Barcha xalqlarda ayrim narsa va hodisalarning nomini aytish go‘yo ta’qiqlangandek bo‘ladi. Masalan, kishilarga nisbatan o‘lmoq so‘zini aytmaslikka harakat qilinadi. “Ta’qiqlangan” so‘z tabu, ta’qiqlash esa tabulashtirish deyiladi. Ta’qiqlangan so‘z o‘rnida qo‘llangan so‘z, birikma va iboralar evfemizm deb yuritiladi. Evfefizm grekcha euphemismos — “yaxshi”, phemi — “gapiraman” demakdir. Masalan, o‘lmoq so‘zi o‘rnida qo‘llangan vafot etmoq, foniy dunyoni tark etmoq, o‘tmoq, joni uzilmoq kabi so‘z va iboralar evfemizmdir. Evfemizmning “ta’qiqlangan” so‘z o‘rnida ifodalagan ma’nosi uning ko‘chma ma’nosi hisoblanadi. So‘zlovchining evfemizmlarni qo‘llashi uning nutq madaniyati, muloqot odobi yuqoriligidan dalolat beradi.
Turli kasalliklar, jismoniy kamchiliklar, jonivorlar, voqea-hodisalar xalq orasida evfemik nom bilan yuradi. Masalan, gepatit so‘zi o‘rnida qo‘llangan sarg‘ayma so‘zi, sizamiq so‘zi o‘rnida qo‘llangan gul so‘zi, ko‘r so‘zi o‘rnida qo‘llangan ko‘zi ojiz birikmasi, chayon so‘zi o‘rnida qo‘llangan gajak, eshak, oti yo‘q so‘z va birikmalari, ilon so‘zi o‘rnida qo‘llangan arg‘amchi so‘zi shunday evfemik vosita hisoblanadi.
Mohir so‘z san’atkorlari o‘z asarlarida evfemizmlarni ko‘p qollashadi. Masalan, Abdulla Qodiriyning roman va hikoyalarida, hajviy asarlarida evfemizmlarning juda ajoyib namunalarini ko‘rish mumkin.