Korpus bo‘yicha izlash

Kontekst:

Momo Yer qo‘shig‘i «Sharq»; nashriyot-matbaa konserni Bosh tahririyati, . Xumor momoga kun tug‘di. Yolg‘iz o‘g‘il askardan kelar bo‘ldi. Ostonasidan suyunchixo‘r arimadi. Xushxabar olib kelguvchilar biroviga to‘n yopdi, biroviga belbog‘ o‘radi, biroviga do‘ppi kiygizdi. Yolg‘iz o‘g‘ildan borini ayamadi. Qo‘li sandiqda bo‘ldi. Ko‘zi ostonada bo‘ldi. Askardan qaytmish o‘g‘ildan darak bo‘la bermadi. Shunda, momo ko‘ngliga tahlika tushdi. Chin-da, yo‘l azobi go‘r azobi. Yo‘lda nimalar bo‘lmaydi. Cholini otlantirib, yo‘lga chiqarayin, dedi. Choli qirda yotib arpa o‘radi. Ikki-uch kunda o‘roqchilarga suv olib borish uchun bir kelib ketadi. Bechora choli hali eshitmadi. Eshitsa, ot qo‘yib keladi. Xumor momo qo‘lini qoshi uzra soyabon qildi. Choli arpa o‘rmish qirga qaradi. O‘g‘li kelmish Denov yo‘liga qaradi. Intiho, askar keldi. Xumor momo ko‘chaga chiqar bo‘ldi. Kalishini izladi. Tegrasiga alangladi. Topolmadi. Yalang oyoq chiqqani ep bo‘lmadi. Bu, suyunchixo‘rlar ishi ekanini bildi. Kulib tura berdi. Kalishini so‘rovchi bo‘ldi. Tevarakda yurmish hamsoya-qo‘llar, xesh-taborlar yelka qisdi. Hovli darvozasi oldida turmish Mardon juvozkash aytdi: Suyunchisiga biror nima atamasangiz, kalishingiznida bermayman, darvozanida ochmayman. A? Yo‘q, Mardon juvozkash borning bolasi, mayda-chuydalarga uzatgan oyog‘inida yig‘maydi, ha! Juvozkash darvozani ichidan zanjirlab oldi. Darvoza tirqishidan odamlar qora berdi. O‘g‘li ostonadaligini ko‘rmish momo, endigi ataydigani oxirgi suyunchi ekanini bilmish momo, uch yildan buyon o‘g‘lini sog‘ina berib, yurak-bag‘ri ezilib yurmish momo, yo‘qchiliginida esidan chiqarib qo‘ydi. Qisir qolmish molini atab yubordi: Anavi molimni atadim, bor-e! dedi. Shundan keyin juvozkash qo‘ynidagi kalishni momo poyiga olib kelib qo‘ydi. Momo kalishni oyog‘iga yo‘l-yo‘lakay ildi. Darvozaga talpindi. Juvozkash darvozani ochdi. Ostonada askar turdi. Momo o‘zini o‘g‘li bag‘riga tashladi. Yuzini o‘g‘li bag‘riga bosdi. Askar momoni quchoqlab oldi. Bir-ikki marta yerdan ko‘tarib oldi. Ammo tevarakdagilarga sir bermadi. Dardi ichida bo‘ldi. O‘g‘li qilig‘ini sog‘inishga yo‘ydi. Yuzlarini o‘g‘li ko‘kragidagi nishonlarga suykadi, ho‘ngrab yig‘ladi. Askar onasini yupatdi: dedi. Askar, boshi uzra sochqilar sochildi. Bolalar sochqi terdi. Askar sochqilar ostida ichkariladi. Odamlar davra bo‘ldi. Hol-ahvol so‘ra-so‘ra bo‘ldi. Askar bosh irg‘adi. Askar davraga alangladi. Xumor momo davraga jovdirab qaradi. dedi. Xumor momo o‘g‘li poyqadamiga osh berdi. To‘y otasi qirdan qaytganda bo‘ladi, dedi. Askar ertalab badantarbiya qildi. Beligacha yalang‘och bo‘ldi. Hovlini aylanib chopdi. Oyog‘ini ko‘tardi, bebilchagini peshonasiga tekkizdi. Qo‘llarini yerga tiradi. dedi. Kun terak bo‘yi bo‘ldi. Askar xolasi do‘pposday o‘g‘lini ergashtirib keldi. Askar xolasiga peshvoz yurdi. O‘ng qo‘lini chakkasiga qo‘ydi. Serjant Orziqulov! dedi. Ko‘rishish uchun xolasiga qo‘l uzatdi. Xolasi askar qo‘lini emas, o‘zini bag‘riga oldi. Askar jiyaniga qarab qo‘lini chakkasiga qo‘ydi. dedi. Yo‘q, Bahrom, dedi jiyan. Bahrom, otstaloe imya! Jiyan, tog‘a bo‘lmish gapiga tushunmadi. Onasiga jovdirab qaradi. Onasi oraga tushdi. Jiyaningiz hali askar bo‘lmadi. O‘zbekcha gapirmasangiz, tushunmaydi, dedi. Nu-nu, pora znat’, pora! Askar chalqancha yotdi. Oyoqlarini chalishtirdi. Barmoqlari bilan ko‘kragiga chertdi. O‘zicha xirgoyi qildi: Kun oqqanda askar otasi qirdan enib keldi. Otini darvoza oldida qoldirdi. Qamchini belbog‘iga qistirdi. Ichkari ravona bo‘ldi. Kulimsib-kulimsib qadamladi, quchog‘ini ochib-ochib qadamladi. O‘zicha gapirib-gapirib qadamladi. Qani, askar kelibdi-da, qani... Askar otasiga peshvoz yurdi. Qo‘llarini boshi uzra yoydi. Otasi quchoqlashib-quchoqlashib ko‘rishdi. Qarindosh-urug‘lar, gapga yetarlar uchun to‘y qilib berdi. O‘g‘li oyoq olishi bilan gaplaridan ulay-bulay izza bo‘lmadi. Mayli, hali-hozir askarlik havosi bor. Keyin-keyin o‘ziga keladi, deya o‘yladi. Ammo askar o‘ziga kelmadi. Mo‘ysafid otasi toqati toq bo‘ldi, otasi yorildi: Ulim, erta birov aytgan ekan, otangni ko‘rdim ahmadi forig‘, enangni ko‘rdim tovoni yoriq, deb. Otang shul, enang shul, qo‘y endi, o‘z tilingda gapir. Nu, dayosh’, papasha, dayosh’! Men-ku, chala-chulpa bilaman. Qizil askar bo‘lib, o‘ris oshnalarim bilan tillasha berib, picha bilib olib edim. Lekin enang bechora manavi qishloqdan narini bilmaydi. Tilingga tushunolmay qiynalyapti. Otasi nima qilishini bilmadi. O‘y surib qoldi. Otasi bir vaqtlar Denov, Termizlarda qizil askarlik mashqini olib edi. Mana shu yerlarda Sovet hokimiyatini barpo etish uchun qo‘ltig‘iga to‘pponcha osib edi. Unda manavi mishiqi po‘rim onasi qornida yo bor edi, yo yo‘q edi. Bu o‘zi, kimga po‘rimlik qilyapti? Otasi zardasi qaynadi. Ko‘ylagini ko‘tardi. Chap biqinida hamon saqlanib turmish ajabtovur izlarni ochdi. Ay serjant, sen o‘zi kim bilan gaplashayotganingni bilyapsanmi? dedi. Men nagan taqib, Sovet hokimiyatini o‘rnatganimda qaerda eding? Enangning qornida, otangning belida eding! Ishonmasang, mana, nagan izi haliyam turibdi, mana! Ya uzbekskiy yazik ne ponimayu! Otasi u dedi, bo‘lmadi, bu dedi, bo‘lmadi. Askar gap korlamadi. Otasi, shu chindan o‘z o‘g‘limmi, yo, boshqa birovmi, demishday askar uyog‘idan qaradi, askar buyog‘idan qaradi. Aniq bir gapga kelolmadi. Keyin, shu o‘z o‘g‘lim ekani yo haqqost chin bo‘lsin, yo yolg‘on bo‘lsin, deya askar quloq-chakkasiga tars etkizib bir soldi. Askar bunday zarbni kutmab edimi, yo, eski qizil askar mushti o‘zi shunday bo‘ladimi, ishqilib, yonboshiga gup etib tushdi. Unsiz, jingak bo‘lib yotdi. Otasi askarni yoqasidan ushlab turg‘izdi. Endi bu chakkasiga solmoqchi bo‘ldi. Askar otasi niyatini payqadi shekilli, hovlini aylanib qochdi. Voy enajon, o‘ldim-e! deya baqirdi. Otasi belbog‘idagi qamchini oldi. Yalang oyoq bo‘lib askar quvdi. Enag‘arning bolasi, to‘xta deyman! deya zug‘um qildi. Askar o‘qday uchdi. Oshxonaga kirib bordi. Qozonni aylanib chopdi. Onasi ketiga panaladi. Enajon, otamni ushlang! Jon ena, ushlang! deya yolvordi. Qo‘rqma-e, indamaydi! Indaydi, siz ko‘rmadingiz, uje bitta yedim! Qo‘lidagi qamchini oling, enajon! Otasi zug‘um qildi: Ushlama meni, enasi, ushlama! dedi. Enag‘arni bir qamchi ostiga olayin! Onasi oracha qildi. Qo‘ying, endi qobil askar bo‘ladi, dedi. Ayt, qobil askar bo‘laman, de. Endi qobil bo‘laman, jon ota! Ha-a, enag‘arning askari, tiling bor ekan-ku! Bor, mana, bor! Shunday qilib, askarga til bitdi. Askarlik kiyimlarini tashladi. O‘z kiyimlarini kiydi. Bir erta otasi ovozidan uyg‘ondi. Serjant Orziqulov, buyoqqa bir qarang! dedi otasi. Askar hadahalab kiyindi. Otilib bordi. Uyquli ko‘zlarini uqaladi. Otasiga jovdirab qaradi. Serjant Orziqulov, bet-qo‘lni yuvib farishtali bo‘lib keling, muhim topshiriq bor! Askar chopqillab borib, chopqillab keldi. Otasi askarni og‘ilxonaga ergashtirib bordi. Mol tappilarni ko‘rsatdi. Manavilar nima, serjant Orziqulov? dedi. Ha, yashang, tappi! Endi, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, serjant, tirikchilik, ha, tirikchilik! Bilasiz, tappi qishda ko‘p yaxshi o‘tin bo‘ladi. Qishning g‘amini yozda ye, degan! Endi, yengni bilakkacha turib, tappi yopganskiy, ha! Askar tappilarga qaradi. Ko‘ngli o‘ynadi. Bir, tappiga qaradi, bir, otasi qo‘lidagi qamchiga qaradi. O‘lmayinning kunidan bilaklarini turdi. Avaylabgina enkaydi. Tappiga qo‘l urdi. Ko‘ngli o‘ynagandan-o‘ynadi. Ko‘zlarini chirt yumdi. Tag‘in ochdi. Yelkasi osha otasiga qaradi. Otasi qaqqayib qarab turdi. Otasi qamchi o‘ynatdi. Askar taqdirga tan berdi. Tag‘in ko‘zlarini yumdi. Tappini kaftlariga oldi. Devorga qulochkashlab tappi yopdi. Shunda, devordagi qator tappilarda botib yotmish onasi panja izlariga ko‘zi tushdi. Ha, bali, serjant Orziqulov, gap bunday bo‘pti-da! dedi otasi. Enangizning qo‘lidan bir ishni oladigan bo‘ldingiz! Bir oqshom otasi masalani ko‘ndalang qo‘ydi: Mana, mehmonligingizda qaridi, serjant Orziqulov. Keldi-ketdilarda siyraklab qoldi. So‘ramoqdan ayb yo‘q, endi kim bo‘lmoqchisiz? Askar harbiy xizmatdan qaytib, ijroqo‘m raisi bo‘laman, deya niyat qilib edi. Ana shu niyatini aytish uchun tili aylanmadi, yelka qisib qo‘ya qoldi. Otasi bo‘lari gapni aytdi: Manavi zarang tayoqni olib, orqamdan yurganskiy! Askar angrayib qoldi. Og‘zi ochilib qoldi. Otasi bir o‘qraydi. Askar dirk etib joyidan turdi. Yest’, poda boqqanskiy! Adirda uzun kun chakana mol boqdi. Avval-avval ko‘nika olmadi. Qaerlargadir, xususan, askar bo‘lmish joylariga ketib qolgilari keldi. Keyin-keyin adirlarga o‘rgana bordi. Adirlarsiz zerikdi. Adirlarsiz kuni o‘tmadi. Oqshomlari uyma-uy yurdi. Oshi halol yig‘di. Boshi ikkita bo‘ldi. Ketma-ket ikkita qiz ko‘rdi. El askarni serjant Orziqulov deyishini qo‘ymadi. Hazil-mutoyibachilar to‘y-gashtaklarda serjant Orziqulov askardan qaytib kelib gapirmish gaplarini gapirib berdi. Qiliqlarini qilib ko‘rsatdi. El xandon otib kuldi. Bolalar serjant Orziqulov bo‘lib gapirishdi, serjant Orziqulov bo‘lib ko‘rishib-so‘rashdi, serjant Orziqulov bo‘lib tappi yopdi. El qah-qah urib kuldi. U, serjant Orziqulov bo‘lib qoldi. Shunda... shunda, urush boshlandi. Serjant Orziqulov urushga ketdi. Urushdan eson-omon qaytdi. Tevarakka olazarak boqdi. Otasi bechora rahmatlik bo‘libdi. Gul deb atalmish bir dard ikkita qizinida olib ketibdi. Cholidan ayrilmish onasi bilan