Kontekst:
Bozorboy Oxunovich har kuni ishga ketar oldidan bugungi gazetaga bir ko‘z tashlab olishga odatlangandi. Ilgarilari bunaqa odati yo‘q edi. Umuman, gazeta o‘qimasdi. Keyingi paytlarda gazetada uriladiganlarning aksari Bozorboy Oxunovich ishlaydigan sohaning kishilari edi. U har kuni ertalab yostiqdan bosh ko‘tarar ekan, bugun kim urildi ekan, deb o‘ziga tanish kishilarning qiyofasini bir-bir ko‘z oldiga keltirardi. Ana shuning uchun ham Bozorboy Oxunovich bir yildirki, gazetaga obuna bo‘lgan. Uning gazeta o‘qishini o‘qish demasa ham bo‘ladi. Qo‘liga oladiyu uyoq-buyog‘ini bir qarab, hayriyat, tinchlik ekan, deb xotirjam ishiga ketaveradi. Bugun ham odati bo‘yicha nonushtadan keyin labini sochiqqa arta turib xotiniga buyurdi: Tijo, gazetni keltir! Xotini Tijoratxon qirq yoshlarda, avji shiraga to‘lgan ayol. U erining oldida chap qo‘li bilan ko‘ylagining ikkala yoqasini birlashtirib ushlab turib gaplashadi. Uning bu qilig‘i eriga juda-juda yoqadi. Negaki oppoq ko‘kragining qoq o‘rtasidagi moshdek xoli nihoyatdan yashnab ko‘rinadi. Bozorboy Oxunovich har gal ko‘zi o‘sha xolga tushganda, hoy Sanginova, bu xol faqat meniki, begonalarning ko‘zi tushmasin, deb hazillashardi. Tijoratxon bu xolni o‘z tili bilan aytganda faqat o‘z xo‘jayinidan bekitardi. Hozir ham pochta qutisidan gazeta olib qaytarkan, chap qo‘li bilan ikkala yoqasini birlashtirib eriga uzatdi. Bozorboy gazetani ochishi bilan yerga bir konvert tushdi. Qiziq bo‘ldi-ku?! Bu qanaqa xat? Bozorboy umrida pochta orqali xat olmagan. Talefon, elektr, kvartira haqlari uchun keladigan xatlar konvertsiz bo‘lardi. Bu kimdan bo‘ldiykin? U gazetani bir yoqqa qo‘yib konvertni ochdi. Xat. Shoshib o‘qishga kirishdi. «Hoy, Ovsar! Bosar-tusaringni bilmay qolding-ku!..» Bozorboyni maktabdosh o‘rtoqlari «Ovsar» deb atashardi. U boshlang‘ich maktabda o‘qiyotganida duch kelgan sinfga kirib o‘qiyverar, unga qaysi sinfligi, nechanchi sinfligining ahamiyati yo‘q edi. Bunaqa qilig‘iga o‘rgangan o‘qituvchilar darsni to‘xtatib Bozorboyni yetaklab, o‘z sinfiga opkirib qo‘yishardi. Ana shuning uchun «Ovsar» deyishardi. Bozorboy xatning bu yog‘ini o‘qiy boshladi: «...Ko‘zingni och, mehnatsiz topilgan pul hech kimga vafo qilmagan. Shuncha pulni nima qilasan? Go‘ringga olib ketasanmi? Poraga mukkangdan ketding-ku, jo‘ra! Bunaqada bir kun emas, bir kun tumshug‘ingdan ilinasan. Shu hafta ichi besh kishidan pora olding. Begijondan ikki ming, Rahmonalidan bir yarim ming, Tursunxo‘jadan ikki ming, To‘xtamuroddan ikki yarim ming so‘m olding. Axir, ular jamoatchi muxbirlar-ku! Jinoyat qonunining qaysi moddasi bilan qanchaga qiya bo‘lib ketishingni bilasanmi? Agar shu yorug‘ jahonda toza havodan nafas olib yuray desang, fursatni o‘tkazmay olgan pullarni egalariga qaytarib ber. Hozir jar yoqasida turibsan, jo‘ram. Senga hurmat bilan do‘sting XAYRIXOH». Xat Bozorboyning qo‘lidan tushib ketay dedi. Ko‘z oldi qorong‘ulashib, chap qoshi lip-lip ucha boshladi. Tijoratxon bor og‘irligini tashlab, erining yelkasiga iliqqina ko‘ksini bosib so‘radi: Xat kimdan ekan, dadasi? Bozorboy istar-istamas javob qildi: O‘ynashimdan. Ya’ni kundoshingdan. Voy, ado bo‘lsin. Qo‘ying bunaqa gapni. Feleton chiqmayaptimi? Bozorboy, o‘chir, deb yubordi. Ertaga chiqarmish. Feleton qilsak maylimi, deb o‘zimdan so‘rashipti. E, gapingiz qursin, dedi Tijoratxon erining yelkasidan ko‘ksini uzib. Bugun juma, yaxshi, niyat qiling. Farishtalar omin devormasin. Menga qarang, qizingiz sizdan araz. «Jiguli»siga ballon obermabsiz. Bozorboy shunday qaradiki, Tijoratxon beixtiyor ikkala qo‘li bilan yoqasini birlashtirganini bilmay qoldi. Xotinining bu gapi go‘yo qish kuni sovuqdan dildirab turgan odamga muzdakkina ayron ichasanmi, degandek bo‘ldi. Shu o‘tirgancha bir soat o‘tirdimi, yo oshiqroq o‘tirdimi, o‘zi ham bilmaydi. Xotini uning boyagi o‘shqirishidan keyin biror nima deyishga tili bormay mung‘ayib o‘tiraverdi. Nima balo bo‘ldiykin, deb o‘ylardi xotini. Har kuni, o‘rtoq Sanginova, biz ketdik, deb xandon-xushon ishga jo‘nardi. Endi bo‘lsa tagini ho‘llab qo‘yib, quriguncha yotadigan bolalarga o‘xshab qimirlagisi ham kelmaydi. Qizining xonasidan hindcha qo‘shiq eshitildi. Orastaxon magnitafon qo‘yib par to‘shakka cho‘kib yotardi. Bozorboy har gal ishga ketar oldidan sochlarini yostiqda to‘zg‘itib yotgan Orastaxonning yotog‘iga kirib peshonasidan o‘pib qo‘yar edi. Qizi dadasini kutib yotgan bo‘lsa kerak. Ko‘cha tarafda mashina signal berdi. Dadasi, shofyoringiz signal beryapti. Nima deb aytay? Birpas kutsa o‘lib qolmaydi, dedi do‘ng‘illab Bozorboy. Xoy, er, sizga aytyapman, qizingizga ballon olib bering! Obbo, dedi Bozorboy uf tortib, bo‘pti, bo‘pti, to‘rtta ballon berib yuboraman. Qutuldimmi?! Tijoratxon erining bu xil tajangligidan tashvishga tusha boshladi. Ilgarilari ham ro‘zg‘or ishlaridanmi, yo ishxonadanmi tabiati kir bo‘lib qaytgandayam shunaqa ichimdagini top, deb toshdek qotib o‘tiraverardi. Shunday paytlarda Tijoratxon qizini ishga solardi. Bozorboy qanchalik tajang bo‘lmasin, qizining birgina erkalanishidan sariyog‘dek erib ketardi. Tijoratxon oyoq uchida yurib qizining yotog‘iga kirib ketdi. Zum o‘tmay sochlari hurpaygan, kechagi pardozlari yuzlariga chaplashib ketgan Orastaxon ich kiyimda yugurib chiqdi. Chiqdi-yu, dadasining bo‘yniga osildi. Orqasidan qo‘lida xalat bilan chiqqan onasi: Hoy, Oras, senga aytaman, xalatingni yelkangga tashlab ol, dadanglar oldida uyat bo‘ladi, degancha javrab qolaverdi. O‘zimni papamlar, o‘zimni papamlar... Orastaxondan gup-gup fransuz atiri bilan «BT» sigaretining hidi kelardi. Faqat shuning o‘zigina emas, balog‘at yoshiga yetgan qizlardagina bo‘ladigan ajib bir tarovatli hid ham anqib turardi. Bozorboyga qizining erkalanishlari ham yoqmadi. Yelkasini bir silkib, o‘tirgan stulini beri surdi. Orastaxon umrida dadasidan bunaqa muomalani ko‘rmagandi. Mung‘ayib dadasining o‘rtasi yaltirab qolgan boshiga, tokning zangidek bujmayib ketgan bo‘yinlariga qaradi. Tijoratxon tilga kirdi. Hoy, dadasi, sizga nima bo‘ldi, axir? Et-betingiz og‘riyotgani yo‘qmi? Validol beraymi? Jon xotin, o‘rgilay xotin. Qulog‘imni tagida hakkaga o‘xshab shaqillayvermagin. Narigi uyga chiq, chiq, deyapman! Tijoratxon, bu odamga bir balo bo‘lganmi o‘zi, deb qizini ergashtirgancha narigi uyga chiqib ketdi. Bir ozdan keyin uning: «Juvonmarg, qoq yarim kechasigacha qayoqlarda yuruvding», degan ovozi eshitildi. Bozorboy o‘ylardi: «Bu xatni biladigan odam yozgan. Kimdan qancha olganimni aniq yozibdi. Orqangda odam bor ekan, Bozor! Har qadaming hisobda ekan-ku, Ovsar! Eshmon emasmikan? Bordiyu o‘sha bo‘lsa, qayoqdan bildi ekan? O‘rinbosarim Akrom Qudratov tagimga suv qo‘ymoqchi. Yigitlar uni yo‘lga solish uchun u-bu berib ko‘rishdi. Olmadi, yaramas. Halol oylik maoshim bilan bola-chaqamni boqaman, dermish. E, boqib bo‘psan. Eshmonning qo‘ltig‘iga shu odam purkayapti. Bu aniq!» Bozorboyni bir narsa ezardi. Umrida birovga bir tiyin bermagan. Faqat olgan. Qaytib berish degan tushuncha unda mutlaqo bo‘lganmas. Mabodo, qaytarib berishga to‘g‘ri kelib qolsa, qay ahvolga tusharkin? O‘lib qolmasmikan? Yo‘q, hech bo‘lmaganda jinni bo‘ladi... Mabodo boshiga ana shunday ko‘rgilik tushgudek bo‘lsa kuniga xotini ham, erkatoy qizi ham yaramaydi. Lekin baribir nimadir qilish kerak. Yog‘ yalaganda yot, qon qusganda qarindosh kerak, deb bekorga aytmaganlar. Shulardan boshqa kimim bor... Bozorboy mashakdat bilan o‘rnidan turib qizining yotog‘iga kirdi. Xotini bilan qizi unga hayron qarab turishardi. Oras, dedi Bozorboy o‘zini o‘nglab, ajib bir mehribonlik bilan. Sendan bir gap so‘rayman. Ammo to‘g‘risini aytasan. So‘rang, dada, dedi lablarini cho‘chchaytirib Orastaxon. Bozorboy Oxunovich gapni nimadan boshlashni bilmay, ostki labini so‘rib, bir oz turib qoldi. Keyin kallasiga antiqa fikr kelgandek birdan dadil gapira boshladi: Masalan deylik, sen bilan ikkovimiz qorong‘i kechada bir joydan kelyapmiz. Qayerdan? dedi Tijoratxon gapga aralashib. Sen suqulmay turgin. Mayli-da, to‘ydanmi, ishqilib, bir joydan kelyapmiz. Sumkangda ancha pul bor. Shu payt yo‘limizni qaroqchi-banditlar to‘sishdi. Senga pichoq o‘qtalib, sumkangdagi pulni bermasang, dadangni so‘yib tashlaymiz, deb o‘dag‘aylashdi. Xo‘sh, shunda sen nima qilasan? Pulni ularga berasanmi? Orasta shoshib so‘radi: Sumkadagi pul qancha edi? Nu, o‘ttiz ming deylik. Orastani xayol olib ketdi. «Bitta «Volga» o‘n besh yarim ming, yaponcha videomagnitofon besh ming, norka palto uch ming, marvarid uch ming... U shunday o‘ylarkan, dadasiga yer ostidan razm soldi. Yoshi ham o‘tib qolgan, oshqozoni ham hilvirab turipti, yuragi ishdan chiqqan... yana yashasa besh yil yashar, o‘n yil yashar...» Nega indamaysan, qizim? dedi Bozorboy ko‘zlari mo‘ltirab. Orastaxon g‘amgin bir ohangda so‘radi: Yaqin o‘rtada militsioner yo‘qmikin? Yo‘q, milisa yo‘q, deylik. Baqirsak, odamlar kelib qolishmasmikin? Yo‘q. Yaqin o‘rtada odam yo‘q. Qochsam bo‘lmasmikin? Meni qaroqchilar qo‘liga tashlab-a? Orastaxon darrov javob qildi: Sizni nima qilishardi. Nu, undan keyin qarib qolgansiz... Bozorboy sapchib turib ketdi: E, suf senlarga-e! U shunday dedi-yu, tars-tars yurib ko‘chaga chiqib ketdi. Kun yoyilgan. Shofyori Jabbor mashina ichida dong qotib uxlab yotardi. U mashina eshigi qarsillatib yopilgandagina cho‘chib uyg‘ondi. Go‘yo juda katta gunoh ish qilib qo‘ygandek qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib uzr so‘radi. Hayda! dedi Bozorboy betiga ham qaramay. Mashina serqatnov shahar ko‘chalaridan o‘kdek uchib borarkan Bozorboy idorada bo‘ladigan uchrashuvlarni ko‘z oldiga keltirardi. Kabinetiga kirishi bilan orqasidan qo‘lida choynak bilan Begijon paydo bo‘ladi. Va albatta «To‘qson beshga qalaysiz», deb gapni ilashtiradi. Undan keyin Rahmonli kiradi: «Xo‘jayin, yangisidan topib qo‘ydim. Ichagingizni uzvormasa kallamni olib tashlang», deydiyu ming marta eshitgan latifani boshlaydi: «Afandi tug‘ruqxonaga xotinini ko‘rgani