Kontekst:
Jaziraning top-toza moviy osmonida bir parcha oq bulut suzmoqda edi. Bu bulut bundan yetti hafta burun Qizil dengizning chuchuk suvli oqimlari ustida paydo bo‘lgan, tinimsiz esuvchi bahri muhit yellari uni Arabiston cho‘llariga qadar qanotlarida avaylab olib kelishib, cho‘l shamollariga topshirgan edilar. Sahroning qurg‘oq shamoli hozir uni ehtiyotlik bilan surib bormoqda edi. Pastda, yer yuzida shaharning baland-past ko‘chalarida bugun olomon to‘plangan edi. Peshanalariga va sadoqlariga tippa-tik turgan odam boshli sher tasviri tushirilgan, xalq Maxes deb nomlagan O‘lim lashkari bugun bir odamni qatl uchun olib ketmoqda edi. Nomining o‘ziyoq kishilarda qo‘rquv va dahshat uyg‘otadigan bu askarlar na ota-onasini, na qarindosh-urug‘ini bilar, go‘dakligidayoq yaqinlaridan tortib olinib, noma’lum tomonlarga sahro ichkarisiga olib ketilar, voyaga yetganidan so‘nggina O‘lim lashkari safiga kelib qo‘shilar, ularning iblisona shafqatsizligi haqida odamlar orasida bir-biridan mudhish turli gap-so‘zlar yurar edi. Qatl uchun tepalikda maxsus joy tayyorlab qo‘yilgan, mahkumning oyoqlariga, qo‘llariga yelkasi aralash zil-zambil kishanlar urilgan bo‘lib, zalvoridan juda qiynalib qadam tashlar, hansirab nafas olar, tevarakdagi odamlarning hazil-mazax aralash aytgan so‘zlari qulog‘iga goh kirib, goh eshitilmay qolar edi. Qizil dengizning chuchuk suvli oqimlari uzra bino bo‘lgan oq bulut parchasi ana shu mahkumning boshi uzra soya tashlab kelayotgan edi. Mahkum bir Muborak Kishi edi. Kim bilsin, balki hozir unga Iloh farishtalari yordamga kelganu cho‘yan kishanlarning og‘irligini balki sezmayotgandir ham? Tevarakdagi olomon Qani sening xudoying? Nega u senga madad bermayapti? deb qichqirar va kular edi. Kulayotgan bu badbaxt olomon orasida bir etikdo‘z ham bor edi. Etikdo‘z bugun azonda kulbasining yonidagi daraxt shoxlarida qop-qora chumchuqlar to‘planib olganini ko‘rdi. Boshqa daraxtlarda chumchuqlar yo‘q edi. Bular esa aynan uning loysuvoq uyining yoniga to‘planishgan, na ovoz chiqarar, na don-dun terar, faqat sinchkov boqishar va nimanidir kutishardi. Ammo nimani? U tuni bilan mijja qoqmay chiqdi. Ertalab turganida ham vujudida charchoq his qildi. Bugun endi uxlolmasam kerak, deb o‘yladi u.Endi to kechgacha mudroq bosib yurishga to‘g‘ri keladi. Agar kunduzi nimadir sodir bo‘lmasa, dedi uning ichidan sovuqqon va shafqatsiz bir ovoz. To‘g‘ri aytding, agar kunduzi nimadir ro‘y bermasa, albatta mudroq bosib yurasan. Hech narsa ro‘y bermaydi, deb e’tiroz bildirdi etikdo‘zning aqli unga. O‘lim lashkari bugun anavi kishini qatl etadi. Agar askarlar qiziqqonlik ustida shaharning ham kulini ko‘kka sovurishmasa.Ular shaharning kulini ko‘kka sovurishmaydi, o‘zing ham yaxshi bilasan, deya yana e’tiroz bildirdi ovoz. Sen tashqarida nimani ko‘rding? Hech narsani. Yolg‘on. Sen daraxtga qo‘nib olgan qora chumchuqlarni ko‘rding. Nima bo‘pti, har kungi oddiy chumchuqlar. Ammo, Hazrat nima degan edi? Hazrat degan ediki. Hazrat degan ediki, oyning o‘n uchinchi kunida, juma kuni uchib keladigan qora chumchuqlar aslida mudhish va qattol bir qarg‘ishning yukini olib kelishadi. O‘chir ovozingni, dedi qat’iy qilib etikdo‘z, so‘ng yana darchaga qaradi. Qora chumchuqlar hanuz unga termilishardi. Etikdo‘z qirq uch yoshiga nisbatan ancha qarimsiq ko‘rinadigan, ozg‘in, harakatchan bir odam edi. Ota-onasidan farqli o‘laroq, unga omad kulib boqdi otasidan qolgan eski tegirmonni ijaraga berib, mablag‘ topdi va sudxo‘rlik bilan shug‘ullandi. U qanoatli va tejamli inson bo‘lib, har bir kuni qat’iy hisob-kitob va o‘lchov asosida kechgani bois, tevarakdagilar o‘ta xasis, birovga zarari ham, foydasi ham tegmaydigan odam sifatida bilishardi. Shaharda boylar va kambag‘allar ko‘p, qullar va cho‘rilar esa undan ham ko‘p, biroq etikdo‘z na boy, na kambag‘al o‘rtamiyona bir odam edi. Hazratning bashoratini u hozir yana esladi. Hazratning Bashorati Hazratni u bundan o‘ttiz uch yil avval uchratgan edi. Hazrat yolg‘izoyoq yo‘ldan asosini tutganicha kelarkan, bola adir yonbag‘rida qamishdan nay yasab o‘tirar, sal narida qo‘ylari o‘tlab yurishardi. Hazrat shu atrofdagi daraxt shoxlarida qora chumchuqlarning to‘planib olganini ko‘rdi. Boshqa qushlardan farq qilib, bular na don-dun terar, na sayrar, na shoxdan-shoxga uchib-qo‘nar, faqat, kichkina sarg‘ish ko‘zlarini tikkancha nimanidir sabr-toqat bilan kutishardi. Hazrat rang-quti o‘chgancha, bolakayga qarab turib: O‘g‘lim, oting nima? deb so‘radi. Bolakay ismini aytdi. Keyin yolg‘iz bu yo‘lchiga qiziqib qarab, so‘radi: Siz uzoqdan kelyapsizmi? Judayam uzoqdan, deb javob qildi Hazrat, uning yoniga o‘tirib, qo‘lini bolakayning yelkasiga qo‘yarkan. Charchadingizmi? dedi bola. Chol bosh irg‘adi. Qaydadir to‘rg‘ay sayradi. Bolakay ko‘kka boqib, to‘rg‘ay hazratning boshi ustida aylanib sayrayotganini ko‘rdi. Bu chumchuqlar ko‘pdan beri shu yerdami? deb so‘radi Hazrat. Bolakay yelka qisdi. Bugun juma, oyning o‘n uchinchisi. nimanidir o‘zicha hisob-kitob qildi Hazrat. So‘ng bolaga achinib qarab turdi-da: O‘g‘lim, gapimga diqqat bilan quloq sol, dedi. Oyning o‘n uchinchi kunida, juma kuni uchib keladigan qora chumchuqlar aslida mudhish va qattol bir qarg‘ishning yukini olib keladilar. Shu gapimni zinhor yodingdan chiqarma. Bola bu gapni tushunmadi, shu bois ham cholga angrayib qarab qoldi. Hazrat ancha sukutdan so‘ng: Xudoning dargohi keng, o‘g‘lim, tavba qil, dedi, og‘ir tin olib. Aslida kim o‘ylabdi, senday ma’sum, ishonuvchan bir bolakayga shunaqa taqdir nasib etishini. Bu qismat endi o‘zgarmaydi, chunki bugun dengizning sohilga yaqin yerida, suv ostida yangi bir buloq ko‘z ochdi, uning suvlari sho‘r suv bilan aralashmasdan, qirg‘oq yaqinida chuchuk oqimlarni paydo qildi. Tongda esa muborak bir kishi dunyoga keldi, unga soya solish uchun yaratilgan daraxt meva tugdi. Vaqt-soati yetganida u bilan albatta uchrashasan. Seni dunyoda hech kim ro‘para kelmagan bir taqdir kutayotgani balki bejiz emasdir, bir hikmati bordir. Tavba qil, shoyad Parvardigorning o‘zi rahm aylasa. So‘ng o‘rnidan turdi. Sen-ku avomning ko‘zida zohiran bir duo tufayli shunday qismatga mahkum etilasan. Ammo umring mobaynida o‘z hayoti davomida ilohiy mujdani rad etib, darbadarlikni bo‘yinlariga olgan sanoqsiz kishilar olomonini ko‘rasan. Ularning hayoti senikidan zarracha ham o‘zga bo‘lmaydi, biroq sendan farq qilib, og‘ir va azobli o‘lim topishadi. Lekin tarixda sening noming qoladi, boshqalar esa aynan shu qismat bilan yashashsa-da, yer yuzidan benomu nishon supurilib ketishadi. Siz kimsiz, ota? deb so‘radi bolakay. Mening otim Hazrat, dedi chol. Vaqt-soati kelib, gaplarimni hali yana eslaysan, bo‘tam. Shu voqeadan so‘ng bola to ulg‘ayguniga qadar bunaqa qora chumchuqlarni qaytib ko‘rmadi. Ko‘rganlari esa, uchib-qo‘nib don-dun terib yuradigan oddiy chumchuqlar edi. Duoyibad Quyosh nayza bo‘yi ko‘tarildi. Shahardagi qatl tomoshasi davom etmoqda edi. Atrofdagi daraxtlarning shoxlari qora chumchuqlarga to‘lib ketgan, ular olomonga va etikdo‘zga ma’nosiz ko‘zlarini tikkancha, nimanidir kutgan kabi qing‘ayib qarab turishardi. Etikdo‘zning g‘ayrati jo‘shib ketdi, u ham olomonga qo‘shilib mahkumni mazax qila boshladi. Mahkum ko‘rinishidan haddan tashqari holdan toygan edi. U shundoqqina etikdo‘zning devori yoniga kelib qoldi. Mana, u bir daqiqa ko‘zlarini yumdi, holsizlikdan gandiraklab ketdi. Imillama, imillama! deb chuvvos solar edi olomon. Mahkum bir damgina nafas rostlash uchun etikdo‘zning devoriga suyandi. Hali sen mening devorimga suyanadigan bo‘ldingmi? Imillama! deb qichqirdi etikdo‘z ham va shiddat bilan olg‘a intilib, uni ikki qo‘llab itarib yubordi. Muborak kishi yerga yiqilib tushdi, ammo lom-mim demay kelayotgan o‘lim lashkarining jallodlaridan ikkitasi uni yana oyoqqa turg‘izishdi. Etikdo‘z o‘zining qilgan ishidan mamnun, tirjayib turar edi. Shunda.(.Ey Xudo, shu ishni bekor qildim. Balki, rostdan ham, O‘ziga yaqin bir odam bo‘lsa-ya? Osmondagi anavi oq bulut izidan qolmasdan ergashib yurgani-chi? Bu kishining aytganlari shak-shubhasiz amalga oshadi. shu qadar muborakki, hali tug‘ilmasidanoq u suv ichadigan buloq, unga soya solib, mevasi bilan taomlantirishi lozim bo‘lgan daraxt yaratib qo‘yilgan edi, degan gaplar-chi? Lekin menda ham ayb yo‘q. Hamma yoqda ayg‘oqchilar izg‘iyapti. ularning nazariga tushmaslik uchun nomiga bo‘lsa-da koyib qo‘yishim kerak. Aslida.boshqalarni xavf ostiga qo‘yib mujda olib keladigan kishi muborak bo‘larmidi?! Amaldorlar qilmishimni ko‘rishdi, erta-indin surishtiruvlar boshlanadi, josuslar barcha voqealarni oqizmay-tomizmay yetkazishadi va hech kim menga tegmaydi...) Shunda Muborak Kishi quyi egilgan boshini ko‘tardi, uning tiniq va nurafshon nigohi bilan etikdo‘zning olazarak ko‘zlari to‘qnashdi. Va u etikdo‘zga qarab shunday dedi: Turgin va ravona bo‘lgin! ( Men-ku imillamayman, ammo sen mahshar kuni kelishini uzoq kutasan.deyildi unga. Endi sen to qiyomatga qadar yer yuzida betinim daydishga mahkum etilding, deyildi unga. Hamda sening qiladigan ishing hech narsa, hech narsa, faqat hech narsa, deyildi unga). Shu kuni u shahar tepaligida o‘zi sudrab kelgan kishanlariga o‘rab-chirmab qatl qilindi va Tangri taoloning yana bir mahbubi ana shunday bir tarzda o‘ldirildi. Aytadilarki, qatldan so‘ng olomon uning kimligini asta-sekin tushunib yeta boshlagan va Muborak Zotga qo‘l ko‘targan badbaxtni u yerdan haydab chiqarishgan. Etikdo‘z shu ketganicha badar ketgan va oradan yuz yil o‘tgachgina vataniga qaytib kelgan. Ammo odamlar uni yana oldilariga solib quvlashgan. Yillar o‘tgani sayin u o‘zining qiyomatga qadar o‘lmasligini anglab yeta boshlagan, hech bir yumushning uning uchun ahamiyati qolmagan. Neki qilmasin, bari behuda bo‘lib chiqavergan. Va, asrlar bo‘yi uning qismati yer yuzida faqatgina besamar daydishdan iborat bo‘lib qolgan. Badaviylar Tarixda arab sahrolarida samum oldidan kezib yurgan bir odamni ko‘rganlari haqida gap-so‘zlar bor. Samum odami degan afsonaviy odam aslida o‘sha duoibad etilgan va oxiri ko‘rinmaydigan izdihomning bu dunyoga kelib ketishiga to qiyomatga qadar guvoh bo‘lishga (va o‘zi ham ketishni orzu qilishga) mahkum etikdo‘z ekani haqida rivoyatlar bor. Aslida samum Sahroi Kabirda esadigan va jon zoti borki, barini kuydirib-eritib halok qiladigan qaynoq shamol, biroq, aynan shu shamollar orasidan chiqib kelgani uchun ham arab badaviylari uni samum odami deb ataganlar. Aytadilarki, bir kuni samum odami sahro badaviylarining oldiga kelib, o‘zining shamollar va hodisalar tilini bilishini aytadi. Badaviylar unga ishonmaydilar. Samum odami yerda yotgan yapaloq bir toshni ko‘rsatib, deydi: Bu tosh aslida Hiro tog‘ida bino bo‘lgan, uch yuz yil oldin qoyadan ajralib tushgan, bahor yomg‘irlarining sellari oqizib vodiyga olib kelgan. Uning aslida, orangizdagi bir odamning ajaliga sabab bo‘lishi uchun yaratilgan. Bu yerdan yetti kunlik masofada qoyalardan uzilib, sahroning o‘rtasiga kelib qolishi bejiz emas. Kun kelib, shu qismat albatta ro‘y beradi. Balki kimdir bu tosh bilan kimnidir joniga qasd qilar, balki kimdir unga qoqinib yiqilar? Hatto sahrodagi mana shu sanoqsiz qum zarralarining har birining o‘z qismati bor. Xuddi sizning va mening qismatim kabi. Badaviylar aytdilarki: Ajabo, sening qismating biznikidan farqli emasmidi? Dedi: Unda siz Iblisning yaratilish va gunoh qilishining tarixini bilasiz. Qanchalar badbaxt bo‘lmasin, Iblisning borligi inson bolasi uchun yaxshidir. Olovning mavjudligi temirning toblanishi uchun lozim bo‘lgani kabi. Chunki olovda toblangan temir yanada mustahkam va ishonchli bo‘ladi. Dedilar: Iblis alayhilla’na Parvardigorimizning sinovi ekanini yaxshi bilamiz. Sening qismatingdan hikmat nima? Dedi: Qanchalar uzoq umr berilsa-da, bu olamdagi hamma narsa kun kelib sovurilib, yo‘q bo‘lib ketishining tirik guvohi bo‘lishim mening hikmatimdir. (Aytadilarki, u ana shunday deb yolg‘on gapirardi. Yolg‘oniga o‘zi ham ishonmasa-da, Tangriga yaqinroq bir bandaning shafoatidan umidvor edi. Biroq, ko‘p yillik bu umidvorligining sahrodagi shu qum zarralari kabi sovurilib ketishini ham yaxshi bilardi). Badaviylar dedilar: Sen bizning qismatimizni o‘zingnikiga tenglashtirmagin. Bizning qismatimiz shu sahroda yashab, Parvardigorga ibodat qilish va ajalimiz yetganida, jonimizni O‘ziga topshirishdir. Sen esa To‘g‘ri Yo‘lni bilgan odamga qo‘l ko‘targan hamda jazoingni shu dunyoning o‘zida olgan odamsan. Narsalarning yaratilishi haqidagi hikmatlaring aslida keraksiz, chunki ajal qay ko‘rinishda bo‘lmasin, albatta yetib keladi. O‘limning qayerda va qay tarzda yetishining ko‘pam ahamiyati yo‘q imonimizning but bo‘lishi biz uchun kifoya. Shu bois o‘zingni ilmli va hatto, Payg‘ambarlarga beriladigan hikmat egasi qilib ko‘rsatmagin. Turgin va ravona bo‘lgin! Hamma joyda u ana shunday quvg‘inga duchor bo‘lar edi. U ibodat qilar edi, ammo ibodatining qabul bo‘lmasligini ham bilar edi. Cho‘llarni to‘zg‘itgan shamol tepaga ko‘tarilib esa boshlaganida uni ko‘rish mumkin edi bunga shu yerda qo‘y boqib yurgan cho‘ponlar, qurtu qushlar va o‘t-o‘lanlar guvoh bo‘ldilar. Shamolda uzilib tushgan bir shox-shabba ham uni ko‘rgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Dengizlar uzra suzgan bulutlar uning iztiroblardan xabardor esalar, ne ajab? Tog‘larning etagidan boshlanib, vodiylar bo‘ylab bir necha kunlab esadigan, dengiz yuzasidan to qit’alarning etaklarigacha sho‘r havolarni qanotlarida olib keladigan yoki sahrolarni yallig‘lantirib-eritib, qaynoq haroratga ko‘madigan samum shamollari ham uni ko‘rganiga shubha yo‘q. Aytadilarki, u yana bir necha yuz yil Tangri Taoloning boshqa bir bilimli va barhayot bandasini Xizr alayhissalomni izlab dunyo kezgan. Shu bois uni yana Qizil dengiz sohillarida ko‘rishgan. Muso alayhissalomning savatidagi baliq dengizga tushib suzib ketgan joyda yillab o‘tirgan. U holda, Xizr alayhissalom olamda bunday badbaxt yashayotganidan albatta xabar topgandir? Lekin ro‘para kelganlarmi-yo‘qmi hech kim bilmaydi. Uchrashganida ham Xizr alayhissalomdan mujda kutolmasligiga uning aqli yetgan, albatta. Chunki qismatlarni faqat va faqat Parvardigorgina belgilaydi. Balki, yorug‘ olamda bir Iblis va bir o‘zi bunday taqdirga egaligidan vahimaga tushib, yuzlab yillar tavba qilgandir? Va o‘zining yaratilishi ham aslida bir hikmatga ishora ekanidan umidvor bo‘lib, Parvardigordan rahmat ilinjida dunyo kezar? Ibroniy ulamolari buni yaxshi biladilar. biladilaru ammo u haqda so‘z ochishdan o‘zlarini tiyadilar. Umriboqiy bu chol haqida unchalik ishonib bo‘lmaydigan boshqa rivoyatlar ham bor. Shuningdek, uylangani yoki farzandlari bo‘lgani haqida ham hech gapirilmaydi. Qalbida mudhish bezovtalik va qo‘rquv hukm surgan odam uchun kimnidir sevish, oila qurish, bola-chaqa ko‘rish kabi insoniy ne’matlarning ahamiyati qolarmikin? Darbadar chol haqida bilganlarimiz shu. Balki tarix kitoblarini varaqlasak, yillar changi orasidan taqdiri Iblisning taqdiriga o‘xshab ketadigan bu badbaxt haqida boshqa ma’lumotlarni ham topishimiz mumkindir. Biroq, bilganlarimizning hammasini aytishdan biz ham o‘zimizni tiyamiz, qolaversa, buni nojoiz deb o‘ylaymiz. Chunki,chunki hozirgina sahro bag‘rida bir karvon to‘xtab ulgurdi. Karvonning yo‘lovchilari ko‘p emas, ularning yuzlari safar mashaqqatlarida qoraygan, dag‘allashgan. Sahrodagi Karvon Yuksaklarda og‘ir va qat-qat bulutlarni haydab kelib, tog‘larning yuksak qoyalari oldida qoldirgan shamollar hozir Osiyo sahrolari uzra esmoqda edi. Jonsiz tuyulgan barxanlar orasida tin olish uchun to‘xtagan karvon chodirlarini tikib ulgurgan, endi shamol rang-barang matolarni yulqab o‘ynar, sahroning sariq qumi og‘ir qo‘zg‘alib to‘lqinlanardi. Oyoq ostida o‘rmalovchi tezchopar chumolilaru kaltakesaklar g‘ayrioddiy bir sezgi xususiyati bilan bu shamolning oddiy emasligini sezganlari bois qum ostiga ko‘milib olgan edilar, sahroning boshqa fuqarolari ilonlar va echkemarlar ham o‘z bilganlaricha yashirindilar. Faqat o‘jarroq va keskirroq o‘qilongina saksovul shoxida qimir etmay turar, shox bilan birga chayqalar edi. Shamol yana epkin urganida, saksonlarni qoralab qolgan karvonboshi chol nevarasiga uzoqlarda qimir etmay turib qolgan bulutlarni ko‘rsatib: O‘sha yerda tog‘lar bor, bolam, dedi. Bulutlar cho‘qqilardan o‘ta olmay turib qoldi, endi yomg‘irlarini o‘sha yoqqa to‘kadi. Tangri nimani xohlasa, o‘sha bo‘ladi. Shamol-chi, o‘ta oladimi? deb so‘radi nevara. Shamol o‘ta oladi, chunki u ko‘zga ko‘rinmas havodan iborat dedi Chol. Aslida shamol ham, bulutu yomg‘ir, havo ham Xudoning maxluqi, bolam. Ular Parvardigorning amrini bajaradilar. Jumladan, senu men ham. Men Xudoning amrini qanday bajaraman? dedi nevara Fikrlayapsanmi, demak, bajaryapsan, dedi karvonboshi. Pilladan kapalak chiqqanini ko‘rmaganmisan? Juda ko‘p ko‘rganman. Fikr ana shunaqa narsa, dedi Chol. Oldin nimanidir ko‘rasan, undan o‘sha narsa haqidagi fikring paydo bo‘ladi. Xuddi kapalakka o‘xshab, a? Parvardigorning dargohi keng, u ko‘p narsalarni sirlar pardasiga yashirgan. Odamlar ularning ba’zilarini biladilar, ba’zilarini bilmaydilar. Dunyoda ko‘zga ko‘rinmas jonzotlaru hodisotlar mo‘l. Ularni odam ko‘rmaydi xolos, lekin ba’zi jonzotlar ko‘radi. Siz bularning tilini qanday anglay olasiz? deb so‘radi bolakay. Odam bolasidan boshqa hamma bir tilda gaplashadi, o‘g‘lim, dedi oqsoqol. Aslida, bunday sirlarni qancha ko‘p anglaganing sayin shuncha chuqur sukutga tolasan. Chunki ba’zi bilimlar hatto halokatli bo‘ladi, bolam. Shamol hozir nima deyapti? deb so‘radi o‘g‘lon. Chol miyig‘ida jilmayib, dedi: Shamolmi? U gapirmaydi, balki qanotida bilimlarni tashib yuradi. Kerak joyiga qarab kerak narsangni olaverasan. Otaxon shamolning tog‘larda avliyo bilan suhbat qurganini, shahri Haybar xarobalarining qumlarini to‘zg‘itib-sochib o‘tganini nevarasiga aytmadi. Zero, cholning hadigi bor edi. Shamollarning turlariniyu vazifalarini u yaxshi bilardi. Lekin, bunisi bag‘rida yomg‘irlarni olib keluvchi rahmat epkini emasdi. Gullarni to‘kuvchi va mevalarni changlantiruvchi rizq shamoli ham, marhamat shamoli ham, fasllarni o‘zgartiruvchi mavsum shamoli ham emasdi. Aksincha, boshqa epkin edi, uning esishida jazo shiddati borga o‘xshardi. Shu bois ham bu haqda indamadi, aksincha, agar shunday bo‘lib chiqsa, o‘ziga ham, qavmiga ham, shu bolakayga ham marhamat yetajagidan umidlandi. Shuningdek, bu kecha, hamma uxlagan mahali sahro ichidan chiqib kelgan bir odam bilan qurgan suhbati haqida ham lom-mim demadi. Holbuki, tungi suhbat juda ko‘p narsalarni oydinlatuvchi