Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {o‘tir} - moq ( Fe’lga qo‘shiluvchi lug‘aviy shakl yasovchi Lug‘aviy shakl yasovchi )
So‘z bo‘g‘inlari: o‘-tir-moq
Izoh(lar)i:
o‘tir fl

1. 1. Ketni biror joyga qo‘yib, biror joyni ishg‘ol etib o‘rinlashmoq; cho‘kmoq. Chordana qurib o‘tirmoq. Cho‘kka tushib o‘tirmoq. Oyoq uzatib o‘tirmoq. Divanda o‘tirmoq. Ko‘rpachada o‘tirmoq. Stulda o‘tirmoq. Bu holdan achchig‘langan Qayum yonimga kelib o‘tirdi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Gulnor deraza ostiga ko‘rpacha solib, qizni o‘tqazdi va o‘zi yaqin o‘tirdi. Oybek, Tanlangan asarlar

2. 2. Asosan shunday (o‘tirgan) holda biror joy, makonda bo‘lmoq. Choyxonada uzoq o‘tirmoq. Saodatxon oldingi qatorda o‘tirgan Lolaxonga qaradi. S. Zunnunova, Yangi direktor
Yo‘lchi bu yerda ikki soat qadar o‘tirib, yukka ilinmagach, bozor aylanish uchun turib ketdi. Oybek, Tanlangan asarlar

3. 3. O‘tirib bajariladigan biror ishga unnamoq, shu ishni bajaradigan vaziyatni egallamoq. Fotihadan so‘ng har kim o‘z ishiga o‘tirdi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Oftob oyim To‘ybekani mehmonxonaga buyurdi va o‘zi xamir qilishga o‘tirdi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Fayzulla o‘ziga xos muloyimlik bilan kulib, asta bosh silkidi-yu, rulga o‘tirdi. Gazetadan

4. 4. Transport vositasiga tushmoq, chiqmoq; minmoq. Samolyotga o‘tirmoq. Tramvayga o‘tirmoq. Kecha u [ Abdishukur] xo‘jayini bilan izvoshga o‘tirib, bu yerga mehmon bo‘lib kelgan edi. Oybek, Tanlangan asarlar
Birinchi aravaga Me’mor oila a’zolari bilan chiqib, ikkinchi va uchinchi aravalarga Zulfiqor, Zavrak, G‘avvoslar o‘tirishi kerak edi. Mirmuhsin, Me’mor

5. s. t. t. Biror lavozimni egallamoq,,.bo‘lib ishlamoq, tayinlanmoq. U rektor bo‘lib o‘tiribdi. U raislik lavozimiga o‘tirdi. Xon ikki marotaba taxtdan haydalib uchinchi martaba taxtga o‘tirishi rus istibdodining Toshkentni olib, Xo‘jandga qo‘l uzatgan sanalariga to‘g‘ri kelgan edi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon

6. s. t. t. Biror joyda ma’lum vaqt bo‘lmoq; turmoq, yashamoq. Uzoq yillar ularga qo‘shni bo‘lib o‘tirdik. Sartaroshlik yomon kasb emas. Oppoq xalatlarni kiyib ozoda xonada o‘tirasan E. Raimov, Ajab qishloq
Nuri bunday gaplarni beparvolik bilan eshitishga urinib boqardi: Ayajonimning bag‘rida o‘tiribman-da, shoshmasalar ham bo‘lar edi. Oybek, Tanlangan asarlar

7. 7. Jazo muddatini o‘tamoq. Turmada o‘tirmoq. Qamoqda o‘tirmoq. Zindonda o‘tirmoq. Sho‘xligi boshiga yetib, bir-ikki yil o‘tirib ham chiqibdi. R. Rahmon, Mehr ko‘zda
G‘arazli manfaat, nafs balosi yo‘lida orttirgan hamtovoqlarining yo‘rig‘iga yurgan Sodirning ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi marta o‘tirib chiqishiga to‘g‘ri keldi. Gazetadan

8. 8. Inmoq, yopishmoq, o‘rnamoq. Kitoblarga chang o‘tiribdi. Qish keldi-yu, novdalarga o‘tirdi qirov. Yigitning uzoqqina yo‘ldan kelganligi uning kiprik va qoshlariga, ham endigina chiqa boshlagan soqol-murtlariga o‘tirgan to‘zonlardan belgili edi. A.Qodiriy, O‘tgan kunlar
Issiq kunning o‘tli haroratini pasaytirib, tog‘ shabadasi esib turar, har tomondan atirgul, rayhon, jambillarning yoqimli islari dimoqqa o‘tirardi. H. Nazir, So‘nmas chaqmoqlar

9. s. t. t. Mos bo‘lib tushmoq; yarashmoq. Bu kostyum sizga juda o‘tirdi. Oyog‘idagi qizil saxtiyon etigi o‘ziga juda o‘tirgan. Sh. Toshmatov, Erk qushi
Zuhra Karimovnaning ko‘ylagi o‘ziga juda o‘tirgan edi. S. Anorboyev, Oqsoy

10. 10. Xush kelmoq, yoqmoq. Inspektor Orif Saidov uning [Ochilovning] didiga o‘tirmay qolgan. A. Muhiddin, Hadya
Kecha majlisda jiyanim to‘g‘risidagi o‘tib ketgan gapni pardozlaganingiz menga uncha o‘tirmadi. Mushtum

11. 11. Taraqqiyot yuz bermay, past, quyi darajada to‘xtab qolmoq. Urush tufayli kolxozimiz ancha o‘tirib qolgan ekan, shunday bo‘lishi ham tabiiy N. Safarov, Olovli izlar

12. ko‘m. fl. vzf. vzf. Yetakchi fe’ldagi harakatning davomliligi, ma’qul ko‘rilmasligi kabi ma’nolarni bildiradi. Choy damlab, kutib o‘tiribman. Kap-katta bola choynakni sindirib o‘tiribdi-ya! Arzimagan gapga arazlab o‘tiribsanmi? Qassob labini burdi: — Be! Biz nimani tushunamiz. Tushunsak, sizdan so‘rab o‘tirarmidik. P. Tursun, O‘qituvchi
— Bu kishi hidlab o‘tirmaydi, to‘g‘ri yeydi-qo‘yadi, — dedi. A. Qahhor, Qo‘shchi-nor chiroqlari
Mening uyim sizning ham uyingiz. Ayttirib yuborishimni kutib o‘tirmay, bor-yo‘g‘imda ham kelib turing. S. Ahmad, Hukm

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: qo‘nmoq
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.
Qomus: mavjud emas.

1. didiga o‘tirmoq: ma’qul kelmoq.

2. tikan ustida o‘tirmoq: ayn. igna ustida o‘tirmoq q. igna

1. O‘tirmoq – yonboshlamoq – cho‘zilmoq – uzala tushmoq – yotmoq
Ma’nosiga ko‘ra
(holat darajasiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.