boripti. Derazadan bosh chiqazgan xotinidan so‘rapti. Xotin, o‘g‘lim kimga o‘xshaydi? Sengami? Xotini yo‘q, deb bosh chayqapti. Bo‘lmasam kimga o‘xshaydi, deb yana so‘rapti Afandi. Siz uni tanimaysiz, deb javob qipti Afandining xotini. Ha ha-ha! Qalay, xo‘jayin?...» Ana undan keyin Tursunxo‘ja kiradi: «Abedga chiqmay turing, xo‘jayin, uydan ustida qazisi bilan osh keladi», deb tayinlaydi. U hali ostonaga yetmay turib To‘xtamurod kiradi: «Bir yigitni ko‘z ostimga oldim, deb gap boshlaydi u. Yaxshi odamning farzandi, juda sizga kuyovbop bola». Shundan keyin «allaqaysi kattakonning o‘g‘li» deb gapini tugatadi. Shu paytgacha Bozorboy ularning hamma gaplariga ishonar edi. Endi ular g‘irt xoin ekan, degan fikrda pshxonaga ketyapti. Tepasiga «Baza» deb yozilgan darvoza oldida mashina to‘xtadi. Yuk mashinalari, avtofurgonlar qalashib ketgan maydonchada uni kutib turgan kishilar guv etib orqasidan ergashishdi. Qabulxonada har xil naryadlar, nakladnoylar ushlagan kishilar o‘rnilaridan turib, unga salom berishdi. Bozorboy Oxunovich kabinetiga kirdi. Hali shlyapasini qoziqqa ilmay turib dermantin qoplangan eshik unsizgina ochildi, qabulxonadagi g‘ovur-g‘ovur eshik yopi-lishi bilan tindi. Qo‘lida choynak bilan Begijon paydo bo‘ldi. Xo‘jayin, to‘qson beshga qalaysiz? Asil lo‘nqasidan. Bozorboy unga loqayd qaradi. Go‘yo uni birinchi bor ko‘rayotgandek: Xo‘sh, keling, xizmat, dedi. Qaynoq choynak ushlab uzoq turib qolgan Begijon choynakni stol chetiga qo‘yib, kuygan barmog‘ini muzdek qulog‘iga bosdi. Meni xoli qo‘ying, dedi Bozorboy uning betiga qaramay. Begijon nima qilishini bilmay, ancha paytgacha turib qoldi. «Unga bir balo bo‘lgan, ishi chappasiga ketmadimikan? Zora shundoq bo‘lsa», deb o‘ylardi Begijon. U choynakni stolda qoldirib, qulog‘ini ushlaganicha chiqib ketdi. Narxi Tushgan Odam Begijon ko‘zi alaq-chalaq, oyog‘i sust, qo‘li chaqqon odam. Bir qaragan narsasi ko‘ziga muhrlanib qoladi. Ventilyator parragi aylanganda shaklini yo‘qotgandek, Begijon cho‘t qoqayotganida barmoqlari cho‘t ustida tutunga o‘xshab borib kelaveradi. Ammo oyoq masalasida omadi kelmagan. Yugurishda toshbaqa bilan musobaqa o‘ynasa, albatta yutqazadi. Bozorboy Oxunovich uning ustida tajriba ham o‘tkazib ko‘rgan. Yangi qurilib ichi mollarga to‘ldirilgan omborga uni olib kirib, ikki minutgina chiroqni yoqib, yana o‘chirdi: Xo‘sh, mulla Begijon, qayerda qandoq mol turganini aytib bering-chi. Begijon teskari qarab o‘tirib omborda nimayiki bo‘lsa, hammasini qayerda turganini, qandoq turganini, rangi qanaqaligini, qutisida qanaqa yozuv borligini, qaysi fabrikadan chiqkanini aniq aytib berdi. Bozorboy undagi bu qobiliyatga hayron qolib yoqasini ushlagan edi. Qandoq eslab qolasiz, ukaginam? E, xo‘jayin, bir qaraganda ko‘zim bilan suvratini olib qo‘yaman. Begijon bazaga qorovul bo‘lib ishga kelganida yigirma yoshlardagi beti qattiqqina yigit edi. Baza bo‘lgandan keyin uncha-muncha qonunga chap berishlar bo‘lib turardi. Masalan, tanish-bilishlarga noyob mol berib pulini magazinga o‘tkazishlar, magazin olgan noyob mollarning uncha-munchasini pulini to‘lab olib qolib, kerakli joylarga chiqazib turishlar... Kimki bazadan narsa qo‘ltiqlab chiqsa, Begijonga ro‘para bo‘ladi. U o‘tkazsa chiqib ketadi, o‘tkazmasa olgan narsasini qo‘ltig‘iga qisib, ko‘zini lo‘k qilib o‘tiraveradi. Ombor mudirining o‘zi kelib Begijonni rozi qiladi-yu, ish bosti-bosti bo‘ladi. Bazada bunaqa omborlardan o‘n yettita. Hammasi ham kuniga bitta-ikkita boyagidaqa ishlarni qilib turishadi. Begijon o‘z ulushini olmay bunaqa mollarni chiqarmaydi. Begijonning o‘z tili bilan aytganda, o‘sha paytlarda ombor mudiri u yoqda tursin, baza mudiridan ham ko‘p pul tushirardi. Bazadagi katta-kichikning hammasi undan qo‘rqardi. Oxiri, shu bor ekan, bizga tinchlik yo‘q, deb undan qutulish yo‘lini qidira boshlaydilar. Ular qancha urinishmasin, Bozorboysiz, hech narsa qilib bo‘lmasdi. Chunki Begijon Bozorboyning odami. Echki qutursa egasini suzadi, deganlaridek, Begijon Bozorboyning shofyorini ham, mashinasini ham tintuv qilib tashqariga chiqazadigan bo‘ldi. Qo‘yib bersa, Bozorboydan ham uncha-muncha undiradigan chog‘i bor. Baza montyoriga bitta kostyum berib, cho‘ntagiga nomeri yozib olingan yigirma besh so‘mlik solib qo‘yishdi. Montyor darvozadan chiqayotganda Begijon uni to‘xtatdi. Montyor o‘zini soddalikka olib, u-bu, deb ko‘rdi. Bo‘lmadi. Oxiri u boyagi yigirma besh so‘mlikni buklab turib uning kaftiga bosdi. Begijon iljayganicha uni chiqarib yubordi. Shu payt Bozorboy, mestkom raisi, tovarshunos uchovi montyorni qaytarib Begijonning oldiga olib kelishdi. Qandoq hujjatga asoslanib mol chiqazib yubordingpz! Begijon o‘zini u yoq-bu yoqqa tashlab ko‘rdi. Uchovlashib yonini tintib, boyagi yigirma besh so‘mlikni olishdi. Ana shundan keyin Begijonni qorovullikdan bo‘shatishdi. Lekin Begijon osonlikcha jon beradiganlardan emas edi. Oradan biror soat vaqt o‘tkazib Bozorboyning oldiga kirdi. Xo‘jayin, mendan osongina qutuldim, deb o‘ylayapsiz-a? Yo‘q, bu yerda bo‘lgan, bo‘layotgan ishlarning hammasini zametkaga olib qo‘yganman. Manavu ko‘zlar hammasini bexato suvratga olib bo‘lgan. Bozorboy stolni chertib uzoq o‘ylanib qoldi: «Begi to‘g‘ri aytyapti. Agar u ishga tushib ketsa, hammamiz rasvo bo‘lamiz. Yaxshisi murosa qilaylik. Uydagi sir ko‘chaga chiqmay qo‘ya qolsin». Menga qara, Begi, dedi, g‘isht qolipdan ko‘chishga ko‘chdi. Boshqa chorasini qidiraylik. Bo‘lgan voqeani ko‘pchilik bilib ketdi. Qorovullikka endi hozircha qaytarib bo‘lmaydi. Nima deysan, poyabzal omboriga rabochiy qilib qo‘yaymi? Begijon o‘ylanib qoldi. Ko‘zlari bir joyda turmay u yoqdan-bu yoqqa borib kelaverdi. Oxiri qorachig‘i bir joyda to‘xtab qimirlamay qoldi. U yangi vazifasining afzalliklari qandoq, imkoniyati kandoq, hammasini taroziga solib bo‘lgandi. Bo‘pti, xo‘jayin. Men rozi. Bozorboy boshidan tegirmon toshi tushgandek yengil tortdi. Stol yonboshida turgan ichki telefon trubkasini ko‘tarib: Obuvnoyni bering, dedi. Usmonxonmisiz? Menga qarang, ukaginam, shu Begini sizga tegi bilan berdim. Burnini yerga ishqalab ishlating. Gapni aylantirmay xo‘p deng, ukaginam. Men bir ish kilsam, bilib qiladigan odamman. Keyin xursand bo‘lasiz. Bozorboy trubkani joyiga qo‘yarkan: «E, yo‘talmay o‘l!» dedi ijirg‘anib. Rostdan ham Usmonxon qish kuni tarnovda paydo bo‘ladigan sumalakdek qiyofasi tez-tez o‘zgarib turadigan, chap qo‘lining kafti bilan kindigini bosib turib yo‘taladigan g‘alati odam edi. Bozorboy ichida, qani, ikkita tulki bir ishlashsin, deb qo‘ydi. Avvaliga Begijon Usmonxonning u yengidan kirib, bu yengidan chiqib ishlab yurdi. Sal kunda ikkalasi til topishib qolishdi. Begijon shunaqa ishni orzu qilib yurgan ekan, omborni havas bilan tartibga soldi. Bor mollarni sortlariga, qaysi firmadan chiqqaniga qarab joylashtirdi. Biron narsa kerak bo‘lganda qidirib yurmay, qo‘l uzatganda darrov topadigan qildi. Usmonxon uning bu ishidan xursand edi. Buni qarangki, Usmonxonning dardi ichida ekan, o‘ng biqinida no‘xotdek bir yaracha paydo bo‘ldi-yu, kengayib danakdek bo‘ldi. Shifoxonaga yotdi. Rak ekan, operatsiyadan keyin bandalikni bajo keltirib bu dunyodan ko‘z yumib ketdi. Uning o‘limi ham Begijonga qo‘l keldi. To omborni muhrlaguncha ellik-oltmish juft chex tuflisini gumdon qildi. Kamomad chiqqanda ayb marhumning bo‘yniga tushib qolaverdi. Usmonxonning o‘rniga boshqa yoqdan odam qidirib yurishmay, qo‘li kelishib qolgan, deb Begijonning o‘zini mudir qilib qo‘ya qolishdi. Bu Begijon tushmagur balo chiqdi. Usmonxon o‘n besh yil ishlab qilmagan ishlarini o‘ynab-kulib qiladigan bo‘ldi. Ombor haftada to‘rt marta, uchtadan jami o‘n ikkita konteyner oladi. Har konteynerga besh yuztadan tufli, uch yuztadan etik sig‘adi. Fabrika hisobidan bir konteynerga bir-ikki juft poyabzal skidka beriladi. Bu degani shu poyabzallar nuqsonli deb hisoblansin va narxi tushirilgan bahorda sotilsin, degani. Chindan ham kamdan-kam bo‘lsa-da, poyma-poy tufli yoqi bir poyi boshqa razmer tuflilar aralashib kelib qoladi. Brak chiqsa-chiqmasa baribir narxi tushirilaveradi. Begijon shahardagi jamiki bir oyog‘i protez nogironlarni taniydi. Poyma-poy tuflilarni o‘shalarga narxini tushirmay sotadi. Haftada o‘n ikki konteynerdan allaqanchasi narxi tushirilmay savdoga chiqaziladi. Puli albatta Begijonning cho‘ntagiga tushadi. Ana shuning uchun ham bazadagilar Begijonni «Narxi tushirilgan odam» deb atashadi. Begijon bu bilan ham qanoatlanib qolmaydi. Qaysi bir magazin mol olsa, har bir tufliga besh so‘m, etikka o‘n so‘m qo‘yib beradi. Agar magazin mudiri oyog‘ini tirasa, Qo‘qon yoqi Chirchiq poyabzal fabrikasidan olingan molni ro‘para qiladi. Begijon omborni qabul qilgandan bir yarim oy o‘tib, tilla tish qo‘ydirdi. Hujjatlarga elektron soatli ruchkadan qo‘l qo‘yadigan bo‘ldi. Yaqin-yaqinlarda qorovul paytlarida maxorka tutatib o‘tiradigan Begijon tushmagur endi «BT» sigaret chekadi. Chekkanda ham sigaretani gugurt bilan emas, «Ronson» degan ingliz zajigalkasida tutatadi. Stolining ustida sovun qutidek yapon magnitofoni paydo bo‘ldi. Bir kuni Bozorboy Oxunovich omborga kirganida magnitofonga ko‘zi tushib: «I, Begish, o‘zingga ham olmabsanda», deb ilmoqli gap qilib qo‘ydi. Shundan keyin magnitofon qulog‘ini ushlagancha ketdi. Yana bir kuni Begijon endi mashinaga o‘tirayotgan Bozorboyga imzo chektirish uchun nakladnoy uzatdi. Bozorboy yonini titkilab ruchka topolmay turganda u elektron soatli ruchkasini uzatdi. Bozorboy hafsala bilan imzo chekib, rahmat, ukaginam, deganicha ruchkani ichki cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Ruchka ham Bozorboyning issiqqina qo‘ynida ketdi. Begijon ishiga pishiq odam. Kerakli joyga, g‘irchillamasin, deb mo‘ljaldan ortiq moy chaplab qo‘yadiganlardan. U Bozorboy bilan orani sira buzmaydi. Pixi qayrilib qo‘ltig‘iga kirib ketgan bu odamni aldab bo‘lmaydi. O‘pqondek og‘ziga kurak bilan tashlab tursang ham to‘ymaydigan «Otaxon»ga bir me’yorida muomala qilib turardi. Ya’ni, har