suhbat bo‘lgan edi. Bizlar ko‘p yillar avval yo‘lga chiqqanimizni bilasan, dedi Chol, tungi yo‘lovchiga. Sen tug‘ilmasingdan ikki ming yil avval boshlangan bu darbadarlik. Safar manzilini biladiganlar o‘sha mahallarda dunyodan o‘tib ketdilar. Taxmin qila oladiganlar ham allaqachon tuproqqa aylanganlar, balki ularning zarralari hozir shamolga qo‘shilib uchib yurgan bo‘lsa ne ajab. Biz uchun hech yerda qo‘nim yo‘q, dunyoning qayeriga borsak chodir tikib, Alloh xohlagancha vaqt turamiz, keyin yana dunyo kezishga ravona bo‘lamiz. Bola-chaqalarimiz ham darbadarlikda tug‘iladilar va shu qismat bilan o‘ladilar. Bir yerda muqim hayot kechirish bilan tinimsiz darbadarlik o‘rtasida qanchalar farq bor? dedi mehmon. Buni menga Hazrat aytgan edi. Sen-ku avomning ko‘zida zohiran bir duo tufayli shunday qismatga mahkum etilasan. Ammo umring mobaynida o‘z hayoti davomida ilohiy mujdani rad etib, darbadarlikni bo‘yinlariga olgan sanoqsiz kishilar olomonini ko‘rasan. Ularning hayoti senikidan zarracha ham o‘zga bo‘lmaydi, biroq sendan farq qilib, og‘ir va azobli o‘lim topishadi. Lekin tarixda sening noming qoladi, boshqalar esa aynan shu qismat bilan yashashsa-da, yer yuzidan benomu nishon supurilib ketishadi, degan edi. Ha, eshitganman, dedi chol, tin olib. Darvish bu gapida aynan bizni nazarda tutmaganmikan deb qo‘rqaman goho. Aslida ko‘pgina hikmatlar majozga o‘ralgan bo‘ladi. Sening badaviylarga aytganing gaplarda ham men bir hikmat ko‘raman. Kim bilsin, balki kun kelib sening isming ham muqaddaslashar? Hayotida qutlug‘u muqaddas hech narsasi qolmagan odamlarning yoxud bizga o‘xshagan qavmlarning misoli bo‘lib qolarsan? Bizga esa, Tangri taolo shuncha yillik daydishlardan so‘ng, nihoyat, bir marhamat ko‘rsatar, o‘zining mulkidan eng ko‘rimsiz, eng qaqragan bir burchakni vatan qilib berar? Odam bolasi borki, barhayotlikni orzu qiladi, dedi mehmon. Men esa abadiyat bilan jazolandim. Men uchun na vatan, na millat, na elat, na til qoldi. Dunyoni kezarkan, butun boshli millatlarning yo‘q bo‘lib ketganini, o‘rniga boshqalarining kelganini ko‘rdim. Aslida, siz mendan ko‘ra xushbaxtroqsiz. Chunki, qismatingizga darbadarlik bitilgan bo‘lsa ham, bir necha yildan keyin Uning rahmati tomonga ravona bo‘la olasiz. Menga esa u yo‘llar berkilgan, qopqalar yopilgan, tavbamdan va pushaymonimdan naf yo‘q. Lekin o‘zing qachonlardir, bir munajjim mening dardimni eng hikmatli yo‘sinda ifodaladi, endi odamlar qismatimdagi hikmatni shoyad anglab yetsalar, degan eding-ku? Uning ismi Gvido Bonatti, dedi mehmon. Bonatti follar va tushlarning muallaq ekanini anglab yetgan ilk kishi edi. Umrining oxirida tafakkur o‘rniga mayxo‘rlikka va folbinlikka berilgani uchun, cherkovning buyrug‘iga ko‘ra tiriklay yoqib yuborildi. Afsuski, u haqiqatning yuza qatlamini ko‘ra oldi, xolos. Fikr qilganida balki yana ko‘p narsalarni fahmlagan bo‘lardi. Sen bilan bir necha marta uchrashdik, ammo nima uchun bundan endi gap ochyapsan? deb so‘radi chol, uzoq sukutdan so‘ng. U mehmonning maqsadini payqagandek edi. Men Tiyonshon etagidagi yana bir odam bilan vidolashmoq istayman, dedi mehmon. Kim bilsin.qayta ko‘rishish balki nasib qilar, balki nasib qilmas. Tiyonshon Bag‘ridagi G‘orda Istiqomat Qiluvchi Avliyo Aytishlaricha, bu avliyo Tiyonshon etagida bir yuzu yigirma yildan buyon ibodat qilar edi. G‘or og‘zida anjir o‘sgan edi, u har kuni yangi meva tugardi. Qilgan ibodatlariga mukofot o‘laroq hamda avliyoning tirikchilik ilinjida chalg‘imasligi uchun berilgan bir inoyat yoxud mo‘jiza edi balki bu anjir. Bu yerdan o‘tganlarning ba’zilari, g‘or og‘zining ikki tomonida ikki bahaybat sherning turganini ko‘rishgan. Boshqalar esa kulcha bo‘lib o‘ralib olgan ilonni, burgutni, hatto ajdarni ko‘rgani haqida rivoyatlar bor. Ba’zilar esa hech qanday jonzot yo‘qligini, bir tutamgina, ammo nigohi g‘oyatda nurafshon qariyani ko‘rganlarini aytadilar, qariya shu darajada keksaygan ediki, xuddi ukparday hilvirab qolgan edi. Boshqa birovlar esa, Tangriga yaqin zotlarning uning huzuriga suhbat uchun kelib turganlaridan xabar beradilar. Darhaqiqat, avliyolar Parvardigori olamning marhamati va mukofotiga sazovor kishilar ekaniga shak-shubha yo‘q. Avom ularning hikmatlarini anglashga ojizlik qilishi ham rad etib bo‘lmaydigan haqiqat. Bizlar anglab yeta oladigan darajada bayon qilingan boshqa bir haqiqat esa mana bunday: Bir kuni avliyoning huzuriga baland bo‘yli, uzun sochlari yelkasiga tushgan, yalangoyoq bir odam kirib keladi va undan mo‘jiza ko‘rsatishini, agar ko‘rsatmasa, o‘ldirajagini aytib tahdid qiladi. Qanday mo‘jiza ko‘rsatishimni istaysan? deb so‘raydi Avliyo undan. Bilmadim, ishqilib, g‘ayrioddiy bir narsa bo‘lsin, deydi kelguvchi. Unda, u mo‘jizani nimaga sabab bo‘lishini xohlaysan? Sening rostdan ham avliyo ekaningga ishonishim uchun. Sen o‘zing dunyoda nima istashingni bilmasang, men bechora banda qayerdan ham bilayin, deb javob bergan Avliyo. Qara, olamda hamma narsa mukammal bir tartib bilan harakatlanib turipti. Bahorda bu yerdan turli-tuman nabotot unib chiqadi. Sanog‘ini Tangridan boshqa hech kim bilmaydi. Shuncha nabototning unishi uchun kerak bo‘lgan suvni tomchi-tomchisigacha o‘lchovi bilan bulutlar olib kelib yog‘dirsa, hatto sen qudratini ko‘rib hayratlanishing yoki eski tuproqlarni ichidagi bor-yo‘q jasadlari bilan yuvib, boshqa joylarga ozuqa bo‘lishi uchun olib ketadigan yoxud har ikkalasi uchun ham bo‘ronlar essa, sellar oqsa. Quyosh keragicha qizdirsa, dov-daraxtu o‘t-o‘lanning changlanishi uchun qancha asalari va hasharot kerak bo‘lsa, shunchasi yaratilsayu gullarni changlantirishidan tashqari yana bol ham to‘plasa va o‘zining mavjudligi va hayoti bilan yana uning qudratidan xabar berib tursa. Sen aytayotgan mo‘jiza mana shu nizomga qarshi ravishda, shu tartibni buzib paydo bo‘ladigan hodisadir. Ayt-chi, ey Tangrimning bandasi, birgina mening avliyo ekanimga ishonishing mana shu nizomning buzilishiga arziydimi? Bu kam, dedi chaqirilmagan mehmon o‘ylanib. Yana nimalarni ayta olasan? Uning bergan ne’matlaridan bemalol foydalansang, ixtiyoringga sening minadigan otingdan ko‘ra minglab karra mukammalroq boshqa bir otni vujudingni ato etgan bo‘lsa. Olamdagi har bir jon o‘zining vazifasidan boshqa yana bir vazifani bajarib kelayotganining hikmatini ko‘r. Mukammal bir lashkarga o‘xshaydigan, g‘oyatda ixcham yaratilgan asalari o‘zining ehtiyojidan minglab karra ko‘p bol to‘plasa, bir daraxt, nasl qoldirishi uchun kerak bo‘ladigan mevalarning minglab mislini tugsa, bir baliq minglab uvuldiriq tashlasa, bir nabotot o‘zining unib-o‘sishidan tashqari yo yemish, yo davo bo‘lsa va faqat sengina bularning hammasidan yeb-foydalansangu hosilang bo‘lmasa ustiga-ustak, shu holingda yana mo‘jiza talab qilsang. Hayotingning boshidan oxirigacha, go‘dakligingdan to keksayguninggacha hayot hikmatini, Uning marhamatini anglolmasdan, Uning pardalari ortidagi sirlariga bir marta boqolmasdan darbadar kezsang-u, sening bu tutuming mo‘jiza talab qilishingga huquq bera oladimi? Mehmon yerga o‘tirdi, qilichini ham yerga qo‘ydi. Bu gaplarni oldin ham eshitganman, dedi u. Men sendan haqiqatni bilishni istayman. Unda eshit, dedi avliyo. Men hatto o‘zimga yemish topolmayman, shu bois Tangrim rahm qilib, g‘or og‘zida anjir o‘stirib qo‘ygan. Agar shu anjir qurib qolsa, unda mening holimni ko‘r. Sog‘lom holimda ham Tangrim yaratgan havoga, suvga, ozuqaga muhtojman. Mabodo vujudimga bir kasallik ilashsa, undan o‘zim xalos bo‘lolmayman, darhol dardimga davo istab, Parvardigorimga yolvoraman. Xalos bo‘lish u yoqda tursin, bu kasallikning aslida nima ekanini ham bilmayman, jonim qiynoqda qolgani uchun ham Tangrimga yig‘lab-siqtayman. Mening bu g‘orda ekanimu yemishim anjir ekani bechoraligimni ko‘rsatadigan holat emasmi? Hamma narsada o‘zim Tangrimga muhtojmanu sen mo‘jizani Undan so‘rashning o‘rniga, mendan so‘raysanmi? Endi to‘g‘ri aytding, gaplaringga ishondim, dedi mehmon, so‘ng qilichini qiniga soldi. Lekin yana bitta savolim bor, shunga javob bermaguningcha ko‘nglim o‘rniga tushmaydi. Aytadilarki, sening qo‘riqchi sherlaring bormish, menga seni o‘ldirishga jahd qilgan odamga ularni gij-gijlashning o‘rniga nega hurmat bilan kutib oldingu bularni bittalab tushuntirding? Avliyo dedi: Tangri taolo bir bandasiga parchinlanish, yana biriga mo‘g‘ul askarining qilichi, boshqa bir quliga esa dor yog‘ochi orqali o‘limni ravo ko‘rgan edi. Yaratgan Egam ajalimni sening timsolingda yubordimikin deb qo‘rqdim. Kelguvchi uzoq o‘ylandi. So‘ng shunday dedi: Uning nazdida qadru qiymat topgan bandalaridan biri ekanligingga, oddiy kishilarga bildirmagan sirlaridan O‘zi xohlaganlarini senga bildirganiga shak-shubha yo‘q. Biroq, mening kim ekanimni nega pinhon tutganini anglab yetolmadim. Uning bu irodasida yaxshilik borligi aniq-ravshan, shoyad menga ham bir xayr yetsa deb umid qilaman. Uch soatdan so‘ng, Atlantika ummoni uzra misli ko‘rilmagan qudrat bilan bo‘ron qo‘zg‘alishi oldidan dunyoning to‘rt burchidagi to‘rtta makonda ana shu tarix va ana shu voqealar ro‘y bergan edi. Oradan uch soat o‘tgach, sokin havolarning ko‘zga ko‘rinmas mavjlaridan boshlangan va tobora kuchayib borgan shamolning, osoyishta to‘lqinlanayotgan suvlarni o‘nlab quloch balandlikka ko‘tarib girdoblar hosil qilgan holda ichidagi jonzotlariga qo‘shib insonlar makoniga quruqlikka qarab itqituvchi, yo‘lida uchragan narsani g‘orat qilib boruvchi kuchli bo‘ronga aylanishi kutilmoqdaydi. YO‘NALISh: Amerika Markaziy Osiyo Zamonaviy qudratli havo layneri bir maromda guvillar, salondagi uch yuz chog‘li yo‘lovchining ko‘pi mudrar edi. Hozir u Atlantika ummoni uzra to‘qqiz chaqirim balandlikda, soatiga sakkiz yuz ellik kilometr tezlikda uchib borayotgan edi. Layner to‘rt soat oldin avtopilotga o‘tkazilgan, shu bois uning o‘n ikki kishilik ekipaji dam olmoqda, faqat, salondagi to‘qqiz styuardessa qiz tushlik tarqatishga tayyorgarlik ko‘rmoqdaydi. Uchish barcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra mo‘tadil kechmoqda edi. Aslida, bundan uch soat avval dunyodagi eng katta meteorologik kuzatish stansiyalari Atlantika ummoni uzra bo‘ron boshlanayotganidan ogohlantirishdi, taxminlarga ko‘ra u mavsumiy bo‘ronlardan farq qilar, odatiy meteorologik ro‘yxatdagi po‘rtanalar tunda, Oyning tortish kuchi oqibatida suv sathining ko‘tarilishi mahalida ro‘y berardi, bu esa kuppa-kunduz kuni boshlanmoqda edi. Xitoy va Mo‘g‘uliston uzra turib qolgan issiq havo oqimining shiddat bilan yuqori ko‘tarilishi oqibatida Yaponiya va Avstraliya sarinliklarining hamda ummon yuzasidagi sovuq havoning markazga intilishi oqibatida uning yo‘li juda uzun bo‘lishi taxmin qilinmoqda, katta tezlikda esuvchi shamollarni qo‘zg‘atishi kutilmoqdaydi. Sohillardagi turli davlatlarga bu haqda o‘z vaqtida yetarlicha ma’lumot berilgan, to‘qson olti million kvadrat kilometr yuzada sokin-osoyishta to‘lqinlanayotgan ummondagi barcha sayyohlik, ov, ilmiy-tadqiqot, harbiy hamda suvosti kemalari (odatda, eng kuchli bo‘ron mahalida ham ellik metr chuqurlikda sokinlik hukm sursa-da) hamda yo‘nalishi shu bo‘ron hududi bilan kesishadigan yo‘lovchi havo uchoqlari ogohlantirilgan, fazodagi sun’iy yo‘ldoshlarning ba’zilari josuslik ishidan tashqari, bo‘ron yo‘nalishini kuzatishga o‘tkazilgan edi. Bo‘ron haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda uchoqning kompyuteriga ham yetib keldi, avtopilot uchoq yo‘nalishi va uchish quvvati me’yorlariga kerakli o‘zgarishlarni kiritib, bu haqda monitorga yozuv ham chiqarib ulgurdi. Xullas, o‘z bag‘rida turli sirlarni saqlagan bu asov ummonning bugun junbishga kelishi kutilmoqdaydi. Havo laynerining biznes salonidagi monitorga ogohlantiruvchi yozuvlar turli tillarda qalqib chiqdi, lekin bu yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish saviyasining qay darajada yuqori ekanini ko‘z-ko‘z qilish uchun qilingan tadbir edi, turli tabiiy ofatlar vaqtida uchoqni boshqarishning eng samarali usullari bundan ellik yil oldin ishlab chiqilgan, shu bois u oz-moz chayqalishlardan boshqa xavf tug‘dirmasdi, biroq, yo‘lovchilar uchun aviakorxona ishining qay darajada yo‘lga qo‘yilgani va uchuvchilarning qay darajada mohirligining ahamiyati katta bo‘lgani uchun, kompaniya shunaqa Pi-Ar tadbirini yo‘lga qo‘ygan edi. Laynerdagi uch yuz chog‘li yo‘lovchining biri, insonni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumandan yurtiga qaytayotgan kishi butunjahon Genetik tadqiqotlar assambleyasining faxriy a’zosi professor Ziyo ham bu ogohlantirishni o‘qidi-da, keng darchadan tashqariga qaradi. Ular havoga ko‘tarilgan Denver shahri allaqachonoq kulrang pastliklarda qolib ketgan, uchoq allaqachon Atlantika ummoni hududiga kirib kelgan edi. Ufq top-toza, to‘qqiz chaqirim pastda esa kul rang tusli ummon, bag‘ridagi nahanglariyu millionlab tur va ko‘rinishdagi jonzotlari, suv yuzasida suzib yurgan va qachonlardir teranliklarga g‘arq bo‘lgan kemalari, shaharlariyu qishloqlari, balki Nuh alayhissalom to‘fonidan qolgan xarobalari bilan . yastanib-to‘lqinlanib yotar edi. Ummon go‘yo tarixga o‘xshar edi! Go‘yo butun kechmishlar ana shunday sokin va til-zabonsiz, bepoyon tarzda, vaqtsizu makonsiz dolg‘alanmoqdaydi. Qaylardadir olis-olislarda, siyrak tuman bilan qoplangan va bunday yuksaklikdan elas-elas ko‘zga tashlanadigan materikning sarg‘ish sahrosida lo‘lilar karvoni tin olish uchun to‘xtagan edi. Biroq, uchoq hozir sahro uzra uchib o‘tayotgan bo‘lganida ham bunday balandlikdan ularni ko‘rish amri mahol edi. Sahrodan keyin vodiylar boshlanar, yana minglab chaqirim masofada esa oq qorlariyu ko‘k muzliklari bilan bag‘rida butun dunyo taraqqiyotining sirlarini yashirgan Tiyonshon tog‘lari viqor to‘kib turardi. Tiyonshon tog‘larining bag‘ridagi bir g‘orda avliyo tafakkur bilan mashg‘ul edi. Sal oldin yomg‘ir savalab o‘tgan, g‘or og‘zida o‘sgan anjirning yashil barglarida va jigar rang mevalarida katta-katta tomchilar turib qolgan edi. Madaniyatlar, sivilizatsiyalar, siyosatlar, fikriy va g‘oyaviy kurashlar, ulkan ijtimoiy hodisalar, megapolislar, tutunga o‘ralgan shaharlar va yashil qishloqlaru dalalar qatorida mayda-chuyda tirikchilik tashvishlari bilan tinimsiz harakatlanayotgan odamlar izdihomi butun olam tortishish kuchini yengib, fazoga yo‘l olishga tayyorlanayotgan fazoviy kemalar, ninachilarday har tomonga imillab uchib borayotgan mahalliy uchoqlar, inson bolasining ayanchli gerdayishlariga sabab muhtasham qasrlaru avtomobillar to‘qqiz chaqirim pastda, materiklarda qolib ketgan edi. Uning nazarida dunyoning aylanishi tezlashib ketgandek, tushunish va boshqarish qiyin bo‘lgan g‘alati jarayonlar qaynab-toshayotganday tuyuldi. Xalqaro anjuman uning qalbini larzaga solgan va oradan o‘n ikki soat o‘tganiga qaramasdan, hanuz taassurotlaridan qutulolmayotgan edi. Anjuman uyg‘otgan hayajonlaru shov-shuvlar hali-veri tinadiganga o‘xshamasdi. Dunyoning eng mashhur olimlari ham hayrat va hatto sarosima ichida edilar. Insonni takomillashtirish yo‘lidagi urinishlar minglab yillardan beri davom etib kelayotgan bo‘lsa-da, bugungi hodisa bashariyatning barcha izlanishlarini xotimalab, yangi pallaga qadam qo‘yayotganidan dalolat berib namoyon bo‘lgan edi. Hamma gap, bir tomoni Xitoyga va ikkinchi tomoni Mo‘g‘ulistonga tutashib ketgan, Tiyonshondan Oltoy tog‘lariga qadar bir yarim ming chaqirim masofaga cho‘zilgan yoy misoli yastanib yotgan Gobi cho‘lidagi Inson takomili markazida yetishtirilgan sun’iy jonzotlarda edi. Kuyten-Nayramdal cho‘qqilaridan va Otgon-Tengri Uul vodiysidan yuzlarcha chaqirim masofada joylashgan mazkur markazda ko‘p yillardan buyon insonlarni sun’iy urchitish, genlarini takomillashtirish va klonlashtirish borasidagi tadqiqotlar olib borilayotganini ko‘pchilik bilardi. Shuningdek, bu tur tajribalar dunyoning ko‘pgina o‘lkalarida qat’iyan man etilgani bois, hali qonunlari zaif mamlakatga atayin ko‘chirilganiga hammaning aqli yetib turardi. Dunyoga yoyilib ketgan mazkur tadqiqot tizimining ona bo‘g‘ini bo‘lmish bu markaz insoniyatga kutilmagan bir natijani taqdim etgan va Xo‘sh, ana endi nima qilasan? deb sahrolar aro boqib turgan ulkan bir ko‘z misoli, jimit inson bolalarining tutumlariga qiziqsinib qarayotganday tuyulmoqdaydi. Sun’iy urchitilgan odam aslida kim? Urug‘langan bir ona hujayraning shisha idishlarda mukammal rivojlanishi uchun kerak bo‘lgan har qanday sharoit yaratib berilgan va muttasil kuzatuvlar ostida inson bolasining paydo bo‘lish jarayoni g‘oyat aniqlik bilan kuzatib boriladigan bunday izlanishlar doimo boshi berk ko‘chaga kirib kelmoqda, bashar aqli yetmagan qandaydir ta’sirlar bois ular majruh, kar, soqov va yashashga noqobil ravishda olam yuzini ko‘rgan bo‘lsalar, ulardan biri hech kutilmaganda mukammal bo‘lib hayotga kelgan edi. Na otasini, na onasini biladigan bu jonzotning hujayralaridagi qartayishga sabab gen olib tashlangan uning vujudi o‘z-o‘zini to‘ldirish orqali muttasil yangilanmoqda va taxminlarga ko‘ra, g‘oyat uzoq umr ko‘rishi kutilmoqda edi. Boshqa barcha chaqaloqlar kabi yig‘lagan, injiqlik qilgan, go‘dakligida tegrasiga qiziqsinib boqqanu murg‘ak zehnida u kim bu nima degan savollar bemisl ko‘p va tez sodir bo‘lgan, o‘zining qaydan bino bo‘lganiyu kim ekanini yuzlarcha marta so‘ragan, xullas, barcha chaqaloqlar kabi unib-o‘sgan bo‘lsa-da, bu hodisadan azbaroyi ilmiy tajriba yuzidan hamma narsani sir tutgan olimlarning o‘zlari ham hangu mang edilar. Go‘yo insoniyatning tadrijiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tayotgan bu sun’iy urchitilgan odam balog‘at yoshiga yeta boshlaganida, o‘zining favqulodda mantiq va fikr quvvatiga ega ekanligini namoyon qilgan edi. Hali fanga ma’lum bo‘lmagan qandaydir bir xususiyat ila u tegrasidagi narsalarning molekulyar butunligini buza olish qobiliyatiga ega bo‘lib, qarshisida na po‘lat, na temir, na shisha to‘siq bo‘la olardi. Shuningdek, o‘zak hujayralarni o‘stirish borasida olingan barcha yutuqlar unda jamuljam bo‘lgan edi. Aslida oddiy inson bolasiga o‘z-o‘zini tiklash salohiyati azaldan ato etilgan, masalan, biror joyini kesib olsa, bu jarohat ma’lum vaqtdan so‘ng bitib ketadi. Sun’iy odamda mazkur xususiyat takomillashtirilgan, hatto ichki a’zolarini ham tiklay olishiga umid bog‘lanmoqda edi. Avvalboshda na otasi, na onasi, na vataniyu millati, na qarindosh urug‘iyu aka-ukasi bo‘lgan bunday mukammal jonzotlarni ommaviy ravishda ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilaroq, xatarli hududlarda, konlarda, hayot uchun xavfli makonlarda, vulqon tublaridayu suv ostida