farzandlaridan judo bo‘lmish ayoli mung‘ayib qolibdi, g‘arib bo‘lib qolibdi. U urushdan ajabtovur bo‘lib keldi. Miq etmadi. Olis-olislarga termuldi. Qarindosh-urug‘ bolalari ko‘ksidagi orden-medallarga qo‘l tekkizib ko‘rdi. Bularni qaerdan oldingiz? deya surishtirdi. Urushga borsak, biz ham orden olib kelardik, dedi. Shunda, serjant Orziqulov qirg‘inbarot kunlardan bor-yo‘g‘i bir marta gap ochdi: Urushning oti o‘chsin, bolam, dedi. Sizlar so‘ramanglar, men aytmayin. Bundaychikin ohangjamolarni men taqdim, sizlarga taqish nasib etmasin... Kolxoz raisi serjant Orziqulovni yaxshi-yaxshi ishlarga qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo serjant Orziqulov rad etdi. Tag‘in o‘z podasini so‘radi. Ikki yilda farzand ko‘rdi. Bunisida qiz bo‘ldi. Qiz bo‘lsada umri bilan bo‘lsin edi, bunisida ketdi. To‘rtinchisi o‘g‘il bo‘ldi. Xumor momo nevarasi uchun ism o‘yladi. Aqllarga maslahat soldi. Oq-qorani taniganlarga kitob ko‘rdirdi. Olis o‘yladilar. O‘ylamay bo‘ladimi, ketma-ket uchta farzand ketdi! Oxir-oqibat, hayot sohibi bo‘lsin, hayotda tursin, deya Tursun deb ism qo‘ydilar. Ota-ona orzusi bajo bo‘ldi. Tursun hayotda turdi. Yolg‘iz o‘g‘il Tursun bir oyog‘i maktabda bo‘ldi, bir oyog‘i adirda bo‘ldi. Maktabdan keyin bir qo‘yniga non soldi, bir qo‘yniga kitob soldi. Otasi oldiga bordi. Toshga cho‘nqayib kitob o‘qidi. Ovoz qo‘yib kitob o‘qidi. El ta’biri bilan aytmish, Tursun g‘azalxon bo‘ldi. Bayram, to‘y-ma’rakalarda she’r o‘qidi. Maktab kutubxonasi kamlik qildi. Tumandan dasta-dasta kitob olib kelib o‘qidi. Sandiq osti bilan deraza tokchalari kitobga to‘ldi. Adabiyot muallimi Tursunning she’riy daftarini ko‘rib berdi. Bir-ikkitasini tuman ro‘znomasida chiqarib berdi. Yolg‘iz o‘g‘il dovrug‘i dong taratdi. El o‘ylab qoldi: otasi bor-yo‘g‘i podachi bo‘lsa, o‘g‘li qanday qilib bayt yozadi? Javobini otasidan so‘radi: Serjant Orziqulov, ulingizga nima berib boqyapsiz? Shu, biz nima yesak, uyam shuni yeydi. Unda, qanday qilib bayt bityapti? Shunga hayronman. Shuncha bo‘y-bastim bilan men bayt bitolmayman, bu enag‘ar bityapti. Bir oqshom serjant Orziqulov o‘g‘li yotajak uyga ohista kirib oldi. Devorda rangtasvirlar ilig‘lik bo‘ldi, qalamtasvirlar ilig‘lik bo‘ldi. Tasvirlarda turfa gullar, qorli tog‘lar, jonivorlar bo‘ldi. Bir saman yo‘rg‘alab yurdi. Bir bo‘z yollari hilpirab-hilpirab yeldi. Bir jiyron olis-olislarga termulib kishnadi. Ikkita qora to‘riq old oyoqlarini ko‘tarib, tumshuqlarini tumshuqlariga tekkizib iskashdi... «Otga moyilli bo‘libdi. Esaysin, ot olib beraman»;. Serjant Orziqulov shunday niyat qildi. Derazada taxloqliq daftarlarni varaqladi. O‘g‘li shularni o‘z ichidan chiqarib bitdimi, yo, biror kitobdan olib bitdimi, bilolmadi. Daftarni varaqladi-varaqladi, tag‘inda ajablandi... Daftarda bir qiz rasmi bo‘ldi. Qiz xushro‘ygina bo‘ldi. Yelkasida guldor ro‘mol bo‘ldi. Rasm ostida husnixat bo‘ldi. «Shu qiz uchun bitilmish bayt bo‘lsa ajab emas»;. Serjant Orziqulov shunday o‘yladi. Ayolini chaqirdi. Qizni ko‘rsatdi. Ayoli qizga bot-bot tikildi. Tanimadim, deya yelka uchirdi. Ayoli o‘zida yo‘q xushvaqt bo‘ldi. Yolg‘iz o‘g‘li uyg‘onibdi! Bir qizga, kim bo‘lsa-da, bir qizga ko‘ngil qo‘yibdi! Bir qiz bilan ko‘ngil olib, ko‘ngil beribdi! Yolg‘iz o‘g‘li suyukli bo‘libdi! O‘g‘li maktabni bitirsin. Nasib bo‘lsa, shu qizni kelin qiladi! Uch birday qizni qora yerga berdi. Nasib bo‘lsa, shu qiz kelinda bo‘ladi, qizda bo‘ladi! Serjant Orziqulovningda bir quvonchi ikki bo‘ldi. Orzusi ezgu bo‘ldi. Nasib bo‘lsa, o‘g‘lini vaqtli uylantiradi. Yolg‘iz o‘g‘il erta uylansa, erta farzandli bo‘ladi. O‘zidan-o‘zi ko‘payadi, o‘zidan-o‘zi unib-o‘sadi. Farzandlari otasiga yo‘ldosh bo‘ladi, bobosiga nevara bo‘ladi. Ota-ona orzu-havasi hamisha ezgu bo‘ladi. Ammo hayot hamishada ota-ona orzu-havasiga esh bo‘la bermaydi. Hayot boshqa, orzu-havas boshqa. Tursun maktabni bitirdi. Kiyimlarini jomadon joyladi. Gap yo‘q, so‘z yo‘q, o‘qishga jo‘nadi. Onasi og‘rindi. Urushda qon kechmish otasi o‘g‘lini qo‘llab-quvvatladi. Qo‘liga pul berdi. Xush-xushvaqt o‘qishga jo‘natdi. Bot-bot tayinladi: Ulim, biz o‘qiyolmadik, endi, sen o‘qi. Zamon o‘qiganniki bo‘lib qoldi. Birdan-bir tilagim, otang kim, enang kim, shuni unutmasang bo‘ldi... Tursun o‘qishga kirib keldi. Ta’til ketidan ta’til o‘tdi. Tursun o‘sib-ulg‘aydi. Yuzlarida uchli nimalar toshib yotib edi. Yonoqlarini g‘adir-budur nimalar bosib yotib edi. Yonoqlari qo‘ng‘irtob qora edi. Bir g‘animi yonoqlarini qotib yotmish tappiga qiyosladi. Bir g‘animi yonoqlarini chalmaga qiyosladi. O‘zi oynaga qaradi-qaradi-da: Yo‘q, bular shunchaki kirlar, dedi. Tursunqul yuvina berdi-yuvina berdi. Yonoqlaridagilar ketdi. Yuzlari silliqqina bo‘ldi. Ajabtovur kiyimlar kiyadigan bo‘ldi. Papirosni lablari chetiga qistirib yuradigan bo‘ldi. Gugurtni tashladi, yondirgich tutdi. Juzdoni betiga ayollar tasvirini yopishtirib oldi. Oyoq liboslari tovoni ko‘tarildi. Sochiga soch qo‘shildi. Quloqlarini yopdi. Palovni qoshiqda yeydigan bo‘ldi. Bir to‘yda «Modern toking»; deya atalmish guruh ashulasini xirgoyi qilib o‘ynadi. Ko‘pni ko‘rganlar miyig‘ida kuldi. Otasiga tortibdi, dedi. Tursun tong saharlab uyg‘ondi. Bet-qo‘lini yuvmasdan do‘konchaga chopdi. Ammo do‘koncha hali yopiq bo‘ldi. U do‘koncha oldini olib turdi. She’ri chop etilmish ro‘znomadan o‘nta oldi! Qaytimiga qaramadi. Ro‘znomalarni qo‘ltig‘iga qisib chopdi. Bir ro‘znomani qo‘liga oldi. Tag‘in, biror misram tushib qolmadimikin, degan tashvishda she’rini yo‘l-yo‘lakay o‘qidi. Hijjalab o‘qidi. Xayriyat, misralari tugal bo‘ldi. Ijarasida eshikni ichkaridan qulfladi. She’rlarini chalqancha yotib o‘qidi, tik turib o‘qidi, o‘tirib o‘qidi. Tursun o‘zini katta shoir his etdi. Ro‘znomadagi rasmiga tikildi. O‘zini... XIX asr buyuk pyuirlariga qiyosladi. «Yo‘q, o‘xshamaydi. Buyuklar soqol qo‘yadi. Buyuklar sarxonali mundshtuk chekadi»;. Chin, qadimgi ulug‘lar soqoli bor, sarxonali mundshtugi bor. Nimaga endi Tursun soqol qo‘ymaydi? Mundshtuk chekmaydi? Odamlar soqolini qirtishlab yuradi. Odamlar papiros chekib yuradi. Yura bersin! Odamlar kim bo‘libdi? Jaydari xalq-da! Yo‘q, jaydari xalqdan farq qilmoq lozim... Tursun soqol qo‘ydi. Tursun ism-sharifini pichirlab aytdi: Tursun Orziqulov! Ismi sharif deganida shuncha uzun bo‘ladimi! Yana-tag‘in jaranglamaydi! Shoirlar ismi sharifiga o‘xshamaydi! O‘zi, ismi ma’nosi nima? Tursun, o‘tirsin, yotsin... Shuyam gap bo‘ldi-yu! Tursun o‘z ismi sharifidan... oriyati keldi. Ota-bobosi otidan... uyaldi! O‘ziga shoirona nom topishni o‘yladi. Necha-necha taxalluslar topdi. O‘ziga yoqmadi. Oxiri, tarixdan kelib chiqdi. O‘zini Pahlavon Daho deb atadi. Pahlavon Daho! Pahlavon Daho maktabda osmondan tushganday yurdi. Tevarak-atrofga, jamiki olamga osmondan qarab yashadi. O‘qituvchilar: O‘zimizga qaytib kelibsiz-da, deya hol so‘radi. Ana shunda Daho o‘zini kamsitilgan his etdi. Ushbu gapni: «Holing shu ekan, nima qilarding kekkayib, o‘zimiz qatori odam ekansan-ku»;, degan ma’noda tushundi. Yerga tushmaslik uchun turli-tuman havoyi gaplarni to‘qib gapirdi: Dorilfununda qoldirmoqchi edi, qolmadim. Shaharda katta ishlarga qo‘ymoqchi bo‘ldi, ko‘nmadim, dedi. Otdan tushsa-da, uzangidan tushmadi. Jamoatdan o‘zini chetga oldi. O‘ziga-o‘zi bino qo‘ydi. Uyda-da, ishda-da, ko‘cha-ko‘ylardada o‘zini eldan xolis oldi. Uyda-da, ishdada tevarakka begona ko‘z bilan qaradi. Tevarakdagilarda Dahoga begona ko‘z bilan qaradi. O‘z pushtikamaridan bo‘lmish bolalarida Dahoga begonasirab qaradi. Daho kulsa, bolalarida kuldi. Daho xo‘mraysa, bolalarida xo‘mraydi. Daho o‘zini-o‘zi qafasga soldi. Yuragi sikilgandan-siqildi. Yuragi cholvori balog‘iday g‘ijim-g‘ijim bo‘ldi. Oqshomlari ichini it tataladi. Tizzasiga shapillatib urdi. Sapchib turdi. Ko‘chaga yo‘l oldi. O‘yladi-o‘yladi, kolxoz kutubxonasiga yo‘l oldi. Kutubxona eshigida qulf ko‘rdi. Lo‘mbozday qulfni chang bosdi. Qulf yerrang bo‘ldi. Daho qulfga tikilib qoldi. Qaerdandir idora qorovuli keldi. Entikib nafas oldi. Dahoning yuziga engashib qaradi. Sizmisiz, shoir uka, dedi. Men, kutubxonaga biror mast-alast o‘g‘irlikka keldimi deb o‘ylab, chopib kelibman. Og‘zingizga qarab gapiring. Gapning to‘g‘risi-da, uka, odamning ko‘ngliga nimalar kelmaydi deysiz. Kutubxona ostonasiga oylab inson zoti qadam qo‘ymay-qo‘ymay birdan odam paydo bo‘lib qolsa, ko‘ngil xavfsiraydi-da. Kutubxonachi bormi? Ha, bor. Kutubxonachi anavi Samievning kelini bo‘ladi. Hozir o‘toqda. Keladimi? Endi, uyog‘ini bilmadim, shoir uka. Hozir o‘toq, keyin uzum uzish bo‘ladi. Undan keyin hammani paxtaga haydaydi. Shu bilan qish keladi. Qishda haftada bir ochsa ochadi, ochmasa yo‘q. Nima, biron zaril ish bormidi? Shunday, bir qarasam deb edim. Kelin yo‘q-da. Kelin yo‘q vaqtlari xabarchi gazeta-jurnallarni bir haftalik qilib qassob qaynotasiga tashlab ketadi. Qaynotasi ro‘znoma uvol bo‘lmasin deb, el-xalqqa go‘sht o‘rab beradi. Astagina borib so‘rasangiz, bir-ikkita ro‘znoma beradi. Yaxshi odam, qo‘li ochiq. Daho maktabga qarab yurdi. Maktabni bir aylandi. Qorovuldan boshqa jon ko‘rmadi. Bekatdagi temir o‘rindiqqa o‘tirdi. Hafsalasi pir bo‘ldi. Uf-f, - dedi. Ko‘cha yuzidagi simyog‘ochda osilmish radiokarnay uzuq-yuluq ovoz berdi: E’lon, o‘rtoqlar, e’lon eshittiramiz! dedi. Kecha kechasi Said chavandozning saman oti qochdi! Kimdakim daragini aytsa bir echki, ushlab kelsa bir qo‘y suyunchisi bor! Yana bir