konteynerdan ikki yuz so‘m pul bilan ikkita poyabzal o‘sha kishiniki. Bulardan tashqari, uning yonidagi gugurt qutichadek daftarchasida Tijoratxon bilan Orastaxon nechanchi poyabzal kiyishidan tortib, tug‘ilgan kunigacha yozib qo‘yilgan. Begijon mundoq o‘ylab qarasa, oradan o‘tgan uch yil mobaynida Bozorboyga o‘n besh ming so‘mlik narsa beripti. Albatta Begijon ham anoyilardan emas. Bu pullarni shunday ustalik bilan qaytarib olayki, o‘zi ham bilmay qolsin, deb o‘ylardi. U o‘ylab-o‘ylab Bozorboyga quda bo‘lishni diliga tugdi. Bozorboy nimayiki topsa, yakkayu yagona qiziga atab tashlab qo‘yadi. Axir, shu qizidan boshqa merosxo‘ri yo‘q. Agar qizini Begijon kelin qilsa, bergan narsalarining hammasi sep bo‘lib, o‘z uyiga keladi. Kunlarning birida Begijon xotinini yoniga chaqirib fikrini aytdi: Yomon bo‘lmaydi. Gap o‘g‘lingda qolgan. Agar rozi bo‘lsa, sovchi bo‘lib boramiz. Ertalabgacha o‘g‘ling bilan gaplashib, menga javob qil, deb tayinladi. Xotini o‘g‘liga bu gapni aytganda: Bozor akaning qizi Orastani aytyapsizmi, dedi qo‘l siltab, axir u g‘irt anaqa-ku. Ertalab xotini Begijondan so‘radi: Hoy, dadasi, o‘g‘lingiz u qizni «naqa» deydi. Bu nima degani? Begijon nima deyishini bilmay, gapni qisqa qilib qo‘ya qoldi. Endi haligi, anaqa degani sho‘x degani-da, o‘g‘lingga ayt, mayda gap bo‘lmasin. Shuni oladi, gap tamom! Begijonning xotini o‘g‘lini qiyin-qistovga oldi: Voy bolam, dadangning gapini ikki qilmagin, anaqa bo‘lsa bo‘lar. Har qanday qiz yoshligida bir-bir «anaqa» bo‘lib o‘tadi. Men ham «anaqa» bo‘lganman, opalaring ham «anaqa» bo‘lishgan. Katta opang shunaqayam «anaqa» bo‘lganki. Xo‘p degin, bolam. O‘g‘li: «E, boring-e», deb o‘rnidan turib ketdi. Bo‘lmaydigan ishga qo‘l urishdan foyda yo‘q. Bozorboy ikki dunyoda ham Begijon bilan quda bo‘lmaydi. U qizini kazo-kazolarning o‘g‘liga munosib hisoblaydi. Kazo-kazolar bilan quda bo‘lib katta davralarda savlat to‘kishni orzu qiladi. Shuning uchun ham Begi qudachilikdan og‘iz ochishi bilanoq: «Ukaginam, bo‘ladigan ishdan gapir, nima qilasan, osmondagi oyga qo‘l cho‘zib», deb gapni taqqa to‘xtatib qo‘ya qoldi. Begijon bir-ikki kun qovoq-dimog‘ qilib yurdi-yu, keyin hovridan tushdi. Tushmay qayoqqa ham borardi. Baribir shundoq bo‘lgani bilan Begijonning yuragida Bozorboyga nisbatan bir g‘ubor qoldi. Har konteynerdan beriladigan ikkita tufli bittaga tushdi. Beradigan nakd ikki yuz so‘mni goh berib, goh galga soladigan bo‘ldi. Bozorboy bu «odobsiz, yaxshilikni bilmaydigan «narxi tushirilgan» odamning ko‘zini ochib qo‘yishga payt poylar edi. Kelib-kelib mening rizqimni qirqasanmi, tulki, deb to‘ng‘illab qo‘yardi. Ana shunday xayollar bilan Begijonning go‘riga g‘isht qalab o‘tirgan bir paytda kabinet eshigi ochilib kartoshka bozori og‘zidagi «Obuvnoy»ning mudiri Eshmon Davlatov bosh suqdi: Kirsam maylimi, Bozor aka? Bozorboy bosh irg‘ab, ruxsat ishorasini qildi. Eshmon salomalik ham qilib o‘tirmay qiyiqchaga tugilgan salmoqligina pulni «po‘p» etqizib stolga tashladi. Bozorboy sapchib o‘rnidan turib ketdi. U hech qachon kabinetda birovdan pul olmagan. Kabinetda pora olishni konunga xilof ish deb bilardi. Bu nima? dedi Bozorboy ko‘zlari olayib. Pul, dedi xotirjam Eshmon Davlatov. Qanaqa pul? Puldaqa pul-da, xo‘jayin. Adresni adashtiribsiz, ukaginam. Men umrimda pora olmaganman. Hozir melisa chaqiraymi? Eshmon bu gap ayni muddao ma’nosida: Mayli, dedi. Bozorboy o‘rnidan turib qabulxona eshigini ochdi-da, kotibasiga, men yo‘qman, deb eshikni ichidan qulflab oldi. Joyiga bezovta o‘tirarkan: Esing joyidami, ukaginam. Qani tugunni yech! Qancha olib kelding!? E, xo‘jayin, bu pul sizniki emas, davlatniki. Eshmonning davlatniki, degani uni qulog‘iga Davlatovniki bo‘lib eshitildi. Uning hafsalasi pir bo‘ldiyu chor-nochor nasihatga tushib ketdi: E, shunaqami, pul o‘zimizniki demaysanmi? Savdo xodimining ishi nozik ish. Qilichning damida yurib tirikchilik qiladi. Ehtiyot bo‘lish kerak. Buncha pulni yoiingda olib yurishing yaxshi emas. Nazarimda, beshtadan oshiq bo‘lsa kerak, topdimi? Eshmon bosh chayqadi. Topolmadingiz, xo‘jayin. Bir muddat jim qolishdi. Oxiri Eshmon maqsadga ko‘chdi: Erkatoyingiz meni suvga yuborib, sug‘ormay olib kelyapti. Yo meni ishdan bo‘shating, yo Begishingizni tartibga chaqiring. Ellikta avstriyskiy zaifona etikni do‘konimga yozibdi. Olgani kelsam, hujjatlarga qo‘limni qo‘ydirib, olti ming so‘mni tutqazdi. Voy, ablah-e. Voy, noinsof-e. O‘zi bu bolaning poymonasi to‘lib turipti. Hozir-hozir, chorasini ko‘ramiz. U shunday deb ichki telefon trubkasini ko‘tardi: Proxodnoy bilan ulang. Bugun axranada kim? Luqmon tog‘a, sizmisiz? Sizga jangovar topshiriq. Bugun bironta ham mol chikazmaysiz. Tushundingizmi? Shundoq bo‘lsin! Bozorboy telefon ilgagini bosib yana ko‘tardi: Endi obuvnoyni ulang. Kim u? O‘zingizmi, ukaginam. Darrov oldimga keling. Shoshilinch. U trubkani joyiga qo‘yarkan, tugunchaga uzoq qarab o‘tirdi, keyin og‘ir xo‘rsinib Eshmonga qaradi: Manavu kalitni olib seyfni oching. Ichiga pulni qo‘yib, o‘z qo‘lingiz bilan qulflang. Eshmon Davlatov esankirab qoldi. Xuddi sehrlangandek Bozorboy aytgan ishni qildi. Faqat seyfni qulflayotganda qo‘li bir oz qaltiragandek bo‘ldi. Bozorboy: «Ha, qo‘rqayapsan-a, pul qo‘ldan ketdi» deb, keyin stol g‘aladonidan qog‘oz-qalam olib Eshmonning oldiga qo‘ydi. Yozing, nima bo‘lgan bo‘lsa, hammasini aniq qilib yozing. Yashirmang! Boshqa xonaga chiqib yozay, hozir o‘zi kelib qolsa noqulay bo‘ladi. Qo‘rqmang, ukaginam. Begishning qo‘li chaqqon bo‘lgani bilan oyog‘i sust. Yarim soatsiz yetib kelolmaydi. Bemalol yozavering. Eshmon nima deb yozishni o‘ylab qalam tishlab o‘tirardi. Bozorboy unga qarab g‘ijinib ko‘ydi. Birdan xayolidan, tunov kungi xatni shu yozmaganmikin, degan fikr o‘tdi. «Eshmon Davlatov o‘zi ham yemay, birovga ham yedirmaydigan qurumsoqlardan. Butun umri savdo ishida o‘tibdiki, haligacha biri ikki bo‘lmaydi. Bitta tuflini o‘n yil kiyadi, chog‘i. Uning do‘koni to‘g‘risida bironta shikoyat tushmagan. Ombordagilarga hech narsa bermaydi. Shuning uchun ham uni yomon ko‘rishadi. Bozorboy ellik yoshga kirganda baza klubida yubiley kechasi bo‘lgan edi. Hamma ombor mudirlari baholi qudrat, biri billur vaza, biri gilamcha, biri ismi yozilgan tilla soat olib keldi. Eshmon bo‘lsa «o‘z hovlimizdan» deb, bir dasta gul ko‘tarib keluvdi. Qaqshamay o‘lgur. Bola-chaqalari ham durustgina kiyinmaydi. Mehmonni ham eplab kutolmaydi. Majlisda bo‘lsa tili bir qarich. Xatni shu yaramas yozgani aniq. Ammo unga qattiq gapirib bo‘lmaydi. O‘lgisi kelgan odam u bilan o‘ynashadi. Ishqilib, Begish o‘lgirning ishi pachava bo‘lib ketmasa go‘rga edi. Nima bo‘lsa ham Begijon Eshmondan ko‘rsin. Eshmonning qo‘li bilan uning giribonidan bo‘g‘aman». Eshmon bir yarim varaqni to‘ldirgunicha ham Begijondan darak bo‘lmadi. Bozorboy uning yozganlarini o‘qib stol tortmasiga tashlashi hamon qo‘lida choynak bilan Begijon kirib keldi. Xo‘jayin, to‘qson beshga qalaysiz. U kiraverish eshikka orqa qilib o‘tirgan Eshmonga ko‘zi tushdi-yu gapining oxiri og‘zida qolib ketdi. Qo‘lidagi elektr plita ustidan olingan choynakni stolga qo‘yishini ham, qo‘ymasligini ham bilmay bir Bozorboyga, bir Eshmonga qarab turib qoldi. Oxiri qo‘li kuyganiga chidamay choynakni stolga qo‘yib, kuygan barmog‘ini muzdek marmar siyoxdonga bosdi. Endi mendan xafa bo‘lmaysan, ukaginam, hozir iskalatni pechatlaymiz. OBXSSdan odam chaqirib reviziya qildiramiz. U shunday deb o‘rnidan turdi-da, seyf eshigini ochib tugunchaga ishora qildi. Mana bunga akt tuzamiz. E, undoq qilmang, xo‘jayin, dedi Begijon bo‘shashib. Iloji yo‘q. Davlatov hamma gapni yozib bergan. Qog‘ozga tushgan xat hujjatga aylanadi. Siz uchun javobgar bo‘lishni istamayman. Begijonning boshi egilib qoldi. Nakd olti ming so‘m qo‘ldan ketyapti. Bu yaramas Bozorboy ana shunaqa paytlarda o‘z foydasini ko‘zlab qoladi. U payt poylaydi. Payt poylab, bilagingdan shartta ushlaydi. Qani, qutulib ko‘r-chi! Xo‘jayin, dedi Begijon umidsiz bir ahvol-da. Meni kechiring. Bir itlik qilib qo‘ydim. Endi takdirim sizning qo‘lingizda. Xohlang o‘tga tashlang, xohlang peshonamni silang. Bozorboy stolni chertib uzoq o‘ylandi. Oxiri ikki kaftini stol qirg‘og‘iga tirab o‘rnidan turdi: Bo‘lmasam, bunday qilaylik. Begi, sen ham ahvolimni tushun. Bir balo bo‘lsa menga bo‘ladi. Shuning uchun, ikkinchi bunaqa ish qilmayman, deb bitta tilxat yozib ber. Agar birontasi shu masalada gap qo‘zg‘asa, tarbiyaviy ishlar olib borganman, deb aytaman. Menga qara, ukaginam. Davlatovning do‘koniga jo‘natiladigan 50 par avstriya etigini hoziroq jo‘nat! Begijon seyfga ishora qildi. Bu masalada keyin gaplashamiz, dedi Bozorboy. U gapni tugatmagan ham ediki, kotiba qiz kirdi: Bir militsiya mayori bilan militsiya kapitani kirishga ruxsat so‘rayapti. Bozorboyning rangi dokadek oqarib ketdi. Begijonning ahvoli undan battar edi. Begijon Bozorboyga mung‘ayib qaradi. Uning bu nigohida, o‘zingiz qo‘llab yuboring, degan ma’no bor edi. Qani, sizlar boraveringlar-chi, Begi. Men ularni alahsitib turaman, sen darrov o‘sha 50 par etikni do‘konga jo‘nat. Bo‘lmasa juvormarg bo‘lib ketasan. Bozorboy shunday deb kotibaga qaradi: Chaqir, kiraverishsin. Eshikdan o‘rta yoshlardagi mayor bilan yoshgina kapitan kirdi. Bozorboy mayorni darrov tanidi. E, kelinglar, kelinglar... Ularni o‘tirishga taklif qilarkan, Bozorboy Begijon bilan Eshmonga, tezroq jo‘nalaring, degan ishora qildi. Eshmon bilan Begijon kabinetdan chiqib ketishdi. Meni tanimadingiz-a, Bozorboy aka, dedi mayor o‘tirarkan. E, taniganda qandoq, o‘rtoq Sulaymonov. Axir siz bilan o‘tgan yili Kislovodskda dam olganmiz-ku. Qalay, kelin tuzalib ketdilarmi? «Botanika» sanatoriysida dam olayotgan edi. Ko‘rgani mashinada Termizdan keldik. Manavu kapitan ukamiz bizda tergovchi bo‘lib ishlaydilar. «Jiguli»ni shu kishi haydab keldilar. Hay-hay, juda charchagandirsizlar, dedi xayol aralash Bozorboy. U shu topda bu odamlar bekorga kelmagandir. Biron xat-pat tushgan bo‘lsa tekshirgani