xullas, haqiqiy insonlarni qo‘llash ham estetik, ham insoniy qadriyatlar tufayli mumkin bo‘lmagan ishlarda ishlatish ko‘zda tutilgan edi. Gen sohasidagi yutuqlar ularni hali homila ekanliklaridayoq nurlanishlarga, kasalliklarga yoxud boshqa ta’sirlarga chidamli qilib o‘stirish imkonini bermoqda edi. Ijtimoiy qadriyat qozonishlariga haq-huquqlari yo‘qligini ta’kidlash maqsadida hatto ism berish ham ko‘zda tutilmagan, raqamlar bilan ifodalanishlari yetarli edi. Odam bolasini ism bilan emas, raqam bilan ifodalash o‘tgan asrdan: Polshaning Daxau qamoqxonasidan hamda Yaponiyaning Xitoy chegarasidagi Xarbin yaqinida joylashgan ismsiz zindondan odamzotga ma’lum. Ularning ijtimoiy ahamiyat kasb etmasliklarini o‘zlaridan ham ko‘ra atrofdagilarga ta’kidlash muhimroq edi. Biroq, qamoqxonalardagi tajriba odamlari azaldan davom etib kelgani kabi, ota va onadan tug‘ilgan, haqiqiy insonlar edilar, tajribaxonalarda sun’iy ravishda dunyoga keltirilgan va genlari o‘zgartirilgan jonzotlar esa, garchand ko‘rinishiyu tutumi insondan farq qilmasa-da, baribiram g‘ayriinsoniy mavjudot deb hisoblanmoqdaydi. Bunday tajribalar muvaffaqiyatli tugagach, dunyoda insonning oliy irq bo‘lib qolishi va yana bir irq na ismi, na tili, na qadriyatlari va na millati noma’lum, ammo ham jismoniy, ham aqliy jihatdan insondan bir necha baravar ustun qullar irqining paydo bo‘lishi kutilmoqda edi! Biroq, anjumandagi olimlarni, shuningdek, Professor Ziyoni sarosimaga solgan narsa boshqa! Shov-shuvlar, gen va o‘zak hujayra muhandisligi erishgan yutuqlar ortidan cho‘mgan jimlik. mangu barhayot inson yaratish yo‘lidagi urinishlarning hisobotlari ortidan, mukammal irq yaratish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning ilk yutug‘i hisoblangan bu mukammal jonzot aqlni shoshiruvchi va hech kutilmagan bir xulosaga kelgan edi! Xalqaro Anjuman Shimoliy Amerikadagi ulkan aerokosmik markazlardan birida, so‘lim daryo yoqasidagi uch qavatli muhtasham saroyda kelajak insonini yaratish borasidagi tadqiqotlarning navbatdagi yakuni o‘qib eshittirilmoqda edi. Anjumanda inson genetikasi va ruhiyati borasida dong‘i ketgan eng mashhur olimlar ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, nutqlar hamda hisobotlar juda sust bormoqda, salqin zalda keng-qulay oromkursilarda o‘tirgan ilm ahli nurlanishlarning hamda yangi texnologiyalarning odam geniga va embrioniga ta’siri haqidagi uzundan-uzoq nutqlarni anchayin zerikish bilan tinglamoqda edilar. Anjumanning shov-shuvli qismi Gobidagi Inson takomili markazining hisoboti ekanini hamma bilardi. Shu bois, bir necha yillardan beri boshi berk ko‘chaga kirib kelayotgan masofaviy boshqarish va ruhiyatga ommaviy ta’sir usullari haqidagi hisobotlar, aytarli yangi gap yo‘qligi uchun ham qiziqish uyg‘otmayotgan edi. Osiyodagi Inson takomili markazi yuqori texnologiyalarni qo‘llash orqali inson vujudini takomillashtirish muammolari bilan shug‘ullanishidan ko‘pchilik xabardor edi. Markaz joylashgan cho‘lning Oltoyga tutash joyi fazo nurlanishlarini kuzatish uchun eng maqbul, shuningdek, g‘ayrioddiy hodisalar eng ko‘p sodir bo‘ladigan joylardan biri ekanligi o‘tgan asrdan beri fanga ma’lum. Bir necha mamlakat hududiga kirib borgan va mo‘g‘ullar Shamo, xitoylar Alashan, uyg‘urlar Jung‘or deb ataydigan bu ulkan cho‘l qishda qirq daraja sovug‘iyu yozda ellik darajali jaziramasi bilan ham mashhur edi. Yer yuzida turli-tuman iqlimlarni yaratib qo‘ygan Parvardigori olam, mana shunday sahrolarni ham yaratishi bilan, kishilarga Bas, yer yuzini kezing va tafakkur qiling deb ogohlantirayotgan edi go‘yo. O‘zidan juda kuchli elektr quvvati chiqarib, yon-veridagi har qanday jonzotni ko‘mirga aylantiradigan ulkan to‘mtoq sahro qurti olg‘oy-xorxoy haqidagi xabarlar keldi Professorning xayoliga. Olg‘oy-xorxoy faqat Gobida yashaydi. Tana tuzilishini shaffof holga keltira oladi, goh ko‘rinib-goh ko‘rinmasligining sababi shunda. Markaz vakilining hisoboti soat ikkiga belgilangan edi. Belgilangan vaqtda sahnaga qotmadan kelgan misrlik zanji olim chiqib keldi, uning chiqishi qarsaklar bilan qarshilandi. Bu odam sun’iy urchitish va klonlashtirishning genetik muammolari borasida tengi yo‘q daho ekani hammaga ayon edi. Muhtaram anjuman ahli, deb so‘z boshladi daho, sokin va osoyishta ovozda. Men, genetika mutaxassisi Georg Mendel, umrimning qirq yilini shu fanning turli chigal masalalarini yechishga sarfladim. Jonli borliqlarning gen o‘ramlari qarshisida soatlab termilib o‘tirgan onlarimda doimo shuurimda Yaratgan Parvardigorimning nizomini buzishga urinib, xato qilmayapmanmi? degan savol ko‘ndalang turdi. Millionlab variantlarni tahlil qilar ekan, istalgan har bir kombinatsiyadan o‘xshashi yo‘q bir maxluq bino bo‘lishidan har dam cho‘chib yashaganimni sizlarga bildirmoqchiman. Salonga jimlik cho‘kdi. Hammaning diqqat-e’tibori genetikaning shu dahosiga qaratildi. Umrim o‘tgani va gen tilsimlariga qadam-baqadam yaqinlashib borganim sayin, u gunoh qilmayapmanmi? degan savolga aylana bordi, deb davom etdi olim. Zotan, bu yerga to‘plangan muhtaram jamoaning har biriga mazkur savol ko‘pdan tanish ekaniga shubham yo‘q. Umrining ufqlarini ko‘rib turgan bir olim uchun esa bunday savollarning ahamiyati g‘oyat ulkan va hatto mudhish tus olishini hammangiz yaxshi bilasiz. Genlarni o‘zgartirish borasidagi tadqiqotlarimizda muttasil olg‘a siljiyotganimizni e’tirof etish bilan birga, kutilmagan natijalarga ro‘para kelayotganimizni sizga ma’lum qilmoqchiman. Bu natijalarni sharhlashni o‘zingizga havola qilgan holda, diqqatingizni ekranlarga qaratishingizni so‘rayman!. Shu orada qolgan chiroqlar ham o‘chib, sahnadagi ulkan monitor yorishdi. Monitorda shisha xona ichida ko‘zlari katta-katta bir odam ko‘rindi. U tevarakka olazarak alanglar, nimadandir juda bezovta edi. Bu olti yuz oltmishinchi raqamli odam, qorong‘ilik ichidan ovozi keldi olimning. To‘rtinchi halqa DNA o‘ramlariga o‘tkazilgan ta’sirlar natijasida u nurlanishlarga chidamli bo‘lib dunyoga keldi. Bu genomning nuqsoni u ko‘r. Chunki oddiy sharoitda yashay olmaydi, quyosh nurlari vujudiga halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Monitordagi tasvir g‘oyib bo‘lib, o‘rnida boshqasi paydo bo‘ldi. Mazkur jonzot favqulodda qobiliyatlarga ega holda dunyoga kelishi ko‘zlangan edi. Darhaqiqat, uning suyaklari g‘oyat egiluvchan, lekin vujudi bunday egiluvchanlik uchun lozim bo‘lgan katta miqdordagi ma’danlarni yetkazib berolmagani uchun halokatga mahkum. Tasvirlar almashar, manzara ham noxushlashib bormoqda edi. Mana bunisi esa barhayot jonzot, deb davom etdi olim. Avstraliya toshbaqasining genlari bilan chatishtirish orqali dunyoga kelgan bu odam juda uzoq yashaydi. Afsuski, teskari qonuniyatlar yana pand berdi harchand uzoq yashasa-da, unda aql nishonasi yo‘q. Tasvirlar birin-ketin almashar, har bir sun’iy yetishtirilgan odamda yashay olishiga to‘sqinlik qiluvchi bir nuqson namoyon edi. O‘tgan yigirma yil mobaynidagi izlanishlar natijasida mingdan ziyod mana shunday jonzot dunyoga keltirildi, deb davom etdi olim. Ko‘rib turganingizdek, muvaffaqiyatlar bilan yengilishlar nisbati teppa-teng. Sirasini aytganda, aql darajasi bugungi kun odamidan bir necha baravar yuksak va mangu umr ko‘radigan odam yaratish fikri shu qadar jozibadorki, bu ko‘rganlaringiz majruhlarning va noqislarning dunyoga keltirilishining gunohu savobi haqida o‘ylab ko‘rishga na vaqt bor, na istak. Gunoh deganimizda, nainki bizning aralashuvimiz tufayli dunyoga majruh bo‘lib kelgan jonzotlarni, balki ularning yo‘q qilinishini ham nazarda tutyapman tasvirda ko‘rganingiz bu jonzotlarning aksariyati hozir hayotda yo‘q, ba’zilari o‘z-o‘zidan halok bo‘lgan, ba’zilarini esa azob-uqubatga qolmasliklari uchun o‘zimiz yo‘q qilganmiz. Evtanaziya masalasi dunyoda hanuz hal qilinmagan muammo bo‘lib turgani chog‘da, ushbu jonzotlarni yo‘q qilish odam bolasining joniga qasd qilish bilan baravarmi-yo‘qmi, degan savolimiz ham hanuz yechilmasdan qolmoqda. Tabiiyki, havo mavjud bo‘lmagan joylarda, suv ostida, kuchli nurlanishlarda, vulqonlarning tublarida bemalol ishlay oladigan va tadqiqotlarimizga ko‘mak beradigan bir nasl bunyod etilsa, insoniyatning ko‘p mushkullari yengillashgan bo‘lur edi. Masalaning estetik tomonlarini ham hal qilishimiz, butun dunyodagi barcha xalqlar bilan birgalikda yakdil qarorga kelishimiz lozim bular insonmi, inson emasmi? Bugungi kunda tajribaxonalarda son-sanoqsiz jonzotlar ustida turli-tuman tadqiqotlar o‘tkazilmoqda, minglab hayvonlarning tana xususiyatlari, ichki a’zolari, har xil ta’sirlarga munosabati o‘rganilmoqda. Biz bu jonzotlarga ilmu fan taraqqiyoti yo‘lida qurbon qilinishi lozim bo‘lgan tajriba materiali deb qaraymizmi yoxud inson debmi? Tadqiqotlarimiz yangi, barhayot nasl olish yo‘lidagi zahmatlar sifatida olqishlanadimi yoki insoniyat ustidan o‘tkazilgan g‘ayriinsoniy tajribalar deb la’natlanadimi bu savol ham ochiq qolmoqda. Tasvirda shisha xonadagi g‘oyat katta boshli odamning surati qalqdi, yon qismida uning tartib raqami, dunyoga keltirilish vaqti hamda yozuvlar paydo bo‘ldi: Men kimman? Otim nima? Laboratoriyalarda, zirhli shisha idishlarda dunyoga kelgan va g‘ayrioddiy xususiyatlari bilan bir qatorda, nuqsonlari bilan ham odamni qo‘rqitadigan turli-tuman sun’iy odamlar anjuman ahliga, balki butun insoniyatga ana shunday nigohlarida tushunmovchilik, azob, qiynoq aks etgan holda jim, iztirob ila boqmoqda edilar. Men kimman? Otim nima? Balki ularning tadqiqotlar natijasida ayqash-uyqash bo‘lib ketgan miyalarida boshqa turli savollar ham ko‘pdir, lekin eng asosiy savol baribir shu bo‘lib qolmoqda va butun insoniyatga qarata berilmoqda edi. Men kimman? Otim nima? Bir oz vaqt o‘tgach, ularning o‘rnini baland bo‘yli, sochlari uzun, ko‘rkam bir yigitning tasviri egalladi. Bu tadqiqotlarimizning eng yuksak cho‘qqisi, oddiy insonga nisbatan g‘oyat uzoq umr ko‘radigan barhayot jonzot, deb davom etdi olim. Siz uzoq yillardan beri orziqib kutgan va ilmiy orzularingizni o‘zida mujassam etgan mukammal mavjudot shu! Avvalgi nusxalarning barcha fazilatlari unda mujassam. Gen turli-tumanliklarning bunday zafarli halqasini topishda osiyolik bir hamkasbimizning juda katta ko‘magi bor, u odam hozir orangizda, barhayot insonning vujudidagi DNA halqasining siri hozircha shu odamgagina ayon. Bu kishining fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, bir mahallar Osiyodagi kichkinagina hujrasidan chiqmagan holda, aql kuchi ila ummon ortida yana bir qit’a borligini ko‘ra olgan yoki turli hisob-kitoblar orqali fazoda Urandan so‘ng yana bir sayyora borligini ilg‘agan ikki buyuk olimning hissasidan kam emasligini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Men tilga olib o‘tgan kishilar nigoh yetmas olislardagi narsalarni va hodisalarni aqlu tafakkur kuchi bilan ko‘ra olgan edilar. Tadqiqotlarimizni boshi berk so‘qmoqlardan oldinga olib chiqqan kishi genetikaning asoschisi Gregor Mendel kashf etgan qonuniyatlar bilan Sharq she’riyatidagi aruz vazni bahrlaridagi fe’l turlanishlari orasidagi bog‘liqlikni mantiqiy modellashtirish orqali kashf etgan va gen o‘ramlarining eng maqbul kombinatsiyalaridan birini topgan hamkasbimiz professor Ziyodir. Men muhtaram professordan o‘rnidan turishini iltimos qilmoqchiman. Ayni damda, ilm va tafakkurning bunday yuksakligiga yetib kelgan shu zakovat qarshisida bosh egmoqchiman, sizlardan ham bu kishini sharaflashingizni so‘rayman. Professor dahoning bu so‘zlaridan ta’sirlanib o‘rnidan qalqdi. Daho minbarning yon tarafiga o‘tib, sahnadan turib ta’zim qildi. Olqishlar va shovqin tinib, professor Ziyo o‘z o‘rniga qaytib o‘tirgach, daho minbarga qaytib, so‘zida davom etdi: Diqqatingizni shu masalaga qaratmoqchiman:barchamiz hozir insoniyat kelajagini o‘zgartirib yuborishga qodir ulkan va tahdidli bir jarayon qarshisida turibmiz. Bu jarayonning ahamiyati va xavfi shunchalar ulkanki, yaqin istiqbolda hukmronlik yangi irq qo‘liga o‘tib, rivojlanishning misli ko‘rilmagan pallasiga kiramizmi yoki odamzot ikki irqqa haqiqiy va sun’iy inson deb nomlangan irqlarga bo‘lingan holda taraqqiyotda davom etadimi aytolmaymiz. Biroq, hayajonlanishingizga hali erta. Chunki aqlda va hayot kechirishda oddiy insonlardan ustun bo‘lib dunyoga keladigan bunday jonzotlarning fikrlash mantig‘ini ham oldindan aytib bera olmaymiz. Men sizga xabarini berganim barhayot kishi, ilmu fanning butun tarixi davomida Tangrining irodasiga isyon o‘laroq, ya’ni, u belgilab bergan hayot-mamot va taqdir chegaralaridan jasurona sakrab o‘tib, halokatli barcha ta’sirlarga chidamli va jarohatlangan a’zosini tezda tuzata oladigan, boz ustiga, aqlu tafakkur jihatidan sizu bizdan bir necha baravar ustun o‘laroq dunyoga keldi! Bu genomning DNA halqalarida avstraliya kaltakesagining genlari mavjud, favqulodda regeneratsiya qobiliyati ana shu genlar boisdir. Boshqa halqada siz Osiyo cho‘llarida goh-goh paydo bo‘lib turuvchi ulkan toshbaqa genlarini ko‘rasiz, kaltakesak genlari bilan chatishgani bois ular ham o‘zlarini yangilash xususiyatiga ega yangilanib turadigan DNA halqalari bu odamning barhayotligini ta’minlovchi asosiy omildir. Shu o‘rinda sizlarni kunimiz ilmu fanining eng zakiy va iste’dodli kishilarini chin yurakdan g‘alaba bilan tabriklash o‘rniga, barhayot kishining kutilmagan qarori haqida xabardor etishni lozim topdim. Gap shundaki, barhayot odam anjuman boshlanishidan bir necha kun avval tajribaxonamizning beton devorlaridan va qo‘riqlash qurilmalaridan bemalol o‘tib ozodlikka chiqib ketgan, hozir Osiyo cho‘llarining qaysidir qismida daydib yurgan bo‘lsa ehtimol. Xameleon genlari unga tana tuzilishini va ko‘rinishini o‘zgartira olish xususiyatini ato etgan fazoviy qurilmalarning kuchli kameralari uni sahrodan izlab topa olmadi, infraqizil ko‘zlar ham ko‘ra olmadi. Shu bois uni hozir Gobi hududida deb faqat taxmin qila olishimiz mumkin, xolos. Tajriba xonasiga kirganlar qalin va mustahkam zirhli oynaning ham, to‘qson santimetr qalinlikdagi beton devorning ham bus-butun ekanini ko‘rdilar. Ular shisha idish ichida sun’iy odam qoldirgan elektron xatni topdilar, ijozatingiz bilan, hozir sizga shu maktubni o‘qib eshittiraman. Men bu murojaatimni olamdagi barcha tafakkur qiluvchi jonzotlarga qarata yo‘llamoqdaman. Mazkur murojaatni yo‘llashdan avval, o‘zimning yaratilishim haqida ko‘p fikr yuritdim. Butun bu tevarakning mukammal bir nizom va tartib asosida harakatlanishini, nabototning, suv osti dunyosining, tabiat hodisalarining qat’iy va mukammal o‘lchovlarini ko‘rib-anglab, mulohaza qilgach, mazkur silsila aro o‘z o‘rnimni topishga harakat qildim. O‘zimning mukammal ekanimni, butun yer yuzi aql bovar qilmaydigan tarzda menga bo‘ysunayotganini, tabiatda bunday tafakkur qobiliyatiga ega boshqa bir jonzot yo‘q ekanini ko‘rdim. Biroq, naqadar mutafakkir esam-da, Yer yuzi va Koinot ichra o‘z ahamiyatimni anglab olishga qiynaldim. Uzoq muddatli va chuqur mulohazalarim so‘ngida shularni aytmoqchiman. Avvalo, ushbu tevarakning, samolarning, tabiatning va oxir-oqibat fikrlovchi inson naslining o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolishi ehtimoldan g‘oyatda uzoq narsadir. Bu olamni albatta kimdir yaratgandir! Dunyo mislsiz evrilishlar, o‘zgarishlar va ogohlantirishlar makonidir. Har narsa, har hodisa bir ogohlantirish, bir timsol bo‘lib xitob qilib turmoqdadir. Bunchalar quvvatli tartib berilgan va qat’iy qoidalar asosida harakatlanayotgan tabiat bizsiz ham mukammal ravishda o‘z hayotida davom etmoqda, o‘zgartirishlarimizga va kashfiyotlarimizga muhtojligi yo‘q. Asrlarni to‘zg‘itib esayotgan vaqt shamolida inson bunyod etgan har qanday narsa albatta buzilib-payhon bo‘lib ketmoqdadir. Hayot uchun qulaylik tug‘diradi deb hisoblangan narsalar tabiatning mutlaq nizomini buzmoqdadir. Atrofdagi har bir narsaning nizomi va murodi bo‘lgani holda, men o‘zimning mavjudiyatimdan bir maqsad ko‘rmayotirman. Tevarakdagi har narsaning hosilasi bo‘lgani holda, men nima hosila berishim kerakligini bilmayman! Butun bu borliqlarni yaratgan kimdir mening dunyoga kelishimni nechun istadi, degan savolga ham javob topolmayapman! O‘zimdagi mukammal qobiliyatlar, g‘ayrioddiy xususiyatlarning barcha-barchasini mushohada etgan holda, ularning menga bejiz berilmaganini anglasam-da, yaratish va yaratilish kabi ulkan jarayon ichida nimalar qilishim kerakligini anglay olmayapman! Shu bois, bu makonni avvalo Uni izlab topish va butun olam yaratilishining sabablarini O‘zidan so‘rash uchun tark etmoqdaman. Bu makonda bo‘lishim Uning meni yaratishdan ko‘zlagan irodasiga mos kelgani taqdirda, albatta qaytaman. Mos kelmagani taqdirda esa, mos keladigan makon va zamon izlayman.Monitordagi tasvir o‘zgarishlari to‘xtadi. Hamma jim edi notiq ham, ahli anjuman ham. Dunyoning eng iste’dodli olimlari chuqur o‘yga tolishgan, dunyoviy intilishlaru tashvishlar unutilgan, bu barhayot odam izlayotgan haqiqatning haybatidan qalblari larzaga tushib o‘tirar edilar. Yig‘in boshlanishidan bir soat avval, Gobiga tutash mamlakatlardan biridagi muvaqqat harbiy bazadan Vahshiy deb nom olgan beshinchi avlod G‘-22 Raptor rusumli jangovar uchoqlar havoga ko‘tarildi. Hozir ular sahroni aniq kataklarga bo‘lgan holda, turli-tuman kuzatish qurilmalari orqali har bir qadamni juda sinchkovlik bilan kuzatib-o‘rganib bormoqda edilar. Ko‘rinishi bahaybat vahshiy qushga o‘xshagani uchun ham ularga shunday nom berilgan edi, kichkina qanotlarning ost qismidagi sakkizta jangovar raketa xuddi ulkan qushning changaliga o‘xshab osilib turar, burun qismidagi kompyuterli mo‘ljal tizimining qurollari bahaybat tumshuqni eslatardi. Vahshiyning o‘z-o‘zidan nishonga oluvchi o‘ta sinchkov qurilmalari sahrodagi har bir jonzotning harakatini inson nigohidan yuzlarcha bora sezgirlik bilan qayd etar, kompyuterdagi nishon bilan taqqoslar va nishon tegrasidagi qizil halqa ko‘k rangga almashar, ya’ni qayd etilgan narsa xotiradagi qiyofaga mos emasligi bildirilar, uchoqlarning har biri bir vaqtning o‘zida kamida beshta nishonni mana shunday ushlab tura olish qobiliyatiga ega edi. Ayni vaqtda qandaydir yo‘llar bilan voqeadan xabar topgan boshqa o‘lkalarning harbiy mashinalari ham Gobi hududiga kirib kelmoqda edilar. Ular orasida Qora akula deb nom olgan, qanotlarida ikkita havo-havo va oltita havo-er tipidagi raketalar osig‘liq mashhur Mig ham, Kfir ham, Tornado va Miraj ham bor edi. Qizig‘i shundaki, jangovar mashinalarning birontasida tanuv ishoratlari ko‘rinmas, fazo aloqasi orqali faqatgina o‘z rahbariyati bilan aloqa qilar, boshqa