e’lon! Bugun kolxoz klubida ikki seriyali indiyskiy kino bo‘ladi! Qaytaraman, indiyskiy! Bosh rolda Raj Kapur! Eshityapsizmi, Kapur, Kapur! Bilet narxi har seriyasi yigirma tiyindan qirq tiyin! Kino qorong‘i tushganda boshlanadi! Daho ensasida qotdi, kulgisida keldi. Qosh qoraydi. Havo fayziyob bo‘ldi. Daho joyidan qo‘zg‘oldi. Cholvori ketini tortib-tortib qo‘ydi. Uyga yo‘l oldi. Yo‘lda oyoq ildi. O‘ylab qoldi. «Uyga borib nima qilaman?»; Ko‘ngli nimanidir istadi, nimanidir qo‘msadi. Ko‘ngli nimagadir tashna bo‘ldi, nimagadir talpindi. Nimaligini o‘zida bilmadi. Uyi tarafga qo‘l siltadi. Tag‘in iziga qaytdi. Boyagina radiokarnay barchani kinoga taklif etdi. Nimaga endi u kinoga bormaydi?.. Aytilgan joydan qolma, deydi. Chin, hind kinolarini yomon ko‘radi. Shunday bo‘lsa-da, boradi. Madaniyat saroyi chiroqlari hali yonmadi. Tevarak nimqorong‘i bo‘ldi. Odam odamni zo‘rg‘a tanidi. Bolalar quvishib o‘ynadi. Daho saroy pattaxonasi oldiga keldi. Pattaxona darichasidan mo‘ralamoq bo‘lib engashdi. Birdan ketiga tis bo‘ldi. Bir it darichadan tumshug‘ini chiqardi. «Qorovul pattaxonani itxona qilibdi»;, deya o‘yladi. Daho darvoza oldida turmish kinochi qo‘liga tanga tashlab kirdi. Ichkari yarmi bo‘m-bo‘sh, yarmida o‘tirg‘ichlar bo‘ldi. O‘tirg‘ichlar birovi qiyshayib yotdi. Yana birovida orqa suyanchig‘i yo‘q. Tag‘in birovida o‘tirg‘ich dastalari sinib yotdi. Bus-butuni kam bo‘ldi. Daho bir mayib o‘tirg‘ichga qo‘lro‘molini to‘shab o‘tirdi. Kinochi klub chirog‘ini yoqdi. Daho sahnaga qaradi, mahliyo bo‘lib qoldi. Sahna shiftida qaldirg‘ochlar uya qurdi. Uyalarda pat-xaslar osilib yotdi. Olapat qaldirg‘ochlar sahna uzra charx urib uchdi. U qaldirg‘ochlarga mahliyo bo‘lib, bilmadi. O‘tirg‘ichlar liq to‘ldi. Joy yetmay qoldi. Birovlar tashqaridan tosh olib keldi, birovlar g‘o‘la olib keldi. Uyi yaqinlar uyidan ko‘rpacha olib keldi. Taglariga qo‘yib o‘tirdi. Bolalar yerda tizilishib o‘tirdi. «Sangam»; deb atalmish kino bo‘ldi. Bolalar: Ura-a-a! deya qiyqirib chapak chaldi. Kattalar kinochiga qarab baqirdi: Yigirma yildan buyon shu kinoni olib kelasan, insofing bormi, o‘zi?! O‘tgan bozor kuni qanday kino olib kelayin deganimda indiyskiy bo‘lsin, dedilaringiz-ku! dedi kinochi. Indiyskiy kino bitta emas-ku, axir! Boshqalarini kolxozlarga olib ketib qolibdi. Shuniyam zo‘rg‘a oldim, xalq talab qilyapti, deb! Bo‘ldi qilinglar endi, kinoni ko‘raylik! Saroy bozorday g‘uvilladi. Odamlar xaxolab kuldi, qiyqirib kuldi, hushtak chalib kuldi. Og‘izlariga kelmish gapni gapirib kino ko‘rdi. Qaranglar, hozir qizning kiyimlarini olib qo‘yadi, ana oldi! Hozir qiz bilib qoladi! Endi qiz qo‘shiq aytadi! Ay, ohu ko‘zlaringdan! O‘ziyam huriliqo-da, oh-oh! Shu qiz qishlog‘imizdagi Toshmirza brigadirning qiziga kelbat beradi! Toshmirza brigadirning qizi qorachadan kelgan, bu okdan kelgan! Kinoda shunday ko‘rinadi-da, aslida yuzidagilar upa-surma! Ha, ko‘zingdan Raj Kapur! O‘zimizning Kapur-da bu! Kino uzilib qoldi. Odamlar hushtak chaldi. Ay, sapojnik! dedi. Sahnada tag‘in kino ko‘rindi. Odamlar bu safar baravariga hoy-hoyladi: Ay, sapojnik, o‘tkazib yubording! Qiz suvda baliqdayin balqib suzishini qoldirib ketdi-ya! Bas qil, ashqol-dashqolingni! Oladigan qirq tiyining burningdan chiqsin! Hushtak tinmadi. Kinochi kinoni to‘xtatdi. Odamlar aytgan joyidan qaytarib qo‘ydi. Kino yarim soat mobaynida to‘rt marta uzildi. Uzilgan vaqtlari Daho yerga qaradi. Ko‘zlarini yumib o‘tirdi. Kino davom etdi. Ko‘chma kino yaqinida o‘tirmish bir odam joyidan turdi. Ay, bog‘brigada qizlari! dedi. Eshitmadim demanglar, ertaga o‘toqqa bormaymiz! Sangloqqa ariq tozalagani boramiz, eshitdilaringmi? Ay, Abil hisobchi, ko‘p karillama! Nimaga karillamayman? Ish zarilmi, kino zarilmi? Kino ko‘rasan-a, kino ko‘rasan! Mana ko‘rasan, mana bo‘lmasa, mana! Abil hisobchi shunday deya, sahnaga tushmish nurga qo‘shqo‘lini tutdi. Barmoqlarini bir-biriga kiydirdi. Barmoqlarini tuya o‘rkach qildi, xo‘rozqand qildi, beshiktebratar qilib o‘ynatdi. Kino ko‘rasan-a, kino ko‘rasan! Mana ko‘rasan, mana! Barcha qilig‘i sahnada aks etdi. Odamlar qiyqirib kuldi. Daho yerga tupurdi. Kinoga qo‘l siltadi. Uzum uzish sob bo‘ldi. Paxta terim boshlandi. Daho maktab ahli safida «Hazorbog‘»; sovxozida hasharda bo‘lib keldi. Darslar boshlanishi bilan sovuqda boshlandi. Maktabga ko‘mir keldi. Daho ko‘mir oldi. Darvoza oldiga tushirdi. Qosh qorayguncha ko‘mir tashidi. Qop-qora ko‘mirga botdi. Yaxshilab cho‘milmoqchi bo‘ldi. Ammo ayoli ko‘ymadi: Avval ovqatini yeb olsin, keyin cho‘miladi, dedi. Daho bet-boshini chaydi. Taomini yedi. Bolishga yonboshladi. Ko‘zi ilindi. Bir mahal uyg‘ondi. Tevarakka ser soldi. Qabatida o‘g‘il-qizi, undan narida ayoli uxladi. Oy derazadan boqdi. Daho ko‘zlarini bir yumdi-bir ochdi. Zim-ziyoga el bo‘ldi. O‘g‘il-qizi dimog‘iga qulog‘ini tutdi. O‘g‘il-qizi bir me’yorda pishillab uxladi. Daho yerga siljib tushmish ko‘rpani o‘g‘il-qizi ustiga yopib qo‘ydi. O‘zi ko‘rpasinida o‘g‘il-qizi oyoqlariga tashladi. Avaylabgina ayoli oldiga o‘tdi. Daho ko‘ngli talpindi, Daho ko‘ngli entikdi, Daho ko‘ngli tin oldi, orom oldi... Daho qorni ochdi. Ko‘ngli ozdi. Oyoq uchida tashqariladi. Ayoli shivirlab ovoz berdi: Ovqat oshxonada, ustida toboq to‘ntariqlik. Daho dahlizda oyog‘i uchida turdi. Ota-onasi yotmish uy eshigi tarafga quloq soldi. Jon nishonasi sezmadi. Xotiri jam bo‘ldi. Dahliz eshigini avaylab ochdi. Qanday avaylab ochdi, shunday avaylab yopdi. Oy oydin bo‘ldi. Tun ayoz bo‘ldi. Daho oyoq uchida odimladi, omonat odimladi. Oyoqlari ostida bir nima chirs-chirs etdi. Daho seskanib ketdi. Etlari uvishib-uvishib ketdi. Enkaydi, oyoqlari ostiga qaradi. Xalqob suvlar muzlabdi. Omborxona chirog‘ini yoqdi, ichkariladi. Bir sichqon shitirlab qochdi. Burchakdagi kovakka o‘zini urdi. Omborxonaga ser soldi. O‘zga jonivorlarga ko‘zi tushmadi. Ko‘ngli tinchidi. Yog‘och qoziqda ilinmish no‘xtani oldi. Sichqon g‘oyib bo‘lmish burchakka tashladi. Kiyimlarini birin-ketin shu qoziqqa ildi. Tog‘oraga kirdi. Joylashib o‘tirib oldi. Qorakuya badaniga ser soldi. Tog‘ora oldida turmish satilga qo‘l soldi. Suv sovibdi. Nima qilishini bilmadi. Oshxonaga olib borib isitib kelmoqchida bo‘ldi. Sovuqda erindi. Cho‘mich bilan boshidan, yelkalaridan suv quydi. Badanini uqaladi. Tag‘in cho‘michlab quydi. Badanidan oqmish suv, qop-qora bo‘lib tog‘oraga tushdi. Yuzini kafti bilan artdi. Satil oldida turmish yumaloq kirsovunni oldi. Shunda, badani uchdi. Dir-dir qaltiradi. Boshi sarak-sarak bo‘ldi. Sovunni joyiga tashladi. Cho‘michni ro‘znomaga qo‘ydi. Satilni qo‘shqo‘llab ko‘tardi. Boshidan sharillatib suv quydi. Oyog‘i ostiga ro‘znoma to‘shab artindi. Etlari dir-dir uchdi. Qo‘llari qalt-qalt etdi. Tishlari tik-tik etdi. Boshini jiqqa ho‘l sochiq bilan o‘radi. Yog‘och so‘ri ustida turmish bir xalta un ho‘l bo‘ldi. Boya boshidan satillab suv quyishda ho‘llandi. Endi, un yarmi xamir bo‘ladigan bo‘ldi. Omborxonadan oshxonaga chopqillab bordi. Zim-ziyoda qidirdi-qidirdi, gugurt topdi. Primusni yoqdi. Pilik bir yonib qizardi. Daho primus ichini ochib qaradi. Ichida yermoyi bo‘lmadi. O‘choqqa o‘t yoqish it azob bo‘ladi. Daho sho‘rvani muzdayligicha yedi. Choynak jo‘mragidan og‘iz qo‘yib suv ichdi. Daho dildiradi. Ertasi tanasi qaqshadi. Badani qichidi. Hammomga yo‘l oldi. Oldin sartaroshxonaga bordi. Qutiday yog‘och kulbaga kirdi. O‘rindiqqa cho‘qdi. Oynaga qaradi, sochlarini siladi. Sartarosh oynaga qarab bosh chayqadi. Daho tushunmadi. Yelkasi uzra qayrilib qaradi. Sartarosh Daho yelkalariga qo‘lini qo‘ydi. Oynaga qarab: Sochingizni ololmayman, dedi. Nega? Chinimni aytsam, biz bir xashaki sartaroshmiz! Soch oladigan bo‘lsak, ustara bilan qatron qilib olamiz! Yo‘q-yo‘q! Daho joyidan lik etib turdi. Ana, tayyor avtobus, shaharga boring. Madaniyatli odamlar shaharga boradi. Shunda, qishloqda hammom yo‘qligi yodiga tushdi. Nima qilishini bilmadi. Kallasini qirt-qirt qashidi. Shu yakshanbada tuman hammomiga borishga ahd qildi. Sochlari orasi qichigandan-qichidi. Sochsovun olmoqchi bo‘ldi. Sochini sochsovun bilan yuvmoqchi bo‘ldi. Shu niyatda do‘konga kirdi. Do‘kondan sichqon hidi keldi. Do‘kon bir tarafi xo‘jalik mollar bo‘ldi, bir tarafi sanoat mollari bo‘ldi. Daho sanoat mollarini tomosha qilib boshladi. Qator-qator kamzul-cholvorlar osilib yotdi. Turli-tuman kiyim-kechaklar taxlanib yotdi. Daho kiyim-kechaklarga qaradi, o‘yladi, qaradi o‘yladi. U endi maktabga qatnab boshlagan vaqtlariyam shular bor edi. Daho o‘shanda kiyim-kechaklarga suqlanib qarab edi, katta bo‘lsam olib kiyaman, deya orzu qilib edi. Ana, katta bo‘ldi. Kiyim-kechaklar hamon turibdi. «Endi bularni kim oladi, kim kiyadi? Jandafurushga topshirib bo‘lmaydi. Barcha-barchasi qimmatbaho narsa. Hech kimga kerak emas narsani chiqarib nima qiladi»;. Daho shunday o‘yladi. Xo‘jalik mollariga qaragisi kelmadi. Boisi, sichqon hidi ko‘nglini o‘ynatdi. Cho‘ntagini kovladi. Ikkita yaxshi sochsovun bering, dedi. Sotuvchi pinagini buzmadi. Daho hayron bo‘ldi. Sotuvchi yuziga qaradi. Sotuvchi iljaydi. Hazillashyapsizmi, shoir aka? dedi. Yo‘q. Bizda sochsovun bo‘lmaydi. Unda, ikkita sovun bering. Ha, sovun boshqa gap. Sovun bor, mana. Sotuvchi shunday deya peshtaxta ustiga ikkita kirsovun qo‘ydi. Yo‘q, atirsovun, deyapman. Daho do‘kondan peshonasi tirishib chiqdi. Maktabga jo‘nadi. Dam olish kuni tuman yo‘l oldi. Tuman hammomi sassiq