kelishgan. Ularga muomalani boshqacharoq qilish kerak, deb o‘ylardi. Esingizdami, Bozorboy aka. «Xram vozdux»da suratingizni olgan edim, kelin ayam bilan. Bozorboy esladi. Sulaymonov kurortda doimo bo‘yniga fotoapparat osib yurardi. Esdalik uchun yodgorliklar oldida tanish-bilishlarning suratini olardi. Bir havaskor suratchining olgani nima bo‘lardi, deb Bozorboy unga unchalik e’tibor bermasdi. Kunlarning birida «Xram vozdux»da Tijoratxon bilan ikkovining suratini olgan edi. O‘shani aytayotgan bo‘lsa kerak. Sulaymonov yon cho‘ntagidan qora paket olib, ichidan to‘rtta surat chiqazdi: Mana o‘sha surat. Juda yaxshi chiqqan. Qachondan beri Toshkentga borsam Bozorboy akaga beraman deb, asrab yurardim. Bozorboy suratni olib tikildi. Er-xotin ikkovlari boshlariga gruzincha qalpoq kiyib iljayib turishipti. Tijoratxonning juda to‘lishgan payti ekan. Boshqa suratda Bozorboy tojikistonlik baza mudiri bilan buloq bo‘yida suv ichib turishipti. Oti nima edi?! Bozorboy o‘ylab, o‘ylab eslolmadi. E, rahmat-e, dedi Bozorboy. Zap ish bo‘ldi-da. Bu jivoy tarix. Endi qachon qarasam, birga dam olgan qadrdonlar esga kelaveradi. Ular sanatoriy yaqinidagi bir kampirning uyida devziradan osh damlaganlarini, bedanadan tabaka qilganlarini eslashdi. Shu deyman, Bozorboy aka, atayin kurortga borib biron marta vannaga tushmadingiz-a, dedi kulib Sulaymonov. Kotiba qiz patnisda choy olib kirib, qo‘yib chiqib ketganidan keyin javob qildi: E, do‘stim, soppa-sog‘ odam bo‘lsam, vannaga tushib nima qilaman. Bizzi xotin sal husndorroq. Bitta-yarimta shilqim elakishmasin, deb qorovul bo‘lib borganman. U shunday deya turib, bir minut, dedi-yu, shoshib qabulxonaga chiqib ketdi. Kotiba qiz oldida Begijon o‘limini kutgan mahbusdek rangi qum oqarib o‘tirardi. Bozorboyni ko‘rib dik etib o‘rnidan turdi: Tinchlikmi, xo‘jayin? Bozorboy unga o‘qrayib qaradi: Senlar shunaqa qovun tushirasanlar-da, meni baloga qo‘yasanlar. Eshmon xabar qilganga o‘xshaydi. Seni olib ketgani kelishipti. Iskalatni pechatlaymiz deyishyapti. Qoch! Iskaladni qulflaginu juftakni rosla. Ularni jo‘natganimdan keyin kel. Nima bo‘lganini o‘shanda aytaman. Men ham bo‘sh keladiganlardan emasman. Yengidan kirib yoqasidan chiqyapman. Anavu kapitani gapga kirmaydigan o‘jar ekan. Hech eritib bo‘lmayapti. Jon aka, dedi yolvorib Begijon. Bir balo qiling. Har qancha chiqimi bo‘lsa mana men turibman. Bir balo qiling, aka. Bozorboy, bir urinib ko‘raman, deb yana ichkariga kirib ketdi. Zerikib kolmadinglarmi? dedi Bozorboy o‘tirarkan. Endi bundoq qilsak, uyga telefon qilay, kelin ayangiz bitta qo‘lbola osh qilsa, birga baham ko‘rsak. Shunday qilaylik-a? Sulaymonov ko‘nmadi. Shu bugunoq qaytishlari zarurligini aytib, o‘rnidan turdi. Bozorboy ularni baza darvozasi oldigacha kuzatib chiqdi. Jabborga ularni Toshkent mehmonxonasigacha oborib ko‘y, deb buyurdi. Bozorboy qaytib kelganda Begijon uni kutib turardi. Bo‘ldimi, aka? Ichkarida gaplashamiz, dedi Bozorboy kabinet eshigini ochaturib. Ichkariga kirishganda Begijon yana so‘radi: Bo‘ldimi? E, bo‘lmaydigan ish bormi, ukaginam. Pul bo‘lsa changalda sho‘rva! O‘sha olti ming so‘m puling kuningga yaradi. O‘n ming, deydi-ya, noinsof. Zo‘rg‘a, otang yaxshi, onang yaxshi, deb oltitaga qo‘ndirsam bo‘ladimi? Begijonning ichida bir nima uzilib ketgandek bo‘ldi. Olti ming so‘mni topish osonmi, e attang! Shu gap rostmikin, deb o‘ylardi u. Hazillashayotganingiz yo‘qmi, xo‘jayin? Bozorboy tutaqib ketdi: Yaxshilikni bilmaydigan ahmoq ekansan. Menga nima edi-ya, o‘rtaga tushib. Mayli, Jabbor kelsin, borib pulingni qaytarib olib kelaman. Bu yog‘iga o‘zing muomala qilasan. Menga nima... Begijon qo‘rqib ketdi: Unday qilmang. Bozor aka, mayli, pul ketsa ketipti. Bu yog‘i tinchisa bo‘lgani. Tinchiydi. Tinchidi, deb bilaver. Bozor akang bir ish qilsa pishiq qiladi. Eshmonga qattiq gapirma. U yomon odam. E, rahmat, aka. Bu yaxshiligingizni sira unutmayman. Begijon bo‘lib o‘tgan voqeaga ishonib-ishonmay chiqib ketdi. Bozorboy seyfni ochib tugunchadagi pulni qo‘liga oldi. Xuddi tarozibonga ishonmay olgan matoini qo‘lida salmoqlab ko‘tarayotgan xaridordek tugunchani kaftiga qo‘yib chamaladi. Bozorboy pulni og‘irligiga qarab qanchaligini aniq belgilaydiganlardan edi. «Cho‘milayotgan Ayol» Xotinidan baxti chopmagan Bozorboyning ikkinchi uylanishga yuragi dov bermasdi. Tarki dunyo qilib darveshona kun ko‘rib yurgan o‘sha yillarda bazaga janubiy rayonlardan birida magazin mudiri bo‘lib ishlaydigan bir juvon malaka oshirishga keladi. Bozorboy uni ko‘radiyu aqlu hushini yo‘qotadi. Bozorboy bazada tovarshunos edi. U juvon ham shu kasbda ekan. Uni Bozorboyga bog‘lab qo‘yishadi. Bilaklari tirsillagan, ko‘kraqdor, betlari oppoq juvonga har qaraganda Bozorboyning ko‘zlari qamashib ketardi. So‘lqildoq ko‘kragining ayri joyi tepasida moshdan sal kattaroq xol bor edi. Ana shu xol Bozorboyning tushlariga kirib chiqardi. Ismi ham ajoyib. Hech kimda yo‘q ismlardan. Tijoratxon. Gaplari ham boshqacha. Juda shirin. Dastlabki paytlar «o»ni «o‘» qilib, «o‘» ni «u» qilib gapirardi. «Hozir boraman» demasdi. «Xo‘zir bo‘raman» derdi. «To‘yga bordim» demasdi. «Tuyga bo‘rdim» derdi. Tijoratxon ana shunaqa ajoyib ayol. Elektron kalkulyator tugmasini bosishni yaxshi bilmaganidan Tijoratxon Bozorboyning orqasidan kelib, buni qandoq bosadi, deb so‘raganda yelkasiga iliqqina tegib turgan ayol vujudidan Bozorboyning boshlari aylanib ketardi. Xullas, Bozorboy Tijoratxonga oshiqi beqaror bo‘lib qoldi. Lekin gapni nimadan boshlashni bilmay esankiradi. Zo‘r kelganda kerakli gap topilarkan. Ikkovlari bufetda kompot ichib o‘tirganlarida Bozorboyning kallasiga shunaqa gap lop etib kelib qoldi. Tijoratxon, san’at muzeyiga bordingizmi? deb so‘radi. Bo‘rdim, dedi Tijoratxon. Borgan bo‘lsangiz «Cho‘milayotgan ayol» suvratini ham ko‘rgandirsiz? Ha, kurdim, deb javob qildi Tijoratxon. Nima edi? Shu suvrat sizga qarab chizilmaganmi mabodo? Voy, men o‘shanga o‘xshaymanmi, dedi u bu gap nihoyatda yoqqani bilinib turgan bir ohangda. E, bo‘ring-e! Yo‘q, dedi Bozorboy. Siz unga o‘xshamaysiz. U sizga o‘xshaydi. Bozorboy o‘sha paytlarda idoradagi divanda yotib yurardi. Xotinidan ajrashganda uy-joyi, mol-mulkini tashlab, bitta kostyumini yelkaga ilib chiqib kelavergandi. Tijoratxon esa baza yonboshidagi keldi-ketdi uchun maxsus qurilgan mehmonxonada vaqtincha istiqomat qilardi. Ishing o‘ngidan kelaman, desa hamma yo‘l birdan ochilib ketarkan. Qarang, oydek so‘lqildoq juvon o‘z oyog‘i bilan kelib uning ixtiyorida ishlasa. Ikkovining ham tepasida tergaydigan kimsasi bo‘lmasa. Kech kirib hamma uy-uyiga ketganda dil yorishga Tijoratxondan boshqa odam bo‘lmasa... To xo‘roz qichqirguncha baza oldidagi skameykada u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirishadi. Tayyor poyloqchi topilganidan sevingan qorovul choponiga o‘ralib vaqtligina uyquga ketadi. Bozorboyning yoshligi qaytib keldi. Oh ursa o‘pkasi ko‘rinadigan darajada oshiqi beqaror bo‘ldi. Tunni tongga ulashlarning oxiri to‘y bilan tugadi... Tijoratxonning poyqadami yoqib, to‘ydan bir oy o‘tganda Bozorboy baza mudiriga o‘rinbosarlikka ko‘tarildi. Rahbar xodim sifatida unga to‘rt xonali uy berishdi. Eski bo‘lsa ham «Volga»da ishga borib keladigan bo‘ldi. To‘y o‘tganiga roppa-rosa bir yil to‘lib, bu qutlug‘ sanani nishonlashga tayyorgarlik ko‘rayotganlarida tong mahali gumbirlab yer qimirlab berdi. Er-xotin chodirga ko‘chib chiqishdi. Tijoratxonning oy-kuni yaqin bo‘lganidan shoshilinch qurilayotgan kottedjlardan biri Bozorboyga berildi. Yangi mehmon ham yangi uyga ko‘chmasanglar tug‘ilmayman, deb turgan ekan. Ko‘chib kirishgan kuni qoq yarim kechada Tijoratxonni «Tez yordam» mashinasi tug‘uruqxonaga olib ketdi. Qiz bola baxt keltiradi, deyishadi. Otini Orastaxon qo‘yishdi. Tijoratxon bitta tug‘diyu yanada gul-gul yashnab ketdi. Chaqaloq to‘yiga yigirma chog‘li mehmon keldi. Ota bo‘lganidan quvonib ketgan Bozorboy shiringina mast bo‘ldi. Xotinining oldiga o‘tirvolib tinmay uni ta’riflardi. Bizzi xotin yoshligida juda go‘zal bo‘lgan. Muzeydagi «Cho‘milayotgan ayol»ni ko‘rganmisiz? Xuddi o‘shaning o‘zi edi! To‘g‘rimi, xotin? Tijoratxon baxtdan entikar, erining gapiga, «to‘g‘re», deb javob qilardi. Yosh paytini ko‘rmagansiz bizzi xotinni. To‘g‘rimi, xotin? To‘g‘re, deydi mamnun iljayib Tijoratxon. Toshkent zilzilasi munosabati bilan butun mamlakatdan yordam keldi. Qurilish materiallaridan tashqari noyob kiyim-boshlar, ro‘zg‘or anjomlari, uy jihozlari bazaga tiqilib ketdi. Baza mudirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan uchun Bozorboy Oxunov boshqa respublikalardan kelgan mollarni shaxsan o‘zi taqsimlardi. Bozorboyning ishlarini zimdan kuzatib yurgan ba’zi bir «qitmirlar» orqavoratdan sasib qo‘yishardi. Bozorboyning bozori chaqqon bo‘lib ketdi. Ha, nimasini aytasiz, xotini bola tug‘sa, o‘zi pul tug‘ayapti. Bu gaplarda albatta jon bor edi. Tijoratxon tong otguncha bir qo‘li bilan belanchak tebratsa, bir qo‘li bilan g‘ijimlangan o‘n so‘mliklarni tekislardi. Ertalab eri ishga ketayotganda uyquli ko‘zlarini ishqab derdi: Dadasi, endi o‘n so‘mliklarni obkemang. Sanayverib qo‘llarim ado bo‘ldi. Bozorboy yayrab hazil qilardi: Shukr qiling, shukr qiling, Sanginova. Bora-bora Tijoratxon erining topganiga qanoat qilmay qo‘ydi. O‘tirgan joyda pul topish yo‘llarini qidirardi. Yana bir gap. Xotini bilan qiziga ikkita fransuz atiri bir oyga yetmaydi. Bozorboy atir olaverib ombor mudirining me’dasiga tegib ketdi. Yo‘q, desa bo‘lmasa. Beraversa, hisob-kitobli buyum bo‘lsa. Bir kun Bozorboy omborga kirib fransuz atirini so‘raganda, mudir jonidan sug‘urib berayotgandek atigi bittasini qog‘ozga o‘rab uzatdi. Bozorboy bu gapni xotiniga aytganda Tijoratxonning peshonalari tirishib ketdi. Rost-da, dedi Bozorboy. Har bittasi falon pul bo‘lsa. Hadeb qayoqdan oladi? Sal orqa-o‘ngiga qarab ishlatinglar-da. Menga qarang, dadasi. Sklad mudiringiz opitniy emas ekan. Ish bilmasa nima qiladi mudirlik qilib! Buyuqqa