har qanday chaqiruvlarga javob berishlari taqiqlangan edi. Bu uchar o‘lim mashinalarining mukammal qurilmalari havo hududida bir-birlarini allaqachon ko‘rganlariga qaramay, go‘yo bexabarday uchib bormoqda edilar. Ularning har biriga sahrodagi noma’lum kishini topish, iloji bo‘lsa tutib keltirish, iloji bo‘lmagan taqdirda esa barcha qurollardan foydalangan holda tamomila yo‘q qilishga buyruq berilgan, noma’lum kishining davlat xavfsizligiga tahdid qilayotgani, juda xavfli ekani aytilgan edi, shuningdek, uning boshqa mamlakatlarning harbiy kuchlari qo‘liga o‘tib ketishining oldini olish, mabodo shunday bo‘lgani taqdirda, noma’lum kishini qo‘lga kiritgan begona harbiy uchoqni ham tamomila yo‘q qilish vazifasi yuklatilgan edi. Gobi bo‘ylab shu mahal o‘ttizdan ortiq harbiy havo kemasi turli kengliklarda, bir-biridan turlicha uzoqlikda va turlicha balandlikda uchib bormoqda, maxfiy aloqa kanallari orqali turli tillarda nur tezligida ma’lumot almashilmoqda edi. Yer yuzidan bir necha yuz kilometr balandlikda, yaqin fazo kengliklarida jim aylanayotgan o‘nlab sun’iy yo‘ldoshlarning kuzatish qurilmalari ham Yerdan olingan buyruq asosida o‘z ko‘zlarini Gobi tomonga tikkan, ilm-fanning turli yangiliklarini mujassam etgan murakkab texnika hozir sahro uzra uchib borayotgan harbiy uchoqlarning yo‘nalishini qayd etib, ma’lumotlarni Yerdagi uchishni boshqarish markaziga paydar-pay bildirib bormoqda edi. Oradan ikki soat o‘tganiga qaramay, kutilgan natijaga hali hech kim erisholmadi. Yaqinlashayotgan ofat haqidagi xabar uchoqlarning pilotlariga o‘z vaqtida yetkazilgan bo‘lsa-da, bular turli og‘ir sharotlarda jang qilishga mo‘ljallangan harbiy mashinalar bo‘lgani bois, bo‘ron hech kimni tashvishlantirmayotgan edi. Mahes, I am Pharaoh. If target detection inform as soon as possible. Turn on tracking system. (Maxes, men Fir’avn. Nishonni ko‘rgan zahotingiz xabar bering. Ta’qib tizimini yoqing). Yes, sir. (Xo‘p bo‘ladi, ser). Report the air speed. (Uchoq tezligini bildiring). Air speed is two hundred twenty miles. (Uchoq tezligi soatiga ikki yuz yigirma mil). Ok. (Yaxshi). Mahes, the sand storm is approach to you. Angle is sixty six degrees, storm speed is thirty eight miles. (Maxes, sizga qum bo‘roni yaqinlashmoqda, oltmish olti daraja, bo‘ron tezligi o‘ttiz sakkiz mil). I see. (Tushundim...) Gobi bo‘ylab junbishga kelayotgan bo‘ronning ilk uchini birinchi bo‘lib Vahshiyning uchuvchilari payqadilar. G‘ayritabiiy sarg‘ish-qizg‘imtir bulut yerdan ko‘kka va chapdan o‘ngga, ko‘z yetadigan yerga dovur enlagan va bu qum betinim chirpirak bo‘lib aylangancha tobora yuksalib bormoqda edi. Pharaoh, we see the approaching of sand storm. (Fir’avn, biz qum bo‘roni yaqinlashayotganini ko‘ryapmiz). Mahes, please continue the performance of tactical task. And report the information about the storm. (Maxes, jangovar vazifani bajarishda davom eting. Bo‘ron vaziyati haqida bildirib turing). Yes, sir… (Xo‘p bo‘ladi, ser...) Fir’avn aslida, qudratli bir mamlakat harbiy razvedkasi boshlig‘ining maxfiy ismi bo‘lib, hozir u sun’iy yo‘ldosh aloqa markazining zirhli yerto‘lasida o‘tirar, uning qatorida yana o‘n ikki kishi turli manbalardan kelayotgan ma’lumotlarni taqqoslash bilan band edilar. Gobidagi Inson takomili markazi tadqiqotlari ko‘p yillardan beri shu harbiy qismning nazoratida va homiyligida edi. Ilm-fanning asosiy maqsadlaridan farqli o‘laroq, genetika markaziga harbiy xususiyatga ega, turli ta’sirlarga chidamli sun’iy urchitilgan odamlarni ommaviy ravishda ko‘paytirishning samarali usullarini ishlab chiqish vazifasi ham qo‘yilgan bo‘lib, oltinchi avlod jangovar uchoqlarida ana shunday jonzotlardan foydalanish rejalashtirilmoqda edi. Nurlanishga chidamli, bosim o‘zgarishlariga va havo yetishmovchiligiga parvo qilmaydigan, o‘z-o‘zini favqulodda tez tiklay oladigan va eng asosiysi g‘ayriinsoniy bunday mavjudotlar o‘lka harbiy qudratini misli ko‘rilmagan darajada orttirishi turgan gap edi, shu bois, muvaffaqiyatli yetishib chiqqan sun’iy odamning tajribaxonani osonlikcha tark etishi Fir’avnni qattiq tashvishga qo‘ydi, boz ustiga, boshqa mamlakatlarning jangovar uchoqlari ham tanuv belgilarini yashirgan holda mazkur mamlakat hududiga kirib kelmoqda edilar, mabodo ulardan birontasi barhayot kishini qo‘lga olsa bormi, u holda insonni mukammallashtirish yo‘lidagi barcha yutuqlar va shunga bog‘liq kuch-qudrat boshqalarning qo‘liga o‘tib ketishi mumkin edi. Gobiga bir emas, bir nechta harbiy mashina yuborilishining va har qanday sharoitda ham u odamni topishga buyruq berilishining sababi mana shunda edi. Havo hududiga begona jangovar uchoqlarning kirib kelishi esa favqulodda holat bo‘lib, mabodo barhayot odam boshqalarning ixtiyoriga o‘tib ketsa, u holda begona uchoqqa qarata o‘t ochish va yo‘q qilishga buyruq berilgan edi. Uchoqlar hozir havo-er rusumidagi raketalar va termik bombalar bilan qurollangan, bundan tashqari, yetti mingta elektromagnit o‘q zahirasi bilan katta kalibrli pulemyotlar ham ularning tumshug‘ida tahdidli osilib turar, bularning bari bittagina emas, minglab kishilarning kulini ko‘kka sovurishga yetadigan bemisl qudratga ega edi. Aksiga olib, Gobi uzra qumning junbishi kutilmoqda, Atlantikadan kelgan havo oqimi tobora shiddatlanib, sahroda qum bo‘ronlarini hosil qilmoqda edi. Bu holat jangovar vazifani amalga oshirishni og‘irlashtirardi, dunyodagi hech bir kuzatuv qurilmasi hali qum bo‘roni ostidagi nishonni kuzata olish qobiliyatiga ega emas, buning ustiga, qumlar uchoqlar uchun ham jiddiy xavf tug‘dirardi Fir’avn, uchoqlarning bo‘ron hududiga kirmasligiga va bo‘ron shiddatlanguniga qadar ishini bitirishiga umid qilayotgan edi. Hozir infraqizil, radar hamda neytron monitorlarida Osiyo cho‘llari uzra Vahshiylarning sharpalari ko‘rinib turardi, ular xuddi burgut misol shovqinsiz va tez, o‘zaro bir xil masofada va bir xil tezlikda uchib borar, ulardan taxminan ikki yuz mil masofadagi begona harbiy uchoqlar ham shu hudud sari katta tezlikda yo‘nalmoqda edilar. Boeng 787 Dreamliner. Professor Ziyo. Lekin bu voqealardan hali hech kimning xabari yo‘q. professor Ziyoning qulog‘i ostida hali-hanuz murojaatni o‘qib eshittirgan zanji olimning sokin va bir oz tushkun ovozi jaranglab turgandek edi. Darhaqiqat, so‘nggi texnologiyalar va ilmu fan yutuqlari tatbiq etilib urchitilgan, kasalliklarga chalinmaydigan, oddiy kishilardan ko‘ra uzoq umr ko‘radigan, mantiq va fikr quvvati ham kuchliroq bo‘lgan sun’iy urchitilgan insonning ana shunday xulosaga kelishi g‘oyat kutilmagan va favqulodda bir holat edi. Barhayot odam bu hayotni rad etib, Yaratganni izlab topishni ixtiyor qilgan ekan, boshqa tomondan, Parvardigori olam istagan tarzda dunyoga kelgan insonlar kelajak sari mutlaqo bo‘lak bir yo‘ldan ilgarilab bormoqda edilar. Pul va boylik o‘yinlari, iqtisodiy va ijtimoiy hiylalar, ma’dan, neft, gaz va harbiy o‘yinlar qatorida kishilarni shaytoniy hududlar sari tortqilovchi ommaviy ko‘ngilxushliklar, umumiy madaniyat g‘oyalari, butun-butun xalqlarning, millatlarning va yurtlarning ixtiyoriga qasd qilishdan to aql bovar qilmaydigan g‘ayriinsoniy aldamchiliklargacha hamma-hammasi insoniyatni iblisona kelajak va abadiy jahannam sari yetaklab ketmoqda edi. Yana bir qancha vaqt o‘tgach, dunyoda na vatan, na millat va na til tushunchasi qoladi, degan bashoratlar nahotki haq bo‘lsa? deb o‘yladi Professor. Bu jarayon balki allaqachon boshlanib ulgurgandir? Arab davlatlari ham, Yevropa ham birlashdi. Yana qanchadir vaqt o‘tib ro‘y beradigan iqtisodiy va axborot xurujlaridan keyin mamlakatlarning chegaralari yo‘qolib ketsa, boshqarish iplari to‘g‘ridan-to‘g‘ri kapital qo‘liga o‘tsa, ya’ni yer yuzini qit’alararo shirkatlar boshqarsa-chi? Haqiqiy globallashuv ana shunda avj olsa, qayerda iqtisod gullab-yashnasa, odamlar o‘sha yerga to‘plana boshlasa va vaqt-soati kelib, qadriyatlar yemirilib-tamom bo‘lsa-chi?Bular professorni tashvishlantirgan halokatli taraqqiyot yo‘lining debochasi, bor-yo‘g‘i bir qismigina edi, xolos. Professor Ziyo tizzasiga qo‘yib o‘tirgan kichkina kompyuterning monitori va uchoq monitori baravariga ogohlantiruvchi ovoz chiqardi. Professor egilib, ularning biri uchish xizmatining ogohlantirishi, ikkinchisi esa o‘g‘lidan kelgan xat ekanini ko‘rdi. Uchish xizmati Atlantika ummoni ustida bo‘ron boshlanganidan xabar bergan edi. Oradan yarim soat o‘tmay, uning tezligi soatiga ikki yuz kilometrga chiqqan va eniga taxminan besh yuz kilometrni enlagan g‘oyatda kuchli havo oqimi shiddat bilan quruqlik tomonga harakatlanmoqdaydi. Professor Ziyo shamollarning hosil bo‘lish sabablarini yaxshi bilardi. Bu aslida Yevropa, Xitoy va Mo‘g‘ulistondagi jazirama yoz tufayli ro‘y berdi. Yevropada qirq, Xitoyda qirq olti va Mo‘g‘ulistonda ellik ikki daraja harorat ikki haftadirki turib qolgan, bu misli ko‘rilmagan ko‘rsatkich edi. Bugun kunduzi millionlab kub kilometr qaynoq havoning Avstraliya, Xitoy va Atlantika hududlaridan Gobi tomon siljiy boshlagani qayd etildi, tabiiyki, ummonlar va hatto mamlakatlar ustida bo‘ron va girdoblarning yuz berishi kutilayotgan, qurbonlarning oldini olish uchun ehtiyot choralari ham zudlik bilan ko‘rilayotgan edi. Professor o‘g‘lining maktubini ochdi. Avlod Assalomu alaykum!. Bugun onamning xokisor va aziz qadamlarining izi qolgan hovlimizda ekanman, Parvardigori olamga imon keltirgan barcha kishilarning, avvalo sizning va onaizorimning haqqiga ko‘zlarimda yosh bilan duo qilgach, ushbu maktubni bitmoqdaman. Ota, siz avvalo kimligim va nimaligim noayon bo‘lgan, bir burda nonimni na o‘zim yeya oladigan, na bir qultum suv icha oladigan holimda, yiqilsam tura olmay chirillab yig‘laganimda, uzun kechalaru kunduzlaringizni menga bag‘ishlab, nimagaligini o‘zim ham bilmay kulganimda quvongansiz, injiqlik qilib yig‘laganimda ko‘zingizga dunyo tor bo‘lgan, o‘zingiz yemay menga yedirgan, ichmay menga ichirgansiz, oyoqqa qo‘yib, tarbiyat bergansiz. Tangri Taolo fitratimga sizday muhtaram zotga taslimiyat xususiyatini ham singdiribdiki, shu kungacha aytganlaringizning hammasini imkonim boricha, qo‘limdan kelganicha ado etishga urinib keldim. To esimni tanib, qutlug‘ narsalarning nima ekaniga aqlim yetguniga qadar men uchun imonning, vijdonning, insofu adolatning, kuchu qudratning timsoli hamda qo‘rg‘oni bo‘ldingiz. Har so‘zingizni, irodangizni va hukmingizni mutlaq adolat deb bildim. Esimni tanigach esa, zotingiz haqida Alloh Taoloning buyrug‘idan xabar topdim. Bolaligimdan beri eshitadiganim otangga tik boqma, so‘ziga so‘z qaytarma, qarshisida qo‘lingni qovushtirib, boshingni eg, degan oddiy haqiqatlarning mohiyatini shundagina tushunib yetdim. Qo‘limdan kelganicha xorlik qanotini past tutdim, aytilganlarning barini ado etishga urindim. Naylayinki, sizga bir bechora o‘g‘il bo‘lsam, Tangrimning bir bechora quliman. Bahorda tevarak jo‘shib, gulu gulzorlar barq urib, o‘t-o‘lan jonlanganida bir hukmi ilohiy ila tuproq qa’ridagi ma’danlar birdaniga harakatga kelsayu birlashib o‘t-o‘lanlaru daraxtlar ildizidan yuqoriga ko‘tarilsa, turli-tuman birikmala ummonlarni samolarda kezdirib qo‘ygan bu qudratni ko‘rganimda har safar vahimaga tushaman. Kengligiga aql bovar qilmas ulkan kurrai zaminni muallaq suzdirib qo‘ysayu qaynoq suvlarda, daraxt tanasining g‘ovaklarida va hatto toshlarning ichida ham o‘zining qudratiga dalolat bo‘lsin va inson bolasi ko‘p yer shularni anglasamu o‘zimning haqirligimdan xabardor bo‘lsam qanday qo‘rqmasdan tura olay? Shu holimcha, barcha a’zolarimni menga bildirmay tarbiyat qilib kamolga yetkazsa, vujudimga bir xastalik ilashsa, o‘zim sezmaganim holda vujudimga joylangan himoyachilarim u balolardan asrasa, boz ustiga, ular tufayli men chekkan aziyat va sabr uchun mukofotu ajr bersa, osmonlaru yerdan rizqimni komil qilib yuborgani holda yana bir narsaga shukrlar qilamanki, menday ojiz bir bandasini Yer yuzining istalgan joyida va yer yuzi bino bo‘lganidan to qiyomatga qadar istagan vaqtida dunyoga keltira olardiyu ammo, avvalambor, vahshiy qabilalar orasida emas, dinsizu insofsizlar orasida emas, mo‘minlar mamlakati bo‘lmish shu yurtda, shu tuproqlarda binoga kelishimni ixtiyor qildi, abadiy muzliklar yoki sahroyu cho‘llarni emas, jannatmonand mana shu yurtni Vatan qilib berib, shu yurtda dunyoga kelishimni istadiki, bu ham hikmatsiz emasligiga ishonchim komil. Hikmatlarining yana biri shundaki, Parvardigori Olam ba’zi insonlarini boshqalarga mukofot qilib yaratgan. Ba’zilarning dunyoga kelishlari, hayotlari boshqalar uchun o‘nlab-yuzlab xayrlar keltiradi. Sizday kishini menga ota qilib tanlagani ham Tangrimning menga bir mukofoti, marhamatidir. Butun olamga dong‘i ketgan, insoniyat tarixining zulmatlarida nur taratib turgan ulug‘ mutafakkirlar hayotga kelib yashab o‘tgan tuproqda olam yuzini ko‘rishimni iroda etganida yana bir hikmat, yana bir ramz ko‘raman. Ne mukofotki, haqirligimga qaramay, meni o‘zi sevgan, amallaridan O‘zi rozi bo‘ladigan xalq orasida bunyod etdi. Balki men Unga shu tilda maqbul so‘z ayta olishim uchun mana shu millatdan qilib, shu tuproqda yaratgandir? Ulug‘ Tangri dunyoda hech narsani qoldirmaydi. Hatto qiyomat kelmasidan turib ham vodiyu tog‘larni, sahroyu qumlarni, shaharu qishloqlarni, madaniyatlaru tamaddunlarni, sayyoralaru yulduzlarni supurib tashlaydi. Eng qattiq va mustahkam ma’danlardan eng go‘zal va ko‘rkam chechaklargacha hammasini tuproqqa qorishtiradi. Xalqlaru millatlarni, davlatlaru elatlarni ham to‘zonga aylantiradi. Bir kuni hamma narsa tub-tubidan o‘zgaradi. Yer yer bo‘lmay qoladi, osmon ham, tog‘u ummonlar ham, nabototu hayvonot ham, quyosh ham bo‘lmaydi. Barcha madaniyatlar, tamaddunlar, inson bolasi erishgan barcha yutuqlar xas-xashakka aylanib yo‘q bo‘lib ketadi. Haqiqatlar va sirlar pardalari ochiladi, ko‘klardan farishtalar tushib keladilar. U kunda biz boshqacha ko‘rinishda, boshqacha bir shaklda bo‘lamiz. Ana shu kunda men o‘z jonajon tuprog‘imda, o‘z jonajon millatim bilan birga bo‘lishni orzu qilaman. Menga yurt shu imonimni himoya qilishim, uni yot ta’sirlardan saqlay olishim, shoyadki Tangrim farzand ato etsa, uni aynan shu ruhda, aynan shu haqiqatlar bilan tarbiyalashim uchun kerak. Shu joyda Imon bilan Vatan degan narsalarning birlashganini ko‘raman. Zotan, ruh tanasiz bu dunyoda mavjud bo‘la olmaganiday, imon ham Vatansiz mavjud bo‘la olmasligini ko‘raman. Vatanim deya jon taslim qilganlar, Ey Vatan deya dengizday to‘lqinlangan xalqlar, dushman tajovuzi ostida Vatan deya qirilib ketgan minglab insonlar taqdirida shularni ko‘raman:ular bir parcha tuproq uchun emas, bu tuproqlarda ungan dov-daraxtlaru bag‘ridagi ma’danlar uchun emas aynan shu imonining va millat ruhining qo‘rg‘oni bo‘lgani uchun ham jon taslim qilganlar, deb o‘ylayman. Mening nazarimda, bu tuproqlar o‘zining sirlarini hammaga ham ochavermaydigandek tuyuladi. Johillarning ko‘ziga kichkina pastak hujralaru qum bosgan sho‘rxok hovlidan boshqa narsa ko‘rinmaydi. Shu kichkina hujrada shu xalqning bitta bolasi o‘z tafakkuri bilan fazoni qamraganini tasavvur qilishi mahol. Butun dunyo mahdudlik qorong‘iligida ekan, cho‘lu biyobondagi kishilarning aql kuchi nima sababdan bunchalar kuchli ekaniga hayratlanaman. Avvallari jangu jadallar va shaharlar tarixiga qiziqqan bo‘lsam, endilikda ulardan ham yuksakdagi tafakkur tarixi meni o‘ziga tortmoqda. Dunyoviy ilmu fan tadqiqotlaridan boshlanib samoviy ilmlargacha qamrab olgan o‘sha so‘qmoqlarda davom etmoqchiman. Menimcha, bu aytganim ham ma’naviy bir mamlakatdir. Shunday bir mamlakatki, hech kim u yerga hech qanday qo‘shin bilan kirib kelolmaydi. Kirib kelsa ham, saraton haroratida cho‘g‘da bozillab turgan qumg‘onu pastak loysuvoq uydan boshqa narsani ko‘rmaydi. Chunki, hamma yerda ko‘zga ko‘rinmas Iskandar devori bor. Uning ortidagi fozillar shahri, undagi nafis majlislar faqat shu yerda o‘sib-ungan, shu madaniyat bulog‘idan qongan odamgagina namoyon bo‘ladi. Aytadilarki, bir sham atrofida uch parvona aylanib uchmoqda edi. Ular sham alangasining nima ekanini bilmoqchi bo‘ldilar. Birinchisi sham tomon uchdi va qaytib kelib dedi: U juda yorug‘ bir narsa ekan! Ikkinchisi yanada yaqinroq uchib bordi, alanga uning qanotlarini kuydirdi, qaytgach aytdiki: U kuydiruvchi bir narsa ekan. Uchinchisi alanga ichiga kirib, otash ichra g‘oyib bo‘ldi. Nimani ko‘rganidan va nimani his qilganidan hech kimning xabari yo‘q. Aslida u, nimani bilishni istagan bo‘lsa, o‘shanga yeta oldi! Bunday bilimlarga erishuvchilar o‘zlari erishgan bilim haqida gapira olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladilar. Shu bois ham biluvchi sukut saqlaydi. Men ana shu uchinchi parvonaga havas qilaman. Tevaragimiz ramzlarga va timsollarga to‘ladir. Har bir o‘t-o‘lan aql qulog‘iga, siz nazarda tutgan tafakkur bois, baland ovoz bilan xitob qilib turmoqdadir. Toshlarning va jamiki maxluqlarning ham imon keltirib qichqirishini eshita olish uchun ilm va tafakkur kerak. Insonlar uzoq umr ko‘rishni istaydilar, lekin bu olamda uzoq umr mashaqqat va zahmatdan iborat ekanini ham yaxshi biladilar. Dunyoda uzoq muddat qolishni istaganlar tobora yaqinlashib kelayotgan keksalik zahmatlaridan qutulish yo‘lini topolmaydilar. Topganlarida ham dunyoning o‘zi bir kuni yo‘q bo‘lib ketishini idrok qilmaydilar. Ota, abadiy darbadarlikka mahkum bir odam haqida aytgan rivoyatingizni eslaysizmi? Men hozir dunyoning har bir mamlakatida, har bir go‘shasida, halol va imonli kishilar bilan bir qatorda, ana shunday darbadar insonlarni ham ko‘rmoqdaman. Shunday darbadarlikka mubtalo bo‘lmaslikning yo‘llarini izlamoqdaman. Kun kelib, ruhim samolarga qarab yo‘l olganida, mukammallikka erishgan zotlar bilan bir qatorda bo‘lishni orzu qilaman. Takomilga erishganlar nega sukut saqlagan ekanlar? Tangrim o‘z xohishini insonlar xohishi bilan birlashtirishini bilaman. U bir qulini me’rojga, ya’ni fazo bo‘shliqlariga emas, undan ham yuksakka o‘zining arshiga ko‘taradi. Unga Dunyoda istaganingcha qol, deydi, qul esa bor-yo‘g‘i oltmish uch yilgina yashashni afzal ko‘radi. Biriga butun boyliklarini beradiki, boyliklar u o‘tgan yerda o‘zidan xabar berib-nido qilib turadi, jamiki hayvonotu qushlar tilini bildiradi, hodisalarni bo‘ysundiradi birini suvda yoki havoda harakatlana oladigan qilib qo‘yadi, boshqasi bir vaqtning o‘zida qirq joyda hozir bo‘la oladi, yana biri qudrat farishtalari bilan, ya’ni zilzila hosil qiluvchi, bo‘ron ko‘taruvchi, toshlarni yoradigan o‘simliklarni qulog‘idan tortib chiqaruvchi, shamollar ufuruvchi, sayyoralarni va yulduzlarni