bo‘ldi. Bug‘i yo‘q bo‘ldi, faqat issiq suvi bor bo‘ldi. Daho issiq suvga yaxshilab yuvinib oldi. Oxirgi avtobusda qishloqqa qaytdi. Yo‘lda chanqadi. Yuragi kuydi. Qishloq markazida tushdi. Hovuzga qarab yurdi. Bir hovuch suvni labiga olib borib qaradi. Suvda mayda-mayda qurtlar o‘ynadi. Daho afti bujmaydi. Suvni to‘kib tashladi. Ko‘ngil tashnaligi bosilmadi. Yuragi kuygandan-kuydi. Oshxonadan suv so‘radi, qatiq so‘radi. Nimaiki so‘radi, mo‘ylovli oshpaz yo‘q, deya bosh irg‘adi. Dahoning zardasi qaynadi. Nima bor o‘zi? Bu oshxonami, yo, bir cho‘l-biyobonmi? dedi. Zarda qilmang, shoir aka, zarda qilmang. Mana, sho‘rva bor. Bizda sho‘rvadan boshqa hech narsa bo‘lmaydi. Sizga o‘zi nima kerak? Hech nima! Bir dam olib o‘tirsam deb edim! Unda, ana, tayyor avtobus, shaharga boring! Madaniyatli odamlar shaharga boradi! Daho oshpazga qaradi, oshpaz Dahoga qaradi. Daho qo‘l siltab jo‘nadi. Yo‘lda o‘ylab yurdi: "Madaniyatli odamlar shaharga boradi. Ajab, bari shunday deydi. Shoirligimga shama qilyaptimi deyman". Yo‘lda xabarchi ushladi. Qo‘liga ikkita xat berdi. Kallamni qashib o‘ylayman. Pahlavon Daho kim bo‘ldi ekan deyman, bilsam, siz ekansiz, dedi. Saxiylik qilgisi keldi. Bitta ro‘znomada uzatdi. Keling, bitta gazeta berayin, ana, dedi. Chekkasiga Mamatov deb yozilibdi. Anavi Mardon traktorchi-da. U adirda yer haydab yuribdi. Ola bering, shoir odamsiz, o‘qiysiz. Endi, ko‘nglingizga olmang-u, shu, ota-bobongiz ismi sharifidan qolmang. Ota-bobolarimiz ismi sharifida gap ko‘p. Ota-bobolarimiz yetti o‘lchab bir kesib, ismi sharif qo‘yadi. Hech bandani ota-bobosi ismi sharifidan judo etmasin! Daho ro‘znomani xabarchi ketidan otib yuborayin dedi. T-fu, provinsiya! deya pichirladi. Ro‘znomani qo‘ltig‘iga qisib oldi. Yo‘l-yo‘lakay xatlarni ochib o‘qidi. Bir ro‘znoma nazmlarini badiiy zaif, deya chop etmadi. Bir oynoma Pahlavon Daho G‘arb soyasi, dedi. Xat oxirida shunday maslahat berdi. «G‘arb ohanglariga o‘ynamang. O‘zingiznikini yarating»;. Shundayda kuymish Daho, tag‘inda beshbattar kuydi. Uh, savodsiz, to‘nkalar! dedi. Daho qishni bir amallab o‘tkazdi, bahorni ikki amallab o‘tkazdi. Maktabda yozgi ta’til boshlandi. Daho jomadon ko‘tarib yo‘lga tushdi. Yo‘l bo‘lsin? dedi ayoli. Dam olib kelaman, dedi. Bir oy! Bekatda tagiga jomadon qo‘yib o‘tirdi. Shunda, yo‘l chetida bir traktor pat-patlab o‘chdi. O‘quvchi qizlar daladan keldi. Traktordan tap-tap tashladi. Muallimiga salom berdi, uy-uylariga tarqaldi. Nazar hisobchi Dahoni ko‘rishi bilan bekatga qarab yurdi. Bir-birlaridan hol so‘radi. Chinimni aytsam, Tursun oshna, shaharga tag‘in qaytib ketgim kelyapti. Ertadan-kechgacha ish, ish! Odamning jonlariga tegib ketdi! Qishi bilan dam olasizlar. Dam olish qayoqda deysiz. Qishda kolxoz sut topshirig‘ini bajarolmay qoladi. Keyin biz bechoralar qo‘limizda darang-durung idish-tovoq, uyma-uy yuramiz, xo‘jaliklardan sut yig‘amiz. Xalq sut bergisi kelmaydi. Qanchadan-qancha ko‘ngil qorong‘ichiliklar bo‘ladi. Xalqqa ham qiyin-da. Kim qahraton qishda bola-chaqasi og‘zidagi oqini berib qo‘yadi? Ha, Sora, qarab qoldingmi? Kel, singil, o‘tirib tur. Mualliming bilan gurung qizib ketdi. Daho ketiga qaradi. Bir yoshgina qiz tortinib-turtinib keldi. Nazar brigadir qabatida o‘tirdi. Yerga qaradi. Ro‘moli uchini buklab o‘ynadi. Bu bizning kenja singil bo‘ladi, Tursun oshna. Oltinchi sinfda o‘qiydi. O‘ziyam a’lochi. Ha-a. Sodiqovning sinfidanmisan? Ha. Qalay, dam olishlar yaxshi o‘tyaptimi? Ko‘rib turibsiz-ku. Yo‘q, ish qiyin emasmi deyman? Ish bo‘ladi-yu, oson bo‘ladimi, muallim. Ha endi, dam olish vaqtlari ota-onalarga yordam berish ham kerak-da. Bir dam olishda emas, yil o‘n ikki oy shunday. Daho ust-boshlari kir Soraga tikildi. «Ana, bo‘lajak chala-chulpa xalq! Soni bor-u, salmog‘i yo‘q xalq! Bu xalq hali voyaga yetmasdanoq pachoq bo‘lib qoladi»;. Daho ko‘nglidan shunday gaplar o‘tdi. Nazar hisobchi Daho bilan xayr-xo‘shlashdi. Singlisini ergashtirib ketdi. Daho radiokarnayga quloq soldi. Daho bugun bu yoroni, ertaga u yoroni ijarasida kun ko‘rdi. O‘ziga alohida ijara qidirdi. Izladi-izladi, bir g‘arib ijara topdi. Endi, o‘ziga ish izladi. Yaltoq bo‘ldi. Yelpatak bo‘ldi. Shoirman, deyishi bilan rad javobini ola berdi: Shoir? Yo‘q-yo‘q... Eshiklar ichkaridan yopildi. Shoirman, deya ko‘krak urib yurmish Daho o‘ylab o‘yiga yetolmadi. Shoirman desa, muharrirlar peshonasi tirishadi. Shoir emasman desa, shoirligidan boshqa maqtanadigan yeri bo‘lmadi. Daho yurdi-yurdi, shahar madaniyat uyidan panoh topdi. Qishloqqa kelib, maktabdan bo‘shadi. Ayoli yig‘ib yurmish bor pulni oldi. Ayoli mo‘ltiradi. Bir o‘g‘il-qiziga qaradi. Bir eriga qaradi. Endi biz nima yeymiz? dedi. Qo‘rqma, ochdan o‘lmaysan. Ana, ota-onam boqadi... Endi men nima qilaman? Uy olay, seniyam olib ketaman. Ayoli xayr deya, eri yuzidan o‘pdi. Daho ayoli o‘ng qulog‘i solinchagidan ko‘ngli o‘ynadi! Ayoli o‘ng qulog‘i solinchagidagi sirg‘a teshigi qo‘tir yara bo‘ldi! Daho ayoli bet-boshidanda ko‘ngli o‘ynadi! Ayoli sochlari qazg‘oq bo‘ldi, yonoqlari kir bo‘ldi, og‘zi sassiq bo‘ldi! Daho adirda poda boqib yurmish otasi bilan xayr-xo‘shni nasiya qildi. Ostonada onasi bilan ayoli termulib qoldi. Daho birinchi maoshini oldi. So‘lim suv bo‘yida maoshini yuvdi. Hamkasblari bilan shahar ko‘chalarini sayr qildi. Kaftlarini ishqab zavqlandi. Shahar qanday yaxshi! Hamma narsa bor... dedi. Madaniyat uyida bir katta shoir boshida gardishsiz yalpoq kiyim ko‘rdi. U nima? deya surishtirdi. Beret! dedi bilag‘onlar. Daho, katta shoirlar beret kiyar ekan, deya o‘yladi. Shu kuniyoq olib kiydi. Gardishsiz yalpoq kiyim Dahoga yarashmadi. Beti taypoq toboqqa o‘xshab qoldi. Shunday bo‘lsa-da, kiyib yurdi. O‘zini katta shoir his etdi. Ayoli ketma-ket maktublar yo‘lladi. Maktublarida yalinib-yolvordi. Qorako‘zlari tilidan tavallo qildi. Daho maktublarga ko‘z yugurtirib-yugurtirib yirtib tashladi. Ayoli qorako‘zlari bilan tag‘in maktub bitdi. Kenjasi sochlarini changallab yerga bosdi. Kenjasi: Voy sochim! deya chinqirib yig‘ladi. Ayoli yonib-yonib yolvordi, ayoli kuyib-kuyib yolvordi: Egil deyman, sho‘rpeshona! dedi. Egil deyman, sag‘ir! Kenjasi og‘riq zo‘ridan maktubga egildi. Ko‘z yoshlari maktubga tomdi. Tomchilar qurib dog‘ bo‘ldi. «Jigarporalaringiz ko‘z yoshlari!»; Ayoli tomchilar ostiga ana shunday bitik bitib jo‘natdi. Daho maktubda tomchilarni ko‘rdi. Bosh irg‘adi-irg‘adi, dimog‘ida kuldi. «O, xuddi kitobdagiday! dedi. Eh, ovsar Sharq, soddadil Sharq! Bular hamon kitobdagi gaplarga ishonib yuribdi!»; Qo‘ydi-chiqdi o‘zi bo‘lmaydi. Tag-zaminli bahonai sabab lozim bo‘ladi. Boisi, o‘rtada bir juft qorako‘z bor. Ayolimni suymayman, desinmi? Bo‘lmaydi! Ayoliga ko‘ngil qo‘yib uylanib edi, she’rlar bag‘ishlab uylanib edi! Ayolim kasal, desinmi? Bo‘lmaydi! Yigit bo‘lsang davolat, deydi! Savodsiz, desinmi? Buda bo‘lmaydi! Shoir bo‘lsang, sirtdan o‘qit, deydi! Ayolim...xiyonat qildi, desinmi? Yo‘q-yo‘q, ayoli halol ayol! Daho bir varaq qog‘ozni aji-buji chizib o‘yladi. O‘ylari ana shu chiziqlarday ayqashib chuvalashdi. Varaq orqa tarafini o‘ngardi. Qo‘li ixtiyor etmish yo‘sinda maqsadsiz chizib o‘yladi. Oxiri o‘ylab o‘yiga yetdi. O‘zini-o‘zi oklayajak gap topdi. Uylanganimda ayolim... bokira emas edi, deydi! Nimaga shuni o‘shanda aytmading, desalar-chi? Yigitlik g‘ururim yo‘l qo‘ymadi, deydi! Chindan-da, Daho o‘z osh-qatiqlari oldida shu gapni aytib, o‘zini-o‘zi oqladi. Gap og‘izma-og‘iz yurib-yurib, ayoli qulog‘iga yetdi. Ayoli shunday maktub yo‘lladi, o‘z qalbini shunday bayon etdi! U, ayolim ushbu so‘zlarni biror kitobdan ko‘chirib oldi, deya o‘yladi. Tag‘in bir bor o‘qidi. O‘yladi-o‘yladi, qaysi kitobdan ekanini bilolmadi. «Jorj Sand bo‘l-e, dedi. Agar o‘qisa, zo‘r adiba bo‘lishi mumkin ekan»;. Ayoli maktub oxirida debdi: «Nima desangiz deng. O‘lmagan jonim, chidayman. Lekin shu gapingizni qaytib oling. Men ko‘z ochib, sizni ko‘rib edim... Ayollik g‘ururim bor»;. Daho og‘zi o‘ng burchi bilan irjaydi. Maktubni to‘rt bo‘lib tashladi. «Nu-u, dedi, o‘zi bor-yo‘g‘i ayol-u, g‘ururim bor deydi-ya! Ayolda g‘urur nima qiladi?»; Daho kerishib esnadi. Derazadan tashqari qaradi. Daho bir qalqib tushdi! Daho yuragini hovuchlab yurmish sinoat yuz berdi. Ayoli bolalarini ergashtirib kirib keldi! Ana, tashqarida qorovul chol bilan gaplashdi! Ana, bolalari yo‘lak bo‘yi gullarga qo‘l tekkizib ko‘rdi. Ana-ana, ayoli bolalari bilan idoraga qarab yurdi! Daho ko‘zlari ola-kula bo‘ldi, Joyidan sapchib turdi. Tashqari otildi. Ort eshikdan hovliga o‘tdi. Ziroat oralab chopdi. Devorga osildi. Ko‘chaga oshib tushdi. Ketiga qaramay chopdi! Duch kelmish avtobusga chiqib oldi. Yelkasidan nafas oldi. «Yaxshi bo‘ldi, yuzma-yuz bo‘lmadim, dedi. Farzand farzand-da, ko‘ngilni eritib yuboradi. Qosh-ko‘z yomon-da, odamni darrov asir etadi»;. Ijarasida eshikni ichkaridan kulfladi. Deraza pardalarini tushirdi. Kir ko‘rpaga burkandi. Ko‘zlarini yumdi. «Endi topolmaydi, dedi. Qarab-qarab ketadi. Ammo idoradagilar oldida sharmanda bo‘ladigan bo‘ldim»;. Shu yotishda yotdi. Yotmish ko‘yi ohista deraza parda chetini qayirdi. Tashqari mo‘raladi. Olam oqshom bo‘ldi. Imillab tashqariladi. Hovlida chekib turdi. Shu vaqt darvoza taqilladi. Daho yuragi «shig‘»; etdi! Papirosini chertib tashladi. Ichkari yugurgiladi. Eshikni ichkaridan qulfladi. Ostonada alang-jalang bo‘lib turdi. Uy bekasi eshikni taq-taq urdi. Jiyaningiz