o‘tiring, yo‘lini o‘rgatib qo‘yay sizga. Tijoratxon erini divanga o‘tqazib «leksiya» o‘qishga tushdi: Araq, konyak, atir kabi buyumlar qopqog‘i ochilmay singan bo‘lsa spisat qilinadi. Xasis o‘lgiringiz qisinmay fransuz atiri qancha bo‘lsa beraversin. Zarar ko‘rmaydi. Qopqog‘ini ochmay sindirib ichidagini marlidan o‘tqazib boshqa idishga quyib olamiz. Idishni o‘ziga qaytarib berasiz. Tushundingizmi, dadasi?! E, kallangga qoyilman, Sanginova, deb yubordi Bozorboy. Baza mudiri Mirdadayev yoshi bir joyga borib qolgan veteran kooperatorlardan edi. Keyingi paytlarda astmasi tutib oyning yarmidan ko‘pini byulletenda o‘tkazardi. Insofli odam bo‘lganidan matlubot jamiyatiga ariza yozib pensiyaga uzatishlarini so‘radi. Iltimosi inobatga o‘tdi. Mirdadayev o‘z o‘rniga Bozorboy Oxunovni tavsiya qildi. Har qalay, bazaning ikir-chikirlarini biladigan, pasti-balandiga qarab ish qiladigan boshqa odamni topish qiyin edi. Bozorboyning nomzodi yuqoriga ma’qul keldi-yu, sakson birinchi yilning iyunida uni baza mudirligiga tasdiqlashdi. Yangi lavozimni yuvish uchun Bozorboy Oxunovich uyiga telefon qilib, kechqurun o‘n besh kishilik dasturxon tayyorlashni buyurdi. Tijoratxon, mantiga qo‘y go‘shti berib yuboring, deb tayinladi. Soat beshlarga borib Bozorboy uyga telefon qilib tayyorgarlikning borishini bilmoqchi bo‘ldi. Trubkani olgan Tijoratxon yig‘lamsirab hiqillab javob qildi. Nima balo bo‘ldi, nega hiqillaysan? Qizingiz lyustrani artaman deb tushirib yubordi. Chil-chil bo‘ldi. Qaysi birini, sakkiz yuz so‘mliginimi? deb so‘radi Bozorboy. Iya, anavunisinimi? Obbo, ming ikki yuzga tushadigan bo‘pmiz-da. Xotini nimalar deb uzoq tushuntirdi. Bozorboy iyagini qashlab tinglardi. Bo‘pti, bo‘lar ish bo‘pti. Hozir shofyor boradi. Bironta qog‘oz karobkaga joylab berib yubor. Yangisiga alishtirib yuboramiz. Mantini tugib bo‘ldingmi? Ha, durust. Hunaringni bir ko‘rsatasan, Sanginova. Kechqurun soat yetti yarimda jamoat jam bo‘ldi. Eshmondan boshqa hamma keldi. Yangi qandil havoyi nur to‘kib turgan dasturxonda odamning jonidan boshqa hamma narsa bor edi. Tijoratxon qomatini namoyish qiladigan yupqa harir ko‘ylak kiyib olgan. Ko‘ylagi shu qadar yupqa ediki, yelkasidagi bonka solganda qolgan dog‘lar bemalol ko‘rinib turardi. Orastaxon bo‘lsa och havorang bluzka kiyib olgan. Birinchi qadah pensiyaga uzatilgan Mirdadayevning sog‘lig‘iga ko‘tarildi. Ikkinchi qadah Bozorboyning sog‘lig‘iga. Uchinchisi shu oilaga fayz kiritib Bozorboydek nozikta’b odamning ko‘nglini topolgan Tijoratxon sog‘lig‘iga ko‘tarildi. Uchinchi qadahdayoq Bozorboy chuldirib qoldi: Juda to‘g‘ri ish qildinglar. Bizning rafiqamiz dunyoda topilmaydigan ayol. Sizlar bilmaysizlar, bizning xotin yoshligida nihoyatda go‘zal bo‘lgan... Tijo, jurnalni olib chiq! Tijoratxon, qo‘ying, uyat bo‘ladi, deb uni qaytarmoqchi bo‘ldi. Opchiq, opchiq. He, senga aytyapman! Tijorat ichkariga kirib ketib qo‘lma-qo‘l o‘taverganidan eskib ketgan qandaydir bir jurnalni ko‘tarib chiqdi. Bozorboy jurnalni varaqlab kerakli sahifani ochdi-da: Mana, dedi namoyishkorona. Bizni xotin yoshligida xuddi shuning o‘zi edi. Jurnalda san’at muzeyidagi «Cho‘milayotgan ayol» suvratining rangli fotosi bosilgan edi. O‘lay agar, xuddi shuning o‘zi edi, dedi Bozorboy hiqichoq tutib. Mana, ishonmasanglar o‘zidan so‘ranglar. O‘xshaysan-a, Tijo! To‘g‘rimi? To‘g‘re, dedi Tijoratxon erining gapini tasdiqlab. O‘yin-kulgi yarim kechagacha davom etdi. Avariya Kecha oqshom er-xotin juda xursand edilar. Bozorboy Sochiga ikkita putyovka olib kelgan. Tijoratxon yo‘l anjomlarini yig‘ishtirib alla-pallagacha uxlolmadi. Eri xurrakni qo‘yib uxlab yotibdi. Soat birdan oshgan bo‘lsa hamki qizidan darak yo‘q. Allaqaysi bir dugonasinikiga «imenina»ga boraman, degandek bo‘luvdi. Qizi tushmagurning bemahalda yurishi yomon-da. Unga qattiq gapirib bo‘lmaydi. Darrov hurpayib oladi. Sal qattiqroq gapirsang, yotog‘idan chiqmay arazlab yotaveradi. Darvoza qo‘ng‘irog‘i chalinganda soat chorakam ikki edi. Ko‘cha tarafda g‘ovur-g‘uvur bo‘lib qoldi. Orastaxon dugonalarini boshlab kelgan, shekilli. Tijoratxon xalatini yelkaga tashlab, shippakni oyog‘i uchiga ilib, lapanglab borib darvoza o‘rtasidagi eshikni ochdi. Orastaxon «Jiguli»ni urib, oldini pachoq qilib kepti. Yap-yangi mashinaga qarab bo‘lmaydi. O‘zing tinchmisan, bolam? dedi onasi qo‘rqib ketganidan titrab. Orastaxon, gapni cho‘zmay darvozani oching, degan ishorani qildi. To‘rt davangir yigit mashinani itarib hovliga olib kirishdi. Garaj oldiga taxlab qo‘yilgan brezent chodirni mashina ustiga yopishgach, «bo‘ldimi, ketaveraylikmi» deb so‘rashdi. Ularning gapi-gapiga uncha qovushmaganidan anchagina kayfi borligi bilinib turardi. Orastaxonning ishorasi bilan to‘rttalasi sirkda o‘rgatilgan otlardek gijinglab, ko‘chaga chiqib ketishdi. Dadang ko‘rsa... naq kuningni ko‘rsatadi-ya! Papamlarga aytmay qo‘ya qoling. Sizlar kurortdan kelguncha tuzattirib qo‘yaman. Xotin kishining ichida gap yotarmidi. Tijoratxon ertalab eriga og‘zidan gullab qo‘ydi. Dadasi, qizingiz bir gunoh ish qilib qo‘yipti. Urishmay qo‘ya qoling. Nima balo qipti? Mashinasini urib kepti. Oldi pachoq bo‘lgan. Shuncha javradi, ballon olib bering, deb. Mana, nima bo‘ldi? Suv sepilgan asfaltda tishi yedirilgan ballon sirpanib borib, ustalbaga urilipti. Eri qizining sog‘ qolganiga shukr qilib indamay qo‘ya qoldi. Bozorboy qurortga ketish oldidan qiladigan ishlarini o‘ylab beg‘amgina yurgan edi. Ketar oldida bu tashvish ortiqcha bo‘ldi unga. Senlar shunaqasanlar. Bir tiyin topish qudukdan suv tortishdan ham mushkulligini bilarmidinglar?! Bu pullarni jonimni garovga qo‘yib topib kelyapman. Bellaring og‘rimagan-da, esiz shundoq mashina. Bir-ikki ming so‘mning boshiga suv quyadigan bo‘ldilaring. Tijorat indamadi. Ichida, xayriyat, g‘azab otiga minmadi, deb qo‘ydi. Beri kel, Tijo! Senga aytadigan zarur gapim bor. Xotin, nima gap ekan, deb yoniga kelib o‘tirdi. Qizingni ahvoli bundoq bo‘lsa. Kurortga indamay ketaveramizmi? Kassaga pul qo‘ya olmaymiz, topgan-tutganimizni berib qo‘yadigan yaqin odamimiz bo‘lmasa, xo‘sh, nima qilamiz? Qizing uyni qo‘riqlashga yaramaydi. Kechalari ham tashlab, sanqib ketaveradi. Hayronman, nima qilishga? Tijoratxon masalaning bu tomonini o‘ylab ko‘rmagan edi. Uyni qo‘riqlashga pishiq-puxta, ishonchli bir odam kerak. Ularda bunaqa odam yo‘q. Bozorboy ham, xotini ham hech kimga ishonishmaydi. Uyda olamjahon mulk bor. Pul bor. Taqinchoq asboblar bor. O‘yla, xotin, o‘yla! Siz otpuskaga chiqqaningizda Jabbor nima ish qiladi? Bozorboyning ko‘zlari yashnab ketdi: E, kallangga qoyilman, Sanginova. Uyni qo‘riqlashga eng yaxshi kandidat shu Jabbor. Jabborga ham shu bugundan otpuska beraman. Sen qimmatbaho narsalaringni bitta uyga qamaysan. Jabborga berigi mehmonxonani ochib beramiz. U shu yerda turadi. Yeb-ichishga yetadigan xarj tashlab ketaman. Kechasi bilan bir narsani o‘ylab chiqdim. Pul bilan taqinchoq asboblarni «Jiguli»ning balloniga tiqib g‘ildirakka o‘rnatsak-da, keyin g‘ildirakni mashinaga kiydirib qo‘ysak, nima deysan? Mashina buzuq, yurmaydi. Eski g‘ildirakni birov o‘g‘irlamaydi ham. Turaveradi. Tijoratxon erining uddaburonligiga qoyil qolib, bosh irg‘ab qo‘ydi. Ammo, dedi Bozorboy. G‘ildirakka ballon kiydirish mening qo‘limdan kelmaydi. Kuchim yetmaydi. Qizing ham eplolmaydi. Birovga qildirib bo‘lmaydi. Shunga boshim qotib turipti. Jabbor qilaversin. Axir u necha yillardan beri siz bilan ishlab sinashta bo‘lib ketgan. Birov bilmagani durust edi-da, xotin. O‘zi qani? Ko‘chada, mashinasida o‘tiripti. Chaqir! Bozorboy Jabborni juda mehribonlik bilan kutib oldi. Kel, Jabborboy, o‘tir, o‘g‘lim. Qani, dasturxonga qara. Uyalma, olaver. O‘zing qalaysan? Men ketsam zerikib qolmaysanmi, o‘g‘lim? Shu deyman, sen ham otpuska qilib qo‘ya qolganing durust. Ammo-lekin, senga bir ish topib turibman. Otpuska paytida qiladigan ish. Maoshi naqd. Bizning uyga qo‘riqchilik qilasan. Qo‘lingga naqd uch yuz tashlab ketaman. Gul-pulga qarab, kechalari uydan xabar olib yotasan. Kelganimdan keyin o‘zim yana rozi qilaman. Nima deysan? Singling Orastaxon ham yolg‘iz. Qiz bola qo‘rqib, uxlolmay yurmasin. Bozorboyning gaplari Jabborga uncha yoqmay turgan edi. Orastaxonning ota-onasi bilan ketmay uyda qolishini eshitib, darrov rozi bo‘ldi. Xo‘jayin, bir gapingizni ikki qiladigan tilimni shartta kesib tashlayman. Sizning etagingizdan ushlab yomon bo‘lmadim. Birim ikki bo‘ldi. To‘rt xonali uyga ega bo‘ldim. «Moskvich»li bo‘ldim. Ishqilib, bazaga nima kelsa quruq qo‘ymaysiz. Bemalol ketaveringlar. Uyingiz tepasidan qush ekan-ku, hatto pashshani ham uchirmayman. Bozorboy yayrab ketdi. Surilib kelib Jabborning yelkasidan quchdi: Rahmat. Imoni but bolaligini bilardim. Yana bir sinovdan o‘tding. Endi bir sirli gap bor. Og‘zingga pishiq bo‘lasan. Bu sir ikkovimizning o‘rtamizda qolsin. Orasta ham, onasi ham bilmaydi. Hozir ikkovini bir ish bilan ko‘chaga chiqarib yuboraman. Ikkovimiz «Jiguli»ning balloniga pul joylab, mashinaga o‘rnatib ko‘yamiz. Nima deysan? Kallangiz ishlaydi-da, xo‘jayin. OBXSSning tushiga ham kirmaydigan ishlarni bilasiz. O‘z aqliga o‘zi qoyil qolgan Bozorboy lapanglab uyga kirib ketdi. Xotini bilan uzoq gaplashib qoldi. Sal o‘tmay Tijoratxon qizini ergashtirib, bozorga boramiz, deb ko‘chaga chiqib ketdi. Ular ikki soat o‘tganda qaytib kelishdi. Bu payt Jabbor pullar bilan taqinchoq buyumlarni ballonlarga joylab, g‘ildiraklarni mashina o‘qiga o‘rnatib bo‘lgan edi. Ona-bola ichkariga kirib ketishganda Jabbor so‘radi: Xo‘jayin, rosa yiqqan ekansiz. Hammasi taxi buzilmagan yuztaliklar ekan. Bozorboy unga o‘qrayib qaradi: Buyog‘i bilan ishing bo‘lmasin. Endi yana bitta gap. Shu yerda ko‘rganlarimni og‘zimdan chiqarmayman, deb qasam ichib qo‘yasan. Taomili shunaqa. Jabbor onasini o‘rtaga qo‘yib, qasam ichdi. Bozorboy o‘rnidan turib mehr bilan uning peshonasidan o‘pdi. Ota o‘g‘il ekansan. Qani endi, sendaqa o‘g‘lim bo‘lsa. Endi sen o‘zimniki bo‘lib ketding. Seni