1. 1. Qiziqish bilan e’tibor bermoq, astoydil berilmoq, berilib munosabatda bo‘lmoq, harakat qilmoq.
-Ovozingni chiqarib o‘qi, nima debdi? — Mirzakarimboy ham qiziqdi.
Oybek, Tanlangan asarlar
U shuncha qiziqib ketgan ediki, yelkasiga asta qo‘yilgan qo‘lni ham sezmadi.
Sh. Rashidov, Bo‘rondan kuchli
Ular har gap sayin, qalay, sizga ma’qulmi? degandek Elmurodga tikilib olar, u esa, choy ho‘plagan holda, bu sodda munozarani qiziqib tinglar edi.
P. Tursun, O‘qituvchi
2. 2. Bilish, o‘rganish, ishlashga mayl qo‘ymoq, havasmand bo‘lmoq.
Uning o‘zi yoshlikdanoq fizikaga qiziqar edi.
Men musiqaga qiziqaman.
Maroqli darslarning kuchimi, ko‘pchilik yoshlar matematika bilan adabiyotga qiziqardi.
O‘. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Men endi, dunyodan o‘tayozgan bir kishi, endigi mansablarga uncha qiziqa olmayman.
Gazetadan
3. 3. Havas qilib ergashmoq, havas qo‘ymoq; berilmoq.
Qo‘qon ketayotgan o‘rtoqlariga qiziqib, borma, deganga ko‘nmadi.
A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Gapdon, xushchaqchaq mehmonlarga qiziqib, u ham mayni qoniqib ichgan edi, chala yechinib, tosh qotib uxladi.
Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
Havas-da... Bolaligimdan ovga qiziqaman.
O‘. Hoshimov, Qalbingga quloq sol