keldi! dedi. Daho yelkadan nafas oldi. Eshik ochib bordi. Darvozada jiyan jilmayib turdi. Daho jiyaniga qo‘l berdi. Tevarakka alangladi. Boshqa birov yo‘qligini bildi. Jiyanini ichkari boshladi. Jiyan ijara uyda omonat o‘tirdi. Tog‘asidan hol-ahvol so‘radi. Idorangizga bordik, yo‘q ekansiz. Hali tushlikdan qaytmadi, deyishdi. Daho bosh irg‘adi. Oynomaga tikildi. Birga ishlaydigan odamlaringizdan uyingizni so‘rab edik, bilmaymiz, u ijaradan-ijaraga ko‘chib yashaydi, deyishdi. Daho ro‘yixushlik bermadi. Qaradik-qaradik, bo‘lmadi. Endi umid yo‘q deb, vokzal bordik. Bir safar siz bilan qishloqqa borgan oshnangizni qo‘rib qoldik. O‘sha uyingizni bilar ekan, yozib berdi. Daho ro‘yixushlik bermadi. Ayolingizni bolalari bilan vokzal qo‘yib keldim. Topamanmi-yo‘qmi, ovora qilmayin dedim-da. Daho oynomadan, oynoma Dahodan to‘ymadi. Jiyan Daho qo‘yniga qo‘l soldi: Uylaringizga ko‘chib boradigan bo‘ldim, tog‘a, dedi. Ammam qo‘ymayapti. Endi chol-kampirga o‘zim qarayman. Besh kunligi bormi-yo‘qmi... Ana shunda Dahoga jon kirdi! Yer ostidan jiyaniga qaradi. Misoli ta’ziyali tarzda gap boshladi. Shunday qiling, jiyan, dedi. Bizning taqdirimiz mana, ko‘rib turibsiz. O‘z ona yurtimizga to‘g‘ri kelmadik. Shart-sharoit deganday... Tog‘a, men bir dehqonman. Siz o‘qimishli odamsiz. Dunyoning kitobini o‘qigansiz... Gap o‘qishda emas... O‘qishda, tog‘a, o‘qishda. Chol-kampirlar o‘zi yemay-o‘zi ichmay, sizlarni o‘qitadi. Shular o‘qib kelib, turmushimizni yaxshilasin, yerimizga qarasin, deydi. Sizlar esa tayyoriga shaharga chopasizlar. Sharoit yomon bo‘lsa, mana siz shoirsiz, yozing uyoq-buyoqqa! Gap bitta menda emas. Bilaman, gap bitta sizda emas. Bu azaldan bor gap. Ukkag‘arlar o‘qib, bittalab shaharga qochadi. Oqibat, qishloqlarimiz avval qanday bo‘lsa, shundayligacha qolib ketadi! Daho ensasi qotdi. Tag‘in oynomaga tikildi. Jiyan boshqa gapga o‘tdi: Tog‘a, ayolingizni olib keldim, dedi. Yaxshimi-yomonmi, bir yostiqqa bosh qo‘yib edingizlar. Nu! Tog‘a, bolalaringiz vokzalda qoldi... Nu! Ular pushtikamaringizdan bo‘lgan bolalaringiz... Nu! Ularni borib olib kelsam, degan edim. Daho xayolidan sochlari qazg‘oq, yonoqlari kir, og‘zi sassiq ayoli o‘tdi! Da nu!.. deya, tumshug‘ini cho‘zdi. Jiyan egilib, Daho yuziga qaradi. Qaradi-qaradi, ko‘ngli buzildi. Tog‘a, qora ko‘zning yoshi yomon, qora qoshning ohi yomon! Da nu!.. Jiyan o‘pkasini bosolmadi. Ko‘zlarida yosh halqalandi. Hiq-hiq yig‘ladi... Jiyan yonoqlarini arta-arta eshikka ravona bo‘ldi. Daho adabiy-badiiy davralarga ko‘shildi. Davra o‘zlaridan o‘zgalar fisq-fasodini qildi. Ko‘ngillari orom oldi. Jag‘lari toldi. Birov derazaga qarab xayol surdi. Birov papiros tutunini shiftgacha kuzatib xayol surdi. Birov bo‘sh shishaga qarab xayol surdi. Shu vaqt, ostonada ulug‘ shoir qora berdi. Ulug‘ shoir davrani ko‘rib, ko‘rmaslikka olib ketdi. Davra tag‘in jonlandi. Endi ulug‘ shoirni mazammat qildi: Nimasiga kekkayadi, hayronman. Tumshug‘iga solsang. Shoir sifatida shoir, odam sifatida bir pul! Odam emas! Yashang, ichim ekansiz. Avvalo, odam bo‘lish kerak, odam! Grajdan bo‘lish kerak, grajdan! Men uning asarlarini hurmat qilaman, o‘zidan jirkanaman. Asari boshqa, o‘zi boshqa. Basharasi sfinkslarga o‘xshaydi. O‘zidan asari yaxshi. Asarlariyam unday zo‘r emas. Ekzotika! Etnografiya! Qandaydir otlarni, atlaslarni yozadi. Haligi, otning ruli bor-ku, oti nima edi? Otning ruli? Ha, otning ruli, otni mana bunday qilib boshqaradigan ruli bor-ku? Yugan. Ha-ha, yugan! Shu yuganga taqilgan taqinchoqlargacha tasvirlaydi. Ot bir hayvon bo‘lsa, mashina bo‘lmasa. Provinsial’! O‘z qishlog‘i darajasida bo‘lib qolgan! Primitiv! O‘zining milliy qobig‘ini yorib chiqolmagan! U xalqni o‘zining go‘zal tili bilan aldayapti! Adabiyotda til yerunda! Ulug‘ shoir emish... Dunduk! Kim? Dunduk! Shoirlar og‘zidan tutun burqsitib-burqsitib kuldi. Bir shoir shisha olib kelish uchun qo‘zg‘oldi. Davra endi uni mazammatladi: Shuginayam birovga kuladi-ya? Buning birovga kuladigan holi yuq. Nega unday deysiz? Eshitganingiz yo‘qmi? Siz toshkentliksiz-a? Toshkentda kelinoyi, degan gap bor. Kelin oyi degani ikkinchi oyi, degani, shundaymi? Ana shu iflos kelinoyisi bilan, ya’ni, ikkinchi onasi bilan zino qilgan. Yo‘g‘-e? Xudo ursin agar! Akasini harbiy askarlikka jo‘natib, o‘zi akasining ayoli bilan zino qilgan! Keyin, Toshkentga kelib, bu muhabbat edi, deb asar yozgan! Voy iflos-e! Ana shunday iflosning kulmagan odami yo‘q. Iflos, o‘ziga oyna olib qarasa bo‘lardi! Shoir bitta shisha olib keldi. Davra darhol gapni burdi. Keling, shoir, yashang! Zo‘rsiz, zo‘r! Davra qo‘zg‘oldi. Eshikka ravona bo‘ldi. Sotuvchi ayol qabatida turmish tanqidchi Xolboevdan so‘radi: Bular kim, domulla? dedi. Olomon! dedi Xolboev. Saraton sarg‘aydi. Sunbula bolaladi. Mezonlar arg‘amchi soldi. Yakkaxon bedana juftini chorlab bitbildadi. «Oq oltin»; hasharga chorladi. Daho hasharda o‘zini kamsitilmish zot deb bildi, xo‘rlanmish zot deb bildi. Menday zotni paxtaga haydadi-ya, savodsizlar, menday zotni-ya! dedi. Qabatida paxta termish hamkasbi Dahoni pufladi: Zo‘rsiz, shoir, zo‘rsiz! dedi. Daho iyib ketdi. Shahodat barmog‘ini hamkasbiga bigiz qildi. Siz tarixiy shaxssiz! dedi. Hamkasbi dovdiradi. Uyoq-buyog‘iga alangladi. O‘zida biror-bir tarixiylik ko‘rmadi. Yo‘g‘-e, biz hali u darajaga yetganimiz yo‘q, dedi. Yo‘q, ortiqcha kamtarlik manmanlik! Siz allaqachon tarixiy shaxssiz! Tushuntirib ayting, o‘zi nima gap? Siz men bilan ishlash sharafiga muyassar bo‘lmoqdasiz! Men bilan yelkama-elka bo‘lib mehnat qilmoqdasiz! Bu buyuk sharaf! Hali zamonlar keladi, nomingiz tarixlarga bitiladi! Qulluq, qulluq! Odamlar Dahoga buyuksiz, deya iltifot qildi, mulozamat qildi, marhamat qildi. Faqat bir-ikkita qiz Dahoni ko‘rib, ko‘rmaslikka oldi. Dahoga qarasa-da, burnini jiyirib qaradi. Daho favqulodda shunday deb qoldi: Qizlar, tarixda qolishni istaysizlarmi? Qizlar nima gap, deya, bir-biriga qaradi. Nima-edi? deya ajablanib so‘radi. Mabodo tarixda qolishni istasalaring, men bilan rasmga tushinglar! Kim bilan? Men bilan! Rasm tanlangan asarlarimda beriladi! Rasm tagiga: «Pahlavon Daho zamondoshlari davrasida»; deb yozib qo‘yiladi! Men bahona tarixda qolasizlar! Voy-vo-oy, qachon tushaylik! Xohlasalaring, mana, hozir tushinglar! Rasm tagiga: «Pahlavon Daho xalq bilan paxta terimida»;, deb yozib qo‘yamiz! Daho madaniyat uyidagilar joniga tegdi. Shu daf bo‘lsa, idorada osh qilamiz! deyishdi. Dahoni ohlar urdi. Bir vaqtlar madaniyat uyida ishlab, ro‘znomaga o‘tib ketmish odam bandalik qildi. Madaniyat uyi ahli marhum bilan vidolashish uchun mozor yo‘l oldi. Daho turli-tuman vajlar aytib taysalladi. Bo‘lmadi, idora ahliga ergashdi. Mozorda marhumni rasmidan tanidi. Marhum bir vaqtlar Dahoni ro‘znomaga ishga olmab edi. Daho yuzi yorishdi. Ko‘ngli orom oldi. «Sen ham o‘lar ekansan-ku»;, dedi. Marhumni lahadga qo‘ydilar. Mozorga tuproq tortdilar. Xaloyiq, marhum qanday odam edi? deya so‘radilar. Odamlar yoppasiga ovoz berdi: Yaxshi odam edi, rahmatli, yaxshi odam edi! deya javob berdilar. Madaniyat uyi ahlida ovoz berdi: Yaxshi odam edi, bechora, yaxshi odam edi! Daho tishlarini g‘ijirlatdi. Tishlari orasidan vishillab aytdi: Iflos edi! dedi. Motam sukunati-da, gap baralla eshitildi. Madaniyat uyi ahli yer yorilmadi, yerga kirib ketmadi! Direktor idorada o‘zini bosolmay entikdi. Entikib-entikib suv ichdi. Qult-qult suv ichdi. O‘rinbosarini chaqirdi. Anavi shimpanzeni ko‘zimdan yo‘qoting! dedi. Kimni-kimni? Haligi, shimpanze bashara-chi? Taxallusi Darozmidi, Dahomidi... Ha endi, shoir-da, shoir... Men sizga aytyapman! Xo‘p, bir og‘iz so‘zingiz! Buyruq shu kuni tayyor bo‘ldi. Aytaman! dedi Daho. Men fazoga intilgan inson! Direktor basharang qursin, demishday, derazaga qaradi. Hozir oshkoralik davri! dedi Daho. Men haqiqatni yuzingizga aytib, vijdonim oldida poklanib ketaman! Sizlar mana bundaysizlar! Daho devor chertib ko‘rsatdi. Direktor esankirab muomala boshladi: Shoir... Sizlar haqiqat ko‘ziga tik qaray olmaysiz! Haqiqatdan qo‘rqasiz! Haqiqatni ayta bilmaysiz! She’riyat pichog‘ini qalbga sanchib aytajaklarni esa nohaq ishdan haydaysiz! Shoir... Men fazoga intilgan inson! Daho dag‘-dag‘ qaltiradi. Sochlari ot yollariday hurpaydi. Sizlar asrlar davomida chaynala berib, siyqasi chiqib ketgan «yaxshi odam edi»; qabilidagi gaplarni takrorlashdan boshqani bilmaysizlar! Sizlar to‘tiqushsizlar! Birov nima desa, to‘tiqushlarcha qaytarasizlar! «Yaxshi odam edi»; emish! U ablah edi! Meni bir oy sinab ko‘rib, ishga olmagan! Mana, men she’riyat pichog‘ini qalbimga sanchib, haqiqatni aytdim! Men haqiqatman, haqiqat! Daho «o‘z arizasiga binoan»; ketdi. Daho yillab tentirab yurdi. Besh-oltita dahonamo murid topib oldi. Makondan oh-zor etdi: Bular o‘tlab yurgan qo‘ylar! Qo‘ylar Pahlavon Dahoni tushunmaydi! Bu asrda hech kim Pahlavon Dahoni tushunmaydi! Taqdirdan oh-zor etdi: Qo‘ylar ijodimni bo‘g‘dilar! Qo‘ylar she’rlarimni taqiqlab qo‘ydilar!.. Daho nonko‘r-nonko‘r she’rlar yozdi. Daho g‘alamis-g‘alamis she’rlar yozdi. Yurdi-yurdi, bir ro‘znomadan ish topdi. Mayli, ishga olaman, dedi muharrir. Faqat, soqolni olib keling! Muhtojlik oldida g‘ururda ojiz bo‘ldi, sharafda ojiz bo‘ldi! Daho soqolini qirib tashladi. «Tag‘in, mundshtugimda yoqmay qolsa-ya?»; deya o‘yladi. Daho sarxonali mundshtuk bahridan o‘tdi. Daho ro‘znomaga el bo‘ldi. Ro‘znoma uy va’da berdi. Ayollar