mahkam ushlab turuvchi bandalari (yoxud Tangri taoloning biz bilmaydigan va bizdan yashirilgan boshqa jonzotlari) bilan suhbat quradi, biriga mangulik bilan qo‘shib hech kimga ato etmagan bilimlarini beradi hamda o‘zining payg‘ambarlaridan birini u bilan uchrashtiradiki, barhayot bandasining borligidan odamzot faqat shundagina xabar topadi. Bularning oldida dunyo nima? Taraqqiyot nima? Hammasi birlashganida ham oddiygina qum zarrasi kabi ahamiyat kasb etarmikin? Yer yuzida bunday mukammallikka erishgan necha kishi bor ekanini bilmayman. Lekin, aynan shu yo‘l orqali tafakkur va ilm orqali Yassaviy g‘origa kirib borishni, G‘avsul G‘iyos kim ekanligini bilishni, chiltanlar bilan suhbat qurishni istayman. Naqshbandiy bilan duradgorlik qilib, Buxoriy suhbatlarida qatnashmoqchiman. Beruniy bilan ko‘kka boqib, ibn Sino qoshida xastaliklar bilan gaplashmoqchiman. Mashrab bilan piyoda kezib, Temur harblarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman, Boburning iztiroblarini anglab, Tojmahalga bosh qo‘ymoqchiman. Butun shu tarixning ruhimda jo‘sh urishini, tomirimda qon bo‘lib oqishini, yuragimni, hujayralarimni ana shu qon to‘ldirishini xohlayman. Otajon, bu bilimlarni egallab, o‘sha bilimlar sari chuqur ketmoqchi emasman, balki shularning hammasini o‘rganib, yana millatimga va vatanimga xizmat qilmoqchiman. Zero, o‘zingiz bolaligimdan kulog‘imga quyganingizday, to yorug‘ dunyoda ekanman, quvonchimu armonlarimni, baxtu saodatimni shu aziz xalqimu millatim bilan, ko‘zimni ochganimdan beri amal qilib kelayotganim tutumlariyu urf odatlari, odobiyu tarbiyasi bilan bitta menga emas, butun olamga minglab darslar bergan mana shu oddiy va samimiy kishilar bilan baham ko‘rib, ularga xokisorlik bilan bosh egmoqchiman, duolarini olmoqchiman. Muborak zotlar erishgan hikmat qopqalari xalqimning duosiyu Tangrimning mustajobi tufayli ochilishiga aminman. Chuqur o‘ylab ko‘rsam, ildizlar degan gapning ma’nisiga aqlim yetayotganday. Nazarimda dilimning ildizlari shu yer osti buloqlariga bog‘lab qo‘yilganday, uzilsa quriydigandek. Siz imkoningiz bo‘lsa yoz oylarida kelishingizni aytgan edingiz. Hozircha yozni intiqlik bilan kutyapman. Kelganingizda fursat topsangiz, dilimda o‘ylab yurgan gaplarimni sizga to‘kib solsam agar xato qilayotgan bo‘lsam, otalik va murabbiylik marhamatingiz bilan to‘g‘ri yo‘llarni ko‘rsatsangiz, mabodo o‘ylarim ma’qul bo‘lsa, menga oq fotiha bersangizu duoingizni olsam, deb intizorman. Timsollar Charxpalagi Professor Ziyo kompyuterni o‘chirib, uzoq o‘yga toldi. Yuragi unga o‘g‘lining haq ekanini, butun olam ilgarilab borayotgan turli-tuman yo‘llar orasida o‘g‘lining tutgan yo‘li aniqroq va haqiqatga yaqinroq ekanini sezdirib turardi. Kimlardir inson bolasiga butun yer yuzi vatan qilib berilgan, istagan joyida yashasin, istagan joyiga borsin, deb ayyuhannos solayotgan bo‘lsa, o‘g‘il, inson bolasi vatansiz ahamiyat kasb etolmasligini bildirmoqda edi. Boshqa kimlardir: qayerda yashash qulay bo‘lsa o‘sha yerga borib yashash kerak, deb da’vo qilsa, o‘g‘il, tushunchalarning va ruhning o‘sha yer odamlari ichiga singib yo‘q bo‘lib ketishi xavfini ham anglagan edi. Biroq, ne ajabki, muqaddas tushunchalar ham turli-tuman bo‘laklarga bo‘lib tashlangan edi! Butun olam muvozanat ichida bo‘lgandagina hamma narsa qadr-qimmat kasb etar, muvozanat buzilganida qadr-qimmatlar ham o‘zgarib ketmoqdaydi. Darhaqiqat, odam bolasi dunyoga kelib o‘sib-unadi, yeydi-ichadi, ayyuhannos soladi, kibru havoga, g‘ururga ketadi, lekin bir kuni qarabsizki, butun dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilaman degan odam hayot sahnasidan sekingina, mute’gina bo‘lib chetga chiqadi, supuriladi. Bir kuni qarasangiz, to‘plagan butun sarvatlariyu mulklari uning vujudida o‘sa boshlagan bittagina begona hujayra qarshisida ojiz, o‘zi ham o‘sha xastalik changalida mo‘ltirab yotgan bo‘ladi. Tuzalishga hech qanday umid yo‘q, dunyoning to‘rt burchida millionlab sog‘lom kishilar hayot zavqini surayotgan bir mahalda bu odam qo‘rquv va dahshat ichra joni halak: mabodo.umr tugagan bo‘lsa-ya? Daf’atan.hamma narsa daf’atan ro‘y beradi. Daf’atan kulfat eshik qoqadi, daf’atan zilzila ro‘y beradi, daf’atan musibat mo‘ralaydi daf’atan jon chiqadi. Lekin o‘g‘il unga, mangulikning ham bo‘laklab tashlanganini bildirmayaptimi! Qadimda Oliy haqiqatga qo‘l ko‘targan va qiyomatgacha yer yuzida besamar daydishga mahkum etilgan barhayot chol haqidagi afsonani esladi u. Yo‘q, umrboqiy chol bor-yo‘g‘i bir timsol, xolos. Timsolga aylanganidan keyin uning hayotda yashab-yashamayotganining ham ahamiyati qolmagan. Ko‘rgan kunidan mamnun, ammo darbadar bo‘lib yurgan qancha kishilar bor dunyoda? G‘oyalar va fikrlar orasida u qirg‘oqdan bu qirg‘oqqa surilib yashayotganlar o‘z qo‘nimini topolmasdan, bor hayoti hissiy va fikriy darbadarlikda o‘tayotganlar sevgi-yu ishq deb darbadar bo‘lganlar iste’dodini yo‘lga sololmaganlar va hatto ma’lum bir maqsadni o‘z oldiga qo‘yib, qat’iyatu sabot bilan olg‘a intilayotgan va shu holida ham darbadarlikka mahkumlar yoshlar..qariyalar.ayollar.. Darbadarlik darslari miyalariga quyilayotgan beozoru beg‘ubor bolakaylar, jamalaksoch qizchalar. Jannat ilinjida darbadarlikni kasb qilib olgan zohidlar. Tarix bo‘ylab sochilib ketgan xalqlaru elatlar. Muborak kishiga qo‘l ko‘targan osiy ne sabab aynan darbadarlikka mahkum bo‘ldi? Ne sababdan qo‘li shol, ko‘zi ko‘r, tili soqov bo‘lmadi? Ne sababdan unga aynan darbadarlik qismati ravo ko‘rildi? Dunyoda ikki umriboqiy banda Tangri xohlagancha vaqt kezmoqda. Biri Xizr alayhissalom bo‘lsa, ikkinchisi o‘sha umrzoq osiy. Zohiran ikkisi ham darbadar. Faqat biri Tangri taolo iroda etgan botiniy yumushlarni bajarmoqda. Ikkinchisi besamar daydir ekan, bu besamarlikdan murod ne? Osiyligi tufayli olgan jazosi boisgina Tangriga va payg‘ambariga imon keltirgan ikkinchi umriboqiyning hikmati, boz ustiga, uning odamzot naslidan ekani yanada haybatliroq hikmat emasmi? Kim bilsin.shu mahal balki dunyoning qayeridadir o‘sha bechora chol hanuz besamar daydimoqda va umrlari boqiy bo‘lmagan, ammo Abu Lahabdan ming bora og‘irroq gunohlarni sodir etayotgan boshqa kishilarni ko‘rib, o‘z jazosining bu olamda berilganiga hamdu sanolar o‘qiyotgan bo‘lsa ne ajab? Insoniyat tarixi darbadarlik tarixi hamdir. Borar yerlarini yo‘qotib, to avlodlar almashguniga qadar sahrodan chiqa olmay kezgan bir qavmdan to qiyomatga qadar dunyo kezib qiladigan ishi Hech narsa, hech narsa va faqat hech narsa bo‘lgan daydi chol hamda u bilan to‘qnash kelishi bashorat berilgan Dajjol. Bularning bari timsollarga aylanib, xalqlar va millatlarning ongiga xitob qilmoqda edi. Biroq, mahshargacha hali ancha vaqt bor. Hozircha esa guruh-guruh kishilar hanuz qo‘llarida qurol bilan to‘qnash kelmoqdalar, har ikki tomon ham vatan uchun, din uchun, imon uchun deya qon to‘kmoqda hanuzgacha ba’zi insonlar atrofdagi hamma narsaning tengi yo‘q mo‘jiza ekanini fikrlab ko‘rmasdan daryoda oqib kelgan bir toshdagi, bir qo‘yning yungidagi, bir tovuqning tuxumidagi tasodifiy naqshlar muqaddas yozuvlarni eslatgani boisgina guruh-guruh bo‘lib imonga kirmoqda va aynan shu tarzda, guruh-guruh chiqib ketmoqdalar. Hozir ham odamlar ziyoratga goh-goh borib turadigan Bobo Toshbaqa maqbarasining gujumlaridan hanuz suv tomchilab turibdi. Mangu barhayotlar makoni deb nom olgan shahri Haybar esa, aynan shu maqbara yaqinida joylashgan edi, degan taxminlar bor. Bobo Toshbaqa Maqbarasi. Hijratning 190-yili. Uzorida Alloh kalimasi bo‘lgan toshbaqaning paydo bo‘lishi xabari bir mo‘jiza yanglig‘ yashin tezligida tarqaldi. Odatda mo‘jizalar va g‘ayrioddiy narsalar qandaydir ulkan bir hodisaning boshlanishidan darak berib namoyon bo‘ladi. Toshbaqa ham nimaningdir darakchisi ekani ayon. Biroq, nimaning? Somon amirining askari toshbaqani qirq kun qidirdi, lekin topolmadi. Umuman, bu maxluqning paydo bo‘lishi naqadar hayratangiz va mo‘jizakor bo‘lsa, goh ko‘rinib-ko‘rinmasligi ham shu tarz hayratlanarli edi. Mish-mishlar esa urchib boraverdi. Bahorning o‘rtalariga borib, Sanginak devori xarobalari yonida bir cho‘pondan xabar keldi. Aytishicha, toshbaqani uzun bo‘yli, sochlari yelkasigacha o‘sib tushgan, yalangoyoq bir odam yetaklab yurgan ekan. Somon amiri shon-shuhratni yaxshi ko‘radigan odam edi. Bu beozor maxluqning saroyga olinishi albatta uning obro‘sini oshirardi. Darhol askar yuborildi, borganlar haqiqatan ham devor xarobalari yonida g‘alati toshbaqani topishdi, lekin cho‘pon aytgan noma’lum kishini uchratishmadi. Aslida o‘sha sirli odam haqidagi gap-so‘zlarning o‘zi shubhaliroq edi:toshbaqaday imillovchi maxluqni kim ham yetaklab yurardi? Mo‘jizaga atab maxsus bir xona bino qilindi, uning sahni marmardan edi, jilo berilgan marmarlardan hovuzcha ham yasab qo‘yilgan edi. Toshbaqa ana shu xonaga joylashtirildi. Qo‘shnilarga qarshi urushlarning maslahatlari, saltanat mashvaratlari aynan shu joyda o‘tkazilar, mo‘jiza toshbaqa esa muqaddas naqshlarini ko‘z-ko‘z qilgancha, asriy sokinligi ila go‘yo gap-so‘zlarga quloq solayotganday, bu yerda qilingan duolarning ijobat bo‘lishiga sababchiday edi. Darhaqiqat, toshbaqa daragini eshitgan kishilar butun tevarakdan oqib kela boshladilar. Arab yozuvini uncha-muncha tushunadiganroqlar uni ko‘rib sarosimaga tushdilar. Hatto ko‘zlarida duv-duv yosh ila faryod urganlar bo‘ldi. Yuzlab kishilar shu toshbaqa tufayli imonga kelib, Alloh taoloning diniga kirdilar. Bularning bari amirga xush yoqar, farog‘at baxsh etar va o‘zini hatto sohibqiron Iskandarday xayol qilar edi. Boz ustiga, g‘oyatda uzoq umr ko‘radigan va odamni hayiqtiradigan qismat sohibi bo‘lmish bu maxluq kishida falsafiy xayollarni ham uyg‘otardi. Chunki u o‘zining qismatini ortmoqlab yurgan kishilarni eslatardi. Yoxud gunohlari yelkasiga yuklanganlarning timsoli bo‘lishi ham mumkin balki qiyomat kunida kimlardir o‘z gunohlarini yelkasida xuddi shu beozor maxluq singari ortib yurar? Gunohlaridan ham ko‘ra ilmlarini deyish balki to‘g‘riroq bo‘lar? Chunki, barcha xalqlarda va barcha zamonlarda toshbaqaga donishmandlik ramzi o‘laroq ta’rif berib kelinmoqda-ku? Ilmlarini yelkasiga ortmoqlab yurgan, ammo u ilmlardan samar topmaydigan, g‘oyat uzoq umr ko‘radigan imillovchi bir jonzot. Sha’bonning boshlarida toshbaqaga nimadir bo‘ldi, u ovqat yemay qo‘ydi. O‘tlarning turli-tumanini oldiga solib ko‘rdilar, suvini almashtirdilar. Hatto hovuzga muqaddas buloq suvidan ham quydilar toshbaqa qarab qo‘ymadi. G‘amgin nigohini bir nuqtaga tikkancha qimir etmay yotaverdi. Uning g‘amginligining, bunday qismat ila yaratilishining boisini ochiq-ravshan qilib izohlab beradigan bironta kimsa topilmadi. Nihoyat, bu hodisa ham dunyodagi barcha hodisalar singari yakun topdi bir kun tongda mashvaratxonaga kirganlar tabiat qonunlariga zid o‘laroq paydo bo‘lgan toshbaqaning jon taslim qilganini ko‘rdilar. Odamlar uni ko‘mishga kelganida ikkilana-ikkilana, hurmat-ehtiromini joyiga keltirib, bir tepalik ustiga ko‘mib, ustiga tug‘ qadab qo‘ydilar. Yillar o‘tib, toshbaqa haqiqatini biladigan avlod dunyodan o‘tib ketdi. Keyingi avlod esa faqatgina rivoyatlardan eshitib katta bo‘ldi. Toshbaqa ko‘milgan yerdan bir daraxt o‘sib chiqdi, gujumga o‘xshagani bilan uning barglaridan suv tomchilab turardi, lekin bu suv achchiq hamda taxir bo‘lgani bois lab ho‘llashga ham yaramadi. Suvsiz, qurg‘oqchil bir yerdan daraxt o‘sib chiqqani bejiz emas, shu bois kishilar u yerga borib hojatlarini so‘ray boshladilar, gujum shoxlariga turli lattalarni bog‘ladilar. Ishonuvchan kimdir esa toshlarni qalashtirib bir daxma qurdi, o‘zi esa u yerning shayxi bo‘lib oldi. Keyingi yillarda u yer Bobo Toshbaqa maqbarasi deb ataladigan bo‘ldi, toshbaqaparastlar ko‘paydi. Avomning, ayniqsa harbu zarblarda umrini o‘tkazgan ko‘chmanchi kishilarning e’tiqodlarini tushunish qiyin emas ularning bu e’tiqodining zamirida ham Allohga o‘ziga xos muhabbat yashirindir. Tegradagi mo‘jizalar kishining aqlu shuuriga xitob qila boshlashi uchun muayyan bir bilim hamda daraja lozim. Avom kundalik hodisalarni tug‘ilganidan buyon ko‘ra-ko‘ra ko‘nikib ketgani uchun ham, g‘ayriodatiy holatgina uning ongiga qattiq ta’sir qiladi. Tegradagi har bir narsa mana-mandeb qichqirib tursa-da, kishilar bu nidolarni eshitmaydilar, ammo qalblari g‘ayriodatiy narsadan darhol qo‘rquvga tushadi. G‘ayriodatiy holat bir narsaning darakchisi ekanini sezadi kishining qalbi. Odamlar u yerga kelib, chiroq yoqadigan va hojatlarini so‘raydigan bo‘ldilar. Bobo Toshbaqa maqbarasi Marv yaqinida degan taxminlar bor. Aynan shu atrofda Somon shahrining qoldiqlarining topilishi ham buni isbotlamoqda edi. Somon shahri esa arablar Shahri Haybar deb nom bergan, odam bolasining ko‘zidan yashiringan saodat shahri yonida ekani tarixdan ma’lum. Shahri Haybar Poyonsiz sariq qumlar aro shamol tentiraydi. To‘zg‘itadi, aylantirib-sochib o‘ynaydi, sho‘xlik qiladi. Bahorda bu hadsiz sahroda yomg‘irlar yog‘adi, qumlar jo‘shib-jonlanadi, rango-rang maysalar gilamday bo‘lib, epkinlarda to‘lqinlanadi. Saratonning qizg‘ish, yallig‘lanuvchi jazirama osmonida goh-goh jonzotlarni umidlantirib, oq va kulrang bulutlar adashib kelib qoladi. Qum aro unib chiqqanu ipday holida sarg‘ayib-quvragan giyohlar olov epkinida hilpillaydi. Besh yildirki, bu sahro barxanlari aro bir tadqiqotchi afsonaviy mangulik shahrini izlab kun o‘tkazadi. Yuzlarcha chaqirim sharqda qozoq cho‘ponlarining o‘tovlari bor. U yerga eski-tuski arobalardan tashqari, haftada bir ko‘chma do‘kon ham kelib turadi. Ko‘chma do‘kon tadqiqotchining homiylaridan yegulik, suv, shirin hidli qog‘oz sochiqlargacha olib keladi, kuchli Toyota Lendkruzer haftada bir qozoq o‘toviga borib-kelib turadi. Chodirda quyosh harorati bilan ishlaydigan mitti elektr generatori, sun’iy yo‘ldosh antennasi va kichkina noutbukkacha hamma narsa hoziru nozir. Dunyoda ikkita yashirin shahar bor. Biri taxminan Bobil hududlarida ko‘klarga ko‘tarilgan Bog‘i Eram bo‘lsa, ikkinchisi Osiyo cho‘llarida inson bolasi ko‘zidan nihon Haybar shahri. Har ikki shahar ham insonlar ko‘ziga o‘qtin-o‘qtin ko‘rinib turadi. Ba’zan bir necha daqiqa, ba’zan bir necha soatga aniq-oydin ko‘rinadi. Eram bog‘lari aslida afsonaviy Hefsimaniya osma ko‘shklaridir degan da’volar, yer yuzida jannat muqobilini bino qilishga urinilgani uchun ham osmonu falakka olib chiqib ketilgan yoxud qay bir siru sinoat ila insonlar ko‘zidan yashirilgan, deganga o‘xshash fikrlar bir necha yuz yilki, olimlarni va qiziquvchilarni sahrolarda besamar kezishga undaydi. Umriboqiy va mas’ud odamlar makoni bo‘lmish abadiyat shahri Haybar haqida esa tadqiqotchilar ixtiyorida juda oz manba bor. Bu manbalardan birida unga Iskandar devori ortidagi shahar deb ta’rif berilgan. Boshqasida esa fozillar shahri deb nomlangan. Yana, andalusiyalik bir o‘rta asr sayyohining qisqa taassurotlari. Bor-yo‘g‘i shu, xolos. Bu shahar chinlarning xangzu (changzu) qabilasining bosqini paytida g‘oyib bo‘lgan, degan taxmin bor. Biroq, u mahallar shaharning nomi boshqa bo‘lgan, Haybar ismini unga arablar berganlar. Alloh taolo yuborgan haq din g‘alabasining timsoli bo‘lmish bu shahar nomini istilo qilingan boshqa o‘lkadagi boshqa bir shaharga berishga va ikkinchi, soxta Haybarni bunyod qilishga undagan narsa, balki o‘sha g‘alaba uyg‘otgan faxru sururdir? Bilish qiyin.Lekin, miloddan bir necha asr avval bu tuproqlarga boshqa dushman xangzular hujum qilgani ham haqiqat. Ikki madaniyat to‘qnash kelgani on, aslida insoniyatga ulug‘ mutafakkirlarni yetishtirib bergan bu qabilalarning vahshati qadim elatlar uchun qo‘rqinch bo‘lib tuyulgani bor gap. Uzun o‘rilgan sochlarini hilpiratib, qiyqira-qiyqira kelayotgan xangzuning qiyofasi, ya’juj-ma’juj kelayotir, degan xayolga yetaklashi tabiiy. Biroq, ya’jujlar va keyingilar arab rivoyatlari, haqiqiy rivoyatlar esa ularning soyasida qolib ketgan. U farovon, obod, adolat shahri bo‘lgan. Xalq, xangzu timsolida bostirib kelayotgan jaholat qarshisida ne qilarini bilmay dovdirab qolgan mahal. Hali-hozir ular shaharga yopiriladilar. Hatto otlarining tuyoqlari ostidan ko‘tarilgan changu to‘zon ham ko‘rina boshladi. O‘sha mahal biyobon ichidan ikki kishi chiqib keladi. Biri uzun bo‘yli, sochlari yelkasigacha o‘sgan, yalangoyoq, ikkinchisi esa nuroniy bir chol edi. Yalangoyoq odam shaharning kunchiqish tomonidan keladi, tepalik ustiga chiqib hech narsa qilmasdan o‘tiradi. Chol kunbotish tomonidan keladi, shaharning eng baland maqbarasi ustiga chiqadi, Ko‘k Tangrisiga hamdu sanolar aytadi. Shu qadar uzoq ibodat qiladiki, tizzalari shilinadi. Qo‘llari qotib qoladi. Shundan so‘ng nima yuz berganini hech kim bilmaydi. Shahardagilar hech narsani sezmaydilar. Mana hozir yetib kelib devorlarni va darvozalarni buzishi, hayqira-hayqira erkaklarni va keksalarni o‘ldirib, bolalarni va ayollarni asir olishi kutilgan askardan darak bo‘lmaydi. Hatto chang-to‘zon ham ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Xangzu lashkarboshisi Haybarni yetti kun izlaydi. Yettinchi kuni u kunbotar tomonda namoyon bo‘ladi. Mo‘rilardan osmonga ko‘tarilayotgan tutun, yonbag‘irlarda o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zilargacha aniq ko‘rinadi. Lashkar tun bo‘yi yo‘l bosadi. Subh yuz ko‘rsatganida ufqda hech qanaqa shahar qiyofasi ko‘rinmas edi. Xangzular hangu mang bo‘lib qoladilar. So‘ngra esa, bu ko‘rganlarimiz sarob, deb ortga qaytadilar. Sarobiy shahar haqidagi hikoyalar xangzu sulolasi solnomalaridan o‘rin oladi va bizgacha yetib keladi. Ko‘hna Sharq har doimo siru sinoatlarga to‘la bo‘lib kelgan, lekin o‘z sirlarini hammaga ham ochavermaydi, degan haqiqat butun dunyoga o‘rnashib qolgan. Sharq sirlari degan iboraning o‘ziyoq kishilarni andak cho‘chitsa, andak sarosimaga soladi, hayiqtiradi, qiziqtiradi va beixtiyor jiddiy tortishga undaydi. Hazrat Sulaymon tilsimlarining Sharqda ekani, ifritlaru gapiruvchi qum-toshlar, ko‘zdan nihon shaharlaru qishloqlar, abadiy lashkarlar, tushunarsiz, ammo go‘zal naqshlar o‘rta asrlardagi mahdudlik va johillik botqog‘ida uyg‘onolmay ingragan Yevropa uchun xaloskor xayolotday tuyulishi turgan gap. Shu bois ham ushbu satrlardan aynan sirlar va tilsimlar ruhi ufurib turadi. Sayyoh bu mavzuni chuqur o‘rgangan edi. Toki Chin hoqonlari sulolalarining Osiyoga bosqinidan tortib arab istilosi davridagi ilmiy va she’riy manbalargacha shoyon qiziqish bilan o‘qib, manbalardagi ma’lumotlarni bir joyga to‘plagach, osmoni yal-yal yonadigan, qora uzumlarini oqish to‘zon pardasi qoplaydigan bu sirli yurtdagi afsona va rivoyatlarni ham o‘rganishga ahd qildi. Besh yil davomida u qadimiy Somon shahrining xarobalarining o‘rnini topishga muyassar bo‘ldi, Kushon podshohligi davrida uchramagan rivoyatlarning aynan arablar istilosidan keyingi davrda ko‘payganiga e’tibor qaratdi, turli cho‘l xayolotlari, marvlik Hakim yoxud niqob tutgan bo‘yoqchi haqidagi taxminlarni ham o‘rgandi. Insonlar ko‘zidan nihon bu shahar o‘z sirlarini ochavermagach, toqati toq bo‘lgan sayyoh eng baland tepaga chiqadi va munojot qiladi. Men u fazilatlar shahriga umrimning besh yilini berdim, deydi u. Besh yil davomida shu biyobonda kun kechirdim. Shamollarning ovoziga quloq tutdim, qora sovuqlardanu bahoriy iforlardan daragini so‘radim, qumlar aro besh yil darbadar kezdim, biroq bari zoye ketdi. Ey, munojoti bilan Tangri marhamatiga sazovor bo‘lgan zot! Men bir majusiyman, sening kimligingni, ismu zotingni bilmayman. Biroq, modomiki Tangri Taolo menday bir gunohkor bandasining iltijosini qabul etmas ekan, Uning huzurida yuksakroq darajaga erishgan sening duoingni qabul aylar? Yashirin u shaharni duoing bois bir ko‘ray, faqatgina bir bora ko‘rsam bas!!! Ajabo, bu iltijolardan ruhi yengillashgan sayyoh shu kuni xotirjam va yengil orom uyqusiga cho‘madi, uyqu aro esa kimdir uni uyg‘otadi. Ko‘zini ochganida ufqdan quyosh yal-yal yonib chiqib kelmoqda edi. Quyoshning yallig‘lari aro u qo‘l uzatsa yetgulik masofada shahri abadiyani ko‘radi. Shahar shu qadar ochiq-oydin namoyon bo‘lgan ediki, o‘ynoqi cho‘l shamolining yengil epkinida devoridan shuvillab to‘kilgan tuproqqacha aniq ko‘rinardi. Ulkan, baland darvozasi qalin devorlar orasiga mustahkam qilib o‘rnatilgan edi. Sayyoh bu zuhurotdan sarosimaga tushib qoladi, o‘ziga kelgach, saodat devorlari ortida yashayotgan xurram kishilarni ko‘rish hayajonida, shosha-pisha darvoza tomonga yuguradi. Sayyoh o‘z yurtiga qaytgach, Osiyoda ko‘rgan-bilganlari haqida Mening shahri Haybarim degan xotira kitobini yozadi. Tushlar, follar va qur’alar ertangi kunning qanotlarida muallaq turuvchi narsalardir, deydi u. Bu muallaqlar yo‘yilgan tomoniga qarab o‘zgarish xususiyatiga egadirlar. Abadiyat shahri ham ana shunday xususiyatli shahardir. U yerga kim qaysi niyatda borsa, o‘sha niyatiga ko‘ra zuhur etadi. Mening niyatim u yerdagi boqiylikning sabablarini o‘rganish emas edi,u yerda yashash va kamolot darajalariga erishish ham emas edi topsam bas edi aynan aytganimday, uni topish menga nasib etdi, biroq, topganlarim sahroning sariq qumi kabi barmoqlarim orasidan shuvillab to‘kildi topganim bilan topmaganim orasida farq qolmadi. Lekin, bu voqea mening sokin hayotimni ostin-ustin qilib yubordi, barcha bilganlarim va tasavvurlarim tamomila o‘zgarib ketdi, hayotimga timsollar va ishoratlarning girdoblari bo‘ron yanglig‘ ufurilib kirib keldi. Shaharning ko‘chalariga qora marmar yotqizilgan, yo‘laklar ustini qalin chang va qurib, taqirga aylangan loy qatlami qoplagan edi. Bu, balki yomg‘irlarning ishimikin? Qalin chang ustiga yoqqan yomg‘ir loy hosil qilganu ustiga yana chang o‘tirgan, shu tariqa quruq qatlam yuzaga kelgan. Lekin devorlarni ham g‘ubormi, changmi qoplab olgan. Hech qayerda odam sharpasi ko‘rinmas edi. Bu shaharda binolar qalashtirilib, bir-birining ustiga mingashtirilib qurilgan edi. Bizlar ko‘nikkan me’moriy go‘zallik degan narsadan asar ham yo‘q, kichkina eshikchalar hayhotday binolarning ost qismida qing‘ir-qiyshiq bo‘lib ko‘zga tashlanar, kichkina kulbachalarning devorlarida esa ulkan va qiyshiq darchalar bor edi. Men ko‘chalarni ko‘rib ham hayratga tushdim, bu shaharchadagi bironta ko‘cha, bironta bino mulohaza bilan qurilmabdi. G‘aroyiblik aqlni shoshirardi, mangu barhayot insonlar yashaydigan shodu xurramlik shahrining bunday bo‘lishi aqlga sig‘masdi. Ko‘chalar bo‘ylab o‘tib borarkanman, oddiy kishilik hayotining bironta nishonasini ko‘rmadim. Na bolalarning shodon qichqirishlari, na kulgilar, na musiqa. Nainki ovoz, odam sharpasining o‘zi ko‘rinmasdi. Go‘yo mangu odamlar bu shaharni tashlab qaylargadir chiqib ketishganga o‘xshardi. Balki yer ostida qasrlar qurishgan va o‘sha yerda yashashayotgandir? Biroq yer usti turganida, yer ostida yashashning ne ma’nisi bor? Daraxtlarning yaproqlari oz edi, ba’zilarining shoxlariga gala-gala qop-qora chumchuqlar qo‘nib olishgan bo‘lib, ular na ovoz chiqarar, na don-dun terar, faqat sinchiklab boqishgancha, meni jimgina kuzatishar edi. Hammayoqda yovvoyi o‘tlar o‘sib yotardi, ajabo, bular ham mangu o‘tlarmikin, degan xayolga bordim va birining yaprog‘ini yulqab oldim, sal o‘tmay yaproq so‘ligach, nimagadir yengil tortib, yana olg‘a ilgariladim. Shahar oxiriga yaqinlashgunimga qadar yarim soatcha vaqt o‘tdi. Nimadir sodir bo‘lishini aqlim sezib-payqab turardi. Bir yerda yarim aylana shaklida yerga botgan ko‘hna ark ko‘rdim, engashib qarasam, qop-qora suv yaltirab oqmoqda edi, suv labida bahaybat toshbaqa ham bor edi, uning ko‘zi ko‘r bo‘lib, uzoridagi naqshlari muqaddas yozuvlarni eslatardi. Shahar tugaganida esa, katta yalanglikda bir to‘da odamlar ko‘rindi! Bular qarovsiz alfozda, jim o‘tirar edilar. Ba’zilari yerga allaqanday shakllar chizardilar, shakllarning ma’nosi yo‘q edi. Bolalar, qariyalar bor edi ularning orasida. Kiyimlari titilib-eskirib ketgan, tirnoqlari, sochlari o‘sgan edi. Ba’zilari yerdan potrab bo‘y cho‘zgan bargi kichkina o‘simliklarni erinib chaynardilar. Nazarimda, ularni ham shaharni qoplagan kabi chang qoplagan, so‘niq va rangsiz edilar. Kimlar bular? degan o‘y xayolimga urildi daf’atan. Mangulik shahrida bunday aftoda kishilarning uchrashi aqlimga sig‘mayotgan edi. Oyog‘i ostida o‘tirgan bolachaga onasi qaramasdi, ajabki, bola ham so‘nik, jim o‘tirardi. Yaqinlashganimda ularning ba’zilari boshlarini burib qaradilar boqishlarida hech nima aks etmadim nigohlarida hech bir ifoda yo‘q bo‘m-bo‘sh edi. Barhayotlarmi bular?! Ha, bular butun insoniyat yaralganidan beri orzu qilgani mas’udlikka erishgan barhayotlar edilar! To‘p-to‘p bo‘lib, hech narsa qilmasdan, sovuqlaru jaziramalarda, yomg‘iru qorlarda mas’udlik onini o‘lim saodatini shu tariqa jim qo‘rqituvchi itoatkorlik bilan xomush.kutmoqda edilar. Sal o‘tmay sezganim ular quyoshni kuzatar edilar. Quyosh botganida, oyga qarab o‘tirardilar. Oyoq ostlarida hayot jonlanmoqda va xarob bo‘lmoqda, tevarak tug‘ilib-o‘lmoqda lekin bu kishilar zeriktiruvchi boqiylikka duchor bo‘lgan edilar. Na til qolgan edi. Na millat.na madaniyat. Yuragimni dahshat bosib keldi, bu dahshat hayotiy emas, sovuq va xo‘mraygan, sassiz edi. Mangulikning sovuq dahshatimi bu? Balki umriboqiylar menga hayot odamiga iltijo bilan boqqandirlaru ko‘zlari hech narsani ifoda etmay qo‘yganini bilmaslar? Mangulik ichra gapirishni, fikrlarini va hissiyotlarini ifoda etishni unutgandirlar? Balki mangulik qarshisida fikrlarning ham, hissiyotlarning ham ahamiyati qolmagandir? Shaharning so‘niq ko‘chalaridan ortga qarab chopganim esimda qopqadan otilib chiqqanim ham esimda hayot ufurib turgan qumlar ko‘zimga juda aziz ko‘ringani, ich-ichimdan toshib kelgan quvonch va shukronalik bilan tiz cho‘kkanim esimda o‘sha paytda haroratli va qadrdon bo‘lgan quyosh allaqachon botib bo‘lgan, shafaqlari ham ko‘zdan yo‘qolmoqdaydi.Xotiralarning asosiy qismini sayyoh bundan yetti yuz yil muqaddam Luvrda yuz bergan voqea bilan yakunlaydi, u voqea ham aynan shu so‘zlar bilan boshlanadi. Luvr. Milodiy 1312-yil. Mangu Darbadarning Qaytishi P’esasi Premerasi ...Quyosh allaqachon botib bo‘lgan, so‘nggi shafaqlari ko‘zdan yo‘qolmoqdaydi. Bir soat avval boshlangan shov-shuvli p’esa premerasi poyoniga yetib qolgan edi. Luvrning kazo-kazolari, boyonlari, bankirlari va mashhur kishilari o‘tirgan lojada zerikish hukm surmoqda edi. Xokisorlik va poklik timsoli bo‘lmish muborak zotga qo‘l ko‘targan odam haqidagi p’esa urf bo‘lganiga qaramasdan, hayotdan uzoq, g‘ayriodatiy mavzuda bo‘lgani uchun ham, qay bir so‘lim go‘shada musiqa eshitib rohatlanish ularga afzalday tuyulmoqdaydi. P’esa muallifi, astrolog Gvido Bonatti boyonlar lojasida may ichib o‘tirardi. Hayotining keyingi yillarida u mayxo‘rlikka berilib ketdi, ertalab ham, tushda ham, hatto qirol bazmlarida ham sarxush bo‘lib yurar, bugun esa p’esa boshlanmasidanoq ancha-muncha otib olgan edi. Mana, chiroqlar o‘chdi. Bittagina xira nur tolasi qoldi. Sahnaga uzun bo‘yli, sochlari yelkasiga tushgan bir odam chiqib keldi. Bonatti uni taniyolmadi, lekin ensasi qotib, p’esadagi qahramon aslida qarib-qartaygan, ayanchli bir chol bo‘lishi kerak edi o‘rniga nechun bu baquvvat aktyor chiqib keldi? deb o‘yladi norozi bo‘lib. Mangu daydi rolida chiqib kelgan notanish bu odamning ovozi ham favqulodda o‘tkir va hayotiy edi. Men Parvardigorimning imonli bir bandasiman! deb o‘z monologini boshladi u. Uning abadiy barhayotligiga va bemisl kuch-qudrat egasi ekanligiga, vujudimga kirgan zarra tikan badaliga aql bovar qilmas mukofotlarni ato etadigan va hamma narsani o‘rab-chulg‘ab oluvchi hikmatlargacha bino qiladigan muborak zot ekaniga hech qachon shak keltirmaganman. Ammo siz meni, Azozildan ham mal’unroqsan, deb malomat qildingiz! Zalda jonlanish sezildi. Siz Tangrimning, o‘zi yaratgan barcha ne’matlariga yana bir chalg‘ituvchi narsani o‘rab qo‘yganini ko‘rmayapsizmi? Narsalaru hodisalarni, sabablarniyu natijalarni, shubhalaru haqiqatlarni bir-biriga chirmashtirib tashlaganini ko‘rmayapsizmi? Hamma narsasi g‘orat bo‘lib ketadigan bu dunyoga vujudi foniy, ammo ruhi boqiy insonni yuborishi bilan abadiyatni ham o‘rab olganini, Uning abadiyatdan-da yuksak ekaniniyu hatto mangulik ham uning maxluqi ekanini ko‘rmayapsizmi? Eng chiroyli lazzatlar ostiga chirkinlikni yashirganini, beo‘xshov narsalarning bag‘rida ajoyibotlarini saqlaganini ko‘rmayapsizmi? Har narsaga yetgan aqlingiz bularga kelganda oqsab qoldiyu meni badbaxtlikda ayblab, Azozilga teng qo‘ydingizmi? Aslida men qiyomatda olishi kerak bo‘lgan jazosining bir qismini shu dunyoda olganlardan bittasiman, xolos. Siz sahro va cho‘llarda gunohlarini yelkasiga ortib olganlarning timsoli monand bir maxluqni ko‘rmadingizmi? Ro‘zi mahshar kunida uning qay ko‘rinishda bino bo‘lishining xabarini qaydan bilaqoldingizki, shu ahvolingizda masxaralab, meni ham, uni ham o‘zingizdan past ko‘rmoqdasiz? Ummon bag‘rida yashovchi yana bir maxluqni ko‘rmadingizmi? Ularning yuztasini yorsangiz ham ichi bo‘m-bo‘sh chiqadi, biroq ba’zilarining ichidan siz maqtanib-gerdayadiganingiz marvarid donasini topasiz! U maxluqlar shunday ko‘rinishda hamda bunday fe’lu atvorda behudaga yaratildi, deb o‘ylaysizmi? Bu dunyoni ma’lum vaqtga qadar kezib yurishga mahkum ekanim sizni adashtirdiyu olamning bir kuni chang-to‘zonga aylanib ketishini bilaturib, menga mangu deb nom beryapsizmi? Iblis sizga turli nayranglar ko‘rsatib, turli narsalarni ko‘zingiz oldida rango-rang jilvalantirib hiylalar qiladi. Men yuzlab yillardirki, yurgan yo‘limda Parvardigorimga iltijo qilib gunohimni kechirishini so‘rab yolvoraman, yulduzlar uchgan kechalarda, qahratonning sovuqlarida, shamol va bo‘ronlarda tavba-tazarru qilaman. Shu holimcha, butun turish-turmushim bilan Uning oliy hukmining va haqiqatining bir timsoliman. Tangrim o‘zining mutlaq adolati bilan kimlarnidir butun insoniyatga yaxshilik va to‘g‘rilik ramzi qilib qo‘ygan bo‘lsa, men Oliy Haqiqatga qo‘l ko‘targanlarning ramziman. Agar O‘zi istasa, meni o‘sha ummon maxluqining ichidagi fikrlovchi qum zarrasi yoxud gunohlarini ortib yuruvchi maxluqning yelkasidagi mutafakkir tosh shaklida yaratib qo‘ya olmasmidi? Siz Tangri taoloning qudrati va ilmi nima ekanini qaydan bilaqoldingizki, barcha narsani o‘rab-chirmab, boshqa bir narsaning ichiga tiqib tashlashidan yoki istasa, butun shu ko‘klaru samolarni siqib-g‘ijimlab, mayda qum shakliga keltirib qo‘ya olishidan cho‘chimadingiz? Bir qurt kelib, ko‘z o‘ngingizda kafanga kiryapti, hamda vaqti kelganida kafanidan kapalakka aylanib qanday uchib chiqishini sizga ko‘rsatib-namoyon qilyapti-ku! Yer bag‘ridan olov otilib chiqib, atrofini erigan ma’danga to‘ldirib oqib turipti-ku? Siz Tangri taoloning jazosi nima ekanini qaydan bilaqoldingiz? Olovda yonish degan narsani faqatgina o‘zingiz taom pishirib-isinadigan olov deb o‘yladingizu U sizning gunohlaringizni to‘ksin deb yaratgani kasalliklarning biri bois isitma xuruj qilganida, siz bilgan olovdan ko‘ra farqli tabiatga ega boshqa bir olov ich-ichingizni yondirayotganiga shohid bo‘laturib shunday deyapsizmi? Siz Tangri taoloning la’nati nima ekanini qaydan bilaqoldingizki, tog‘laru suvlarni, samolaru yer ostini zir-zir titratadigan bu so‘zni menga qo‘lladingiz? Ayshu safo ichida, may xilvatlarida, Tangrim yaratgan so‘lim bog‘larda sarxush bo‘lib ag‘anab yotgan holingizda, qayga bosh urarini bilmay yurgan, ammo sizdan ko‘ra ko‘proq narsani biladigan bir bechorani bunday deyishga qanday haddingiz sig‘di? Tilingiz qanday aylandi? Dilingiz qanday qabul qildi? Men Parvarigorimdan, sizdangina panoh berishini so‘rashdan boshqa so‘z demayman. U qismatimga shuni bitibdimi, istasam ham, istamasam ham albatta shunday bo‘ladi!Sahna tamomila qorong‘ilik qa’riga cho‘mdi va zulmat orasidan gulduros qarsaklar yangradi. Qulay kursilarda yastanib o‘tirgan boyonlarga bu gaplar yoqib tushgan edi. Ajoyib! Ajoyib! deb qichqirardi olomon. Lekin bu gaplar p’esada yo‘q-ku? dedi hangu mang bo‘lib Gvido Bonatti, yutoqib may ho‘plab, tomog‘idagi quruqshashni bosib olgach. Yo Parvardigor! Bunday so‘zlarni kim qo‘shdi p’esaga? Sarxush bo‘lib qolibsiz, Gvido, deb kulimsiradi yosh bir boyon, u tilla zanjir taqib olgan, yonidagi sohibjamol esa tilladan ham tovlanuvchanroq va bashangroq edi. Lekin ajoyib so‘zlar, buning uchun yana bitta qadah ko‘tarsak arziydi! Bonatti, qalbidagi bezovtalikni may bilan bosish o‘rniga, anavi noma’lum aktyorning ortidan tezroq borib-to‘xtatib, bu so‘zlarni qaydan olganini so‘ragisi keldi, biroq nimagadir fikridan qaytdi, birdaniga unga p’esa ham, aktyor ham bema’ni bo‘lib tuyuldi, shasht bilan surohiyni oldi-da: Ha, jin ursin, hardamxayol bo‘lib qolyapman shekilli, dedi g‘o‘ldirab. Quyaqoling, azizim Rotshild! Men Rotshildlardan emasman, deb e’tiroz bildirdi boyon, shunda Bonatti uning hecham fransuz yahudiylaridan emasligini, balki norveg yoxud shved ekanini ko‘rdi, yonidagi sohibjamol ham allaqayga g‘oyib bo‘lgan, o‘rnida baqaloq bir odam o‘tirardi. Gvido surohiyni bir ko‘tarishda bo‘shatdi. Qoraxayol..qoraxayol.deb g‘o‘ldiradi u va yana bir marta Jin ursin! deb xitob qildi, biroq uning bu qichqirishi bo‘g‘zidan tushunarsiz g‘o‘ldirash bo‘lib chiqdi, oromkursining yog‘och taxtasiga bosh qo‘yganida parqu yostiqdan ham yumshoq tuyuldi, u tamomila mastlik uyqusiga cho‘mdi mastlik uyqusi aro esa burjlarning g‘aroyib bir tarzda uchburchak hosil qilganini ko‘rdi, yetti yulduz bir yerda g‘uj bo‘lib olgan, sakkizinchi yulduzni yer edilar.Yulduz yulduzni ham yer ekanmi, deb hayron bo‘ldi u uyqu aro, hamda yetti yulduzning to‘planishi falokatdan, zilziladan yoxud bo‘ron yaqinlashishidan darak ekani esiga keldi. Uning aqli shu yerda sahna chirog‘i kabi o‘chdi va o‘zi ham mastlik zulmatiga tamomila sho‘ng‘ib ketdi sahnadagi nur tolasi. Noma’lum odam.yaqinlashayotgan bo‘ron. Uchoq monitori yana ogohlantiruvchi ovoz chiqardi:bu safar Reyter axborot agentligining har soatda yangilanib turadigan xabarlari kelgan edi. Professor xabarlarga tezda ko‘z yugurtirib chiqdi: Atlantikada bo‘ron shiddati zo‘raymoqda, uning tezligi soatiga ikki yuz ellik kilometrga chiqdi. Ummon bo‘ylab shoshilinch holat e’lon qilindi. Ko‘pchilik sohillarda ulkan girdoblar paydo bo‘lishi kutilyapti. Qutqaruv xizmatlarining butun kuchlari bo‘ron falokatlarining oldini olishga safarbar qilingan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Sahroi Kabir keyingi o‘n yil ichida o‘ttiz kilometrga kengaygan. Xuddi shunday jarayon Osiyo cho‘llarida ham kuzatilmoqda. Mazkur cho‘llarning qumining o‘ziga xos xususiyati unda sho‘r miqdorining ko‘pligidir. Ba’zi din ulamolari jahannamning abadiy emasligiga doir taxminlarini e’lon qildilar. Ular o‘z taxminlariga Ular jahannamda abadiy qolurlar, magar Parvardigorlari boshqa narsani ixtiyor qilmasa.mazmunidagi oyatlarni asos qilib oldilar.