Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {zamon}
So‘z bo‘g‘inlari: za-mon
Izoh(lar)i:
zamon [a. za-mon – davr, vaqt]

1. fls. Materiya (obyekt) holatlarining hamda hodisa (jarayon)larning izchil almashinish shakli; davomlilik, takrorlanmaslik, qaytarilmaslik kabi umumiy xossalarga ega bo‘lgan vaqt.

2. So‘z borayotgan payt; umuman vaqt, payt, davr, mahal. Hozirgi zamon. Hasanalining Otabeklar oilasida bo‘lganiga ellik yillar chamasi zamon o‘tib, endi Otabeklar oilasining chin bir a’zosi bo‘lib ketgan. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

3. Biror muhim, o‘ziga xos hodisa, tarixiy voqea ro‘y bergan yoki biror shaxs, hokim tabaqa, sulola hukmronlik qilgan davrni qamrab olgan vaqt. Tinchlik zamoni. Urush zamoni. Istiqlol zamoni. Amir zamoni. Temuriylar zamoni.

4. Kutilgan payt, davr-u davron. Umrlaring uzun bo‘lsin. Zamonlaring kelibdi: o‘ynanglar, kulinglar. P. Tursun, O‘qituvchi

5. tlsh. Maxsus shakllar yordamida harakatning nutq paytiga munosabatini bildiruvchi fe’l kategoriyasi. O‘tgan zamon. Hozirgi-kelasi zamon. Kelasi zamon sifatdoshi.

6. Zamon (erkaklar ismi).

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: vaqt [a]
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

Harakat-holat, odatda uch zamondan birida sodir bo‘ladi. Zamon nutq so‘zlanib turgan paytga nisbatan belgilanadi. Nutq so‘zlangan vaqtgacha bo‘lgan zamon, nutq so‘zlanayotgan zamon, nutq so‘zlangandan keyingi zamon. Shunga ko‘ra, zamonning uch turi farqlanadi:

O‘tgan zamon shakllari – harakat va holatning gap aytilayotgan paytdan oldin sodir bo‘lganligini bildiradi: Yigitlar maktubin bitganda qondan(A.Orip.)

Hosil bo‘lishi:1. -di qo‘shimchasi bilan yasalgan o‘tgan zamon shakli so‘zlovchining bevosita o‘zi ko‘rgan yoki bajargan harakatini bildiradi. Bu qo‘shimchadan so‘ng -m, -k, -ng, -ngiz shaxs-son shakllari qo‘shiladi. O‘tgan zamonning bu shakli yaqin o‘tgan zamon ham deb yuritiladi: Eshityapsizmi, oyi, men yana keldim. (O‘.Hosh.) Mukammal ko‘rmoqchi bo‘ldik dunyoni, yetuk bo‘lolmadik o‘zimiz biroq. (A.Orip.)

2. -(i)b qo‘shimchasi bilan yasalgan shakl birov tomonidan eshitib bilingan harakat-holatni bildiradi. Bu shakldan so‘ng shaxs-sonning -man, -san, -miz, -siz shakllari qo‘shiladi. Ayrim manbalarda o‘tgan zamon hikoya fe’li ham deb yuritiladi: O‘g‘ri o‘sha amakivachchalarning tomidan sekin yura kelib, buvimning to‘g‘rilariga kelganda aksa urib yuboribdi. (G‘.G‘ul.)

3. -gan shaklli sifatdoshni tuslash bilan yasalgan o‘tgan zamon shakli nisbatan oldinroq sodir bo‘lgan harakatni ifodalaydi. Bu shakl uzoq o‘tgan zamon shakli ham deb yuritiladi: Oqar daryolarga kimdir band bergan. (A.Orip.) Sen qachon kelgansan?

4. Ayrim fe’l shakllariga to‘liqsiz fe’llarni qo‘shib tuslash bilan hosil qilangan zamon o‘tgan zamon davom fe’li deyiladi: (-r/ar/ayotgan/moqda edi+shaxs-son): Maxdum oilasini ham kiyim-kechak vajidan o‘zi kabi tutar edi. (A.Qod.) Bo‘lishsiz shakli -mas ediko‘rsatkichi orqali hosil qilinadi. To‘liqsiz fe’ldagi birinchi unli noturg‘un, tushib qolishi ham mumkin: Esingizdami, oyi, ukamga alla aytardingiz. (O‘.Hosh.)

Hozirgi zamon shakllari – harakat va holatning nutq so‘zlanib turgan paytda sodir bo‘layotganligini bildiradi:Siz oliy o‘quv yurtiga kirish uchun tayyorlanayapsiz.