qayliq tavsiya etdi. Daho qayliq sayladi. «O, ana qizlar, mana qizlar! dedi Daho. Sochlar tovlanadi, tishlar yaltiraydi! Bo‘ylaridan fransuz atiri isi keladi...»; Daho nazmdan ko‘ngli qoldi. Kishi bilmas, nasrga o‘tdi. O‘zicha nasrni oson o‘yladi. «Barcha nasrchilarni yer bilan tep-tekis qilib tashlayman!»; deya niyat qildi. Bir-ikkita Marsel’ Prustcha hikoya yozdi. Hikoyalari g‘oyat g‘arib bo‘ldi. G‘oyat xashaki bo‘ldi. Zafar qozonishi amri mahol bo‘ldi. Daho nasrni yig‘ishtirdi. Yurdi-yurdi... Tanqidga o‘tdi. Telba-teskari gaplardan iborat maqolalar yozdi. Bilmovchilar chapak chaldi. Maqolalarni o‘ziga xoslik, dedi, yangilik, dedi. Bilag‘onlar ichidan kuldi. Dahoga chittak ijodkor, deya qaradi. Daho ushbu qarashlar mazmunini ich-ichidan his etdi. Tanqidnida yig‘ishtirdi! Adabiyot deya atalmish boqiy qasrni qanday olsa bo‘ladi? Adabiyot deya atalmish ko‘hna qasrga qanday kirsa bo‘ladi? O‘zi, Adabiyot deya atalmish qasr darvozasi bormi? Bo‘lsa, qaerda? Daho o‘yladi-o‘yladi, Adabiyot ostonasi qaerdaligini bilolmadi. Shunda, Daho Adabiyotni guruh-guruh bo‘lib olishga ahd qildi. Odamgarchilik niqobi ostida guruh yig‘di. Do‘stlik niqobi ostida guruh yig‘di. Avvalo odam bo‘lish kerak, odam! dedi. Guruh o‘nlar qo‘mitasi, deya ataldi. Qo‘mita orzu-havasi yuksak bo‘ldi: Bu adabiyot bo‘lmaydi! Navoiydan boshlab bo‘lmaydi! Qodiriy ham bo‘lmaydi! Primitiv, primitiv! Haqiqiy adabiyotni biz yaratamiz, biz! Yana o‘n-o‘n besh yillardan keyin anavi ulug‘ shoir she’rini hech kim o‘qimaydi! Xalq o‘n yildan keyin bizni o‘qiydi! Mana shu o‘ntamizni o‘qiydi! Shunday ekan, kelinglar, adabiyotni o‘z qo‘limizga olamiz! Siz kotib bo‘lasiz! Siz muharrir bo‘lasiz! Siz direktor bo‘lasiz! Anavi ulug‘ shoirni esa adabiyotdan haydab yuboramiz! Qani, do‘stlar, adabiyotni qo‘lga olish uchun cho‘qishtiraylik! O‘nlar qo‘mitasi ana shunday shiorlar bilan ish ko‘rdi. Qo‘mitada o‘z nasrbozi bo‘ldi, o‘z nazmbozi bo‘ldi. Tanqidchi Shuhrat Umiraliev otli o‘z maqtovbozi bo‘ldi. Shuhrat Umiraliev o‘z maqolalarida o‘nlar qo‘mitasi uchun yot ijodkorlarga tosh otish bilan mashg‘ul bo‘ldi. O‘nlar qo‘mitasi uchun yot ijodkorlarni yo‘qqa chiqarish payida bo‘ldi. O‘nlar qo‘mitasi bandalarini bo‘lsa, oyog‘ini osmondan keltirib maqtadi. Shuhrat Umiraliev bir ro‘znomada «Ona tuproq obrazi»; deya atalmish maqola chop etdi. Ushbu maqolasida Pahlavon Dahoni ko‘klarga ko‘tarib ulug‘ladi: "Ona-Yer tuproq demakdir. Tuproq esa ona yurt demakdir. Qator asrlarki, ana shu ona-Yor buyuk o‘g‘illarini bag‘riga bosib allalab keladi. Shu sababdan oddiy tuproqni peshonamizga surtamiz. Ona-Yor, deya ardoqlaymiz. Ona-Yer onamiz! Ulug‘ Navoiy bu borada mana bunday yozadi: O‘zini tutquvchi tufroq ila hamvor qani? Hazrat Yassaviy esa bunday yozadi: Boshim tufroq, o‘zim tufroq, jismim tufroq... Endi, yorqin yulduzimiz Pahlavon Daho bunday yozadi: Hayqiraman Sezardek hayqirig‘im tufroq... Pahlavon Daho Navoiy bilan Yassaviydan keyin uchinchi bo‘lib she’riyatga «tufroq»; obrazini olib kirdi. Navoiy Yassaviy Pahlavon Daho!" Daho maqolaga tikilib o‘tirdi-o‘tirdi... o‘z-o‘zidan uyaldi! O‘z-o‘zidan qizardi! Ich-ichidan tanqidchi, deya atalmish zotga achindi. «Bechora tanqidchilar, dedi. Bular maqtashniyam eplay olmaydi! Navoiy bilan Yassaviydan keyin minglab shoir bor, minglab she’r bor, minglab »;tufroq« so‘zi bor! O‘zi, bu yerda qanaqa »;tufroq« obrazi bor? »;Tufroq« so‘zi bo‘lsa, obraz bo‘la beradimi?»; Shunday bo‘lsa-da, Daho Shuhrat Umiraliev bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Rahmat, do‘stim, rahmat! dedi. Siz Belinskiy ekansiz! Pahlavon Daho hayitlari olis bo‘lmadi. Tanqidchi Xolboev bir ro‘znomada Shuhrat Umiralievni urib chiqdi. Umiralievni yer bilan barobar qildi. «Biri o‘lib, biri qolsin!»; dedi Daho. Maqolani bot-bot o‘qidi. Favqulodda ich-ichidan yondi. Boisi, tanqidchi Xolboev maqolada Shuhrat Umiraliev bahona Dahoni yo‘q qildi! Pahlavon Daho shoir emas, deyishi qoldi! Daho payt poyladi. Shunday payt topdi. O‘sha ro‘znoma dahliziga borib chekib turdi. Ichkaridan tanqidchi Xolboev chiqib keldi. Papiros tutata-tutata, hojatxonaga kirdi. Daho dahliz bosh-adog‘iga qaradi. O‘zidan o‘zga odam yo‘qligini bildi. Ohista Xolboev ketidan kirdi. Xolboev yerga boqib o‘tirdi. Dahoda ohista Xolboev qabatidan o‘tirdi. Oralarida bir simpanjara bo‘ldi. Daho yerga qarab gap ochdi. Tanqidchi olatayoq! dedi Daho. Melisalar qo‘lidagi olatayoq! Shunda, Xolboev bosh ko‘tarib qaradi. Qabatida o‘tirmish kimsani tanidi. Lekin miq etmadi. Tag‘in yerga qaradi. Tanqidchi tug‘mas xotin, pushti kuyib ketgan ijodkor! dedi Daho. Shunday ekan, nega endi pushti kuyib ketgan tug‘mas ijodkor, tug‘ib yurgan ijodkorga tug‘ish qanday bo‘lishini o‘rgatadi? Axir, tanqidchi tug‘ish nimaligini bilmaydi-ku? Siz mening bitta she’rimniyam yozolmaysiz! Lekin men sizning maqolalaringizni oyog‘im bilan yozib tashlayman! Shunday ekan, nega endi adabiyotga tumshug‘ingizni tiqasiz? Xolboev tag‘in miq etmadi. Papiros burqsitib o‘tira berdi. Tanqidchi it! dedi Daho. Bir nimani bilsa-bilmasa akillay beradi! Akillama, desa, battar akillaydi! Xolboev o‘tirib-o‘tirolmadi. Apil-tapil turdi. Ulug‘ shoir nazmi Daho ko‘ksida o‘q misol qadaldi. Daho ko‘ksini ushlab kun ko‘rdi. Yeganidada halovat bo‘lmadi, ichganidada halovat bo‘lmadi. Ulug‘ shoirni ko‘rsa, ichini it tirnadi. Ich-ichidan g‘ashlandi. Ulug‘ shoir bo‘lsa, Dahoni ko‘rib, ko‘rmadi. Tevarakka ulug‘ona nazar soldi. Daho afti burishdi, Daho peshonasi tirishdi. Tfu-u, deya, chetga tupurdi. Qabatida turmish shishadoshi kinoya bilan so‘radi: Qalaysiz endi, shoir? Basharasiga tupursang! dedi Daho. Yurishini qarang, asariga tirnoqcha o‘xshasa o‘lsin agar! Siz bilan biz-ku, yomon bo‘lsayam, ikki martadan uylandik. Bu, uylanmaydiyam! Nimasiga uylanadi? Bunga kim ham tegardi? Yo... Daho shunday deya, shishadoshi qulog‘iga pichirladi. Shishadoshi boshini chapga qiyshaytirib kuldi. Tizzasiga shapatilab kuldi. Ammo-lekin topdingiz, do‘stim, dedi. Yoshi o‘ttizdan oshib ketdi, hamon so‘ppayib yuribdi. Bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq na qilur, deydilar. So‘raganlarga, hali-hozir izlanyapman, deb bahona qilarmish. Topgan bahonasini qarang... arpa uni bahona, deganlari shu-da! Yigit uylanadi, do‘stim, yigit uylanadi! Mana, yigit bizday bo‘ladi! Allaqachon uch marta uylanib qo‘ydik! Nasib bo‘lsa hali yana uylanamiz! Ammo-lekin topdingiz, qoyilman. Men bu gapni o‘rtoqlargayam aytib chiqaman. Aytish kerak, haqiqatni targ‘ibot qilish kerak. Daho lablarini cho‘chchaytirdi. Shahodat barmog‘ini lablariga bosdi. Tag‘in, meni aytdi demang, dedi. Bir avlod degan nomimiz bor... O‘ldimmi, sizni aytib. Sizgayam, o‘zimgayam gard yuqmaydigan qilib aytaman. Daho miyig‘ida kuldi. Ko‘zlari o‘ynadi. «Ana endi ulug‘ shoirga birortayam qiz tegmaydi! dedi. Ko‘chama-ko‘cha ichib, daydi bo‘lib yuradi. Keyin, ijodidayam tayin bo‘lmaydi. Oxir-oqibat, yolg‘izlik joniga tegadi. O‘z-o‘zidan qishlog‘iga ketib qoladi»;. Ulug‘ shoir uylanar emish! Daho ushbu gapni eshitib rangi o‘chdi. Sergak tortdi. Bir nuqtaga tikildi. «Yigit boshi ikkita bo‘lmaguncha, moli ikkita bo‘lmaydi, dedi. Ana endi u uylanadi. Ro‘zg‘orlik bo‘ladi. Birdan songa kiradi»;. Daho chirsillatib gugurt chaqdi. Qo‘llari titrab, papiros tutatdi. Bosib-bosib papiros tortdi. Po‘k-po‘k yo‘taldi. Ko‘zlari yoshlandi. Papirosli qo‘lini tumshug‘iga qo‘yib o‘ylandi. «Yo‘q, qanday qilib bo‘lsa ham bunday baxtning oldini olish kerak! Ammo qanday qilib baxtning oldini oladi? Bo‘lajak kelinni tanimasa, ulug‘ shoir u bilan maslahatlashmasa? Bir og‘iz maslahat so‘rasa edi, o‘zi bilardi, to‘yni qanday qilib buzishni»;. Daho ko‘p o‘yladi. O‘zicha turli-tuman hiyla-nayrang, g‘iybat-ig‘volarni o‘yladi. Oxiri bir qarorga keldi. Shu kuniyoq bo‘lajak kelin bo‘lmish idorasidan bir-ikkita ayol bilan gapirishdi. Ta’ziya bildirmishday, yuzlariga g‘amgin tus berdi. Hay bechora qiz-e, peshonasi sho‘r ekan-da, deya bosh irg‘adi. Unday demang-e, dedi ayollar. Peshonasi sho‘r bo‘lmasa, kelib-kelib shu bolaga tegadimi? Qo‘ying, baxti ochilib ketsin. Bechora hech kimi yo‘q, yetim qiz bo‘lsa kerak-da? Nega endi, tuppa-tuzuk ota-onasi, aka-ukalari bor, tag-tugli qiz! Unda, nega bir isqirt alkashga tegadi? Voy, alkashmi? Bo‘lmasam-chi, hali eshitganlaringiz yo‘qmi? Yo‘q. G‘irt alkash! Qo‘li mana bunday qaltiraydi! Voy, qo‘li qaltiraydimi? Ayollar bir-biriga savol nazari bilan qaradi. Daho otni qamchiladi. Nafaqat alkash, dedi. U bir daydi bola. Qaerda qorni to‘ysa, qaerda kuni o‘tsa, o‘sha yerda yotib qoladi. Singlimizga.... kelin bo‘lmishning oti nima edi? Kelin bo‘lmish singlimizga esa uyim-joyim deydigan inson kerak, shundaymi? U esa inson emas! Shunday qo‘pol, shunday qo‘pol! Uni odam qilib bo‘lmaydi! Yo‘g‘-e, unchalik emasdir. Yigit so‘zim! Biz u bilan do‘stmiz! Bir-birimizni besh qo‘lday bilamiz! Yigit so‘zim, shu qiz to‘ydan uch kundan keyin ko‘zida yosh bilan qaytib kelmasa, otimni boshqa ko‘yaman! Bo‘yingizdan opangiz qoqindiq, agar shuncha aytmasangiz, bir bechora qiz oyoqosti bo‘larkan. Daho bildi, gapi ijobat bo‘la berdi. Agar shu singlimiz o‘sha bola bilan ikki oydan ortiq yashasa... yigit emasman! dedi. Bo‘ldi, bo‘ldi, gap yo‘q! Tag‘in, meni aytdi demanglar. Ha, yo‘g‘-e... Ayollar shunday deya, qiz oldiga yo‘l oldi. Daho yelkadan nafas oldi. Kaftini kaftiga mamnun ishqadi. «Buyog‘iniyam qotirdim! dedi. Qiz