shunday rozi qilayki, «Moskvich»ingni «Volga» qilib beraman. Manavu yeringgacha, u bosh barmog‘ini kekirdagiga tegizib ko‘rsatdi, davlatga botasan. Yaxshilikka yaxshilik ko‘rasan. Oradan ikki kun o‘tib, otpuskaga chiqqan Jabbor o‘z «Moskvich»ida ularni aeroportga chiqazib, kuzatib qo‘ydi. Qaytishda Orastaxon mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirdi. Yo‘lning yarmigacha ikkovidan ham sado chiqmadi. Orastaxon, buni menga ayg‘oqchi qilib qo‘yib ketishdi, deb o‘nlardi. Jabbor bo‘lsa shundoq do‘ndiq bilan bir uyda qolish imkoniyatidan foydalanish kerak, deb o‘ylardi. Jabbor ilgarilari ham unga bir-ikki qochiriq gap tashlaganda qiz balanddan qarab, pisand qilmagandi. Orastaxon yo‘lda tushib qoldi. Siz ketavering, men kechroq boraman. Jabbor hayron bo‘lib bo‘shashgancha kelaverdi. U yangi uyga ko‘nikolmay anchagina uxlolmadi. Undan tashqari, Orastaxonning kelishini kutib tiq etsa ko‘cha eshikka karab o‘tiraverdi. Orastaxon odati bo‘yicha qoq yarim kechasi qaytdi. Kutaverib toqati toq bo‘lgan Jabbor eshikni ocharkan, fransuz duxisining hididan dimog‘i tars yorilay dedi. Chuiki duxiga papiros tutunining hidi aralashib, qo‘lansa bo‘lib ketgan edi. Qayoqda yuribsiz? dedi to‘ng‘illab Jabbor. Nima, erimmisiz, tergamang meni. Jabbor, bore, menga nima, dediyu ayvonga borib chiroqni o‘chirib yotib oldi. Orastaxon ichkari uyda allamahalgacha g‘imirsib yurdi. Magnitafonni shang‘illatib sira uxlatmadi. Jabbor tajang bo‘lib o‘tirib oldi. Timirskilanib shimining cho‘ntagidan sigareta olib tutatdi. Ichkaridan hamon hindcha ko‘shiq eshitilib turardi. Old tugmalari qadalmagan xalatni yelvagay kiygan Orastaxon ayvonga chiqdi. Sigaretangizdan bering, meniki tugab qoldi, dedi u chiroqni yoqa turib. Jabbor unga sigareta uzatdi. Orastaxon sigaretani labiga qistirib tutatib olay, deb engashdi. Xalatning ikki bari ikki yoqqa ochilib ketganidan uning vujudi baralla ko‘rinib turardi. Jabbor bir qo‘li bilan uning sigaretasini tutatarkan, ikkinchi qo‘li bilan beixtiyor yelkasidan tutdi. Qiz atayin qildimi, yo o‘zi shunaqa bo‘lib qoldimi, munkib ketdi. Munkidi-yu, Jabborning bag‘riga tushdi... Ertasidan boshlab uni Orastaxon emas, Orasta deb, senlab chaqiradigan bo‘ldi. To u ishdan qaytguncha Jabbor osh damlab, goh qozonkabob qilib kutib olardi. Qanaqa erkaksiz, dedi yana bir hafta o‘tganda Orastaxon. Biron nordonroq narsa topib kelsangiz-chi, ko‘ngillarim aynib ketyapti. Jabborning yuragini vahm bosdi. Obbo, nordon narsani bekorga ko‘ngli tusaydimi, bir gap bo‘lgan unga. Kechga tomon Jabbor ayvonda sabzi to‘g‘rab o‘tirgan edi, jiyani kelib qoldi. Qo‘lida telegramma. Shoshib olib o‘qidi. Opasidan ekan. «Ukaginam Jabborjon. Pochchang avariyaga uchrab, og‘ir ahvolda yotibdi. Tezda yetib kel». Jabborning ota-onasi yoshligida o‘lib ketgan, shu opasining qo‘lida qolgan. Pochchasi o‘z bolasidek boqib voyaga yetkazgan edi. Yuragi allanechuk ezilib ketdi. Shoshib kiyindiyu ko‘cha eshik ostonasiga chiqib, Orastaxonni kuta boshladi... Aksiga olib Orastaxonning konserti bor ekan, kech keldi. E, qayoqda yuribsan? dedi alam bilan Jabbor. Orastaxon xandon tashlab kuldi: Negadir tergaganingiz bu gal alam qilmadi-ya. Jabbor unga telegrammani uzatdi. Orastaxon o‘qib bir unga, bir telegrammaga qaradi. Borishingiz shartmi? Shart! dedi Jabbor. Dadam bilan ayam meni sizga ishonib tashlab ketishgan-a. Undan tashqari, doktorning harakatini qilishimiz kerak edi. Jabbor qo‘l siltadi: Hozir shu gap ko‘nglimga sig‘adimi? Orastaxon titrab ketdi. G‘azabdan lablari ko‘karib, ikki qoshining o‘rtasiga tugunchak tushdi. Ketasanmi?! dedi u g‘azab bilan. Axir tushunsang-chi, bormasam bo‘lmaydi. Jabbor shunday dedi-yu, shart burilib ko‘chaga chiqdi-ketdi. Orastaxon uni keladi deb bir soat kutdi, ikki soat kutdi, kelmadi. Shoshib telefon trubkasini ko‘tarib, nomer tera boshladi: Maxsuma. O‘zingmisan? Jon o‘rtoq, tezda biznikiga yetib kelgin. Yotadigan bo‘lib kel. Bir o‘zim qo‘rqyapman, Jabbor o‘lgir ketib qoldi. Pochchasi avariya bo‘pti. Kelasan-a. Bu yaxshiligingni sira unutmayman. Bo‘pti. Kutaman. Orastaxon trubkani joyiga tashlab, kimsasiz qorong‘i ko‘chaga yugurdi. Yuragini hovuchlab dugonasini kuta boshladi. Topildiq Bozorboy «Jiguli»ga to‘rtta ballon oborib ber deb, deb uch yuz yigirma so‘m tashlab ketgan. Begijon o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib esidan chiqib qolibdi. Bugun ishga kelib, xalat kiyayotsa cho‘ntagidan pul chiqdi. Iya, Bozorboy tashlab ketgan edi-ku, deb «sporttovar»lar omboridan ballonlarni olib, avtofurgonga yuklab keldi. Orastaxon ayvonda bir o‘zi xayol surib o‘tirgan ekan. Begijon zo‘r bir ish qilayotgandek darvozadan birin-ketin to‘rtta ballonni g‘ildiratib kirdi. Orastaxon ballonlarni ko‘rib sevinib ketadi, deb o‘ylagan edi. Yo‘q, uning yuzida sevinch alomati ko‘rinmadi. Bir o‘zingiz nima qilib o‘tiribsiz? Chol-kampirlardan darak bormi? deb so‘radi Begijon. Ketishgandan keyin bir hafta o‘tgach, telefon qilishgandi. Begijon bu go‘zal qizga bir yaxshilik qilmoqchi bo‘ldi: Nima qilay, oppoq qiz. Ballonlarni o‘zim o‘rnatib beraymi? Keragi yo‘q, dedi Orastaxon. Mashina avariya bo‘lgan. Yurmaydi. Ustaxonaga borgandim, spravka bo‘lmasa, tuzatib bermas ekan. Chastniy ustaga tuzattiring, deyishdi. Begijon ustiga brezent yopilgan mashina oldiga keldi-da, brezentni ko‘tarib qaradi. Mashinaning buferi egingan. Oldidagi nikel panjarasi egilib, radiatorini teshib qo‘ygan. Ikkala chiroqni ham almashtirish kerak. Unchalik qiyin emas ekan. «Sporttovar»da hammasidan bor. Dadangizning o‘rinbosarlariga telefon qiling, yo‘q demaydi. Agar u kishiga aytib shu narsalarni oldirib bersangiz, ustani o‘zim topaman. U shunday deb soatiga qaradi: Hozir Akrom aka o‘zlaridalar. Bir telefon qilib ko‘ymaysizmi? Orastaxon ayvon tokchasiga chiqarib qo‘yilgan telefon oldiga bordi. Nomer tera boshladi. Begijon: «Pulni o‘zim to‘layman deyavering, men berib turaman», deb shivirladi. Akrom aka uzoq chaynalgandan keyin rozi bo‘ldi. Ertaga shanba, indinga oddix. Men bo‘shman. Boyagi narsalarni skladdan olib, bugun tashlab o‘taman. Uyda bo‘ling-a. Ertaga usta olib kelaman. Akaxonimiz kelgunlaricha mashinani gijinglatib qo‘yamiz. Ko‘rib xursand bo‘ladilar. Begijon aytganini qilib «Moskvich» furgonida bufer, ikkita chiroq va boshqa qismlarni tashlab ketdi. Ertalab, u basharasidan odam ko‘rkadigan, ichaverganidan rangi ko‘kimtir bo‘lib ketgan, yaqin orada iyagiga tig‘ tegmagan bir ustani boshlab keldi. Usta mashinaning u yog‘-bu yog‘ini ko‘rib, tuzatsa bo‘ladi, dedi. U xaltadan asbob-uskunalarini olib ishga tushib ketdi. Begijon mashina tagiga kirib, chalqancha yotib olgan ustaga har xil asboblarni uzatib turdi. Orastaxon bir choynak bilan ikkita piyola keltirib qo‘ydi. Begijon o‘zicha tushunib: Orastaxon, singlim, usta choy ichmaydilar. Magazinga chiqib uch-to‘rt shisha suxoy vino olib keling, dedi. Ustaning yuziga tabassum yugurdi. Yoqimsiz bir iljayib qo‘ydi. Barmatuxa bo‘lsin, deb ta’kidladi u. Usta ikki soatdan ortiq urinib, pachoq bo‘lgan g‘ildi-rak qismlarni olib tashladi. Shundan keyingina dam olishga chiqdi. Chalqancha yotaverib zax o‘tib ketgan ekan, o‘zini oftobga solib, «Barmatuxa»dan bir piyolani to‘ldirib ichib, ancha jonlangandek bo‘ldi. Ana, endi buyog‘i oson. Eng qiyinidan qutuldik. Usta nihoyatda kamgap odam edi. Begijon uni har qancha gapga solmasin, o‘nta so‘rog‘iga bitta javob berardi. Qayerliksiz, usta, deb so‘raganda, vodiy taraflardanman, deb qo‘ya qoldi. Begijon uning afti-angortini ko‘rib, sal xushyorroq turmasa uyni shilib ketishdan xam toymaydi, deb o‘ylardi. Usta radiatorni yaxshilab o‘rnatdi-yu, oldidagi ni-kel panjarani o‘rnatishga ancha qiynaldi. Mashinaning oldi tarafi sal shikast yegan ekan. Chokini chokiga to‘g‘rilaguncha kech bo‘ldi. Usta, qayerda turasiz? deb so‘radi Begijon. Kimning yumushini qilsam, o‘shaning uyida yotaman, deb javob qildi usta. Uni bu uyda qoldirib bo‘ladimi?! Turqi-tarovatini qarang! Ish topolmagan kunlarda qayerda yotardingiz, usta, deb so‘radi Begijon. Qumloqdagi samovarda, deb javob qildi u. Ertaga o‘zingiz topib kelolasizmi, yo o‘zim borib olib kelaymi? deb so‘radi Begijon. Toshkentni yaxshi bilmayman. Doim ko‘chalarida adashib yuraman. O‘zingiz boshlab kelganingiz durust. Buguncha yetar. Magazinlar bekilib qolmasdan boray endi. Magazindan nima olasiz? Muncha so‘rayverasiz? Kechasi nimani ichaman?! Do‘kon bekilmasdan olib qo‘yishim kerakmi, axir. Ustaning ovqatga unchalik xushi yo‘q ekan. Orastaxon olib kelgan jarkopga qayrilib ham qaramadi. Oxirgi shishani piyolaga sirqitib vino quydi-da, gazaksiz ichib, o‘rnidan turdi. Ertalab Begijon ustani boshlab kelganda Orastaxon ayvonda Jabborni qarg‘ab o‘tirardi. Uning rangi o‘chgan, darmonsiz edi. Kecha Begijon ustani olib ketgandan keyin dugonasi topib bergan ayollar doktoriga borib, o‘zini «davolatgan» edi. Begijon uning nochor ahvolini ko‘rib hayron bo‘ldi. Nima gap, tobingiz yo‘qmi? deb so‘radi. Shamollabman, deb qo‘ya koldi Orastaxon. Usta yangi qismlarni o‘rnatguncha uch shisha «barmatuxa»ni bo‘shatdi. Xuddi zavoddan chiqqandek yangilangan mashinaga qarab Begijonning zavqi toshib ketdi. Qo‘li gul usta ekan, deb uning ishiga tahsinlar o‘qidi. Yashang, usta! Endi to‘rttala ballonni almashtirsangiz bo‘ldi. Orastaxon mazam qochyapti, Bek aka, kirib picha yotay, choy-poyga o‘zingiz qarab turarsiz, deb uyga kirib ketdi. Usta avval oldingi ikkita g‘ildirakni chiqazib yangi ballon qo‘ydi. Keyin orqadagi ikkitasini chiqazdi, Eskirib, titilib ketgan ballonni diskadan olayotganda allaqanday lattaga o‘ralgan narsalar chiqa boshladi. Begijon bittasini ochib qaragan edi, marvarid, tilla uzuklar ekan. U shoshib boshqasini ochdi. Tilla qoshiqlar, boshqasida bilakuzuklar va boshqa taqinchoqlar. Ichaverib ko‘zlari qisilib ketgan usta bu nima balo ekan, deb indamay bezrayib turardi. Begijon ko‘rsatkich barmog‘ini lablari ustiga bosib, ustaga, damingni chiqarma, degan ishorani qildi. Usta