon og‘ir, mayin ovoz bilan va mehmonga yuzlandi:—So‘zlangiz, Mirsiddiqxon maxsum, Qo‘qonda ahli savdoda g‘anilar, zanginlar mo‘lmi? Eshituvimizga ko‘ra, boyonlar orasida paxtachi boylar ko‘p emish. Majlis ahli eshonning boyonlar xususida gap ochganidan xursand bo‘lib, bir oz jonlandi. — Taqsirim, Qo‘qonda zanginlar, ayniqsa, paxta savdosiga mashg‘ul bo‘lganlar, puldorlar ko‘p,— kuldi mehmon,— gapu gashtak, to‘y-tomosha serob. Pulni qay yo‘lga sarf qilishni bilmay, gangiganlar ham ko‘p topiladi. Biqqa semiz, yumaloq gavdali, kalta, qalin soqolli kishi quv ko‘zlarini suzib dedi: — Mehmon ko‘p to‘g‘ri aytdilar, Qo‘qonda boylar, ayniqsa, qishloqlarda zamindorlar ko‘p. Ularning xazinasiga paxtadan oltin bamisoli daryo bo‘lib oqyapti. — Oq poshsho hazratlari Turkiston o‘lkasida tinchlik va osoyishtalik o‘rnatgani tufayli, boyonlarimizning savdo-tijorat ishlari ko‘p yaxshi rivoj topdi,— dedi Abdulaziz maxsum.— Afsuski, zavodchi, fabrikant boylar ko‘p emas, boisi nima? Faqiringizning gumoniga qaraganda, savdo ahli orasida ahvoli zamonni ko‘p farosat qilg‘uvchi ziyrak, epchil odamlar yo‘qligidadir. Madrasada tahsil ko‘rganlar darhaqiqat shariatning mag‘zini chaqadilar, lekin savdo olamida baliqday suzadigan donishmandlar yo‘q, desam lof emas. Taqsir, siz funun-marifat chashmasining boshidasiz, biz kabi hokisor faqiringiz, ahvoli zamonga oid muborak, durdona fikrlaringizni eshitsak... Majlis ahli og‘ir sukutda eshonning javobini kutardi. Mirsiddiqxon: «Bu qanday noma’qulchilik?» deganday Abdulazizni turtib qo‘ydi. Abdulaziz pinagini buzmasdan Buzrukdan javob kutardi. Eshon chuqur mulohazaga ketganday, ko‘zlarini yumgan edi, haytovur qo‘yfurush Badriddinboyning o‘g‘li Qamariddinboyvachcha sukunatni buzishga jur’at etdi: — Haqiqiy din — bizning muqaddas islom dinimiz. Biz bandalar barchamiz olloning ixtiyoridamiz. Alalxusus hayot kundan-kun murakkablashmoqda. Hayhot, barcha hunarmandlar, boyonlar g‘irt omi. Pirim, bu mushkulotning chorasi nima? Eshon ko‘zlarini ochdi, uzun soqolini silagach, «Hm-m...» dedi va so‘zlarini chertib gapirdi. — Ahli islom, Muhammad alayhissalom ummatlari olloni haq bilurlar. E-e, jabbor, gunohga botgan ojiz bandadurmiz. O‘zing bilursan, mushkulotlarni oson qil!..— Eshon bir necha daqiqa tag‘in ko‘zlarini yumib, fikrlar ichra cho‘mdi, keyin vazmin davom etdi:—Idrok, zako ma’rifatli kishilarimiz dillarida hamisha ollo va payg‘ambarni tutib, amal qilsalar, barcha mushkulotlar oson bo‘lg‘usidir.— Eshon tovushiga sirli tus berdi. Har bir mo‘min-musulmon faqirmi, zanginmi sabrli, qanoatli bo‘lmog‘i darkor. U toat-ibodat, tasbeh haqida gapirdi. Majlis ahli ixlos bilan tinglar edi. Eshon Abdulazizga qarab iljaydi: — Shoh Mashrabning nazmlarini o‘qigandirsiz? So‘fiyona, ko‘p ibratli nazmlari bor: Mashrab sani deb keldi jahonga, Boshini qo‘ydi ostonalarga. Ey, mayfurushim, bir kosa may ber! Vahdat mayidan ichgoli keldim. — O‘qiganmiz, taqsir, o‘qiganmiz,— deyishdi bir necha kishi. — Borakallo! Shoh Mashrab ham olloning oshig‘i,— dedi eshon mamnuniyat bilan.— Olloning ishqi haqiqiy, pok ishq. — U endi so‘fiylarinng tariqati haqida gapira boshladi. Forsiy, so‘fiyona nazmlardan o‘qib, ma’nosini o‘zbekcha tushuntirdi. Mehmonlar ishtiyoq va e’tiqod bilan tingladilar. Ba’zilar ko‘zlariga yosh olib: «Voh, bu olam puch!..» der edilar. — Balli, bu yolg‘on dunyoning mohiyatini yaxshi tushuning, oxirat boqiydir,— dedi eshon va quyida jim o‘tirgan o‘g‘li Saidnabixonga buyurdi:—Mehmonlar zerikmasinlar, ziyofatni quyuq qilg‘aysiz, xush suhbatda bo‘lg‘aysiz. Saidnabixon dik etib turib, otasiga nazokat bilan qulluq qilarkan, butun majlis ahli oyoqqa qalqib ta’zimga egildi. Eshon o‘rnidan turdi, mag‘rur, bir-bir bosib, mehmonxonadan chiqqach, ichkari hovli tomon yurib ketdi. Eshonning katta o‘g‘li Saidnabixon mehmonlarni dasturxonga da’vat etdi. Xizmatda bo‘lgan yosh muridlar issiq varaqilar, ilikday pishirilgan et-moylarni tortib, kulcha va patirlarni ushatdilar. Mehmonlardan biri: — Bismillohir rahmonir rahim, pirimizning dasturxonlari tabarruk, bu ne’matlardan tanovul qilmoq savob,— dedi takalluf bilan, Ochiqib o‘tirgan mehmonlar taomlarni oshashga kirishdilar. — Hazratning birodari amakingiz — ulug‘ pir haqida ko‘p eshitganmiz, afsuski, tabarruk diydorlarini ko‘rishga muyassar bo‘lolmadik. So‘zlang, maxsum, eshitaylik,— dedi Abdulaziz Saidnabixonga murojaat etib. — Toshkan ahli ko‘p ixlos bilan sig‘inar edi ulug‘ hazratga,— dedi terifurush boy Mirsaid, qo‘lidagi ilikli suyakni g‘ajib. — Marhum ulug‘ hazratning ajoyib xislatlari benihoya edi,—dedi Saidnabixon.—Shariat bobida g‘oyat bilgich edilar. Doimo honaqohda muridlar va muxlislar bilan toat-ibodatda bo‘lur edilar. Marhum g‘oyat kam uyqu edilar. Bir kuni ulug‘ hazrat hujrada yolg‘iz ibodatda ekanlar, bir kishi huzurlariga keldi. Ulug‘ hazrat darhol oyoqqa qalqib: «Marhabo, xush kelibsiz», deya ta’zimda bukilibdilar. Muridlar sekin eshik ochib boqsalar, hujraga nur yog‘ilmish, u sirli avliyo g‘oyib bo‘lmish. Ulug‘ hazrat: «Afsus, afsus!» deb qaytib joylariga dilgir o‘tirmishlar. So‘filar: «Taqsir, bu ne karomat?» deb so‘rasalar, ulug‘ hazrat: «G‘oyibdan keldi, sir qolsin...» deb japob beribdilar. Bu kabi sirlarni, bola edim, so‘filar ia muridlardan ko‘p eshitardim.— Allaqanday o‘yga chulg‘anib sukut qildi Saidnabixon. — Ulug‘ hazrat uylanmasdan toq o‘tganlar, deb eshitamiz, haqiqatmi? Rafiqalari bo‘lmaganmi?—so‘radi mehmonlardan biri. — Yo‘q-yo‘q, uylanmaganlar! Haqiqiy pok inson edilar!—javob berdi Saidnabixon.—Bir kam yetmishda vafot etdilar, bu dunyodan tamom toq o‘tdilar. — Ulug‘ pirning aft-atvori nechuk edi? Bilsak bo‘ladimi?—so‘radi chimkentlik bir mehmon. Mahallaning ellikboshisi sochiq bilan og‘zini artib, qix-qix kuldi: — Novchadan kelgan qop-qora kishi edi. Indamas, yuvosh odam edi. Ko‘zlari kichkina, lekin hamisha o‘tday yonib turardi. Toq o‘tganligi rost, ammo haramlarida farishtalarday sohibjamollar ko‘p, bo‘lganmish. Birovlar unday deydi, birovlar bunday... Saidnabixon jahldan qizarib ketdi. — Moshoollo! Bu ne bo‘hton!—qichqirdi u bo‘g‘ilib.— Gunohdan qo‘rqing, ulug‘ hazrat bag‘oyat pok zot edilar! Mirsaidboy kulib dedi: — Shayxning toq o‘tganligi haqiqat. Huzurlarida ko‘p bo‘lganman, xizmatlarida turganman. Oqsochlari, yosh-yosh qora soch parilari ko‘p bo‘lardi. Kim biladi... Payg‘ambarimiz to‘rt marta uylangan... Suhbat o‘zga eshonlar, tarixda o‘tgan mashhur shayxlar ustiga ko‘chdi. — Bir vaqt zamonaning zayli bilan shahri Turkistonga borganman,—dedi kekirib yumaloq, semiz mehmon.— Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qilmoq niyati ila borgan edim. U kishi avliyo buzruk. Xalq orasida u kishi xususida ko‘p ibratli rivoyatlar bor. Yassaviy maqbarasini Temir Ko‘ragon bino qildirgan, ko‘p haybatli, muhtasham-maqbara. Gumbazi samoga yetadi. Hazrat oltmish uch yoshga yetganlarida: «Payg‘ambar yoshiga yetdim, endi yorug‘ dunyodan voz kechdim», deb chohga kirmishlar. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, u qorong‘i bir choh. Toat-ibodat bilan hazrat yetti yil yashagandan so‘ng, adamga ravona bo‘lmishlar. Turkistondan Makka-Madinaga yo‘l bor emish. Hazrat Sulton cho‘lu sahro, daryo-yu dengizlarni bir lahzada o‘tib, payg‘ambarimiz huzuriga borgan emishlar.—Yumaloq kishi qo‘lidagi piyolani bo‘shatib, dasturxonga qo‘ydi va shoshmasdan tag‘in so‘zida davom etdi:—Hojilar oylarcha yo‘l yurib Makka-Madinaga borganlarida, payg‘ambarimiz: «Avvalo Ahmad Yassavyyni ziyorat qilinglar, keyin bu tomonga kelinglar», dermishlar. Xalqning gapi bu. — Ahmad Yassaviy balki bizning pirimizga chatishgan qarindoshdir?—so‘radi majlis ahlidan biri. — Ehtimol, ota-bobolarimiz, ajdodlarimiz Ahmad Yassaviyga borib yetar,—javob berdi Saidnabixon. Suhbat qizib ketdi. Boyvachchalardan biri, paxtafurush, soddaroq kiyingan, ko‘p badavlat, lekin xasis, kamgap yigit: — Taqsir, bir savol bor, mumkinmi?—dedi Saidnabixonga. — Bajonu dil, marhamat!—tebrandi eshonning o‘g‘li. — Xalqning gapiga ko‘ra payg‘ambarimizning mo‘yi muboraklari va bir dona muborak tishlari bormish. Izoh bersalar, eshitsak. Mehmonlar qiziqib ketdi, hamma quloq soldi. Saidnabixon payg‘ambarning mo‘yi va tishi haqida batafsil javob berib dedi: — Sahobalar avlodida bir arab payg‘ambarimizning mo‘yi muboragini Toshkentga hadya qilib keltirgan. Shayxlar va so‘filar mo‘yi muborakni g‘oyat ehtiyot saqlaganlar. Hozir mo‘yi muborak ham, muborak tish ham shu xonaqohda.—Saidnabixon qo‘li bilan yon hovliga ishora qildi.— Gumbaz ostidagi toshning tagida saqlanadi. Mehmonlar ixlos bilan ko‘zlariga yosh to‘lib tingladilar. — Marhum bobomiz — ulug‘ shayx payg‘ambarimizning muborak mo‘yi va muborak tishi ustida xalq ko‘z yoshlarini to‘kavermasinlar, deb tosh ichiga jo qilib ko‘mdirganlar. II Mehmonlar birdan o‘rinlaridan turdilar va eshonning o‘g‘liga: «Boshlasinlar!» deya ishorat etdilar. Barcha mehmonlar tashqari hovlini o‘tib, xonaqoh hovlisiga chiqdilar. Daraxtlar orasidan va hovuz yonidan o‘tib, gumbaz oldida to‘xtadilar. So‘fi qorovul bo‘yra ustida xurrak otib uxlar vdi. Bo‘z yaktak va malla bo‘z to‘nga o‘ralgan pakana so‘fining boshida to‘xtab, Saidnabixon dedi: — Turing, snzga nima bo‘ldi, so‘fi, odamlardan uyalmaysizmi? Xob — barodari marg!( Forscha-tojikcha: uyqu— ajalning ukasi.) Seskanib uyg‘ongan chol sarosimada qolgan edi, sapchib o‘rnidan turdi, shoshilib chorig‘ini oyoqlariga ildi-da, qo‘lida katta kalitni changallagan holda xonaqoh tomon yugurdi. — Marhamat, xush kelibdilar!—dedi kalovlanib. Xonaqoh eshiklarini keng ochdi so‘fi va bukilib, mehmonlarga ta’zim qildi. Mehmonlar og‘ir sukunatda qorong‘i xonaqohga bitta-bitta kirdilar. Barcha o‘zini go‘yo payg‘ambar qabri oldida his etardi. O‘rtadagi toshninavbat bilan bir-bir o‘pib, ho‘ng-ho‘ng yig‘ladilar. Gumbaz ustidagi kabutarlar ovozi ularga go‘yo samodan kelgan payg‘ambar ovozi kabi tuyulardi. Hammalari tosh oldida yerga cho‘kka tushdilar, keyin bir do‘ppifurush, xotinboz, shilqim do‘kondor ingichka, yoqimsiz ovoz bilan allaqanday oyatni o‘qishga kirishdi. Hammalarn ixlos bilan tinglab, uzundan-uzun duo qildilar va orqalari bilan yurib, xonaqohdan chiqqach, tag‘in tashqari hovliga qaytib, dahlizda obdasta va sochiq tutib turgan xizmatchilar oldida to‘xtadilar, qo‘llarini chayib, mehmonxonaga kirib o‘tirdilar. — Bobongiz ko‘p savob ish qilgan ekanlar, chunonchi, payg‘ambarimizning tishlari va mo‘ylarini shundoq ehtiyot saqlaganlar. Bu muqaddas dargoh qiyomatga qadar ulug‘ ziyoratgohdir,—dedi Mirsiddiqxon Saidnabixonga qarab. — Darhaqiqat, gapingiz to‘gri,—dedi eshonning o‘g‘li boshini tebratib. Xizmatkorlar tovoq-tovoq palov keltirdilar. Sergo‘sht, sermoy, qazi-qartali palovdan gurkiragan xush bo‘y hammaning nafsini qo‘zg‘ab, ishtahasini ochib yubordi. Bir-ikki epchil kishi darhol yenglarini shimarib, go‘sht, qazi-qartani birpasda to‘g‘rab tashladi, mehmonlar: «Oling, oling!» bilan oshashga kirishdilar. Palovga xo‘p to‘ygach, ko‘k qashqar piyolalarda huzur bilan ko‘k choy ichishdi. Mehmonlar endi ezilib suhbatlashib o‘tirdilar. Eshonning kichik o‘g‘li Saidg‘anixon bir boyvachcha bilan kirib keldi. U jujun kamzul, beqasam to‘n, yangi moshrang duxoba do‘ppi kiygan olifta yosh yigit edi. — Assalomu alaykum!—dedi u ostonadan mehmotslarga, — O‘tiringlar, ko‘rganimiz — ko‘rishganimiz,— dedi Mirsaidboy. — O‘ho‘, siz janoblar, bexabardirsizlar, yangi voqealar olamni titratib yubordi-ku!—dedi Saidg‘anixon davraga suqilib. — Mishmishlarni goroddan eshitib kelyapmiz,— dedi Saidg‘anixonning yoniga cho‘kka tushgan boyvachcha. — Moshoollo, tinchlikmi?—so‘radi qo‘lidagi piyolani dasturxonga qo‘ygan Saidnabixon. Mehmonlar taajjubda sabrsizlik bilan qotib qoldilar. — Nekalay podsho taxtdan tushibdi, bu mash’um xabar shu bugun Peterburgdan yetib kelibdi,—shoshilib gapirdi boyvachcha. Mehmonlar avval cho‘chib tushdilar, keyin hayajondan biri oqargan, biri qizargan holda, ag‘rayib qoldilar. — E-e, bo‘lmagan gap...—dedi o‘rtaga cho‘kkan og‘ir sukunatni buzishga jur’at etib kimdir. — Ollo haqi, gorodda duv-duv gap,— dedi Saidg‘anixon. — Jim-e, polislar ashitmasin!—Saidnabixon qaltirab manglay terini artib olgach, ukasini turtib qo‘ydi. — Oq podsho hazratlari,— dedi boylardan biri oqarib,—olloning bandalariga abadiy buyurgan homiysi edi, bu qanday bema’ni gap! — Xoinlar ko‘p-da, shularning tarqatgan gapi-da,— dedi beparvolik bilan gapirishga tirishgan bir boy.— Tangrim hamisha o‘z panohida asrasin podshohimizni. — Goroddan kelyapmiz axir, janoblar,—dedi hovliqib Saidg‘anixon.—Eshitganimizni aytamiz-da, shov-shuv ko‘p. Gazetalarda hech narsa yo‘q, lekin odamlar orasida gap ko‘p. Peterburgdagi ishchilar soldatlar bilan birlik-da qo‘zg‘olon ko‘tarib, Qishki saroyni halqalab o‘rabdilar, toju taxtni toru mor qilibdilar. Bu xabar bizning eski shaharga hali yetguday bo‘lmabdi. Gorodda qiyomat, ishchilar bilan masterovoylarning og‘zi qulog‘ida. — Darhaqiqat, Petrogradda ahvol nihoyat betinch, deb eshitgan edim,—dedi Mirsiddiqboy.—Ochlik, muhoriba ishchilar orasida norozilik tug‘dirgan. Ehtimol, to‘g‘ri xabardir... Oq podsho hazratlari nuqsondan albatta xolimas. Har qalay bu gap yolg‘on bo‘lsinda... Majlis hayajonda edi, Abdulaziz so‘z boshladi. — Vahki oq podshoning o‘g‘illari taxtga ko‘tarilgandir. Lekin bemor xasta bir o‘g‘illari bor, deb eshitardim,— dsdi Mirsaidboy. — Hech ishongim kelmaydi,—dedi boshini chayqab yumaloq bosh.—Yolg‘on gapdir. Nekalay-a, Nekalayday podshohi a’zam!—Oyoqlarini uqalab, o‘nglanib o‘tirib oldi boy.— Lekin bir podsho tushsa, tag‘in biri chiqadi taxtga, vassalom! Azaldan taomil shu. Qani, omin, denglar, turaylik. Bu xabar kutilmaganda qarsillagan chaqmoqdayo barchani hayrat va hayajonga, sarosimaga solgan edi. Fotiha o‘qilgach, mehmonlar duv turib, eshonning o‘g‘illari bilan xayr-ma’zur qilishdi, hazratga salom aytib, tarqalishdi. Saidg‘anixon yonidagi boyvachchalarga nimanidir shivirladi-da, ichkariga, otasi oldiga shoshilib kirib ketdi. Bir necha daqiqadan keyin boshiga oq misqoli salla o‘rab, banoras to‘n kiyib Saidnabixon chiqdi, xizmatkorlarga buyruqlar berib otda Shayxantahurdagi madrasaga, do‘sti oldiga jo‘nadi: «Balki, birgalikda gorodga chiqarmiz», degan fikrni ko‘nglidan kechirdi. U mish-mish xabarlarni surishtirib, haqiqatni aniqlashga shoshilardi... Yettinchi Bob I Jumaboy bilan Shermat, har kungiday ishdan chiqib, uyga qaytmoqdalar. Zavodga piyoda qatnaydilar, tramvay kirasiga sarf bo‘ladigan chaqa ham harna ro‘zg‘orga madad... Ayniqsa, shu kunlari bu ikki do‘stning suhbati quyuqligidan tongda ishga, oqshom uyga yetganlarini sezmay qoladilar. — Chamamda, yo‘lning tanobi ham tortildi shekilli,— deb kulib qo‘ydi Shermat. — Bilasanmi, birodar,—jiddiy so‘zlardi Jumaboy,—Nikolay taxtdan tushdi-yu, tag‘in gap ko‘paydi, ishchilar, ayniqsa, masterovoylar Petrograd voqealarini shu kecha-kunduz daqiqa sayin kuzatib turishibdi. — O‘sha badbaxtdan qutulganimiz rostmi, og‘ayni, tagi puch gap emasmikan, deb cho‘chib qo‘yaman. Oq podsho-ya?! Toji taxtdan nechuk voz kechdi ekan-a? Aqlim yetmaydi...—boshini chayqadi Shermat. — Nazarimda Piter ishchilari nihoyat uyushqoq, shijoatli deyman-da,—dedi sekin qadam bosib Jumaboy,— oralarida zo‘r-zo‘r advokatlarni cho‘qib tashlaydigan rahbarlari bor emish; har zavod, har fabrikada to‘dalari, jamiyatlari bor emish,—dedi Jumaboy ovoeini pasaytirib.—Shu yerdayam borga o‘xshaydi...—Do‘stiga sinovchan nazar tashladi u.—Gap ko‘p, bilmaysan, xumpar, laqmalik ham evi bilan-da. Nuqul: «Xo‘jayin, xo‘jayin!» deb bukilasan, e-e, mazang yo‘q. — Birodar, bu dunyoning tuzini sendan uch kun ilgari totiganman, xo‘jayinlarga ta’zim qilsang yoqasan, yoqsang— tinch bo‘lasan. Basharti «xap, senimi!» desa, o‘sha kuni orqangga tepki yeysan. Shu vajimga tushunsang, menga ta’na qilmassan.—Shermat Jumaboyga yuzini o‘girdi.— Sen bo‘lsang tezsan, hovliqib ketasan. Mundoq bo‘lish yaramaydi. Har ishni mezoni bilan qil, sadag‘ang ketay! Jumaboyning har nechuk ensasi qotsa-da, tag‘in gapda davom etdi: — Ishchilar nuqul Nikolayni kalaka qiladi. Ish bilmas, no‘noq, lavang emish u. Malika-chi, o‘ta ayyor, mug‘ambir, aysh-ishratga botgan... Qo‘y-chi, pop o‘ynashi bormish. Ha, shunday alomat gaplar. Shermat qotib kuldi: — Ularning poplari ham bizning eshonlarga tug‘ishgan ekan! O‘rdani bosib o‘tib to Samarqand darvozaga yetgunlarigacha Jumaboy bilan Shermatni har qadamda tanish-bilishlari—samovarchilar, kosiblar to‘xtatishar, shaharda tarqalgan mish-mish gaplarni surishtirishar edi. Ikki do‘st shoshilmasdan bilgan-eshitganlarini har so‘raganga takrorlab borardilar. Choyxonalarda odam qalin. Birovlar: «Xudo bizni yorlaqadi, hurriyat!» deyishsa, boshqa birovlar: «Balli, toji taxtni ostin-ustin qilganlarning otasiga rahmat, ming tahsinu tasanno ularga!» deyishar edi. Yana ba’zilari bo‘lsa: «Bu qandoq gap bo‘ldi, podshosiz mamlakat ham bo‘lar ekanmi?» deyishardi ranglari o‘chib. Shermat uyiga yetganda, Jumaboy bilan xayrdashib hovliga kirdi. Shahardagi shov-shuv gaplar unga tinchlik bermasdi. — Xotin, hoy xotin, bu yoqqa qara.— Shermat ayvon labiga o‘tirdi. Ruxsora qora qozoniga bir qoshiq yog‘ solib, yovg‘on ugraga unnagan, biroq ho‘l o‘tinni yondirolmasdan xunob edi. U tutundan achigan ko‘zlarini uqalab, ayvon oldiga keldi. — Yo‘lingizga qarayvsrib o‘lib bo‘ldim, arpa unidan xamir qordim. Bir yoqda o‘tinni yondirolmay jonim halak. Ovqatim kech qolib ketyapti, nima deysiz? — O‘tirsang-chi, xotin, gap ko‘p. Oq podsho taxtdan qulabdi. Uqdingmi? Hayratdan qotib qolgan Ruxsora bir ozdan so‘nggina fahmladi gapning mag‘zini. — Ajab bo‘pti-da, zora endi bizdaqa g‘ariblarning g‘amshsh yeydigan biron adolatli podsho taxtga chiqsa. — Voy, haftafahm-ey, podshoning yaxshi-yomoni bo‘ladimi?! Oq it, qora it — bari bir it! Bizning masterovoylar shundoq deydi, juda bilgach, o‘tkir odamlar. O‘zimizning Jumaboy bor-ku, u ham aqlda masterovoylardan qolishmaydi, ziyrak. Shermat, xotini sopol qumg‘ondan quyib turgan suvda yuvindi-da, sandal to‘riga o‘tib, devorga suyandi. — Ovqatingni tezlat, xotin, arpa ugra bo‘lsayam qorin to‘ysin. — Ikki oy bo‘ladi, bolalarning tishi guruch ko‘rmaydi...— dedi Ruxsora oshxona tomon ketarkan. Shu choq eshikdan qora-qura uch-to‘rt bola kirib keldi. Eng kichigi — qizchani katta o‘g‘il opichlab olgan. Bolalar chuvvos bilan otalariga yopishdilar. — Voy-bo‘, ariqda suv yo‘qmi, qizim,— deb Shermat o‘rnidan irg‘ib turdi. U qizchasini ariq bo‘yiga olib bordi. Qo‘shni hovlidan chiqqan torgina ariqcha ikki quloch yerni bosib, yana ikkinchi qo‘shni hovlisiga o‘tib ketar edi. Shermat qizchasini yaxshilab yuvintirdi, qizcha xarxasha qilib yig‘lab ham oldi. Shermat o‘ylar edi: g‘aribmie, bechoramiz, mana, endi hurriyat fazilati bilan tole yarqirab ketsa shu go‘daklarning boshiga baxt qushi qo‘nsa, zolimlar panjasida biz ko‘rgan zulmlarni balki bular ko‘rishmasmidi? Shu payt, qo‘shni hovlida bir chelak mag‘zava ariqqa ag‘darildi. Qo‘shni kampir kimnidir shang‘illab qarg‘ardi. — E-e, suvni rasvo qildingiz-ku, xola, mag‘zavani suvga agdarasizmi!— ranjib devordan qaradi Shermat. — Sen ham bormiding endi! Bo, men bilan adi-badi aytishguningcha oqadi-ketadi, bolam. Bobong o‘lgurning hammolligi jonimga tegdi, nahotki qishin-yozin kiri arimasa-ya. — Bas qil, muncha javrading, kampir,— ayvonda o‘tirgan yeridan do‘ng‘illadi chol.— Xursand bo‘lib kelgan kuning ham diydiyosini o‘qib kayfingni buzadi-ya, bachchagar. Kampir yana bobillab berdi. — Savil, nimangizga xursand bo‘lar ekansiz? — E, xotin, Nekalay podsho taxtdan tushibdi. Bozorda duv-duv gap. — Voy, choli tushmagur-ey, boyadan beri endi aytasizmi?— gangib qolgan kampirning qo‘lidan chelak taraqlab yerga tushdi. Shermat kulgidan qotib qoldi. U sandal tegrasida xotini pishirgan yovg‘on ugrani bola-chaqasi bilan ichib o‘tirarkan, qo‘shni kampirning narvon orqali narigi qo‘shnilaridan zolim Nikolay taxtdan yiqilganini aytib, suyunchi olayotgani qulog‘iga chalindi. Atrof qo‘shnilar shovqin-suron ko‘tarishib, bir-birlariga xabar qila ketishdi. Shermat ham ovqatini shoshib-pishib ichdi-da, choyxonaga — yoru birodarlari oldiga yugurdi. Ishdan qaytishda Jumaboy bilan va’dalashishgan edi. II Bahor havosidan ko‘ngillar huzur qiladi... Zavodning presslash sexida rus, o‘zbek, tojik — turli Millat ishchilari to‘planishib, allanimani muhokama qilishardi. Aynigan trinka kamzul kiygan, chakkalari ichiga botgan, baland bo‘yli, sariq soch bir rus ishchi kir kepkasini siqimlagan qo‘lini havoda o‘ynatib, kuyib-pishib gapirar, gap orasida papirosini qattiq-qattiq tortib, busiz ham dimiqib ketgan xonaga halqa-halqa achchiq tutun taratar edi. — O‘rtoqlar, chorizm ag‘darildi. Nihoyat, dahshatli zulm uyasi parchalandi. Mehnat ahlining, g‘ariblarning zoriqib kutgan revolyutsiya quyoshi bugun yuzini ko‘rsatdi. General-gubernator Kuropatkin bo‘lsa, telegrammani qindiriga bosib o‘tiribdi. Badbaxt zavodlardan, korxonalardan yangi xabarni eshitib kelayotgan vakillarni: «Janoblar, imperator oliy hazratlari o‘z joylarida, taxtlarida!» deb laqillatyapti. Jamiki xalqqa ma’lum bo‘lsinki, romanovlar sulolasi toju taxtdan abadiy mahrum bo‘ldi. Biz ishchilar, soldatlar, kambag‘al dehqonlar bilan birgalikda kurashib erishdik bunga. Biroq kurash hali tugagani yo‘q. Yana kurashamiz, aslo chekinmaymiz! Toki ishchi-dehqonlar hokimiyatini o‘rnatgunimizcha kurashamiz. Shu zavodimizning o‘zida qanchadan-qancha millat farzandlari bor. Agar bir yoqadan bosh chiqarib ish tutsak, bu yerdagi eski tuzumni ham sindiramiz, mehnatkashlarni og‘ir musibatdan qutqaramiz. So‘ng notiq barchani ishga tushmoqqa da’vat etib, o‘zi zudlik bilan temir yo‘l korxonasiga uchrashib, bugungi hodisalardan xabardor bo‘lib qaytajagini aytdi va tez chiqib ketdi. Rus tilini tushunmaydigan musulmon ishchilariga uning aytganlarini Jumaboy va Shermat shivirlab tarjima qilib berishdi. — Zolim Nikolay podsho taxtdan qulapti. Hurriyatga chiqadigan fursat keldi. Lekin o‘zimizning xonu beklar bor hali. Bularni ham tag-tugi bilan yo‘qotmagunimizcha bizga tinchlik bo‘lmaydi. Shuning uchun ham hushyor bo‘lmog‘imiz kerak. Yana ayyor boylarning yangi tuzoqlariga ilinmaylik, takror aytaman, hushyor bo‘laylik! Qani ishga! Ishchilar ko‘ngillarida orzu-umid, hayajonli hislar toshgan holda o‘zaro so‘zlasha-so‘zlasha ishga tushib ketdilar. Havoda chang, chigit to‘zoni bulut kabi suzardi. Qanor-qanor, toy-toy paxtalar ostida qaddi dol ishchilar qadamlarini horg‘in, bazo‘r surgar edilar... III Vaqt peshindan og‘gan. Qovog‘i soliq Eshonxon asabiy holda ayvonga chiqdi, izvoshni artib-tozalab yurgan Qoravoyga: «Xo‘jayinning huzuriga Jumaboy bilan Shermatni tez aytib kel!» deb buyruq qildi-da, yana kontoraga kirib ketdi. Butun gavdasini stolga tashlagan holda yalpayib nimadir chizib o‘tirgan Saidahmadga dedi: — Boy ota, chaqirdim badbaxtlarni. Picha do‘q qiling, kofirlarning egri yo‘liga zinhor boshlaring og‘masin, Nekalay oliy hazratlari odil podshoyi a’zam, deb tushuntiring itlarga. Boy Eshonxonga ayyorona ko‘z qirini tashladi. — Zamon qaltis, uka, nodonsan... Peterburgda shu kunlari beboshlik avjida; ishchilar, sallotlar hokimiyatga chang solyapti. Ko‘paslar bo‘sh kelmas, tangrim o‘zi asrasin, ofatlarni boshimizdan daf qilsin... Eshonxon boyning qarshisiga o‘tirib oldi, papirosini tutatib valdiray boshladi. U Turkiston boylarining kamfahmligi, tadbirsizligi haqida so‘zladi. — Musulmonlar — dinning quli. Din-shariat yo‘lida madaniyat va ma’rifat bilan xalqni tarbiyalamoq lozim, musulmon ishchilarining rus ishchilari bilan do‘stlashuviga sad chekmoq lozim. Bunda ulamolarning e’tiboridan foydalanish zarur. — Bas qil, valdirama!— qo‘lini siltab jerkidi g‘azabidan qizargan boy.— Qo‘yib bersam, jag‘ingni xo‘p shaqillatadiganga o‘xshaysan. Madaniyat, ma’rifat emish... Kaltafahm, deb seni aytsa bo‘ladi. Nekalay podsho taxtdan toyib turgan shu tobda bunday tuturiqsiz gaplarning nima hojati bor?! Maktab, ma’rifat asta-asta bo‘laveradi. Omimizmi? Qirqqa chidagai, qirq biriga ham chidayveramiz. Sen tadbirkor bo‘lsang, bugungi dardga davo top! — Tushundim, tushundim, boy ota,— dedi nafasi ichiga tushgan Eshonxon va papirosini kuldonga ezib o‘chirdi. Lekin ishning ko‘zini bilasan, Eshon,— yumshadi boy.— Hiyla-nayrangda ustasi farangsan. Otang yaxshi, onang yaxshi, deb aldaysan-suldaysan, qarabsanki, mo‘ljalingdagini birpasda qo‘lga tushirasan, xullas, yulduzni benarvon uradiganlardansan. — Qulingizni janoblarining o‘zlari tarbiya qilganlar, o‘la-o‘lgunimcha minnatdorman,— dedi ta’zim bilan Eshonxon.— Tadbirkor bo‘lsangiz yutasiz, yo‘qsa sizni boshqa baliqlar yutib yuboradi, ish chippakka chiqadi... — Durust, aqling bajo!— dedi mamnun jilmayib boy.— Yodimda, yetti yil muqaddam otang boyaqish boshlab kelgan edi seni oldimga. «Rus tilini biladigan bolani axtarayotgan ekansiz, kunimga yarar, deb o‘g‘limni tuzem maktabida o‘qitgan edim, sizga topshirdim, ishlating, o‘rgating»— dedi, yalindi, otang rahmatli. Xo‘p, dedim, olib qoldim. Padaring o‘zida yo‘q xursand bo‘lib ketdi. Darhaqiqat, mana, ajabtovur yigit bo‘lding.— Mo‘ylovini bir-ikki burab qo‘ydi boy.— Zavodni tez-tez aylanib, musulmon ishchilarni ta’qib qilib tur, ko‘z-qosh bo‘lmasang, hamma narsa ishkal bo‘ladi. Ularga tushuntir, boyonlar o‘zimizniki, bir mazhabdamiz, dinimiz, irqimiz bir, bir millatmiz, dsgin. Namoyishga bormanglar, shu zavoddan non yeb turibsizlar, xiyonat yo‘liga qadam qo‘ymanglar, degin. E-e, Eshon, nimasini o‘rgataman senga, o‘zing gapga chechansan, bilib gapiraver,— dedi Saidahmadxon yana xomush tortib. Eshonxon nedir demoqchi bo‘lib, og‘iz juftlagan edi, eshik ochildi. — Mumkinmi? Assalomu alaykum,— dedi Jumaboy, Uning ketidan kirgan Shermat ham salom berib, Jumaboy yonida to‘xtadi. — Chaqirtiribsiz, boy ota, xizmat?— so‘radi Jumaboy. — O‘tiringlar, qani, o‘tiringlar,— dedi Eshonxon ikki o‘rindiqni o‘rtaga surib. Bir-ikki daqiqa sukutdan so‘ng Saidahmadxon sun’iy tabassum, halim ovoz bilan so‘z boshladi. Zamonaning qaltisligi, Petrograddan yetib kelgan xabarlar ustida gapirdi. — Oq podsho oliy hazratlari ko‘p odil edilar. Necha yillar mobaynida shunday azim bir mamlakatni osuda tutib kelardilar. Afsuski ko‘kragi ko‘r bezorilar, non-ko‘rlar toj-taxtni oyoq osti qilishibdi. Albatta tadbirli odamlar ko‘p, zamon tinchib, har narsa o‘z iziga kirib qolar,— dedi yumshoq tovush bilan, boy. — Boymi, kambag‘almi — biz musulmonlar barchamiz Muhammad payg‘ambarning ummatimiz, bir yoqadan bosh chiqarmog‘imiz farz. Sizlar beboshlikka yo‘l qo‘ymanglar, musulmon ishchilarga tushuntirib, yo‘lga solinglar,— deb uzoq gapirdi Saidahmadxon. Jumaboy bilan Shermat ko‘zlari yerda, qoshlari chimirilgan, jim o‘tirardilar. Eshonxon papiros tutatib, qattiq-qattiq so‘rdi. Qoshlari kerilib, ko‘zlari olaydi, asabiylashdi: — Ammamning buzog‘iday baqrayib o‘tiraverasanlarmi, gapirsalaring-chi, eshitaylik. Shermat Eshonxonni shu damda g‘ajib tashlaguday bo‘lsa-da, Jumaboydan hayiqqani sababli indamadi, faqat «sen gapir» deganday do‘stiga qaradi. — Xo‘jayin!— dedi Jumaboy.— Bir millatmiz, bir ummatmiz, deganingiz bari ma’qul, lekin biz nochor, qashshoqmiz, siz boysiz, xasissiz. Shu sababdan bir yoqaga sig‘masak kerak. — Obbo, Juma-ey, tuzingni ichib, tuzlug‘ingga tupuraman, degin,— dedi boy piching bilan.— Haromzodalarning yo‘liga tushdingmi? — Yo‘q, xo‘jayin, aslo yomon yo‘lga bosh suqmaganman. Bola-chaqa dardidan ortmaymiz, tirikchilik dardi bamisoli jahannam, yutib yuborgan bizni,— tik qaradi boyga Jumaboy. — Shermat musulmoni komil, namozni kanda qilmaydi, boy ota, boodob yigit, shu sababdan xush ko‘raman uni. Jumaboy bo‘lsa shov-shuv mojaroning boshida,— gap qistirdi Eshonxon. — Gapir, tovutkash!— dedi boy, quv ko‘zlarining qiri bilan Jumaboyga boqib.— Otang g‘ayratli, donishmand, mo‘min odam edi, ko‘p yillar rahmatli otamizning xizmatlarida bo‘lgan edi. Jumaboy ko‘ksini g‘azab va nafrat hissi chulg‘ab kelayotgan bo‘lsa ham, o‘zini bosib, boshidagi kir do‘ppisini bir-ikki asabiy aylantirib qo‘ydi. — Ishlasang — tishlaysan, degan gap bor, xo‘jayin. Biz ishdan bosh tortmaymiz, biroq ishlamasdan tishlaydiganlar bor. Nikolay badbaxtdan qutuldikmi, zulmdan qutulibmiz, xudoga shukur — deb Jumaboy avval boyga, keyin Eshonxonga dadil boqdi. Boy javob topolmay bir daqiqa sukutda qoldi, u ichki sarosimani yashirishga tirishardi. Nimadir demoqchi bo‘lgan Eshonxonga bir xo‘mraygan edi, u ham jim qoldi. — Bo‘pti, ishlaringga jo‘nanglar, lekin musulmonlar haq yo‘ldan ozmasinlar!— dedi to‘ng ohangda boy. Jumaboy bilan Shermat bir-birlariga ma’noli qarab olishgach, yengil yurib chiqib ketdilar. Orqalaridan xo‘mrayib qarab qolgan Eshonxon: «Kasofatlar!» deb to‘ng‘illadi, lekin boyning ichki kayfiyatini yaxshi tushunganidan, shu topda bir og‘iz gap aytishga botinmadi, jim turaverdi. Saidahmadxon qo‘lidagi papirosini chekib tugatgach, kerishib o‘rnidan qo‘zg‘aldi, Eshonxonga zavodga chiq, deb ishorat qildi-da, ayvonga o‘tdi. Gavdasining og‘irligidan zinadan chayqalib zo‘rg‘a tushgach, zavodning keng hovlisiga bir qarab oldi va kekkayib izvoshga o‘tirdi. Sakkizinchi Bob I Qorong‘ilik tong yorugida erir ekan, quyosh muhtasham ko‘tarildi. Yuzlariga shafaq surgan, on sayin ming turlangan mayin bulutlar moviy havoda ko‘rkam kezar edi. Eskijo‘vada odam ko‘p. Aksariyat yoshlar, ziyolilar, yangi maktab muallimlari — marifatparvar jadidlar. Ustalar, mardikorlar, duradgorlar ko‘p edi. Bir chetda havaskor yosh sozandalardan iborat duxovoy muzikachilar to‘dasi eski-yangi kuylarni chalar edi. Madrasa talabalari, boyvachchalar ham ko‘zga chalinar edi. Bir ziyoli boyvachcha jadid do‘sti bilan xotin-qizlar masalasi xususida qizg‘in bahslashardi. — Islom dinida xotin-qizlar masalasi murakkab muammo. Payg‘ambarimiz tili bilan aytganda, bizning islom dinimizdagi ayollar iffatli, nomusli, hayoli bo‘lmog‘i shart,— derdi u. — Darhaqiqat, mushkul masala,— derdi jadid boyvachchaning so‘zini ma’qullab.