Hosil bo‘lishi:1. -yap (yotib) shaklini tuslash bilan hosil qilinadi: Juda chiroyli muomala qilyapsiz.(P.Qod.)

2. -yotir/ayotir shaklini tuslash bilan yasaladi: O‘tib borayotir qanchalar kalom…(A.Orip.)

3. -moqda shaklini tuslash bilan yasaladi: Tong otmoqda, tong o‘qlar otar... (R.Parfi)

4. yot, tur, o‘tir, yur ko‘makchi fe’llari-(i)bshakli orqali tuslanib, hozirgi zamonni ifodalaydi: Mayin shamol esib turibdi.U do‘stini kutib turibdi. Bola kitob o‘qib o‘tiribdi. Imtihonlarga tayyorlanib yuribmiz. Mushuk o‘ljasini poylab yotibdi.

Hozirgi zamon shakli o‘zaro ma’noviy emas, uslubiy qo‘llanishi bilan farqlanadi. Hozirgi zomon shakllarining barchasi uchun xos bo‘lgan muhim xususiyat ularning davomiyligi. Harakat o‘tgan zamonda boshlanib, kelasi zamonda tugaydi. Shu sababli manbalarda bu zamon hozirgi zamon davom fe’li, ba’zan hozirgi kelasi zamon ham deb yuritiladi.

Kelasi zamon shakllari – harakat va holatning nutq so‘zlanib turgan paytdan so‘ng sodir bo‘lishini bildiradi:Sen hali ulg‘ayib bir qiz bo‘lasan….

Hosil bo‘lishi:1. Kelasi zamon -a/y shaklidagi ravishdoshni shaxs-sonda tuslash orqali hosil qilinadi: Daryoning suvi ko‘paysa, baliqlarning chiqishi oson bo‘ladi. (S.Ahm.) Bu shakl 3 xil ma’no ifodalaydi: 1) hozirgi–kelasi zamon: U kollejda o‘qiydi; 2) sof kelasi zamon: Ertaga boraman. Uch-to‘rt kun chidaysan; 3) umumzamon:Yer o‘z o‘qi atrofida aylanadi. Baliq suvda yashaydi.

2. Sifatdoshning -r/ar (-mas) ko‘rsatkichi bilan hosil bo‘luvchi shaklini shaxs-sonda tuslash orqali kelasi zamon gumon fe’li ifodalanadi: Yomg‘ir tinsa, ertalab yo‘lga chiqarmiz.

3. Hozirgi–kelasi zamonning -gay/kay/qay, -gu/ku/quqo‘shimchasi orqali hosil bo‘luvchi shakli ham bor. U asosan she’riyatda, shuningdek, o‘g‘uz lahjasida ishlatiladi: borgayman, borgum kabi.

Uslubiy belgilari: Zamon shakllari nutqiy qurshov ta’sirida turli ko‘chma ma’nolarda bir-birining o‘rnida ishlatiladi. Bunday nutqiy holat zamon ko‘chishi deyiladi:

1) aniq o‘tgan zamon kelasi zamon o‘rnida: Hozir qorong‘ida qayoqqa bordigu, nimayam qildik;

2) hozirgi zamon kelasi zamon o‘rnida: Bugun Qarshi poyezdi bilan Toshkentga jo‘nab ketyapman;

3) hozirgi-kelasi zamon o‘tgan zamon o‘rnida: Alisher Navoiy 1441-yilda Hirotda tug‘iladi.

4) o‘tgan zamon kelasi zamon o‘rnida: Qani, yozdik.

5) hozirgi zamon o‘tgan zamon o‘rnida: Tashqariga qarasam, ikki bola urishyapti.

Imlosi:-yap shakli undosh bilan tugagan fe’l asoslariga qo‘shilganda, -ayap holida talaffuz qilinsa-da, -yap yoziladi: Juda chiroyli muomala qilyapsiz.(P.Qod.)

O‘tgan zamonning -di shakli ba’zan -ti tarzida talaffuz qilinsa-da, asliga muvofiq yoziladi: ketdi, o‘qibdi.

Hozirgi o‘zbek adabiy tili leksikasining asosini zamonaviy leksika tashkil etadi. Bu leksika umumiste’mol so‘z, qo‘llanilishi chegaralanmagan so‘z, faol so‘z, zamondosh so‘z kabi atama bilan ham yuritiladi

 

Ibora(lar): mavjud emas.

1. O‘tgan zamon – hozirgi zamon – kelasi zamon
Ma’nosiga ko‘ra
(paytga nisbatan oldin-keyinligiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.