boshqa gaplarimga ishonmasayam, qasamimni eshitib ishonadi. Do‘sti qasam ichib aytibdi, chin, deya o‘ylaydi. Ajoyib xalqimiz bor-da! Ko‘zni chirt yumib qasam ichasan, xalq laqqa ishonadi-qo‘yadi! Karnaychidan puf ketdi, qasamxo‘rdan nima ketdi? Maladets Sharq, maladets! O, Sharq, Sharq!»; Ayollar qizni o‘rtaga oldi. Bor gapni aytdi. Yomon bola bunday yaxshi asarlar yozolmaydi, dedi qiz. Ko‘p icharmish? Menimcha, kayfiyati buzilib ichadi, yolg‘izlikdan ichadi. Uyli-joyli bo‘lsa yaxshi bo‘p ketadi. Bordi-yu, sizlar aytganday bo‘lsa, mayli, peshonamdan ko‘raman... Ayollar battar bo‘l, deya qo‘l siltadi. To‘ydan keyin uch kunda o‘tdi, uch oyda o‘tdi, uch yilda o‘tdi! Kelin bilan kuyov binoyiday bo‘ldi. Kuyov uchun kelindan yaxshi bo‘lmadi, kelin uchun kuyovdan yaxshi bo‘lmadi. Ulug‘ shoir unib-o‘sdi! Daho o‘zini qo‘yarga joy topolmadi. Dardi ichida bo‘ldi. «Voy ablah-e, yashab ketdi-ya! dedi. Men uni faqat iste’dodmikan desam, bu iflos yaxshi odam ham ekan!»; Daho o‘z ko‘nglini o‘zi ko‘tardi. «Bir hisobga yaxshi bo‘ldi, dedi. Ro‘zg‘or tashvishlari bilan bo‘lib, asarlariyam o‘zimiz qatori bo‘lib qoladi»;. Daho o‘yladi-o‘yladi, ulug‘ shoir bilan ayoli orasiga nizo solishni mo‘ljalladi. «Ammo qanday qilib nizo soladi? U iflos salomni olmasa. Ko‘rib ko‘rmaslikka olsa»;. Daho endi raqqos bo‘ldi. O‘zini ulug‘ shoirga do‘st qilib ko‘rsatdi. Bir-ikkita she’r o‘qitdi. Maslahat so‘radi. Ikkita yarimta olib uyiga bordi. Ulug‘ shoir Daho bilan ostonada gaplashdi. Daho ichida so‘kib-so‘kib qaytdi. «Uh, ablah! dedi. Bir og‘iz ichkari kir, demadi-ya! Qarab tur, ayoling bilan ajralmaganingniyam ko‘raman! Bu dunyoda oilasi bilan ajralgan erkakni el ham, siyosat ham ko‘tarmaydi. Dunyodan xor-zor bo‘lib o‘tmaganingniyam ko‘raman»;. Daho ulug‘ shoir zaif joyidan foydalanishni maqsadladi. Ko‘cha-ko‘ylarda ulug‘ shoir bilan shishadosh bo‘ldi. Qadah cho‘qishtirdi. Alyor aytdi. Do‘stim! dedi. Bizning taqdirimiz ham bir, mozorimiz ham bir! Keling, umrbod do‘st bo‘lib qolaylik! Aytganingiz kelsin! Betingizni tuting, bir o‘pay! Daho ulug‘ shoirni mast qildi. Serqatnov ko‘cha bo‘ylab uyiga jo‘natdi. O‘zi burchakda panalab turdi. Ulug‘ shoir chayqala-chayqala yo‘l oldi. «Bo‘ldi! dedi Daho. Iflosni mashina turtib ketadi yo o‘zi kayf bilan yumalab tushadi»;. Ammo, ulug‘ shoir ertalab otday o‘ynoqlab keldi. Qalay, kecha yaxshi bordingizmi, do‘stim? dedi Daho. Juda xavotir oldim, do‘stim uyiga yaxshi bordimikin deb? Rahmat, do‘stim, rahmat. Uyga qanday borganimni bilmayman. Ertalab ko‘zimni ochsam, uyda yotibman. Biz ham shu! Yuring, uyga eson-omon borganimiz uchun bir olaylik! Ular o‘zlari xonaki bo‘lmish xilvat qahvaxonaga bordi. Xiyla vaqt otamlashib o‘tirdi. Daho ulug‘ shoirni ko‘klarga ko‘tarib maqtadi. Qahvaxonadan bir-birini suyab chiqdi. Ulug‘ shoir ulov to‘xtatmoqchi bo‘ldi. Tevarakni qarang, do‘stim, tevarakni! deya avradi Daho. O, bahor, o‘z oti o‘zi bilan bahor! Sof havoda yurishga nima yetsin! To‘ppa-to‘g‘ri! dedi ulug‘ shoir. Haqiqiy do‘stim ekansiz! Keling, mana shu yerda xayrlashamiz. Siz mana bu ko‘chadan yurasiz, to‘g‘ri uyingiz oldidan chiqasiz! Men buyoqdan ketdim. Qani, bir o‘pib qo‘yay! Daho ulug‘ shoirni hushyorxona joylashmish ko‘chaga solib yubordi. O‘n besh kunlikka tushadi, deya umid qildi. Ertasi ulug‘ shoir tag‘in otday o‘ynoqlab keldi. Daho uf-f, deya tizzasiga urdi. U endi ulug‘ shoirni ichirib, birovlarga qayrab ko‘rdi. Muharriringiz sizni shoir emas, mening bir satrimga arzimaydi, deb aytdi, dedi. Juda xafa bo‘lib ketdim, do‘stim. Agar kuchim bo‘lsa, tumshug‘iga solardim. Kuch? Qancha kuch kerak? Qani, o‘sha quruq? Ulug‘ shoir muharrir huzuriga sher bo‘lib yo‘l oldi. Daho pisibgina jo‘nab qoldi. «Nihoyat, uyi kuyadigan bo‘ldi! dedi. Iflos ana endi javobgarlikka tortilib ketadi»;. Ulug‘ shoir muharrirni chaparasta qilib so‘kdi. Yoqasidan ushlab silkiladi. Yaxshilikcha ket! dedi muharrir. Bo‘lmasa qamataman! Ulug‘ shoir sherdan-sher bo‘ldi. Yoqasini ochib baqirdi: Qamat, mana, qamat! Meni qamatsang, tarixda qolasan! Muharrir ulug‘ shoir yelkasiga qoqdi. Mastliqda bo‘ladi, dedi. Ulug‘ shoir shu kundan e’tiboran o‘zini Dahodan xolis oldi. O‘nlar qo‘mitasi jamuljam bo‘ldi. Daho ulug‘ shoirdan yorildi: Haqiqiy iflos ekan! dedi. Bir kunda tupurdi-ketdi! Adabiy-badiiy davra ulug‘ shoirni mazammatladi: Endi bildingizmi, u bir mol-ku! U iflos xohlagan vaqtda tuzingizni yeb, tuzlig‘ingizga tupurib ketadi. Do‘stlar, menda bir g‘oya bor. Kelinglar, shu ulug‘ iflosni ihota qilib tashlaymiz! Ihota? Qanday qilib? Ulug‘ iflosni besh-oltita e’tiborli odam e’zozlaydi, qo‘llab-quvvatlaydi. Ana shu odamlar bilan bordi-keldisini uzib tashlaymiz. Qiyin, iflosni juda qadrlashadi. Oson! Masalan, biror gap to‘qib, o‘sha martabali odamlar e’tiborini yo‘q qilib tashlaymiz. Keyin hamma yerdan qadami uziladi, yakkamoxov bo‘lib qoladi! Siz aytgan ihotani qilib ko‘rdik. Ammo iflosning ko‘nglidagiday bo‘ldi. Shunday, ko‘nglidagiday bo‘ldi. Biz iflosni yakkamoxov qilib qo‘yamiz deb yursak, iflosning o‘zi tanholikka talpinib yurar ekan. Bilmasdan, qo‘llab qo‘yibmiz. Oqibat, iflos tamomila yolg‘iz bo‘lib oldi. Bu iflos nega bunday qiladi-a? Ulug‘ iflos o‘zini sodda olib yurgan bilan aslida juda ayyor! U yaxshi biladi, ijodkor uchun eng muhimi qalb erkinligi. Qalb erkinligi esa qalb xotirjamligi demakdir, qalb sokinligi demakdir. O‘zini chetga olishidan maqsad, o‘z qalbini sokin saqlamoqdir. Qachonki, ijodkor qalbi sokin bo‘lsa, undan yetti uxlab tushga kirmagan satrlar buloqdek otilib chiqadi. Shu gapda jon bor. Siz bilan biz esa halloslab yashaymiz, vosvos kunda yashaymiz. Bironta yaxshiroq asar o‘qisak, bir kuyamiz! Birov biron martabaga ko‘tarilgan bo‘lsa, ikki kuyamiz! Birov mashina olsa, yo, noyobroq kiyim kiysa, uch kuyamiz! Asariga mukofot olsa-ku, kuyib-yonamiz! Qarabsizki, zarra boshidan oshqozoni yara bo‘lgan ham biz, yurak o‘ynog‘i ham biz, qon bosimi ham biz, asabi shalviragan ham biz! Ulug‘ iflos esa, o‘ziyam otday, asarlariyam otday! Xo‘sh, nima demoqchi bo‘lasiz? Demoqchimanki, iflos bizdan o‘zini olib qochyaptimi, qalbini avaylayaptimi, demak, biz iflosga tinchlik bermasligimiz kerak. Ana, asarlarini yomonlaymiz. O‘z-o‘zidan asabi junbishga keladi-qo‘yadi. Yo‘q, bu bilan muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Ulug‘ iflos o‘z asarlari go‘zal ekanini yaxshi biladi. Gaplaringizga parvo ham qilmaydi. Boshqa bir yo‘lini topamiz. Masalan? Masalan, iflosni orqavoratdan badnom qilamiz. Hali aytganingizday, iflosning besh-o‘nta juda e’tiborli odamlar bilan salom-aligi bor, bordi-keldisi bor. O‘shalar ulug‘ iflosni «bu bola bizning baxtimiz»;, deb ardoqlaydi. Iflosning nimasi baxt, t-fu! O‘shalarga biz salom bersak, salomimizni zo‘rg‘a oladi. Biz bilan qo‘l uchida ko‘rishadi. Iflosni esa peshonasidan o‘pib kutib oladi. Oy bitsayam, kun bitsayam, shu iflosga bitib qoldi. Siz bilan biz itning orqa oyog‘i bo‘lib qoldik. Iflos esa oppoqqina bo‘lib yuribdi. O‘lmang, shuning uchun iflosni badnom qilib tashlashimiz kerak. Masalan? Masalan, iflos e’tiborli odamlar oldiga kirib-chiqib turadi, salom-alik qilib turadi. Kirib nima qiladi? Siz bilan bizni sotib chiqadi! Evaziga yelkasiga qoqtiradi, taqdirlanadi, ardoqlanadi. Ana, tayyor badnom! Xalq ishonmas-ov. Soddasiz, shoir, soddasiz. Xalqingiz olomon! Olomon! Olomon esa, oyog‘i bilan emas, og‘zi bilan yuradi! Qarabsizki, gap yashin tezligida tarqaladi! Oxir-odoq, ulug‘ shoir asabiylashadi, jig‘ibiyron bo‘ladi. Sokin qalbi larzaga keladi. Infarkt bo‘ladi! O‘lmang, ichim ekansiz! Oxir-odoq, o‘zimiz qatori bo‘ladi-qoladi. Kallangizga qoyilman! Keling, bir o‘pib qo‘yay! Saroy odamga liq to‘ldi. Hayallab kelmishlar deraza tokchalarida o‘tirdi, devor bo‘ylab tizildi, ostonada tik turdi. Davra ikki ko‘zi to‘rda bo‘ldi. Shoirlar birin-ketin minbarladi. Daho gali keldi. Daho avval-avval dovdiradi. Keyin-keyin o‘zini o‘nglab oldi. O‘zini sipo tutdi. Qulochlarini katta ochdi. Ko‘zlarini yumib she’r aytdi: Menga qarab Titraysan, daraxt Izg‘irin o‘ranish Sening-da Bargingni. Mening ham kurtaklarim Ichimda o‘rtanar Ko‘ksimda to‘lg‘anar Teshib yuborguday bag‘rimni! Daho ko‘zlarini ochdi. Davraga nazar soldi. Davrada birov yelka qisdi. Birov lab burdi. Birov eshikka ravona bo‘ldi! Daho barini ko‘rib-bilib turdi. Alam bilan tag‘in she’r boshladi. Bu safar bir shivirladi, bir baqirdi, bir hayqirdi: Seni ko‘p esladim kelmading Men seni unutdim kelmading Men o‘zimni unutdim. Mening umrim bir kukun Kukunga aylangan bu kun Men seni unutdim. Birov ovoz berib kuldi. Birov hiring-hiring kuldi. Birov piq-piq kuldi. Davra pichir-pichir bo‘ldi. Old qatorda o‘tirmish bir oriq yigit zaharxanda bilan kuldi. Qabatidagilarga: Modernizm! dedi. Daho chidab turolmadi. Nega kulasiz? deya o‘shshaydi. Siz o‘zi kimsiz? Oriq yigit dovdirab qoldi. Birdan jiddiy bo‘ldi. Chalkashtirmish oyog‘ini darhol yerga oldi. Joyidan ohista turdi. Meni Ibrohim, deydi. Moskvada sirtdan o‘qiyman, dedi. Kulishim boisi... she’ringizni tushuntirib bering! Men she’rimni savodsizlar uchun yozmayman! Men o‘zimni savodsiz deb bilmayman! She’ringizni tushuntirib bering! Men she’rimni Moskvada sirtdan o‘qiyotgan savodsizlar uchun yozmayman, deyapman! Xo‘p, biz savodsiz, deylik! Unda, she’ringizni yoqtirib bering! Savodsiz odam ham she’riyatni yoqtirishga haqqi bormi? Bor! Savodsiz odam ham nafosatdan zavq