Son boshqa so‘zdan farqli ravishda maxsus hisob so‘zi bilan qo‘llanadi. Hisob so‘zi manbalarda sanoq so‘z, numerativ degan atama bilan ham yuritiladi. Hisob so‘zi asli ot turkumiga mansub, miqdorni emas, sanalayotgan narsaning qaysi guruhga mansub ekanligini bildiradi: hovuch, dona, nusxa, bog‘, siqim. Gapda son hisob so‘zi bilan bitta gap bo‘lagi bo‘lib keladi.
Hisob so‘zining qo‘llanish davriga ko‘ra turi:
1) eskirgan hisob so‘zi: gaz (bir gaz chit), jon, vaqt (besh vaqt namoz), mahal (uch mahal ovqat), paysa, pud (o‘n pud bug‘doy), sarjin, so‘lkavoy, tanob, tosh (to‘rt tosh yo‘l), enlik (ikki enlik xat), yumaloq (uch yumaloq choy), qadoq;
2) zamonaviy hisob so‘zi: gradus, kilovattsoat, kubometr, metr (santimetr, millimetr), mehnat kuni, minut, par, sotix, sentner;
3) yangi hisob so‘zi: bayt, megabayt, gegabayt, dyum.
Hisob so‘zining qanday hisoblashiga ko‘ra turi:
1) yakkalab hisoblash uchun: bosh, dona, nafar, nusxa, tup;
2) juftlab hisoblash uchun: juft, par(a);
3) to‘dalab hisoblash uchun: bog‘/bog‘lam, gala, guruh, dasta, to‘da, to‘p, shoda, quchoq, hovuch;
4) bo‘laklab hisoblash uchun: burda, varaq (bet, sahifa), luqma, og‘iz (bir og‘iz gap), parcha, poy, siqim, tilim (karch), tomchi (qatra), to‘g‘ram, chaqmoq, chimdim, shingil, qultum;
Hisob so‘zining nimani hisoblashiga ko‘ra turi:
1) og‘irlik: gramm, kilogramm, litr, pud, tonna, sentner, misqol, qadoq, botmon (aniq o‘lchovni bildiradi); kosa, piyola, choynak, qop (xalta), qoshiq, quti (taxminiy o‘lchovni bildiradi);
2) uzunlik: qadam, qarich, quloch;
3) yosh: yashar, yoshdagi, yoshli;
4) vaqt: asr, yil, kun, kechakunduz, oy, hafta, daqiqa, soat, soniya;
5) qiymat: so‘m, tiyin, miri, paqir, dinor, yevro, dollar;
6) ishharakat: marta/martaba/marotaba, karra, qatla, sidra (bular tartib son bilan ham qo‘llanadi: bir marta – birinchi marta kabi).