— Xotin-qizlarimiz ta’lim olmoqlari mumkin, ammo hamisha pardada bo‘lmoqlari shart. To‘g‘ri, bizning paranjilarimiz bir oz xunukroq, isloh talab. Nariroqda Umarali bir-ikki do‘stlari, tolibi ilmlar bilan quyuq suhbatda. Yig‘ilgan xaloyiq suron bilan yangi shahar tomon qo‘zg‘aldi. Muzikachilar yangi o‘rganilgan allaqanday bir marshni chalib, oldinda borardilar. Yo‘l-yo‘lakay guzarlarda, choyxonalardagi odamlar, baqqollar — hammalari o‘rinlaridan turib tomosha qilardilar. Duv-duv gap, kulgi, hazil — hammasi faqat Nikolay ustida edi. Olomon O‘rda suvini yoqalab, Skver maydoniga qarab yo‘l oldi. Ko‘chalarda qizil bayroqlar, turli shiorlar yozilgan plakatlar ko‘targan kishilar. Maydon atrofida otliq va piyoda askarlar turardi. Bularning chehralarida jiddiyat, tantana va hayajon ifodalanardi. Rus ishchilari eski shahardan chiqqanlarni mamnuniyat va olqishlar bilan qarshiladilar. Zo‘r hayajon bilan bir-birlarini tabrik etdilar. Ishchilar, ustalar, mardikorlar rus do‘stlari bilan quchoqlashib ko‘rishdilar. — Yashasin hurriyat! — Qonxo‘r Nikolay daf bo‘lsin! — Yashasin mehnatkashlar! Hayajonli shiorlar goh o‘zbek tilida, goh rus tilida ketma-ket yangrar edi. Namoyish yuksak ruhda, hayajon to‘lqinida davom etardi. Ruslar ko‘p edi, demokrat ziyolilar — muallimlar, jurnalistlar, prikazchiklar ko‘p edi. Temir yo‘l korxonasidan, tramvay parkidan, zavodlardan, turli mayda korxonalardan yig‘ilgan ishchilar Skver, Tovuqbozor, Piyonbozorga liq to‘lgan. Ozodlik bayrami butun mehnat ahlining qalbiga sevinch to‘ldirgan. Shavq bilan, yuksak hayajon bilan barcha ko‘chaga chiqqan. Saidahmadboyning yugurdagi Eshonxon ishchilarni aldab-avrab, zavoddan chiqarmaslikka urinib ko‘rsa ham, ilojsiz qoldi. Jumaboy, Shermat butun musulmon ishchilarni boshlab, rus do‘stlari bilan birgalikda namoyishga qo‘shildilar. Mana, Jumaboy bir to‘p musulmon ishchilar o‘rtasida nutq so‘zlamoqda. Hayajondan uning yuragi gurs-gurs uradi. Qo‘lini paxsa qilganicha uncha-muncha rus so‘zlarini aralashtirib, baland ovoz bilan so‘zlardi u. Nariroqda Petrov, shapkasi qo‘lida, jo‘shqin nutq so‘zlaydi. U goh-goh kissasidan ro‘molchasini olib, peshanasini artib qo‘yadi. Notiqlar o‘zgarib turardi, ketma-ket yangi-yangi notiqlar so‘z olardi. Bular bir-biridan jo‘shqin, bir-biridan to‘lqinli so‘zlardilar. Asrlar bo‘yi hukm surgan zulm zanjiri parchalangani, jabr uyasi bo‘lgan Romanovlar taxti yemirilgani, zimiston hayotga haqiqiy ozodlik quyoshi kulib boqqani haqida shavq-zavq bilan gapirardilar. Musulmon ishchilarning ko‘pchiligi rus masterovoylari, rahbar ishchilari so‘zlagan bu haroratli nutqlarni tushunolmaganliklaridan xit bo‘lardilar. Oralaridagi rus tilini uncha-muncha tushunadiganlari tarjima qilishga urinardilar. Bir yerda duradgorlar, g‘ishtchilar, mahsido‘z ustalar, suvoqchilar, mardikorlar guruh-guruh turardilar. Ular orasida soqoli ko‘ksiga tushgan, ko‘rinishdan jiddiy, serfikr, mulohazali mehnat sherlari diqqatni jalb etardilar. Bular chuqur sukutda nutq tinglardilar. Chekkaroqdagi katta daraxt tagida Saidahmadxon kekkayib, papiros chekib turibdi. U bu gaplardan ensasi qotganini, yuragida qo‘zg‘algan tashvishini yashirishga tirishar, ishchilarning xatti-harakatlariga loqaydligini ko‘rsatish maqsadida oldidagi bir-ikki boyvachchaga Petrograd voqealarini gapirar edi. — Bu yalangoyoqlar vaqillayveradi-da, qo‘llaridan nima kelardi? Knyazlar ham qarab o‘tirishmagandir. Tadbir-chora ko‘rishayotgan bo‘lsa, ehtimol davlat yana oliy hazrat Mixail Aleksandrovich qo‘liga o‘tar. Buni menga janob gubernator maxfiy suratda ma’lum qildilar,— dedi shivirlab, so‘ng quv ko‘zlarini qisib, ma’noli jilmayib qo‘ydi. Tatar boylaridan biri uzoqdan Saidahmadni ko‘rib qolgan edi. Ko‘ziga oltin pensne, ustida baxmal yoqali yangi palto, bilagiga aso osgan tatar boy Saidahmadxon va boyvachchalar bilan so‘rashib: «Iyy, tangrim, bu nindiy mahshar!» dedi va hassasini bilagidan olib yerga tiradi-da, gapga tushib ketdi. U Peterburg voqealari, muhoraba haqida, kechagina o‘zining general-gubernator Kuropatkin huzurida bo‘lgani va o‘rtalarida o‘tgan suhbatni goh pensnesini tuzatib, goh hassasini o‘ynab benihoya ezmalik bilai so‘zlay boshladi. So‘ng: «Inshoollo, zamon tinchib qolar, afandilar», dedi va ta’zim bilan xayrlashgach, tag‘in bir tanishining oldiga o‘tib ketdi. Ko‘ngillariga g‘ashlik to‘lgan Sandahmadboy va boyvachchalar ham yon ko‘chada turgan izaoshlariga, o‘tirishib jo‘nab qolishdi. II Umarali do‘stlari bilan xayrlashgach, Skverdan aylanib Piyonbozorga bordi. Piyonbozorda odam ko‘p edi. Umarali bugungi voqealar, eshitgan nutqlari haqida xayolga cho‘mgan holda sekin yurib, qatbr qassob do‘konlar oldidan o‘tdi va tor choyxonaga keldi. Kir sholcha yoyilgan karavotga o‘tirdi. — Ha, ishlar qalay?— dedi samovarchiga qarab kulimsiragan Umarali.— Tashna bo‘ldik, bitta choy. Chaqqon samovarchi shu ondayoq bir choynak choy ko‘tarib keldi. — Xo‘sh, mulla aka, ko‘rinmaysiz, xamma yoq namoyish, Nekalay zolim qulapti, falokatdan qutuldik. Ozodmiz,— kuldi samovarchi. Umarali choyni qaytardi: — Soz bo‘ldi, xalq juda xursand, ajoyib davr kelyapti. Leknn, uka, Turkiston o‘lkasi qorong‘ida, hammamiz yalpisiga savodsizmiz, buning chorasini izlash kerak,— dedi Umarali choydan ho‘plab. — Musulmonlik asta-asta, mulla aka, to‘g‘rimi? O‘zimiz omi bo‘lsak, bir kun bolalarimizning savodi chiqib qolar. Ha, rostdan, mahalla tinchlikmi? Bir haftadan buyon uyga tusholmayman, ish-ish... Xo‘jayin qurg‘ur hadeb qimor o‘ynagani o‘ynagan. Ha, mulla aka, quling o‘rgilsin kabob bor, yeysizmi? Seli jizillab turibdi. Umarali kulimsiradi: — Hol so‘r, ammo hamyonni ham so‘r, uka, bilasan-ku, qip-qizil go‘shtmiz. Samovarchi so‘zamol edi: — E-e, aka, vaqf sandig‘ining kaliti sizlarda-ku! — Ey tavba,— javob berdi kulib Umarali,— bizda emas, ulamolarning changalida. Samovarchi indamadi. Choyxonada dehqonlar, korandalar ko‘p edi. Hali choy, hali non so‘rab turardilar. Samovarchi bitta kulcha bilan ikki six kabobni sekin Umaralining oldiga qo‘yib ketdi. Umarali kabob ustidan bir-ikki piyola achchiq choy ichdi. So‘ng o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Choy va kabob haqini tashlab, xayrlashdi: — Tashakkur, birodar, salomat bo‘ling, dedi va kabobpazga ham boshini liqillatib xo‘shlashdi.— Hujraga marhamat, suhbatda bo‘lamiz. — Fursat bo‘lganda albatta boramiz, o‘zlari ham kelib tursinlar, mulla aka,— dedi samovarchi va qo‘lidagi bo‘sh choynaklarni ko‘tarib narigi boshga yugurdi. Umarali shoshmasdan Piyonbozordagi tramvay to‘xtaydigan joyga bordi. Kissasida bir-ikki chaqa borligida tramvayga tushmoq niyatida edi u. Shu payt yonidan shirakayf ikki boyvachcha o‘tdi. Umarali ularga qarab: «Tavba, dunyoning to‘foni to‘pig‘iga chiqmaydi-ya, bularning!» deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Boyvachchalardan ensasi qotib, teskari qaragan edi, oldiga kelib to‘xtagan uch paranjili — ikki qiz va bir kampirga ko‘zi tushdi. Odatda yangi shaharda musulmon ayollar kam uchrardi. Umarali sekin bir-ikki qadam tashlab, qizlarga yaqinroq keldi. Chachvon tagidan qizlarning biri, ayniqsa, ko‘hlik ko‘rinib ketdi ko‘ziga. Ayni paytda tanishdek ham tuyuldi. Qizlar o‘zaro sekin suhbatlashib turishardi. To‘satdan nazarini tortgan qiz kulib yubordi. — O‘sha, o‘zimizning mahallalik yigit-ku,— dedi u kampirga shivirlab. Buni Umarali ham eshitdi va fursatdan foydalanib qiz bilan bir-ikki og‘iz suhbatlashishga jazm qildi. — Zumradxonmisiz? Taniyapman,— dedi eskigina paranjidagi qizga murojaat etib.— Nima qilib yuribsiz gorodda, taajjub?— so‘radi kulimsirab. — Merovoddan kelyapmiz. Bir o‘rtog‘imnikiga qiz oshiga borgan edik. Men-ku, tanish emasdim-a, mana bu o‘rtog‘im qo‘ymadi, yur deb,— Zumrad yonidagi yangi shohi paranjidagi Badriddin qo‘yfurushning qizi Manzuraxonni imlab ko‘rsatdi. Umarali bilan Zumradlarning mahallasi bir-biriga yaqin. Umarali Zumradni bolaligidan xush ko‘rar edi. Qiz o‘sha vaqtlaridayoq sho‘x, o‘ynoqi, gapga chechan, dildor edi. Yoshlikda ikki-uch mahalla qizlari, bolalari yig‘ilishib «kepak-kepak», «qush tili» o‘ynashar edi. O‘yinga qiziqib ketganlaridan, qosh qorayganda onalarining zo‘ri bilan istar-istamas tarqardilar. Yillar o‘tishi bilai bular o‘sib, Umarali madrasaga o‘qishga ketdi. Zumrad bo‘yi cho‘zilib paranjiga kirdi. Bolalikda paydo bo‘lgan tuyg‘uning nimaligini Umarali keyinroq tushundi. Qizni ko‘rish mushkullashgan sari uni tez-tez eslar, yuragi totli urib, birga o‘tgan damlar xayoli bilan yashar zdi. Goho uyiga kelganda singlisi Qumrixonga: «Oypopuk qalay, omonmi? Olamda misli yo‘q, go‘zal qiz-da!» deb qo‘yardi. «Yuribdi, avvalgidan ham ko‘hlik, bir husniga o‘n husn qo‘shilgan. Sizni tez-tez so‘rab turadi», derdi singlisi. Umarali Zumrad oldiga tag‘in bir qadam bosdi: — Burqa’ni ko‘tar, tangri uchun, el seni ko‘rsun, Bu husnu malohat yana qay kun uchundur?— dedi shivirlab, haroratli ohangda. — Go‘zal bayt, Lutfiy hazratlarini o‘qishni ham, tinglashni ham yaxshi ko‘raman,— dedi Zumrad chiroyli kulib. — Go‘zal qizlarga yarashadigan baytlari ko‘p hazrat Lutfiyning. Eshitdimki, maktabga borib, otin oyimga dars beribsiz?!—kulib yubordi Umarali. — Yo‘g‘-e, o‘ldimmi! Otin oyim rahmatli o‘qigan, donishmand, shirinsuxan ayol edilar,— dedi Zumrad. Shu orada tramvay kelib to‘xtagan edi. Qizlar chaqqonlik bilan kampirni qo‘ltiqlashib tramvayga chiqib olishdi, ularning ketidan Umarali ham chiqdi. Kampir tramvaydan tushishning osonligini ko‘zlab oldinga yo‘rg‘alagan edi, Manzura ham Zumraddan ensasi qotib, kampirning yoniga ketdi. —Zumrad o‘lgurning behayoligini qarang, darrov oshig‘ini topib oldi. Uyalmaydiyam, shuncha odamning oldida shaqillab o‘tirganini qarang!— dedi Manzura kampirga shivirlab. Kampir indamadi, bir necha daqiqa o‘tgandan keyin asta dedi: — Ha, aylanay, zamon oxir bo‘lgani shu-da.— Bir ozdan so‘ng qo‘shib qo‘ydi:—Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichadi, degan gap bor, qizim, bizlar gumrohlik bilan o‘tkazgan ekanmiz umrni. — Yo‘g‘-e, tagi pastligidan, buvi,— dedi Manzura va yoniga kelib to‘xtagan oppoqqina rus konduktor xotinga qayta-qayta sanab, biletga pul uzatdi va uchta barmog‘ini ko‘rsatdi. — Mulla akam menga belat olganlar, ovora bo‘lmang, Manzuraxon,— dedi Zumrad o‘tirgan joyidan. Manzura darrov konduktor xotin qo‘lidan ortiqcha pulni olib, cho‘ntagiga soldi: — Mulla akangizning oqchalari atigi ikkita biletga yetibdi-da,— dedi kesatib. O‘zaro quyuq suhbatga kirishib ketgan Zumradxon bilan Umarali Manzuraning pichingini eshitmadilar ham. Vagon bo‘shgina, tanishlar ham ko‘rinmas edi. Odamlar ko‘pincha eski shahar bilan yangi shahar o‘rtasida piyoda qatnar edilar. Umarali zavq bilan gapga berilgan esa-da, goho yon-tevaragiga qarab qo‘yardi. Musulmonlar xotin-qizlarning ko‘cha-ko‘yda erlar bilan so‘zlashishlarini g‘ash ko‘rardilar. Shayxantahurda Manzura va kampir Zumrad bilan xayrlashdilar. Manzura uch kundan keyin kelishini, zarur ishi borligini aytdi. Zumradning qulog‘iga engashib shivirladi: — Mulla akangiz silliqqina ekanlaru, biroq kambag‘alliklari bor-da, mundoq puldorrog‘i yo‘qmidi?! Zumrad darrov piching bilan sekin javob berdi: — Mulla akam faqir bo‘lsayam aqli raso. Puldorlar sizga munosib. — Bas, tiling judayam achchiq-ey!— jerkdi Manzura va yuzini ters burdi. Zumrad pisanda qildi: — O‘rtoqjon, bilmaysiz, mehnatning oshi lazzatli bo‘ladi... Manzura indamadi, kampirni oldiga solib, tushib ketdi. Balandmachitga yetgach, Zumrad bilan Umarali ham tushdilar. Ular bir-ikki qadam oldinma-ketin yurib, Jarko‘chaga burildilar. Umarali hislari to‘lqinlangan holda shirin gaplarni, ajoyib latif so‘zlarni shivirlar edi. Jarko‘chada suv yoqalab xush suhbatda sekin borardilar. — Hamisha xayol og‘ushida yuraman,— dedi Umarali bir on to‘xtab,— dardim-alamim, orzu va tilaklarim — barchasi ko‘nglimga hibs etilgan. Yurak doimo ishq o‘tida o‘rtanadi...— Tag‘in asta yurdi qizning izidan. Zumrad yo‘lning past-balandidan ehtiyot qadam tashlasa-da, qoqila-suqila borar edi. Qalbi gurs-gurs urar, ko‘ksini to‘latgan shirin tuyg‘ulardan mast, entikib qo‘yar edi. U qanchalik sarbast, sho‘x bo‘lsa-da, shu topda aytishga bir so‘z topolmaganday, yoki shirin ro‘yoni buzgisi kyolmaganday sukutda borar edi. — Fikrim, xayollarim faqat sizda, bolalikdan sevaman sizni, inoning, Zumradxon,— dedi yigit yalingan ohangda.— Hujramda yolg‘iz o‘tirganimda yoshlik, bolalik chog‘larimizda birga o‘ynaganlarimiz, tomma-tom chopib, varrak uchirganlarimizni eslayman. Esingizdami, katta qurog‘imni siz uchirib yuborgan edingiz... His etamanki, sizga yetadigan qiz yo‘q jahonda... — Xayr, mulla aka,— dedi qizarib Zumrad mahallasiga yetgach,— odamlar yomon-a, gap-so‘zdan qo‘rqaman... — Xayr, go‘zalim, faqiringizni unutmang... Umidim katta,— dedi Umarali ham qizargan holda. Zumrad indamadi, tez yurib ko‘chasiga burilib ketdi. III Umarali madrasaga horg‘in, lekin ko‘ksi to‘la shirin xayollar bilan kirib keldi! Madrasa sokin. Hujralarda talabalar biri arab, biri fors tilini mutolaa qilish bilan band. Umarali cho‘ntagidan kalitni olib, hujrasini ochdi, boshidagi salla va ustidagi olacha to‘nini, qoziqqa ildi, tokchadan eskigina do‘ppisini oldi-da, barmog‘i bilan chertib qoqdi. Kichkinagina taqir po‘stakka cho‘zilarkan, xayoli tag‘in Zumrad tomon uchdi... Umarali ko‘zlarini yumib, xayol daryosida oqadi, keyin asta-sekin Zumrad uzoqlashadi. Umarali madrasaning ahvoli, tolibi ilmlar haqida o‘yladi, so‘ng bugun namoyishda eshitgan gaplari yodiga tushdi. Eshitgan gaplarini bir-bir eslab, mag‘zini chaqishga urinib ko‘rdi. Rus tilini bilmaganidan o‘kindi. Eshik g‘iyq etib ochilib, Xurram maxsum kirdi. — Mumkinmi? Ishlar qalay, gorodga laqillab chiqib keldingizmi?— qochiriq qildi u. Umarali istar-istamas yostig‘idan boshini ko‘tardi, erinchoqlik bilan kerishib, Xurram maxsumga o‘tirishni imo qildi. Xurram maxsum mullayoqa kir ko‘ylak ustidan kiygan olacha to‘nining etaklarini o‘rab, cho‘kka tushdi, siyrak echki soqolini barmoqlari bilan tarab oldi, piltasi chiqqan eski taqiyasini boshida bir aylantirib qo‘ydi, «qani gapiring», deganday, shilpiq ko‘zlarini Umaraliga tikdi. — Gorodga chiqdik,— dedi shoshmasdan Umarali.— Juda katta namoyish bo‘ldi. Rus ishchilar, masterovoylar barchasi o‘sha yerda. Musulmonlar ham bor. Palisa, mirshablardan nishon yo‘q, in-iniga kirib ketibdi. Qonxo‘r Nikolay yiqildi, endi barchamiz ozodmiz, deb barcha behad xursand. Ayting-chi, og‘a, Nikolaydan qutuldik, bu haqrost. Lekin oqibati nechuk bo‘lar ekan? Xurram maxsum og‘zidan nosvoyni devor tagiga tufladi-da, ming‘irlab gap boshladi. — E-e, shungayam boshingni qotirasanmi, xom kalla?! Biri taxtdan tushsa, yana biri chiqadi, taomili shu, vassalom!— birpas jim qoldi u, so‘ng ko‘nglidagi andishaga o‘tdi.— Do‘stim Umarali, bu befoyda gaplarni yig‘ishtir, taomdan gapir. Umarali iljaydi: — Payg‘ambarlarning buyurgani qanoat, buni janoblari aslo unutmagaylar. Bir burda nonu bir piyola choy bas, biz o‘zgasini orzu qilmaymiz. — Madrasaning to‘qlari yog‘li, go‘shtli palovni musallas bilan uradi, biz-chi, biz xudoga nima yozibmiz!— dedi Xurram asabiylashib. Shu choq hujraga yelkasida xurjun, harsillab Sidqiy maxsum kirib keldi. Yelkasidagi xurjuini devorga suyab qo‘ygach, sevinib ketgan Umarali bilan quchoqlashib ko‘rishdi, Xurram maxsumga qo‘lini uzatdi. — Bugun barcha gorodda ekan, sizni ko‘p izladim, gap-so‘z ko‘p, chiroq!— dedi etiklariiing changini artib Sidqiy. — Uzoqdan bir ko‘rindilaru, yana odamlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar,— javob berdi kulimsirab Umarali. Shoir Sidqiy maxsum Iskandardan; kambag‘al oilada tug‘ilib o‘sgan, qattiqchilikda qiynalib o‘qigan, keyin madrasaga joylashgan. Ko‘p xoru zorlik bilan madrasani tugatgach, Iskandarga qaytmasdan, shaharda qolgan. Nazmda xiyla tuzuk, qalami o‘tkir, pishiq, hozirjavob shoir edi. O‘rta bo‘yli, muloyim ifodali, yuzlari burushiq, faqirona kiyingan, xushfe’l, xushmuomala kishi edi. Shoir mo‘jazgina hujraning to‘riga chiqib, chordana qurib o‘tirgach, namoyishda ko‘rgan-eshitganlarini gapira boshladi. — Podshoning o‘zi lavang ekan, yakka-yagona o‘g‘li kasalmand ekan, inim. Ammo xalqning g‘azabi kekirdagiga kelgan, hozir Iskandar Zulqarnaynni taxtga o‘tqazsalar ham, eplay olmaydi. Ha, zamon shundoq,— dedi Sidqiy maxsum va kalta moshkichiri soqolini siypab qo‘ydi. — Toji taxtdan, podsholardan bezdik, daf bo‘lsin barchasi,— dedi shoirga qarab Umarali.— Lekin Turkistonning ahvoli nechuk bo‘ladi, shu ko‘ngilga g‘ashlik soladi, og‘ir g‘aflat og‘ushidamiz-ku, og‘a! Shoir ko‘zlarini yumgan, quyi solingan boshini chayqab o‘tirar edi: — Shu topda, zamon bir doshqozonday qaynab turibdi, inim, sabr qilaylik-chi, ulamolar, ziyolilar tabaqasidan aqli zakolar bir yo‘l ko‘rsatar, degan umid bor. Ko‘ngildagi ilhom bulog‘i sira tinim bermaydi. Shu lavang podshoning chirik uyasini, makkora malikaning pop o‘ynashini hikoya qilib bir hajv yozsam, degan niyatim bor. Qotib kulgan Umarali o‘rnidan turib ketdi: — Balli, yozsinlar, sizning o‘tkir qalamingiz ularning qabih qiyofalarini barchaga oshkor qilgay. Yozing, ilhom parisi madad bergay,— dedi Umarali va mehmonning ro‘baro‘siga o‘rnashib o‘tirdi. — E-e, tavba!— dedi bularning gapi tugamaganidan xit bo‘lgan Xurram maxsum.— Hayot bir misli daryo, uni na siz, na biz, na ulamolar teskari oqiza oladi, o‘z yo‘lida ketaveradi, behuda bosh qotirmanglar, baraka topgurlar. Taqsir, siz deyman, shu madrasaning tuprog‘ini xo‘p yaladingiz, lekin hanuz eshon va ulamoning kimligini bilmagan g‘ofil ekansiz. Ulamolar xalqning g‘amini yermidi? Ular o‘zlarining tomog‘i, qorni dardida! Eshonning qorni beshdir, biri hamisha bo‘shdir, degan gapni eshitmaganmisiz? Qani, do‘stlar, vaqt peshindan og‘di, tamaddi lozim, bizning qornimiz bitta, g‘amini yeylik... Puldan cho‘zinglar, kaminadan xizmat, bir palovjon yasab kelay. Shoir istehzoli kulgi bilan javob qildi: — Pul bizda chikora, maxsum, nafsni tiying. Xalqning tishlagani burda noni yo‘q, siz palovni orzu qilasiz! — Bas qiling bema’nilikni!— dedi Xurramga Umarali qizargan va ranjigan holda, keyin shoirga murojaat etdi.— Darrov bir risola bitsinlar, qofiyalarni pishiq-puxta qilib, ibratli iboralarni yog‘dirib tashlagaysiz. Kaminangiz ham qarashib yuboradi, ko‘chirish, bosmaga tayyorlash kabi ishlarni bizning zimmamizga yuklayversinlar. Shoiriing yuzi yorishdi, indamadi, o‘rnidan turib xayrlashgan hamon chiqib ketdi. Xurram maxsum bir otim nosini tilining tagiga tashladi, duduqlanib dedi: — Yo rabbim, tilning uzuni dallolga kerak deb o‘ylardim, gumroh ekanman, endi bilsam, tilning uzuni shoirniki, qolaversa, seniki ekan. Umarali indamadi, tokchadagi kitoblarni titkilay boshladi. Maxsum noxush kayfiyatda bo‘shashib chiqib ketdi. Umarali bir arabcha kitobni qo‘ltig‘iga bosib, hujrani qulfladi, darsxonaga — o‘rtoqlari oldiga yugurdi. To‘qqizinchi Bob I Bo‘g‘otlari to‘kilib turgan torgina zax ayvonda pastakkina omonat kursiga o‘tirib, Unsin mahsi tikar edi. Qiz Shokir otaning bolalarga moslab bichgan bachkana mahsilarini tikarkan, ipni qulochkashlab tortar va pishiq bo‘lsnn uchun uni tez-tez mumlab qo‘yar edi. Qiz butun zehni, diqqatini berib, jon-dili bilan chok tikardi. Shokir ota Unsinni o‘z qiziday sevadi, erkalaydi, achinadi unga. «Uncha ko‘z nuringni to‘kma, qizim, nari-beri tikaver, bozor ko‘taraveradi», derdi Unsinga. Qiz ko‘nmas: «Bolalarga pishiqqina bo‘lgani yaxshi», der edi kulib. Unsinning ta’rifi chor atrofga tarqalgan. «Qo‘li gul, tolei oftob», deb maqtardilar uni. Odamlar shu sababdan buyurtma mahsilarni Shokir otaga topshirardilar. Ayrim kosiblar Unsinni o‘zlariga og‘dirib olish uchun ba’zan urinib ham ko‘rardilar. Shokir otadan va buvisidan yashirin Unsinning oldiga biror kampirni yuborib, ming turli narsalar — pul, yaxshi kiyim-bosh, hatto boy kuyovlar ham va’da qilardilar. Unsin ba’zilarini yaxshi gap bilan qaytarar, ba’zilarini koyib haydar edi. «Holni ko‘r, dardni so‘r», deydilar. Sherday og‘am ado bo‘ldi, orqasida soyaday titrab qoldim; yolg‘iz jigarim Elmurod Rusiyaning ayoz yerlarida ne g‘urbatlarda yuribdi. Menga kiyim nima darkor, kuyov nima darkor? Ma’ni bormi sizda?! Bas, jahlim chiqsa, kavushingizni to‘g‘rilab qo‘yaman» deb og‘zilariga urardi ularning. Hech kim uni alday olmas, yo‘ldan urolmas, aqlli, farosatli qiz, Shokir otani o‘z otasiday sevar, hurmat qilar edi. Shokir otaning do‘koni keldi-ketdi, bekorchilar ko‘p. Birov narx-navo, qimmatchilikdan shikoyat qilsa, birov u yoq-bu yoqdan g‘aplashib, ko‘ngil yozgani keladi. Unsin ko‘pincha ayvonda yolg‘iz ishlaydi. Shunday vaqtlarda u o‘z xayollariga erk berib, qalbini hamisha cho‘g‘day kuydirib turgan dard to‘lqiniga botadi, ba’zan Shokir ota huzuriga kelganlarning suhbatlariga quloq berib ovunadi. Ba’zan otaning oldiga bitta-yarimta savodli tanishlar kelib qolardi. Ana o‘shanda, Abomuslim janglari, forsiydan tarjima qilingan turli jangnomalarni o‘qirdilar. Bunday kezlarda Unsin vaqtning o‘tganini ham, charchaganini ham sezmas edi. Ba’zi-ba’zida o‘ziga o‘xshash faqir qo‘shni qizlar, o‘rtoqlari chiqishib, ko‘ngillarini gam-g‘ussadan jinday bo‘shatadilar. Shokir otaning kampiri Risolat bibi uyda kam bo‘ladi, tentirashdan bo‘shamaydi. Goh kinna solgani ketadi, goh eshonnikiga ketib yo‘q bo‘ladi. U eshonning xizmatida bo‘lishni olloga ibodatning bir yo‘li, deb ishonadi. Osmonda bulutlar karvoni tinmay suzadi. Quyosh goho bir ko‘rinib, tag‘in bulutlarga burkanib oladi. Havo izg‘irin... Qor, yomg‘ir ayniqsa Shokir otaning chakkasiga tekkan edi. U har gal eski omonat narvonni tomga avaylab qo‘yadi. Qirq yamoq guppi choponga o‘ralib, boshiga almisoqdan qolgan telpagini bostiradi-da, tomga kul tashlab tepkilaydi. Unsin tog‘asi Mirzakarimboydan butunlay umidini uzgan. U ba’zan paranjiga o‘ralib, guzardagi baqqolgami, yoki bozorgami o‘tadigan bo‘lsa, darvoza oldida pochapo‘stinga o‘ralib, ko‘pincha ellikboshi bilan suhbatlashib o‘tirgan tog‘asini ko‘rib qoladi. Shunda o‘zini ko‘chaning narigi betiga urib, zing‘illaganicha o‘tib ketadi. Mirzakarimboyning o‘tkir ko‘zlari baribir uni payqaydi: «Hoy ko‘r bo‘lgur, salom qani!» deb baqiradi u. Unsin tog‘asining gapiga parvo qilmaydi, jo‘rttaga qaddini tag‘in ham tikroq ko‘tarib, o‘tib ketaveradi. Qiz bilmaydiki, «odobsiz» jiyanning «ko‘rnamak»ligidan ranjigan Mirzakarimboy ellikboshiga: «Bitta-yarimta ko‘rnimi, kalnimi topib, qo‘shib qo‘yish savob, qizning bo‘yi cho‘zilib qoldi. Bu ishni o‘zingiz bajarasiz, cholni faqat siz ko‘ndirasiz», degan. «Tashvish qilmasinlar, chol o‘jar-ku, lekin qizni xamirdan qil sug‘urganday, chol kulbasidan sug‘uramiz», deb javob bergan ellikboshi ham. Unsin yoshligida o‘z qishlog‘ida o‘rgangan, hanuz yodida qolgan bir qo‘shiqni ohista kuylab ish tikar edi. Shokir ota do‘konda charmga qattiq suv purkadi, ko‘vani taq-taq urdi, keyin o‘tirgan joyida engashib eshik tirqishidan qichqirdi: — Oypo‘poch, tush bo‘ldi-ya, to‘p otildi, eshitmadingmi? Qumg‘onni o‘tga qo‘y, qizim, qorin ochdi. — Hozir, otajon, hozir! Kun ham chopib ketyapti-da,— dedi Unsin va shoshilib charmga bigiz tiqdi.— Non ozroq edi,— dedi tag‘in astagina. — Qanoat qorin to‘ydirarmish, oy qizim,— xoxolab kuldi chol. Unsin ishini yig‘ishtirdi-da, oyog‘iga eski kavushini nlib, o‘choq boshiga yugurdi. U ho‘l o‘tinni tutatib arang yoqqach, qora qumgonga suv to‘latib olovga qo‘ydi. Shu paytda bir tayoqni surgab Sobirjon kirdi: — Opa, qornim ochdi... Uisin qoziqdagi savatdan bitta qoq nonni oldi, bir burdasini ushatib unga tutqazdi. — Oz-ku, opa, yana bering,— olgan non burdasini chaynab turib so‘radi bola. — Qanoat qorin to‘ydiradi, tushundingmi, uka!— dedi Unsin choynak-piyolalarni yuva turib.— Bir kun qornimiz to‘yib qolar, Sobirtoy.— Qiz oshxonaga ketdi. Cholga bir choynak choyni achchiqroq damladi. — Ota, choyni damladim, keling!— chaqirdi Unsnn. — Bu yoqqa uzata qol, qizim, oldimda ulfatim bor,— dedi Shokir ota. Unsin bir burda nonni o‘ziga qoldirib, kichkina patnisga yarimta non va ikkita piyola qo‘yib, choynak bilan patnisni do‘konga uzatdi. Eshik tirqishidan sekin mo‘raladi. Jumaboy aka. Zavodda ishlaydi. U Unsinga juda qadrli va qadrdon. Yo‘lchi akasining jonajon do‘sti edi. Yo‘lchi akasi orqasidan Shokir ota bilai ham tanish-bilish bo‘lib qolgan. Unsin o‘ziga ham choy damlab, Shokir ota bilan Jumaboyning suhbatiga quloq soldi. Zavodda ishlaydigan Jumaboy aka Shokir otasiga topgan-tutganini to‘kib ketadi, otasining oshnasi. Narigilarini tanimadi. Jumaboy otaga shu kunlardagi voqealar, rus ishchilardan eshitganlarini, davom etayotgan qonli urushdagi talafotning ko‘pligi, qurol-aslaha ozligi va boshqa bilgan-eshitganlarini hikoya qilib o‘tirardi. Shokir ota choyda ivitgan nonini liq etib yutdi, bir-ikki yo‘taldi. — Jahannamning labida turibmiz, inim, oxiri baxayr bo‘lsin, xalq juda ezilib ketdi-da, vodarig‘!..— dedi boshini chayqab. Jumaboy ovozini pasaytirib yana allanimalarni uzoq gapirdi. Ishchilarning qandaydir yashirin tashkilotlari haqida so‘zlab: «Biz haqmiz, boylaringizning oxiri voy», dedi u tizzasiga urib o‘rnidan turarkan. Unsin choyini ichib bo‘lib, tag‘in ishini qo‘liga oldi. Jumaboyning oxirgi so‘zlari qizni ham o‘ylatib qo‘ygan edi. Qiz o‘zi ko‘rgan-kechirgan ba’zi voqealarni xayolidan o‘tkazib, dunyoning haqiqatan ham adolatsiz qurilgani ustida o‘ylab ketdi, o‘zicha Jumaboy aytgan fikrlarning mag‘zini chaqishga urinib ko‘rdi. Oxir peshinda bitirgan mahsilarini yig‘ishtirib: — Buyurtmalar bitdi, ota, menga beradigan ishingiz bormi?— deb so‘radi Shokir otadan.. Shokir ota qo‘lidagi charmni cho‘za-cho‘za, qizdan mamnun bo‘lib javob berdi: — Bolam, picha dam ol, o‘rtoqlaringnikiga chiqib, birpas gurunglash. Endi, chirog‘im, xuftondan keyin o‘tirarsan ishga. Unsin o‘rnidan turdi. Shu topda kayfi juda chog‘ edi, dugonasi Ra’noxonlarnikiga rov chiqib kelgisi kelib ketdi. Hovlining bir chekkasida tayoq yo‘nib o‘tirgan Sobirjonni chaqirdi: — Sobirjon, birpas qimirlamay o‘tirgin, men Ra’no opangnikiga birrov chiqib kelaman, juda zerikdim. Sobirga yoqinqiramadi, bir joyda o‘tirishga tobi yo‘q edi bolaning. — Kechasi cho‘pchak aytib bersangiz, o‘tiraman, opa,— dedi u ko‘elarini o‘ynatib. «Xo‘p, xo‘p!» dedi Unsin. U yalang oyoqlariga eski kavushlarini ildi, paranjini boshiga tashlab ko‘chaga yugurdi. Shokir otaning uyi bilan Ra’nolarniki yaqin edi. Unsin bir ko‘cha aylandi-yu, kichkina, eski o‘ymakor eshikni ochib, ohista ichkari kirdi. Ra’noning otasi Mirvali ta’rifi ketgan naqqosh. Ra’no ularning yolg‘iz farzandi. Naqqosh katta, do‘ng peshanali, soqollari siyrak kishi. Uning ko‘zlari serma’no, muloyim boqadi. Muomalasi ham yoqimli. Ko‘z ochib mehnatni ko‘rgan. Naqqosh Yo‘lchining yaqin do‘sti, sirdoshi bo‘lgan. U Unsinga juda mehribon, hamisha iliq so‘z bilan qizning ko‘nglini olishga tirishar:— «Sabr qil, qizim, Elmurod akang kelsa, suyunib qolasan. Yaxshi odamning bag‘ridasan», der edi u. Naqqosh Ra’noni eski maktabda o‘qitgan. Ra’no qomati kelishgan, yuzi sutday tiniq, nodir bir haykaltaroshning ijodi kabi go‘zal. Ko‘zlarida sho‘xlik va aql mavji, tabiati quvnoq, quyuq sochlari beliga tushgan; o‘ziga yarashgan g‘ururi ham bor. Navoiyni, Fuzuliyni chiroyli o‘qiydi, chuqur his qiladi, bu asr shoirlaridan Muqimiy, Furqat, Zavqiy kabi shoirlarning g‘azallari bilan yaxshi tanish. Naqqosh bunday kitoblarni Ra’noning so‘rog‘i, yalinishiga qarab, sahhoflikdan topib keltirar, o‘qitib o‘zi ham eshitishni sevar edi. Ra’noning onasi Munisaxon: «O‘n sakkizga kirding, namoz o‘qi, qur’on o‘qi, bu nimasi — o‘qiganing nuqul oshiq-ma’shuqlar mojarosi, uyat-ku,— deb ranjir edi qizidan.— Tikish tik, qizim, qizga kashta yarashadi, moshina olib bersin dadang, yaxshi hunar qizlarning husniga husn qo‘shadi». Qiz onasini quchib: «O‘rgilay sizdan onajonim, ishqim faqat kitobda. Shoirlarning she’rlari, g‘azallari, fikrlari, ramzlari behad, benihoya. Otam bir muallim topib bersalar o‘rischa ham o‘qirdim», derdi erkalanib. Munisaxon hayratdan so‘z topolmasdi, so‘ng ranjirdi: «Astag‘firullo degin, yomon bo‘lib ketyapsan, tashqaridagi marjadan, Valyadan chiqqan gap-ku bu. Otang o‘lgur ham o‘ris masterovoylar desa jonini beradi, gunohidan qo‘rqaman». Ba’zan u qizining kundan-kun ochilib borayotganidan sevinib: «Yolg‘izimsan, qizim, ko‘zimning oqu qorasi, nazarimda sening tenging yo‘q olamda... Sovchilar ham eshigimizning turmini buzyapti», derdi onalik g‘ururi bilan. Naqqoshning tashqarisida bo‘g‘ot tomli, pishiqqina kichik dahlizli bir xonadan iborat uy bo‘lib, shift rangdor sirlar bilan bo‘yalgan, toqidor edi. Bunda bir rus oilasi yashaydi. Eri Andrey Sokolov Tuproqqo‘rg‘onga yaqin bir korxonada xizmat qiladi, xotini Valya mashinada popop tikadi, qo‘l hunariga ham g‘oyat mohir. Besh-olti yashar o‘g‘ilchalari ham bor. Unsin derazani chertdi. — Valya opa, yaxshimisiz?— deya so‘rashdi u. Deraza qarshisida o‘tirgan Valya popop tikardi. Pishiqqina, ixchamgina, sochlari sariq, moviy ko‘zli, serharakat, sho‘x ayol edi u. — Kel-kel, Unsin, kela qol, azizim,— dedi yoqimli tovush bilan Valya. — Ra’nonikiga,— dedi Unsin ichkarini imlab. — Birpasgina o‘tir oldimda, zerikdim,— dedi Valya o‘zbekchalab. U o‘zbek tilini butun nozik tomonlari bilan yaxshi bilar edi. Unsin kavushini ostonada qoldirdi, paranjisini dahliz burchagiga otdi-da, qaddini sal egib salom bergach, Valyaning qarshisidagi o‘rindiqqa o‘tirdi. Uyning jihozi juda sodda, eskigina shkaf, karavot, stol, to‘rt-beshta o‘rindiq. Devorga suratlar osilgan: ota-onalari, bobo-bibilari, eri bilan o‘zi, o‘g‘li... Xotinlar gulko‘rpa, choyshablarni chizmakashlardan chizdirib kelardilar va Valyaga popop tiktirardilar. O‘zbek ayollarining zavqini yaxshi bilgan Valya ishlarini ko‘ngillaridagiday bajarib mamnun qilardi ularni. Ishdan horib kelgan eri, ba’zan: «Shu ham ishmi, zerikmaganingga hayronman. Zavoddami, fabrikadami ishlash ming marta afzal-ku bundan» deb qo‘yardi. Valya Unsin bilan gaplashib o‘tirib, shig‘illatib ishini tikadi. Unsin matoga ninadan to‘kilayotgan rang-barang naqshlarni maroq bnlan kuzatadi. — Buyurtmalaringiz ko‘pmi, Valya opa?— so‘radi Unsin kulib. — Sart ayollar qizlariga tug‘ilgan kunidan bisot yig‘adilar-ku, Unsin! Qiz chiqaradigan onalar tugun-tugun ish ko‘tarib kelishardi» bo‘ yil bir oz tortilib qoldi. Zamon og‘ir-da, jonim, xalqning turmushi kun sayin og‘irlashib ketyapti... Valya birdan boshini ko‘tarib Unsinga boqdi, jilmaydi: — Popop tikishni o‘rgataymi senga, azizim? Zehning baland, birpasda o‘rganib olasan. — Eplay olarmikanman, qiyin bo‘lsa kerak,— deb javob berdi Unsin. — Voy, sen-ey, mahsi tikish bundan osonmi?!—kuldi Valya. — Xo‘p, opajon, bahordan boshlab o‘rgating. Hunardan unar, derdilar onam rahmatli. Mayli, bu hunarni ham o‘rganib qo‘yay,— dedi Unsin sevinib va paranjisini qo‘ltig‘iga olib, ichkariga yugurdi. — Nima gap, jim bo‘lib ketding, ishing ko‘pmi? Endi o‘zim xabar olaman, deb turgan edim,— dedi Ra’no ko‘rishib, keyin Unsinning qarshisiga o‘tirib so‘rasha boshladi.— Otang yaxshi yuribdilarmi? Yaxshi odamlaru, picha o‘jarliklari, sergapliklari bor-a? . — O‘jarlikka o‘jarlar, lekin sergapliklari menga yoqadi, o‘rtoqjon, bo‘lmasa zerikkanimdan yuragim tars yorilib ketmasmidi? — Ra’noning oyisi oshxonada nimagadir kuymanib, g‘ivirlab yurardi. Ikki qiz tanchaga suqilib odatdagiday qizg‘in suhbatga berildilar. Ra’no gapga usta, rang-barang so‘zlar, nozik ramzlarni ketma-ket tizib, gapni qiyib yuborar, qochiriq, uchirma gaplarni o‘rinlatib, suhbatdoshini zumda shoshirib qo‘yar edi. U she’r, g‘azal o‘qishda ham har kimsani yo‘lda qoldirardi. Unsin bilan Ra’no qoniqib, ko‘ngillaridagi pok hislari, nozik kechinmalarini bir-birlariga ochib, go‘yo sirli ro‘yoda oqqanday o‘tirardilar. Ayvonga erta bahor oftobi quyilgan, ko‘k gumbazi ajoyib oltin rang olgan, tabiatning ko‘ngil g‘uborlarini yuvadigan go‘zal onlari... — Bahorning daragi bu,— dedi Unsin mayin ohangda osmonga qarab,— qish qarib qoldi... — Qishdan qitday bor. Hut-yut, sariq sumalak, ayamajiz... Qatorlashib turibdi,— kulimsiradi Ra’no. — O‘rtoqjon, yaxshi g‘azallardan o‘qi, eshitsam ko‘nglim gulday yashnab ketadi. — Picha sabr qil, biram qiziq gaplarim bor, eshit,— dedi Ra’no. — Nima gap ekan, tezroq gapir,— qistadi sabrsizlik bilan Unsin. — Har kun sovchi keladi, bezorlar bo‘lib ketdim,— shivirladi Ra’no.— Tunov kun hovlida yolg‘iz qolgan edim, ermakka jiyak chatib o‘tirsam, eshikdan bir do‘mboqqina bola kirib keldi. «Opajon, shu sizga!» deb bir maktubni qo‘limga tutqazdi-yu, yo‘q bo‘ldi. Kim yozibdi, deysanmi? Ha, anu bor-ku, kosibning o‘g‘li, Mirkarim lavang, shu yozibdi, Jindak savodi bor, o‘lgurning xati juda xushxat. U-chi, juzdonlarni juda pishiq tikadi, o‘ymakorlab bejaydi. Otasining kayfi hamisha buzuq, yegani sholg‘om; o‘zi o‘lardek ziqna, u yog‘ini so‘rama; uylari qutichadek bejirim, mahkam-mustahkam.— Ra’no ro‘molini to‘g‘rilab, sochlarini siypab qo‘ydi. — E-ha!—dedi Unsin.— Uyi past mahallada, onasi ham mo‘ltonigina, degan edi buvim, balki o‘g‘li yaxshidir;— bir ko‘zini qisib hazillashdi Unsin. — Eshit, u yozibdi: «Yonimdan beparvo o‘tib ketdingiz, men bo‘lsam hushimdan ayrilib telba qoldim...» va hokazo gaplar. Esimdan ham chiqayozibdi. Ha, xatning oxirida: «Rad etsangiz, o‘limga hukm bo‘lganim... qitmir-qitmir», deb qo‘yibdi. Avvaliga kulaverib o‘ldim, keyin jahlim chiqib ketdim. Mayda-mayda qilib yirtib tashladim xatini. Kecha ko‘chada o‘ziniyam uchratdim, bir tugunni qo‘ltiqlab olibdi, g‘izillab bozorga ketyapti. Menga ko‘zi tushdi-yu, telbadek qotdi qoldi. «Majnun bo‘lmay o‘la qol», dedim ichimda. O‘zimni ko‘rmaganga solib, zing‘illaganimcha o‘tib ketdim oldidan. «Voy, azizim, oshiqi beqarorman», deb aljiradi; to‘xtamadim, ketaverdim, orqamdan: «Yuring, bozorga boramiz, quling o‘rgilsin no‘xatsho‘rak yeymiz», deb valdiraganicha qoldi. Esi pastning — ishi past, dedim ichimda, juda ensam qotib ketdi,— qoshlarini chimirdi Ra’no. Unsin Ra’noning gaplarini kula-kula tingladi. Navbat o‘ziga kelib allanimani aytmoqchi bo‘lib, og‘iz juftlayotgan edi, eshikdan kirib kelayotgan Valyani ko‘rib to‘xtadi. — Keling, Valya opa, tanchaga o‘tiring, bozillab turibdi,— uni to‘rga taklif etdi Ra’no. — Yo‘g‘-e, tanchaga o‘tirgani qo‘rqaman. Qishin-yozin ayvonda o‘tirasiz, toza havoda, shuning uchun o‘zbek qizlarining yonoqlari loladay bo‘lar ekan-da,— kuldi Valya va tanchaning sirtig‘a o‘tirib oldi. Valya o‘zbekchani binoyidekkina bilsa ham, Ra’no jo‘rttaga, ruschani o‘rganishga urinib, bilganini ruscha, bilmaganini o‘zbekcha, qorishtirib gapirardi. — Rusiya sovuq,, Turkiston o‘lkasi qishda ham shunaqa oftobli,— dedi ayvonda jilvalangan quyoshga ko‘zlarining ishorasi bilan ko‘rsatib Ra’no. — Nimani gaplashib o‘tiribsizlar?