olishga haqqi bormi? Bor! Shunday ekan, she’ringizni yoqtirib bering! Daho joyiga borib o‘tirdi. Endi ulug‘ shoir minbarladi. Davra gurr-gurr qarsak chaldi. Ulug‘ shoir qarsaklar ado bo‘lishini qaradi. Bir nuqtaga tikilib qaradi. Olqish qarsak ado bo‘la bermadi. Daho... bit ko‘zlari paxtasi chiqdi! Daho ko‘zlari kuydi! Daho ko‘zlari yondi! Daho tashqariladi. Entikib-entikib nafas oldi. Labiga papiros qistirdi. Izidan tag‘in bir shoir chiqib keldi. Dahoga gugurt chaqib tutdi. Qalay? dedi. Chidasa bo‘ladi, dedi Daho. O‘ziyam, xalq yig‘ilibdi-da. Saroyda nazm ulug‘ shoirdan, olqish xalqdan bo‘la berdi. Nu-nu, sodda ekansiz, shoir! dedi Daho. Siz hali, xalqqa ishonib yuribsizmi? Xalq deganingiz poda-ku! Nega endi, ichida ziyolilar ham bor. Qat’iy nazar! Xalq poda! Uchrashuvdan keyin tor doirada o‘tirish bo‘ldi. Daho o‘zi quyib, o‘zi ichdi. Kayfi bir joyga bordi. Shu vaqt, bir sichqon shoirlar oyog‘i oralab chopdi. Chiy-chiy, deya chopdi. Xudo berdi, Dahoga berdi! Ustoz she’r o‘qiyapti, desam, sichqon chiyillayapti ekan-da! deya tirjaydi. Ustoz... sichqon... poeziya... Daho xoxolab kuldi. Yuzlari kuydirmish kalla bo‘lib kuldi. Shoirlar yerga qaradi. Shoirlar lab tishladi. Daho yomon vaziyatda qoldi. Hazilda bu, hazil... dedi. Ulug‘ shoir sodda-mug‘ambir bo‘ldi. Sassiq gapni bilib-bilmaslikka oldi. Sening gaping... demishday, Daho tarafga qo‘l siltadi. Daho imo gapga chiday olmadi. Lik etib jo‘nadi. Mashinada chekib o‘tirdi. Yo‘lda miq etmadi. Manzilda xayr-ma’zurni nasiya qildi. Uyida eshikni ichkaridan qulfladi. Chiroqni yoqdi. O‘zini to‘shakka tashladi. Oyoqlarini silkib-silkib, liboslarini otdi. Bir poyi eshikka tarsillab tegdi. Bir poyi devorga tapillab tegdi. Liboslari yerda chappa bo‘lib qoldi. Burchakdan yarim shisha aroqni oldi. Tiqinini tishi bilan ochdi. Burchakka tuflab tashladi. Shisha og‘zidan qult-qult yutdi. Tuyilib-tuyilib yo‘taldi. Og‘iz-burnini bilagi bilan artdi. Mung‘ayib o‘tirdi. Ko‘zlari suzildi. Ko‘zlari ilindi... Deraza qorayib keldi. Daho seskanib ko‘z ochdi. Ko‘zlarini uqaladi. Tevaragiga alangladi. Deraza tokchasida taxloqlik kitoblarga nazar soldi: Gi Belle, Frank Venay, Lionel’ Rey... Qo‘liga qalam olmishdan buyon ushbu kitoblarni qo‘ldan qo‘ymadi. Daho yeyish uchun nonga zor bo‘ldi. Ammo Jak Ruboni o‘z narxidan yigirma barobar qimmat narxda sotib oldi. Daho kiyish uchun ko‘ylakka zor bo‘ldi. Ammo Andre Dyu Busheni o‘ttiz barobar qimmat narxda sotib oldi. O‘zini tashqi dunyodan xoli oldi. To‘y-ma’rakalardan oyog‘ini tiydi. Oshna-og‘aynilar bilan borish-kelishni bas qildi. Radio-televizorni o‘chirib qo‘ydi. Daho aql-hushida G‘arb bo‘ldi, ishoich-e’tiqodida G‘arb bo‘ldi. Daho gandiraklab-gandiraklab qo‘zg‘oldi. Suyanmish suyanchiqlaridan bo‘lmish Mark Deluz kitobini oldi. O‘ng kelmish betini ochdi. Betda «Men qanday qichqira olaman»; she’rini ko‘rdi. Endi o‘z kitobini oldi. Birinchi betini ochdi. Mark Deluz she’ri bilan Pahlavon Daho she’rini solishtirdi. O‘zini... o‘zini Mark Deluzdan kam ko‘rmadi! «Mark Deluzdan qaerim kam? dedi. Satrma-satr olib qaralsa, Deluzdan yuksak bo‘lsam yuksakdirman, lekin kam emasdirman. Mana... bir-birovimizga juda o‘xshaymiz. Aynan o‘xshaymiz! Mark Deluz kim, Pahlavon Daho kim, bilib bo‘lmaydi! Farqimiz, Deluz fransuz, men o‘zbekman»;. Daho tobora qorayib bormish derazaga tikilib o‘yladi-o‘yladi... qo‘liga qalam olmishdan buyon ich-ichidan his etib yurmish haqiqatni idrok etdi. Daho ushbu haqiqatni tiliga chiqarmay keldi. Tiliga chiqarish tugul, tan olmay keldi. Tan olishni istamay keldi. Ushbu haqiqatni ko‘ngli bir burchida yashirib yurdi. O‘zgalardan sir saqladi. Hatto, o‘zidan sir saqladi. Boisi, ushbu haqiqat achchiq haqiqat bo‘ldi. Ushbu haqiqat Pahlavon Daho badanida yo‘q bo‘ldi! Ushbu haqiqat Pahlavon Daho ko‘nglida yo‘q bo‘ldi! Badanda bo‘lmasa, modernizm, futurizm, deya etalmish oqimlar o‘ta bersin! Ko‘ngilda bo‘lmasa, syurrealizm, dadaizm, deya atalmish oqimlar o‘ta bersin! Bari-bari oqimlar badanda yo‘qlikdan bino bo‘ldi! Bari-bari maktablar ko‘ngilda yo‘qlikdan bino bo‘ldi! Badiiy san’at yaratilmishdan buyon yuzlab oqimlar yaratildi, yuzlab maktablar yaratildi. Barchasida o‘z vaqtida bir dovrug‘ soldi. Barchasida o‘z davrida bir shov-shuv bo‘ldi. Barcha oqimlar o‘tdi-ketdi, barcha maktablar o‘tdi-ketdi! Faqat nomlari qoldi! Ammo asl badiiyat qoldi! Asl san’at qoldi! Ajabo, badan uchun ushbu badiiy quvvatni kim beradi? Daho o‘yladi-o‘yladi... Tabiat beradi! Qani, shu tabiat? O‘zi, tabiat degani nimadir? Tog‘larmi? Bog‘-rog‘larmi? Daryo-ko‘llarmi? Daho peshonasiga tupurdi, Daho o‘ngiga tupurdi, Daho chapiga tupurdi! Daho tabiatga tupurdi! Qo‘ngil uchun ushbu badiiy quvvatni kim beradi? Xudo beradi! O‘zi, xudo bormi? Bo‘lsa, qaerda? Inson xudo-xudo, deydi. Xudodan so‘raydi. Qani o‘sha... xudo? Daho... xudodan nafratlandi! «Tupurdim, senday xudoga tupurdim! dedi. Ulug‘ shoirga berding, menga bermading!»; Daho... xudodan jirkandi! «Bir sichqon misol kimsani ulug‘ shoir qilib yaratding, meni nortuya misol qilib yaratding»;. Daho qo‘llarini musht qilib olazarak bo‘ldi. Shunda, kitoblar orasida turmish Qur’onni ko‘rib qoldi. «Ana, xudoning kitobi! dedi. Inson Qur’onni tilga olib qasam ichadi. Inson Qur’onni ushlab ont ichadi. Demak, xudoning kitobi-da!»; Daho Qur’onga qarab turdi-turdi... Ko‘ziga Qur’on xudo bo‘lib tuyuldi! Qur’onni xudo deya o‘yladi! Daho Qur’onni yerga olib urdi! Qur’onni tovoni bilan ezg‘iladi! Pechkani sharaqlatib ochdi. Qur’onni qulochkashlab pechka ichiga otdi. Pechkadan kul gupilladi. Daho bet-boshiga urdi. Daho ko‘zlarini yumdi. Yuzini teskari burdi. Cho‘ntagidan gugurt oldi. Qur’onga olov tutdi. Ammo Qur’on yona bermadi. Daho tashqari otildi. Yermoyi olib keldi. Pechka ust qopqog‘ini ochdi. Qur’on uzra g‘ulq-g‘ulq yer-moyi quydi. Qur’on bu safar olov oldi. Daho cho‘nqayib o‘tirdi. Qur’on yonishini tomosha qildi. Qur’on lov-lov yondi! Daho tizzalarini quchoqlab qaradi. Ko‘zlari olovda qamashib-qamashib qaradi. Qur’on gur-gur yondi! Daho kosov bilan olov kovlab qaradi. Yuzlari olovda lov-lov etib qaradi. Qur’on hur-hur yondi! Daho guruhbozlik bilanda Adabiyotni ololmadi! Xalq, oting nima, demadi! «Uh, qo‘ylar! deya ijirg‘andi Daho. O‘tlab yurgan qo‘ylar! Qarab tur, hali hammangni ketimdan qo‘yday ergashtirmasam ko‘rasan!»; Daho o‘yladi-o‘yladi, bir yumalab, vatanparvar bo‘lib oldi! Avvalo, o‘z maqsadi uchun vosita topdi. Ilk vositasi Orol bahrikamoli bo‘ldi. Tabiatni asrash qo‘mitasi odamlari bilan Orolga bordi. Orol bo‘yida sharshara sochlarini silab xayol surdi. Poyida zangoridan-zangori bir olam chayqalib-chayqalib turdi. Qadimdan-qadim bir olam to‘lqinlanib-to‘lqinlanib turdi. Orol buyuk Amir Temurni ko‘rdi. Orol jahongashta Chingizxonni ko‘rdi. Orol alloma Beruniyni ko‘rdi... Daho endi ana shu qadimdan-qadim Orol oti bilan jalloblik qiladi! Daho endi ana shu ko‘hnadan-ko‘hna bahrikamol nomi bilan jalloblik qiladi! Daho yerga qaradi, Daho ko‘zlarini yashirdi... Amudaryo bilan Sirdaryo asrlar mobaynida o‘z qirg‘og‘idan toshib oqib yotdi. Bekordan-bekor Orolga quyilib yotdi. El-yurt podsholari o‘zi bilan o‘zi hamankara bo‘ldi. O‘zga yurtlarni zabt etish bilan mashg‘ul bo‘ldi. O‘z yurtlari bo‘lsa, shunday oyoqlari ostidan ikki birday daryo oqib yotsa-da, biyobon bo‘lib qaqrab qola berdi. O‘z ellari bo‘lsa, shunday oyoqlari ostidan ikki birday azim daryo oqib yotsa-da, suvga tashna bo‘lib qolaberdi. Nihoyat, el-yurtni o‘ylaydigan podsholar olamga keldi. Amudaryo bilan Sirdaryo suvlaridan yobonlarni obod qildi. Bog‘ qildi, qishloq qildi, shahar qildi. Endi Orol bahrikamolini to‘ldirish uchun Amudaryo bilan Sirdaryoni tag‘in bor bo‘yicha oqizib bo‘lmaydi. Daho ushbu haqiqatni ich-ichidan his etdi. Ammo tiliga chiqarmadi. «O‘lib ketmaydimi! dedi. Orol to‘ladimi, Orol quriydimi, mening necha pullik ishim bor»;. Yig‘ilish bo‘ldi, Daho minbarga otilib chiqa berdi. Minbarni mushtlab-mushtlab gapirdi. Hayqirib-hayqirib gapirdi. Xo‘rsinib-xo‘rsinib gapirdi. Xalq qars-qars qarsak chaldi! Daho vatanparvar shoir bo‘lib tanildi! Daho tag‘in bir yumalab, xalqparvar bo‘lib oldi. Bo‘stonlikda achchiqtosh zavodi quriladi, deya, emish-emish oralab qoldi. Daho otilib minbarladi. Shartakilarcha so‘zladi, shakkoklarcha so‘zladi! Qo‘li bilan Bo‘stonliq tarafni ko‘rsatib-ko‘rsatib so‘zladi. Kafti bilan Bo‘stonliq tarafga chorlab-chorlab so‘zladi. Xalq yerni tepib-tepib olqishladi! Bo‘stonliqda bo‘lsa, achchiqtosh zavodi qurilmadi. Gap mish-mishligicha qoldi. Daho yomon vaziyatda qoldi. Ammo sir boy bermadi. «Zavod bilan nima ishim bor! dedi. Tupurdim, xalqigayam, tabiatigayam tupurdim! Menga zavod degan gap bo‘lsa bo‘ldi»;. Daho xalq manfaatini ko‘zlovchi shoir bo‘lib tanildi! Daho eshitdi: ayoli bolalari bilan uydan ketdi. Daho eshitdi: uyga jiyani ko‘chib keldi. Shu-shu, Daho qishlog‘iga borib kelar bo‘ldi. Mashina Daho mavlud topmish uy oldida oyoq ildi. Ostonada onasi qora berdi. Dahoni bag‘riga bosib-bosib yig‘ladi. Aytib-aytib yig‘ladi. Daho ichkariladi. Daho mehmonxona eshigini ochiq qoldirdi. Pardalarini tushirib qo‘ydi. Daho jiyanlari parda orasidan mo‘ralab-mo‘ralab turdi. Onasi dasturxon yoydi. Deraza ortidan bir soya lopillab o‘tdi. Eshik pardasi ko‘tarildi. Serjant Orziqulov yuzlandi. Assalomu alaykum! dedi. Daholar joyidan turdi. Serjant Orziqulov bilan ko‘rishdi. Serjant Orziqulov asfalnishin bo‘ldi. