1. Sinmagan; sindirilmagan; shikastlanmagan; siniq-mertik joyi yo‘q.
Ular siniq jomashovni hamon butun jomashov demoqdalar
Mushtum
2. Yirtilmagan, teshilmagan, yirtiq joyi, teshigi yo‘q.
Arslonning o‘sha to‘ni hali butun, eskirmagan.
S. Zunnunova, Ko‘k chiroqlar
3. Buzilmagan, ochilmagan; yaxlit.
Boy aytadi: — Butun bergin pulimni, Ko‘p so‘ylatib qichitmagin tilimni
Ergash Jumanbulbul o‘g‘li
4. Raso, to‘liq.
Esi butun odam. Xayr qilsang, butun qil.
Maqol
5. Kasr qismi bo‘lmagan.
6. Bor(i), borliq, barcha, hamma.
Butun imkoniyatlardan foydalanmoq. Voqeani butun tafsiloti bilan aytib bermoq. Butun kuch, butun g‘ayrat ulug‘ vazifalarni bajarishga qaratilgan.
S. Ahmad, Ufq
7. O‘rin, joy, makon bildiruvchi so‘zlar bilan kelganda, ularni ta’kidlab yoki butunisicha, yaxlit ko‘rsatish uchun xizmat qiladi.
Butun bir institutda undan chiroyli qiz yo‘q edi.
O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
8. O‘rin, joy, makon yoki kishilar jamoasidagi barcha kishilarni bildiradi.
Azon pallada butun Qorabuloq toqqa jo‘nadi.
M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha
9. Vaqt, muddat bildiruvchi so‘zlar bilan kelib, shu so‘z orqali ifodalangan vaqt, muddatning boshidan oxirigacha bo‘lgan chegarasini, oralig‘ini ifodalaydi.
Qutidor esa butun kun mehmonxonasiga kelib-ketib turgan ko‘ngil so‘rovchi oshna, yor-do‘stlari bilan ovora bo‘ldi.
A. Qodiriy, O‘tgan kunlar