— so‘radi Valya. — Ruslarning odati yaxshi, xotin-qizlari xohlasa uyda o‘tiradi, xohlasa ko‘chani bir aylanib keladi. Biz bo‘lsak, ko‘chaga beso‘roq qadam bosishga haddimiz yo‘q, o‘tiribmiz sandalga tiqilib,— dedi lablarini cho‘chchaytirib Ra’no. — Sartning zakoni yomon,— qizning gapini ma’qulladi Valya.— Diningiz xotin-qizlarni juda ham tahqirlaydi. — Bizga ham yorug‘lik kun bormikin?— dedi o‘ksinib Unsin. — Ajab emas, qizlar, hurriyat rost bo‘lsa, endi zamonlar boshqacha bo‘ladi... Qizlar undan-bundan uzoq gaplashishdi, orzularga berilishdi. Gap aylanib kiyimga taqaldi. Qizlarning yaxshi ko‘rgani qo‘sh etakli burma ko‘ylak. Valya did bilan kiyinishning sirlarini tushuntirdi qizlarga. Shol, duxoba, harir... xil-xil gazlamalar to‘g‘risida gapirar, qizlar havas bilan tinglab o‘tirishar edi. — Bularning hammasi boylarning qizlariga. Kambag‘alning sho‘ri qursin, mana, meni ko‘ring, kiyganim nuqul chit,— dedi Unsin. — Ha, boylarning qizlari shohi-atlasga o‘ralib yurishadi, biz bo‘lsak chitga ham eo‘rg‘a yetishamiz...— labini burdi Ra’no.— Bisotimda bitta-yu bitta ipak otgan ko‘ylakligim bor,— dedi Ra’no Valyaga qarab,— ammam hadya qilgan, tikay desam, buzib qo‘yamanmi deb qo‘rqaman. — Qani, ko‘rsat-chi!— yalindi Unsin qiziqib. Ra’no ichkariga kirib ketdi. Valya endi oyoqlarini tanchaga uzatib, o‘rnashibroq o‘tirdi. Ichkaridan darang-durung sandiq ochilgani eshitildi. Ra’no kulib, ko‘ylakligini olib chiqdi, avaylab tancha ustiga qo‘ydi-da, joyiga o‘tirdi. Valya bilan Unsin ko‘ylaklikni yozib ko‘ra boshlashdi. — Yomon emas, qani endi buni bizlarnikidaqa qilib yangicha tiktirsang juda senga yarashadi-da. Bu quyoshda tovlanib turadi, tiktirib beraymi, Ra’no? Ra’no sevinib, ko‘ylaklikni qo‘llari bilan siypalab qo‘ydi. — Gorodda tanish mashinachim bor, xo‘p desang, o‘zim boshlab boraman,—va’da qildi Valya. — Bo‘pti,— ko‘ndi Ra’no va shivirladi,— biroq oyim bilmasin. Chevar xotinnikiga chiqamiz, deb to‘g‘ri gorodga jo‘naymiz. Oyim bilsa, qiyomat qiladi-ya. Uchovlari piq-piq kulishdi, Ra’no sakrab turib, ko‘ylaklikni sandiqqa joylab chiqdi. Shu payt eshikdan ust-boshi kir-chir Mirvali naqqosh kelib kirdi. Unsin darrov o‘rnidan qalqib salom berarkan, naqqosh so‘rasha boshladi: — Borakallo, qizim, salomatmisiz, ota yaxshimilar? Valyaxon, qalaysiz? — Namozgar bo‘libdi, chiqay, o‘ziig ham chiqib tur, Ra’no,— dedi Unsin paranjisini yopinib. Ra’no bilan Valya Unsinni eshikkacha kuzatib chiqdilar. III — Qani, maxsum, «Ming bir kecha»dan bir o‘qisinlar, ko‘ngil chigilini yechaylik, hu tokchada,— Shokir ota ko‘zlari bilan imladi.— Kosiblardan yalinib oluvdim, yo‘lingizga ko‘z tutib o‘tiribman. Dilkash maxsum indamadi, o‘rnidan turib kitobni oldi-da, oxista varaqlab joyiga o‘tirdi: — Shartim shuki, ota, bugun ozroq o‘qiymiz, zarur ishim bor edi,— dedi yo‘talib.— Hay-hay-hay, «Ming bir kecha» arablarning nodir gavhari, o‘lmas, abadiy asar! Misli yo‘q ajoyib hikoyalar bor bunda. Mualliflarning uslubi go‘zal, xayol deigizi cheksiz keng bo‘lgan, otaxon! — To‘g‘ri aytasiz, maxsum, nodirlikda tengi yo‘q, lekin ayol zoti haqida bunda birmuncha kamsitishlar bor, shunisiga hayronman,— qix-qix kuldi chol. Maxsum kitobni tez-tez varaqlab, bir hikoyani topdi. — Qani eshiting, otaxon, parilar haqida bir ajoyib totli hikoya, tinglang-chi,— tilsimga kirgan kabi shavq bilan o‘qiy boshladi maxsum. Chol ishdan to‘xtamadi, xayoli, fikri kitobda, berilib zavq bilan tinglaydi. — Odamni sehrlab qo‘yadi, maxsum, xayol dengiziga g‘arq qiladi-ya, hay-hay parilar olami!.. Lekin uyatli, behayo gaplar ko‘p...— dedi chol boshini tebratib. — Ha, turmushda ham shunday fisq-fujur gaplar bisyor,— kuldi maxsum.— Kulgili latifalar ham kerak, taqsir. Maxsum ehtiros bilan o‘qirdi, qo‘llarining, qoshlarining imosi jo‘r bo‘lardi. Har bir so‘zga jon berib, ruh berib o‘qirdi. Ko‘p o‘tmadi, bir lahzaning o‘zida do‘konni odam bosib ketdi. O‘qishdan xabar topgan bir necha keksa, yosh-yalang to‘planib qoldi. Xat-savodi yo‘q kishilarda eshitish ishtiyoqi zo‘r bo‘ladi. Ular churq etmay, maxsumning o‘qishiga quloq tutdilar. Rang, ziyo, nazokatga o‘ralgan fikrlar, tuyg‘ular, xayollar... Saroylar, qasrlar, vazirlar, suxsur yigitlar... zebo, aqli komil, oy chehra malikalar, go‘zal qizlar... Kiyimlari baxmaldan, zardan, bo‘yin, bilak, barmoqlari gavhar, la’l, marvaridlarga belangan... Maxsum hikoyani tugatdi, qiz va hammol haqidagi boshqa bir hikoyani boshladi. — Qani, qani o‘qisinlar, hangamaga tashnamiz,— deyishdn tinglovchilar bir og‘izdan. — Uho‘, ish katta-ku,— dedi maxsum atrofiga ko‘z yugo‘rtirib. U shuncha odam yig‘ilganidan bexabar edi. O‘qishni davom ettirdi. Ketma-ket bog‘langan voqealar rangli, ajoyib edi. Voqealar borgan sari murakkablashib, kengayib borardi. Boyadan beri ishdan to‘xtagan, angrayib tinglab o‘tirgan usta hayajonda dedi: .. — Qarang, qanday xayolga boy, serzavq, sehrli hikoyalar. Eshitganman, arablarning rivoyat-hikoyalarida nozik zavq, chuqur fikr, yuksak xayollar bisyor bo‘larmish. Sho‘xroq yigitlardan biri ustaga luqma tashladi: — ... Zar va ipakka burkangan malikalardan birining qo‘yniga, momiq to‘shagiga kirib olsangiz-a, aysh-ishratga tobingiz bormi, usta? — E, jiyan, qani keltiring bir parizodni, shuv etib ko‘rpasiga kiray, yigitlardan ham battar chirmashib ketayki...— javob berdi, sir boy bermay, bir tutam soqolini qayta-qayta silagancha Shokir ota. Xonada «gur» kulgi ko‘tarildi. Dilkash maxsumning sillasi quridi. — Xayr, do‘stlar, endi bizga ijozat, ota!— dedi maxsum ustaga boqib. — Baraka toping, maxsum, zim-ziyo ko‘kraklar jinday ravshan bo‘ldi,— dedi minnatdorchilik bildirib usta. — Tez-tez kelib tursinlar!— deb o‘tinishdi boshqalar ham. O‘ninchi Bob I Keng mehmonxonada qavat-qavat atlas ko‘rpacha-yu, momiq qo‘sh yostiqqa yonboshlaganicha Saidahmadboy yotibdi; qarshisiga Eshonxon cho‘kka tushgan. Quyuq famil choyni ermak qilib o‘tirishar. Eshonxon boyga hamon Zumradning ta’rifini qilar edi. — Oyday suluv, parilarnikiday qomati bor, raqsda o‘zingiz bilasiz, misli yo‘q! Dukchining oldiga to‘rt daf’a bordim, boy aka, aldadim-avradim, ishqilib, dukchini ko‘ndirdim-da. Qiz ko‘nmagan emish, ziyoni yo‘q, qiz degan bir mushtipar narsa, kimga tutqizsa ketaveradi-da, haddi bormi! Endi boy aka, to‘yni jadal boshlab yuboramiz, qolgan ishga qor yog‘adi. Saidahmadxon yostiqdan o‘zini ko‘tarib jilmaydi, ustma-ust bir necha topqir kekirdi, keyin dedi: — Qaydam, qiz suluvlikka suluv, g‘ururi ham baland bo‘lsa kerak. Biroq boyvuchchalarning g‘alvasi dardisar bo‘larmikan, deyman. Orqavoratdan Zebixonning qulog‘iga chalinganmi, keyingi kunlarda simobday erib ketyapti. O‘g‘illar ham xabar topishganmi, tuzuk ro‘yxush berishmaydi, zimdan o‘shshayib qo‘yishadi. Katta o‘g‘lim ochiqdan-ochiq: «Yana uylanadigan bo‘lsangiz, boshimni olib chiqib ketaman», dedi shartta yuzimga. Eshonxon avval hayratdan qotib qolgan edi, bir zo‘mdan so‘ng sekin gapira boshladi: — Attang, boy aka, ishni xo‘p puxta pishirgan edim, chippakka chiqishiga dog‘man. Siz bo‘shashmang, boyvuchchalaringiz ham, erkatoy o‘g‘ilchalaringiz ham ko‘nadi, ko‘nmay iloji qancha. O‘g‘illaringiz hali yosh, vaqti kelganda o‘zlari ham qo‘sha-qo‘sha xotinni orzu qilib qolishar. Siz paytni qo‘ldan bermang, vaqt g‘animat. Og‘zining tanobi qochg‘an boy, ichki hayajonini yashirishga tirishib, bir on sukut qilgach, dedi: — Uydagilar, qolaversa, mahalla-ko‘y ra’yiga qarshi ish tutsam bir karra og‘izga tushishim turgan gap. O‘g‘illarning obro‘yiga ham putur yetadimi, deyman. Zamon nozik. Qil ustida qalqib turibdi. Yaxshisi, Qo‘qonda uylanganim ma’qulmidi? Tez-tez borib-kelib turaman, umrimning ko‘pi Qo‘qonda o‘tyapti. Shartta shinamgiia bir hovlini olardim-qo‘yardim. Pulga nima topilmaydi deysan?— Piyoladagi choyini ho‘plab davom etdi boy.— Qo‘qonda oshnalar ham ko‘p...— Boy bir zum sukutga toldi,— Bu ishni puxta va pinhon olib borganimiz ma’qulmikan deyman?— baqraygan ko‘zlarini Eshonxonga qadadi boy. — Xo‘sh-xo‘sh? Muddaolarini ochiqroq aytsinlar,— dedi ayyor ko‘zlarini o‘ynatib Eshonxon. Saidahmadxon, odati bo‘yicha, salmoq bilan pixillab asta gapirdi. Hech kimga bildirmay kichik bir hovli topishni, dukchiga yaxshilab tushuntirishni, bordi-yu, cholni bunga ko‘ndirib bo‘lmasa, qiz oshiga — ziyofatga, deb qizni tuzoqqa ilintirish mumkinligini tushuntirdi. Boylarning shunday ishlar qilishini, bir vaqt o‘zi ham bir go‘zal bilan necha yil ham shunday yashaganini aytib, qornini serkillatib kuldi. — Munday ishlarnipg davosi ham, kaliti ham — pul,— dedi Saidahmad mo‘ylovini burab.— Pul bo‘lsa — changalda sho‘rva! Eshonxon jiyan, mana munday ishlar bor jahonda. Quv Eshonxon boyning muddaosini darrov fahmladi: — Bu o‘ylaganingiz ham chakki emas, boy aka, uddalasa bo‘ladi. Qiz oshiga deymizmi, o‘zga bir yo‘l topamizmi, xullas, o‘z oyog‘i bilan keltirib qo‘ndiramiz kaftingizga, — dedi u ko‘zlarini o‘ynatib. — Balli,— dedi boy yengil tortib,— Qo‘qondan shiringina bir hovli top, iloji bo‘lsa shinam bir bog‘cha bo‘lsin. Pulidan qo‘rqma, hamma ishni maxfiy bajar. Qiz xohlasa qolar, xohlamasa keyin ketaveradi, ko‘ramiz-da...— Boy, ko‘nglidan bir gap o‘tib, jilmaydi.— Rahmatli padarimiz mulkni juda yaxshi ko‘rar edilar, pul bilan, tadbir bilan, o‘rni kelganda yoqalashib bo‘lsa ham, ko‘z tikkan yerlarini qo‘lga kiritmay qo‘ymasdilar. Hovli ham mulk. Yaxshi-yomon kunlarda kerak bo‘lib qoladi. Yaxshi-yaxshi musulmonmi, rusmi juvonlar bo‘ladiki, olifta, sho‘x, dildor... Hozircha ishratga yarab turar. Eshonxon xandon tashladi. U boy bilan bunday mavzularda suhbat qilishni sevardi, xursand edi hozir. — Xo‘p, jonim fido sizga, boy aka, sharqirab oqib, turgan suvi bor, behishtning bir burchagiday shinamgina bog‘cha topayki, huzur qiling. Basharti pulni ayamasangiz, barcha ish joyida bo‘ladi. Maslahatimga yursangiz, dastavval bir oqsoch topamiz, taomlarga mohir, pazanda ayol bo‘lsin, muomalani biladigan, ozoda bo‘lsin. Ana o‘shanda amirning harami deyavering bog‘ingizni: hamma yoq bejog‘liq. Hadeganda kabobu manti-yu, go‘shtkuydilar kelib tursa. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, boy ota, o‘zim do‘ndirib yuboraman bu ishlarni,— dedi Eshonxon dahanini yig‘ishtirib ololmay. — Ma’qul, gapingda ma’ni bor,— dedi boy tizzalarini uqalab.— To‘g‘ri aytasan, oqsoch juda zarur. Qirq-ellik yoshlardagi til-jag‘i yo‘q, chaqqongina bir ayolni top, qimir etmay o‘tiradigan bo‘lsin. Qorovul ham kerak-da, axir. Tiliga qulf solib qo‘yamiz, sidqidil xizmat qilsa, xafa qilib qo‘ymasmiz. Eshonxon qix-qix kuldi, uqdim, degandek boshi bilan imo qildi, keyin dedi: — Qaydam, g‘oyat nozik ish, boy aka, dukchigayam jabr bo‘ladi-da, qizga ham... Boy asabiy tusda bir xo‘mraydi: — Aynading, tentak, mayli, amrimizga muntazir fidayi yigitlarimiz ko‘p, lahzada har na yumush bo‘lsa qotirib tashlashadi. Eshonxon oqarib ketdi, tili bir zum g‘o‘ldirab qolgan edi, bazo‘r o‘zini rostlab oldi: — Boy aka, tuzingizga nonko‘rlik qilmayman. Otamsiz, valine’matimsiz, meni odam qilgan ham o‘zingiz, o‘la-o‘lgunimcha ostonangizda qulman. Amr eting, qizni do‘ndirib qo‘lingizga qo‘ndiraman. Boyning ayyor ko‘zlari qisildi: — Po‘pisa qildik-da, xafa bo‘lma. Eshonxonning yana chehrasi yorishib ketdi. — Qulluq, janoblari, qulluq,— dedi ta’zimga egilib. Boy tilla zanjirli soatni kissasidan sug‘urdi: — Olti bo‘libdi-ku, xo‘p ezmalanibmiz, Eshon, mehmonlar keladi, xizmatchilarga ayt, joy tayyor qilishsin. — Xo‘p, boy aka,— dedi Eshonxon va mehmonxonadan otilib chiqib ketdi. II Mehmonlar soat sakkizlarda yig‘ila boshladilar. Aksariyat, o‘n-o‘n ikki kishi jadidlar bo‘lib, bular mehmonxonaning quyirog‘idan joy oldilar. To‘rda, orqalariga qo‘yilgan momiq yostiqlarga suyanib, gavdalari yumaloq, go‘shtdor bir necha atoqli boylar terilgan edi. Sallasini silliq o‘ragan, soqoli moshkichiri, yangi movut to‘n va amirkon mahsilarda bazzoz Muhammadmansur, uning o‘ng yonida degrezlik mashhur attor Toshpo‘lat. U soddaroq, qo‘polroq kiyingan, baqbaqasi qo‘sh qavat osilgan, keng yag‘rinli, mitti ko‘zlari ayyor, kalta to‘rva soqolli, oltmish yoshlardagi kishi. Uning yonida jadidlarning mo‘tabari Anvarxon qori o‘tirar edi. Qori bilan yonma-yon o‘tirgan kishi — mashhur advokat Abdullaxo‘ja. U Moskvada tahsil ko‘rib, birinchi bo‘lib oliy ma’lumot olib kelganlardan; pakana, to‘laroq, olifta kiyingan, yuzlari jiddiy, ifodali, aqlli odam. Advokatdan quyiroqda, birinchi daf’a yangi maktab ochgan Mas’udxon o‘tiribdi. U qotmadan kelgan, o‘rta bo‘y odam, keng peshanali, muloyim chehrasiga qora mo‘ylov juda yarashgan, sodda kiyingan, o‘ttiz besh yoshlardagi kishi. Uning yonida, o‘rta hol boyvachchalar orasida eng ilg‘ori, ziyolisi, qop-qora ko‘zlari uchqunli, yigirma besh yoshlardagi barvasta yigit. U notiq, hazilga usta, ruschani yaxshi biladigan, tuzukkina ma’lumotli Jalilxon edi. Boshqalari, Muhammadmansur boyning chap qo‘lida o‘tirganlar — Toshkentda mashhur boylar, katta yer-suv egalari, boyvachchalar, bir necha jadidlar... Ulfatlar qizg‘in suhbatga kirishib ketdilar. Dasturxon bashang: issiq non, patir, xilma-xil pishiriqlar, qazi-qarta, yaxna go‘sht, turli shirin nozu ne’matlarga to‘la. Poygakda oq rux samovar shaqillab qaynab turibdi. Samovar yonida cho‘kka tushgan Eshonxon halim vaziyatda, tavoze bilan, bir qo‘li ko‘ksida, mehmonlarga dam-badam choy uzatadi. U tez-tez boyga termiladi, uning imoli qisqa buyruqlariga muntazir. Mana, boyning «Norin tayyormi?» deya shivirlashi bilan, «Xo‘p bo‘ladi, janob!» dedi-yu, uchib chiqib ketdi. — Janoblar ijozat bersalar, ikki og‘iz gap bor edi,— murojaat etdi mehmonlarga o‘ziga xos yengil tabassum bilan Anvarxon qori. — Marhamat, marhamat, janob qori,— dedi darhol uy sohibi. — Bugungi diqqatga sazovor muhim voqea Petrogradda Muvaqqat hukumatning barpo bo‘lganidir. Oliy tabaqali zotlardan bo‘lmish knyaz Lvov, Ruchkov, Rodzyanko, Kerenskiy va boshqalar hukumat a’zolaridir. — O‘zimizning toshkentlik Kerenskiy, mashhur advokat, o‘tkir notiq,— shivirladi Abdullaxo‘ja Mas’udxonga engashib. — Ha-ha, bilaman, hamshaharimiz-da, hovlisi Gogol ko‘chasida,— dedi astagina Mas’udxon. Kar Abdullaxo‘ja qo‘lini qulog‘iga qo‘yib Mas’udxonga engashdi, lekin eshitolmadi. Mas’udxon kulimsiradi, faqat takror gapirmadi. — Ahvoli zamon chakki emas,— so‘zida vazmin davom etdi Anvar qori.— Muvaqqat hukumat harbni davom ettirmoqda, qurol-aslahaning g‘amini yemoqda. Barcha sarmoya ahli, barcha boyonlar mustabidlik siqig‘idan qutulib, mamlakatning idorasini o‘z qo‘liga oldi. Darhaqiqat, bu buyuk inqilob. Turkiston o‘lkasi qavmlari hanuz zulmatda, bugungi bizning muqaddas burchimiz, janoblar, xalqni g‘aflatdan qutqarish, ma’rifatga boshlash. Bu g‘oyat og‘ir, albatta. — To‘g‘ri-to‘g‘ri, barchamiz g‘aflat balchig‘iga botganmiz, avvalo zamonga muvofiq maktab tartib etmoq shart. Boyonlarimiz o‘z zimmalariga olsinlar bu burchni,— dedi Mas’udxon. Jadidlarning bir nechasi bir og‘izdan ma’qulladilar. — Haqiqatni so‘zladilar, qori afandi, o‘zlari o‘rnak bo‘lsalar. Qori achchiq choyni shoshmasdan bir-ikki ho‘pladi, keyin dedi: — Janoblar, ziyolilar, boyonlar, zanginlar barcha savdo ahli bilan birlikda, ittifoqlik bilan, bir-birimizga ko‘makdosh bo‘lib, bir tashkilot tuzsak.— Qori o‘tirganlarga bir-bir nazar tashlab olgach, tag‘in so‘zda davom etdi:— Buning ayni vaqti-soati keldi, fursatni qo‘ldan bermaslik, hushyorlik darkor. Basharti, islom bayrog‘i soyasida ulug‘ vazifalar, tadbirlar, rejalarni oldimizga qalashtirib, shijoat va vijdon bilan, vatanimizga muhabbat bilan ijtihod qilsak, shoyad shonu sharaf bilan maqsadga yeturmiz. Aziz do‘stlarim, biz turk avlodimiz, Turkistonning tarixida bizning shonu sharafimiz yuksak bo‘lgan. Xalqni ma’rifat tomon boshlamoq bizning burchimiz. Inshoollo mushkullarimiz oson bo‘lgay. Janoblar, ruslarda «Sovet» tashkiloti bor, menimcha, biz tashkilotimizga «Sho‘ro», yoxud «Islom bayrog‘i», yo esa. «Sho‘royi islomiya» deya nom bersak chakki bo‘lmas. Ixtiyor sizlarda, ayta bering-chi, fikrlaringizni bilsak. Majlis ahli chuqur sukutda quloq solar, ba’zilar qattiq hayajonda edi. Ko‘pchilik «Sho‘royi islom»ni ma’qul ko‘rdi. — Ko‘p yaxshi, «Sho‘royi islomiya» chuqur mazmunli. qavmlarimizning ayni muddaosi bo‘lg‘ay,— dedi qat’iyat bilan Anvarxon.— Toshkentda bu tashkilotning markazi bo‘lib, o‘zga shaharlar va mavzelarda sho‘balarini tuzajakmiz. — Ofarin, qori afandi,— dedi shavqlanib, yonib Jalilxon.— Butun o‘lka bo‘ylab bu tashkilot sho‘balarini og‘dirib tashlagaymiz. Na qilsinki, xalqimiz asrlar bo‘yi razolatda qolmish, biz shu xalqimizning ojiz ko‘zlariga ravshanlik keltiraylik. Maqsadimizga faqat birlik, inoqlik bilan yeturmiz, o‘zga ikir-chikir masalalar bilan fikrlarimizni chalg‘itmaylik. — Janoblar!— dedi ming‘irlab paxtafurush Mirhojiboy.— Albatta bu tashkilotni ulamo hazratlari rahbarligida barpo etish zarur, hushyor bo‘laylik, islom yo‘lidan chekilmaylik. Abdullaxo‘ja bir-ikki daf’a yo‘talib oldi, keyin u, Petrograd voqealari, knyazlar, graflar haqida, Muvaqqat hukumat xususida gapirdi va dedi: — Muhtaram Anvarxon qori bu masalani ko‘p chuqur tahlil qilib, o‘zlarining yorqin fikrlarini bayon qildilar. «Sho‘royi islomiya» nomi bizning butun orzularimizga munosibdir, g‘oyat o‘rinlidir. Qonunga muvofiq, bir tashkilot barpo etilajak bo‘lsa, albatta, avom bilan va avomning ulug‘lari, ya’ni ulamo hazratlar, obro‘li boyonlar rahbarligida ta’sis majlisi o‘tkazilur, rasmiy e’lon etilur; tashkilot shunday tug‘ilur, janoblar! Shuning bilan birga, tashkilotning hay’ati saylanur, ana undan keyin butun ish hay’at qo‘lida bo‘lajak. Albatta, hay’at tarkibida eng e’tiborli, boobro‘, vazifashunos shaxslar bo‘lmog‘i lozimdir. Majlis ahli Abdullaxo‘janing aytganlarini ma’qullab, boshlarini tebratdilar. — Janob qori,— dedi pixillab Saidahmadxon.— «Sho‘royi islomiya»ning tashkili sizning zimmangizda bo‘lsa. Ma’qulmi, janoblar?— mehmonlarga murojaat etdi boy. — Balli janob, barchamizning muddaomiz shu,— dedi Muhammadmansur bazzoz qoriga.— Vazifashunos, intizomkor kishi — siz janoblarining o‘zlaridir, Ulamo sizni sevadi, hurmat etadi. Anvarxon qori nazokat bilan qulluq qildi. Shu tobda ikki xizmatkor katta xitoy laganlarda serqazi, sergo‘sht norin olib kirdilar, keyin Eshonxonning idorasida katta-katta jonon kosalarda murch bilan o‘ldirilgan piyozli ho‘l norin tortildi. Suhbat to‘satdan kesilgan edi. — Qani, do‘stlarim, suhbat qochmaydi, taom sovimasin,— dedi Saidahmadxon mehmonlarni noringa da’vat etib. Mehmonlar bir-birlariga: «Olsinlar, olsinlar» deya mulozamat qila-qila norinxo‘rlikni boshlab yubordilar. Lazzatli taom mehmonlarning kayfini ko‘targan edi. Mehmonlar hazil-huzul qilishib, ishtaha bilan xo‘p yedilar. — Bay-bay-bay, ko‘p lazzatli norin bo‘pti, munaqasini olam aslo ko‘rmagan,— dedi kekirib mehmonlarning biri. Norinning ustidan birov famil, birov ko‘k choy ichgach, pixillashib, kekirishib, momiq yostiqlarga yonboshladilar, Ostonada shoir G‘aribiy paydo bo‘ldi. — E-e, kelsinlar, muhtaram shoir,— dedi Saidahmadxon va kulimsirab yostiqdan qaddini sal ko‘tardi. Ikki qo‘li ko‘ksida shoir mehmonlarga ta’zim qildi: — Assalomu alaykum, ko‘rganimiz — ko‘rishganimiz. Shoir quyiga cho‘kka tushishni mo‘ljallagan edi, lekin o‘rnidan irg‘ib turib, o‘zining yoniga tortqilagan Jalilxonga qarshilik qilolmadi, o‘tib uning yoniga o‘tirdi. — Afsuski, bir zaruriyat yo‘limga sad chekkanidan kechikdim. Janoblar, kechirgaylar,— dedi shoir nazokat bilan joylashib o‘tirgach, so‘ng davom etdi:—Zavolli Turkiston o‘lkasida ozodlik quyoshi yarqiradi, kamina ko‘p mamnun va umidvordirki, ma’rifat-san’at quyoshi ham biz kabi mazlum xalqlar boshida porlagay. Ozodi obodi ast! (Forscha-Tojikcha: Ozodlik obodlik keltiradi) Bu haq so‘zdir... Hayoti mashaqqat va musibat bilan to‘la bo‘lgan shoir G‘aribiy aksariyat ishqiy g‘azallar bitsa-da, ma’rifat, ilm haqida ham ko‘p qayg‘urar va yozar edi. Eshonxon katta kosaga tepalab suzilgan sho‘rvali norinni ikki qo‘llab mehmonga tutdi: — Marhamat, taqsir! — Shoir, qani olsinlar, taomni zoriqtirmagaylar!— dedi Saidahmad mehmondo‘stlik bilan. — Majlisni davom ettiraylik, shoirimizning ham quloqlari ochiq, norinni oshab turib, suhbatimizda ishtirok etaversinlar,— dedi. kulimsirab Anvarxon qori. — Xo‘p, taqsirim, xo‘p,— noringa qo‘lini solib, boshini tebratib ma’qulladi G‘aribiy va jilmaydi:—Ushturki koh mehohad — gardan daroz mekunad. (Forscha-tojikcha: Tuyaga ovqat kerak bo‘lsa, bo‘ynini cho‘zddi.) Mehmonlar kulib yubordilar. Mas’udxon ilm-ma’rifat ustida haddan tashqari ezmalik bilan so‘zga kirishdi, xalqni tarbiya qilish, yosh avlodga xos odob-axloq haqida uzoq gapirdi. — Ollohi taolo insonlarni iste’dodli, qobiliyatli, yaxshi-yomonni, foyda ila zararni, oq ila qorani farq qiladigan etib yaratgan. Ammo insondagi bu qobiliyat bir javohirki, uni kamolotga yetkurmakchun tarbiya lozim. Agar inson go‘zal tarbiyaga musharraf bo‘lsa, butun umr baxtiyor bo‘lg‘usi, agar buzuq odatlarga o‘rgansa, axloqsiz, nomussiz, tanbal, insonlik turqini yo‘qotgan maxluq, ollodan qo‘rqmaydigan, shariatni hamisha oyoq osti qiladigan bo‘lur. Astag‘firullo, unday kimsalar u dunyoda ham yaxshilik ko‘rmagaylar, jahannam ularning abadiy makoni bo‘lur. Tugib tashlov ila bo‘lmas, bola bo‘lgay balo sizga. Vujudi tarbiyat topsa, bo‘lur u rahnamo sizga. Mas’udxon, kalta soqolini siypab, davradagilarni ko‘zdan kechirdi. — Agar fikr yaxshi tarbiyat topsa, xanjaru olmosdan bo‘lur o‘tkur,— dedi G‘aribiy qo‘llarini sochiqqa artib. Majlis ahli: «To‘g‘ri-to‘g‘ri!» deya boshlarini liqillatdi. Mas’udxon vazminlik bilan yana so‘zda davom etdi: — Ilm, fan va fikr olami nihoyat keng va chuqur. Axloq husniyani ayniqsa yosh avlodimizga o‘rgatmoq bizga ham farz, ham vojib. Eng mo‘tabar odamlar yaxshi xulq egalaridirlar. Ming chandon afsuski, boyonlarimiz axloq husniyaga e’tibor qilmaydilar. Umuman, savdo ahli ma’rifatga beparvo. — Ofarin!— dedi Anvarxon.— Ko‘nglimizdagini aytdingiz, ilm-ma’rifat hamisha aql bilan yo‘ldoshdir. Mas’udxon tag‘in gapga tushdi, «Sho‘royi islomiya»ning tashkiliy vazifalariga taqadi so‘zni: — Ulamolar, o‘z boyonlarimiz ham rus boylari Muvaqqat xukumat bilan ittifoqlikda, hamkorlikda ish tutmoqlari zarurdir,— dedi. Majlis ahli Mas’udxonning aytganlarini ma’qullagach, turli masalalar, ayniqsa, moddiy masala xususida muzokaralar, tortishuvlar qizib ketdi. Saidahmadxon loqaydlik va g‘urur bilan dedi: — Ko‘ramiz-da, hozir bahsning hojati yo‘q, boyonlarimiz qarab turmas axir, bu haqda bafurja gaplasharmiz. Qori va ziyolilar yuzlarida norozilik ifodasi ko‘rindi, lekin indamadilar. — Yechib olish lozim bo‘lgan yana bir juz’iy masala bor edi. — Tashkilotimizga muvofiq, yaxshi bir bino kerak,— dedi o‘rnidan bir qo‘zg‘alib olgach, Jalilxon.— Keyin stol, o‘rindiqlar, javon, umuman, jihoz kerak-da, quruq o‘zi bo‘laveradimi? Tutilib-tutilib ming‘irladi Toshpo‘latboy: — Bino, hovli obdan zarur, o‘rinli gapirdi inimiz Jalilboyvachcha,— uzun kekirib yana davom etdi:—Ikkimizning zimmamizga tushadi bu masala,— dedi Saidahmadxonga qarab,— o‘ylashib, bamaslahat zanginlarning hamyoniga bir-bir qo‘l solamiz, oqcha yig‘amiz. Oqcha bo‘lsa, bino topishning mushkulligi yo‘q. Suhbat yarim tunga qadar davom etdi. Bu orada palov ham yeyildi, necha topqir choy ham ichildi. Shoir G‘aribiy cho‘ntagidan taxlangan bir varaq qog‘ozni qayta-qayta chiqarib, bir-ikki yangi she’rlarini o‘qidi. Mehmonlar «Balli», «Ofarin!» kabi olqishlar bilan tingladilar. G‘aribiy ilm-ma’rifat, nodonlik, g‘ofillik haqida yozgan edi. Mehmonlar o‘rinlaridan qo‘zg‘alishib, xayr-ma’zur bilan tarqaldilar. III Saidahmadxon ikkinchi xonaga o‘tdi. Jig‘ildoni qaynaganidan betoqatlanib, o‘zini yostiqqa tashladi, bir choynak ko‘k choyni ham bo‘shatdi. Ahvoli yaxshilanmagach, qichqirdi: — Xap doru keltir, hoy! — Labbay, taqsir?—so‘radi ostonada paydo bo‘lgan Eshonxon. — Javonni och, asil dori, deb maqtab bergan edi hind tabib, qani, ko‘raylik-chi. Eshonxon dorini darrov topib, bir piyola suv bilan boyga tutdi. — Asil doriga o‘xshaydi, hididan bilyapman. Jig‘ildoningiz qaynashi norindan, xo‘jayin, hechqisi yo‘q, o‘tib ketadi. Dorini yutib, qult-qult suv ichgach, boy cho‘zildi: — Hovliga kir, tashqari hovlida yotib qoldilar de,— dedi kekirib. Eshonxon ichkari hovli eshigining halqasini ohista shiqirlatdi, qarshisida paydo bo‘lgan oqsochga dedi: — Boy akam tashqarida yotib qoldilar, bir oz toblari bo‘lmay turibdi, yangalar xavotir olishmasin. — Ha, me’dasi buzilgandir,— dedi oqsoch ensasi qotib.— Ovqatni orqa-oldinga qaramay yeydi-da, boy akangiz. Nafsini tiymaydi. Eshonxonning dardi bo‘lak. Oqsochni turtib qo‘ydi va shivirladi: — Erga teg, oppoq qiz, yurasanmi oqsochlikda, o‘zim olardimu, hamyon quruq-da. Oqsoch qo‘lidagi chiroqni balandroq ko‘tarib, Eshonxonning yuziga tutdi: — Ha, tullak, ola qarg‘aga o‘xshab hamisha ko‘zing alang-jalang, shuncha pul topsang ham, labingni yalab turaverasan. Tashvishim senga tushmay qo‘ya qolsin. Tegsam ham sendaqa yalaqiga tegmayman. Oqsoch eshikni taqqa yopib, zanjir soldi. Garang bo‘lib qolgan Eshonxon bir-bir bosib, g‘aribona hujrasiga kirdi, tokchadagi chiroqni yoqib, o‘zini yostiqqa tashladi, xomush xayolga toldi... Endigina yigirma besh-yigirma oltiga kirgan Eshonxon shu damda yoshini yashab bo‘lgan keksalardek his etdi o‘zini. O‘yga toldi... Boy pishiq odam, bir tiyinni chakki tomizmaydi. Bu aldab-avrab uncha-muncha tortadi, lekin boy o‘lguday qurumsoq. Hali zavod, hali do‘kon, hali bog‘ o‘rtasida bo‘zchining mokisidek qatnagani qatnagan. Yana mehmon kutishini aytmaysizmi, yolg‘iz boshida shuncha g‘avg‘o. Sakkiz yil bo‘libdi shu eshikda. Paxtachilik savdosi yaxshi hunar. O‘n-o‘n besh yil sabr qilsa, o‘zi ham bir mustaqil ish boshlab yuborar. Bir kun emas, bir kun uning tole yulduzi ham chaqnab qolar. Onasi boyaqish: «Qachon bir boshing ikki bo‘ladi? Men ham bu dunyoning tashvishidan tinchib, ko‘z yumsam», degani degan. Har ishning boshi pul. Pul bo‘lsa — changalda sho‘rva, har qanday xonadonning qiziga qo‘li yetadigan bo‘lardi... Eshonxon uzoq xayol surdi. Betinch qiladigan, tashvishga soladigan rejalari, o‘ylari ko‘p edi. Nihoyat, u papiros olib tutatdi, Tor hujrasida halqa-halqa tutun burqitib u yoqdan-bu yoqqa yurdi. Tez-tez tuynuk-darcha oldiga borib, tashqariga quloq solib qo‘yardi. Papirosini zarda bilan o‘chirib, endi o‘rin solmoqchi bo‘lib turganida, yengil oyoq tovushi eshitildi va o‘sha zahoti deraza asta chertildi. — Eshigingizni ilmasangiz nima bo‘larkan!—dedi Zebi Eshonxon eshikni ochib, uni hujraga olgan hamon. O‘rta bo‘yli, tiqmachoqday, oppoq Zebixonga ustidagi yangi pushti tovar ko‘ylak juda yarashgan edi. Peshanasiga qora tovar durrani noz ila tang‘igan, katta shol ro‘molga burkangan edi. — Chirog‘ingizning piligini pasaytiring...—dedi Zebixon past ovoz bilan. Zebixonni bunday holatda sira ko‘rmagan Eshonxon dovdirab, piligini pasaytiraman deb chiroqni o‘chirib qo‘ydi. Hujradagi yakka o‘rindiqqa Zebi o‘tirib olgan edi. Eshonxon nafasini rostlagandan keyin deraza oldiga tashlangan ko‘rpacha ustiga o‘tirdi. — Boy otangiz bo‘kib qolgan bo‘lsa kerak!— dedi istehzoli ohangda Zebi qoshlarini chimirib. Zebining kayfiyatini payqab ololmay turgan Eshonxon qixillab kuldi: — Boy ota Hindistondan kelgan xap dorini ichdilaru, darhol dev uyqusiga ketdilar. Sizga ne bo‘ldi, ikki haftadan buyon faqiringizni zoriqtirib qo‘ydingiz? Zebixonning ma’yus ko‘zlarida ishva jilvalandi. — Kelmasam, ahvolimdan o‘zingiz xabar olay ham demaysiz. Otamnikiga borib keldim. Eshitgandirsiz, otam boyaqish sindi! Shu-shu uyga cho‘kdi, vahima bo‘lib qolgan,— uzun uh tortdi Zebi.—Boy otangiz o‘lgurning parvoyiga ham kelmaydi. Dadamning behishtday qanaqa bog‘i bor edi, o‘zingiz ham ko‘rgansiz. Uzumu olma, noku nashvati... hammasi endi hosilga kirgan. Otam shu bog‘imizni sotaman, deyapti. Diliga chiroq yoqsa yorimaydi shu kunda. Bir ko‘ylak et bo‘lib yuradigan onam sho‘rlik ham kuyaverib, bir hovuch suyak bo‘libdi qolybdi. Gap shunaqa, Eshonxon aka, dard ko‘p, hamdard yo‘q. Zebixon dilgir holda qo‘lini chakkasiga qo‘yib, jim qoldi. Eshonxon nima deyishini, uni qanday yupatishni o‘ylardi. — Juda yomon ish bo‘libdi. Otangiz juda tanti boylardan edilar. Davlatni ayamay sovurganlarda. Balki qarzlari ko‘pdir, qaydam... Do‘kondor ahli nihoyat pishiq bo‘lishi kerak, mutloq nasiyaga mol olmasligi zarur. Nasiyaning oti qursin, oti ham yomon, oqibati ham. — Rost aytasiz, qanday dong‘i ketgan katta do‘kondor edi otam, eshigimizdan bir lahza odam arimas edi. Qayerdan keldi bu falokat, aqlim hayron. Eshonxon Zebining ma’yus ko‘zlariga tikilib, ikki tizzasini kaftlari orasiga olganicha jim o‘tirardi. — Ha, bu bir falokat. Biroq kuyishning sira foydasi yo‘q. Har bandai mo‘minni yaratganning o‘zi yorlaqasin.— Zebixon uzoq sukutda o‘tirgach, boshini ko‘tarib uzun bir oh tortdi.—Otam ham mayli-yu, hammadan ham ikki ukamga achinaman. Biri o‘nda, biri yettida. Ikkalasi ham hali juda yosh. Hozir eski qo‘r-qutdan bor, lekin yotib yeganga tog‘ chidamaydi. Otam sho‘rlik telbalardan erta-yu kech nasha chekadi, odamgarchilikdan chiqqani shu-da... Hovlimiz judayam xarob, bilmadim, oxiri ne bo‘lar ekan. Zebining ko‘zlaridan duv etib yosh to‘kildi. Eshonxon shoshib, kamzulining cho‘ntagiga qo‘l soldi. So‘ng Zebining ko‘krak cho‘ntagidan ko‘rinib turgan ro‘molchasini olib yoshini artdi. — Taqdir deydilar buni, Zebixon, tole va iqbol qushi otangizning boshlariga yana qo‘nsa ajab emas.— So‘ng, qo‘shib qo‘ydi:—Otangizga jinday yordam kerak edi... Boy otaning omadi yurishgan hozir. Paxta nuqul oltin bo‘lib yog‘ilyapti, bay-bay-bay, qani shu davlat menda bo‘lsa... — Ha, boy bitib ketyapti, biroq bizga nima nafi bor?—dedi Zebi ensasi qotib. — Nega nafi bo‘lmasin, azizim? Boyga yyg‘lab-yolvorib ko‘ring-chi, zora ko‘ngli yumshasa, muruvvat qo‘lini cho‘zib, suyab yuborsa. Boyadan beri motamsaro o‘tirgan Zebi asta kulib qo‘ydi. Bu bilan u ancha yengil tortganday bo‘ldi. Sochlarini silab durrasini to‘g‘riladi, ko‘zlaridagi namni artdi. — Rost aytasiz, o‘zim ham ko‘nglimga tugib qo‘ygan edim buni, Eshonxon aka. Kezi kelganda siz ham aytib turing, zora qurumsoqning ko‘ngliga xudo rahm solsa... Sizning gapingizga kiradi-ku valine’matingiz, oralaringizdan qil o‘tmaydi, nimasini yashirasiz,—kinoyali kuldi. Eshonxonning rangi quv o‘chgan edi... «Hamma sirdan xabardor ko‘rinadi», deya ko‘nglidan o‘tkazdi. Xomush u burchakdan-bu burchakka yura boshladi. — Zebixon, men gapirsam bo‘lmas, sizning yo‘rig‘ingiz boshqa. Gapga chechansiz, jonim, yana boyning tilini yaxshi bilasiz... suyukli xotinisiz... Men bo‘lsam tobe bir odamman. «Senga bu «shning nima daxli bor?» deb qolsa, nima deyman? Yo‘q, jonim, ehtiyotlik shartdir...— ohista erkalab Zebining boshidan o‘pdi u. — Qo‘ying, shu topda ko‘nglimga hech narsa sig‘may turibdi,—dedi Zebi yelkasidagi ro‘molini tuzatib. — Noz-istig‘no, g‘am-anduh olib chiqqan ekanlar-da bizga.—Eshonxon qo‘yarda-qo‘ymay Zebini ko‘rpachaga o‘tqazdi. Sirg‘alib tushgan ro‘molini avaylab yelkasiga yopdi.— Zebixonim, dunyo shunday, vafosi yo‘q, ko‘ngilning oromi faqat ayshu ishratda. Keling, unutaylik bu tashvishlarni, insonning umri juda qisqa. G‘am-anduh ayniqsa tez qaritadi insonni... Eshonxon Zebining qo‘sha-qo‘sha uzuk, bilaguzuk yaraqlab turgan momiq qo‘llarini o‘pib, belidan quchdi. — Qo‘ying-e, suyuqlik qilmang, shu topda yuragim tars yorilib ketay deyapti,— dedi Zebixon va bir oz nari surildi. Ko‘ngli xiralangan Eshonxon papirosga zo‘r berdi. Zebixonning hamon hasratidan chang chiqardi. — Yetti yil bo‘ladi shu dargohga qadam bosganimga. Lazzatini ham totdim, zahar-zaqqumini ham. Lekin bir farzand ko‘rmadim, shunga dog‘man... Boyning bu bilan ishi yo‘q. Men tug‘masam, katta xotini tug‘ib bergan. Yer yutgurlarning bittasi ham yoqimtoygina emas, biri biridan bedavo. Ayniqsa Otabegi juda qo‘rs, buzuq, o‘salki! Beting qurg‘urni ko‘rishga toqatim yo‘q. Xotinining darrov bo‘yi-da bo‘la qolibdi. Bilmadim, men bechoraga xudo nega farzand ato qilmaydi?! Onam sho‘rlik ko‘rsatmagan na do‘xtir, na tabib qoldi. Bir o‘ris do‘xtir: «Tug‘asan, g‘am yema», degan edi. Ishqilib, yuragimni bir parcha cho‘g‘ hamisha yondirib yotadi-da... Zebi yana sukutga toldi. Xomush o‘tirardi. Eshonxon unga achinganday soxta g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi: — Noumid shayton, deydilar, oppog‘im, noumid bo‘lmang. Dong‘i to‘rt dahaga ketgan bir afg‘on tabib bormish. Darak solib ko‘ray-chi. Keyin sizga tayinini aytarman. Boyning davlati katta. Biroq merosxo‘rlari ham ko‘p. Siz ikki qo‘lingizni burningizga tiqib qolaverasizmi? Yo‘q, yotib qolguncha otib qol, deganlar, siz ham harakatingizni qiling... — Ha, dardim ichimda. Kundoshim amal-pamal qilmadimi degan gumonim ham bor. Kundoshlik— ko‘ngil g‘ashlik ekan, Eshonxon aka. Mayli, o‘sha tabibni daraklab ko‘ring, albatta boraman. Zebixon ruhan yengillashganday sezdi o‘zini, erkalanib, Eshonxonning yelkasiga boshini qo‘ygan edi, u sekin quchib, yostiqqa tortdi... Zebi yana sukutga toldi. Xomush o‘tirardi. Eshonxon unga achinganday soxta g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi: — Noumid shayton, deydilar, oppog‘im, noumid bo‘lmang. Dong‘i to‘rt dahaga ketgan bir afg‘on tabib bormish. Darak solib ko‘ray-chi. Keyin sizga tayinini aytarman. Boyning davlati katta. Biroq merosxo‘rlari ham ko‘p. Siz ikki qo‘lingizni burningizga tiqib qolaverasizmi? Yo‘q, yotib qolguncha otib qol, deganlar, siz ham harakatingizni qiling... — Ha, dardim ichimda. Kundoshim amal-pamal qilmadimi degan gumonim ham bor. Kundoshlik— ko‘ngil g‘ashlik ekan, Eshonxon aka. Mayli, o‘sha tabibni daraklab ko‘ring, albatta boraman. Zebixon ruhan yengillashganday sezdi o‘zini, erkalanib, Eshonxonning yelkasiga boshini qo‘ygan edi, u sekin quchib, yostiqqa tortdi... O‘n Birinchi Bob I Zumrad to‘kilib turgan pastakkina eski uyning ensizgina ayvonchasida o‘rtog‘i Gulasal bilan ish tikib goh kulishib, goh jiddiy so‘zlashib o‘tirardi. Ko‘klamning eng ko‘rkam chog‘i. Ayvon oftob. Hovli chinniday toza. Momosuluv xola hovlini qirtishlagani qirtishlagan. Cheti jarlikka tutashgan bu kichkina hovli daraxtlarga liq to‘la. Dukchi bo‘yraday bo‘sh joy ko‘rsa, darrov bir novda ko‘chat topib tiqib qo‘yadi. Hozir nafis gullarga burkangan bu daraxtlarning har biri go‘yo bir muazzam guldasta kabi, quyoshda ko‘rkam chaqnagan. Tepalikdan oqib tushadigan bir ariq suv shaldirab shu hovli orqali o‘tib jarga quyuladi. Momosuluv xola oshxonada bo‘z yenglik tutib tandirdan jazillagan zog‘ora non uzmoqda edi. Qimmatchilik bu oilada har daqiqa o‘zini ko‘rsatib turadi. Zog‘ora non, bug‘doy go‘ja, qora sho‘rva tanglikning birinchi belgilari. — Urush qursin, boshga bitgan balo bo‘ldi,—dedi Zumrad o‘rtog‘iga. Xafaqon o‘tirgan Gulasal bo‘shashibgina qatim tortardi, uzun tin olib, xo‘rsinib qo‘ydi. — Yolg‘izgina akam mardikorlikka jo‘nadi. Mo‘min-qobil, mehnatkash, zehni baland yigit edi; har narsaning uddasidan chiqadigan epchilgina edi. Akam ketdi-yu, uyimiz huvillab qoldi... Mana endi... na hat bor, na xabar... — Xafa bo‘lma, o‘rtoqjon, otam har kuni bozordan bir yangi gap topib keladi. Nekalay zolim taxtdan tushdi, endi mardikorlikka ketgan yigitlarimiz yaqinda qaytib keladi, degan mish-mishlar bor,—dedi Zumrad o‘rtog‘ini yupatib. — Aytganing kelsin, o‘rtoqjon,— dedi Gulasal bir oz yengil tortib. Otasining rus ishchilara, masterovoylaridan topgan gaplarini har kun uyga yig‘ib kelishini hikoya qila ketdi.—Piyonbozorda tramvayning izini tozalab yurib, otam ko‘p gaplarni eshitadi. «Spasiba», «xarasho», «chort vazmi», yana allanimabalo so‘kishlarni ham o‘rganib olibdi. Dadam boyaqishni tirikchilik tashvishi, g‘ami ezib tashladi. Mahallamizning imomi o‘lgur dadamga: «Namoz o‘qi, chulchut, kofir bo‘lib ketyapsan-ku, oxiratda azobini tortasan: vujudingni gunohga botirma!» deb har kun so‘karmish. Otam ham bo‘sh kelmas ekan: «Saharda ishga jo‘nasam, oqshom kir-yag‘ir, horib qaytsam, xudoning o‘zi kechirar, taqsir», derkan. «Mana, siz ozoda, kiyim-boshingiz yarqiraydi, shoshmasdan bir-bir bosib yurasiz, obro‘ katta, imom deb barcha qo‘l qovushtiradi. Yana oqchani xazonday supurib o‘tiribsizu o‘lguday xasis, qurumsoqsiz, cho‘zing puldan», deb hazillashar emish. Imom jahldan qizarib: «Senga xudoning o‘zi bas kelmasa, bandasi bas kelolmaydi!» deb o‘tib ketarkan. Otam boyaqish bizni qoqila-suqila zo‘rg‘a boqyapti-da, o‘rtoqjon,—dedi Gulasal xomush holda. — Ha, otang mehnatkash, ayolmand odam,—dedi Zumrad ishdan bosh ko‘tarmay.—Mana, mening otam dukchi. Ertadan shomga qadar g‘ir-g‘ir duk uchlaydi. Dukni kim oladi? Bizlarga o‘xshash faqirlar oladi-da, shundan bilaver, nima bo‘lardi puli... Lekin otam namozni sira kanda qilmaydi, har juma eshonnikiga zikrga boradi, o‘lguday bo‘g‘ilib, sillasi qurib qaytadi. Zumrad ko‘zlarini chiroyli suzib, keng quloch yoyib kerishdi-da, ayvondan pastga tushib jag‘i yirtilgan eski kavushini oyog‘iga ildi. — Qaddi-basting sarvdek kelishgan...—dedi Gulasal o‘rtog‘iga havas bilan qarab. Zumrad kuldi. — Qorin tirishib ketdi-ku, xabar olay-chi, zog‘ora pishdi shekilli, hidi dimoqqa keldi,—dedi-da, oshxonaga yugurdi. — Qorinlaring ochib ketdi, qizim. Olib bor, Gulasal ham yesin,— dedi Momosuluv mehribon tovush bilan. Zumrad lorsillab turgan eog‘ora nondan ikkitasini qo‘lidan qo‘liga ola-ola puf-puflab ayvonga yugurdi, dasturxon yozib, nonni burdaladi. — Issiqqina, ola qol, o‘rtoq, ishingni yig‘ birpas,— dedi zog‘oradan bir tishlamini og‘ziga solib Zumrad.— Bay-bay-bay, biram shirin unnadiki og‘zimga. Momosuluv savatda zog‘oralarni ko‘tarib ayvonga kelganida, qizlarning ishtaha bilan non yeyayotganlarini ko‘rib, o‘ksingandek gapirdi: — Tolelaring ochilsa, yog‘li patir chaynasalaring ham ajab emas. Xudodan erta-yu kech tilaganim shu. Zumradni, butun shaharga dong‘i ketgan zavodchi boy so‘ratyapti. Boyning yugurdagi Eshonxon xudoning bergan kuni bo‘zchining mokisidek qatnagani qatnagan. Otasi ikkovimiz kecha rozilik berib yubordik. Zumrad har kungi gap, deb beparvo kulib o‘tirgan edi, onasining «rozilik berib yubordik» deganini eshitib, yalt etib kampirga qaradi: — Nima deyapsiz? oyi? Tegmayman unga. Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan. Boy bo‘lsa, boylarning qizini olsin. Kutilmagan bu gapdan Gulasalning tomog‘iga non tiqilay dedi. — Endi bu gapingni bas qil!—dedi Zumradga jahldan qaltirab onasi.— Qizning izmi otada; otasi kimga munosib ko‘rsa, shuning etagini tutib ketaveradi qiz degan rasmi. Baxting ochildi-ku, ko‘r bo‘lmagur! Yeganing oldingda, yemaganing orqangda, boyvuchcha bo‘lib yurasan, yomonmi?! Otang boyaqishning ham keksayganda ko‘kragiga shamol tegadigan bo‘ldi, buniyam o‘ylagin-da! — Gapimni eshiting, oyi,—dedi Zumrad jahlini bosib, —u quturgan boy, kuniga bitta xotin olgisi keladi. Eshitdim, ikki xotini bormish, ikki kundosh ustiga qaysi yurak bilan bermoqchisiz meni?! Yeb qo‘yishadi-ku!.. Aqli raso xotinsizku, nega bularni uylamaysiz?! — Ha, ko‘rganman, uchta xotin ustiga tushganlar ham bor, baloday izzatli-obro‘li yurishibdi. Yosh xotin erka bo‘ladi, so‘zingni o‘tkazib o‘tirasan, nodon qizim,— dedi Momosuluv va kulimsirab qizining yelkasini qoqdi. Zumrad qo‘lida bir burda zog‘orani ushlab devorga suyangan holda bir lahza jim o‘tirib qoldi, keyin asabiy titroq bilan onasiga dedi: — Siz o‘ylagan tanti boy mingdan bitta chiqadi. Boyligi ko‘p bo‘lsa—o‘ziga, sizga gardi ham yuqmaydi. Ikki orada men kuyib ketaman. Satang xotinlari tinch qo‘yarmidi meni, onajon! Kampir qiziga javob topolmadi, allanimalar deb po‘ng‘illab, savatdagi zog‘oralarni yoyib qo‘ydi-da, oshxona yig‘ishtirgani ketdi. Zumrad yana bir necha daqiqa vahimali xayollar og‘ushida o‘tirdi-da, so‘ng Gulasalga qarab kulimsiradi. — O‘lsam ham topgan boylariga tegmayman. Ol, nondan ye! — Behuda kuyma, o‘rtoqjon, tegmayman desang, oyoq-qo‘lingni bog‘lab berisharmidi, ra’yingga qarashar,— dedi Gulasal nonga qo‘lini uzatib.— Biziikida har kuni arpa non, judayam chakkamga tegib ketdi, zog‘oraning mazasi boshqa. Shu payt eshikdan Manzura kirib keldi. Boshida gunafsha shohi paranji. U o‘rta bo‘yli, qoracha, lo‘ppigina qiz. Qoshlari o‘smadan payvasta, bodomqovoq, qisiq ko‘zlarining quv ifodasiga takabburligi qo‘shilgan. U oq shohi ko‘ylagi ustidan belini sirib kimxob nimcha kiyib olgan, qo‘llarida qo‘sha-qo‘sha yoqut ko‘zli tilla uzuk, bilaguzuklar. Zumrad irg‘ib o‘rnidan turdi-da, u bilan quchoqlashib ko‘risha ketdi. — Jim bo‘lib ketding, o‘rtoqjon, kutaverib esim ketdi. Sog‘inganimdan o‘zim kelyapman,— dedi Manzura va qizarib chetda tik turgan Gulasalga zimdan qarab olgach, beparvogina ko‘rishdi. — Kelib yaxshi qilibsan, men ham sog‘ingan edim,— dedi Zumrad o‘rtog‘ining paranjisini olib taxlar ekan.— Bu — Gulasal, yaqin qo‘shnimiz, juda chevar qiz. — Shundaymi?—dedi Manzura Gulasalning boshidan oyog‘igacha razm solib.— Chevar bo‘lsa, bir juft qoziq lungi tikib bersin. Lekin hech kimda yo‘q nusxa bo‘lsin. Oyim qo‘sha-qo‘sha zardevoru kirpechlarni, qoziq lungilarni tiktirib qo‘yibdi. Mayli, tag‘in ikkita qo‘shilsa ortiqchalik qilmas. — Yoqtirsangiz tikib beraman,— dedi tortinibgina Gulasal. Manzura to‘rga chiqib, Zumrad solgan qavat-qavat ko‘rpachaga o‘tirdi va dimog‘ bilan Gulasalga qarab dedi: — Bir yo‘lim tushganda shohi bilan ipaklarni tashlab o‘tarman. Narxiniyam gaplashib qo‘yaylik, ishni boshidan pishiq qilgan yaxshi. Gulasal xijolatdan yerga kirib ketay dedi: — O‘ldimmi sizdan pul olsam, uyat bo‘ladi-ya. Manzura sevinchini yashirolmadi: — Qani, avval tiking-chi, keyin o‘shanga qarab muomala qilarmiz,— dedi kibr bilan. Manzuraning ovozini eshitgan Momosuluv oshxonadan yugurib keldi, ko‘rishib, qayta-qayta hol-ahvol so‘rashgach, eski samovarni ko‘tarib, yana o‘choq boshiga ketdi. Zumrad bilan Manzura bolalikdan birga o‘sishgan. Manzuraning hovlisi ikki mahalla narida edi. Ular bir otin oyida saboq o‘qishgan... Zumrad otin oyisini sevardi, u «rahmatli otin oyim yaxshi xotin edi», deya tez-tez eslab qo‘yardi. Otin oyilari oltmishlarga yetib vafot etdi, novcha, to‘ladan kelgan, salobatli xotin edi. Qishda egniga olacha mursak kiyib, boshiga shol ro‘mol o‘rab, ustidan telpak bostirib olardi, yozda esa ola-bula guldor, keng chit ko‘ylak kiyib, boshiga oq doka ro‘mol o‘rardi: ro‘molning ustidan bir qora lips peshanabog‘ni tikkaytirib bog‘lab qo‘yardi. Otin oyining qo‘lida tutdanmi, jing‘ildanmi aso bo‘lardi, qaddini tik tutib, bir-bir bosib yurardi. Otin oyi qur’onni yoddan o‘qirdi. Navoiy, Fuzuliyning ko‘p g‘azadlarini ham yod bilardi, ohang bilan chiroyli o‘qirdi. O‘zi juda xushxat, lekin shogird qizlariga aslo xat bitishni o‘rgatmas edi. «Qizlarning xat bilmagani tuzuk, yo‘qsa yigitlarga xat yozishadi», derdi. Dinning talablariga qattiq o‘jarlik bilan rioya qilardi. Namoz-ibodatga berilgan bu xotin oxir peshinga qadar qizlarni o‘qitib, keyin ularni ozod qilgach, joynamozdan siljimas, o‘tirgan joyida kelinlari, nevaralariga ish buyurib o‘tirar edi. Otin oyi shogirdlari ichida Manzurani ko‘p turtardi, Manzuraning qizlar bilan so‘zlashib, kulishib o‘tirganini payqab qolsa, darrov qo‘lida tayoq bilan shaqqa tushirardi. Manzura alamiga chidamagandan ho‘ng-ho‘ng yig‘lab olardi. «Qizgina, erkaligingni uyingda onangga, otangga qilasan, bu dargohni maktab deydilar, misoli quduqni igna bilan qaziganday, sabr talab qiladi ilm degan narsa», derdi u. Zumrad bilan Manzura maktabga ko‘p yillar birga qatnadilar. Zumrad zehni balandligi, o‘qishga havasi zo‘rligidan ko‘p o‘tmay savodini chiqarib oldi. Manzura tuzuk o‘qimadi, xayoli, havasi o‘zga narsalarga band bo‘lardi. Maktabga shunchaki «o‘qidingmi — o‘qidim» qabilida qatnaganidan, chala savod qolib ketdi. Zumrad o‘n besh yoshlarga yetganda turmushning qattiqchiligi tufayli tahsilni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Manzura bo‘lsa Zumraddan keyin tag‘in bir yil chamasi maktabga qatnadi, keyin o‘z istagi bilan o‘qishni tashladi. Bu ikki qiz qalin do‘st, sirdosh bo‘lganidan bordi-keldi qilib tursalar-da, Zumrad o‘rtog‘inikiga har zamonda bir borardi. Manzura Zumradning oldiga haftada bir-ikki daf’a kelib ketardi. Zumrad oppoq yuvilgan tik dasturxonni o‘rtaga yozdi, kichkina patnisda to‘rtta zog‘ora, taqsimchada bir hovuch parvarda olib chiqdi. Manzuraning qarshisiga o‘tirib, gap boshladi: — Qani, gapir-chi, nima yangiliklar bor? — Kuyov muborak bo‘lsin, o‘rtoqjon, toleing bor ekan, juda sevindim. Saidahmadboynikiga borganman. Uy-joylari yaxshi, o‘ziyam hali ancha yosh, qirchillagan vaqti. Dong‘i ketgan zavodchi boy. Bitta kamchiligi — qo‘sh xotinimi? Axir, seni oshiqu beqaror bo‘lib olayotgan emish-ku. Bo, erka xotini bo‘lib yuraverasan... To‘y qachon? Yaqinmi? Gulasal gapga aralashmay jim o‘tirardi, u Zumradga ko‘z qirini tashlab, labini tishladi. — To‘y bo‘ladi, deb bir og‘iz aytmaysan ham-a, o‘rtoqjon! O‘rtoqlik ham shunaqa bo‘ladimi?— dedi tag‘in Manzura. — Menga boy erning darkori yo‘q,— dedi Zumrad qoshlarini chimirib.— Kundoshlik qursin. O‘z tengim topilib qolar. — Voy tentag-ey, jinni-minni bo‘ldingmi!— O‘tirgan yerida bir to‘lg‘anib qo‘ydi Manzura.—Bu nima deganing? Men muborak bo‘lsinga kelsam, sen nima deb valdirayapsan? To‘rt kunmi, besh kunmi bo‘ldi chog‘i, akamning oldiga bir-ikki boyvachchalar bilan birga Eshonxon kelgan edi,— ovozini pasaytirib shivirladi Manzura.— U tez-tez kelib turadi, o‘zi quvgina, bilimdon, yaxshi yigit. Menga yoqadi-yu, faqat faqir-da... Akamga gapirayotganida deraza orqasidan eshitib oldim. O‘shandan beri chopqillab kelib ketay deymanu, sira ilojini qilolmayman. Bugun oyim, mehmonlar keladi, deganlariga ham qaramay, oldingga yugurdim... Momosuluv samovarni ko‘tarib kelayotgan edi, Zumrad yugurib borib, «meni chaqirsangiz bo‘lmasmidi?» deb qo‘lidan oldi. Kampir mehmonga choyni achchiqqina damlagan edi, Zumrad o‘rtoqlariga choy quyib uzatdi. Kampir o‘tirib olgach, gapni uzoqdan boshladi. Er-xotin butun umr faqirlik, tanglik bilan turmush kechirganlarini, berahm taqdirning toshi hamisha boshlarida do‘lday o‘ynagani haqida uzoq gapirdi, keyin dedi: — Xudoga shukur, yolg‘izgina qizimning baxti bor ekan. Lekin qizim tushmagur yoshlik qilib oyoq tirayapti, Manzuraxon. O‘zingiz tushuntiring, nasihat qiling o‘rtog‘ingizga. Tagli-taxtli odamlarning qizisiz, sizga o‘rgatgulik yeri yo‘q,— yalindi kampir. — Hammasini gapirdim, xolajon, ko‘nadi, ko‘nmay nima qilardi. Shunday katta dargohga kelin bo‘lsa yomonmi?! Zumrad qovog‘i soliq, sukutda o‘tirardi. Kampir ezmalik qilaverdi. — Muhammad alayhissalom, to‘rt xotin olish mumkin degan,— dedi. Ensasi qotib, churq etmasdan o‘tirgan Zumrad chidamadi, asabiy titroq tovushda onasiga dedi: — Kundoshlar bilan it-mushuk bo‘lib yurar ekanman-da!.. Qani tag‘in bir kelsin-chi... juvonmarg bo‘lgur Eshonxon... Yer yutgur yugurdakni... itday bir talab beray, mushukday qochsin!.. Kampir oqarib ketdi, qiziga bir xo‘mrayib, indamadi,. Manzura barmog‘i bilan yuzini sidirdi: — Voy o‘la qolay, uyat bo‘ladi-ya, uyat — o‘limdan qattiq, Zumrad! Bas, nozingni yig‘ishtirib, xo‘p degin-da, tegib ketaver, keyin pushaymon bo‘lib yurma! Zumrad labini burib, teskari qaradi, — Yuringlar, qizlar, hovliga tushayliq,— dedi u oyisiga jahl qilib. Kampir kalovlanib, dasturxonni yig‘ishga tutindi. Qizlar goh undan, goh bundan gaplashib, hovli aylanishdi. Ko‘klam shabadasi qizlar ruhini ko‘targandek bo‘ldi. Hazillashib, kulishib, suv bo‘yiga qator o‘tirishdi-da, tomlarda to‘polon bilan quroq uchirib yurgan bolalarni tomosha qilishdi. Manzura ko‘pdan beri yig‘ilib qolgan gaplarini qizlarga shivirlab hikoya qila boshladi. Har kun sovchilar eshiklari turmini buzishayotganini, onasi ularga dasturxon yozish, osh-suv qilishdan charchaganini, «Otasi biladi, bamaslahat javob qilarmiz», deb jo‘natganini g‘urur bilan so‘zlardi. Barchasi tagli-zotli odamlar ekanligi, ular keldimi, darrov berkinib olishini, sovchilar, «qizni ko‘ramiz», deb xiralik bilan turib olishlarini Manzura huzur qilib gapirardi. — Ertadan kechgacha eshigimizdan sovchilar arimaydi. Ba’zilarini-chi, Zumrad, jo‘rttaga bilmagan kishi bo‘lib, o‘zim kutib olaman, salom-alik qilib ko‘rishaman. Keyin tashqarigami, qo‘shnilarnikigami chiqib ketaman,— dedi Manzura qoshlarini o‘ynatib.— Men, albatta yigit zanginlardan bo‘lsa, ko‘hlik, qomati alifday, shijoatli, olifta bo‘lsa, deb orzu qilaman. Shunaqasi chiqmayapti-da. Birining davlati bo‘lsa, o‘zi pakana, ko‘rimsiz, biri chiroylikkina, lekin cho‘loq, savil qolgurlar. Hammasini o‘zim kishi bilmas ko‘rib kelaman. Keyin dadam oyim bilan maslahatlashganda, quloq solib eshitib olaman. Mashhur bir bazzozning o‘g‘liga so‘ratishibdi. Oppoqqina, suxsurday yigit ekanu, biroq bir ko‘zi g‘ilayroq ekan. Oyim o‘shandan gap ochgan edi, bir lo‘lilik qilib berdim, tengim ko‘rshapalakmi, deb. Zumrad Manzuraning gaplarini bugun g‘oyat loqaydlik bilan tinglardi. Chunki onasining «javob berib yubordik» degan gapi uning yuragiga vahima solib qo‘ygan edi. Manzura Zumradga achinib, ich-ichidan qayg‘urayotgan va indamay jim o‘tirgan Gulasalga ko‘z qirini tashladi. — Zumrad, o‘rtog‘ingning ham zimdan yaxshi ko‘rgan yigiti bormi? Qora mag‘izday istaralikkina ekanu, bo‘yi bir oz pastroq ekan-da,— dedi u kibr bilan. Gulasal qip-qizarib ko‘zlarini yashirdi, indamadi. Lekin Zumradning ensasi qotgan edi, darrov javob qaytardi: — Bizga ham o‘zimizga munosibi topilib qolar. Bechora, g‘arib bo‘lsa ham, xulqi ko‘hlik, aqli raso bo‘lsin... Eshitganman, aql boshda, shijoat yurakda, der ekan hakimlar. Aytishadi-ku mehnatni yaxshi ko‘radigan yigitning qo‘li ham, dili ham gul,— dedi u har so‘zini chertib-chertib. Gulasal dugonasidan xursand bo‘lib ketdi, «ajab qilding, boplading bu kekkaygan o‘rtog‘ingni», deganday kulimsirab qaradi Zumradga. — Mana bu manzarani qaranglar, qizlar,— dedi Manzura oraga tushgan ko‘ngilsizlikni tarqatish maqsadida.— Osmon ham ko‘m-ko‘k, yer ham ko‘m-ko‘k. Anavi bulutlarning chiroyli suzishini qaranglar...— shunday deya Manzura pastga qarab yugurib ketdi. Gulasal jarning narigi yuziga imo qildi. Uzoqda bir necha yosh-yalang yigitlar it urishtirishar edi. Zumrad bilan Gulasalning pastga tushgilari kelmadi. Manzurani chaqirishdi. Biroq u eshitmadi. Pastga tushib olib, hadeb qizlarni chaqirardi. — Yuringlar, anavi yerda tegirmon bor ekan, tomosha qilamiz,— derdi u. Zumrad bilan Gulasal ham noiloj pastga qarab yugurishdi. Qizlar pastlikka, jarga qarab ketma-ket chopqillab tushdilar. — Yopiray, suvning guvillashi juda vahimali-ya!—dedi Manzura chuqurlikda oqayotgan bir tegirmon suvga qarab. Jarning parigi yuzida it urishtirayotgan yigitlar ochiq yurgan qizlarni ko‘rib, allanimalar deb qichqira boshlashdi. Begona ko‘zdan hayiqqan qizlar izlariga qaytishdi. Manzura paranjisini boshiga ildi. Momosuluv xola bilan, qizlar bilan xayrlashib eshikka yurdi. — Hali vaqt erta-ku, o‘tira tursang bo‘lardi,— dedi Zumrad. — O‘tirish shunchalik bo‘ladi-da, mehmonlarim bor, bir-ikki o‘rtoqlarim keladigan edi. Sen ham borib turgin, hadeb men kelaveramanmi?— dedi arazlagan ohangda Manzura, keyin eshik oldida bir zum to‘xtadi:— Zumradjon, ko‘p qiyiqlik qilma, ota-onangning aytganiga tegib ketaver, oltinga ko‘milasan... Zumrad labini burdi: — Oltini boshida qolsin yer yutgurning. Manzura, «esing yo‘q», deganday boshini chayqadi-da, zing‘illaganicha chiqib ketdi. Orqasidan uzoq qarab turgan Gulasal kuldi: — Biram dimog‘dorki... Boy-da, pul quturtiradi bunaqalarni! Zumrad «ha» deganday boshini kimirlatdi, lekin indamadi. Gulasal ham ishini yig‘ishtirishga tushdi. — Men ham uyga chiqa qolay, oyimga qarashaman,— dedi. Xayrlashib chiqib ketdi. Zumrad ayvonda allaqanday qo‘shiqni ohistagina xirgoyi qilib, yana kashta tikishga berildi. II Namozgarga yaqin eshikdan qovog‘i solingan dukchi kirib keldi. Zumrad otasining kayfi buzuqligini darrov sezgan edi. O‘rnidan turib ishlarini yig‘ishtirdi-da, ichkariga kirib ketdi. — Kampir, beri kel!— chaqirdi chol xasta tovush bi-lan. — Ha-ha, nima gap, muncha qovog‘ingizdan qor yog‘ilmasa?!—dedi kampir, shoshilib ayvon labiga o‘tirgach, so‘ng eriga tikildi. — Ish dumi xurjunda bo‘lib qoldi, xotin. Boya Eshonxon oldimga kelgan edi. Boyning ishi ko‘p emish. Yaqinda Maskopga, Peterburgga jo‘nash ehtimoli bormish. Savdogar boylarning ishi shunday-da, kampir, goh u shaharga, goh bu shaharga qatnab turadi... Pul o‘zi keladimi! Xullas, to‘yni xo‘jayin safarga borib kelgandan keyin qilmoqchimish. Keyin Eshonxon o‘tirib-o‘tirib: «Boy xotinlaridan jinday andisha qilyapti, ota, sabr qiling», dedi. Shunday, kampir, gap mujmal... Cholning gapini angrayib eshitib o‘tirgan kampir bir necha daqiqadan so‘ng eriga qarab dedi: — Kuymang, otasi, peshanasiga yozilganini ko‘radi. Boygami, faqirgami, taqdirning buyurgani bo‘ladi. Zumrad uyda, eshik orqasida turib hamma gapni eshitgan edi. Sevinganidan yuragi gurs-gurs urib ketdi, yugurib ayvonga chiqdi-da, onasini quchoqladi: — Baxtim bor ekan, oyijon! Peshanamga boy yozilmagan!— Zumrad sevinchiga sig‘may Gulasalning oldiga yugurdi. Otash-dukchi qizining yengiltakligidan qattiq ranjidi, lekin na urishdi, na so‘kdi. Qushday uchib yugurgan Zumradning orqasidan baqrayib qoldi. O‘n Ikkinchi Bob I Unsin sandiqdan katta tugunni olib ochdi-da, yeng uchi bilan ko‘zyoshlarini arta-arta, onasidan qolgan buyumlarni bir-bir nazardan kechirdi. Eskigina ko‘ylak, chetiga gul tikilgan ro‘molcha, ikki dona almisoqdan qolgan angishvona, ikki dona tayyorlanmagan xom do‘ppi... U har qaysisini birma-bir qo‘lga olib, avaylab siypadi, qalbi g‘am iskanjasida qisilgan holda, uzoq xomush o‘tirdi. Risolat kampir nevarasini oldiga solib, allaqayga daydib ketgan. Shokir ota tirikchilik dardida bozorga jo‘nagan. Tiq etgan tovush yo‘q, qiz tanho. Tugunda tag‘in akasi Yo‘lchining mayda-chuyda Narsalari: eski bir do‘ppi, qiyiq, sarg‘ayib ketgan qog‘ozga ruscha yozylgan xat — Yo‘lchi o‘lganda Unsin uning yon kissasidan topib olgan edi bu xatni. Unsin do‘ppini barmoqlarining uchi bilan qayta-qayta avaylab siypadi, lablariga tegizib bir-ikki o‘pdi, tag‘in ehtiyot bilan taxladi, ko‘zlariga surkadi, qo‘sh qo‘llab ko‘ksiga bosdi. Onasi va akasining xotiralariga cho‘mib, yum-yum ko‘z yoshlarini to‘kdi: alamdiyda qiz uzoq hushsiz o‘tirdi. Qishloqdagi hayotidan turli manzaralar ko‘z oldidan qatorlashib o‘tardi: mehribon onasi, qalbiga eng yaqin, aziz Yo‘lchi akasi bilan xayolan gaplashganday, tovushsiz allanimalarni pichirlab qo‘yardi. Uzoq yurtlarga, mardikorga ketgan Elmurod akasini eslab xo‘rsinardi... Unsin shu ahvolda uzoq o‘tirgandan keyin, xomushgina tugunni yig‘ishtirayotgan edi, Ra’no kirib qoldi. — Qo‘rqib ketdim-ey,— dedi Unsin seskanib, keyin teskari o‘girilib tezgina ko‘z yoshlarini artib oldi, majolsiz o‘rnidan turib, o‘rtog‘i bilan ko‘rishdi. — Muncha qo‘rqmasang!— xandon tashlab kuldi Ra’no, keyin birdan qizning ko‘zidagi namni, vaziyatidagi siqiqlikni payqab qoldi-da:—Nima gap o‘zi? Senga nima bo‘ldi?—deb so‘radi tashvishli ohang bilan. — Nimasini so‘raysan, o‘rtoqjon?— Uzun uh tortdi Unsin.— Sening nima g‘aming bor, nimani tushunasan! Turib-turib xunob bo‘lib ketaman, goho onamdan qolgan mayda-chuydalarni bir yozib ko‘raman, shunda picha hovurim bosilganday bo‘ladi. Ra’noning yuzida tabassum o‘chdi, bo‘shashibgina namatga o‘tirdi-da, ro‘moldagi narsalarga asta ko‘z yugurtirdi: — Rostdan oying tikkanmi bu do‘ppilarni? Judayam chevar ayol ekanlar, chamanday yonib turibdi-ya! Unsin bosh silkidi, uzun bir xo‘rsinib oldi-da, titroq ovoz bilan gapirdi: — Ha, do‘ppi tikishga juda chevar edi, o‘la-o‘lgunimcha onamdan xotira deb saqlayman bularni!— Unsin qaddini rostlab oldi. Yo‘lchining do‘ppisi orasidagi xatni chiqarib Ra’noga uzatdi.— Akamning cho‘ntagidan topib olganman bu xatni, ko‘r-chi! Ra’no xatning taxini yozdi, u yog‘-bo‘ yog‘ini o‘girib qaradi: — O‘rischa-ku, esizgina, o‘qishni bilmayman-da, bilganimda o‘qib ko‘rardik, nima yozilgan ekan-a? — Akamning o‘ris oshnalari bor deb eshitgan edim. Akam, o‘ris o‘rtoqlarim bilan tuppa-tuzuk gaplashaman, degan edi bir marta menga,— dardchil tovush bilan javob berdi Unsin. Ra’no xatni bukladi. — Ko‘z yosh to‘kib o‘tirganingdan nima foyda chiqadi, o‘rtoqjon. Yaxshisi, yur, Valya opamga borib o‘qitib ko‘ramiz,— hayajon bilan qistadi o‘rtog‘ini Ra’no. Unsin shoshilib tugunni sandiqqa soldi-da, paranjisini yopindi, eshikni omonatgina qulflab, Ra’noning ketidan ko‘chaga chiqdi. Daraxtlarning ko‘m-ko‘k yaproqlari har soat, har daqiqa gurkirab o‘sgan chog‘i... Quyosh nurlaridan go‘zal oltinlangan havoda yengil, yoqimli ko‘klam shamoli zir yuguradi... Valya hovlida oppoq yuvilgan kirlarni chayqayotgan ekan. Unsin ko‘rishgan hamon nima maqsad bilan kelganlarini aytdi. — Shu xatni o‘qing-da, mumkin bo‘lsa, bizlarga tushuntirib bering, opajon,— dyodi u yalingan ohangda. — Nega mumkin bo‘lmasin, albatta mumkin,— dedi Valya va darrov hovlida turgan stol atrofidagi taburetkalarga qizlarni o‘tqazdi, o‘zi ham ularga qarshima-qarshi o‘tirib olib, qo‘llarini fartug‘iga artdi-da, xatni ochdi, qoshlarini chimirgan holda jiddiy tus bilan ko‘z yugurtib, bir karra xatni nazardan o‘tkazib oldi, keyin so‘zlarni bir-bir donalab o‘qiy boshladi. Unsin bu so‘zlarning ma’nosini garchi tushunmasa-da, quloq solardi. Ra’no ba’zi jumlalarni, iboralarni andak tushunardi. Valya xatni o‘qib tugatdi-da, tikilib turgan Unsinga tushuntira boshladi: — Mazmuni shuki,— rus va o‘zbek so‘zlarini qorishtirib so‘zlardi Valya,— Petrov degan kishi Vasilev degan bir kishiga yozgan bu xatni. Turmadan Yo‘lchi ikkovimiz birga qochdik, deydi Petrov. Men uzoq joyga ketyapmon, maxfiy ish... Ehtiyot bo‘l, o‘rtoqlarga salom. Bu xatni sen-ga topshiruvchi Yo‘lchi bizga nihoyat sodiq kishi. Jasur yigit, Turkistonning mehnatkash yigitlaridan. Turmada sekin kechadigan kunlar, tong otmaydigan tunlardan foydalanib, rus tilini va siyosiy bilimni picha o‘rgatdim unga, debdi. Bolsheviklar partiyasiga arziydigan yigit, debdi. Vassalom, xatning qisqa mazmuni shu,— dedi Valya va qog‘ozning orqasiga ko‘z yugurtirdi, adresi ham bor ekan. Ra’no bir ruscha so‘zga bir o‘zbekcha so‘zni tirkashtirib, ba’zi tushunmayotgan so‘zlarni qayta-qayta so‘rab, aniqladi. Unsin ko‘zlarida jiqqa yosh, indamay o‘tirardi. Valya bilan Ra’no uni ovutishga, ko‘nglini olishga tirishardilar. II Indiniga soat o‘n birlarda ikki dugona tramvayda yangi shahar tomon jo‘nashdi. Unsin tramvayga endi tushishi edi, uning shovqinidan go‘yo birdan boshi aylanganday tuyuldi. U o‘qtin-o‘qtin peshanasini uqalab qo‘yar edi. Ra’no piq-piq kuldi. — O‘rganib qolasan, konka ajoyib narsa, mo‘ljallagai joyingga lahzada eltib qo‘yadi,— dedi o‘rtog‘ining tizzasini turtib. Qizlar vagondagi begona kishilardan tortinib, past ovozda gaplashib o‘tirishardi. — Manavi Qoziko‘cha, shu yerda yaxshi o‘rtoqlarim bor, qaytishda ularning oldiga kirib chiqamiz-a,— dedi Ra’no Unsinni tirsagi bilan turtib. — Qani, Qoziko‘cha qani?—u yoq-bu yoqqa alanglab so‘radi Unsin. — O‘ng tomonda, orqada qoldi. Konka deganing shamolday o‘tdi ketdi-da,— kulib javob berdi Ra’no. — Xo‘pam yaxshi narsa bo‘larkan,— dedi Unsin oynalarga, kursilarga ko‘z yugurtirib. Tramvay O‘rdaga yetganda Ra’no Unsinni shoshira boshladi. — Yur-yur, tezroq tush, yurib ketadi,— o‘zi chaqqonlik bilan tushib oldi. Unsin ham shoshilib, o‘rtog‘i orqasidan yerga sakragan edi, vagon eshigiga paranjining qulog‘i ilinib qoldi. U «Voy sho‘rim!», deb nima qilishni bilmay turgan edi, dugonasi bir siltab, tortib oldi. O‘rdaning ikki tomonida bir-biriga yopishgan eski, tor kichik do‘konlar — baqqollar, qassoblar, mashinachilar tizilgan. Qizlar ohista yurib, do‘konlarga qarab, shivirlasha-shivirlasha O‘rda ko‘prigidan o‘tishdi, to‘g‘ri ko‘cha bilan ketishdi. — Gorodga ikki marta chiqqanman,— dedy Ra’no sho‘x ovozini jaranglatib.— Bir gal Merobodga borganman, u yerda o‘zbeklar ham turadi, keyin bir marta allaqanday ko‘chalardan o‘tib, Qorasuvga, bir boqqa borganmiz xolam bilan. Qizlar u ko‘chaga bosh tiqib, bu ko‘chaga bosh tiqib, adashib ancha yurishdi, oxiri bir rus choldan so‘rashdi. — Ha, barishnalar, adashibsizlar, orqaga qaytib, maydonchadan o‘tinglar-da, chapga burilinglar, naq o‘ziga chiqasizlar. Tinch, pastqam ko‘cha. — Ispasipa, ispasipa,— dedi Ra’no sevinganidan qayta-qayta. Qizlar tez-tez yurishib serdaraxt, ikki tomonidan jildir-jildir suv oqib turgan ensizgina sokin bir ko‘chaga kirishdi. Qizlar so‘roqlab kelgan ko‘cha shu edi. Tusmol bilan bir-ikki eshikni qoqib, oxiri Vasilevning uyini topishdi. Eshikni oriqqina, jussasi kichik, sochlariga oq oralagan bir rus ayol ochdi. — Vasilif amaki uydalarmi?—tutilib, qiynalib, o‘zbekcha-ruscha so‘zlarni aralashtirib so‘radi Ra’no. Unsin chachvonini orqasiga tashladi: — Vasil amakim sho‘tdamilar?— dadil so‘radi Unsin barmog‘i bilan uyni ko‘rsatib,— pajalista chaqiring. Ayol bir zum hayron bo‘lib turdi-da: — Kiringlar, hozir keladi,— deb qizlarni ichkariga taklif qildi. Qizlar oldinma-ketin ichkariga kirishdi. Katalakdek torgina eski bir hovli. Devorga qisilib o‘sgan ikki tup olcha hovlining yolg‘iz ko‘rki edi. — Ismlaringiz nima?—so‘radi ayol yumshoqlik bilan. — Megning ismim — Ra’no, o‘rtog‘imniki — Unsin,— javob berdi Ra’no ruscha so‘zlarni donalab. — Meniki — Tatyana Ivanovna,— dedi ayol qizlar bilan ko‘rishib.— Marhamat, uyga kiringlar, Vasilevning ishi juda ko‘p, hozir kelib qoladi.— Uyning, eshigini ochib, ichkariga taklif qildi qizlarni u. Qizlar xonaga kirishlari bilan paranjilarini yig‘ishtirib, deraza tagiga tashladilar, o‘rindiqlarga o‘tirib, sukutda atrofga ko‘z yugurtirdilar. Tomi past, sahni kichiq bir xona, lekin oppoq oqlangan, ozoda. Qarshida kulimsirab turgan Tatyana Ivanovnadan Ra’ no tutilib so‘radi: — Bolalaringiz bormi, opa? — Ikkita,— javob berdi u muloyim tabassum bilan ikki barmog‘ini ko‘rsatib,— bir qiz, bir o‘g‘il. Kattam — qiz, Samarqandda, turmushga chiqqan. O‘g‘lim Vanya front-da,— ayolning chehrasidan tabassum yo‘qoldi.— G‘am ko‘p,— dedi u alamli ohang bilan va boshini chayqab hovliga chiqib ketdi. Qizlar yalt etib bir-birlariga qarashdi, Unsin labini tishlab, achinganidan boshini tebratib qo‘ydi. Allaqayerdan paydo bo‘lgan bir kuchuk dahlizda qizlarga ko‘zini lo‘q qilib o‘tirib oldi. — Laychamikan?—so‘radi Unsin.— Indamaydi-ya, ko‘zlariga qara! — Ko‘zlarining ziyrakligidan aqlli kuchukka o‘xshaydi, o‘rislarning itlari shunaqa o‘rgatilgan bo‘ladi,— dedi Ra’no. Qizlar birpas churq etmay, gap yo‘q, so‘z yo‘q jim o‘tirishdi. Kuchuk ham ko‘zlarini uzmay haykalday qotib o‘tirardi. Tatyana Ivanovna ko‘chaga, qayergadir chiqib ketgan edi, anchadan keyin qaytib kirdi: — Hech kim kelmadimi?— so‘radi qizlardan.— Erimda nima ishlaring bor edi? Balki men ham ko‘mak bera olarman sizga? — Bir xat bor edi, o‘zlarining qo‘llariga topshirishimiz kerak,— dedi Unsin. Ra’no buni ruscha tushuntirdi xotinga. Tatyana Ivanovna indamadi, faqat o‘zlaring bilasizlar, deganday yelkasini qisib qo‘ydi: — Jek, yo‘qol, jo‘na!— dedi kuchukni jerkib. Kuchuk irg‘ib hovliga otildi, Qizlar kulishdi. — O‘lgur-ey, serfahmligini ko‘r!— dedi Ra’no xaxolab. Shu payt o‘rta bo‘yli, keng yag‘rinli, oq ko‘ylagi ustidan tasma bog‘lagan, etik kiygan Vasilev kirib keldi; Qizlarni ko‘rib boshidan kepkasini oldi. Qizlar dik etib o‘rinlaridan turishgan edi. — Zdravstuyte!— dedi u muloyim kulimsirab va shapkasini qoziqqa ildi-da, chetroqda turgan o‘rindiqqa o‘tirdi.— O‘tiringlar, qizlarim, o‘tiringlar,— deya qizlarni ham o‘tirishga taklif qildi. Qizarishib, tavoze va nazokat bilan salom bergandan so‘ng jimgina joylariga o‘tirisharkan, Ra’no ko‘zlari bilan Unsinga imladi. Unsin nimchasining cho‘ntagidan xatni chiqarib, hayajondan qaltiragan qo‘llari bilan Vasilevga uzatdi. Vasilev shoshilib ko‘zoynagini taqdi-da, xatni qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi. So‘ng bir oz sukut qilgach, dedi: — Yo‘lchining ta’rifini eshitgan edim. Sizlar uning kimi bo‘lasizlar, qizlarim? Ra’no shu savolni kutib turganday darrov javob berdi: — Vot sestra, xaroshi kizimka. Qishloqdan kelgan shaharga. Unsin allanechuk bo‘lib qetdi. Ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lganidan, qizarib yerga qaradi. Ra’noning tizzasini sekin turtib: «Akasi halok bo‘lganida cho‘ntagidan topib olgan, sizga keltirdik, degin, tuzukkina tushuntirsang-chi, o‘rischa bilasan-ku!» dedi shivirlab o‘rtog‘iga. Ra’no bilganicha tushuntirishga tirishdi. — Petrov amakim qayerdalar? Toshkentdamilar yoki boshqa shahardamilar?