bosh irg‘ab turaverdi. U Begijonning ishorasi bilan dpskaga yangi ballon kiydirib, o‘qqa ilib qo‘ydi. Keyin oxirgi to‘rtinchi ballonni diskadan chiqazishga tutindi. Ballon ichi g‘ij-g‘ij yuz so‘mlik pachkalar edi. Begijon shoshib pullarni qog‘oz qopga sola boshladi. Usta juda g‘alati odam ekan. Ko‘z oldida shuncha voqea sodir bo‘lyapti-yu, qani bir entiksa. O‘likka o‘xshab ko‘zini baqraytirib turipti. U indamay g‘ildirakni o‘rnatib, qo‘lini yuvgani vodoprovod tomonga ketdi. Begijon oxirgi shishadagi vinoni kosaga to‘ldirib quyib, ustani zo‘rlab ichirdi. Ketar vaqti ham bo‘ldi. Begijon derazani tiqillatib Orastaxonga eshikni berkitib oling, dedi. Ichkaridan «Eshikni qattiqroq yopsangiz o‘zi qulflanib qoladi. «Angliyskiy zamok», degan javob bo‘ldi. Orastaxonning chiqmagani Begijon uchun ayni muddao edi. Usta temir-tersaklar solingan xaltasini, Begijon pul va tilla buyumlar to‘la qopni orqalab yo‘lga tushdi. Mulla aka, yuz so‘mlikni ushlamaganimga ko‘p vaqtlar bo‘lgan. Uch-to‘rttasini menga berarsiz. Begijon topgan boylikni usta bilan bab-baravar bo‘lishmoqchi edi. U bo‘lsa uch-to‘rttagina yuz so‘mlik so‘rayapti. Begimjon anoyilardan emas edi. Bosh chayqab afsuslangandek gapirdi: Mayli, beraman. Qonunga xilof bo‘lsa ham beshta yuz so‘mlikni sizga beraman. Qolganlarini bankaga topshirishim kerak. Uzoqdan Qumloq guzari ko‘rinishi bilan ular to‘xtashdi. Begijon usta yana biron kun kayfda dovdirab kelib qolmasin, deb ataylab ikkinchi topolmaydigan qilib pastqam ko‘chalardan adashtirib olib kelardi. Begijon qopga qo‘l cho‘zmay yon cho‘ntagidan beshta yuz so‘mlik chiqazib ustaga uzatdi. Ko‘rdingmi, men o‘z yonimdan beryapman. Bu pulga tegib bo‘lmaydi. Birovning haqidan qo‘rqaman. Gunohga botishni istamayman. Ustaning na uyi, na joyi bor. Unga boylikning ahamiyati yo‘q. Kuniga bir-ikki shisha arzon vino topsa, shu uning boyligi. Begijon endi uni bir umr ko‘rmaydi. Bundan ko‘ngli tinch. Ammo usta kim bilan uchrashganini, ismi nima, qayerda ishlaydi, uyi qayerda, ikki kun qaysi ko‘chada, kimning uyida ishlaganini ham bilmasdi. Ayniqsa, ketar oldida Begijon bosib-bosib ikki shisha vinoni qistab ichirgandan keyin usta mutlaqo esini yo‘qotib, oq-qorani tanimay qolgandi. Hozir Begijon bola-chaqasi bilan, nevara-chevaralari bilan bir umr yeb tugatib bo‘lmaydigan xazinani orqalab borarkan, o‘zini dunyodagi eng baxtli, eng boy odam deb bilardi. Bozorboy ablah bo‘lgani bilan ba’zi-ba’zida rost gapirib qo‘yadi: «Hoy Begish, sening qo‘ling chaqqon, oyog‘in sust» deganida joni hiqildog‘iga kelgan edi. «Mana, gapi rost chiqdi. Mendan boshqa odam bo‘lganda shu paytgacha uyga yetib olardi. Men ablah haliyam yo‘lning yarmiga yetganim yo‘q». Endi u Bozorboy Oxunovichga ham, poyabzal omboriga ham tupuradi. Qichkinagina bir ishga kirib olib, kalamushga o‘xshab topgan boyligini kemirib yotaveradi. U shunday xayollar bilan pastqam ko‘chalardan yurib, Chig‘atoy guzariga chiqdi. Bu guzardan hammavaqt mashinada o‘tardi. Choyxonada o‘tirgan tanishlar uning qop orqalab kelayotganini ko‘rsalar, nima deb o‘ylashlari mumkin. Begijon ko‘prikka yetganda ro‘paradan kelayotgan taksi signal berdi. U mashinaning o‘tkir farasiga dosh berolmay panjaralari bilan yuzini berkitdi. Taksi shundoqqina uning yoniga kelganda g‘iqillab tormoz berdi. Eshik ochilib, sochlari to‘zg‘ib ketgan bir yigitning boshi ko‘rindi: Begishmisan? Bu yoqda nima qilib yuribsan? Ertalabdan beri qidiramiz. Qani, mashinaga chiq! Hozir uyingga borib kelyapmiz. Eshmon Davlatovga «Xizmat ko‘rsatgan savdo xodimi» unvoni berildi. Bazadagilar birma-bir tabriklab kelishyapti. O‘shaqqa boramiz. Begijon esankirab qoldi. Nima deyishni bilmay, chaynaldi: Yo‘q, o‘zinglar boraveringlar, meni ishim bor. E, ishing qursin, dedi orqa eshikni ochib tushgan davangir yigit. Qani yur, yur! Yigit u orqalagan qog‘oz qopni yulib olib, mashina ichiga uloqtirdi. O‘zini itarib mashinaga chiqazdi. Jon og‘aynilar, men borolmayman. Meniki uzrli. Borolmayman. Jon do‘stlar... Mashinadagi jo‘ralarning kayfi baland edi. Uning gaplari quloqlariga kirmas: «Odammassan o‘zing, yakka-moxov bo‘lib yurasanmi, mundoq ulfatlarga qo‘shil-da», deb dashnom berishardi. Oyoq tagiga tashlangan qog‘oz qop shundoqqina uning boldiriga tegib turipti. «E, xudo, ishqilib ichida nima borligini bilib qolishmasin-da», deya ichidan nola qilardi Begijon. Mashina Eshmon Davlatovning eshigi oldida to‘xtadi. Begijon mashinadan tushmay qopiga yopishib o‘tiraverdi. Jon do‘stlar, o‘rgilay do‘stlar, shu mashinada uyimga yetib olay... Hech kim uning gapiga quloq solmadi. Biri qopidan, biri etagidan sudrab pastga tushirishdi. Itarib ichkariga olib kirishdi. Begijon hovliga kiripti hamki, qopini qo‘yvormasdi. Nimabalo, qopda tilla-pilla bormi, muncha yopishib olding?! E, qo‘yvor-e, qoping qursin, ichida yuz ming so‘m puling bo‘lsa ham birov tegmaydi, dedi qopning bir chetidan tortib turgan yigit. Yuz ming ekan-ku, ikki yuz ming bo‘lsa ham birov tegmaydi, dedi boshqasi. U shunday dedi-yu, qopni yulib olib hovli o‘rtasiga uloqtirdi. Qop yangigina suv sepilgandan hosil bo‘lgan ko‘lmakka borib tushdi. Begijon jon holatda yugurib qopni ko‘targan edi, ivigan qog‘oz qop yirtilib ichidan pachka-pachka yuz so‘mliklar to‘kildi. Dastro‘molchalarga alohida-alohida tugilgan allanimalar yer bilan bitta bo‘ldi. Hamma hayron. Begijon ko‘zlarini chirt yuvib dag‘-dag‘ titrardi. Mahalladan kirgan mehmonlar ham gurra o‘rinlaridan turib, odamlar davrasida qolgan pul uyumi tepasiga kelishdi. Militsiyaga xabar qilish kerak, dedi kimdir. Bu ovozlar Begijonga juda uzoqdan eshitilayotganga o‘xshadi. Eshmonning o‘g‘li o‘qdek otilib, ko‘chaga chiqib ketdi. Sal fursat o‘tib u uchastkovoyni boshlab keldi. Odamlar ikki tarafga ayrilib unga yo‘l berishdi. Pul sanayverib ko‘z pishib ketgan baza xodimlaridan biri o‘rtadagi pulni chamalab bir gap aytdi. Hamma hayratdan yoqa ushladi. Bu voqeaga guvoh bo‘lishni istamaganlar oyoq uchida yurib, asta tarqala boshladilar. Eshmon Begijonga yomon qaradi: Falokating o‘zingga urgur. O‘g‘rilik pul bilan kelib meni badnom qilmoqchimiding, xunasa? Begijon uning betiga qaramay, tishlarini g‘ichirlatdi. Uning hozirgi holati qopqonga tushgan bo‘rini eslatardi. Qaytish Kechqurun Orastaxon dugonasi Maxsuma bilan televizor ko‘rib o‘tirgan edi, telefon qattiq jiringladi. Shoshib trubkani ko‘tardi. «Hozir Sochi bilan gaplashasiz», degan tovush eshitildi. Sal fursatdan keyin Bozorboyning shodon ovozi yangradi: Oras, o‘zingmisan? Tinch o‘tiribsanmi? Sog‘lig‘ing yaxshimi? Ertaga uchamiz. Jabborga ayt, soat ikkida aeroportga mashina olib chiqsin! Jabbor yo‘q. Pochchasi avariya bo‘lgan ekan, Marg‘ilonga ketgan. Men Maxsuma degan dugonam bilan o‘tiribman. Bo‘lmasam o‘rinbosarim Akrom Qudratovga ayt, mashinasini chiqazsin. O‘zim unga telefon qilaman, ehtiyot shart, sen ham qo‘ng‘iroq qilib qo‘y, O‘ydan jilmay o‘tir. Mana, mamang bilan gaplashasan. Tijoratxon, Oras, deyishi bilan vaqt tugab trubkadan qisqa-qisqa gudok eshitildi. Orastaxon shu zahotiyoq Akrom akaga telefon qilib kutib olishga mashina berishni so‘radi. «Avval uyga kelib, meni olib ketsin» deb qayta-qayta tayinladi. Ertasiga mashina Orastaxon aytgan paytda keldi. U qanchalik pardoz qilmasin, baribir yuzida paydo bo‘lgan och jigarrang dog‘lar sezilib turardi. O‘zi ham ancha ozib, so‘lib qolgan edi. Samolyotdan entikib tushgan Tijoratxon qiziga qarab, yuragi shuv etib ketdi. Xotin kishi juda sezgir bo‘ladi-da. Bir qarashda nima bo‘lganini bildi. Senga nima bo‘ldi? dedi u qizining qulog‘iga shivirlab. Oftobda qo‘proq yurgan ekanman, bir-ikki kun tobim qochdi. Tijoratxon labini tishlab boshini sarak-sarak qildi. Bunaqa ishlar uning ham boshidan o‘tgan edi. Yoshlik-beboshlik, xatolik har kimdan ham o‘tadi, deb o‘zini tinchitdi. Mashina joyidan qo‘zg‘alganda u yana qizining qulog‘iga shivirladi: Kim edi u yashshamagur! Orastaxon: «E, boring-e» deb yuzini teskari o‘girdi. Bozorboy ham, Tijoratxon ham rosa qorayishipti. Dengiz suvi, janub oftobi ularga juda yoqibdi. Oras, bu Jabborning pochchasi qayerda avariya bo‘pti? deb so‘radi Bozorboy. Tirikmikin, ishqilib? Telefon qilmadimi? Orastaxon, yo‘q, deb bosh silkidi. Bazada nima yangiliklar bor? deb shofyordan so‘radi. Gap ko‘p, Bozor aka. Begijon jinni bo‘p qopti. Balnisada yotipti. Odam tanimaydi, deyishadi. Akrom akam kecha ko‘rgani borgan ekanlar, u kishiga qarab «Eshmon, Eshmon o‘lgur, to‘qson beshga qalaysan, lo‘nqasidan damlaganman», deb supurgini ko‘rsatipti. Yo tavba, deb yoqasini ushladi Bozorboy. Bu kasal naslida bor bo‘lsa ajabmas. Keyingi paytlarda ko‘zi bejo bo‘lib qolgandi. Yana nima gaplar bor? Shofyor mashinani tor ko‘chaga burganidan so‘ng javob berdi: Eshmon Davlatov oblpotrebsoyuzga starshiy revizor bo‘lib ketdi. Shu gapni eshitgandan keyin Rahmonali aka bilan Tursunxo‘ja shalvirlab qolishdi. Begishni ham shu jinni qilgan, deyishyapti. Akrom akam bo‘lsalar: «Ularning gapiga ishonma. Eshmon chesniy bola, qani endi, savdo ishida shunaqalar ko‘proq bo‘lsa», deydilar. Bozorboyning dami ichiga tushib ketdi. Bu Eshmon degani xudo urgan odam. Ochdan o‘lsa o‘ladiki, birovning nonini yemaydi. Yuqoriga ko‘tarilgani chakki ish bo‘pti. Bazadagi jamiki ikir-chikirlarni biladi. Boplab kavlashtirib qolmasa go‘rga edi. Bozorboy boshqa gap so‘ramadi. Mashinaning bir tomoni lopillay boshladi. Ballon qo‘yvordi, dedi shofyor tormoz berar ekan. Jindek sabr qilasizlar, birpasda almashtirib olaman. Bozorboyning samolyotda o‘tiraverib beli qotib ketgan edi. Shofyor g‘ildirakni almashtirguncha pastga tushib, u yoq-bu yoqqa yurib, belini uqaladi. Qo‘llarini osmonga ko‘tarib, bir-ikki marta yaxshilab kerishdi. Shofyor chaqqongina ekan, g‘ildirakni darrov almashtirib qo‘ydi. Bozorboy mashinaga o‘tirganidan to uyga kelguncha churq etib ovoz chiqazmadi. Hozir uning yuragiga qil ham sig‘masdi. Eshmon Davlatov baland lavozimga emas, Bozorboyning yelkasiga chiqqandek edi. Shofyor yuklarni ayvongacha