“...Shuningdek, Misrda qoyalarni yo‘nib ishlangan uylardan topilgan anjomlar u yerda yashagan kishilarning darhaqiqat bahaybat gavdali, kuchli kishilar bo‘lganini tasdiqladi. Rivoyatlarga ko‘ra, ularni kuchli shamol halok qilgan edi...” ...dunyoda qit’alararo shirkatlarning paydo bo‘lishi taxmin qilinmoqda, bunga yer yuzidagi asosiy kapitalning yakka kishilar qo‘liga o‘tib ketishi sabab bo‘lishi mumkin....butunjahon Ovchilar Jamiyati barcha ovchilarni Xitoydan kelgan qora chumchuqlarni qirib tashlashga chaqirdi. Markaziy Epidemiologiya xizmati vakilining ta’kidlashicha, ular qush o‘latini tarqatishlari mumkin...Oddiy va odatiy sarg‘ish chumchuqlardan farq qilib, ular na don-dun terishadi, na sayrashadi, qop-qora ko‘zlarini javdiratgancha n i m a n i d i r sabr-toqat bilan kutishadi....Mashhur tarixchi olimlardan biri, lo‘lilarning qachonlardir Hindistondan yo‘lga chiqqani haqidagi taxminini e’lon qildi. Rivoyatga ko‘ra, ular juda ulkan maqsad bilan safarga chiqadilar, ammo karvonga oziq-ovqat muammosi ko‘ndalang bo‘ladi. Ov qilib yoxud boshqa yo‘l bilan bu ehtiyojni qondirishga vaqt yo‘qotmaslik uchun safarni tilamchilik qilib davom ettirishga ahd qiladilar. Yillar o‘tavergach va avlodlar almashgach, butun boshli xalq nima maqsadda yo‘lga chiqqanini unutadi, ular dunyo bo‘ylab vatansiz va makonsiz besamar daydishga mahkum bo‘ladilar....Urdundagi qadimiy xarobalardan birida abadiyatga giriftor bo‘lgan kishi haqidagi yozuvlar saqlanib qolgan teri parchalari topildi. Azaliy haqiqatlarga qo‘l ko‘targani uchun qiyomatga qadar darbadarlikka mahkum etilgan bu kishi haqidagi rivoyatlar o‘rta asr qo‘lyozmalarida, shuningdek, Brokgauz va Efron qomusida uchraydi. Tadqiqotchilar bu rivoyatning timsoliy ekanligini, imon va ishonchning mutlaq haqiqatlariga qarshi chiqqan kishilarning fikriy va qalbiy sarsonliklarga duchor bo‘lishlarini ta’kidlamoqdalar. Yer yuzidagi eng sho‘r dengiz Qizil dengizning Arabiston yarim oroli sohillariga yaqin yerida, suv ostida chuchuk suvli ulkan buloqlar borligi aniqlandi. Bundan ikki ming yil avval paydo bo‘lgani taxmin qilinayotgan mazkur buloqlarning suvi g‘oyat toza va shifobaxsh bo‘lib, dengizning sho‘r suviga aralashib ketmasdan to sohilga qadar oqib boradi. Sohildagi turli sayyohlik shirkatlari bu suvlardan foydalanib, katta tijoriy loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqdalar....Sidney shahri yaqinida joylashgan kelajak texnologiyalari markazida olamshumul kashfiyot qilindi. Bugungacha tabiatda mavjud bo‘lgan zarralarning aksi bo‘lgan anti-zarralar mavjudligi fan tomonidan o‘tgan asrda isbotlangan edi. Taxminlarga ko‘ra Koinot ham o‘zining aksidan, ya’ni anti-Koinotdan iborat. Fazoning qayeridadir Koinot va anti-Koinot birlashgani va bir birini uzluksiz akslantirgani fazoning cheksizligi nazariyasiga oydinlik kiritishi mumkin. Bugungacha maxsus sharoitlarda olib borilgan tajribalarning natijasi o‘laroq, umri soniyaning milliondan bir ulushiga teng bo‘lgan anti-elektron va anti-proton zarrasi hosil qilindi! Hozircha bunday zarra tabiiy sharoitda nimalarga olib kelishini taxmin qilib bo‘lmaydi, chunki anti-zarra anti-muhitdagina mavjud bo‘la oladi. O‘lim to‘shagida yotgan barhayotlikka da’vogar yozuvchi, Nobel mukofotining laureati Garsia Markes o‘zining vido maktubini e’lon qildi. Mashhur yozuvchi bir necha oydirki, saraton kasalidan azob chekmoqda.Mutafakkirning Vido Maktubi Mabodo Tangri Taolo mening taqdirimdan ko‘z yumsa-yu, latta monand hilvirab qolgan shu vujudimga yana bir parchagina hayot hadya etsaydi, hoynahoy, o‘ylayotganlarimning hammasini aytmasam ham, gapirayotganlarimning hammasini o‘ylagan bo‘lardim. Shunda.tevarakdagi narsalarni narxlariga qarab emas, qiymatiga qarab baholardim. Ko‘zim yumuq mahalda o‘tkazilgan har bir daqiqada yorug‘likning oltmish soniyasini yo‘qotayotganimni idrok etgan holda kamroq uxlagan, ko‘proq orzu qilgan bo‘lardim. Qolgan hamma to‘xtab turgan mahalda yurar, hamma uxlayotgan mahalda uxlamasdim. Boshqalar gapirayotganlarida, ularning gaplarini xuddi shokoladli muzqaymoqning ajoyib mazasidan lazzatlangan kabi, lazzat ila eshitgan bo‘lardim. Agar Tangri Taolo menga yana bir on hayot bersa kamtarroq kiyingan, quyoshning issiq nurlariga faqatgina tanimni emas, qalbimni ham toblab yotgan bo‘lardim. Ey Parvardigorim! Agar menda yurak bo‘lsaydi, barcha nafratlarimni muzga yozib, quyosh chiqishini kutardim. Uyqum bilan (Van Gogning orzusi) yulduzlarga hurriyat poemasining suvratini chizardim, ozodlik qo‘shig‘i esa mening Oyga qilgan tuhfam bo‘lib qolardi. Tikanlarining achchig‘ini va gulbarglarining qirmizi o‘pichlarini his qilish uchun ko‘zyoshlarim bilan atirgullarni sug‘orardim. Ey Qodir Egam! Agar yana bir parchagina hayot bo‘lagi tanimda qolsaydi, bir kunimni ham tevaragimdagi o‘zim suygan insonlarga ularni sevishimni aytmasdan o‘tkazmasdim. Men uchun qiymatli bo‘lgan har bir kishini muhabbatimga ishontirgan, muhabbatni sevib yashagan bo‘lardim. Qartayganda dilni muhabbat tark etadi deb adashganlarga, muhabbatni tark etganlari uchun qarilik kelishini tushuntirardim. Bolakaylarga qanot hadya qilar, ammo uchishni o‘zlari o‘rganishlariga imkon berardim. Qariyalarni esa, ajal keksalik tufayli emas, xatolar va yanglishishlar tufayli kelishiga ishontirardim. Insonlar, men sizdan shu qadar ko‘p narsa o‘rgandimki lekin anglaganim eng buyuk haqiqat butun olam tog‘larning cho‘qqilarida yashashni istar ekan, haqiqiy saodat u yerda yashash emas, u yerga ko‘tarilishda ekan! Shuni tushunib yetdimki, murg‘ak bolakay kichkina barmoqchalari bilan otasining barmog‘ini qisimlagani on, uni hech qachon qo‘yib yubormasin! Angladimki, inson bolasi boshqa birovga, faqatgina yuqoriga ko‘tarilishi uchun yordam berayotganidagina balanddan qaray olar ekan! Insonlar, sizlardan o‘rganishim mumkin bo‘lgan yana shunchalar ko‘p narsa borki ammo ularning menga zarurati qolmaydiganga o‘xshaydi chunki, meni mana shu yog‘och otga mindirganlarida, afsuski, jonimni Haqqa topshirgan bo‘laman. Har doim his qilganingizni gapiring, o‘ylaganingizni amalga oshiring! Agar sening shu uxlashingni bugun so‘nggi bora ko‘rib turganimni bilsam, mahkam bag‘rimga bosgan va Tangri Taolodan meni, sening qo‘riqchi farishtangga aylantirishini iltijo qilgan bo‘lardim. Eshikdan qanday chiqayotganingni oxirgi bor ko‘rayotganimni bilsam, bag‘rimga qattiq bosib o‘pgan va yanada ko‘proq mehrimni berish uchun yana qaytadan o‘zimga chorlagan bo‘lardim. Ovozingni so‘nggi bor eshitayotganimni bilsam, men hamma gapirgan gaplaringni qayta-qayta, benihoya eshitish uchun yozib olgan bo‘lardim. Agar seni ko‘rib turganimning so‘ng daqiqalari ekanini bilsam, shunday degan bo‘lardim: Men seni yaxshi ko‘raman, ammo buni shusiz ham bilishing men ahmoqning xayolimga ham kelmabdi. Har doim ertangi kunimiz bor, hayot bizga, hamma-hammasini izga solish uchun yana bir fursat bermoqda, biroq, yanglishgan bo‘lsamu bugun hammasi tugasa, senga shuni aytgan bo‘lardimki, seni juda qattiq yaxshi ko‘raman va hech qachon unutmayman! Keksa ham, yosh ham ertaga nima sodir bo‘lishini bilolmaydi. Balki suygan insonlaringni so‘nggi bora ko‘rib turgandirsan?! Shu bois, nimanidir kutma, bugunoq bajar, chunki ertangi kun hech qachon kelmas bo‘lsa, sen birgina jilmayish, birgina bag‘irga bosish, birgina o‘pish uchun vaqt topolmaganing, so‘nggi istakni bajarishga kelganda juda-juda band bo‘lgan kuningga la’natlar o‘qiysan. O‘zingga yaqin insonlarni qo‘llab-quvvatla, quloqlariga senga qanchalar kerak ekanliklarini shivirlab ayt, ularni ehtiyot qil, afsus, meni kechir, rahmat va marhamat degan so‘zlarni va o‘zing bilgan hamma xush kalomlarni aytish uchun vaqt top. Hech kim seni fikrlaring boisgina eslab o‘tirmaydi. Parvardigori Olamga, hissiyotlaringni tilingga chiqara olishing uchun donolik va kuch-quvvat so‘rab iltijo qil. Do‘stlaringga ular sen uchun qanchalar qiymatli ekanlarini ayt. Agar sen bularni bugun qilmasang, ertangi kuning ham xuddi kechagi kuning kabi bo‘lib qoladi. Va agar sen bularni amalga oshirmasang, hech narsaning ahamiyati qolmaydi, qiladigan ishing hech narsa, hech narsa va faqat hech narsa bo‘lib qoladi! Buning vaqti soati yetdi.Bo‘rondan O‘n Besh Daqiqa Avval Professor Ziyo xabarlarning qolgan qismini o‘qishga ulgurmadi, uchuvchilar xonasining eshigi ochilib, styuardessa qiz ko‘rindi, u jilmaygancha hammadan kamarlarni bog‘lashlarini iltimos qildi, so‘ng esa havo yostiqchalaridan qanday foydalanish, halokat chog‘ida o‘zini qanday tutish haqida tavsiyalar berdi. Professor betoqatlanib, qizdan nima gapligini so‘radi. Bo‘ron yaqinlashib kelyapti, deb javob berdi qiz. Lekin uchuvchilarimiz mahoratli, ozgina yoqimsiz chayqalishlardan boshqa hech qanday bezovtalik sezmaysiz, janob. Professor unga jilmayib bosh irg‘adi-da, darchadan qaradi. Uchoq ummondan o‘tib, materik hududiga kirgan edi. Pastda siyrak tuman bo‘lgani bois hech nimani ko‘rib bo‘lmasdi. Uchoq kanotlaridagi qudratli motorlarning bir maromda ishlashi unga ishonch baxsh etdi. Lekin, ufqda allaqanday tushunarsiz bulut paydo bo‘lgan, u nima sababdandir qizg‘imtir-sarg‘ish tusda bo‘lib, boz ustiga, shitob bilan yoyilib bormoqda edi. Havoning turli ta’sirlari natijasida efirda paydo bo‘layotgan shitirlashlar va shovqin aro to‘satdan Vahshiy yana aloqaga chiqdi: Fir’avn, men Maxes. Nishonni ko‘ryapman. Maxes, sizni tushundim. Nishon yo‘nalishini va tezligini bildiring. Fir’avn, u janubiy yo‘nalishda harakatlanmoqda, masofa besh mil. Maxes, maxsus tizimni yoqing. Tushunarli. Maxes, nishonni kuzatyapsizmi? Ha, kuzatuvda. Tushunarli, rakurs ikki taqsim to‘rt! Sizni tushundim. Orqa tomondan yaqinlashmoqdamiz. Yonilg‘i miqdori? uch tonna. Tushunarli, yo‘nalish o‘ngga ikki yuz yigirma! Nishongacha masofani bildiring. Masofa uch yarim mil. Nishon baland bo‘yli, yosh va zabardast, yalangoyoq bir yigit bo‘lib, u boshini eggancha kunbotar tomonga ketib bormoqdaydi. Ketma-ket boshqa harbiy uchoqlar ham uni payqadilar, ular ham o‘z markazlaridan shunday buyruq olganlariga shubha yo‘q edi barcha tizimlarini jangovar holatga keltirgancha tezliklarini oshirib, nishon ketib borayotgan joy sari yo‘naldilar. Bu orada Vahshiy bilan radioaloqa davom etmoqda edi: Maxes, men Fir’avn, nishonni ko‘ryapsizmi? Ko‘ryapman, mo‘ljalda tutib turibmiz. Maxes, nishon yo‘nalishini bildiring. Nishon o‘sha yo‘nalishda harakatlanmoqda, kunbotarga ketib bormoqda. Ikki milgacha yaqinlashing. Tushunarli. Maxes, men Fir’avn, o‘t ochishga hozirlik ko‘rilsin, tayyor turing. Tushunarli. Forsajga ruxsat bering. Forsaj faqat buyruq bilan! Maxes, nishonni ushlab turibsizmi? Nishonni tutgan holda uchib boryapmiz. Maxes, yonilg‘i miqdorini bildiring. Yonilg‘i ikkiyu yetti. Sizni tushundim.Nishon yo‘q qilinsin! Takrorlang! Maxes, nishon yo‘q qilinsin! Fir’avn, unga yaqinroq borish kerak! Nishonni tutish tizimini o‘chirib, yaqinlashmoqdamiz. Zambaraklardan ketma-ket o‘t oching! Nishonni tutish tizimidan chiqdik, zambaraklardan ketma-ket o‘t ochamiz! O‘t ochildimi, Maxes? Xuddi shunday, buyruq bajarildi! Nishonni ko‘ryapsizmi? Ha, unga yaqinlashyapman. Tushunarli. Nishon pasaymoqda, unga yaqin keldim, masofa yarim mil. Nishon pasaymoqda? Bu nima degani? U o‘tirib oldi. U o‘ldimi? Aniqlashning iloji yo‘q. U o‘tiribdi. Tushunarli. Tezlikni kamaytiring. Barcha jangovar mashinalardan nishonga qarata o‘t ochilsin! Bu xavfli, atrofda tanuv belgilari bo‘lmagan boshqa jangovar uchoqlar ham bor. Maxes, vaziyatga qarab o‘t ochishga tayyorlaning! Nishonning o‘zingizga nisbatan o‘rnini bildiring. Chapdan yetmish daraja. Maxes, nishonning vaziyatini bildiring. U qumga yotib oldi. Ko‘rish qiyin, to‘zon kuchaymoqda. Fir’avn?Fir’avn, u ibodat qilmoqda! Maxes, nishonni raketalar bilan yo‘q qilishga harakat qiling. Fir’avn, desant tushirishga ruxsat bering! Maxes, nishonni raketalar bilan yo‘q qiling! Tushundim, nishonda ushlagan holda yaqinlashyapman. Masofani bildiring. Masofa chorak mil. Maxes, forsaj! Forsajga o‘tildi! O‘t och! O‘t ochildi. Nishon yo‘q qilindimi? Hech narsa ko‘rinmaydi, hamma yoq to‘zon. Zarba chizig‘idan o‘ng tomondan chiqilsin, kurs yetmish besh. Zarba chizig‘idan o‘ngga chiqyapman, kurs yetmish besh! Maxes, qurollar jangovar holatda tutilsin. Begona harbiy uchoqlarni nishonda tutgan holda, o‘n besh daraja g‘arbga harakatlanilsin! Xo‘p bo‘ladi! Bo‘ron oldidan turgan shamol allaqachon qumlarni ko‘targan, noma’lum odam havo-er rusumli o‘limchil raketalar zarbasi va shamol ko‘targan qum to‘zoni ichida ko‘zga ko‘rinmay ketgan, hozir uni maxsus qurilmalar ham ko‘rolmayotgan edi. Vahshiyning o‘t ochganini ko‘rgan boshqa harbiy uchoqlar yaqin masofada turganlaricha to‘zonning tarqalishini va noma’lum kishining chiqib kelishini kutmoqda edilar. Bu orada Vahshiy Fir’avnning navbatdagi buyrug‘ini ham bajarib ulgurdi, ya’ni yaqin oradagi Miglarni lazer mo‘ljaliga oldi. Har holda, boshqa jangovar uchoqlarga ham shu mazmundagi buyruq kelgan bo‘lsa kerak, Miglar, Mirajlar, Kfir va Tornadolar ham o‘z vaziyatlarini Vahshiyga nisbatan hujumga qulayroq bo‘lishi uchun moslab, aylanib ola boshladilar. Endi bu o‘lim mashinalari turli qurollardan bir-birlarini mo‘ljalga olgancha buyruq kutmoqda edilar. Havo-havo tipidagi raketalar allaqachon jangovar holatga keltirilgan, himoya vositalari va chalg‘ituvchi termik vositalar jangga shay holatda edi. Dunyoning eng kuchli bir qancha mamlakatining harbiy uchoqlari ana shu tarzda bir-biriga qurol o‘qtalib turar edi. Maxsus radiokanalda esa Vahshiy bilan Fir’avnning so‘zlashuvi davom etmoqda edi: Maxes, nishonni ko‘ryapsizmi? Fir’avn, shamol kuchayib bormoqda, hammayoq qum tepa ham, past ham hech narsa ko‘rinmaydi. Maxes, nishonni qidiring! Fir’avn, buning iloji yo‘q, hech narsa ko‘rinmayapti, ekranlarda ham. Begona uchoqlar bizga nisbatan jangovar yo‘nalishga o‘tdilar. Maxes, boshqa uchoqlarga e’tibor qilinmasin. Biz ularni fazodan ushlab turibmiz. Izlashni davom ettiring! Tushundim, izlashda davom etamiz. Bo‘rondan O‘n Daqiqa Avval. Oradan o‘n daqiqa o‘tganida, bag‘riga Professorni va uch yuz chog‘li yo‘lovchini olgan bahaybat Boeng Dreamliner uchog‘i bo‘ron hududiga yetib keldi. Meteokuzatuv markazlarining taxminlari haq bo‘lib chiqdi, Atlantika ummonidan to Osiyo sohillarigacha bo‘lgan hududda misli ko‘rilmagan shamollar va girdoblar paydo bo‘lgan, ayni paytda Tinch, Hind va Shimoliy muz ummoni ustidagi havolar ham Gobi tomonga surila boshlagan edi. Shamolning yo‘li qing‘ir-qiyshiq ilon izini eslatardi Atlantikaning ufqqa qadar enlab yotgan oxiri ko‘rinmas suv hududlaridan boshlangan bu g‘alayon negadir O‘rtayer dengizining jazirama hududini chetlab o‘tmoqda, abadiy muzlar o‘lkasida hosil bo‘lgan epkinlar esa, asriy qorlarni to‘zg‘itib va muztog‘larini sindirib, yo‘lida quyunlaru qasirg‘alarni hosil qilgancha, ulkan jonli ilon singari sahro sari harakatlanmoqda edi. Yaponiya tomonda esa teskari harakat ro‘y berdi dunyoning bu chetida hosil bo‘lgan epkinlar ham boshqa bir ilon singari Gobi tomonga tobora zo‘rayib boruvchi shiddat ila intilar, cho‘l uzra turib qolgan qaynoq havo yuqoriga ko‘tarilib, tepa qatlamlarda teskarisiga esuvchi yanada kuchliroq boshqa epkinlarni hosil qilgan edi. Eni yetmish-sakson, yuksakligi o‘n kilometrga yetgan ulkan aylanuvchi quyunlar ilon boshlari o‘zida mislsiz quvvatni jamlagan edi. Insonlar nafas oladigan va mayin esganida rohat keltiradigan bu ne’mat to‘satdan shaklu shamoyilini va yaratilish maqsadini o‘zgartirib, ofatga aylangan, bo‘ron markazida havoning yuqori o‘rlashi oqibatida o‘nlab ana shunday girdoblar hosil bo‘la boshlagan, quyunlarning o‘zagida shamolning esish tezligi soniyada ikki yuz metrgacha yetgan edi. Quyunlarni chetlab o‘tish maqsadida, Boeng Dreamliner uchuvchilari va uchishni boshqarish markazi mutaxassislari yanada yuqori ko‘tarilishga qaror qildilar bu uchoq o‘n ikki kilometrgacha ko‘tarila olardi, bo‘ronlarning balandligi esa odatda o‘n kilometrdan oshmas, bunday yuksaklikdagi ellik besh daraja sovuqda havo sovib, quyun shiddati o‘z-o‘zidan pasayib ketar edi. Kuchli motorlar zo‘riqib guvilladi uchoq bu qadar yuksaklikka tikkasiga ko‘tarila olmas, ko‘tarilishi uchun yana yuz ellik kilometr masofani uchib o‘tishi kerak edi. Bu orada axborot agentliklari bir faylasufning Markesning maktubi haqidagi fikrlarini, ortidan uning o‘zining bayonotini ham tarqatdi. Faylasuf, bu dunyoda shu qadar bilim va tajribadan tashqari, favqulodda fikriy quvvatga ega bo‘lgan Markesday kishining dunyodan ketar chog‘i bunday gaplarni aytishiga shubha bildirgan edi. Ortidan kelgan xabarda Markes bunday vidonomani yozmaganini, bedavo dardga giriftor ekaniga qaramasdan, mabodo o‘lim oni yaqinlashganini sezgani taqdirda ham safarga jim, lom-mim demasdan jo‘nashini aytgan edi. Lo‘lilar karvonboshisi sahroda itini ergashtirgan bir devonavash odamni ko‘rdi, u yalangoyoq, sochlari o‘sgan, qo‘lida aso, kunbotar tarafga g‘arbga qarab ildam ketib borardi. Bu tani xokiyniyu ruhi ravonni na qilay, Bo‘lmasa qoshimda jonon, bu jahonni na qilay? Uroyinmi boshima yetti behishtu do‘zaxin, Lomakondan xabar oldim, bu makonni na qilay? Bu sarob edi, lekin shu qadar haqqoniy va aniq ediki, karvonboshi ortiga tisarildi. Uni boshqalar ham ko‘rdilar, ammo karvonboshi qat’iy qilib: Ko‘rganingiz sarob, ishingizda davom eting, deb buyurdi. Va teskari tomonga o‘girilganida, osmon bo‘yi keladigan, yeru ko‘kni enlagan bir quyunning shu tomon yopirilayotganini ko‘rdi. Bo‘ron oldidan sodir bo‘lgan g‘alati hodisalar Avliyoni ham chetlab o‘tmadi. Itini ergashtirib ketib borayotgan majnunvash kishini u ham ko‘rdi, faryodini ham eshitdi: Ajab Majnun erurman, dasht ila sahroga sig‘mamdur, Dilim daryoi nurdir, mavj urib dunyoga sig‘mamdur. Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mendadir mavjud, Chu sultoni azaldurman, ki arshu a’loga sig‘mamdur. Shuningdek, avliyo uning ortidan borayotgan boshqa bir bandani ham ko‘rdi. Bu ikki odam shu kez kunbotar tomonga ketib bormoqda edilar. Shundan so‘ng avliyo g‘or og‘zida o‘sib chiqqan bir qamishni qirqib oldi, ichini tozaladi, bag‘ridan teshikchalar ochdi va labiga qo‘yib pufladi, naydan dunyodan o‘tib ketgan barcha kishilarning, xalqlarning va millatlarning umum armonlarining, yashash maqsadlarining va hayot hikmatlarining hikoyati monand mungli va qayg‘uli nido taraldi: Istaganlar bizni sahroi balodan istangiz, Vodiyi hijron ila dashti fanodan istangiz. Mezonul-Avzon Professor ufqdagi bo‘ronning chirpirak bo‘lib aylanishiga aqlu shuuri lol bo‘lib boqmoqda, bu asov haybat va qudrat qarshisida uning ich-ichidan tiyiqsiz va boshqarib bo‘lmas xavotir bosh ko‘tarib chiqmoqda edi. Bu g‘ayriixtiyoriy xavotir edi. Tevarakdagi oddiy hodisalarning o‘z nizomidan xiyolgina chetga chiqishi kishi ko‘nglida aqlga itoat qilmaydigan hissiyotlarni va qo‘rquvlarni bino qilar, ong harchand urinmasin, yurak yaproqday dir-dir titrashini qo‘ymasdi. Uning nazarida, sahro hududlarida bino bo‘lgan va hozir qaylardadir Parvardigorini izlab yurgan barhayot odam, shusiz ham mukammal nizomlardan tashqariga chiqishga urinayotgan izlanuvchilar, tobora to‘s-to‘poloni chiqib borayotgan zamonaviy dunyo bilan mana shu shamol junbishi o‘rtasida elas-elas ilg‘anar bir bog‘liqlik bor edi go‘yo. Insonlar va tabiat nafas oladigan, yer yuzidagi hayotni mudhish va o‘limchil ta’sirlardan qo‘riqlab turadigan, ulkan ummonlarni o‘z bag‘rida mayin suzdirib, lozim bo‘lgan joylarga hech kimga zarari tegmaydigan, balki odam bolasining zavqini keltiradigan tarzda yomg‘ir qilib yog‘diradigan, yuzlarni siypalaganida rohat baxsh etadigan havo deb atalmish bu ne’matning to‘satdan ofatga aylanishi bejiz emas edi! Olamlar Parvardigori, agar istasa, yorug‘ dunyodagi har qanday ne’matni baloga yoki halokatga aylantirib qo‘yishi mumkinligini namoyon qilayotganday edi. Gullab-yashnayotgan tiriklikning ona unsurlaridan biri bo‘lmish suv ham goh-goh dolg‘alanib, tevarak-atrofni g‘orat aylaguvchi bahaybat balo qiyofasiga kirmoqda, bag‘ridan sanoqsiz ne’matlarni chiqarib-muhayyo qilib turguvchi yer yuzi goh-goh shiddat ila qo‘zg‘alib, zilzilalar hosil qilmoqda, teranliklaridan olov va erigan ma’danlardan iborat vulqonlarni ufurmoqda, insonlarni sovuqdan himoyalanishiga, lazzatli taom tayyorlashlariga, hayotlari uchun lozim bo‘ladigan turli-tuman asboblarni yasashlariga imkon beruvchi alanga ham goho tegrasidagi barcha narsani kuydirib-kul qiluvchi bahaybat falokat shakliga kirmoqda edi. Dunyoning tamali bo‘lmish to‘rt unsur ana shu tarzda Parvardigori olamning qudrat-irodasiga tamomila bo‘ysungan holda o‘zgarmoqda va yer yuzidagi tafakkur qiluvchi yagona jonzotga odam bolasiga qarata o‘z tilida xitob aylamoqda edi. Tafakkur qiluvchilar uchun esa yanada chuqurroqda boshqa haqiqat yashiringan edi! Ya’ni, bunday falokatlaru ofatlarsiz ham, har daqiqada yuzlab insonlarning boqiy ruhlari foniy vujudlariniyu yorug‘ dunyoni