—so‘radi birdan Unsin muloyimlik va nazokat bilan. Vasilev Unsinning qalbidagi to‘lqinli hislarni, alamli kechinmalarni sezgan edi. Bir qo‘lida papiros, bir qo‘li bilan peshanasini uqalab, birpas jim o‘tirdi. So‘ng Petrovning hozir Samarqandda ekanligi, yaqin kunlarda Toshkentga kelishini tushuntirdi. Unsinning yuzi yorishdi, ko‘zlarining jilvasi minnatdorligini ifoda etardi. Erining yonida bularning suhbatiga quloq solib turgan Tatyana Ivanovna, endi tushundim, deganday boshini ma’noli tebratib qo‘ydi. So‘ng dasturxon yozib, choy hozirlay boshladi. — Vasilev papsros tutatib, qizlarga shu kunlardagi yangiliklardan hikoya qila boshladi. Ko‘p kurashlarda chiniqqan ishchilar sinfi bolsheviklar partiyasi rahbarligida Nikolay istibdodini yemirib tashlaganini tushuntirdi. — Afsuski, qizlarim, bizga tug‘ilgan quyosh yuziga bulut tortibdi. Burjuylar pomeshchiklar, iflos va sotqin xiyonatchilar ko‘magi bilan davlatning jilovini qo‘llariga olib qo‘ydi. Olamning xo‘jayini biz, deydi ular. Ha, dahshatli haqiqat bugun shunday,— dedi qat’iy ravishda Vasilev qahr bilan boshini tebratib. — Burjuy deganingiz nima o‘zi?— qiziqib so‘radi Ra’no. — Hamma boylar, fabrikantlar, savdogarlar, umuman aytganda, mehnatkashlarning qonini so‘rib turgan kanamaxluqlar,— javob berdi og‘ir sokinlik bilan Vasilev. «Tushundik, tushundik» deganday, ko‘zlarida g‘azab bilan boshlarini tebratishdi qizlar. — Butun mehnat ahli yig‘ilib bir musht ko‘tarsak, burjuylarni Muvaqqat hukumati bilan birga qo‘shib jahannamga ag‘daramiz. Zavodda musulmon do‘stlarim ko‘p, o‘zbekchani picha o‘rganib qoldim,— dedi Vasilev. Birpas sukutdan keyin davom etdi:—Qizlarim, biz Sovet tuzumini quramiz. Ishchilar, soldatlar, dehqonlar — bir katta kuch bo‘lamiz,— dedi mushtini stol chetiga qo‘yib, ishonch bilan Vasilev.— Omma uchun xizmat qilish, uning yuragiga kirib, g‘aflat uyqusidan uyg‘otish bizning muqaddas burchimiz. Yo‘lchi nima qildi? Yo‘lchi ham shu yo‘lda qurbon qildi o‘zini. Har daqiqa g‘animat shu kunlarda. Xalqni ayni kurashga da’vat etish fursati. Xalqning yuragidagi orzu-istaklarini tushunish katta ish. Biz xalq bilan birgamiz, aslo chekinmaymiz bu yo‘ldan! Hamisha el foydasini ko‘zlaymiz, maqsadimiz yolg‘iz shu! Qizlar, bu so‘zlarning ma’nosini tushunishga tirishib, lom-mim demay, jim tinglar edilar. Tatyana Ivanovna samovarni olib kirib, ozgina qora nonni yaproqlab kesdi, bir idishda olcha qiyom qo‘ydi. — Bu yil olchamiz bir talay gullagan edi, lekin kamroq tugdi, pishsin-chi, shakar bo‘lsa, ozgina qaynatardim,— dedi qizlarga choy uzatib Tatyana Ivanovna. — Bizdayam olcha bor, g‘uj-g‘uj tugdi,— dedi ko‘zlarini o‘ynatib Ra’no. Hammalari xursand holda, oz-oz non tishlab, stakanda choy ichib o‘tirdilar. — Ahvol shunday, qizlarim!—dedi Vasilev jiddiy ohang bilan avvalgi gapga qaytib.— Hozir bizning birinchi vazifamiz, ro‘y bergan ahvolni xalqqa tushuntirish, kurashni davom qildirib, davlatni o‘z qo‘limizga olguncha kurashga da’vat etish. Qizlar garchi Vasilev aytayotganlarning hammasini tushunib yetishmasa-da, gapning zamirini fahmlab o‘tirishardi. — Qizlarim, savodlaring bormi?—so‘rab qoldi to‘satdan Vasilev. — Musulmonchadan savodim bor, lekin o‘rischadan sira xabarim yo‘q,— dedi Ra’no afsuslanib, — Men bo‘lsam tamom gumrohman. Na o‘qishni bilaman, na yozishni. Omiligimcha qolganman,— dedi o‘ksinib Unsin. Vasilev achinganidan, boshini quyi solib jim o‘tirardi. O‘rtadagi og‘ir sukunatni buzmoqchi bo‘lib, Tatyana Ivanovna gapga aralashdi: — Xafa bo‘lmanglar, singillarim, yoshsizlar, hali o‘rganasizlar, mana, men xafa bo‘lsam arziydi. Turtinib-turtinib o‘qiymanu, lekin yozishni bilmayman, — Baloday sharillatib o‘qiysan-ku, qo‘lingga tushgan romanni,— dedi xotiniga hazillashib Vasilev. Hammalari kulishdi. Qizg‘in, maroqli suhbat ancha cho‘zildi. Mehmonlar ham, mezbonlar ham, go‘yo ko‘pdan tanish, qadrdon odamlarday, bir-birlariga yaqin his qilishardi o‘zlarini. Nihoyat qizlar ijozat so‘rab, o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi va qayta-qayta tashakkur aytishib, xo‘shlashishdi. Er-xotin qizlarni ko‘cha eshikka qadar kuzatishib, «Kelib turinglar», deb jo‘natishdi. III Qizlar Vasilevnikidan ruhlari ko‘tarilib, xursand qaytishardi. O‘rdaga yaqin qolganda Ra’no paranjisini qiya ochib, jilmaydi: — Ko‘p o‘ylayverma, o‘rtoqjon, kel, bu yog‘iga, konkada keta qolaylik. — Piyoda tomosha qilib ketavermaymizmi qaytaga..,— dedi Unsin ikkilanib, keyin bir narsa esiga tushganday, yalt etib Ra’noga qaradi:— Aytganday, Qoziko‘chadagi pista chaqar qizlarning uyiga kiramiz degan eding, Ra’noxon, piyoda bora qolaylik. — Ha-ya, esim qursin, piyoda ketaveramiz,— dedi Ra’no sho‘x ovozi bilan. Chachvon ostidan asta shivirlashib, piq-piq kulishib borishardi. Ra’no o‘ng tomonga imladi. — Mana bu — shifoxona, bir marta tomog‘imga tepki kelganda o‘zim kelganman shu yerga. Do‘xtirlar hammasi o‘ris, o‘zbekcha biladigan yolg‘iz bitta-yu bitta no‘g‘ay xotin bor ekan. O‘ziyam juda bilgich, mashhur do‘xtir ekan. Unsin bir zum to‘xtab, shifoxonaga qaradi. Qizlar Qoziko‘chaga qayrilib, bir oz yurishgandan keyin kichkina tor ko‘chaga burilar ekanlar, duradgorning eshigiga qarshi katta bir darvoza oldida Zumradga duch kelishdi. U Manzura bilan shu ko‘chadagi mashhur boyning qizi Gulchehra va yana bir qiz bilan gaplashib turardi. Gulchehra labi labiga tegmay, allanimani hikoya qilardi. Ra’no bilan Unsin yuzlaridan chachvonlarini olishib, qizlar bilan ko‘rishishdi. — Voy, daydi qizlar,— dedi kulib Zumrad,— kim ekan bular desam, sizlar ekansiz. Tanishing,— dedi imlab yonidagi qizlarga, keyin Ra’no bilan Unsinga o‘rtoqlarini tanishtirdi.— Bu qizlar Manzuraxonning o‘rtoqlari: Rafiqaxon bilan Gulchehraxon,— dedi. Ra’no bilan Unsin egilishib, ta’zim bilan ko‘rishishdi. — Manzuraxon bizni qiz oshiga aytib kelibdilar,— dedi Gulchehra Ra’noga tabassum bilan.— Yigitning ta’rifi baland. Qo‘sha qarishsin. yigit quchog‘i — sevgi o‘chog‘i... Bazmdan qolmaymiz. Ertaga boraveramiz. Qizlar kulib yuborishdi, Manzura qizarib, teskari o‘girildi. — Kelin poshshaning soyasi juda yupqa, til tegizmanglar unga. Yuringlar, qo‘shni qizlarning oldiga olib kiray, nihoyatda kamtar, xushchaqchaq qizlar, koptok o‘ynab chiqamiz,— dedi Manzuraga Gulchehra. — Yuringlar, biz ham pistachi o‘rtoqlarimizning oldiga kelyapmiz,— dedi Ra’no qizlarga. Qizlar qarshida, chap qo‘lda qiyshayib turgan omonatgina tor eshikka kirishdi. Haqiqatan, beshta qiz, serdaraxt, tangaday oftob tushmagan salqin hovlida chir-chir aylanishib koptok o‘ynar edilar. Qizlar jundan yasalib, rang-barang ipaklar bilan to‘rlangan koptokni navbatma-navbat yerga gup-gup urishib, chir-chir aylanishardi. Yana bitta kichkina rezinka koptoklari ham bor ekan. Dugonalarini ko‘rib qizlar o‘yinni darhol to‘xtatishdi-da, quchoq ochib ko‘risha ketishdi. Duradgorning ikkinchi qizi, mahmadona, gapga chechan, bir so‘zlab, o‘n kuladigan Baxmal birpasda gapga tushib ketdi: — Ishi yo‘qning oshi yo‘q, ishlamagan tishlamas, deydilar. Och qolmaslikning iloji shu deb kecha-kunduz mijja qoqmay, pista chaqib beramiz. Puli qursin, mehnatiga arzimaydi, lekin nachora! Birpasgina qo‘limizning chigilini yozish uchun koptok o‘ynayapmiz. Qizlarning kattasi — Suluv, istarasi issiqqina, aqlli, og‘ir, jafokash qiz — Ra’no bilan Unsinning kirib kelganidan sevinib ketdi. — Arazmisan, o‘rtoq, nega kelmay qo‘yding? Kashtalaringni ola kelganlaringda dardlashib ish qilardik, besh qiz zardob yutib o‘tiribmiz,— dedi gina bilan. Gulchehra darrov koptokka urdi o‘zini. Koptokni yerga qattiq-qattiq urib, lapanglab aylana boshladi. U yetti-sakkiz aylanishi bilanoq koptokni ariqqa qochirdi. Harsillab koptok orqasiden yugurgan edi, qizlar piqillab kulib yuborishdi. Gulchehra qovog‘ini osiltirib bir o‘qraydi-da, koptokni jahl bilan o‘rtaga otdi. — Hiringlashmay o‘la qollaring, ayb paxta koptokda, shuyam koptokmi?—dedi u kibr bilan va o‘zini soyaga olib, qizlarga bir-bir nazar soldi.— Pichir-pichir nimasi, echkining dumini chaynayapsanlarmi? — Kulmay o‘laylikmi, o‘ynagandan keyin kulishadi-da, o‘rtoq,— dedi Baxmal qoshini chimirib.— Tushing, siz, Ra’noxon opa, judayam koptok o‘yinga ustasiz, jonim tasadduq sizga. — Qaydam, esimdan ham chiqib ketgan shekilli, qani, ko‘ray-chi,— deb Ra’no koptokni yerga bir urgan edi, osmonga sapchidi. Qayta-qayta bo‘y barobar otildi koptok; Ra’no, go‘yo havoda uchganday, chir-chir aylanar, oyoqlari yerga sira tegmayotganday, zavq bilan, maroq bilan berilib o‘ynar edi. Qizlar hammasi, nafaslarini ichlariga yutib, churq etmay, sanab turishdi. Ra’no o‘ttiz olti marta aylangan ediki, koptok chetga qochdi. Qizlar navbatlashib, zo‘r ishtiyoq bilan uzoq o‘ynadilar. Birovlari davradan lahzada chiqdi, birovlari uzoq, hammaning havasini keltirib, chiroyli o‘ynadi. Ra’no Zumradni duradgorning qizlari bilan yaxshilab tanishtirib qo‘ydi. Qizlar dam o‘tmay qalin o‘rtoq bo‘lib olishdi, bir-birlariga yuraklarini ochishib, u yoq-bu yoqdan bir oz dardlashib ham olishdi. — Tirikchilik qurib ketsin, bir on tinim yo‘q, nuqul do‘kondorlarning pistasini chaqamiz. Shunaqa jonga tegdi-ki, asti qo‘ying...— zorlandi duradgorning to‘rtinchi qizi Qandolat. — Zumrad, yur endi, hali qiz oshiga aytadigan o‘rtoqlarimiz ko‘p. Biram ezmasan-ey,— dedi qistab Manzura. — Manzuraxonnikiga qiz oshiga. boringlar-a, qizlar,— dedi Zumrad yoqimli jilmayib, keyin Unsinning qulog‘iga shivirladi:—Erta-indin bir kirib chiqaman sizlarnikiga. Ra’no bilan Unsin opa-singillarga qo‘shilib, dugonalarini kuzatish uchun ko‘chaga chiqishdi. Atlaslarga burkangan, pardozi joyida Gulchehra kekkayganicha, mag‘rur yurib darvozasiga kirib ketdi. Ra’no, Unsin opa-singillar bilan hovliga qaytib kirishdi. Qizlar kichik bolg‘achalar bilan pista chaqishga o‘tirishdi. Ish orasida o‘tgan-ketgan har xil qiziq voqealarni eslab kulishib o‘tirishdi. Unsinning ham ko‘ngli ancha yozildi, ruhi ko‘tarilib, hazil-mutoyibaga aralashib ketdi. U hali turmushning og‘irligidan so‘zlar, hali boylar hayoti bilan chog‘ishtirar edi. — To‘g‘risini aytganda, boylar o‘ta noinsof, bag‘ritosh odamlar. Mana, mashhur paxtachi Mirzakarimboyni oling, mening tog‘am bo‘ladi. Eshigida bir oz turdim, ichganim yuvindi bo‘ldi, yumush o‘lgur kun ham, tun ham sira bitmasdi. — To‘g‘ri-to‘g‘ri,— ma’qullashdi qizlar,— jamiki boylar zolim. — Ha-ya, shunday olamga dong‘i ketgan boy tog‘asinikidan zig‘irday naf ko‘rmadi-ya, undan bir yot kambag‘al kosib cholnikini afzal ko‘rdi o‘rtog‘im,— dedi Ra’no qizlarga tushuntirib. Qizlar tinmay pista chaqar, qo‘llari qo‘llariga tegmas edi. Shu tarzda goh turmushning achchiq-chuchugidan zorlanishib, goh hazil-mutoyiba bilan uzoq gaplashib o‘tirishdi. — Xayr, o‘rtoqjonlar,— dedi o‘rnidan qo‘zg‘alib Ra’no.— Biz tomonga ham boringlar, o‘ynab kelasizlar. — Boramiz, o‘rtoqjon, bir hordiq chiqarib kelamiz,— javob berdi labi labiga tegmay Baxmal qaqildoq. Unsin Ra’no bilan xayrlashib, hovliga kirganda cholu kampirlar avji jangda edi. Bir-birlariga achchiq kesatishib, haqoratlarni yog‘dirib turishgan edi. — Yer yutgur cholning xarxashasidan o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim. Esiz umrim-a, g‘am-g‘ussa bilan ado bo‘ldi,— dedi kampir mushtini yerga urib. Chol Unsinni ko‘rib, kampirini koyib berdi. — Bo‘ldi endi, ovozingni o‘chir. Kirimni yuvmasang qo‘ya qol, o‘zim ham yuvaman. Daf bo‘l-e! Qo‘shnilarnikidan beri kelmaydi, shum kampir. Mana, qizim bor, bir og‘iz aytsam, so‘zimni ikki qilmay yuvadi kirimni. Mojaroning sababini tushunmay turgan Unsin, cholning keyingi gapidan o‘ziga kelib, kulib yubordi. — Uyat bo‘ladi-ya, qo‘shnilar eshitsa nima deydi, bas, buvajon. Undan ko‘ra mana bu gapni eshiting,— dedi u boshidan paranjisini olib taxlarkan.— Yo‘lchi akamning cho‘ntagidagi xatni o‘qib beradigan odam topdik. Ra’nolarnikida turadigan Valya opam o‘qib berdi. Xatni Petrov degan amakim Vasilev degan kishiga yozgan ekan. Xatning orqasida turadigan joyi yozilgan ekan. uyini adashib-adashib bo‘lsayam, topib bordik. Biram xushfe’l odam ekan-ki... Yo‘lchi akamni bilarkan, eshitgan ekan, hammasini gapirib berdi. Petrov amakimni so‘radim. «Samarqandda, yaqinda keladi, xabar olib tur», dedi. Ota, gap ko‘p, bafurja gapirib beraman,— dedi Unsin va oshxonaga yugurdi, yenglarini shimarib ovqatga urinib ketdi. Qiz xursand, vaqti xush, hayajonli edi. Chol xarxashani unutdi, ayvon labiga o‘tirib, boshini ikki qo‘li orasiga olgan holda xayolga cho‘mdi: achchiq-chuchuk voqealar xotirasiga berildi. Cholning ko‘z oldiga kulimsirab turgan barvasta qomat, shijoatli Yo‘lchi keldi-da, tag‘in parishon fikrlar bo‘ronida yo‘q bo‘ldi... O‘n Uchinchi Bob I Zavod yonboshidagi salqin choyxonada Jumaboy bilan Shermat choy ichib o‘tirishibdi. Zavod darvozasidan o‘zbek, tojik, rus ishchilari kirib-chiqib turishibdi. Jumaboy kichkina patnisdagi burdalangan nondan yeb, ustidan tez-tez choy ho‘plab qo‘yardi. U zavodda tuzilgan to‘garakda ish faol ketayotganini, o‘zi ham unga a’zo bo‘lganini, ancha narsaga aqli yetadigan bo‘lib, ko‘zi ochilib qolganini Shermatga mamnuniyat bilan hikoya qilardi. — Mayli, kirganing ma’qul, ehtimol foydasi bo‘lar,— dsdi Shermat choy ho‘plab. — Sen ham kir,— dedi atrofga bir alanglab olgach Jumaboy, ovozini pasaytirib.— Mundog‘ nazar solsam, ancha gaplar bor ekanu bexabar, g‘aflatda yurgan ekanmiz. Ko‘kragimiz ko‘r-da, ko‘r!—Nimadandir gumonsiraganday ko‘cha tomonga yana bir qarab olgach, so‘zida davom etdi:— Shuni yaxshi fahmladimki, birodar, masterovoylar bilan ishchilar safining oldida yurish kerak ekan. Ishchilar, tuzumni ag‘dar-to‘ntar qilamiz, deydi. Bu, bilasanmi, nima degan gap? Saidahmadga o‘xshaganlarni devorning tagiga bostirib, barcha ishga o‘zimiz bosh bo‘lamiz, degani. Ya’ni, kim mehnat qilsa — u xo‘jayin, gapning po‘skallasi shu. Ishning butun jilovi sovetda bo‘larmish, tushundingmi, do‘stim. Sovet — xalqning g‘amxo‘ri, butun xatti-harakati faqat xalq manfaatini ko‘zlash ekan. Sovet degan so‘zni bizning tilda sho‘ro der ekanlar,— dedi Jumaboy uqtirib.— Sen ham kir bizning qatorga, do‘stim, zehning baland, ko‘p narsalarni tushunib olasan. Saidahmadxon, Eshonxonlarning gapiga kira ko‘rma, ular bo‘ri, zinhor ishonma! O‘yga tolgan Shermat Jumaboy bo‘shatgan piyolaga choy quyib uzatdi. — Boylarning bo‘riligini o‘zim ham bilaman, lekin men musulmon farzandiman. O‘rislarga qo‘shilib, o‘zimizning musulmonlarga hadik solib yurishim yaxshi bo‘lmas, deb andisha qilaman. Ko‘raman-da, shoshirma-chi. Jumaboyning qovog‘i solingan edi, u ixtiyoring, degandek, yelkasini qisib qo‘ydi. Shu payt zavoddan master Arkadiy Petrovich chiqib kelaverdi. U Jumaboyni uzoqdan ko‘rgan edi. — Salom, ishlar qalay!—so‘radi Jumaboy qo‘l uzatib. — Tuzuk,— deb javob berdi master va Shermat bilan ko‘risha turib, Jumaboyga dedi.— Yur men bilan. Aleksandr bog‘ida majlis bor.— Qo‘lidagi o‘ralgan maxorkani tutatib, ustma-ust tortdi, Shermatga nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, lekin indamadi. Jumaboy cho‘ntagini kovlashtirib, patnisga chaqa tashlagach, o‘rnidan turib Arkadiy Petrovichga ergashdi. Ular zavoddan tinmay chiqayotgan ishchilar to‘dasiga qo‘shilib ketdilar. Shermat yolg‘iz qolib, Jumaboy aytgan gaplarni bir-bir xayolidan o‘tkazdi. «Saidahmadboyning zulmi, noinsofligi haddidan oshyapti, ishchilar norozi,— deb o‘ylardi u.— Savdo-sotiqni yo‘lga qo‘yishni yaxshi biladi-yu, ishchilarini rozi qilishni nega bilmas ekan-a? Yo dunyoning o‘zi shunaqa qurilganmi?» Shermat shunday xayollar bilan o‘rnidan endi qo‘zg‘algan edi, zavod hovlisidan yo‘rg‘alab Eshonxon chiqib qoldi, — Ha, Shermat aka, uygami?— so‘radi u. — Kallam shishib o‘tiribman shu topda,— javob berdi dilgirlik bilan Shermat. — E-e, behuda tashvishlar bilan bosh qotirmang, yuring, menga yo‘ldosh bo‘ling. Eski shahardan bir hovli ko‘ramiz,— dedi Eshonxon sirli jilmayib. — Hovli savdo qilasizmi? O‘zingizgami? — Be-e, bizga chikora! Boyga-da, boyga olyapmiz. Biz ham sizga o‘xshagan bir xizmatkor. Lekin men ixlos bilan xizmat qilaman. Har kim mehnatdan topadi, mehnatsiz ish bitmas, aka! Lekin sadoqat lozim, bu gapimni mendan katta bo‘lsangiz ham ko‘kragingizga jo qiling, ma’nosi katta,— dedi Eshonxon g‘urur bilan. U bugun haddan tashqari sergap edi. Shermat bo‘lsa onda-sonda bir so‘z qotib, jim borardi. Ular tramvayga tushib, eski shahar tomon yo‘l oldilar. Tramvayda odam siyrak edi. Vagonning oldirog‘iga borib o‘tirishgach, Eshonxon hamyonini chiqarib uzoq titkiladi. U tezda mayda topolmadi. Qog‘oz pulni maydalagisi kelmayotganini sezgan Shermat, kulimsiradi: — Mulla yigit, chaqaning chiqishi qiyin bo‘lyapti, bizniki yaqinroqda, men ola qolay. Eshonxon Shermatning gapidagi kinoyani sezgan bo‘lsa ham indamadi. Hamyonidan yarim tanga chiqarib pattachiga uzatdi. Endi ikkovi ham churq etmasdan o‘z xayollariga band, sukutda o‘tirardi. Darhaqiqat, ikkovining ham ishi oson amas. Shermat uzzukun tinmay ishlaydi, qanor-qanor paxtani tashiydi. Eshonxonning zimmasida ming turli ish, boyning buyruqlarini bajo keltirnsh uchun hali eski shaharga, hali yangi shaharga qatnaydi. O‘rdaga yetganlarida duv etib bir to‘da o‘spirinlar chiqishdi. Barchasi yosh yigitchalar, ustlarida oldi ochiq oq ko‘ylak, bellarida qo‘sh-qo‘sh shohi qiyiq, kimda olacha, kimda beqasam to‘n, boshlarida olifta chamanda-gul do‘ppi. Barchasining ruhi ko‘tarinki, xushchaqchaq, shod... — O‘y-xayollariga g‘arq bo‘lib o‘tirgan Eshonxonning chehrasi ochilib ketdi: — Ehe-e, kayflar joyida-ku,— dedi u yigitlarga qarab. Yigitlar Eshonxon bilan ko‘rishishgach, vagonning bir boshiga g‘uj bo‘lib o‘tirib oldilar. — Kayf yomon emas, qittay pivoxo‘rlik qildik,— dedi Eshonxonga yaqin o‘tirgan chapaniroq bir yigit.— Tag‘in qayoqqa ketyapsiz, Eshon aka, qayerga borsak oyog‘imizning tagidan chiqasiz-a?! Yigitlar gurr etib kulib yuborishdi. — Ha, xumparlar, hamisha don yegan xo‘rozday qizarib yurasanlar, kayflaring taraq, men sho‘rlik bomdoddan qoq yarim kechagacha yumushdan bo‘shamayman,— dedi u ko‘zlarini ayyorona o‘ynatib. — Ha, sen chayirsan, ishdan o‘lmaysan, o‘rischaniyam suvday bilasan. Xo‘jayiningning hamyoniga to‘qqiz so‘lkavoy tushsa, bir so‘lkavoy senikiga tushyapti. Nolima, do‘stim,— dedi bir yigit. — Iya! Shunday degin. Pulni qayerga taxlayapsan, og‘ayni? Mo‘ndiga joylayapsanmi, bankada asrayapsanmn?— so‘radi yigitlardan yana biri. Biri u dedi, biri bu dedi, xullas, Eshonxonni xo‘p aylantirishdi. — Poshsho yumaladi, lekin shunisi taajjubki, boylarning oshig‘i hanuz olchi,— dedi bir yigit jiddiy. — Hoy padari qusur,— dedi Eshonxon yigitni turtib,—sen hali faqirmisan?! Bo‘zchi tiq-tiq etar, ko‘nchi pulni suzar. Bozorning puli senda-ku. Yigitlar yana qah-qah urishdi. — Yur, jo‘ra, takyaga boraylik, quling o‘rgilsin qovurma palov qilamiz,— dedi bir yigit, keyin ovozini pasaytirib shivirladi.— Bir nafas oshiq otamiz. Qo‘ling baland kelsa—yana mo‘ndiga joylaysan. «Yur-yur!» deb qistashdi boshqa yigitlar ham. Eshonxon rozi bo‘lmadi. — Zarur ishim bor, jo‘ralar, ishim bitsa, orqalaringdan yetib boraman. Uzr. — Kutamiz, ishingni bajo qilib kelaver!— dedi yana boyagi yigit. Yigitlar Balandmachitda tushib qolishdi. Eshonxon cho‘ntagidan papiros olib tutatdi. Shermatga ham tutdi. — Cheking! Shermat indamadi, faqat boshini chayqab rad etdi. — Bu yigitlar hammasi chapani, bizning mahallamizdan. Biri ko‘nchi, biri kosib, biri qulupnayfurush, ammo bularning asosiy kasbi qimorbozlik,— deb Shermatga tushuntirib borardi.— Yutsa — boy, yutqazsa— qip-yalang‘och gadoy-da. Nihoyat sho‘x, yulduzni benarvon uradigan yigitlar. Shermat o‘z xayollari bilan band, Eshonxonning gaplarini loqayd tinglardi. Eshonxonning esa bugun kayfi chog‘, gapni uzgisi kelmasdi. „ — Boy aka yaxshi, bahosi yo‘q odam. Ammo shu kunlari ishchilardan jinday xafa. Rus masterlarning so‘zi bilan bir guruh ishchilar bosh ko‘tarib qolishdi. E-e, allaqanday talablar bilan kirishyapti boyning oldiga. Buzoqning yugurgani somonxonagacha, qo‘llaridan nima kelardi deysiz? Agar beboshlik qilaveradigan bo‘lishsa, sekin kavushlarini to‘g‘rilaymiz-qo‘yamiz. Ishsizlarning hisobi yo‘q. Bir mo‘ylov qilsam, bir podani yig‘ib olaman. Og‘a, ogoh bo‘ling, gap shundoq! Shermat yerdan ko‘z uzmay borardi, zimdan Eshonxonga qaradi: — Mulla yigit, yo‘l uzoqmi?— so‘radi u. — Ancha bor, O‘g‘ri ko‘chadan o‘tsak, yetdik deyavering. Tegirmonni bosib o‘tib, yana sal yurilgach, bir-ikki tor ko‘chadan aylanib, kichkinagina darvoza oldida to‘xtadilar. Eshonxon darvoza halqasini sekin shiqirlatdi. — Juda pastqam joy ekan, zog‘ ko‘rinmaydi-ya!— dedi Shermat atrofga alanglab. — Bizga xuddi shunaqasi kerak, aka,— dedi Eshonxon sirli shivirlab. Shermat Eshonxon nima demoqchi ekanini tushunmagan bo‘lsa ham indamadi. Eshik ohistagina qiya ochildi: ustida pishiq kiyim-bosh, mo‘ylovi olifta buralgan, qirq besh yoshlar chamasidagi bir kishi paydo bo‘ldi. U kelganlar bilan ko‘rishgach, darvozaning bir tavaqasini keng ochdi: — Qani, marhamat, kiringlar, ko‘ringlar,— dedi ichkariga da’vat etib. Hovlida xotinlar, katta-kichik bolalar ko‘p edi: yot kishilarning uzoqdan sharpasini bilgan hamon o‘zlarini oshxonaga olishdi. — Ko‘ring, boyga ma’qul bo‘lsa, biz tayyor,— dedi hovli egasi asabiyroq tovush bilan. Eshonxon darrov hovlining to‘rt tomoniga ko‘z yugurtirib oldi-da, gapni imorat ustiga taqadi. To‘rda ikki xona va bir dahliz, keng ayvonli, tunuka tomli yangi imorat edi. Shermat daraxtlari saralab terilgan, bekami-ko‘st bu bog‘-hovlini ham zavq bilan tomosha qilar, ham bu oilaning boshiga qanday falokat kelgan ekan, deb ichdan achinar, hovlining qoq o‘rtasida ko‘m-ko‘k daraxtlar ostida mildir-mildir oqib yotgan suv bo‘yida nari-beri yurib turar edi. — Uy yangi, atigi olti yil bo‘ldi solganimga. Noilojlikdan sotyapman,— dedi uy egasi. Shu payt oppoq sochli bir keksa ayol oshxonadan boshini chiqarib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. U yig‘i aralash o‘g‘lini qarg‘ar edi: — Hamma baloni o‘zing boshlading, o‘g‘limni to‘y qilaman deb, bizni shu kunlarga giriftor qilding. Uch kun osh beribdi-ya! Ko‘rpangga qarab oyoq uzatsang bo‘lmasmidi, bolam? To‘rt dahadan kazo-kazolarni chorlading, karnay-surnay, bazm... Bularning o‘zi bo‘larmidi?! Oqsoqol juvonmarg o‘rgatgan senga bu noma’qulchilikni! «Men sendan qolamanmi» degan dandonbozlikning oqibati shu...— yig‘lab-yig‘lab gapirardi kampir. O‘z yog‘iga o‘zi qovrilib turgan erkak onasining dakkisidan keyin battar tutaqib ketdi: — Bas qiling, ona, ishingiz bo‘lmasin! Kampir bir zum jim bo‘lib, so‘ng yana yig‘lay boshladi, o‘g‘lidan, taqdirdan shikoyat qilardi. Eshonxon ona-bola o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mojaroni elamadi. Shermatning esa yuragi tuzday achishib ketdi. Turib-turib: «Har xonadonda bir kulfat...»— deb qo‘ydi o‘ziga o‘zi. Eshonxon bemalol aylanib xonalarni, hovlining burchak-burchaklarigacha ko‘zdan kechirdi, keyin hovlinnng sathini chamaladi: ikki tanob kelar. — Qaydam...— dedi u quvgina ko‘zlarini qisibroq.— Bog‘ chakki emas, ammo boy otaning juda didi baland-da, imorat yoqarmikan,— dedi go‘yo maslahat tashlaganday Shermatga murojaat qilib. So‘ng uy egasiga qaradi. Hovli egasi boshini quyi solgan holda asabiy qadamlar bilan u yoqdan-bu yoqqa yurib turardi. — Imorat juda pishiq,— dedi uy egasi Eshonxonning oldida to‘xtab,— boyga beshak yoqadi. Ko‘p kutishga fursat yo‘q, tezroq pullayman-da, G‘ishko‘prikka, jiyanlarimnikiga ko‘chib boraman. — Erta yo indinga kelaman, xayr,— dedi Eshonxon darvoza tomon yurib.— Narxini ham eshitsak bo‘lardi? Hovli egasi yerdan boshini ko‘tarmadi. Eshonxonga qaramay javob qildi: — Narxiyam joyiga yarasha bo‘ladi-da. Mahallaning ellikboshisi bor, shu kishi bitiradi ishni... Eshonxon va Shermat hovli egasi bilan xayrlashgach, tez chiqib ketdilar. — Kampirga yuragim achishdi, ota-bobomdan qolgan meros, deb yig‘laydi-ya. Kampirning orqasida turgan kelin boyaqishga ham ko‘zim tushdi, qanotsiz qushday behush ko‘rindi. Besh-olti yashar bolani ko‘rdingizmi, mulla yigit, kiyikday sakrab yuribdi, kelgan balodan bexabar. Ana falakning gardishi!..— dedi Shermat boshini chayqab. — E-e, ajab gapirasiz, hanuz gumroh ekansiz. Bunday voqealarni men ko‘p ko‘rganman. Kecha — boy, bugun — bo‘ynida gadoy to‘rva,— javob berdi Eshonxon, hamon xomush kelayotgan Shermatga qarab, Shermat indamadi. — Ha aytganday, tag‘in bir gap bor, aka,— dedi Eshonxon Shermatga qarab.— Endi bizga bir kampir kerak bo‘ladi. Yoshi qirq-elliklarda bo‘lsa ham epchil, ozoda, pazanda bo‘lsa, tushundingizmi? Yana bir sharti shuki yakka bosh bo‘lsin. Churvaqalari bo‘lsa, bizga to‘g‘ri kelmaydi. Shermat hayratdan ko‘zlarini katta ochib Eshonxonga qaradi. — Ayol nimaga kerak, tushuntiring-chi? Eshonxon Shermatning soddaligidan kuldi: — Shuncha yoshga kirgan bo‘lsangiz ham, g‘o‘r ekansiz-ku, tavba? Boy aka mehmondo‘st. Ko‘ng‘illari — to‘ralar, boyvachchalar, ehtimolki, ba’zan xufiya bazmni xohlab qoladi... Bu uy ana shunaqa xilvat mehmonxona bo‘ladi,— shivirladi Eshonxon ayyorona jilmayib. — Yo ollo!— dedi Shermat yoqasini ushlab.— Hali dunyoda mundoq gaplar ham bor deng? — Ko‘ngilning bir ko‘chasi-da, aka! Toping, bir keksa ayolni, shirin so‘z, uddaburon, lekin og‘zi mahkam bo‘lsin. Shermat ikki qo‘lini orqasiga qilib, qovog‘i soliq borardi. U zanginlarning buzuq safosi, iflos kirdikori haqida o‘ylardi. Eshonxon xo‘mraydi, labidagi papirosini olib chetga uloqtirdi: — Aynidim sizdan, aka, oq-qoraning farqiga bormas ekansiz. Men bo‘lsam sizni farosatli yigit deb ergashtirib yuribman-a. Go‘shkuydi somsalarni ilikday laziz, holvaday shirin pishiradigan, ziyraklikda bu iqlimda misli yo‘q, idroki baland bir ayolni topaman o‘zim,— dedi qat’iyat bilan. Shermat istehzoli kuldi: «Chakki qildim, har qanday falokatni boshimga ag‘darishdan toymaydi bu shum yigit», dedi ichida u. — Ma’qul,— dedi u Eshonxonga qarab.— Bir ayol bor, ellik besh yoshlarda, pazandalikda olamga dong‘i ketgan, istarasi issiqqina, ozoda, xushmuomala, o‘zi ham yolg‘izgina — so‘qqa bosh. Yuring, xo‘jayin, olib boray, o‘zingiz gaplashing. Eshonxon Shermatdan xursand bo‘lib ketdi: — Balli, mana endi o‘zingizga keldingiz. Mana bu yigit kishining ishi! Avvalo hovli masalasini bir yoqlik qilaylik, keyin kampirni o‘zingiz boshlab kelarsiz, picha sabr lozim,— dedi u Shermatning yelkasiga qoqib. Balandmachitga yetganda bular ayrildilar. Eshonxon yangi shaharga, Shermat Xadra tomonga, hovlisiga yo‘l oldi. O‘n To‘rtinchi Bob I Zumrad qalin, uzun sochini qunt bilan taragach, peshana va chakkalaridagi jingalaklarini oyna qarshisida o‘tirib tartibga soldi-da, yuvilgan ko‘ylagini kiyib ayvonga chiqdi. Bugun u juda xursand, chehrasi ochiq edi. Nonushtaga qushday yengil kelib o‘tirdi. Chol va kampir tirikchilik ikir-chikirlari ustida g‘ijillashib o‘tirardilar. — Bu nimasi, har kun xarxasha, bejanjal kun o‘tmaydimi, uyat-ku axir,— deb ularni bosib qo‘ydi Zumrad. — Bugun chorshanba bozor,— dedi u onasiga.— Eski-jo‘vaga boraman-da, jiyaklarni pullayman. Keyin guldor farang chitdan ko‘ylaklik olaman. Yangi nusxa chiqqan oyi, bilasizmi? Kampirning ensasi qotgan edi, siltab tashladi: — Tek o‘tir, bozorga o‘zim boraman. Unaqa yurimsak bo‘lma, tentirash qizlarga yarashmaydi. Yig‘ib ber menga jiyaklaringni,— dedi kampir yuziga fotiha tortib. — Oyijon, o‘zim sizdan o‘rgilay!— dedi onasiga yalinib, erkalanib qiz.— Lahzada sotaman-u kelaman, bozor to‘la mendaqa qizlar, nima bo‘libdi men ham borsam? Hayallamay qaytaman. Siz menga kerak chitni bilmaysiz, o‘zim yoqadiganini tanlab olaman. Momosuluv jahldan tushdi. Qizining bugun xursandligini ko‘rib, ona qalbi bir oz yumshagan edi. Eridan boy sovchi yuborganini birinchi daf’a eshitganida, yolg‘iz qizini qo‘sh kundosh ustiga berishdan zahrasi uchib, rozilik bermagan edi. Biroq, dukchining boy haqidagi har kungi gaplari, turmushning tangligidan shikoyatini eshitaverib, qizim ko‘hlikkina, ko‘zga yaqin, zora boyga so‘zi o‘tadigan erka xotin bo‘lsa, deb rozilik bera qolgan edi. So‘nggi kunlarda xafaqonligi oshgan, ota-ona ra’yiga yurmayotgani uchun qizini koyib qo‘ysa ham, ko‘ndirishga urinib nasihat qilsa ham, bari bir o‘zi xursand emas edi. Uzzukun yolg‘izgina qizimni o‘z qo‘lim bilan qanday jahannamga tashlayman, deb o‘ylagani o‘ylagan hatto shuni o‘ylab, tunlari ham uyqusi qochib ketar edi. Ona qizining kayfiyatidagi o‘zgarishni ko‘rib, uning quyoshda cho‘milganday yorug‘ yuziga boqib muloyimlashdi: — Mayli, bora qol, qizim,— dedi.— Pulning yarmiga turlab ipak ol, qolganini sarflama, chitingni keyin olarsan, rov izingga qayt. — Xo‘p, oyijon, men darrov borib kelaman,— dedi Zumrad sevinib. Jiyaklarni bir doka ro‘molga tugib qo‘yniga tiqdi-da, eski paranjisini boshiga ilib, ko‘chaga yugurdi. Bahorning rohatbaxsh shabadasi ko‘ngillarga huzur bag‘ishlaydi... Ko‘m-ko‘k osmon uzra uzoqdagi cho‘qqilarda oppoq qor chaqnagan tog‘lardan gala-gala oq bulutlar karvoni ko‘rkam suzadi. Zumrad yugura-yugura halloslaganicha lahzada Eskijo‘vaga yetib keldi. Bozorda odam qalin, kampirlar ko‘p, qizlar, juvonlar ham oz emas. Jiyak, do‘ppi haddan ziyod serob, do‘ppilarning nusxasi, xili ko‘p. Arzon, dehqonbop satin do‘ppilardan tortib, boyvachchalar kiyadigan takdo‘zi, chamandagul, sidirg‘a sipoh do‘ppilarga qadar hammasi bor. G‘uvur-g‘uvur — bozor g‘avg‘osi, sotuvchilar bilan xaridorlar o‘rtasidagi jalloblarning «ha barakalla»si, shovqin quloqni bitirardi. II Zumrad jiyaklarini peshinga yaqin pullab bo‘ldi. Chaqa va tangalarni nimchasining ichki cho‘ntagiga joylab ko‘ngli tinchigach, do‘ppi bozordan chiqdi. Yuk ortilgan aravalar, eshaklar, qo‘llarini cho‘zib turgan tilanchilar, savat-savat non ko‘tarib yugurgan bolalar, Mashrab g‘azallarini o‘qib «Yo hu!» deya baqirib ketayotgan qalandarlar to‘la ko‘chani oralab borayotgan Zumrad taqqa to‘xtadi. Qizning ro‘baro‘sidan Umarali chiqib qolgan edi. Zumrad o‘zini sekin chetga oldi, yuragi gurs-gurs urib ketgan edi. Zumrad qochishni mo‘ljallagan edi, ammo uni uzoqdanoq payqab qolgan Umarali yo‘lini to‘sdi. — Assalom, yaxshimisiz?— so‘rashdi Umarali sekin, o‘ziga xos muloyim tovush bilan. Zumrad uyalibgina bilinar-bilinmas qaddini egib, javob qaytardi. Umarali ham bu uchrashuvning quvonchidan, hayajonidan qizarib ketgan edi. U ovozini pasaytirib shivirladi: — Darrov tanidim, bir onda... Uzoqdan paranjingiz ko‘zimga o‘tday ko‘rindi, yod bo‘lib qolgan... Hamisha ko‘z o‘ngimdasiz... — Shundaymi?..— dedi Zumrad, uning nozik tabassumi tovushidan bilinardi.— Hazilni yaxshi ko‘rasiz... — Niyat xolis ekan, alhamdulillo, mana uchratdim. — Qo‘ying-e, bunaqa gaplarni...— dedi Zumrad nozli tovush bilan.— Attordan ipak olgani ketayotuvdim... — Hamroh bo‘lay sizga?— jur’atsizgina so‘radi Umarali. Qiz oldinda, yigit bir qadam orqada borar edi. Attorlikka yetganda Zumrad to‘xtadi. — Muyulishda kutib turing,— shivirladi u. Umarali kulimsirab, ohista boshini qimirlatdi, qiz imlab ko‘rsatgan burchak tomon yurib ketdi. Zumrad har vaqt ipak xarid qiladigan do‘koni oldida to‘xtadi. Qarigina, jikkak, muloyim kishiga odob bilan salom bergach: — Savdolar yaxshimi?— deb so‘radi. Chol ham xushmuomalalik bilan: — Keling-keling, oy qizim, kampir salomatmilar?— deb quyuq so‘rashdi.— Xizmat?—deya darhol jilolanib turgan rang-barang ipaklarni saralashga kirishdi. — Ikki so‘mga xillab ipak bering,— dedi Zumrad pulni uzatib. Chol turli rangdagi kalava-kalava ipaklarni tarozida tortar ekan, bir nafas jag‘i tinmadi. Yo o‘tgan-ketgan, eshitgan gaplarini so‘zlar, yo Zumradga turli savollar yog‘dirar, ezmalanar edi. Yuragi taka-puka, shoshib turgan Zumrad ipaklarni qo‘liga olgan hamon go‘yo qanot paydo qilganday, Umarali tomon uchdi. Ikkovlari bozordan chiqib Janggohdan o‘tgach, suv yoqalab ketdilar va kimsasiz tor ko‘chaga kirgandan so‘ng bir pana joy topib, o‘tirdilar. Zumrad chachvonini goh qiya ochar, goh yopib gaplashar edi. U chachvoni tagidan yigitga to‘yib-to‘yib qarab olardi. Barvasta qomat, nurli keng peshana, tim qora payvasta qoshlar, hamisha kulimsirab turadigan ma’noli ko‘zlar... O‘ziga yarashgan mo‘ylov... «Afsuski faqir...— ko‘nglidan o‘tkazdi Zumrad, yigitning boshidan oyog‘igacha razm solib.