1. 1. Ko‘rish uchun ko‘zni biror tomonga, narsa yoki kimsaga yo‘naltirmoq, ko‘z tashlamoq, nazar solmoq; boqmoq.
Atrofga qaramoq. Soatga qaramoq. Bulutlarga qaramoq. Tikilib qaramoq. Kulib qaramoq. Xo‘mrayib qaramoq.
▬
Hakimboyvachcha yalt etib ukasiga qaradi.
Oybek, Tanlangan asarlar
Hamdam dadasiga qaraganicha, uzoq turib qoldi.
A. Qahhor, Ayb kimda?
— Menga qara, xotin! — dedi hoji jiddiy tusda. O‘zbek oyim qaradi.
A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
2. 2. Fikran nazar tashlamoq, ko‘z tikmoq, boqmoq, ko‘z oldiga keltirmoq.
O‘tmishga bir qarang. Kelajakka ishonch bilan qaramoq.
3. 3. Ko‘zdan kechirmoq, nazar solmoq, tekshirmoq.
Xatni qarab chiqdim, aytilgan gaplarda jon bor.
Sharq yulduzi
[Homid:] Eshikning zanjiriga bir qarab kelingiz-chi, imon topkur Jannat ona.
A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Ular bir necha ko‘chani qunt bilan qarab chiqib, choyxona topolmadilar.
Oybek, Quyosh qoraymas
Qizing qani, dedim. Uyda edi, qayoqqa borardi, dedi. U yoqni qaradik, bu yoqni qaradik, yo‘q. Shu qorong‘ida qayoqqa boradi?
Oybek, Tanlangan asarlar
4. 4. Yuzlanmoq, yuzini (betini) bir tomonga qaratmoq.
Dodam indamay, teskari qarab oldilar.
Uyalib, yerga qaradi
Nuri derazaga qarab, hovlida Yormatning qorasi o‘char-o‘chmas, Gulnorga dedi
E. Raimov, Ajab qishloq
Yigit ko‘kka qarab, tinch uxlar edi.
Oybek, Tanlangan asarlar
5. 5. E’tiborda, munosabatda bo‘lmoq, yondashmoq.
Ammo eng katta nuqsoni shunda ediki o‘qiganlariga tanqidiy yondashib, o‘z nuqtayi nazaridan qaramasdi.
S. Karomatov, Oltin qum
Siz bu ehtimolga qanday qaraysizlar?
A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Nima uchun bola tarbiyasiga sovuqqonlik bilan qaragan o‘qituvchiga qonun yo‘q, chaqir bu yoqqa Hamdamni!
A. Qahhor, Asarlar
6. 6. Ish-mashg‘ulot, kimsa yoki narsaning tarbiyasi va shu kabilar bilan mashg‘ul bo‘lmoq; shug‘ullanmoq; ko‘z-quloq bo‘lmoq; davolamoq, parvarish qilmoq.
Otga qaramoq. Ekinga qaramoq. Bolaga qarab turmoq.
▬
Mana, siz, bitta o‘zingiz o‘ttiz ikkita mashinaga qarar ekansiz.
A. Qahhor, Yillar
Endi ishingga qara, bolam
S. Siyoyev, Yorug‘lik
Saidmurod aka uch kun ham xotinining tepasidan jilmadi, ho‘l-qurug‘iga o‘zi qaradi.
N. Qobil, Bemorlar
— Endi mening holim yo‘q senlarga qaraydigan, — deb buvim yig‘lab yubordilar.
E. Raimov, Ajab qishloq
Hamma qo‘li bo‘shaganda yig‘laydi, sen yig‘idan bo‘shamaysan. Na o‘zingga qaraysan, na uyga.
A. Qahhor, Asror bobo
7. 7. E’tibor bermoq, nazarda tutmoq, hisobga olmoq.
Birovning ra’yiga qaramoq. Qosh-qovog‘iga qaramoq.
▬
Uy qiladigan bo‘lsangiz, mening ham ixtiyorimga qarang-da.
A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
O‘zing nega onamizning roziliklariga qaramagan eding?
A. Qahhor, Og‘riq tishlar
Eri unga [Zaynabga] oylab, yillab qaramay qo‘yganida ham, u ix deb tovush chiqarmadi.
A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
8. s. t. t. Yeb-ichmoq, olmoq.
Qani, non ol, uzumga qara.
Mehmonlar, ovqatga qarab o‘tiringlar
9. 9. Bog‘liq bo‘lmoq, ahamiyati bo‘lmoq.
Aql yoshga qaramaydi.
▬
— Ha, uch yarim mehnat ishlaydigan odamga o‘xshamaydimi? — Jussaga qaramas ekan-da. — Nega, jussaga ham qaraydi. Jussasi yomonmi?
A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Yaxshi er-xotin bo‘lish qo‘lning qattiq-yumshoqligiga ham qaramas ekan-ku!
A. Qahhor, Maston
10. 10. Kimsaga ergashmoq, taqlid qilmoq, unga boqib, uning belgi-xususiyatlari bo‘yicha ish tutmoq.
Sizga qarab o‘zini sipoh tutyapti. Odamning husniga qarama, aqliga qara.
▬
Boshqalarga qarash kerakmas, boshqalar bizga qarasin, ko‘rsin, o‘ylasin.
A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
11. 11. Yuzi, betkay tomoni bilan biror narsaga yoki tomonga ro‘baro‘ turmoq.
Derazalari janubga qaragan uy. Toqqa qaragan shiypon.
12. 12. Ixtiyorida bo‘lmoq (tasarrufi, boqimi va shu kabilar jihatdan).
Bu bog‘lar qo‘shni tumanga qaraydi.
▬
Bedapoyaning naryog‘i uchinchi brigadaga qaraydi.
A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Yetti bolam bor. Onam bor, xotinim — hammasi bo‘lib o‘n kishi menga qaraydi.
J. Sharipov, Xorazm
13. 13. Muhokamasini tashkil etmoq, muhokamasini o‘tkazmoq; ko‘rmoq.
Sud sizning ishingizni ertaga qaraydi.
14. 14. Kutmoq, poylamoq, ko‘z tutmoq.
Biz sizga ikki soatcha qaradik.
▬
Sening chiqarishingga qarab, qo‘sh mahalini o‘tkazib yuboraymi?
A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
15. 15. (deb so‘zi bilan qo‘llanadi) deb tushunmoq, bilmoq, hisoblamoq, o‘ylamoq.
Hammani o‘ziga do‘st deb qaramoq.
▬
Hozi ham, Asad qori ham jadid maktablariga qarshi edi, ular bu xil maktablarga diniy maktablarning go‘rkovi deb qarar edilar.
M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha
Bu xotinlardan hech biri qilayotgan ishiga, kasb-koriga sababi tirikchilik deb qaramaydi.
A. Qahhor, Xotinlar
16. 16. (2-sh. buyr. m. shaklida — qarang, qara) Ajablanish, o‘ylamaganlik, kutmaganlik ma’nosini (e’tiroz, norozilik yoki mamnunlik ma’nosi bilan) bildiradi.
Aksiga bugun yomg‘ir yoqqanini qarang.
▬
Xoinlik qilib qo‘yib, yana munofiqlik qilganini qarang-a!
B. Rahmonov, Bahor arafasi
Xayolni qarang, axir sizga parafin olib kelgan edim-ku!
S. Karomatov, Oltin qum
Baraka topkurni qarang, taqsir
A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Nayrangbozlikni qara, evi bilan bo‘ladi-da!
Oybek, Tanlangan asarlar
17. 17. (1-va 3-sh. shart mayli shaklida — qarasam, qarasa) E’tibor bersam, diqqat qilsam ma’nosini bildiradi.
Bir mahal qarasam, temir yo‘lda ketayapman.
E. Raimov, Ajab qishloq
Shunaqa qilib, qarasak, ellikboshi qo‘ymaydigan
A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Jonfig‘on uning o‘qishiga notavon ko‘ngil orzuga ayb yo‘q degan nazar bilan qarab yurar ekan, bir vaqt qarasaki, Malohat kursni bitirib, gruzovoy [yuk mashinasi] minib yuribdi.
A. Qahhor, Qanotsiz chittak
18. ko‘m. fl. vzf. vzf. Yetakchi fe’ldagi harakatning sinab ko‘rish, bilish, tajriba, sinovdan o‘tkazish harakati ekanini bildiradi.
Tabib tovoqdagi qusuqni hidlab qaradi
A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
O‘rmonjon bu yillarni surishtirib qarasa, toshqin taxminan har o‘n-o‘n ikki yilda bir martaba bo‘lar ekan.
A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Hushyor paytlarida u o‘zining ahvolini o‘ylab qarar, nazarida, dahshatli tush ko‘rayotganga o‘xshab ketar edi.
O‘. Hoshimov, Qalbingga quloq sol