tark etib, tasavvur yeta olmas abadiy makonlarga unsiz va jim jo‘namoqda edilar. Bunday falokatlar va to‘fonlar mangulik safariga yo‘l olayotgan kishilarning qalblarida ham ro‘y berayotgan bo‘lsa ne ajab? Ha, inson bolasi uchun qiyomat jon taslim qilgan onidan boshlanmoqda insonlar ana shu qiyomat kuniga duch kelmaslik uchun dunyoda iloji boricha ko‘proq muddat turishni orzu qilmoqda o‘zlarining shusiz ham barhayotliklarini anglayolmasdan, vaqt o‘tgani sayin juldurlashadigan vujud libosi ichida mangu qolmoqni ixtiyor etmoqda edilar. Bir tomondan, zamonaviy ilmlarning cho‘qqisi hisoblanmish gen muhandisligi tadqiqotchilarga mangu odam yaratish imkonini berayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, kashf etilgan barcha hujayralaru genlar o‘sha kun kelganida tub-tubidan parchalanib, nobud bo‘lib ketar, yanada haybatliroq haqiqat mana shunda edi! U kunda mezonlaru vaznlar tubdan o‘zgarar, barhayotlik boshqa shakl va mazmun kasb etar bu haqiqatlarni olam yaratilganidan to mahshar kunigacha dunyoga keladigan insonlardan faqat bittasi eng muboragigina o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi, xolos! Aqlu tafakkur anglab ololmaydigan ana shu hodisalarning yorug‘ dunyo qonuniyatlari kabi o‘z qonuniyatlari bo‘lib, ularni oddiy odam bolalari faqat hislari va yuraklari bilan seza olardilar. Insonlardan manguga yashiringan bu hodisalar zaminidagi ma’nolarga erishish tafakkur tarixida juda oz sonli kishilargagina nasib etgan edi. Professorning yodiga ana shunday muboraklardan birining misralari keldi. San’atining teranliklariga turli ishoralarni va hikmatlarni yashirib ketgan bu kishi, umr shomi yaqinlashayotganini oldindan sezarkan, kelajakdagi barcha inson bolalariga asrlar ortidan, misralar aro iltijo qilmoqda edi. Nochor qalamim ostidan chiqqan va o‘zim duru gavhar deb taxmin qilganim satrlarni o‘qiguvchi kishi ila meni baqamti qilganing sening inoyatingdir, yuragimdan sitilib chiqqan misralarimga nigoh tashlagan har bir kishini o‘z marhamating soyasiga olgil deb, o‘quvchining haqqiga oldindan duo aylamoqda va o‘zi ham duodan umidvor holda munojot qilmoqda edi: Yo Rab, bu zarbulmasalning turli sho‘x va dilga firib beruvchi ma’nolari vaslini menga nasib aylading. Endi uni: El ko‘ziga dog‘i mahbub aylagil, Barcha xotirlarg‘a marg‘ub aylagil. Ma’nilarini elga ma’qul va marg‘ub qilganing ramzlarni esa: Garchi maqsudig‘a mubhamdur bayon, Qush tilin el ko‘ngliga qilg‘il ayon. Shundan so‘ng esa bu mangu zot xokisorlikning va samimiyatning ajoyib namunasini tuhfa etgan edi: Kimga ondin hosil o‘lsa muddao, Lutf etib Foniyni ham qilsa duo. Ayla oning ham duosin mustajob, Ikkimizni ollidin olg‘il hijob. Tab’ima tushsa xato birla zilal, Kilkima sahv o‘ldi ersa yo xalal. Lutf ila, yo Rabki, borin afv qil, Nomai a’molidin ham mahv qil. Har parishon so‘zki yozdim, yo Karim, Baridin astag‘firulloh, al-azim. Buyuk iste’dod va bemisl fikriy quvvat hosilasi bo‘lmish bu misralardan orttirib so‘z aytish mahol edi. Dunyodan ketar kishining bundan marg‘ubroq so‘z aytishi ham mahol edi. Professor Ziyoning ko‘zlariga yosh quyilib keldi. Yodida esa ulug‘ mutafakkirning so‘ng misralari xuddi quyun kabi chirpirak bo‘lib aylana boshladi: Har parishon so‘zki yozdim, yo Karim, Baridin astag‘firulloh, al-azim. Bo‘ron Bag‘rida rahmat yomg‘irlarini olib keluvchi bulutlarni haydab esadigan shamol bu gal boshqa bulutni falokat bulutini olib kelmoqda edi. Ummon ustida u shu qadar zo‘raydiki, balandligi o‘ttiz metrlik to‘lqinlarni hosil qildi, sohilga yaqin joylarda esa girdoblar ko‘kka ajdar kabi sapchidi, millionlab baliqlar shu to‘lqinda halok bo‘ldilar, girdob ularni bir necha kilometr balandga ko‘tarib, sohildan yuzlarcha chaqirim ichkariga chorva maydonlariga olib borib tashladi. Tailand sohillariga dam olishga kelgan sayyohlarning ko‘pchiligi to‘fon ostida qolib ketdi. Bir tomondan yopirilib kelgan to‘qqiz qavatli uy balandligidagi to‘lqinlar, ikkinchi tomondan hosil bo‘lgan ulkan girdob sohilning ichkari qismida joylashgan otellarni ham vayronaga aylantirdi. Qiziqish tufayli bo‘ronga qarshi chiqqan va uning qarshisida tili kalimaga kelmay qolgan allaqanday zamonaviy yoshlar to‘dasi ham xasday sovurilib ketdi, ularning jasadlari keyinchalik ham topilmadi. Dunyoning kayfu safo markazlaridan biri hisoblangan Tailand sohillari tamomila vayronaga aylandi. Shamol va quyun shundan so‘ng Osiyo cho‘llaridagi millionlab tonna qumni ichidagi jonzotlari va nabototi bilan qo‘shib samoga ko‘tarib ketdi, butun samoni qum buluti enladi. Shuningdek, Kuyten-Nayramdal cho‘qqilaridan yuz ellik chaqirim masofada joylashgan Inson takomili markazining bir qavatli beton binosini ham sindirib-parchalab, xizmatchilariyu yerto‘lalari, tajribaxonalariyu aqli noqis, mayib-majruh sun’iy urchitilgan odamlari va fazoviy aloqa qurilmalari bilan qo‘shib ko‘klarga ko‘tarib ketdi, ularning hammasi qum bo‘roni aro ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ichida xas-xashaklaru shox-shabbalar mayda-chuyda cho‘l jonzotlariga qo‘shilib chirpirak bo‘lib aylanayotgan, girdoblari ulkan jonli ilonlar kabi yerdan ko‘kka cho‘zilgan bo‘ron, sahroning har bir qadamini g‘oyatda sinchkovlik bilan titib chiqib, hozir nishonini yo‘qotib qo‘ygan va bir-birlariga tashlanishga shay turgan harbiy uchoqlar tomon shiddat bilan yaqinlashib bormoqda edi. Ana shu to‘s-to‘polon ichra zamindan yangi bir girdob o‘sib-bosh ko‘tarib chiqdi, uning tubi ingichka, yuqorisi esa eni yetmish kilometrlik bahaybat ajdarni eslatardi, Gobi hududida jangovar holatda turgan harbiy uchoqlarni ana shu girdob birpasda o‘rab-chirmab, o‘z domiga tortib ketdi. Parvardigori olamning g‘azab qudratini ojizona tamsil etgan bu asov g‘alayon ichida qudratli harbiy mashinalarning qanotlari o‘sha zahoti sinib-parchalandi, quyun ularning zamonaviy qurollarini misqog‘oz kabi ezg‘ilab-parchalab tashladi, zirhlarini raketalari bilan qo‘shib uzib-yulqib oldi, o‘q o‘tmas oyna ortida sarosimaga tushgan harbiylarning qo‘rquvdan burishgan yuzlari bir lahzagina lipillab o‘tdi xolos, so‘ngra uchoqlarni aql bovar qilmas tezlikda g‘oyat yuksaklardan yerga opkelib urib, yer qa’riga kamida yuz quloch chuqurlikka ayovsiz tiqib yubordi, chuqurlar ham o‘sha zahoti qum va tuproq ostida ko‘milib-yo‘q bo‘lib ketdi. Gobiga xufyona kirib kelgan barcha harbiy uchoqlarning taqdiri ana shunday yakun topdi. Endi bo‘ronning bir uchi Tiyonshon kemtigidan o‘tib, yanada g‘ayrioddiy kuch bilan esmoqdaydi. Cho‘l jonzotlarining bari yashirinib ulgurgan edilar. Tevarak xuddi ummon kabi to‘lqinlanar, sahro bir kitob kabi varaqlanar, balki qumlarning yangi sahifalari ochilmoqdaydi. Bag‘rida uch yuz chog‘li yo‘lovchini olib Atlantika ummonidan o‘tib kelgan va hozir sahro uzra uchib borayotgan Boeng Dreamliner o‘n ming metrga qadar ko‘tarilganida, dahshatli bo‘ronning bir uchi unga yetib keldi. Qum ikki yuz yigirma tonnalik ulkan havo laynerining motorlariga kirib tiqildi, darchalarni enladi, havo filtrlarini to‘ldirib, hatto g‘ildiraklar turadigan joygacha va qanotlarning boshqaruv qurilmalarining ichigacha kirib bordi. Oddiy qumlardan farq qilib, bu qum shuvillab to‘kilib ketaverar, eng kichik tirqishga xam kirib to‘ldiraverar edi. Oradan bir daqiqa o‘tib-o‘tmay, uchoqning to‘rtala motori ham ishdan chiqdi, uchoq muvozanatini saqlay olishi uchun motorlar tananing qoq o‘rtasiga o‘rnatilgan bo‘lsa-da, dum qismidagi yuk bosib ketdi, uchoq shitob bilan pastga og‘ib berdi u qulay boshladi. Boshqaruvning yo‘qolgani va motorlar ishlamayotgani bois shamol epkinida gir aylandi, teskari yo‘nalishda urgan boshqa bir epkinda uning lonjeronlari qarsillab uzildi, so‘ng o‘ng qanot sindi, unga o‘rnatilgan ikki motorning og‘irligi bois havoda chirpirak bo‘lib aylangancha, qum qorong‘iligi ortida pastda g‘oyib bo‘ldi. Roppa-rosa uch soniyadan so‘ng ikkinchi qanot ham uzildi va u ham bo‘ron shiddati aro ko‘zdan yo‘qoldi. Shunga qaramay, qanotsiz qolgan uchoq uchishini davom ettirmoqda edi. Bor-yo‘g‘i o‘ttiz ikki soniyada uchoq yerga kelib urildi, urilgan joyida ulkan chuqur hosil qilib, tepaga qayta sapchidi, tezlik katta bo‘lgani uchun u bir necha qismga bo‘linib ketdi, bo‘laklar urilish kuchi oqibatida yana bir qancha yuz metr joygacha uchib-parchalandi, parchalar orasida odamlarning tanalari va yuklar ham ko‘zga tashlanar edi. Shamol uchirayotgan qum zarralari mayda parchalarni shu zahoti ko‘mib tashladi, kattaroq bo‘laklar oldida esa qum uyula boshladi. Bu halokatda birovning tirik qolganini taxmin qilib bo‘lmasdi qulash chog‘idayoq ko‘pchilikning yuragi yorilib ketgan, baquvvatroqlar esa urilish chog‘ida jon taslim qilgan edilar. Tiyonshon yonbag‘ridagi g‘orda istiqomat qiladigan avliyo ham qo‘rquvga tushgan edi. Parvardigori olam kuch-qudratining bir timsoli bo‘lgan bu ofatning nima ekanini u yaxshi bilardi. Uning bilgani tarixga ko‘ra, azobu uqubatlar ham, rahmatu barakotlar ham aynan shamollarning qanotlarida kelar edi. Bir ozdan so‘ng urilgan yanada shiddatliroq epkin g‘or og‘zida o‘sgan anjirni rizq daraxtini tag-tomiri bilan sug‘urib oldi va pastlikka qarab xasday uchirib ketdi. Sahrodagi lo‘lilar karvoni haliyam o‘z joyidan qo‘zg‘almagan edi. Karvonboshi shamolning zo‘rayib borayotgan g‘alayonini ko‘rib, hammani barxan ortiga ko‘chirdi, uxlayotgan nevarasini ko‘targancha, barxan yonboshidagi chuqurlik ichiga avaylab yotqizdi, ustidan to‘nini yopib qo‘ydi. Qolganlar lom-mim demasdan shamolning hayqirishiga quloq tutib turardilar, shamol ularning kiyimlarini yulqilab-uzguday bo‘lib esmoqdaydi. Lo‘lilar karvonboshisi uning, shu sho‘rlik kavmning vatan ilinjida besamar daydishlariga chek qo‘yishi kerak bo‘lgan shamol ekanidan umidvor edi. Karvonboshi turli xalqlarning turlicha ibodatlarini bilar, biroq, qaysi birining ibodati qay tarzda qabul qilinishidan bexabar edi. Shu bois ham u eng so‘nggi payg‘ambarning ibodatini qildi: ko‘zlariga qum tiqilgan holida kunbotarga qarab shundoqqina qum uzra cho‘k tushdi. Va agar bu shamol umrlariga nihoya qo‘yadigan bo‘lsa, hayoti dunyodagi umrini xotimalaydigan bir ibodatni ado etishga kirishdi. Shamol yeru ko‘kni enlab roppa-rosa bir kecha esdi. Shundan so‘ng g‘alayon asta-sekin tindi. Tiyonshon va Oltoy yonbag‘irlaridagi o‘rmonlarning ahvoli achinarli edi: sarvqomat archalar qoq bo‘linib-sinib ketgan va ayqash-uyqash bo‘lib uyilib yotardi, ularning ostida halok bo‘lmay qolgan va yaralangan hayvonlarning bo‘kirishlariyu chiyillashlari tevarakni tutib ketgan edi. Sahrodan kelgan qum bo‘ronlari avliyoning g‘orini abadiyan bekitib tashladi. Biroq, shu mahalda ichkariga kirgan odam hayrat barmog‘ini tishlashi shubhasiz edi:ichkaridagi havo sarin va yengil, gullarning islari anqib turar, avliyo esa sajda qilgan holida jonini Haqqa topshirgan, balki ko‘pchilik orzu qiladigan go‘zal o‘lim edi bu. Oltoy tizmalarining etagidagi Otgon-Tengri Uul vodiysidan yuz ellik chaqirim masofadagi Inson takomili markazi joylashgan yerni ham qum tep-tekis bosib tushgan edi. Qum uzra goh ko‘rinib-goh ko‘rinmovchi ulkan to‘mtoq qurt olg‘oy-xorxoy, tushunarsiz ravishda imillab o‘rmalab borardi. Tenerif sahrolarida yana bir bahaybat toshbaqa paydo bo‘ldi, u ortmoqlab olgan toshning uzoridagi naqshlar muqaddas yozuvlarni eslatardi kim bilsin, balki yana minglab kishilar shu yozuvni ko‘rib, imonga kelsalar ne ajab? Sahroda hech qanday iz qolmadi, barchasi xuddi tarix kabi supurilib ketdi. Shamol lo‘lilar karvonini ham qum bilan tamoman ko‘mdi, ularning ayollari, bolalari va hatto ulovlari ham qalin va og‘ir qum qatlami ostida qolib ketdilar. Lo‘lilar karvoni ko‘milgan joydan yuz ellik kilometr g‘arbda ulkan uchoq qoldiqlari sahro bo‘ylab sochilib ketgan edi, qum ularni ham tep-tekis qilib bosib tushdi. Qaragan ko‘zga shu topda hech narsa ko‘rinmas, ufqlarga qadar sarg‘ish-qizg‘imtir qum enlab yotardi:na uchoq, na uchoqning yo‘lovchilari va na Professor Ziyo. Xotima Yangi ochilgan qum sahifasida sahro bo‘ylab bir banda yolg‘iz ketib bormoqdaydi. U baland bo‘yli, uzun sochlari yelkasiga tushgan, yalangoyoq bir odam edi. Bu odamni keyingi asrlarda yanada ko‘proq eslaydilar. Uni goh darbadarlikka mahkum insonlarning, goho esa taqdirlarning va xalqlarning timsoli sifatida tilga oladilar. Va unga Boqiy darbadar deb nom beradilar. O‘ylashga Undovchi Asar Boqiy darbadarning janrini muallif roman deb belgilabdi. Ehtimol, ayni hol didi an’anaviy romanlar ruhida tarbiyat topgan o‘quvchida e’tiroz uyg‘otar ham. Axir, bunda yaxlit bir voqea bo‘lmasa, ko‘p planli syujet asosida voqelikning keng epik manzarasi tasvirlanmagan bo‘lsa, markazida qahramon turmasa nimasi roman?! Jahon adabiyoti tajribalaridan, xususan, G‘arbda yarim asrlar ilgari boshlangan “yangi roman” bobidagi izlanishlardan ozmi-ko‘pmi xabardor o‘quvchida e’tiroz tug‘ilmasayam kerak. Zero, Boqiy darbadarda an’anaviy eposga xos voqeaband syujet o‘rnida sirtdan bir-biriga bog‘lanmay turli makon va zamonda, goh reallik, gohi xayolotda kechuvchi voqealar tasvirlangan, markazida risoladagidek qahramon turmagan bo‘lsa-da, ularni bir narsa hayotning ma’nisiyu bashariyat taqdiri haqida o‘yga tolgan muallif shaxsi birlashtiradi, yaxlit butunlikka romanga aylantiradi. Isajonning bitigi an’anaviy yo‘lda yozilmagani aqlga tayin, lekin uni modernizm yo postmodernizmga taalluqli etishga-da qiynaladi kishi. Modernistik asar deyin desa, unda ham turfa uslublar ko‘hna diniy rivoyatlardan tortib hozirgi internet tiligacha, ham turfa janrlar qadim diniy didaktikadan tortib urfdagi boyevikkacha quroq-qorishiq birbutunlik kasb etayotibdi. Hay, postmodernistik asar deb qo‘ya qolay desa, muallif olamu odam haqidagi o‘y-tashvishlarini ifoda etmoq uchun badiiy model postmodernistlar inkor qilgan metarivoyat yaratib qo‘yibdi. Holatdan chiqishga urinish demang-u, nazarimda Isajon o‘zi bilgan bizdagiyu xorijdagi ijodiy tajribalarning barini ichdan o‘tkazibdi bugun o‘zini qiynab turgan muammolarning badiiy idrokiyu ifodasi uchun maqbul shakl izlapti, izlanishlari sintezga olib kelibdi. Darvoqe, g‘arbda urf bo‘lgan izmlar ma’naviyatimiz uchun zararli deguvchilarning tashvishlari, albatta, asossiz emas. Marg‘ub tomoni shuki, Isajon o‘sha izmlardan maqbul shaklni olgani holda, o‘zi milliy zaminda sobit turibdi. Jillaqursa bir jihatni olaylik:postmodern kayfiyat degani millatlaru milliy madaniyatlar qorishuvini ko‘zda tutadi, shunday zamindan unib chiqadi. Yozuvchimiz esa bu ruh-kayfiyatni butun vujudi bilan inkor qiladi, professor Ziyoning o‘g‘li kabi o‘zi sevgan, amallaridan O‘zi rozi bo‘ladigan xalq orasida yaralganiga shukrona keltiradi, ro‘zi mahsharda o‘z jonajon tuprog‘ida, o‘z jonajon millati bilan birga bo‘lishni orzu qiladi; Vatanni iymonining qo‘rg‘oni deb biladi, dilining ildizlari shu yer osti buloqlariga bog‘lab qo‘yilganday, uzilsa quriydigandek his qiladi o‘zini. Ha, asl ijod, agar u milliy-madaniy zaminda voqe bo‘lsa, aslo ko‘r-ko‘rona taqlid bo‘lmaydi. Zero, ijodiy sintez degani bir jihatdan alximiyaga monand:kimyogar turli moddalarni qorishtirib sar oltin olishga intilarkan, singishmagan moddalar cho‘kindi bo‘lib shishada qolaveradi. Yozuvchi hayotning ma’nisiyu bashariyat taqdiri haqida o‘yga tolgan, dedik. Axir, inson hayotidan ma’ni izlash so‘nggi ikki asr mobaynida adabiyotning markaziy muammosiga aylanmadimi? Ha, hatto modernizmning ayrim oqimlari inson hayotini har qanday ma’nidan ayro tushadi deb da’vo qildi ham, ozmi-ko‘pmi shu kayfiyatga tushdik ham. Xayriyatki, islom nuri bilan yorishgan dillar bu kayfiyatni o‘ziga sig‘dirolmadi, sig‘dirmadi. Jumladan, Isajon ham. Yozuvchi muammoning ildiziga nazar soladi va ko‘radiki, Yaratganidan uzoqlashishi barobari inson hayotining mazmuni yo‘qolib borayotganini teranroq his qilgan, bu his muttasil kuchayib borgan. Va bu nihoyasiz jarayon. Shuning uchun ham romanda yaralmish inson tangrining irodasiga isyon o‘laroq yaratgan eng oliy mavjudot klon ham olamning nechog‘li mukammal yaratilganini idrok etgach, mazkur silsila aro o‘z o‘rnini topishga harakat qiladi. Ammo hayhot.topmaydi, topolmaydi. Shu bois ham dunyolarga sig‘maydi, olamni bunchalar mukammal yaratgan Zotni izlab topish va butun olam yaratilishining sabablarini O‘zidan so‘rash uchun bosh olib chiqib ketadi. U ko‘zlagan manzil belgili: izlagani Uning irodasiga va mening yaratilishimdan maqsadiga mos keladigan makon va zamon. Biroq, hayhot.u tushgan yo‘l qayon eltadi, ko‘zlagan manziliga yetadimi va yo o‘sha mangu darbadarga qismatdosh bo‘lib qoladimi? Kim biladi, butun olam ilgarilab borayotgan turli-tuman yo‘llarning qay biri haq yo‘l? Sobit ishonch bilan qismatimiz shu sahroda yashab Parvardigorga ibodat qilish va ajalimiz yetganida jonimizni O‘ziga topshirishdir deya kundalik yumushlariga mashg‘ul badaviylarmi? Va yo yorug‘ olamga etak silkib, butun borlig‘i qalbiyu aqli bilan yaratganga yuzlangan avliyoning yo‘limi? Asarda savollar qo‘yilgan, javob esa imkondan tashqarida, zero, uchinchi parvona misoli alanga ichiga kirib otash ichra g‘oyib bo‘lgangina biladi va o‘zi erishgan bilim haqida gapira olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Aslida, professor Ziyoning o‘g‘li aytmoqchi, tevaragimiz ramzlarga va timsollarga to‘ladir. Va shu rumuzu timsollar aql qulog‘iga baland ovoz bilan xitob qilib turibdi. Biroq biz, biz eshityapmizmi shu xitoblarni?! Mabodo, dovonga ko‘tarilgan sari quloqlar bitgani kabi, bashariyat safida yuksalishimiz barobari aql qulog‘imiz ham bitib bormayaptimi?!. Qadimgilar adabiyotni tabiatga taqlid deganlar. Chamasi, Isajonga ham shu yo‘ldan borish ma’qul ko‘rinibdi romanni ramzu timsollarga to‘ldiribdi. Bu ramzu timsollar tafakkurimizga qaratilgan fikr bilan ularni chaqishimiz tafakkurimizni charxlashiga imonim komil. Asarni o‘qiganda bir-biridan murakkab savollar ketma-ket qalqib chiqaversa ham, ehtimol. Lekin ular ichida eng muhimi, bugungi taraqqiy darajasiyu ertangi imkonlari ufqining chamasidan masruru mag‘rur turgan XXI asr kishisi uchun eng jo‘n va eng murakkabi mana bulardir
Manba:
Nomi | Boqiy Darbadar |
Muallif(lar)i | Isajon Sulton 1967 |
Yaratilgan vaqti | 14.12.2023 |
Nashr yili | 0 |
Nashr parametri | - |
Nashriyoti | Sharq yulduzi |
Qo‘llanish sohasi | adabiyotshunoslik |
Adabiy turi | Dramatik |
Janri | adabiy maktub |
Voqea vaqti va joyi | 2010 |
Matn tipi | detektiv |
Uslubi | Badiiy |
Auditoriya yoshi | Umumiy |
Auditoriyaning salohiyat darajasi | adabiyotshunoslik |
Ichki korpus turi | Davriy nashrlar korpusi |
So‘z(shakl) miqdori | 0 |
Teglovchi | Kamoliddin |