— Baxtim faqat shu yigitda!» degan qat’iy qarorga keldi u. Umarali asta-asta, biroq harorat bilan so‘zlardi: — Zumradxon, inqilob mash’alday yarqirab keldi vatanimizga... Hurriyat keldi-yu, ammo g‘arib, faqir xalqimiz hanuz g‘urbatda... Burjuylar, kenaslar, to‘qlar jilovni qo‘lga oldi. Turkiston diyorining aholisi yalpisiga omi, shu sabab g‘aflat uyqusida. Boyonlarimiz o‘z hamyonlari g‘amida, ulamolar dinni qalqon qiladilar, ammo chaqa ko‘rsalar, o‘zlarini tomdan tashlaydilar. Jadidlar boylarning parvonasi. Avvalo boy bolalari o‘qisin, xalqqa navbat keyin keladi, deydi ular. — Jadid deganingiz kimlar bo‘ladi?— so‘radi jiddiylik bilan Zumrad. — Bu so‘z arabcha, Zumradxon,— javob berdi Umarali.— Aynan ma’nosi — yangi usul demakdir. Yangi usuldagi odamlar jadidlar deyiladi, yangi usuldagi maktablar jadid maktablar deyiladi. — Hm-m, shundaymi,— dedi o‘ylanib Zumrad.— Bir marta eshitgan edim, yangi maktablar ochilar emish, deb rahmatli otin oyimning zahrasi uchgan edi. Gapiring-chi, eshitaylik, qulog‘im sizda. — O‘ylab tursam, fikr etsam, olamning ishi nihoyat mushkul, deyman. Xayol daryosida oqishni sevaman, o‘ylab-o‘ylab deymanki, xalq yechadi-da tugunni, shunday fahmlayman. Omma tebransa bir onda tog‘ni tolqon qiladi. Kuch-da u, nuqul kuch, qudrati zo‘r. Qadimdan taomil shu, omma hal qiladi har bir chig‘illikni. Ziyolilar ommabop yo‘lni tutsalar edi, barcha mushkullar oson bo‘lardi. Bizning g‘ofil xalqimiz tarbiya, ma’rifat talabgoridir. Xulq-odobimizga tarbiya zo‘r ta’sir etadi, tarbiya ne chog‘lik to‘g‘ri va yaxshi bo‘lsa, xulq va odobimiz ham shunchalik go‘zal bo‘lg‘usi. Ba’zan tatar ziyolilari bilan suhbatda bo‘laman, munozara qilamiz. Maktab va madrasalarning islohoti haqida munoqasha yuritamiz. O‘ylab qarasam, darhaqiqat, madrasa nihoyat chirigan, unda yolg‘iz diniy va sharoit qonunlari, almisoqdan qolgan qoidalar yo‘sinida tahsil olib boriladi. Toshkent, hatto Buxoroyi sharif madrasalarida o‘n besh, yigirma yillab tahsil ko‘rgan talabalar bo‘ladi, goho biri olim chiqib qolmasa, ko‘pchiligi nodon qoladi. Mana, sakkiz yildirki madrasada istiqomat qilaman, arabchani mukammal o‘rgandim, ammo boshqa fanlardan, ilmdan mahrumman. Turkiston diyori quyuq zulmatda: nur, ziyo, shu’la yo‘q... Vatanimizning .ahvoliga nazar solsam, o‘pqon va zulmat ko‘raman, bir tutam ziyo yo‘qki, ko‘ngilni ravshan qilsa. Mana, o‘ris tilini mutlaq bilmaymiz, ammo ma’rifatimiz, madaniyatimiz uchun bu g‘oyat zo‘r zaruriyat. — To‘g‘ri aytasie,— uning so‘zini bo‘ldi Zumrad,— men «kizimka», «marja»dan boshqa so‘z bilmayman. Gapiring, mulla aka, siz gapni uzmasangiz, men faqat eshitsam. Umarali tabassum qildi. — Allaqanday gaplar bilan sizni zeriktirdimmi degan andishadaman,— dedi Zumradga chachvon orqali termilib, so‘ng tag‘in so‘zlay boshladi. Hayotning go‘yo bir dengiz kabi to‘lqinda turgani, Rossiyadagi inqilob bo‘roni, buning mavji sadosi bu yerlarga ham yetganligi, rus ishchilarining talabi, musulmon mehnatkashlari orasida ham turli tashkilotlar, jamiyatlar barpo bo‘layotganligi haqida gapirdi. — Bu zulmatdan, g‘aflatdan, nodonlikdan qutulmoq uchun ellik yilmi, yuz yilmi kerak bo‘lar?— deb so‘ragan edi Zumrad, Umarali o‘rnidan turib ketdi. Turkiston o‘lkasi tarixida Ibn Sino, Ulug‘bek, Navoiy kabi chaqnab uchgan yulduzlar haqida harorat bilan so‘zladi Umarali. Lekin bir ravshanlik ko‘rgan kun, ilmda, san’atda yarqiragan shonu shavkat xonlar zulmidan tanazzulga uchragani haqida yorqin misollar, o‘tkir ifodalar bilan so‘zladi. — Hurriyat mavjlari tong shabadasi kabi orombaxshdir. Shoyad baxt va iqbol umidimiz quyoshday chaqnab ketsa,— dedi Umarali. — Koshki edi...— dedi yengillanib Zumrad.— Biz kabi mazlumalar ham ma’rifatdan bahramand bo‘lsa. Umaralining fikrida, xayollarida shu tobda bir keskin o‘zgarish bo‘lganini darrov payqagan edi Zumrad. Yigitning yuzidagi qayg‘u ko‘lkasini ichdan uzun bir xo‘rsinganini sezgan edi hassos qiz. Og‘ir sukutga cho‘mgan Umaraliga chuqur muhabbat bilan, mehr bilan termildi, uning ko‘zlaridagi ma’noni, yuzidagi dard mavjini qiz anglagan edi. — Hovliga borgan edim,— dedi chuqur xo‘rsinib Umarali,— singlim sizning haqingizda bir mash’um xabarni aytdi, butun vujudim o‘t bo‘lib tutab ketdi. Zo‘rg‘a hujramga qaytdim. Kechasi bilan ko‘zlarimga uyqu qo‘nmadi...— Umarali quyi solingan boshini ko‘tardi, umid va orzulari chil-chil bo‘lganday dard bilan boqdi qizga.— Rostmi shu gaplar?..— so‘radi g‘ayri tabiiy tovush bilan alamdan ezilgan holda.— Boygami?.. Bo‘ladimi?.. Zumrad bir ozdan so‘ng chachvonini qiya ochdi: — Ha, bu gaplar rost,— Zumrad chuqur xo‘rsindi.— Puli ko‘p boylar quturadi, kambag‘allarning dami ichida... Umarali oqarib ketdi, a’zoyi badani yonib, borlig‘ini chaqmoq yoqib o‘tganday bo‘ldi. Behush, rangsiz lablarini arang qimirlatib, «Hmm», dedi-da, ko‘zlarini yerga tikdi. Zumradning rahmi keldi. Nozik qalbi bilan yana shuni angladiki, yigitning kuyunishi bejiz emas ekan. — Men «yo‘q» deb oyog‘imni tirab turibman. O‘lsam ham boyga tegmayman, dedim. Eshonxon bo‘zchining mokisidek xudoning bergan kuni qatnagani qatnagan. Kecha, juvonmarg, yana otamga uchrashibdi, boy safarga ketyapti, chetda tashvishli ishi bor, shu ishini bir yoqlik qilsa, to‘y, depti. Siz nima deysiz, mulla aka?.. Nega indamaysiz?—so‘radi Zumrad Umaraliga alam va iztirob bilan tikilib. Umarali yuragidagi ishqini otashin so‘zlar bilan qiz oldiga to‘kdi, keyin dedi: — Ha, biz kambag‘allarning dardimiz ichimizda. Lekin, inoning Zumradxon, tunu kun xayolim sizda... Ishq devonasiman, kecha-kunduz ishq g‘amini chekaman... Ko‘rdim ul xurshid husnin, ixtiyorim qolmadi, Soyadek bir yerda turmoqqa qarorim qolmadi. Bir kun o‘lmaz tal’ating ko‘rmak muyassar, oxkim, Zarracha ul kun yoninda e’tiborim qolmadi. — Yaxshimi? Go‘zal va chuqur ma’noli nazm...— uzun uh tortib, so‘zdan to‘xtadi Umarali. Zumrad tabassum bilan javob berdi: — Mavlono Fuzuliyning g‘azallari dardli dillarga malham. Qani men ham siz kabi hamisha kitob o‘qisam. Peshanam qursin, kun bo‘yi sillam qurib igna bilan ipak chatiyman...— dedi qiz ma’yus.— Boshimda sho‘rim ko‘p, bilmadim bu falokatdan nechuk qutulaman? Umarali peshanasini ushlaganicha jim o‘tirardi. U qattiq iztirob chekar, ammo noilojlikdan, nochorlikdan talvasada, sarosimada edi. — Ishq dardi yomon narsa...— dedi yonib Umarali,— men ishqingiz mubtalosiman. Nahotki baxt qo‘limdan ketdi! Umaralining bu so‘zi Zumradning barcha umidlarini ko‘kka sovurib yuborganday tuyuldi. Bir zum sukutdan so‘ng xo‘rsinib o‘rnidan turdi, «Xayr, mulla aka!..» dedi faqat va tez yurib ketdi. Qizning yuzini yuvib quyilayotgan qaynoq ko‘z yoshlarini Umarali ko‘rmadi. Ammo «Xayr, mulla aka!..» deganida qizning ovozi alamli titrab ketganini sezdi.... O‘n Beshinchi Bob I Shayxantahurning tor ko‘chalaridagi Valixonboyning tashqari hovlisi. Taxta-taxta gulzorlar va saralab o‘tqazilgan daraxtlar aylanasida g‘isht yotqizilgan yo‘lkalar. Hovli atrofida bir-biriga tutash xonalar. Bir to‘da boylar, ulamolar, jadidlar juma namoziday chiqqach, Valihonboyning keng mehmonxonasiga yig‘ilganlar. Mehmonlar turli taomlar, noz-ne’matlar to‘kib tashlangan dasturxon atrofiga gir aylantirilib to‘shalgan duxoba, atlas ko‘rpachalarda o‘tirishibdi, orqalarida momiq yostiqlar. Majlisda ulamolar, islom bayrog‘ini ko‘targan shariat peshvolari bisyor edi. Ustlarida etaklari yerga surgaladigan olabayroq to‘nlar, boshlarida qozonday katta sallalar: taralgan quyuq soqollari ko‘ksilarini qoplagan. Bular g‘urur va kibr bilan gerdayib o‘tirganlariga qaramay, qazi-qartadan tortib qand-qurs, murabboga qadar, hammasini oshaydilar. Boylarning aksariyati yag‘rinli, bo‘yni yo‘g‘on, qorindor. Bular ichida faqat Saidikrom non yemay ozg‘in, jikkak, yo‘l-yo‘l chitdan chopon va eski mahsi kiygan, ko‘rinishi faqirnamo. U patirdan chimdib, jim o‘tirardi. — Olsinlar, taqsir, yaxna go‘shtdan tanovul qilsinlar, ilikday lazzatli,— shivirladi yonidagi boy. — Tashakkur, mumkin bo‘lsa choydan uzatsalar, insonda nafs oz, qanoat zo‘r bo‘lgani ma’qul,— javob berdi Saidikromboy. Yon-verida o‘tirganlar piq-piq kulib qo‘ydilar. Birisi choy uzatib so‘radi: — Ne gap o‘tdi, taqsir? — Boshimda tashvishim ko‘p,— choydan ho‘plab, jaivob qildi u,— Valixonboy taklif qildilar, azbaroyi xudo, ko‘zim qiymaganidan ishim ko‘pligiga qaramay kelishga keldim-u, ketishning ilojini topolmay halakman. Saidikromboyning rubaro‘sida pixillab ovqat urayotgan semiz bazzoz boshini ko‘tardi. — Boy ota, Sho‘royi islom majlisi bu axir, hali gap ko‘p, islom haqiqatini tinglangiz; sizga, bizga taalluqli pul masalasi bor. — A, labbay?— bir sapchib tushdi non yemas boy.— Pulmish-a, be, noma’qulchilik bu,— ming‘irladi asabiy tusda. Boylar bir-birlarini turtishib qo‘ydilar. To‘rga terilgan to‘rt dahaning e’tiborli ulamolari so‘zlariga jiddiyat va salmoq berib, sahobalar haqida, shariatning asoslari, zakot masalalari, dunyo va oxirat ustida muzokara olib borardilar. — Ulamo hazratlar, javoblar!—xitob etdi o‘z odaticha yengil tabassum bilan Anvarxon qori. Majlis ahli sukutga toldi. Mudarrislar yo‘talishib, boylar kekirishib qoriga qulok, berdilar. Ulamolar, mudarrislar taomlardan qo‘l tortishmadi, ularning taomili shunaqa — yeb o‘tirib, tinglayverishadi. Goho o‘zaro shivirlashib, goho bosh ko‘tarib, xo‘mrayib qarab qo‘yadilar. Qori sekin, vazmin so‘zlashga kirishgai edi, kumushday tovlangan oq banoras to‘n kiygan Sadriddin a’lam to‘satdan o‘siq qoshlarini ko‘tardi, ular ostida yashiringan ko‘zlaridan chaqmoq uchdi. Keyin u tom loqaydlik bilan so‘zlab ketdi. Bir necha boylar, jadidlar bir-birlarini turtishib, ivir-shivir qilishib oldilar. Qizarib so‘zini to‘xtatgan Anvarxonning ko‘zlari yerga og‘di. Sadriddin a’lam hazratning ovozi baland, nutqi zo‘r: u arab, forsiy so‘zlar, iboralarni qorishtirib salobatli gapirar edi. U muqaddimani payg‘ambar va sahobalardan boshlab, islom tariqatlariga o‘tdi. So‘ng ilm haqida so‘zladi. — Ilm — yolg‘iz olloga sig‘inish, haqiqat shudir, tushundingizmi, qavm?—deya xitob qildi u majlis ahliga. Uzoq gapirib tomog‘i qaqrab ketgan a’lam bir boyvachchaning ta’zim bilan tuttan piyolasini qo‘lidan oldi-da, bir yo‘la shimirdi. Majlis ahli a’lamning nutqini ixlos bilan tinglardi. Goh mudrab, goh quloq osib o‘tirgan Saidahmadxon o‘rnidan turib, mutavozelik bilan a’lam hazratning qo‘lini o‘pdi va pixillab qayta joyiga o‘tirib oldi. A’lam mamnuniyat bilan jilmaydi: — O‘g‘lim, davlatingiz bundan ham ziyoda bo‘lsin, ammo shafqatni, kor-xayrni unutmagaysiz. Saidahmadboy qulluq qilib olgach, madrasalar va «Izoh» jurnali boylar yordamiga muhtoj ekanligini aytdi, ammo so‘zini tezda muxtasar qildi. Bir-ikki eiyoli shivirlashib, «Boyning ayyorligini qarang, gapi bu-yu, o‘ei go‘zal malikalarning quli» deya zimdan piching qilib qo‘ydilar. Ayrim ziyolilar va jadidlar noxush sukutda o‘tirardilar. — Javob hazrat, aqcha masalasi boyonlar zimmasida bo‘lg‘usi, bir ilojini qilurmiz,— og‘ir sukutni buzdi Valixonboy. Ulamolarga jon kirib qoldi, madrasa haqida, moddiy masala xususida to‘yib astoydil eemalikka kirishgan edilar, ziyolilardan biri xomush o‘tirgan Anvarxonga murojaat etdi: — Sho‘royi islomning vazifalari yolg‘iz madrasaning moddiy jihati emasdir, o‘zga vazifalar-da bisyor. Qori afandim, so‘zlasinlar, sizni eshitaylik. — Ketsam bo‘lardi, zarur ishlar ko‘p, ijozat bergaysiz,— uy sohibiga murojaat qildi Saidikromboy.— A’lam hazratning gaplarini mamnuniyat bilan eshitdik. — Xasis mehmondan qochar, degan gap bor, uyat bo‘ladi, o‘tiring, Turkiston o‘lkasida hech kimsaning xazinasi siznikiga teng kelmaydi axir: insof qiling-da,— shivirladi Valixonboy. — Bo‘lmagan gap,— oqarib ketdi Saidikromboy,— og‘zingizga qarab gapiring-e, faqir bir bandamiz. — Moshoollo!— o‘z-o‘ziga aytganday shivirladi Valixonboy. Ammo Saidikromboy o‘rnidan turib ketishga jur’at etolmadi. Ichki sarosima bilan lab-lunjini osiltirgan holda o‘tirib qola berdi. Endi chehrasi xiylagina ochilgan Anvarxon qori yoqimli ohangda shoshmasdan, ravon gapirar edi: — Kerenskiy janoblari aqli komil, hushyor, xususan huquq bobida yetuk, siyosatga o‘tkir kimsa. Shoyad Turkistonga doir masalalar bilan o‘zlari mashg‘ul bo‘lurlar va qunt bilan hal qilurlar. Umidimiz zo‘r. Peterburgda, Moskvada, ko‘p joylarda, shu jumladan Toshkentda ishchilar, masterovoylar harakati bisyor avjga chiqqan zamondir hozir. Sakkiz soat ish, to‘la huquq, mohiyona janjali va o‘zga ko‘p g‘avg‘oni ko‘tardilar. Janoblar, oldimizda musulmon fuqarosini, o‘z mehnat ahlimizni tarbiya qilmoq zaruriyati turur. Aks holda rus ishchilari ta’sirida o‘z mehnat ahlimizning ham bebosh bo‘lib ketish xavfi yo‘q emas! — Ofarin! Qori afandi ayni muddaoni aytdilar, shu zamonda ishchilarning fe’li benihoya aynagan. Sakkiz soat emish-a, g‘ofillarni qarang, ko‘z ochib-yumguncha o‘tadigan shu fursatda ish bitadimi?!—g‘azab to‘lib ketdi Saidahmadboyning ko‘zlariga. Qori turli milliy masalalar ustida to‘xtab, savdo ahli, xususan, Qo‘qon boyonlari va ziyolilari zo‘r faoliyat, ishtiyoq va sur’at bilan ishga tushganliklarini, millat ham istiqbol haqida qayg‘ura boshlaganlarini uzoq so‘zladi. Qori Toshkentda ham ulamo hazratlar, boyonlar, ziyolilar ahillik yo‘lidan borib, qavmni axloq, tarbiya, sadoqatga o‘rgatish lozimligini uqtirdi. U so‘zini tugatarkan, yo‘talib oldi-da, choy xo‘pladi. — Rasuli ikrom aytganlarki...— deb oyat bilan boshladi so‘zini baland mavqeli mudarrislardan biri. U Qo‘qon bilan xat-xabarlashib turganliklarini, qorining aytganlari ulamoga ham ma’lum ekanligini qayd etib, hammaga diqqat talab bir qarab olgach, gapida davom etdi:—Podshohlar hokimi mutlaq bo‘lib kelganlar, bu farzdir. Ba’zi podshohlar zolim, ba’zi podshohlar Horun-ar Rashid kabi odil bo‘lurlar. Gavda boshsiz tirik emas, xalq ham podshohsiz yashay olmaydi. Tabarruk avlodlar bor,— ovozini pasaytirdi mudarris.— Olloga sig‘inamiz, shoyad hurmatga sazovor xoqon topilsa, tangrim o‘zi mehribon bo‘lg‘ay. Majlis ahli mudarrisni og‘ir sukutda tinglar edi. U quyuq soqollarini siypab jim bo‘ldi. Bir necha daqiqani o‘tkazib, tag‘in Anvarxon qori gapirdi. U turli masalalar ustida batafsil, shoshmasdan so‘zladi, nihoyat, aqcha masalasi ustiga keldi. Yaqin kunlarda keng miqssda Sho‘royi islom qurultoyi bo‘lajagini so‘zlab, bunga turli tadbirlar, tayyorgarliklar kerakligini aytdi. Boylar, go‘yo mum tishlaganday jim o‘tirardilar. Mudrab o‘tirgan Saidahmadboy ko‘zini ochdi. — Qani, muhtaram boyonlar, gapirsinlar, himmatlari qanday?— so‘radi boylarga bir-bir boqib. — Janoblar, gapirsinlar!—xitob qildi Valixonboy Saidahmadning so‘zini takrorlab. Boylar sukut qilardi, faqat bir-birini turtib, imo bilan shivirlashishardi. Burchakda boshini quyi solganicha jim o‘tirgan Saidikromboyni Valixonboy ohista turtdi. Nima gap, deganday yalt etib majlis ahliga ko‘z yugurtirgan non yemasga qarab, sizga ham daxli bor bu gapning, tinglang, degandek jilmaydi Saidahmadxon. Pinakka ketib, so‘nggi gaplarni eshitmay qolgan Saidikromboy bir lahza og‘zini ochib angrayib qoldi. So‘ng gap nima ustida ketayetganini fahmladi-da, birdan oqarib ketdi. Xasta tovushi bilan sekin gapirdi: — Janoblar, ahli rastadanman. Kichik bir do‘koncham bor. Maskov, Peterburg fabrikantlari bilan uncha-muncha aloqa qilib, ish yurgizaman. Savdo yo‘q, desam yolg‘on bo‘lmas. Shunday, do‘stlar, bir nav tirikchilik bilan kun kechiraman. Menda hech vaqo yo‘q, iqtidorim yo‘q. To‘g‘ri, zamon og‘ir, zamon qaltis, bandalarini ollo taoloning o‘zi yorlaqasin. Barcha o‘tirganlar jim qoldi, ammo Valixonboy jahlidan qizarib ketdi: — Birodar! Oltin-kumush, gavhar-marvaridni sandiqqa xo‘p bosgansiz; nima, davlatingizni u dunyoga orqalab ketmoqchimisiz?! Xasislik ham evi bilan-da, har ish mezoni bilan, kori xayrdan bo‘yin tovlashning sharofati yo‘q! Saidikromboy bir oqardi, bir qizardi, azbaroyi bo‘g‘ilib ketganidan churq etishga qodir emasdi shu topda. Birdan o‘rnidan irg‘ib turdi-da, yonida o‘tirgan Valixonboyga nafrat bilan o‘qraydi, keyin ulamolarga qulluq qilib, dag‘-dag‘ titraganicha, jag‘i ajragan kavushini oyoqlariga ildi, g‘izillaganicha chiqib ketdi. Majlis ahli Saidikromboyning bu qilig‘idan ranjigan edi. Hamma bir on jim qolgach, asta-sekin non yemas boyning xasisligidan hikoya qila boshladi. Bu boy oqshomda barcha kelinlarini o‘z oldiga chaqirib, hamma chiroqlarni bitta gugurt bilan yoqib berishi, har kuni uyida yovg‘on moshxo‘rda qaynashi, zaifalar yovg‘on taomdan bezganlaridan tushda palov yoki chuchvara qilib o‘zlari boplab urib oladigan bo‘lishganini biri olib-biri qo‘yib rosa gapirishdi. — Afandilar, janoblar, ishga o‘taylik!—dedi bugun nechundir kamgap, jim o‘tirgan advokat Abdullaxo‘ja. Majlis ahli jim bo‘lgach, yirik gavdali, salobatli bir mudarris so‘z boshladi. Buning ham gapi oyat va payg‘ambardan kelib, «Boyonlar yordam qo‘lini cho‘zsinlar!» degan da’vat bilan tamom bo‘ldi. Boylar jim o‘tirardilar. Oriq va jikkak bir bazzoz uyalibgina og‘iz ochdi: — Kori xayr ulug‘ narsa, taqsirlar, ro‘yxatga mening nomim yozilsin, o‘n so‘m beraman. Ziyolilar, jadidlar ohista bir-birlarini turtdilar. — Oh, Turkiston!— boshini chayqadi ziyolilardan biri.— Zavolli Turkshston! Shafqatsiz o‘g‘lonlaring borki... Saidahmadboy kibr bilan iljaydi va mo‘ylovlarini burab oldi. — Darvoqe, xasis boylarimiz ko‘p, ammo saxiylar, insoflilar yo‘q emas, ro‘yxatni menga topshirsinlar, harakatda — barakat, o‘zim bir-bir gaplashib, astoydil yig‘aman barcha zanginlardan. Saidahmadxonning so‘zini yana bir-ikki boylar ma’qullashgach, Sadriddin a’lam mamnuniyat bilan boyga qaradi. — Janob Saidahmadboy, ertaga huzuringizga ro‘yxatni yetkazurmiz. Ollo taolo yorlaqasin... Jadidlar, ziyolilar sarosimada o‘zaro imo bilai gaplashardilar. Anvarxon qori kulimsiradi: — Majlisning kun tartibi tugadi, mehmonlar bemalol so‘zlashib o‘tiraversinlar. Tashqarida manti, kaboblar ko‘pdan tayyor edi. Hidlari xush anqigan bu laziz taomlar darhol dasturxonga tortila boshladi. Ulamo va boylarning so‘zlariga bazo‘r bardosh berib o‘tirgan sho‘x Jalilxon endi yayrab ketgan edi, yonidagi o‘ziga teng yoshlar bilan quyuq suhbatga kirishdi. — Bu muhorabada Turkiya mag‘lubiyatga duch keladi,— deya ohista gapirayotgan edi u, ulamolardan biri etsshtib qoldi, darrov e’tiroz bildirdi: — Istambul islom poytaxti, xalifa shariatimizning homiysi, oyoq osti qilish yaramaydi, boyvachcha! Piq etib kulib yuborgan Jalilxonga a’lam bir xo‘mrayib qo‘ydi. Muzokaralar, mulohazalar, tortishuvlar yana davom etdi. Qorinlar to‘yganidan barchaning kayfi chog‘, ruhi ko‘tarinki, suhbat qizg‘in edi. Sadriddin a’lam ulug‘vor o‘tirardi, ulamolar jamiyati tuzish haqida yonidagi Muhammadmansur bazzoz bilan ming‘ir-ming‘ir gaplashardi, jadidlardan shikoyat qilardi. Keyin bir necha e’tiborli boylardan ertaga madrasaga boshlab kelishni, xoli bir maslahat borligini aytib iltimos qildi. Bazzoz bir nafas o‘ylanib qolgandan so‘ng va’da berdi. A’lam yengil tortdi. — Ulamolar bilan ziyolilarning ahil bo‘lmoqlari lozim, jadidlarning orzulari yangi maktab ochishdir, ularga ruxsat bermoq ma’qul bo‘lardi,— deya bazzoz a’lamga yotig‘i bilan so‘zlay boshlagan edi, a’lamning qiyofasi, go‘yo bulut bosganday, qorayib ketdi: — Betamiz kalta dumlarning gapi bu, holbuki, ulardan hazar qilmog‘ingiz lozim edi, bu qandoq noma’qulchilik? Shariat ko‘rsatmish maktablarini bilurmiz, o‘zgasining darkori yo‘q; din, faqat din yo‘li! Muhammadmansur esankirab, qizarib ketdi. O‘rnidan bir qo‘zg‘alib olgach, a’lamga javob berdi: — Gapingizga aslo shubham yo‘q, taqsir, ammo men Maskovda, Peterburgda ko‘p bo‘ldim, o‘zimning savodsizligimdan hamisha pushaymon qilaman. Turkiya, Arabiston kabi islom mamlakatlarida ham oliy maktablar bormish, bizning bolalarimiz ham savodli bo‘lmoqlarini, ilmi hisob kitobini bilmoqlarini orzu qilaman. — Saboq madrasaga kelganingizda maktab masalasini bafurja muzokara qilgumizdir,— gapni kesdi a’lam. Boy qulluq qilib, albatta madrasaga borajagini tag‘in bir marta va’da qildi. Majlisda suhbat turli mavzularda davom etardi. ...Namozgar yaqinlashgan. Palovni to‘yib yeyilgandan so‘ng Sadriddin a’lam qo‘llarini baland ko‘tarib uzoq fotiha o‘qidi. Mehmonlar ketma-ket kekirishib a’lam boshliq hovliga chiqib qo‘l chaydilar va bir-bir bosib, og‘ir qadamlar bilan Shayxantahurga, namozga yo‘l oldilar. O‘n Oltinchi Bob I «Osmon kabi katta palakni xilma-xil ipak bilan turlab uch oyda tikib tugatarmikanman!— deya o‘ylardi Zumrad. Keyin ishpechini titkilab allaqanday rangdagi bir ipakni topdi.— Uch palak tikdim, bu to‘rtinchisi. Hammasi boylarning erkalariga, o‘zimga qani, bittagina kirpech ham yo‘q... Do‘ppi tikish yengil-a, hay-hay palakning mashaqqati... Chamanday tovlatish uchun yuragimning butun quvvatini, ko‘zlarimning butun nurini to‘kishim kerak-a. Palak olamning gardishi, deydi odamlar,— derdi yana Zumrad o‘z-o‘ziga. Uzundan-uzun ipak qatimlarini qulochlab torta-torta, chidam va bardosh bilan uzoq o‘tirdi u. —Shu palakdan qo‘limga tushgan aqchaga bir xonatlas olay-ki, kiyganimda, gulday yashnab ketay, otamgayam, onamgayam tutqazmayman, albatta atlas olaman». Dard va alam yutib mehnat qilgan bu qizni shunday orzu-havaslar bir zum ovuntirar, kunlari, oylari shunday o‘tar edi... Xushhavo savr oyi. Quyoshga cho‘milgan gilam-gilam qizg‘aldoqlar... Daraxtlar nafis barglarga burkangan, shamol mayin, yoqimli... Jarda, anhorni to‘latib oqqan suv yo‘lida, quyuq daraxtlar soyasida yastangan tegirmonning gurlashi ham bahor nash’asiga yana bir go‘zallik qo‘shganday... Hovli o‘rtasidagi bir tup qarigina, bukchaygan, gavdasi qovjiragan katta balx tutning g‘arq pishgan vaqti. Zumradning onasi har yildagi kabi ertaga bu tutdan ozgina shinni qaynatishni mo‘ljallab qo‘ygan. Zumrad ninani palakka to‘g‘nadi-da, o‘rnidan turdi, tizzalarini uqaladi va supurilgan, chinniday hovliga gilamday to‘kylgan tutlarni tera boshladi. Ayvonda, supa ustida kuymalanib o‘tirgan ona qalin-qalin yasalgan zog‘ora nonlarni savatga gerdi-da, oyog‘iga yirtiq kavushini ilib, tandir boshiga yugurdi. Shu topda to‘satdan eshik girch etib ochildi, avval boshini suqib, keyin o‘zi paydo bo‘lgan bir begona xotin shoshilib boshidan paranjisini oldi. Yuzlari sepkil, ko‘zlari g‘ilayroq, oriqqina xotin tortinibgina qarshi borgan Zumradni bag‘riga bosib ko‘rishdi. Qizning boshidan oyog‘igacha diqqat bilan kuzatar, undan ko‘zlarini uzolmas edi. Zumrad qizarib ketdi, lekin darrov uning qo‘lidan paranjisini olib, o‘tirishga taklif etdi. Uf-f, issig‘-ey kun, yonib ketdim,— dedi xotin o‘tirgan hamon kir dastro‘mol bilan yelpinib.— Yuring hozir, singilginam, otlana qoling jadalgina,— dedi xotin keskin buyruq bilan.— Manzuraoy yubordi meni, o‘rtog‘i Zuhraxon Beshyog‘ochda bir kichik ziyofat beryapti, farishtaday-farishtaday qizlarning sarasi yig‘ilib o‘tirishibdi, siz bo‘lmaganga Manzuraoyginaning ko‘ngli to‘lmayapti. Hayallamay oldingizga solib keling, dedi Manzuraxon. Hovlida biron erkak oti qolmagan, hammasi ishda... Bazmki, dutoru tanbur avjida!— G‘ilay ko‘zlarini ayyorona qisib qo‘ydi xotin. Borsammi, yo‘qmi, deb yerga qaragan holda, ichdan allaqanday bir qarshilik bilan olishganday, o‘ylavib, ikkilanib qoldi Zumrad. — Qaydam, ishim ko‘p edi,— dedi boshini ko‘tarmasdan. — Bo, ish qurib ketsin, rangingizni somon qilib yuboradi-ya buvaqa ishlar. Qani, yura qoling, oy qiz,— qistadi xotin. Momosuluv begona xotinning shang‘illashini eshitdi shekilli, ichkaridan shosha-pisha yugurib chiqdi. Aylanib, o‘rgilib ko‘risha-so‘rasha ketdi. — O‘zing ham qon bo‘lib ketding, qizim, bora qol, otlan tezgina,— dedi qizini shoshirib ona.— Manzuraxon chaqiribdimi, yo‘q dema, qalin o‘rtog‘ing-a, xafa bo‘ladi, tezroq kiyina qol, shohi ko‘ylaging bor-ku, o‘zingga juda yarashadi. — Voy, o‘lsin, eskirgan-ku,— dedi qiz yuzini teskari burib, keyin xomush holda asta yurib xonaga kirib ketdi. — Aylanay egachi, boyning uyida cho‘riman, taqdir shu ekan,— vaysay boshladi xotin. Qarshida cho‘qqaygan kampir bir so‘z qotolmas, xotinning labi labiga tegmas, javrar edi, namatda turgan choynakni kampirdan so‘rab o‘tirmadi, boshiga ko‘tardi-da, sovuq choyni birdan shimirdi. — Qizginangiz omon bo‘lsin, judayam ko‘hlik ekan, qomatlariga qarab to‘ymaydi odam. Ajab emas tolei yarqirab ketsa... — Aytganingiz kelsin, o‘rgilay, qizimning husniyam, aqliyam yomon emas, lekin jinday o‘jarligi bor. Sovchilar eshigimizning turmini buzyapti, baland martabali, e’tiborli, katta-katta boylardan odam kelyapti, hammasiga qiz qurmag‘ur «yo‘q» deydi. Bir lahza o‘ylanib turdida, xotin qoshlari bilan sirli imo qildi: — Oxir zamonning qizlari-da, yomon mahmadona bo‘lib ketyapti hammasi. Ehtiyot bo‘ling-a, o‘z xohishiga qo‘yib qo‘ymang, tag‘in beboshlik qilib bitta-yarimta sayoq bilan topishib ketmasin, o‘rgilay, dog‘da qolasiz-a! Aldab-suldab, yoshmi, qarimi, bir boyginaga bering. Oshiq bo‘ldim qizingizga, parizodday husni bor ekan, baxtli bo‘lsin, Shu asnoda xonadan yashnab Zumrad chnqib keldi. Sochlari chakkalariga buyralangan, boshida loladay yongan tovar durra, shohi ko‘ylak ustidan sirib tugmalangan beqasam nimchasi chiroyli qabargan ko‘kraklarini yashirolmagan, oyoqlarida ayab ahyon-ahyonda kiyadigan buyurtma amirkon mahsi-kavushi. Xotin termilib, bir lahza hayratda qotib qoldi, keyin ko‘zlarini ayyorona o‘ynatib: — Voy egachijon, qizingizni bir ko‘rgan odam ishq o‘tida kuyadi-qoladi, yomon ko‘zdan saqlasin egam. Qo‘rqmang, mening ko‘zlarim yomon emas, tuf-tuf-tuf...— G‘ilay ko‘zlarini ikki yoniga shig‘raytirib tupuk sachratib qayta-qayta tupurdi-da, shoshilib paranjisini boshiga ildi xotin. «Ko‘zing qursin», dedi kampir ichida. Qarg‘ab, ensasi qotgan holda tandir boshiga yurdi. Eskigina paranjisini boshiga yopinib, Zumrad onasiga o‘girildi. — Bilmadim, oyijon, qachon qaytaman, kechiksam tashvishlanmang. — Bekalarga quyuq salom berib ko‘rish, bolam, odobli, sipo bo‘lib o‘tir, shaqir-shuqur qilaverma,— tayinladi onasi qayta-qayta. — Munchayam ezmasiz-ey, o‘zim bilaman hammasini,— eshikni shaq etib yopib, xotinning orqasidan chiqib ketdi qiz. Suv ustiga ikki yog‘och tashlab, shox solingan, tuproq bostirilgan lopillama ingichka ko‘prikdan o‘tib, ular Xadra tomon burildilar. Zumrad birdan to‘xtadi-da, xotinga shivirladi: — Mumkin bo‘lsa, jinday sabr qilsangiz, huv ana, jinko‘chani ko‘rdingizmi, shunda bir o‘rtog‘im bor, ola ketsak. Zumradning bu gapi xotinga sira yoqmasa-da, ovoziga soxta ohang berib, javob qildi: — Jonim bilan xo‘p derdimu, jon singlim. Manzuraoy, darrov Zumradxonning o‘zini olib keling, bema’nilik qilib notanish qizlarniyam ergashtira kelmang, deb tayinlagan edilar. Yana ko‘ngillari xira bo‘lmasin. Yuring, aylanay, judayam hayallab qoldik, Zuhraxon ham xafa bo‘lmasin. Zumrad ranjidi. — Manzuraga nima bo‘ldi, jin urdimi!—o‘rnidan qo‘zg‘almadi Zumrad, bir oz o‘ylanib turgandan keyin tag‘in dedi:—Manzuraxonga o‘zim javob beraman,— birpas to‘xtang, hozir olib chiqaman, aqlli-hushli, yaxshi qiz. Zumrad qayrilib endi ikki qadam tashlagan edi, xotin uning yo‘lini to‘sdi, yana e’tiroz qilishga kirishdi. — Qo‘ying, do‘ndiqcham. Zuhraoydan javob olib, o‘zim qaytaman-da, g‘irillab olib boraman, gapimni qaytarmang, tasadduq. Zumrad xunob bo‘lganidan churq etmadi, yursammi, yurmasammi, deganday asta qadamlab, xotinga ergashib ketdi. Bir oz yurgandan so‘ng Olmazorga burildilar. Mahkama oldidan o‘tar ekanlar, Zumrad bir oz to‘xtadi: — Machalop o‘lgur o‘tirardi kerilib, juvonmargning qamchisidan qon tomardi-ya. Olamning ishi shunday, xola, oq poshsho quladi-yu, hammasi bir bo‘lib suvga cho‘kdi-ketdi. — Ha-ya,— dedi xotin qadamini tezlatib. Zumrad esa o‘tgan voqealarni xotirlab ketmoqda edi. Ishchilar va kosiblarning isyonini, xotinlarning dodi faryodini, kampir xolasi «Dod!» deb yig‘lab, olomon oldiga tushib yugurganini, politsiyachilar xotinlarni yanchib, urib haydaganini, xolasining o‘lishiga sal qolganini hikoya qilib borar edi qiz. Sharqirab oqib turgan bir suvdan o‘tdilar-da, daraxtlarga ko‘milgan, salqin, tinch, kichik ko‘chaga qayrilib, katta bir darvoza oldida to‘xtadilar. — Yaxshi imorat-a, qutichaday pishiqqina,— g‘ilay ko‘zlari bilan uyga ishora qildi xotin va temirday mustahkam eshikni asta qoqdi.— Charchadingizmi, oppog‘im, picha dam oling, men hozir Zuhraoyning tag‘in bir o‘rtog‘ini chaqirib kelaman. Shu topda kalnamo, ko‘zlari besaranjom, beo‘xshov bir ko‘sa chol eshikni asta ochdi. Shundaygina gulga va daraxtlarga to‘la ko‘rkam hovliga kirdilar. Qirq besh yoshlardagi bir xotin oshxonadan chiqib bularni qarshi oldi. Oppoq, ozoda kiyingan, chaqqon, rangpargina bu kampir yugurganicha kelib, quyuq ko‘rishdi. Qizni boshlab kelgan xotin kampirga nimalardir deb shivirladi-da, keyin Zumradga qaradi, soxta iljaydi: — Marhamat, mehmonxonaga kirib turing, aylanay, men hozir kelaman, hozir. Kampir Zumradni boshlab keng mehmonxonaga olib kirdi. Uyum-uyum qalashgan asil jihozlar, qip-qizil yashnagan gilamlar, atlas ko‘rpachalar, burchaklarda odam bo‘yi xitoy ko‘ralar. To‘rdagi keng sim karavotda qalin ko‘rpalar ustiga momiq yostiqlar tashlangan... Zumradning ko‘zlari qamashib ketdi, hayratdan bir zum qotib qoldi «Tushimmi, o‘ngimmi?»—shivirladi o‘z-o‘ziga, to‘rt tomonga alanglab. — O‘zimizga to‘qmiz, tasadduq, bolalarim hammasi do‘kondor, baland zavqli yigitlar,— dedi muloyim tabassum qilib kampir. Ikkovlari gangir-gungur gaplashib o‘tirishdi. Zumrad qiziqib hali uni, hali buni so‘radi. Bir ongina ko‘nglida paydo bo‘lgan allanechuk gumon, g‘ashlik tez o‘tib ketdi: odatdagi sho‘xligi, sarbastligi bilan erkin so‘zlashib o‘tirardi. Qizni osongina keltirib, mehmonxonaga kiritib yuborgan xotin lip etib, hovlining chetidagi bir xonaga kirdi. — Uh, o‘ldim-ey,— dedi poygakroqqa o‘tirib.— Ishning o‘ngidan kelgani shunday bo‘ladi, to‘ram! Eshonxon o‘zida yo‘q xursand, uyning u burchidan-bu burchiga yurar va tinmay papiros so‘rar, iblis makkorligi bilan boshlab yuborgan fojianing davomi uchun rejalar to‘qish bilan xayoli band edi. — Farhodni aldagan yalmog‘iz kampirni topib kelsangiz ham bajara olmas edi shu ishni. Ming bir quvlik bilan aldadim-avradim, axir olib keldim-da,— bo‘g‘iq tovush bilan qix-qix kuldi xotin. — Derazadan mo‘ralab ko‘rdim, durust, shaytonga saboq berishga yaraysan.— Papiros tutunidan bo‘g‘ilib yo‘taldi Eshonxon. Tishqolidan qoraygan yakkam-dukkam tishlarini tirjaytirib, xir-xir kuldi yana xotin. — Ayyorlikda uchchiga chiqqanman, deb maqtansam yolg‘on emas. Ayniqsa shu shahri azimning dongdor boyonlariga judayam manzur mening ishim, o‘rgilay. Dukchining hovlisiga to‘g‘ri kirib bordim, Manzuraoy chaqiryapti, darrov yuring, aylanay-o‘rgilay, deb avradim, birpasda onasining bag‘ridan xamirdan qil sug‘urganday sug‘urdim chiqdim. Bora-borgunimcha «Zumrad, Zumrad» deb otini yodlab bordim. Naq siz o‘rgatganday, Manzuraoy aytib yubordi, deb shundog‘am ishontirdimki, shilq etib oldimga tushib kelaverdi qizgina. Mana, tilla qafasga soldim-berdim. Hammayam eplayolmaydi mundaqa ishni. Ayyorlikni mendan o‘rgansin manaman degani ham. Eshonxon ketma-ket papiros tutatar, hayajondan hanuz o‘zini bosa olmas edi. — Qani, pulni cho‘zing, va’dangiz katta edi to‘ram,— dedi g‘ilay xotin.keskin tovush bilan. Eshonxon parvosizgina, o‘z xayollari bilan band holda, deraza oldida uzoq turdi, lablariga qistirgan papirosni bir-ikki qattiq-qattiq so‘rdi-da, ochiq derazadan hovliga irg‘itib yubordi. Nayrangning davomi — qizni tag‘in qanday aldash kerakligi, turli yo‘l-yo‘riqlar izlagan fikrlari tinmay ketma-ket chulg‘anar edi. — Hoy, bu yoqqa qarang, pulni cho‘zing deyapman, arpani xom o‘rganmisiz, nima muncha xayol?— bo‘g‘ildi xotin jahldan burnini qiyshaytirib. — E, baqirma, sekinroq, g‘ilay!— dedi siltab birdan o‘ziga kelgan Eshonxon.— Boy aka shu yerda-ya, javrama ko‘p. — Pulni chiqaring, tezroq daf bo‘la qolay,— qistadi xotin.— Qand-qurs beraman, degan va’dangiz ham bor, unutmagaysiz, moyli patir hay... Qani, bo‘la qoling. Eshonxonning ensasi qotgan edi, juda sekin, shoshilmasdan kissasidan hamyonini chiqardi-da, uch so‘m sug‘urdi. — Ma,—dedi xotinga pulni uzatib, keyin hamyonini qaytib kissasiga tiqdi, javondan ikki qattiq patirni olib, xotinning oldiga taq etib tashladi. — Shumi va’da, imonsiz?! Ishim bitdi, eshagim loydan o‘tdi, deng! Yo‘q, chuchvarani xom sanabsiz, par-r-r etib uchirib yuborsam ovingizni, nima deysiz?! Popukday qizni issiq uyasidan sug‘urib olib keldim, husni olamda yo‘q, shuning narxi uch so‘mmi? Noinsof! Tilla bilan teng tortib olsa arziydi-ya! Eshonxon ayyorona iljaydi, xotinning orqasini silab, bir-ikki yengil urib qo‘ydi. — Hali sendan umidimiz katta, ko‘zlab qo‘ygan yaxshi-yaxshi jonon qielar, juvonlar bor, boyning xizmatida bo‘l,— deya xushomad qildi. Hamyonini ochib:—Mana, ol tag‘in!— deya bir so‘m pul uloqtirdi. Javondan bir siqim qand-qurs olib, xotinning hovuchiga to‘kdi. Xotin yengillashib duo qildi. — O‘n so‘m berarsiz, deb orzu qilgan edim, mayli. Har bir boylar borki, sharaq-sharaq pul tutqazadi, uka. Ishingiz bo‘lsa hamisha tayyorman,— dedi va eshik tomon yurdi. Ostonada bir zum to‘xtadi-da, ayyorona kulgi bilan:—Chaqqonlikda, makkorlikda mendan o‘tadigani yo‘q, xo‘p deng, opasi jonidan,— dedi g‘ilay ko‘elarini qisib. Paranjisini boshiga qiyshiq ilib, Eshonxonni yana qayta-qayta duo qildi-da, tovushsiz, mushuk qadamlar bilan darvozaga yugurdi. Eshonxon vaqti xush holda, ikkinchi xonani bosib, uchinchi xonaga kirdi. — Mumkinmi, boy aka?— so‘radi ostonada to‘xtab. Par yostiqqa yonboshlagancha qimiz ichib, vaqti chog‘ o‘tirar edi Saidahmadboy. — Kel, kel, qani, nima bo‘ldi? So‘zla, g‘ivir-shivir qulog‘imga chalindi. Eshonxon mag‘rurona taltayib, ko‘rpachaning chetiga o‘tirdi. — Zumrad qo‘lda, taqsir! — A?— dedi boy o‘rnidan qo‘zg‘alib, keyin qaddini rostladi, chordana qurib o‘tirib oldi.— Zumrad deganda aqlimni yo‘qotaman, qomati ko‘rganni devona qiladi. Ayniqsa o‘yini, ah-ah...— boshini chayqadi boy.— Attorning uyida ko‘rganman, raqsi bemisl, esingdami? — Zumradning hanuz hech gapdan xabari yo‘q. Oqsochga topshirdim, zeri-zabarini tushuntirdim. Oqsoch har baloni eplaydi, xumpar, nayrangdan shaytonga dars beradi. Boy yangi surma duxoba do‘ppini boshidan olib ko‘rpachaga qo‘ydi. Behad xursand, nimanidir o‘ylar, sukutda edi. Chirpitdagi qimizni tizzasiga qo‘yib, bir-ikki chayqadi-da, kosani to‘latib shimirdi. Meshday shishgan qornini silab yana bir oz jim o‘tirdi. — O‘zing top yo‘lini, sohibi tadbirsan, farangsan, bu taqlid ishlarda o‘zingga teng keladigan kimsa yo‘q, mulla.— Birpas o‘ylanib qoldi boy, keyin kulgidan og‘zini yig‘olmay gapirdi:—Assalomu alaykum, deb to‘satdan qizning oldiga kirib borsam-chi? Eshonxon qutichadan papiros olib, barmoqlarida eza boshladi, bilimdonlik turi bilan bir oz sukut etgandan so‘ng, sekin gapirdi: — Qiz juda asov, andak sabr, ehtiyotlik lozim. Aldab-suldab taqimingizga oling, yo‘qsa, ish pachava. Avvalo, oqsoch.qand-qurs, yog‘liq patir, quling o‘rgilsin g‘archcha dumbali somsalarni to‘kib tashlaydi dasturxonga. O‘g‘illarim hammasi do‘kondor, ro‘zg‘orimiz hamisha shunday olqib-chalqib turadi desin. Keyin ermak uchun o‘zim kabob tayyorlayman, ozgina yog‘liq manti. Keyin quling o‘rgilsin musallas. Yerto‘lada bor-ku, asil, keksa musallas. Boy aka, ikki soatlardan keyin qizning kayfi taraq bo‘ladi, shunda kirsangiz ish joyida-da...— Eshonxon ayyorona tirjaydi:—Baxtingiz baland keldi, boy aka, kam. fursatda gul kabi chirmashib ketasiz Zumradxonga! Saidahmadboy jilmayib qo‘ydi, qimizni kosaga to‘latib, dedi: — Gapingning ma’nosi bor, davosi musallas. Ko‘p xotinlar bilan bo‘ldim, ko‘p aysh-ishrat surdim. Bu ishda eng a’lo davo musallas. Oqsochga tushuntir, ikkovimiz birga ichaylik, desin, avrasin qizni. Avvalo kampir o‘zi boshlab ichsin,— tayinladi Saidahmad. Eshonxon odob bilan o‘rnidan turdi, sekin yurib hovliga chiqdi. Ayvon ustuniga suyanib, allanechuk xayol bilan og‘ir sukutda o‘tirgan kalga sirli tovush bilan shivirladi: — Oqsochni chaqir, tez! Eshonxon birinchi xonaga kirdi, birdan ko‘nglida allaqanday his to‘lqinlanib ketdi. Negadir unda bir tashvish ro‘y berdi. Xonada u yoq-bu yoqqa aylanib yurdi. «Boyning qiliqlari qursin, malayligimdan popukday bir qizni shu falokatga solganim yaxshimi, axir? Vijdon, nomus qilcha ham yo‘qmi menda?» dedi o‘z-o‘zicha. Ammo undagi afsuslanish, ko‘nglida faqat bir ziyo kabi yondi-yu, o‘chdi. U darrov tag‘in avvalgi shaytonlik bandiga tushib oldi... Zumrad dilgir, parishon o‘tirardi. Shiftning ganch sharafalarini, devorlarning naqshini tomosha qildi, ko‘ralar va ipak gilamlarni bir-bir ko‘zdan kechirib, ajablandi. O‘yladi ichida: «Boylar hayoti shavkatli, dabdabali, kambag‘al sho‘rlik xoru zor, bir parcha non gadosi. Boylar xudoning suygan bandasi, biz nima gunoh qilgan ekanmiz?» Uksinib, ichdan xo‘rsindi qiz, asta o‘rnidan turdi, yengil qadamlar bilan tashqariga chiqdi. Hovlining ola-chalpoq soya sahniga tushdi. Chamanday gulzor quyoshda ko‘r-kam tovlanardi. Gurkirab o‘sgan sadarayhonlar, qashqar gullar, gultojixo‘roz, xina... bir talay gullar... Biri biridan go‘zal, biri biridan xushbo‘y. Zumrad ko‘tarinki ruh bilan gulzorni bir aylanib chiqdi. «Munchayam latif manzil ekan», deb o‘yladi. Hamma yoq bo‘m-bo‘sh, churq etgan ovoz yo‘q: jimjitlikdan, xilvatdan yuragi cho‘chib ketdi, ko‘ngli g‘ash tortdi. «Hozir kelaman», dedi-yu, tashladi-ketdi g‘ilay o‘lgur, bir sir bo‘lmasin tag‘in, deya shubhalandi-yu, bir daqiqa o‘tmay kulib yubordi. «Yuragim qursin, qo‘rqoq emasdim-ku». Zumrad bir-bir bosib daraxtlar orqasiga kirdi. Endi rang ola boshlagan g‘uj-g‘uj giloslar ko‘zni tortardi. O‘riklar ham quyilib turibdi. Dumbul o‘riklarga havasi keldi. Ingichka bir novdani egib, bir hovuch o‘rikni sidirdi. Dumbul o‘rikni yaxshi ko‘rardi, karsillatib chaynadi. Olmalar tagida bir zum to‘xtadi. Hammasi kuzgi ekan. Qo‘shoq-qo‘shoq olma qalashgan... Voy tavba, bodom ham bor ekan! Zumrad sekin yurib, hovlining chetiga chiqdi. Endi u oshxona tomon burilgan edi, fir yigitning sharpasini sezib qoldi-da, seskanib orqaga tislandi. Kim bo‘ldi u? Chiroylikkina yigit ekan... Qiz atrofga alanglab, derazalardan xonalarga qarab-qarab, mehmonxonaga qaytib kirdi. Xonada yoyilgan dasturxon yonib-yashnab turardi. Anvoyi nozi ne’matlar to‘kin. Cho‘pchakka o‘xshaydi-ya! U bir zum dasturxonga tikilib, keyin ko‘rpachaga, dasturxondan uzoqroq o‘tirdi. Oshxona tomondan burqirab somsa hidi keldi. Yenglari shimarig‘lik, doka ro‘molning bir uchini sallachaday o‘rab orqaga tashlagan holda, qo‘lida jazillama qaynoq somsa uyilgan laganni ko‘tarib oqsoch kirdi. — Yaqinroq o‘tiring, jonim, men xilma-xil taomlarni pishirib turishni yaxshi ko‘raman. Issiqqina somsa, oling, ochiqib qoldingiz.— Lagandan olib dasta-dasta somsalarni qizning oldiga qo‘ydi kampir.— Oling, yeya qoling, sovimasin, o‘rgilay, issig‘ida mazalik,— qayta-qayta qistadi qizni, keyin oshxonaga yugurdi. Eshonxon chaqqonlik bilan sixlarga kabob terardi. — Hoy kal, cho‘g‘ni sol ko‘raga, qani ildam!— buyurdi cholni shoshirib. — Go‘shti, xamiri tayyor, mantini o‘zingiz tugib yuboring, inim, chaqqonsiz, har ishga qo‘lingiz kelisha qoladi. Men qizning oldiga bormasam bo‘lmaydi, Musallas qani?—so‘radi kampir Eshonxondan. Eshonxon indamadi, lip etib ildam o‘rnidan turdi-da, yerto‘laga tushib ketdi. Dam o‘tmay katta bir gardin choynakni musallasga to‘latib biqingancha oshxonaga qaytdi. O‘zi ham ozgina yutib olganidan, tomog‘ini qoqib: «Bay-bay, o‘tkirligi-ey, devni ham qulatadi bu obi hayot!..» deb shpvirladi va oqsochning qo‘liga tutqazib, qayta-qayta tayinladi: — Somsaga qo‘shib ichkizavering, hozir kabob tayyor bo‘ladi. Oldida o‘tiring, avvalo o‘zingiz bir kosani ko‘taring, o‘lmaysiz, kayfi yaxshi. — Zormanda!— hiringladi kampir va choynakni ikki qul bilan ko‘tarib, mehmonxonaga yugurdi. Qiz qo‘lida somsa, kichik-kichik tishlab, yeb o‘tirar edya. — Ovqatga aslo mazangiz yo‘q ekan, poshsha qiz, chimxo‘r ekansiz. Ko‘rdingki osh, ko‘tarma bosh, deganlar qadimgilar. Ovqatdan tortinmang sira. Oling, o‘rgilay, lazzatli somsa.— Choynakdan piyolalarga musallas quyib, bir piyolasini Zumradga uzatdi.— Iching, tasadduq, uzumning suvi, ishtaha ochadi.— Bir piyolani qo‘liga oldi.— Qani, jonim, birga ichamiz, menga tabib buyurgan, shu bilan odamman. Qiz tortinibgina piyolani qo‘liga olar ekan, hididan cho‘chib ketdi. — Musallasmi, opog‘oyi, hidi o‘tkir? — Yo‘g‘-e, musallas bo‘lganicha yo‘q hali, uzumning suvi, aylanay, birakayiga ko‘tarib yuboring, hidi bilinmaydi. — Yo‘q, men icholmayman, rahmat, hidi qursin, ichib ko‘rmaganman. Menga qaramang, o‘zingiz ichavering, opog‘oyijon!— Piyolani qaytib dasturxonga qo‘ydi Zumrad. Oqsoch tag‘in surbetlik bilan qistay boshladi qizni. — Xafa bo‘lmang, oy qiz, kattalarning aytganini qiling, ko‘nglimni og‘ritmang,— yalindi kampir qizga tikilib. Zumrad qo‘rqibgina piyolani olib ichishga tirishdi, birpas to‘xtab qoldi, keyin birdaniga ko‘tarib yubordi, Uxchib, qizarib ketdi. — Iching, jonim, qani, birga ichamiz,— deb kampir ham yuzini burishtirgan holda, ko‘zlarivi chirt yumib, piyolani boshiga ko‘tardi. Qip-qizil qizargan oqsoch somsani hali u lunji, hali bu lunjiga olib chaynardi. — Oling, somsadan yeng, yana bittadan ichamiz. Men faqat shu bilan ovqat yeyman, badanni pok qiladi, qizim! Zumrad bir piyola maydan lov etib qizargan edi. Ishtaha bilan ketma-ket bir-ikkita somsa yedi. Kampir piyolalarni yana limmo-lim to‘latdi. Qizni chalg‘itishga tirishib, kulgili oldi-qochdilarni gapirib o‘tirdi. Zumradning ruhi ko‘tarinki, kayfi oshgan. Mahallada anhorday katta bir tegirmon suv oqishini, mahallasidagi ikir-chikir kulgili g‘iybatlarni ustalik bilan, turli yorqin iboralar bilan so‘zlay boshladi. Ko‘nglidagi sirli, maxfiy, ishqiy havasdan goho bir shingil aytib yuborgisi kelar va yengil oq bulutga o‘raganday qalbining ezgu hislarini bir-ikki qisqa so‘zlar bilan aytib qo‘yar edi. — Ishq degan narsa juda sirli narsa, birovga ko‘ngil berish yaxshi, lekin sevganing boy bo‘lsa, kiyganing shohi-atlas, yeganing bolu moy bo‘lsa. Zumradxon, peshanangizga shunaqasi bitilgan, mening ko‘nglim darrov payqadi. Qiz jilmaydi. — Qaydam, tole yor bo‘lsa... Boy bo‘lmasa ham, aqli hushi raso, ko‘nglimga xush bo‘lsa bas...— dedi ko‘zlarini yashirib. Kayfi taraq oqsoch piyolaning birini o‘zi olib, ikkinchisini qizga uzatdi. — Kayfi yaxshi, iching, otincha! Zumrad piyolani oldi, qaytib yerga qo‘ydi, tag‘in ko‘tardi, ichkisi kelardi. — Bir marta dalada kechasi musallasdan ozgina totib ko‘rgan edim. Taxirroq edi, bu shirin ko‘rinadi,— dedi u kampirga. — Juda xushichim, kayfi ham nozik, shuning uchun iching deyapman-da, yomon narsani sizga ichkizarmidim?! Qani, o‘rgilay, birga ko‘taraylik. Ikkovi birga ko‘tarib ichib yubordilar. Zumradning yonoqlari loladay yonar, ko‘zlarida otash, somsani ishtaha bilan oshar edi. Kayfi taraq oqsoch qizga yaqin surildi: — Puldorlar qarimaydi, jonginam, hamisha ko‘ngillari yosh, shunaqasini topsangiz, shoh bekalarday o‘tiraverasiz. Yoshsiz, bilmaysiz, singlim, dunyoning lazzatini totish kerak. Zumrad bo‘shashib ketganday bir zum jim qoldi. Ko‘nglida yana g‘ashlik, bezovtalik paydo bo‘ldi. Jahl, shubha aralash ohangda dedi: — Avvalo, joyingizga o‘tiring, erdan gapirmang! Ishq ezgu, ishq og‘ir bir dard, o‘zim bilaman. Oqsoch shoshib qoldi, kalovlanib o‘rnidan turdi, devorlarni, deraza va eshikni ushlab, turtina-turtina chiqib ketdi. — Ish qalay, tayyor bo‘lib qoldimi?—so‘radi Eshonxon ovozini pasaytirib.— Derazadan quloq soldim, xaxo-tarala zo‘r,— qih-qih kuldi Eshonxon. — O‘zim yiqilib qolyapman, qiz qanday bo‘lsa shunday, baloning o‘qiday o‘tiribdi. Qani, kabobni cho‘zing. Piyoz, murch, sirka sepilgan besh six qaynoq kabobni sanab, xitoy lagapga terib, kampirga tutqizdi Eshonxon. — Ishqilib, aldang-da, tobini keltiring! Oqsoch xushbo‘y kaboblarni ko‘tarib mehmonxonaga kirdi, qizning oldiga qo‘yib, o‘zi ham o‘tirdi. Zumrad patirdan bir tishlab, bir six kabobni qo‘liga oldi. Hil-hil pishgan yumshoq kabobni piyoz qo‘shib yeya boshladi. Haqiqatan, kabob lazzatli edi, darrov sixni bo‘shatib dasturxonga qo‘ydi qiz. — Opog‘oyi, o‘zingiz ham oling, yumshoqqina ekan. Oqsoch sixdan bir jaz sugurib, og‘ziga soldi, keyin piyolani to‘latib, bir qo‘lda musallas, bir qo‘lda bir six kabobni qizga tutdi. — Oling, o‘rgilay, kabobni faqat musallas bilan yeydilar, taomili shunday. — Rostdan, meni bu yerga tashlab, haligi xotin qayoqqa ketdi? O‘lgur nega kelmayapti?— shubha va ranjigan ohangda so‘radi birdan Zumrad, qoshlarini chimirib.— Siz meni masg qilib qo‘ydingiz-ku, boshim gir aylanyapti, uyat-a, Zuhraoynikiga bu turda qanday boraman? — Bo, kelib qolar g‘ilay o‘lgur, shungayam tashvish tortasizmi, aylanay! Hali unchayam ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q, yurgandir-da shang‘illab. Boy yondosh xonada. U qimizni tinmay ichardi. Zumradning gaplarini ko‘z yumib tinglar, mastligiga tag‘in mastlik qo‘shilar edi. Uning endi sabri toqati tugagan, ortiq chidamadi, og‘zini katta ochib, uzun bir homuza tortdi, kerishdi-da, o‘rnidan og‘ir turib, derazani lang ochdi. Yalt etib derazaga qaragan Eshonxonni qo‘li bilan imlab chaqirdi. Eshonxon oyoq uchida, tovushsiz qadam tashlab, boyga yugurdi. — Chakki bo‘ldi, oqsoch mast bo‘lib yiqilib qoldi,— dedi, keyin soatiga qaradi:—Vaqt bo‘ldi, kiring, taqsir, qiz yolg‘iz o‘zi... Aysh ishi nozik ish, mahbubangizni quching... Boy sevinch va hayajon bilan shoshilib o‘rnidan turdi, qoziqdagi yangi jujun kamzulni kiydi, mo‘ylovini qayta-qayta burab, do‘ppini yigitchalarday olifta qo‘ndirdi boshiga. Xonadan ikkovlari birga chiqdilar. — Kal, o‘zing, kampir, hammalaring daf bo‘linglar! Sen ahyonda uzoqroqdan xabar olib turarsan, uqdingmi?— dedi shivirlab boy hovlida bir oz to‘xtarkan. Eshonxon va xizmatchi qo‘llarini qovushtirib, hovlining chetiga asta pisib ketdilar. Ular kalning darvoza yonboshidagi kichkina qorong‘i hujrasiga kirib yo‘q bo‘lishdi. Semiz, baquvvat, shirakayf, bagbaqasi bo‘yniga sig‘maydigan xo‘rozday boy tomog‘ini qoqib, «Mumkinmi?» deya mehmonxonaga mag‘rur yurib kirib bordi. Zumrad cho‘chib ketdi, o‘rnidan sapchib turdi. Yuziga ro‘molini pana qilib, oyoqlari qalt-qalt titragan, rangi quv o‘chgan holda tik turib qoldi. Oh, endi tushundi, makkor kampirning hiylasi endi ravshan bo‘ldi! U ichida uzun xo‘rsinib, dard bilan ezilib, boshini quyi soldi. Boyning yuragi taka-puka bo‘ldi, hayajonda, ichki titroq bilan to‘rga chiqib, ko‘rpachaga chordana qurdi. — Qani, o‘tirsinlar, poshshoxon, malikam! Qizning yuragi duk-duk urardi. Yuzini yashirgan holda, hayajondan, tahlikadan tutilib, asabiy tovush bilan, betoqatlik bilan gapirdi. — Boy aka, darrov bildim, Saidahmadboy siz bo‘lasizmi, to‘g‘rimi?! Hiyla, makr bilan olib keldingiz meni... Qani, xoin Eshonxonni chaqiring, shu yerdadir u mug‘ambir, chaqiring, yuziga bir tupuray! Tarsillatib bir shapaloq solay! Keyin siz bilan gaplashaman. Zumradning butun vujudida titroq bo‘lsa-da, endi u sergak edi. Ko‘nglidagi vahimani, sarosimalikni bosa oldi, jasurlik, tetiklik kasb etdi: hazar qilganday, nafrat bilan qarab qo‘ydi boyga. Boshini quyi solib, jim qotgan boy, nihoyat, sukunatni buzdi: qiz tomon egilib, tovushiga muloyimlik, yumshoqlik berib, dedi: — Avvalo, malikam, o‘tiring, ikkinchidan u bir yugurdak, siz bilan uchrashuvga arzimaydi. Sizni men oldirib keldim, jonim, butun ayb menda. Ko‘nglimda ishq tug‘yoni, ko‘ngil doimo sizda, sizni qo‘msaydi, Yursam, tursam, qarshimda yolg‘iz siz. Ishq o‘ti yomon narsa, qalbni yoqadi. Zumrad, may ta’siridanmi, g‘oyat sarbast va dadil edi. «Qanday qochsam ekan, hamma eshiklar albatta taqqa-taq berkitilgan, dod-faryodimni hech kim eshitmas», deb o‘ylardi qiz. U birdan o‘tirdi. Boyga orqa o‘girib, yuziga bir qo‘li bilan ro‘molini pana qilib o‘tirdi. Boshiga kulfat buluti yoyilganini sezdi. Darddan ezilib, hasrati toshib, ichdan xo‘rsinib qo‘yardi. Saidahmad bir-ikki six kabobni qizning oldiga qo‘ydi, keyin tashqariga chiqib, uning oyoq tovushini eshitgan va qarshisida qo‘l qovushtirib hozir bo‘lgan kalga xo‘mrayib shivnrladi: — Mantini olib kel, chaqqon! Keyin u salmoqli yurib, muloyim tabassum bilan joyiga kelib o‘tirdi. Xunuk voqealar ro‘y berishini fahmlaganday bo‘shashib, boshini egib o‘tirgan qieni ovutish tadbirlarini izladi. Undan-bundan, turli kulgili gaplarni gapirishga, o‘zicha askiya qilishga va hazil-mutoyiba bilan qizni ovutishga urindi. — Zamon o‘zgaryapti, ammo hamisha hayotning qaymog‘i zanginlarniki,—dedi boy g‘urur bilan. Keyin u yana ishq bobiga ko‘chdi. Ko‘nglida hijron, ishq isyoni zo‘rligi haqida so‘zlab: «Dardimga sizdan boshqa tabib yo‘q!» deya vaysab ketdi. Zumradning ensasi qotgan edi, asabiy titroq tovush bilan, qat’iyat bilan dedi: — Bas, ortiq bir nafas o‘tirishga toqatim yo‘q, ketaman...— qat’iy ohangda davom etdi:— «Ko‘ngil ishqingiz» puch narsa, yolg‘on hammasi. Ko‘hlik, malikalarday ikki bekangiz bor-ku, tag‘in sizga o‘zga ma’shuqaning ...ishq nima darkor?! Boylik quturtiradi sizni, ha!..— dedi qiz istehzo bilan.— Aqcha mo‘l, sandiq-sandiq oltin! Shular quturtiradi. Kattagina o‘g‘illaringiz, men tengi popukday qizingiz bor, uyalmaysizmi?—nafratdan to‘lib-toshib, dadil xitob etdi qiz. Boy g‘alati bo‘lib ketdi, bir zum shoshganday, javob topolmaganday, nafasi ichiga tushdi. Keyin sokinlik bilan, dabdabali ohangda tag‘in g‘apga kirishdi: — Bag‘oyat to‘g‘ri, bekalar bir-biridan go‘zal. Lekin, jonim, aslo unutmagaysizki, Muhammad payg‘ambarning ummatimiz, Muhammad alayhissalom do‘ndiqqina to‘rtta xotin olgan. Qani, bunga nima deysiz? Yo‘q, gapimni qaytarmang, jonginam. Shu bog‘, uy-joy, bu bahavo manzil hammasi sizga. Atlasu tovar, oltin-kumushga ko‘mib tashlayman sizni. Dasta-dasta xizmatchilar... Qo‘ying-chi, ko‘nglingiz nima tusasa hammasi hozir bo‘ladi, ta’rifi baland malikalarday yashaysiz. Zeriksangiz, shohona ziyofatlar quring, bazmlar yasang, ixtiyor sizda. Lekin ishqu muhabbatingizni menga bag‘ishlang, jonim sizga tasadduq, asiringizman. Qiz yuragi siqilgan holda, ro‘molini tishlab sukutda uzoq o‘tirdi. U chuqur xayolga cho‘mgan, ko‘nglidagi muqaddao ishqi, ishqdagi poklik, suygan yigiti va sadoqat haqida o‘ylar edi. Birdan boshiga ag‘darilgan bu falokat bir mash’um yong‘in kabi uning ezgu ishqini, pok hislarini kuydirib, qovjiratib yuborganday tuyuldi. Atrofga nafrat bilan ko‘z yugurtirdi. «Qay yo‘sin bilan qochsam, nechuk qutulsam?» derdi ichida. Hayajondan, nafratdan keskin javob berdi qiz: — Boy aka, bilaman, boysiz, oltinu, aqchangizning hisobi yo‘q, oltin taxtda o‘tiribsiz. Haddan tashqari mag‘rursiz. Kimsan — zavodchi boy, dong‘ingiz katta! Shunday boylarning dardi oltinu kumush, misoli itpashshaday yopishasiz unga, irganaman boylarning nafsidan, xasisligidan! Kambag‘al, yetimlarga zarra mehr-shafqat yo‘q sizlarda, ularni aslo pisand qilmaysizlar. Mehnatkash, jafokash xalq hozir arpa nonga zor. Ochlik, qahatchilik bizga kelgan ofat. Tangrim o‘zi shafqat qilsin bandalariga, bir kun kambag‘allar ham koshki yorug‘likka chiqsa! Tilagimiz ko‘p ollodan. Boy Zumradning gaplarini hazilga aylantirishga urinardi. — Boylar orasida xasislar yo‘q emas, lekin mundog‘ nazar tashlasangiz, saxiylar ham oz emas. Boy uni yenga olmasdi, yenga olmasligini o‘zi ham bilar edi. U suhbatni ishq-sevgiga burishga, xushomadgo‘ylikka o‘tdi, avradi. — Iching, malikam, qo‘ying behuda, befoyda gaplarni, unuting dunyoning g‘amini. Ishq, firoq yomon narsa, keling, ulfatchilik qilib o‘tiraylik. Zumrad qancha hushyor bo‘lsa-da, yuzlari loladay yongan, ko‘zlari maxmur suzilgan edi, — Yo‘q, boy aka, bir qatra ham ichmayman,— dedi Zumrad titroq ovoz bilan, qat’iyan rad etib.— Aldab, ming makr-hiyla bilan meni qafasga band etdingizmi? Shariat, odob, vijdon qani? Yo‘q, yo‘limni to‘smang, uyimga ketaman. Qiz g‘oyat asabiylashgan, xavfsiragan, sarosimada edi. U «dod» deb qichqirib yuborgisi kelardi. Na qilsin, tutqun, ixtiyordan, erkdan judo bo‘lgan! — Aqlli-hushli, obro‘li odam, deb eshitgan edim janobingizning ta’rifini! Afsuski, bir chaqaga arzimaydigan maxluq ekansiz. Aqlning nishonasini ham ko‘rmadim sizda!— dedi u jirkanib.— Vijdon, insoniylik degan fazilatlardan ham mahrumman, deng! Bu qanday razolat! Saidahmadning tili kesilganday sukutda, jahldan oqarib ketgan edi, lekin darrov o‘zini tutdi, avvalgi holiga qaytdi: — Mahbubam, shiringinam, xo‘p valdiradingiz, lekin mayli, chidayman. Ko‘ngil ishqqa, ehtirosga to‘la, men shafqat so‘rayman sizdan, uring, so‘king, mayli, suyaman sizni. Iching, jonim, bir piyola mayni birga iching men bilan. Qiz boshini ham ko‘tarib qaramadi. Bo‘shashgan, rangi o‘chgan holda majolsiz, parishon o‘tirardi. Uning ko‘nglida kurash, g‘azab, nafrat. Nahotki ketishning iloji bo‘lmasa? Najot yo‘qmi? Atrofga telbalarday jonsarak holda termilardi qiz. — O‘rgilay sizdan, bir xo‘plang!— qistadi boy. Shu tariqa aljirab, hansiragan holda o‘rnidan yarim turdi, qizning og‘ziga piyolani tutdi, musallasni quyishga urindi. Qiz piyolani itarib yubordi. — Haddan oshmang, boy!— deya oldi xolos Zumrad. Boshini chayqab o‘rnidan turdi. Oqshom tushgan edi. Saidahmad tokchadagi chiroqni yoqdi-da, qayta o‘rniga o‘tirdi. Qizning ko‘nglini olishga urinib, turli bachkana iltifotlar qildi, uning yelkasini quchib, o‘ziga tortdi. Zumrad nafrat bilan boyning qo‘lini siltab, devorga suqildi, ko‘zlarini javdiratib derazadan hovliga qaradi. Shu kezda darvvza tomonda allaqanday g‘ala-g‘ovur eshitildi, kimlardir darvozani taraqlatib, qattiq qoqmoqda edi. Zumradning vaziyatidagi o‘zgarishni payqagan boy iljaydi: — Hech narsa emas, jonim, parvo qilmang. Lekin shovqin borgan sari kuchayar edi. Yaqin qo‘shnilardan besh-oltitasi shovqin-suronni eshitib ko‘chaga yugurib ham chiqdi shekilli. Kal xizmatkor darvozani qaltirab ochdi. Eshonxon asabiy tusda eshikka yugurdi. Ko‘chada uch kishi turardi. Birisi zabardast, pishiq gavdali, soqoli selkillagan, kelishgan chol, ikkinchiyei Jumaboy, uchinchisi yoshroq, keng yag‘rinli, muloyim, xayolchan bir ishchi yigit, cholning o‘g‘li Sattor edi. — Yugurdak, siz nari turing, bizga boyni chaqiring!—qichqirdi Jumaboy.— Bu faqir yigitni ishdan bo‘shatishga nima haqqingiz bor sizning?! Qani, boy bilan o‘zimiz gaplashamiz. «Attang, bu Shermatning ishi, suvga suyanma, degan so‘zni bilardim-ku...» dedi ichida pushaymon va sarosimadan o‘zini yo‘qotayozgan Eshonxon. — Nega bo‘zrayasiz, chaqiring jadal!—o‘qraydi Eshonxonga chol.— Mo‘min-qobil o‘g‘lim ne gunoh qilibdiki, ishdan haydaysiz?! Gapiring!—o‘dag‘ayladi chol dag‘allik bilan. Keyin soqolini qashib, salmoqlanib davom etdi:— Rahmatli boy otaning qo‘lida ko‘p ishlaganman. O‘lguday ishlatardi, lekin aqchani berardi. Saidahmadboyning bu yugurdagi insofsizlikda ko‘p boylardan o‘tyapti, zavodning xo‘jayini emishsiz! Xo‘sh, gapiring!—Eshonxonga qadadi o‘tkir ko‘zlarini chol. Eshonxon Sattorni yomonlashga urinib gapira boshlagan edi, chol uning gapini cho‘rt kesdi: — Yo‘q, mulla, o‘zingizni go‘llikka solmang, bizni laqillata olmaysiz, shu soqol oqarguncha sizdaqalarning ko‘pini ko‘rganman,— dedi oppoq soqolini silab.— Gapir, Sattor! — Samovarda o‘tirgan edim, Eshon aka kelib pinjimga tiqildi. «Ishchilarning orasida nima gap, ko‘ngillarida qanday niyat, hammasiga ko‘z-quloq bo‘l, menga xabar berib turasan», dedi. «Yo‘q, aka, bunday qiyin savdoni boshimga ortmang, meni tinch qo‘ying», dedim, xolos. Ko‘rgan-bilganim shu. Ertasi zavodga borsam; «Yo‘qol, ablah!» deb haydadi. Bor gap shu!— dedi Sattor otasi va Jumaboyga qarab. Eshonxon javob topolmay, qizarib, duduqlanib qoldi. — Boy bu yerda yo‘q, jo‘nanglar, tuyoqlaringni shiqillatinglar! — Axir bir kuni zavodning xo‘jayini mana shu Sattordaqalar bo‘ladi!— g‘azabga to‘lib qichqnrdi Jumaboy.— Qani, chaqir boyni, u shu yerda, bilamiz. Hovlisidan topmadik, darak sola-sola shu joyga yetib keldik. Lekin bog‘cha joyida,— kuldi kinoya bilan Jumaboy. Bularni payqagan Zumrad birdan sergaklanib, dadillanib ketdi, irg‘ib o‘rnidaya turdi-da, paranjisini nari-beri boshiga tashlab, hovliga yugurdi. Boy o‘rnidan qo‘zg‘alishga ulgurmagan ham ediki: — Voydod, xaloyiq, qutqaring, ko‘mak bering!— deya alamli qichqirib, darvoza tomonga o‘zini urdi qiz. Hammalari hayratdan qotib qolgan edilar. «Nima gap?» deganday bir-birlariga qaradilar. Ammo chol bilan Jumaboy fojiani darrov payqadi. — Eh, zolim boylar! Sen qabih iblisning o‘zisan! — jerkdi Eshonxonni qahrlangan Jumaboy, Chol qizga achinib, ichdan ezilib ketdi. Hayotning bunday kulfatlarini ko‘p ko‘rgan, ko‘p eshitgan chol tishlarini g‘ijirlatdi, lekin churq etmadi. Qovog‘idan qor yoqqan Saidahmad kekkaygan holda asta yurib hovliga chiqdi: — Nima gap, bu qanday mojaro?— so‘radi po‘ng‘illab. Chol ikki qadam ilgari bosib salom berdi-yu, o‘g‘li haqida gapira boshladi: — Shunday, boyvachcha, bolam boyaqish he yo‘q, be yo‘q, bo‘shadi keldi. Hech gunohi yo‘q. Hammasi bu oqpadarning qilmishi!— dedi Eshonxonni ko‘rsatib.— Bu noinsofdan shikoyat qilib keldim, boyvachcha. Ensasi qotgan Saidahmad ko‘zlarini olaytirib Eshonxonga o‘qraydi: — Nega bo‘shatding yigitni? Eshonxon xunob va asabiy holda: — Bu yalqov, o‘jar, to‘ng!— deb o‘zini oqlashga kirishdi. Chol bo‘lsa bo‘g‘ilib Eshonxon bilan aytishib ketgan edi, Jumaboy ham aralashdi. Boy indamay tinglab turardi, Keyin Eshonxonga qarab o‘shqirdi: — Boboy otamizning qadrdoni, ishlayversin o‘g‘li, xomsan, zamonni tushunmaysan!— Tars etib bir shapaloq qo‘yib yubordi Eshonxonga, — Ha, boy, eamon ag‘darilyapti, og‘zingizni ochib qolasiz bir kun,— dedi Jumaboy kinoyali ohangda. — Bas, boraveringlar, — g‘o‘ldiradi boy va mehmonxonaga kirib ketdi. Ishchilar kulishib, mamnun holda ko‘chaga chiqdilar. — Axir, bir kun bu ilonlarning boshini yanchamiz,— dedi Jumaboy ishonch bilan. Zumrad qoqila-suqila nafasi og‘ziga tiqilgan holda yugurardi. Balandmachitga yetganda, falokatning daf bo‘lganiga endi ishonib, qadamini sekinlatdi. «Baraka topishsin, naq Xizrday boshimdan baloni ko‘tarishdi!» dedi o‘z-o‘ziga shivirlab. U qabihlar changalidan qutulganiga sevinsa-da, hislari parishon, g‘am-g‘ussa yuragiga zil cho‘kkan edi. O‘rtog‘i Unsinning eshigiga kelib to‘xtadi. «Kirsammikan?—o‘yladi qiz, keyin aynidi.— Yo‘q, uyimga tezroq yetib olay». Zumrad oqargan, hansiragan holda uyg‘a yetib kelganda xuftondan oshgan edi. Hovlidan tez o‘tib, xonaga kirdi, o‘zini ko‘rpachaga tashladi, shunda qaynoq ko‘z yoshlari quyulib ketdi. II Oqshom qorong‘isi quyuqlashgan. Eshonxon ko‘p asabiy holda hovlining u boshidan-bu boshiga yurardi... Oqsoch kampir oshxonada ikir-chikir ish bilan mashg‘ul: g‘ivirlar, kalga yumush buyurar, qizni qo‘ldan chiqarganlariga kuyunar edi. Eshonxon Hovlining o‘rtasida to‘xtab oqsoch bilan kalni oldiga chaqirdi. Dasturxonni yig‘ishtirish, qand-qurslarni javonga qulflash, ovqatlarni ertagacha saqlash, hamma narsani saranjom qilish kabi buyruqlarni topshirdi; ularni siltab, jerkib, sal alamdan chiqqach, xonaga — boyning oldiga kirib ketdi. — Chilim!— qichqirdi boy Eshonxonga qaramasdan. Eshonxon darrov ayvondan chilim ko‘tarib yugurdi, tamaki solib gugurtni chaqdi-da, boyga tutqazdi. Saidahmad chilimni qo‘ldiratib qattiq-qattiq tortgach, og‘zidan tutun bulutini burqsitib yubordi, o‘tkir tamaki uni ancha elitgan edi. Maydan, tamakidan, alamdan gangigan boy qovog‘ini osiltirib ichki xonaga kirib ketdi. Boyning orqasidan ergashgan Eshonxon ostonada to‘xtadi: — Ijozat bersalar, yangi shaharni bir aylanib qelsam. Ko‘ngil juda g‘ash... — Qo‘y, behuda diqqating oshmasin. Qiz qo‘ldan, chiqdi, mayli, bu ham o‘zicha bir ko‘rgulik... — Qo‘lga tushirmay qo‘ymayman u ko‘rnamakni! Men tikildim, balo tikilmasin. Umidingizni uzmang, ko‘nglingizni buzmang, boy aka. — Bilaman, ko‘ngling g‘ash sening, mayli, o‘ynab kel,— dedy boy.— Men hozir yolg‘izlikni istayman. Eshonxonning ko‘ngli yorishganday bo‘ldi, yengillashib papiros tutatdi-da, chiqib ketdi. Eshonxon Piyonbozorni aylanarkan, ayollarga tegishib, tentirashib yurgan bir to‘da boyvachchalarga duch keldi. Bularning barchasi puldor, engillari yaxshi, g‘archillama etiklarda. Biri attor, biri bazzoz, biri qo‘yfurush boylarning farzandlari. Eshonxon salom-aliklashib boyvachchalarga qo‘shilib oldi. Ular Skver tomon yurishdi. Skverda odam qalin. Kech salqinida birovlar skameykalarda hordiq chiqarmoqda, birovlar xiyobonlarni aylanib sayr etmoqda. Boyvachchalar, kinoga kiraylikmi yo restoranga boraylikmi, deb o‘zaro tortishishar ekan, Eshonxon ularli avrashga kirishdi: — Zerikdim kinolaridan, nuqul oldi-qochdi, eng ma’quli restoran, yuringlar, jinday ichamiz. Ko‘pchilikning istagi shu bo‘lganidan, darrov ko‘na qolishdi. Eng yaxshi restoranga kirib, katta stol atrofiga davra qurishdi. Bu yerdagilarning aksariyati yasangan-tusangan rus boylari edi. Menyuni varaqlab, uzoq bahslashishgach, bifshteks bilan araq buyurishdi. — Eng ma’quli araq, o‘tkir-da, darrov oladi,— bilimdonlik qildi Eshonxon. Ulfatlar araqni ko‘tara-ko‘tara ovqatni urishdi. Xususan, nafsi buzuq Eshonxonga hech kim yetolmasdi. Suhbat shu kunlarning mavzui — Petrograd voqealari, Muvaqqat hukumat ustida aylanardi. Keyin, zavolli Turkiston o‘lkasining tuprog‘i oltin, Temur avlodi zanjirdan xalos bo‘ldi, asoratdan qutuldi, qabilidagi gaplarni aytib ezmalanishgach, olifta bir boyvachcha Qo‘qon boylari va jadidlarning muxtoriyat masalasini ko‘targani haqida ovozyni pasaytirib so‘zladi. Boyvachchalar, yangi maktablar tashkil etilib, diniy ilmlar qatorida riyoziyot, iqtisod ilmlari kiritilsa, tijorat taraqqiyot topur, zavod-fabrikalar ochib tashlaymiz, ana shunda hammamiz millioner bo‘lamiz, deb qadahlar ko‘tarishdi. Bazzoz yigit araqni og‘ziga ag‘darib, boylarning bid’at ishlari ko‘p, haddan tashqari to‘y-hashamlarga bisyor pul sarf qiladilar, omiliklaridan tijoratning yo‘l-yo‘rig‘ini bilmaydilar, deb notiqlik qildi. — Turkiston muxtoriyati hozircha xayolda-ku, shunchalik g‘avg‘o ko‘tarasiz, do‘stlarim,— iljaydi attor Tohirjon. U boyvachchalar ichida eng oliftasi: ustida yangi jujun kamzul, oyoqlarida sirma etik, boshida mosh rang sidirg‘a duxoba do‘ppi: shinam kiyinadigan, hamisha usti boshi yiltirab yuradigan yigit. — O, Istambul! Besh qit’ada uning misli yo‘q, deydilar,— gapga aralashdi qo‘yfurush Badriddinning katta o‘g‘li Qamariddin. Otasining ta’sirida u ham qo‘polgina, pishiqqina kiyinadigan yigit edi.— Ayni zamonda Turkiya qonga g‘arq. Fursat kelurki, g‘olibiyat kasb etar, nainki turk askarlari jasur, shijoatli emish, istiqbolining porloqligiga aminman. Boyvachchalar endi kabobga o‘tishgan edi, araq uzilmadi; qadahlar ketma-ket bo‘shatilardi. Ular kayflari chog‘ bo‘lib, gapni dam u mavzu, dam bu mavzuga burdilar. Suhbatning bosh ipi degrezlik Alixonboyvachchaning qo‘lida. U harorat bilan so‘zlar edi. Kimdir birov aytdi: — Peterburgda janob Milyukov, yaqinda qo‘shinlarimiz turk yeriga oyoq bosadi, dedi. Yaroq-aslaha shay emish, umidi katta. Eshonxonning kayfi zo‘r edi. — Burjuaziya katta gap, ma’nosi chuqur; ayni zamonda boylarning ovi yurib qolgan, fursatni qo‘ldan bermanglar zinhor!— deb ta’kidlady.— Ammo, yoronlar, shu tobda zamoi nihoyat qaltis. Ishchilar yomon bosh ko‘taradi deyman. Musulmon ishchilarni aytmaysizmi, kofirlar iziga tushyapti. Bu yomon xavf! — Yanglishasiz, ukam Eshonxon,— dedi chollarday salmoqlab mashhur choyfurush boyvachcha.— Orqamizda katta suyanchig‘imiz bor, bu ulamo hazratlar. Fuqaro ulamoning rahbarligidan aslo bosh tortmasligiga shak qilmagaysiz. — Darhaqiqat ulamoning obro‘yi zo‘r,— mast holda ko‘zlarini suzdi papirosini so‘rib Alixon.— Oramizda yo‘ldan uradiganlar chiqadi albatta, iloji yo‘q. Musulmon ishchilar orasida o‘ris ishchilar zimdan ish yurityapti, bu bizga ravshan, ko‘r emasmiz. Zavod-fabrikalarni, davlatni qo‘lga olish ularning niyatlari. Eha, gap ko‘p, lekin yolg‘iz xaloskorimiz ulamo hazratlar! — Bas-e, o‘ldik-ku siyosat g‘avg‘osidan,— dedi kayfi oshib qolgan bazzoz yigit.— Zamon bizniki, har ishning asosi sarmoya. Muzika yangrab ketdi. Restoranda o‘tirgan rus erkak va ayollar raqsga tusha boshlashdi. — Ketdim, jononlarni qidirishga!— gandiraklab o‘rnidan turdi bazzoz yigit. — Mug‘ambirki, bu bobda tengi yo‘q,— jahli chiqqan edi Alixonning.— Qiz izlab ketgani yolg‘on, joni pul! — Bilaman qurumsoqni,— dedi kamgap, so‘zga to‘mtoq chitfurush boyvachcha.— Haddan ortiq xasis maxluq. Qarab tursin, azbaroyi xudo, bir kun qo‘lga tushirib, pulini qoqamiz. Muzika tinmasdi. Mana, xipcha bel kamzul kamariga xanjar osig‘liq, sirma etik, katta papaxda suxsurday bir kavkazlik yigit o‘rtada gir aylana ketdi. Oyoq uchida yo‘rg‘alab, zavq va ehtiros bilan raqs qildi. Bir stolni qurshagan kavkazliklar shod holda olqishlab qarsak chalardilar. Boyvachchalar papiros tutunini buruqsitib, mahliyo o‘tirardilar. Eshonxonning yodiga bir narsa kelgan edi, hovliqib so‘zlay boshladi. — Tunov kun xo‘jayin bilan g‘allaning piri Abdulatifboyning bog‘iga borgan edik. Ulfatlar chamamda yetmishga qadar bor edi. Ziyofatni so‘ramang, do‘stlarim, ta’rifidan ojizman. Untacha mashshoq tinmay musiqa chalib turibdi. Nogoh bir yigit o‘yinga tushib ketdi, asti qo‘yavering, bay-bay-bay... Aslo bunaqasini ko‘rmaganman. Behush qotib qolibman. — E-e!