Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {kishi}
So‘z bo‘g‘inlari: ki-shi
Izoh(lar)i:
kishi ot

1. 1. Fikrlash, so‘zlash hamda ijtimoiy mehnat jarayonida qurol yasash va undan foydalanish qobiliyatiga ega bo‘lgan jonli mavjudot, zot; odam, inson. Til kishilarning o‘zaro aloqa qurolidir. Kishining ruhiy holati va ish qobiliyati muayyan ritmga bo‘ysunishini odamlar allaqachon payqashgan. Gazetadan
Uning yuqori qismidagi tugmachani bossangiz, teshikdan maxsus uzunlikdagi elektromagnit to‘lqinlar chiqib, kishi miyasining uxlatuvchi markaziga ta’sir ko‘rsatadi. O. Mo‘minov, Xiyobondagi uch uchrashuv
Zaytun daraxtining turgan-bitgani kishi organizmi uchun foydali. Gazetadan

2. 2. Insoniyatga mansub zot, shaxs, odam. Obro‘li kishi. Xushomadgo‘y kishi. Oilamizda to‘rt kishi bor. Har qanday kishi. Olijanob kishi. Kishilar to‘dasi. Besh kishidan iborat komissiya, Novcha kishi shofyor uzatgan papkani qo‘ltig‘iga qistirdi-yu, katta-katta odim tashlab, tezda sheriklariga yetib oldi. A. Obidjon, Akant qarag‘ay Gulmat
Ey, bu ota Sharif tarroning janozasida Otamurod qorining yonida qur’onni sharillatib o‘qib o‘tirgan kishi-ku! S. Siyoyev, Yorug‘lik
Kishi yaxshi ko‘rgan odamini, ming o‘rab tashlanmasin, bitta qilig‘idan biladi. Mirmuhsin, Me’mor

3. 3. Umuman, balog‘at yoshidan o‘tgan shaxs; katta yoshli odam. Ayol kishi. Erkak kishi, — Yoshing yigirma beshga qarab boryapti, — dedi onasi hamon o‘sha titragan tovushda, — xotin kishi o‘ttizga kirsa o‘tin bo‘ladi. O‘. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
U kamgap, birovga aralashmaydigan kishi edi. S. Ahmad, Yulduz
Kabinetdan grajdancha kiyimdagi novcha kishi, orqa eshikdan esa uchta militsioner tushib keldi. A. Obidjon, Akang qarag‘ay Gulmat

4. 4. O‘zga,-begona shaxs, birov. Kishi yurtida xon bo‘lguncha, o‘z yurtingda gado bo‘l. Jiyan, aqling bo‘lsa, kishining bir tiyiniga xiyonat qilma. Oybek, Tanlangan asarlar

5. s. t. esk. sk. Shariatga binoan, balog‘atga yetgan xotin-qizlar yuzini, o‘zini ko‘rsatmasligi kerak bo‘lgan begona erkak. Qo‘rg‘on eshigidan ayol ovozi eshitildi: — Nima kerak? — Munda kel! — chol qo‘li bilan imladi. — Kishi bor-ku — Qarindosh, Xushro‘yning o‘g‘li, — deb tushuntirdi chol. Oybek, Tanlangan asarlar

6. 6. Ta’kid ifodalaydi. Afsuski, kundalik turmushimizda ba’zan buning aksini ko‘rib, o‘ksinasan kishi. Mushtum
Yomg‘irda yuvilgan trotuarlarda yursang, shunchalik yengil tortasanki, imtihonlarni ham stipendiya tashvishini ham unutib yuborasan kishi. O‘. Hoshimov, Qalbingga quloq sol

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: begona [f-t], odam [a]
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.
Qomus: mavjud emas.
Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.