oborib, qaytib chiqib ketdi. Bozorboy unga rahmat ham demay, ko‘cha eshikni ichidan berkitib oldi-da, garaj chirog‘ini yoqdi. Yaxshilab yuvib artilgan «Jiguli» yaltirab o‘zini qamashtirdi. Tizzalab o‘tirib orqa g‘ildiraklarga qaradi. Qaradi-yu tubsiz jarga kulayotgan odamdek muvozanatni yo‘qotib, bir tomonga og‘ib ketaverdi. Oxiri yelkasi bilan gup etib yerga yiqildi. «G‘ildirak, g‘ildirak», deb shivirladi. O‘z ovozi o‘ziga uzoqdan eshitilayotganga o‘xshaydi. Bor kuchini nig‘ib qichqirdi. Tijo! Oras! Oras! Uning ovozi nihoyatda xunuk edi. Bu ovoz Bozorboyning ovoziga o‘xshamasdi. Bo‘g‘izlanayotgan odamning xirqiriq ovozi edi. Bu dahshatli ovozdan ayvonda chamadon ochayotgan ona-bola ko‘rqib ketishdi. Biri ketidan biri yugurib, garajga kelishdi. Bozorboy yonboshiga yiqilgancha og‘zidan ko‘pik chiqarib yotardi. Qorachiqlari qotib qolgan, ochiq ko‘zlari mashinaning orqa g‘ildiraklariga qaragancha baqrayib turardi. Tijoratxon erining yelkasidan ko‘taraman, deb engashdiyu mashinaning orqa g‘ildiraklari yangilanib qolganini ko‘rishi bilan dodlab yubordi. Voydod, honavayron bo‘ldim! Uyim kuyd-e! Gado bo‘ldem! Shofyor ketmagan ekan. Teshilgan kamera o‘rniga yangisini qo‘yib ballonga yel berayotgan edi. Ichkaridan dahshatli yig‘i ovozini eshitib, eshikni taqillata boshladi. Tijoratxonning dodlashidan eshikning taqillashi eshitilmasdi. Shofyor devordan oshib tushdi. Tijoratxon erining og‘zidan ko‘pik chiqarib yotganini ham unutib, mashina atrofida telbalarcha dodlab aylanardi: Dod, dod! «Dod» tovushidan qo‘ni-qo‘shnilar yugurib chiqishdi. Tijoratxon odamlarga qaramas, sochlarini yozib, yoqalarini yirtib dodlardi. U dodlab-dodlab oxiri ko‘ksini changallaganicha jimib qoldi. Faqat iyagi tinmay qimirlardi. U holdan toyib, erining yoniga yiqildi. Doktor chaqirish kerak! Chaqirib nima qilasan?! Tayyor mashina bor ekan, kasalxonaga zudlik bilan oborish kerak. Qo‘shnilar ularni ko‘tarib mashinaga olib chiqishdi. Shofyor ajib bir chaqqonlik bilan motorga o‘t berdi-yu, mashinani yeldek uchirib ketdi. Qorong‘ilikda jadallab ketayotgan mashinaning ikki qizil chirog‘i kichrayib-kichrayib, oxiri ko‘rinmay qoldi. Xotima Yomon gapning ham qanoti bo‘ladi. Pir etib uchadiyu tomma-tom, devorma-devor oshib, elning qulog‘idan kirib, og‘zidan chiqadi. Bozorboyning jinni bo‘lib qolgani xech kimni ajablantirmadi. Bunga sabab undan oldin Begijon otini qamchilab hamkasblarining «etini o‘ldirib» qo‘ygani edi. Lekin baribir shundoq odamning boshiga ko‘rgilik tushganda gap-so‘z bo‘lmasdan qolmas ekan. Tushlik payti baza oshxonasi odatdagidek gavjum edi. Choyni maydalab, o‘tgan-ketgan gaplar muhokama qilindi. Har kim bilganicha bichib-to‘qidi. Tursunxo‘ja bilan Rahmonali ham shu yerda. Gap aylanib Bozorboy bilan Begijonning kasaliga taqaladi. Bu kasal naslida bo‘lsa kerak, dedi kimdir. Rahmonali shu gapni aytgan kishini siltab tashladi: Og‘zim bor, deb har gapni aytaverasizmi? Ishimiz og‘ir. Qurilish materiallari omborining yuk tushiruvchisi Abdullajonning zardasi qaynab ketdi: Hoy, menga kara, ishingni nimasi og‘ir? Kosmosda sputnik uchiryapsanmi yo xalqaro ahvolning taqdiri senga qarab qolganmi? Pul sanab charchayotgan bo‘lsang, menga ber, sanashib beray. Yo‘q, birodarlar, bu ochko‘zlik balosi! Besh barmoqni bab-barabar og‘ziga tiqishdan. Ba’zi odamlarga hayronman, qaysi zamonda yashayapsan, axir. Tekshiruvchilar omon bo‘lsa tilla yiqqanlarning hammasini giribonidan tutadi. Buxorodagi rayponing raisi ancha oltin-marvarid bilan qo‘lga tushib, muzdekkina bo‘lib o‘tiripti. Hey, yegandan qo‘rq, yiqqandan qo‘rqma, degan ekan birov. O‘zlari bitta-bittalab terib oladi. Tavba, shuncha pul-u oltinni nima qilasan? Go‘ringga orqalab ketasanmi? Ko‘pchilik mulki hisob-kitobli, bittasini olsang o‘rni bilinib qoladi. Qani, tegib ko‘r-chi! Ishim og‘ir, deydi-ya, e, seni qara-yu... Gapdan gap chiqib odam bolasi nega jinni bo‘ladi, degan masala ko‘ndalang kelib qoldi. Mahallamizda Ikrom degan kishi bor edi. Bir jinni bo‘lib, salkam olti oy kasalxonada yotib, davolanib sapsem tuzalgan. O‘shandan bir kuni, birodar, jinnilik qanaqa bo‘larkan, deb so‘raganinimda juda qiziq gap aytdi: «E, uka, jinni bo‘lmabsan, dunyoga kelmabsan. Bizi Toshkentdagi Komsomol ko‘li avji suvga to‘lgan paytida o‘rtasiga gilam yozib rosa ulfatchilik qilardik». O‘tirganlar bu gapdan hang-mang bo‘lib qolishdi. Gapni Abdullajon ilib ketdi: Bir bilag‘on odam bilan gaplashgan edim. Odam bolasining haromdan topgan puli ellik mingdan oshsa, chap ko‘zining jiyagi qizara boshlarkan. Yuz mingga yetganda qizarish o‘ng ko‘ziga ham o‘tarkan. Yuz mingdan oshganda sekin-asta jinnilik boshlanarkan. O‘tirganlardan biri gapga gap qo‘shdi: Begijon orqalab yurgan pul uch yuz ellik ming ekan, tillo buyumlarni hisoblamaganda. Demak, ko‘zining jiyagidan to tovonigacha qizarib ketgan ekan-da. Abdullajonning gaplari Rahmonali bilan Tursunxo‘janing boshidan sanchilib tovonidan chiqayotganga o‘xshardi. Tursunxo‘ja Rahmonalining qulog‘iga shivirladi: Nima qilardingiz shu sassiq bilan tortishib? Jimgina o‘tiravermaysizmi? Hammani yomonga chiqazvordingiz-ku, dedi yana tili qichib Rahmonali. Abdullajon ham gapdan qoladiganlardan emas edi: O‘zingni yaxshilar qatoriga qo‘shmoqchimisan? Sen u ro‘yxatga kirmaysan. To‘g‘ri, yaxshilar ko‘p. Mana, masalan, Eshmon Davlat, o‘ttiz yildan beri savdo sohasida pshlaydi. Yigirma yildan ortiq mana shu iskalatlarda ishlagan. Uyiga bitta paypoq yo bo‘lmasam bitta dastro‘mol olib ketmagan. Qizini uzatganda yordam kassasidan besh yuz so‘m olgan. O‘zim sanab ko‘rganman. Kurort degan narsani bilmaydi. Otpuskasida ikki o‘g‘lini yoniga olib tom suvaydi. Oyligiga qanoat qiladigan odam. Senlar mamlakatda qanchaki kurort bo‘lsa, ko‘rmaganing qolmagan. To‘y qilsalaring, o‘n bir mahalladan odam aytasanlar. Tursunxo‘ja Rahmonalini yana turtdi: Turing! Bu sassiqning jag‘i ochilib ketdi, endi to‘xtatib bo‘lmaydi. Tursunxo‘ja Abdullajonga qaradi. Qo‘yinglar, boshqa gaplardan gaplashaylik. Nimani gaplashaylik bo‘lmasam. Sen to‘g‘ringdami? O‘g‘limni uylantirayotganimda kelinbop bitta jemper so‘raganimda bermaganingni gapiraymi? Bozorga tushib qo‘ldan ikki barobar narxga olganman. O‘zimizning iskalatdan chiqqan molga ortiqcha haq to‘laganimni aytaymi? O‘shanaqa jemperdan xotining, qizing, kelining to‘yga kiyib kelganidan gapiraymi? Menga ko‘zingni olaytirma! Sen yaxshi odamlar ro‘yxatiga suqilma. Qanaqaliging iskalat reviziya bo‘lganda bilinadi. Rahmonali etagini qoqib, o‘rnidan turib ketdi. Yo‘lda kelishayotganda Tursunxo‘ja bir gap aytdi: Bular bilan olishmang, ukajon. Ko‘ydek yuvosh bo‘ling, ha, o‘shanda yutasiz. Rahmonali bilan Tursunxo‘ja xuddi maslahatlashib olgandek uyga keliboq, oynaga qarab ko‘z jiyaklarini yirib ko‘rishdi. Hozircha qizarganga o‘xshamadi. Oradan ikki kun o‘tib Tursunxo‘ja Jabborga, Bozorboy aka bilan Begishni ko‘rib kelaylik, oborib kelgin, degan edi, Jabbor benzin yo‘q deb bahona qildi. Akrom akaning shofyori ularni kasalxonaga olib boradigan bo‘ldi. Bozorga borib ikkita paketni to‘ldirib yo‘lga tushishdi. Jabbordan dili og‘rigan Tursunxo‘ja uni yomonlay boshladi: Bu yaramas Bozorboyning qizini yo‘ldan uryapti, deb eshitdim. Uning gapini Rahmonali tasdiqladi: Orastaning bo‘yida bo‘lib qolganmish. Shofyor shofyorni hech qachon badnom qilmaydi. Biri-birini suyaydi. Shu gapga ishonib o‘tiribsizmi? Yolg‘on gap. Ispletniy gap. Lekin bu «Ispletniy gap» allaqachon baza ahliga tarqalib bo‘lgandi. Navbatchi vrach Bozorboy bilan Begijonni maxsus xonaga chaqirib, ularga uchrashtirdi. Yo tavba! Bozorboy ham, Begijon ham ularni tanimadi. Bozorboy xuddi majlisda gapirayotgandek qo‘llarini siltab: «San’at muzeyiga boringiz, «Cho‘milayotgan ayol» suratini ko‘ringiz!» deb qichqirdi. Begijon bo‘lsa kim eshikdan kirsa, qo‘lidagi sovun qutisini ko‘rsatib: «To‘kson beshga qalaysiz, xo‘jayin, lo‘nqasidan» derdi. Begijon Bozorboyning oldiga kelib, qulog‘iga shivirladi: E, birodar, men Bozorboy degan yaramasning ustidan o‘ziga anonim yozganman. Yetti ming pulimni yeb ketgansan, ovsar, deb yozganman. Rahmonali bilan Tursunxo‘ja qaytib chiqishar ekan, navbatchi vrach ularga «Kelib ovora bo‘lib yurmanglar, baribir sizlarni tanishmaydi» dedi. Hovliga chiqishganda Bozorboy Begijondan so‘radi: Birodar, o‘zlari qayerdan bo‘ladilar? Begijon o‘ylab-o‘ylab qayerda yashaganini, qayerda ishlaganini, hatto o‘zining kimligini eslolmadi. Bozorboyning betiga qarab ma’nosiz iljaydi. Juda to‘g‘ri aytasiz, ukaginam, dedi Bozorboy undan juda ham ma’noli gap eshitgandek. Gapingizga qo‘shilaman. Bizning xotin o‘zingiz aytgandek yoshligida juda go‘zal bo‘lgan... O‘zi ham sutga chayilganday. Shu payt ro‘paradan kelayotgan bosh vrachga ko‘zi tushib, qaddini rostladi-da: Hoy, doktor, g‘ildiraklaringizni omonat kassada saqlang! deb qichqirdi. Bosh vrach: «Xo‘p-xo‘p, albatta shunday qilaman» deb o‘tib ketdi. Oradan biron oy o‘tib gazetada «G‘ildirak» degan feleton bosildi. Unda «Jiguli» g‘ildiragida yashirilgan pulning sarguzashtlari yozilgan edi. Albatta bu gazeta ruhiy kasallar shifoxonasiga ham yetib keldi. Ko‘pchilik goh kulib, goh yoqa ushlab o‘qib chiqdi. Uni Bozorboyga ham, Begijonga ham o‘qib berishdi. Ikkovi ham feletonga tushunmadi. Gazeta o‘qilayotganida Begijon hushtak chalib, Bozorboy barmoqlarini bir-bir bukib, «Shanba, yakshanba, chorshanba...» deb kun sanab o‘tirdi. Bozorboy bechora bu feletonni ikki yildan beri kutardi. Atayin gazetaga obuna bo‘lgandi-ya... E, attang!
Manba:
Nomi | G‘ildirak (qissa) |
Muallif(lar)i | Said Ahmad 1920 |
Yaratilgan vaqti | 15.12.2023 |
Nashr yili | 0 |
Nashr parametri | - |
Nashriyoti | O'zbekiston |
Qo‘llanish sohasi | adabiyotshunoslik |
Adabiy turi | Dramatik |
Janri | qissa |
Voqea vaqti va joyi | - |
Matn tipi | qahramonlik |
Uslubi | Badiiy |
Auditoriya yoshi | Umumiy |
Auditoriyaning salohiyat darajasi | tarix |
Ichki korpus turi | Davriy nashrlar korpusi |
So‘z(shakl) miqdori | 0 |
Teglovchi | Kamoliddin |