— sirli tusda iljaydi Alijon.— To‘g‘ri, taajjub narsa. Asli u yigitcha Sayramdan, ismi Bulbul. Darhaqiqat bir ofat! — Ha-ha, naq o‘sha, sayramlik yigit, biram go‘zalki, jannat g‘ilmonlari bo‘lsa shunchalik bo‘lar... O‘n sakkizda deyman chamamda, yo o‘n yettidamikan?— Ulfatlarning hammasi birvarakayiga mahliyo bo‘lib qolishdi. Boyvachchalar qiziqib qolishdi, uni topib, bazmi jamshid qurmoqqa qaror qildilar. Shivirlashib, qoshlari va ko‘zlarining imosi bilan allanimalarni gaplashdilar... Restorandan chiqqach, boyvachchalar to‘da-to‘da u ko‘cha, bu ko‘chaga tarqalishdi. Eshonxon uyga yetib kelib, hujrasiga kirganida soat bir bo‘lib qolgan edi. O‘n Yettinchi Bob I Jomeda ulamolar jamiyagi majlisi. G‘ij-g‘ij oq sallalar... Vahming keladi... Shaharning mo‘tabar boylari, peshqadam ulamolar, faqir-fuqaro... Jome hovlisi o‘rtasidagi minbarda birin-ketin ulamolar nutq so‘zlaydi. Ular payg‘ambarning aytganlari, din asoslari, ayni zamonda o‘zlarining vazifalari, rejalari haqida gapirardilar. Ora-sira «Omin!» «Ollo taolo maqsudimizga yetkazsin!», «Shariatimiz mustahkam va pok bo‘lg‘ay!» degan xitoblar dolg‘ali dengizning to‘lqini kabi qarsillab qo‘yadi. Minbarga uzun yarqiroq to‘nining etaklariga o‘ralashib yirik gavdali, salobatli bir ulamo chiqdi: — Xaloyiq, shariatimizning, muqaddas islom dinimizning peshvosi Maxsumxon to‘ra Sadriddin a’lam janoblarining tabarruk zimmalariga ulamo jamiyatining raislik lavozimini yakdillik bilan yuklasak arziydi. Qarsak va olqishlar tingandan so‘ng kumush rang tovlangan keng banoras to‘n, katta oq salla o‘ragan Sadriddin a’lam minbarga chiqdi. Barchaning diqqati unda. A’lam vazmin, past, ingichka tovush bilan so‘z boshladi: — Xaloyiq, ollo taologa hadsiz va hisobsiz shukurlar bo‘lsinki, bizni yo‘qdan bor qildi. Qudratli ollo taolo bizni eng hurmatli va izzatli bo‘lgan odam qilib yaratdi. Biz musulmonlar eng karomatli va sharofatli islom diniga musharraf bo‘ldik. Ollo taolo bizga o‘z so‘zi bo‘lgan qur’on karimni ato qildi. Hamma imonli kishilarning qur’on karimga amal qilmoqlari farzdir.— A’lam yo‘talib olib so‘zida davom etdi:— Muhammad alayhissalom qur’on karimning hukmlarini hammamizning qulog‘imizga yetkurdi. Qiyomatgacha dunyoga o‘zga payg‘ambar kelmas, ham Muhammad payg‘ambarga berilgan shariat aslo buzilmas,— Sadriddin a’lam payg‘ambarning yo‘l-yo‘rig‘i, islom buyrug‘i haqida uzoq so‘zladi, qaqragan tomog‘ini qirib bir-ikki yo‘taldi.— Musulmonlar, hech bir ish ollo taoloning izmisiz bo‘lmas, ya’ni har bir ish yolg‘iz ollo taoloning qudrati va amri bilan bo‘lur. Olloning amri ila ulamo jamiyati barpo bo‘ldi. Qur’on sharifni ko‘krakka jo qilib, rasul akram yo‘liga amal qilib, ulamo jamiyati o‘z vazifalarini ixlos va vijdon ila ado etmoqqa safarbar deb bilur o‘zini. Allohumma ansara min kasorati dinihi va uhdula min hazorati dinihi, ya’ni, xaloyiq, eshiting, xudoyo dinga yordam bergan odamga o‘zing yordam ber, dinga raxna solgan odamni o‘zing xor-zor qil! Qavm, jamoat, muborak bo‘lsin, hurriyat kunlaringiz! Omin! Chuqur sukunatda tinglagan xaloyiq qo‘zg‘alib ketdi. «Omin!» deya barcha birvarakay duoga qo‘l ko‘tardi. — A’lam minbardan tushar ekan, yaqin turgan boylar, Dumaning uch-to‘rt chinovniklari ta’zim bilan salom berdilar. Odamlarning ba’zilari a’lamning qo‘llarini o‘pib, ba’zilari to‘n etaklariny ko‘zlariga surtardilar. Uni qurshagan bir guruh ulamolar birga yurib madrasaning keng hujrasiga kirdilar. Hamma o‘tirgandan keyin uzundan-uzoq duo o‘qildi. A’lam mamnuniyat bilan tag‘in so‘zga kirishdi. U vazifalarning mushkulligini, vazifashunos, husnixat bir kotibning zarurligini aytdi. Hazratning pinjiga tiqilgan ulamolar; «Taqsirimning ko‘ngillariga ma’qul kotibni topurmiz!» deb va’da qilardilar. Ulamolardan biri eshikka yaqin o‘tirgan Mirzahalimni ko‘rsatdi a’lamga: — Hazratim, mana o‘tiribdilar. Mirzahalim, kamtar, vazifashunos, bag‘oyat husnixat. A’lam boshini qimirlatdi: — Durust, mirza fozil yigit. Picha o‘ylay-chi,— sukut qildi u. Shu tobda hovliqib, terlab xonaga kirgan Sharafiddin domla qayta-qayta ta’zimda bukildi: — Muborak bo‘lsin, ulug‘ hazratim! Sadriddin a’lam jilmaydi. — Mana, domla Sharafiddin tilloyi rang bilan bitishda eng a’lo shogirdlarimizdan,— so‘ng Sharafiddin domlaga qarab dedi:—Kotiblikka sizni ravo ko‘rurmiz, mulla! Sharafiddin domla novcha bo‘yli, ko‘zlari bejo, usti boshi shay, pishiq, ozoda, qaytarma yoqali uzun kamzul ustidan keng to‘n kiygan, boshida kichkina oq misqoli salla, kamzul ustidan soat zanjiri osig‘liq. — Vazifalar ko‘p og‘ir-ku, taqsir, kaminaning iqtidori yeturmikan?—so‘radi Sharafiddin domla deraza ostiga o‘tirib. A’lam o‘siq qoshlarini ko‘tardi: — Ba ushtur murg‘ go‘yand, ki bor kash, mego‘yad: «Murg‘am»; go‘yand kiparvoz kun, mego‘yad: «Man ushturam». Ya’ni tuyaqushga yuk ortmoqchi bo‘lsalar: «Qushman», debdi, uch, desalar: «Tuyaman», degan ekan. Ulamolar qihillab, ko‘zlarining namini artib-artib kulishdi. Sharafiddin domla ham kula-kula cho‘ntagidan dastro‘molini olib, peshana terlarini artdi. — Taqsir, bajonu dil bu ulug‘ vazifani qabul qilgumdir,— deya qulluq qildi. Sariqqina, ko‘zlari g‘ilayroq bir ulamo a’lamdan so‘radi: — Hazrat, mirzaning mohiyonasi nechuk bo‘lur? A’lam darrov javob bermadi, bir oz jahli ham chiqqan edi: — Sizning shundoq noma’qulchiligingiz qolmaydi, mulla, qiziq gapirasiz-a! Agar fuzul naboshad, jahon guliston ast! (Forscha-tojikcha! Agar bekorchi ezmalar bo‘lmasa, olam guli-ton.) Sharafiddin domla dastavval sa’yi ijtihod bilan kotiblikni bajo keltirsin, keyin ko‘rarmiz. Siz, mulla, qavmning ichida bo‘ling, tilingiz uzunroq, va’z-nasihat qiling! Terisi qalin g‘ilay ulamo o‘ziga tekkan vazifadan quvonib ketgan edi. «Qo‘limdan kelganini ayamasman», deb shoshilib qulluq qildi. — Ey ahli ulamo!— xitob qildi a’lam o‘tirganlarga bir-bir qarab olib.— Turkiston viloyatining jamiki qishloq va shaharlarini oralab, qavmlarga imon, tavfiq, oxiratning azob, rohatlari xususida tushuntirmoq sizning zimmangizdadir. Bu haqda bafurja, xotirjamlik bilan so‘zlashurmiz. Hozir vaqt qisqadir. Ulamolarga yangi gap topilganidan darhol bir-birlarini turtishib, shivirlashib, imo bilan so‘zlasha boshlagan edilar. Hazrat. Sharafiddin domla bilan tag‘in ikki mudarrisni qolishga imo qilib, boshqalar bilan xayrlashgach, ulamolar oyoqqa qalqib, ta’eim va qulluq bilan xonaqohdan chiqib ketdilar. — Sizlarni olib qolganimizning sababi shuldirki,— a’lam mudarrislarga qarab so‘zladi,— ulug‘ viloyatimiz nomidan barcha qavmlarimizga qarata bir e’lonnoma bitish zaruriyati tug‘ildi. Bu ishni jadal bajarmoq lazim. Hozir huzurimizda ko‘p obro‘li foeil mudarrislar bor edi, ammo sukut qildim, aytmadim, shovqin ko‘tarishni lozim topmadim... Zoti oliylari munavvar ko‘ngillaridan mazmunli, salmoqli bir e’lon tartib etgaylar. Dini islomdan muqaddima boshlab, andak ahvoli zamon xususida to‘xtang, keyin tag‘in dinni targ‘ib etgaysiz. Qavmlarni hayajonga solgudek yuksak ruhdagi diniy iboralar bilan bitgaysiz. Bandalarining yaxshi va yomon ishlarini ollo taolo qudrat tarozusi ila bilur, deng, bandalarni imonga da’vat eting. Qani, marhamat, ishga! Mudarrislar va kotib qulluq qilgach, ertagayoq buyruqni bajo keltirib, hazrat huzuriga yetkazmoqni va’da qildilar. Sadriddin a’lam mamnuniyat bilan o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan, Sharafiddin domla irg‘ib turdi-da, qoziqdagi to‘nni a’lamga tutdi, kavushlarini to‘g‘riladi. II Sadriddin a’lam jomedan qaytganda katta kelini — o‘g‘li Zuhuriddinning xotini — uzun ko‘ylagining etaklariga o‘ralashib, hovli supurmoqda edi. Hazrat darvozadan kirarkan, kelin darhol supurgini chetga oldi, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, bukilib salom qildi. — Assalomu alaykum, ulug‘ martabangiz qutlug‘ bo‘lsin! Talabalaringiz xushxabar yetkazdilar... Mamnuniyatdan chehrasi yanada yorug‘lashgan a’lam jilmayib ichkari kirib ketdi. Ichkari keng sahnli katta hovli. Qator ikki uy, bir dahliz, tag‘in ikki uy, bir dahliz, oldi uzun ayvon. Hazratning katta xotini, otin buvi, ayvonning boshida yigirma-o‘ttiz qizni o‘qitib o‘tirardi. Eski maktabning odatdagi shovqini havoni to‘ldirgan. Qurt shimgan yoki saqich chaynagan qizni otin buvi qo‘lidagi xivich bilan ohista bir urib qo‘yar, hozir yoniga bir shogird qizni o‘tqazgan, dars tinglar edi. A’lam hovlida ko‘ringan hamon qizi Adibaxon otasining istiqboliga yugurdi. — Turkiston olamining oftobi!— quchoqladi uni qizi.— Akamdan eshitib, behad xursand bo‘ldik. Adibaxon alifday nozik, yuzi tiniq, oq, yirik ko‘zlari ustidagi ingichka qoshlari ofat... Sho‘x tabiatining ifodasi bo‘lgan, hamisha tabassumga moyil dudoqlari husniga yanada mukammallik baxsh etgan... Adibaning ustida g‘o‘zapo‘choq nusxa uzun tovar ko‘ylak, pushti shohi durra tagidan taqimlariga qadar tushgan, maydalab urilgan sochlari hamisha to‘lqinda... Qur’onni qiroat bilan yoddan yoqimli o‘qiydi, xotinlar va kampirlar uni «Qori begim» deb atardilar. Hazrat mamnun edi, qizining orqasiga qoqib, peshanasini siladi, «Oyingni chaqir!» deb buyurdi va xonaga kirib ketdi. A’lam to‘nini qoziqqa ilib, sallani ehtiyot bilan taxmondagi yostiq ustiga qo‘ydi-da, boshiga taqiya kiydi, to‘rga solingan qavat-qavat ko‘rpacha ustiga o‘tirdi. Shu tobda a’lamning ikkinchi xotini Xadicha begim rangi o‘chgan, ranjigan holda xonaga yelib kirdi. Bir vaqtlar Sadriddin hazrat Buxoroda to‘rt yil qolib ketgan. U madrasada mo‘tabar shayhlar qatorida yurgan. Shunda u Xadicha begimga uylanib olgan edi. Xadicha begim Toshkentga kelgandan so‘ng yolg‘iz bir o‘g‘il tuqqan, uning oti Ziyoxon, madrasada tahsil ko‘rgan, hazratning istagi bo‘yicha u olti yildan buyon Buxoroda tahsilni davom ettirmoqda edi. Xadicha begim kichik jussali, oppoqqina, ko‘hlikkina xotin. Hamisha ko‘zlari kulib turgan, so‘zlari yoqimli ayol. Otin oyi zimdan rashk qiladi, o‘zi shogird qizlarni o‘qitish bilan ovora, kir yuvish, ovqat pishirish, sigir-buzoqqa qarash kabi jamiki uy-ro‘zg‘or yumushlarini Xadicha begim zimmasiga tashlagan. Yoz kunlari hatto sholikordagi butun ishlarni ham Xadicha begim saranjom qilardi. — Assalomu alaykum,— sal bukildi Xadicha begim.— Voy o‘lay, kelibsiz-u, men tomonga kirmabsiz-a, to‘n-sallangizni o‘zim olardim, hazratim...— u gina qilgan bo‘ldi eriga. A’lam javob bermadi, sukutda nimaningdir xayolini surib o‘tiraverdi. — Gapirsinlar, taqsirim,— a’lamning qarshisiga cho‘qqaydi Xadicha begim.— Katta ishga, yuqori mansabga musharraf bo‘libdilar. Hovlida yumush bilan ovora edim, shu xushxabarni o‘g‘lingiz topib keldi, otin oyisiga shivirlaganini orqavoratdan eshitib qoldim..» Qutlug‘ bo‘lsin! Hazrat miyig‘ida kuldi: — Kechasi bafurja so‘zlashurmiz, begim... Eshikdan lop etib kelib kirgan otin oyi kundoshini ko‘rgan hamon ensasi qotgan edi, og‘iz ochgisi kelmadi, indamay to‘rga o‘tirib a’lamga savol nazari bilan qaradi. Xadicha begim yengil yurib chiqib ketgach, a’lam otinga murojaat qildi: — Xo‘sh, avvalo bilmoqchi edim, yetarli non bormi? Qand-qurs-ku, sandig‘ingdan topiladi. Qarigina yuzi sepkil, baland bo‘yli, shaddod otin oyi qattiq yo‘talib olgach, qayta-qayta aksirdi, mursagi kissasidan chit ro‘molcha olib, og‘iz-burnini artdi-da, tag‘in ro‘molchani qaytib kissasiga soldi. — Mehmon keladiganmidi?— so‘radi kampir shoshmasdan.—Eshitdim, indamaysiz, to‘ram! Turkiston viloyatining jamiki ulamolariga sarkarda bo‘libsiz, muborak bo‘lsin! Qand-qurs bor, non qattiq, mehmonning oldiga qo‘yib bo‘lmaydi. — Peshin yaqinlashdi, qizlarni ozod qil, mehmon kelishi mumkin. Yaxshilab dasturxon yasalsa kifoya, osh darkor emas. Otin oyining jahli chiqqan edi: — Hamisha qilig‘ingiz shu, hazratim, ovqat haqida xarxasha. Sizga doimo umoch-ugra, xo‘rda-yu, moshxo‘rda bo‘lsa. — E, tavba,—soqolini siypadi a’lam,— xudoning bergan kuni qizlaring palov keltiradi-ku, pishirib ovora bo‘lishning ne hojati bor?! — Voy o‘lay: az javoni to piri, az piri to bakay, degandek, yoshlikda qarilikka yig‘dingiz, endi nimaga yig‘asiz? A’lam qixillab kuldi, otin oyi ensasi qotganidan yuzini ters burdi, ro‘molini to‘g‘rilab, u yelka-bu yelkasiga tashladi. — O‘n kunda bir keladigan palovni aytasiz-a! Shu bugun chuchvarami, mantimi, yo palov bo‘lmasa uyat-ku! Mullalaringiz bir og‘zi-burunlaridan to‘ysinlar. Qazi ham pishirsak yomon bo‘lmasdi, sadag‘asi ketay, tarashaday qotib yotibdi, olloning in’omi, qadriga yeting-da, axir. — Avvalo, faqirlik yuksak, kamtarlik a’lo narsa, bularning ma’nosini bilmaysan, vag‘illaysan. Har bir ishning siri oltinda, qariganda darkor bo‘ladi, oltin-kumush olloning xazinasi! Otin oyi labini burib, bir on jim o‘tirgach, eriga tag‘in tushuntirishga unnadi, yalindi-yolvordi — bo‘lmadi, erini aslo ko‘ndirolmadi. A’lam kerishib o‘rnidan turdi-da, tahorat uchun hovliga chiqdi. Otin bibi darang-durung qilib sandiqni ochdi, bir-ikki patnisni to‘ldirib tuzadi, tag‘in bir-ikki patnisga to‘rtta-to‘rtta meva tashlab, beriroq qilib yasadi. Keyin patnislarga bir sidra razm solib qarab chiqarkan, ko‘ngli to‘lmadi. «Nonlarning suvi qochib qolgan, uyat-e, hazratim qurmagur bema’ni!»—koyidi ichida erini. Ayvonda qizlar: — Shin-shin, bo‘ldi peshin, zod-zod bo‘ldi ozod!— deya shovqin ko‘tarishdi. Diqqati oshib turgan otin oyining jahli chiqib, ostonadan qichqirdi: — O‘lim bergur qizlar-ey, ovozlaringni o‘chirlaring, bas, deyman! Qizlar otin bibilarining ovozini eshitishmay, shovqinni avjiga ko‘tarishdi, Otin oyi qizlarga qarata qo‘lini ko‘tardi. — Ozod!..— dedi ranjigan bir ohangda. Ko‘p o‘tmadi, hazratni ziyorat qilmoq va tabrik etmoq uchun hozir bo‘lgan ulamolar, mudarrislar, boylarga mehmonxona liq to‘ldi. A’lam xursand, kekkayib o‘tirar, ora-sira luqma tashlab, bir-ikki og‘iz vazmin gapirib qo‘yar edi. Madrasadan kelgan bir necha shogirdlar patnis olib kirib, choy tashib, xizmatda yelib-yugurardilar. Dasturxonga zimdan razm solgan mullalar: «Patnis go‘yo bihishtdan chiqibdi, ammo non qoq, choy suyuq», deyishardi imlashib. Suhbat ulamolar jamiyati atrofida borardi, ulamolar jamiyatining moddiy tarafidan gap aylantirib, boylarga quloq qoqish qilardilar. Mo‘mingina bir ko‘nchi yigit gapirardi. Mana, darvoza oldida Saidahmadboy, Muhammadmansurboy, Valixonboylar ketma-ket izvoshlaridan tushadilar. Uchalasi ham kiyimda bir-biridan qolishmagan, egnilarida yangi kamzul, chakmonlar, tovlama beqasam to‘n, boshlarida ixcham shohi sallalar, oyoqlarida g‘archillagan amirkon mahsi-kavushlar. Hazrat boshliq ulamolar, barcha mehmonlar hovliga — yangi kelganlar istiqboliga chiqib kutib olishgach, mehmonxonaga kirib o‘tirildi. A’lam uzun duo o‘qidi. Tag‘in qutlovlar, tag‘in so‘rashuvlar takrorlandi. Suhbat izga tushgach, Sadriddin a’lam ichkariga kirdi. — Otin, hoy, otin!— chaqirdi a’lam ayvonda turib. — Labbay, hazratim?—so‘radi hozir bo‘lgan Xadicha begim. — Chaqir, otin oyingni!— buyurdi zarda bilan a’lam. Otin oyi xonadan yugurib chiqqan edi, rangi o‘chgan Xadicha begim ters burilib ayvondan tushib ketdi. — Nima qilamiz, otin, boshim qotib qoldi, osh tuzuk bo‘lurdi, ammo ko‘pchilik-da, yetkazish mahol,— o‘ylanib so‘radi a’lam:—Yoxud xo‘rdami, tabarruk taom, nima deysan? Lahzada ayvonda qayta paydo bo‘lgan, g‘ayirlik va g‘azabda to‘lgangan Xadicha begim gapga suqildi: — Yaxshisi, hazratim, lazzatli mastava qilaylik, yayrab ichishadi. Otin oyi barmog‘i bilan yuzini sidirdi: — O‘la qolay, mundog‘am nokaslik bo‘larmi? Bugun dasturxoningizga manti munosib taqsir! Go‘sht bor, picha yetmaydi, darrov guzarga bir mullavachchani yugurtiring, birpasda hozir qilamiz. Hazratning ko‘zlari jahldan olayib ketgan edi, otin oyi bo‘sh kelmadi, qattiq-qattiq gapirdi eriga. — Qaydagi gaplarni gapirasan, otin, xudoning ertagi kuni ham bor. Mastava ham sahobalarning yemishi, ulug‘ taom. Xadicha begimning so‘zi ma’qul. Yog‘u go‘shtni kamroq solib, suyuqroq qil, otin, mehmonlar behad. Tobiga keltirib zig‘ir yog‘ aralashtiringlar, mastava palov emas, bilasan-ku, otin, u guruch tanlamaydi, oqshoq qo‘shib yuboring‘lar-da, shoshmasdan qaynatinglar. G‘azabdan tili qotgan otin: — Yakarzan az dastash namiaftad (Forscha-tojikcha: qo‘lidan bitta tariq. ham chiqmaydi),— dedi shivirlab, xolos. — A’lam otin oyining e’tiroziga va istagiga zarracha e’tibor bermadi, gerdaygan holda tashqariga yurdi, Xadicha begim kundoshiga yalt etib ma’noli qarab olgach, kulimsirab o‘choq boshiga yugurdi. Mehmonxonadagilar ta’zimga qo‘zg‘alib, qayta o‘rinlariga o‘tirgach, Muhammadmansurboy gap boshladi: — Bahs qizib ketdi, taqsir,— a’lamga murojaat etdi u,— burnog‘i yil yozda bihisht kabi bir bog‘ning kattakon supasida ulfatlar ziyofatda edik. Sohib quling o‘rgilsin palov keltirdi. Biz oshga ishhata bilan endi qo‘l urgan edik, to‘satdan tepamizdagi bir novdada o‘tirgan chittak, o‘zingiz bilasiz, jibilajibon, afv etasiz, janoblar,— boy jilmayib mehmonlarga qarab oldi,— axlatini tashlab yuborsa bo‘ladimi! Naq palovning qoq o‘rtasiga tushdi, hammamiz qo‘limizni tortdik. Taqsir, shariatda yo‘l qalay? Osh halolmi, harommi? Shu xususda bahs qilurmiz Muftiy, halol deb fatvo berdilar. Sizning tabarruk fikrlarnngizni eshitsak. Mehmonlar sukutda, a’lamning javobiga muntazir edilar. Sadriddin a’lam bir zum o‘ylanib qoldi. — Qayerdagi masalalarni qo‘zg‘aysiz, muhtaram bazzoz, chittakmi, humoyunmi?— iljaydi a’lam. Mehmonlar qah-qah urib kulib yubordilar, lekin Muhammadmansur bo‘sh kelmadi. — O‘zim bor edim, taqsir, osmondan laganga lop etib tushdi, o‘sha on tepamizdagi daraxt shoxidan jibilajibon pir etib uchdi-ketdi. — Masala nozik,— javob berdi a’lam jiddiy tus-da.— Taom xususida yechilmagan masalalar hanuz ko‘p. Balki olloning amri bilan bo‘lgandir bu ish, ollo taolo har bir ishni avvaldan lavhulmahfuzga yozib, tayin qilib qo‘yadi. — Nahotki tangrim shuncha odamni oldiga kelgan ovqatdan benasib qilsa?— dedi bazzoz e’tiroz bildirib. — Ollo taoloning sirlari ko‘p,— so‘zlarni bir-bir chertib so‘zladi a’lam.— Ehtimol hamtovoqlaringiz orasidagi bir gunohkorga yuborilgan jazodir. Bazzoz hammaning o‘ziga tikilganini sezganday oqarib ketgan edi, buni darrov payqagan mufti oradagi o‘ng‘aysizlikni bartaraf qilishga, bazzozga yordamga shoshildi. U qator dalillar va fatvolarni qalashtirib tashladi. — Kaminaning fikricha, parrandalar halol maxluqdirlar, oshdan bir hovuch olib tashlab, yemak mumkindir,— dedi u. A’lam o‘jarlik bilan bahsni davom ettirishga tirishgan edi. U muftiga hujum qildi: — Insonning halqumi nihoyat pok bo‘lmogi shartdir! U buni qayd etib, keyin bafurja hal qilishga havola qilgach, suhbat boshqa tomonga burildi; podsho saltanati barbod bo‘lib, kambag‘allarga va boylarga ozodlik keltirilgani, savdo-sotiq tijorat ishlari taraqqiyoti kabi masalalar ustida gap aylandi. Suhbat madrasa islohiga taqalganda, Sadriddin a’lam qat’iyat bilan dedi: — Madrasa payg‘ambardan qolmish meros, tarixi uzoq, unga til tegizish, qo‘l taqizish gunohi azimdir. Madrasa ollo taolodan yuborilgan dinimizning musharraf dargohidir. Suhbat uzoq davom etdi, katta boylardan bir nechasi madrasa islohotiga oid masalani qo‘zg‘agach, a’lam: «Ko‘rarmiz, olloning ixtiyoriga havola qilurmiz», deb suhbatni kesdi... Sadriddin a’lamning mehmonxonasidan qoq yarim kechaga qadar mehmonlar arimadi. Ketma-ket to‘da-to‘da oshna-og‘aynilar, muxlislar a’lamning mo‘tabar mansabini qutlashga kelib turdilar. III Zah hujrasida taqir po‘stak ustiga cho‘kka tushgan Umarali «Sharhi mullo Jomiy»ni mutolaa qilardi. Unga yondosh keng hujrada olabayroq va banoras to‘nlarda, qozonday katta-katta sallalarda bir guruh mudarrislar jadidlar haqida g‘iybat va oldi-qochdi gaplarni uzib-ulab, ezib suhbat olib borardilar. Yana boshqa keng bir hujrada shogirdlar qofiya to‘qib, jang maydonini qizdirib yuborganlar. Bir-biriga so‘z hujumi, so‘z hamlalari bilan arab tilida bahs yuritardilar. Bozor yaqinligidan uning shovqin-suroni, g‘ovur-g‘uvuri, darvish va qalandarlarning tovushlari madrasaga eshitilib turardi. Madrasa ahli aksariyat turmush kechirishi mashaqqatli va mushkul bo‘lgan, nonni to‘yib yeyolmaydigan faqir odamlar. Ammo ikkinchi guruh, oz bo‘lsa-da, hamyoni ham, qursog‘i ham to‘qlar, katta dehqon, katta yer egalarining, boylarning farzandlari. Ularning usti boshi shay, har kun yegani palov, ichgani achchiq choy, xarjlari joyida. Umarali qashshoq bo‘lsa ham, qalbi toza, insoniy g‘ururi zo‘r, yuragi to‘la dard, kamtar yigit. U sekin-sekin hayot falsafasining mag‘zini chaqib, inson taqdiri haqida mulohaza yuritar, podsho istibdodi yemirilgani, hurriyat shamoli esganini sezar, mushohada etar, inqilobni anglab to‘g‘ri tafakkur qilar, inqilob bir bahor kabi uning qalbiga kirib borar edi. Qozon, Ufa, Orenburg gazeta-jurnallarini do‘stlaridan, oshna-og‘aynilaridan olar, berilib mutolaa qilar edi. Hozir Umarali arab tilidagi «Sharhi mullo Jomiy» ni takror-takror o‘qir, yodlar, lekin fikri xayoli tag‘in olamdagi voqealar, ahvoli zamon izidan ketar edi. Hujraning eshigi ohista ochildi: — Assalomu alaykum, hormasinlar, mulla aka!— Umaralining qarshisida kulimsiragan va ter quygan holda Jumaboy turardi. Chuqur xayolda o‘tirgan Umarali cho‘chib ketdi-yu, lekin mehmonni ko‘rgan hamon ochiq chehra bilan o‘rnidan turdi, do‘sti bilan ikki qo‘llab ko‘rishib, ko‘rpachaga o‘tqazdi. — Xo‘sh, tor hujraga tiqilib o‘qib o‘tiribsizmi? — Tokchaga terilgan kitoblarga ko‘z yugurtirdi mehmon.— Bari arabcha deyman? Umarali boshini qimirlatdi, — Qur’onning tili deng?— kulimsiradi Jumaboy, keyin jiddiy tusda so‘radi:— Zamon ham, turmush ham o‘zgaryapti, mulla, ruschadan bilasizmi? — Afsus, aslo bilmayman,— javob berdi Umarali mehmon qarshisida chordana qurib. Jumaboy arabcha, forscha har qanday o‘qishning, ilmning yaxshiligi, ruscha o‘rganib, rus ma’rifatidan, madaniyatidan ham naf olish zarurligini so‘zladi, keyin ishchilar, masterovoylar tashkiloti haqida gapirdi, o‘zining o‘qish-yozishda tamom savodsizligi, ammo gapda ruscha tuzuk gaplasha olishini aytdi, Umaralining ham ruscha o‘rganishini tavsiya qildi. Umarali Jumaboyning so‘zini ma’qulladi: — Yolg‘iz xohish bilan ish bitmaydi... Orzu yurakda cho‘kib yotibdi. — Madrasada vaqf yo‘qmi?— so‘radi Jumaboy.—Vaqfga chiqarilgan yerlardan, do‘konlardan tushgan mablag‘ talabalarniki, degan gaplarni eshitardim. Umarali istehzo bilan kuldi: — Vaqfdan kelgan mablag‘, go‘yo bir daryo, mudarrislar hamyoniga quyiladi, yuqori talabalarniki. Jumaboy qo‘lini chakkasiga qo‘yganicha hayron o‘tirardi: — Shunday deng, mulla, tushundim hamma gapga. A’lam, mudarris, domla — hammasi tekintomoq, kana-da. Hozir madrasaga qadam bosdim-u mudarrislar mullalarning ko‘zlari go‘yo tikanday sanchildi menga. Orqamga qaytay dedim, aynadim, xo‘mraysa xo‘mrayib o‘lmaydilarmi dedim-da, hujrangizga chopdim. Orqamdan ivir-shivir qilib qolishdi chamamda. Umarali Jumaboyning bu gapiga indamadi, mudarrislarni ranjitmaganmikan, ne ish bilan keldi ekan, deya ko‘nglidan kechirdi u. — Choy qilay?— o‘rnidan qo‘zg‘aldi Umarali. — E, o‘tiring, mulla!— qat’iy e’tiroz bildirdi Jumaboy.— Ozgina gap bor, quloq osing. Taajjublangan Umarali qaytib joyiga o‘tirdi. Jumaboy ehtiyotlik bilan gapni uzoqdan boshladi. — Xo‘jayinimiz Saidahmadboyni bilarsiz, balki eshitgandirsiz. Boylar orasida ayniqsa iflosi shu, shaytonga dars beradigan. Yonida bir yugurdak dumi bor. — Eshitganman ta’rifini,— boshini liqillatdi Umarali.— Qani, gapiring. Rangi o‘chgan edi uning, lekin ichki titroqni bosishga tirishdi, nima gap, tezroq gapirsa edi, deganday toqatsizlanib Jumaboyga tikildi. — Boy yaqinda Beshyog‘ochdan jannatday bir hovli olibdi, lekin bu joy unga maxfiy bir makon ekan. Tunov kun zavodda bir mojaro bo‘ldi-yu, bir-ikki kishi bo‘lib boyni qidirib qoldik. Yeru ko‘kdan topolmadik. Bir do‘stimizning gapi bilan shu pinhon joyga bostirib bordik. Hamma yoq jimjit, darvoza ichidan qulf. Darvozani qoqaverdik, qo‘ymadik, axir ochildi-yu, o‘zimizni ichkariga urdik. Bu jahonda misli yo‘q bir bog‘... Ro‘paramizda rangi gezargan Eshonxon paydo bo‘ldi-yu, darrov yoqasiga yopishdik. Shu payt to‘satdan xonadan bir qiz otilib chiqdi, paranjisi qo‘lida, yopinishga ham ulgurmagan: «Dod, meni qutqaringlar», deb yolvordi ko‘zlari javdirab, keyin darvozaning ochiqligini ko‘rdi-yu, o‘zini ko‘chaga urdi. Tushundingizmi, mulla? Ajoyib bir qizki, oftobning o‘zi deysiz, husni ko‘zni qamashtiradi.. Ana shu pallada bizni ko‘rsangiz! Ham hayrat, ham nafrat, achinish, dard... Ko‘ngillar olovda qovjirab ketdi. Eshonxonni g‘ajib tashlagimiz keldi, o‘zimizni bosdik. Shunaqa muttahamlar kambag‘al qizlarni oltin qafaslarga tushiradi, boylarning nafsiga qurbon qiladi. Keyin, qovog‘idan qor yog‘ib boy chiqdi. Talabimizni boyga aytib, uni ko‘ndirdik. Eshonxonda ham, boyda ham tariqday vijdon yo‘q, turgan-bitgani palidlik. Nima qilamiz, juda bo‘lmasa gazetaga beramizmi? Maslahat uchun keldim huzuringizga. Butun borlig‘ini yo‘qotganday angrayib o‘tirgan Umaralidan javob talab qaradi Jumaboy. — Bir chora yo‘qmi?—so‘radi u takror. Umarali boshini quyi solganicha uzoq o‘tirgach, uzun bir so‘lish olib ohista gapirdi: — Boylar shundoq iflos maxluq. Qaydam, birodar, qoziga aytib, gazetga berib bir najot topib bo‘larmikan? Boylarning har yerda qo‘li uzun. Jumaboy ko‘rgan dahshatli voqeasi, qizning chehrasidagi alam ifodasini bir daqiqa bo‘lsin unutolmaganidan tinchligini butunlay yo‘qotgan, qattiq xafa edi. Shu kunlari uning zimmasida katta burchlar, vazifalar bo‘lsa-da, jinday fursat topib, do‘sti Umaralini izlab keldi, birgalashib bir chora axtarmoqchi edi. Maxorkani qog‘ozga o‘rab tutatdi. — Eshitishimcha, bu suluv qizga boy xushtor ekan, uni pinhon qo‘lga tushirmoqchi bo‘lgan, Gap ko‘p, odamlar dam unday deydi, dam bunday deydi. Umarali battar oqarib ketdi. U endi ichki titrog‘ini yashirishdan, ojiz, butun vujudini kemirgan shubha misoli uni bo‘g‘ib tashlaganday, vahima, qorong‘ilik yutib yuborganday his etardi o‘zini. — Ismi nima ekan qizning, bilolmadingizmi?—so‘radi jur’atsizgina, titragan tovush bilan. Jumaboy qattiq yo‘talib olib dedi: — Otini bilolmadim, ammo qamishday qomati bor, husnini ta’rif qilolmayman, mulla, bunga tilim ojiz;— Bir dam o‘ylanib qoldi Jumaboy, keyin davom etdi:— Eshitishimga qaraganda, dukchi chol bor-ku, shuning qizi emish. Umarali go‘yo yuragida bir narsa uzilganday, to‘satdan o‘pqonga yiqilganday sezdi o‘zini, qaddi bukildi, boshini ikki qo‘li orasiga olgancha jim qotdi. Jumaboy: «Bu mendan ham battar ekan, qiz bechoraga achindi-ku», deb o‘yladi. — Shunday, do‘stim, yomonlar ko‘p, kambag‘alni tuyaning ustida it qopadi. Eshonxonday palidlarning bo‘ynini shartta uzib tashlasak, savob ish qilgan bo‘lardik. Mulla, gapiring, chorasi nechuk bo‘ladi? Umarali to‘satdan ko‘ksini changallagan iztirobdan ezilib ketdi: xafa, dilgir edi qalbiga birdan qon, g‘am, alam to‘lgan edi. U boshini keskin ko‘tardi: — Jahonning ishi go‘yo buqalamunga o‘xshaydi, mavlono Fuzuliy aytganlar: Do‘st beparvo, falak berahm, davron besukun, Dard cho‘x, hamdard yo‘q, dushman qavi, tol’e zabun. Bir on sukut etgach, ichdan uh tortdi Umarali: — Tole, baxt bizdan uzoqda, faqat orzusi yurakda... — Fuzuliy g‘azallarining ma’nosi chuqur, zavodda bir do‘stim bor, tuzukkina savodxon yigit, Fuzulyyning g‘azallarini yoddan biladi, goho o‘qib ko‘ngillarimizni ravshanlashtiradi.— Jumaboy bir zum jim qoldi-da, tag‘in davom etdi:—Xalqimizning g‘am-g‘ussasi behad-behisob, ammo yolg‘iz ishchilar xaloskorimiz. Tashkilotlar ko‘paymoqda, shoyad mehnatkash ahli yo‘lini topib olsa. — Jamiki xalq g‘aflat botqog‘ida, qaydam, bir narsa qilib bo‘larmikan! — Rus ishchilari jasur, ko‘p narsani tushunadigan, bilgich odamlar. Men shularga ergashaverib, tuppa-tuzuk ko‘zim ochilib qoldi, mulla. Endi Eshonxon bilan Saidahmad ustida bir yaxshilab o‘ylab ko‘ring, balki badbaxtlarga bir jazo toparsiz. Bizning hovliga boring, sichqon kovagida o‘tirganday o‘tiravermang, mundoq chiqib, xalqning turmushini ko‘ring. Jumaboy xayr-xo‘shlasharkan, Umarali zo‘raki iljayish bilan o‘rnidan turdi. Jumaboy tez chiqib ketdi. Umaralining xayoli faqat Zumradda edi. «Nahotki falokat ro‘y berdi?» dedi yigit o‘z-o‘ziga. Tor hujrada gir aylandi. Qalbidagi olov, hasrat to‘lqinini sira bosolmasdi. Hujrani naridan-beri qulfladi-da, madrasani tark etib, shoshilib ko‘chaga chiqdi. U Xadraga yetib, jar bo‘yiga tushdi, baland-past yo‘llardan xayol og‘ushida behush uzoq tentiradi. Onda-sonda o‘yinqaroq bolalar, tirikchilik bilan ovora yurgan kattalar ko‘rinardi. Yigit xayolida faqat Zumrad. «Nahotki shunday aqlli, farosatli, zukko qiz tuzoqqa ilinsa?— o‘ylar edi Umarali va allaqanday shubhalar, gumonlar fikrini ishkal qilardi.— Balki makkor Eshonxon Zumradni aldagandir, oltin-kumush, bog‘-rog‘lar va’da qilib yo‘ldan ozdirgandir?» Umarali og‘ir o‘ylarga botgan, ezilgan, hazin holda bir daraxtga suyandi. «Yo‘q,— dedi o‘z-o‘ziga tasalli berib,— aslo o‘z istagi bilan bormagan, agar shunday bo‘lsa, faryod qilib qochmas edi. Eshonxonning tuzog‘iga tasodifan ilingan. Oh, qani u badbaxtni yanchib tashlasam!..» Umarali ko‘ksida dam g‘azab, kin toshar, dam muhabbat, g‘am iskanjasida qalbi zirqirar edi. U sekin holsiz yurib ketdi. Pastda ko‘pirib jarga tushayotgan suvning gurillashi eshitilardi. Yigitning qalbida ishq to‘lqini shu qadar kuchli ediki, bir nafas orom bermasdi. Umarali ohista yurib qizning eshigi oldidan o‘tdi, hamma yoq jimjit, faqat yuragining gurs-gurs urgani eshitiladi xodos. Shu tobda Umarali Zumradni bir ongina ko‘rgisi, ovozini bir daf’agina eshitgisi keldi. Orzuga ba’zan bir zum bardosh berish ham og‘ir bo‘lar ekan. «Ey falak, nega gardishing muncha ham teskari!»— deya xitob qildi Umarali dilida va jarlik-balandliklarni o‘tib, katta ko‘chaga, yana Xadraga chiqdi. Guzarda tumonat odam, choyxona ham liq to‘lgan. Aravalar, ot-eshaklar dukuri tinmaydi, somon ortgan tuyalar ketma-ket o‘tadi. Umarali choyxonaga kirib, orqaroqda o‘tirgan edi, bir chetda maydalab choy ho‘plab o‘tirgan yigitlar, Umaralining oshiq o‘ynab, chillak o‘ynab, birga ulg‘aygan bolalik o‘rtgoqlari — ko‘nchi yititlar qo‘yarda-ko‘ymay uni o‘z davralariga tortdilar. Ichki kechinmalarini bosishga tirishgan Umarali bir yigitning uzatgan piyolasini qizarib-bo‘zarib bazo‘r bo‘shatdi. Chapaninamo ko‘nchi yig‘it gap qotdi: — Yoshlikda chillakni xo‘p o‘ynar edik, usta edingiz, lekin qamish sibizg‘ani birortamiz sizchalik chala bilmasdik. Qarabmizki, mana, mulloyi kalon bo‘libsiz! Yigitlar sharaqlab kulib yuborishdi. Bularning ham dardi qimmatchilik, tirikchilik xarxashasi. — Boy ko‘nchilar haddan tashqari boyib ketyapti, mehnat faqat bizlarda, malaymiz-da, turmushimiz — it turmush, — Katta salla boshga yuk, katta kalla g‘amga kon, degan gap bor. Bizning kallamiz ham, ko‘ksimiz ham g‘amxona bo‘lib qoldi. Podshodan qutuldik, hurriyatga chiqdik, deb quvondik. Qani endi halovat, na nonga to‘yamiz, na oshga!— shikoyat qildi tag‘in bir yigit. Endi Umarali ohista, vazmin so‘zga kirishdi: — Rafiqlar, Nekalaydan qutulganimizga ming qatla shukur. Hozir qahatchilik avjda, harbning dahshati kun sayin ortmoqda, ammo fahmimda ishchilar bizga najot keltiradi. Umarali shu kunlari bilgan, eshitganlarini, ishchilar jamiyati haqidagi fikrlarini shoshmasdan, past ovoz bilan gapirdi. So‘ng zarur ishi borligini aytib, ketishga ijoeat so‘radi. Yigitlar qo‘l qovushtirgan holda chuqur ta’zim-la Umarali bilan xayrlashdilar... Umaralinnng xayol oynasida yana sevgilisi paydo bo‘ldi. Yigit ko‘ksida ko‘r bo‘lib turgan ishq o‘ti yana lov etib alangalandi; ko‘nglidagi g‘am, kin, azob borgan sari chigillanardi.

Oldingi Keyingi

Manba:

NomiUlug‘ yo‘l
Muallif(lar)i Oybek 1905
Yaratilgan vaqti01.06.1967
Nashr yili1977
Nashr parametri2022
NashriyotiOʻzbekiston SSR Fan
Qo‘llanish sohasi adabiyotshunoslik
Adabiy turiEpik
Janriroman
Voqea vaqti va joyi-
Matn tipitarixiy
Uslubi Badiiy
Auditoriya yoshiUmumiy
Auditoriyaning salohiyat darajasiadabiyotshunoslik
Ichki korpus turiDavriy nashrlar korpusi
So‘z(shakl) miqdori0
TeglovchiKamoliddin