Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {ora}
So‘z bo‘g‘inlari: o-ra
Izoh(lar)i:
ora ot

1. 1. Ikki narsa yoki nuqta o‘rtasidagi masofa. Moskva bilan Toshkent orasi 3500 kilometr. Kolonnada mashinalar orasi. Ora uzoq, qariyb bir kilometrcha kelar edi. M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha

2. 2. Narsalar o‘rtasidagi joy, bo‘shliq, maydon; ochiq yoki teshik joy. G‘o‘za qatorlari orasini yumshatish. Seni unda, meni munda yaratdi. Oramizda oqar daryo yaratdi. Qo‘shiqlar
Supalarning oralariga, atrofiga anvoi gullar ekilgan. A. Qahhor, Asror bobo
Bulutlar orasidan oyning bir parcha kumushi ko‘rinib qoldi. Oybek, Tanlangan asarlar

3. 3. Narsalarning bir-biriga tutashgan joyi, o‘rtasi. Etagi eshik orasiga qisilib qoldi. Saman otliq, qamchisini buklab, piyozi chakmonining yoqasi bilan gardan orasiga qistirdi-da, otini qistab, devorga yaqinlashdi. M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha

4. 4. Narsalarning ichi, o‘rtasi. Beda orasi juda issiq, go‘yo quyoshning butun olovi beda ichiga yashiringanday. Oybek, Tanlangan asarlar

5. 5. Qator, saf; to‘da, davra. Oramizda har xil odamlar bor. Oramizdan yaqin do‘stimiz ketdi. Buni haydang oradan, jo‘ralar! Yana yolg‘onlar ila ko‘p Sizni sarson qiladir. Hamza
Qo‘shin Toshkentga yetgan ba’dida bizlar tashqaridan va sizlar ichkaridan bo‘lib, Musulmonqulni oradan ko‘targaymiz. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

6. 6. Ikki voqea, hodisa yoki payt o‘rtasida o‘tgan, o‘tadigan vaqt, fursat Mehmonlar jo‘nab, oradan sal vaqt o‘tmay Asrorqul keldi. A. Qahhor, Asror bobo
Oradan to‘qqiz yil o‘tdi. Bular to‘rt bola ko‘rishdi. A. Qahhor, Boshsiz odam

7. 7. Kishilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabat, aloqa. Bu haqda endi bizning oramizda gap bo‘lmasin, o‘rtoq Nurmonov. S. Zunnunova, Olov
— Haligi gaplar yolg‘onmi! Orada hech narsa bo‘lgan emasmi? — so‘radi yumshoqlanib ona. Oybek, Tanlangan asarlar.

8. 8. 3-shaxs egalik va o‘rin-payt kelishigi qo‘shimchalari bilan ko‘makchi vazifasida ishlatiladi.

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: munosabat [a]

1. ora I Ot
eski hisobdagi zulqa’da oyining boshqacha nomi (ora oyi)

2. ora II Ot
ikki narsaning oralig‘i, o‘rtasi

Paronimi: oro – [f] Oroyish, pardoz, chiroy, ziynat, husn, ko‘rk.

Metafora (metaphora – «ko‘chirish», «ko‘chirma») – biror predmet, belgi yoki harakatning boshqasiga tashqi o‘xshashligi asosida ma’no ko‘chish hodisasi. Bunda predmetning rangi, shakli, harakatholati, xususiyati, o‘rni va paytga munosabati jihatidan o‘xshashligiga asoslaniladi. Mas., choynakning jo‘mragi odamning burniga, dengizning quruqlikka suqulib kirgan joyi odamning qo‘ltig‘iga o‘xshatiladi. Metafora ko‘proq odam tana a’zosi nomiga (bosh, yuz, burun, og‘iz, quloq, til, oyoq); kiyim qismiga (etak, yoqa); hayvon, parranda yoki hasharotning biror a’zosi nomi (qanot, dum) kabilarga o‘xshatib hosil qilinadi.Otlanmoq ilgari «otga minib biron joyga borish» ma’nosida ishlatilgan (albatta, ot minganlik tasavvur qilingan), hozir xoh otda, xoh piyoda, xoh mashinada bo‘lsin – «biror joyga jo‘nash» ma’nosi tushuniladi. Bunda harakatning tashqi o‘xshashligi mavjud. Narsa va hodisa orasidagi o‘xshashlik quyidagicha bo‘lishi mumkin: 1) shakliy o‘xshashlik: odamning qulog‘i – qozonning qulog‘i, qush uchdi – odam uchdi;2) joylashish o‘xshashligi: itning dumi – samolyotning dumi, qo‘shni odam – qo‘shni dala; 3) mazmuniy o‘xshashlik: tomdan yiqilmoq – imtihondan yiqilmoq, sovuq havo – sovuq xabar, qaynoq suv – qaynoq liniya, achchiq o‘t – achchiq sovuq, tomdan tushmoq – mansabdan tushmoq, odam o‘tirdi – fabrika o‘tirdi, akkumulyator o‘tirdi.

Metaforaga juda yaqin bir vosita o‘xshatish, ular yordamida shaxspredmet birbiriga yaqinlashtiriladi, qiyos qilinadi. Unda dek, day, go‘yo, yanglig‘, singari, xuddi kabi o‘xshatish vositasidan foydalaniladi: Bahorkelinchakdekyasanib keldi. Ulug‘bek–misoli oftob. Nutq jarayonida metaforadadan o‘rinli foydalanganda so‘zlovchining badiiyestetik qobiliyati namoyon bo‘lib, nutqning ta’sirchanligiga, jozibaliligiga erishiladi.

 

Iboralarni o‘z ichiga oluvchi bu fililogik lug‘at B.Mengliyev, M.Xudoyberdiyeva va O.Boymatovalar tomonidan tuzilgan, maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan, 2006-yil “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan.

Lugat maqolalari alfavit tartibida tuzilgan, unda mingga yaqin iboraga qisqacha nutqiy izoh berilgan.

Iboralar birdan ortiq variantga ega bo‘lsa, ular ketma-ket vergul bilan ajratilgan holda berilib, so‘ngra izohlangan:

Avra-astarini ag‘dardi, avra-astarini qoqdi, avra-astari so‘kildi, avra-astari qoqildi – barcha kirdikorlarini ochib tashladi.

Avj oldi, avjiga mindi, avjiga chiqdi – 1) rivojlandi 2) zo‘raydi, kuchaydi.

Fe’llar o‘quvchilarga qulaylik maqsadida asosan yaqin o‘tgan zamon shaklida berilgan.

Qoraqalpoq tiliturkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub tillardan; qozoq va no‘g‘ay tillari bilan birgalikda qipchoq tillarining qipchoq-no‘g‘ay guruhchasini tashkil qiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat tili. Asosan, Qoraqalpog‘istonda, shuningdek, Xorazm, Navoiy, Buxoro viloyatlari hamda Qozog‘iston va Turkmanistonning unga qo‘shni hududlarida, Rossiya, Afg‘onistonda tarqalgan. Qoraqalpoq tilida so‘zlashuvchilarning umumiy soni 425 ming kishidan oshadi (o‘tgan asrning 90-yillari ma’lumoti).

Qoraqalpoq tiliasosan, 2 ta: shimoli-sharqiy va janubi-g‘arbiy lahjaga bo‘linadi. Bu lahjalar fonetik xususiyati jihatidan o‘zaro farqlanadi. Adabiy qoraqalpoq tiliXX asrning 1- yarmida shimoliy-sharqiy lahja asosida shakllangan; ungacha qoraqalpoqlar eski o‘zbek tilidan foydalanishgan.

Fonetik xususiyati: unlilar ohangdoshligi (lab singarmonizmi) va undoshlar assimilyatsiyasi mavjud.

Leksik xususiyati: qoraqalpoq tilida boshqa turkiy tillarda bo‘lganidek, umumturkiy so‘zlardan tashqari, arab, fors, rus tillaridan o‘zlashgan so‘z ko‘p uchraydi.

 

1. ichi qora: yomon niyatli, boshqalarga yaxshilikni ravo ko‘rmaydigan

2. ichi qoralik qildi: yomon niyatli ish qildi

3. idora etmoq: 1.boshqarmoq, rahbarlik qilmoq 2.bosh bo‘lib, belgili tartibda olib bormoq; amalga oshirmoq

4. idora qilmoq: 1.boshqarmoq, rahbarlik qilmoq 2.bosh bo‘lib, belgili tartibda olib bormoq; amalga oshirmoq

5. ikki o‘t orasida qolmoq: birini deb, boshqasidan kechib bo‘lmaydigan, kechish qiyin holatga tushmoq.

6. ko‘ngli qora: yomon niyatli, boshqalarga yaxshilikni ravo ko‘rmaydigan

7. ko‘nglini qora qildi: juda xafa qildi

8. ko‘z qorachig‘i: yakka-yu yagona va qadr-qiymati beqiyos yuksak

9. ko‘ziga oq-qora ko‘rinmaydi: 1)tatimaslik, e’tiborini tortmaslik 2)hisoblashmaslik, o‘ylab- netib o‘tirmaslik

10. ko‘zining oqu qorasi: yakka-yu yagona va qadr-qiymati biqiyos yuksak

11. ko‘zining qorachig‘i: yakka-yu yagona va qadr-qiymati beqiyos yuksak

12. oq bilan qorani ajratdi: yaxshini yomondan, foydani zarardan ajratdi

13. oqkaltak-qorakaltak bo‘lmoq: kim kim bilan to‘g‘ri kelgan narsa bilan qurollanib urishmoq; savalashmoq.

14. oq-qorani ajratdi: yaxshini yomondan, foydani zarardan ajratdi

15. oq-qorani tanidi: yaxshi-yomonni, foyda-zararni bildi

16. oq-qorani tushundi: yaxshi-yomonni, foyda-zararni bildi

17. ora ochiq bo‘ldi: olish-berish muomalasini ro‘y-rost hal yetdi

18. oraga tushdi: 1)ikki tarafni murosaga keltirish maqsadida biror janjalga aralashdi 2)jabrdiyda deb hisoblagan kishisini himoya qilib biror janjalli ishga arashdi

19. oralari ochiq: bir-biriga qarzdor emas, bir-biriga malol keladigan hech nima o‘rtada yo‘q

20. oralaridan qil ham o‘tmaydi: nihoyatda ahil, inoq, yaqin

21. oralarini buzdi: o‘zaro munosabatini yomonlashtirdi

22. qora po‘stakdan burga qidirmoq: kim Bajarilishi qiyin, mahol bo‘lgan ishga kirishmoq, hal bo‘lmaydigan ishga behuda vaqt sarflamoq.

23. qora terga botdi: haddan tashqari zo‘r berish natijasida mo‘l– ko‘l terladi

24. qora yurak: garazgo‘y, buzuq niyatli

25. qorasi o‘chdi: uzoqlashib, ko‘rinmay ketdi

26. qorasini ko‘rsatmaydi: kimningdir ko‘ziga hech ko‘rinmaydi

27. sitorasi issiq: xush ko‘rinishli, yoqimli, jozibador

28. tahorat sindirmoq: yozilmoq, bo‘shalmoq; hojatga bormoq.

29. tahorat ushatmoq: yozilmoq, bo‘shalmoq; hojatga bormoq.

30. tirnoq orasidan kir qidirdi: yomon niyat bilan deyarli aybi yo‘q kishining faoliyatidan ayb topishga harakat qildi

31. to‘ydan ilgari nog‘ora qoqdi: ro‘yobga chiqishi aniq bo‘lmagan narsa haqida hovliqmalik bilan vaqtidan oldin gapirib yubordi

32. yuragi qora: garazgo‘y, buzuq niyatli

1. Asirlik – asorat – tutqunlik – qullik
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli darajada ifodalashiga ko‘ra)

2. Bakalavr-magistr-aspirant- doktorant
Ma’nosiga ko‘ra
(mutaxassislik salohiyatining oshib borishiga ko‘ra)

3. Bor – jo‘na – yo‘qol – yo‘qolib ket – daf bo‘l – qorangni o‘chir
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgidagi salbiylikning ortib borishiga ko‘ra )

4. Boyaqish – bechora – sho‘rlik – notavon – ojiz – aftoda
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(achinish belgisining kuchliligiga ko‘ra )

5. Kambag‘al – qashshoq – bechora – faqir – miskin
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorlik belgisining ortib borishiga ko‘ra)

6. Kambag‘al – qashshoq – bechora – faqir – yo‘qsil – gado – bechorahol – miskin
Bo‘yog‘iga ko‘ra
( belgisining bo‘yoqdorligiga ko‘ra)

7. Nim chorak – chorak – yarim – butun
Ma’nosiga ko‘ra
(miqdor darajaning ko‘p yoki kamligiga ko‘ra)

8. Ovora – sarson – sargardon
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanish doirasining tor-kengligiga ko‘ra)

9. Qirot – misqol – qadoq – chorak – pud – botmon
Ma’nosiga ko‘ra
(og‘irlik miqdorining oshishiga ko‘ra)

10. yuz – chehra – jamol – diydor – oraz – uzor – ruxsor
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorlik belgisining ortib borishiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.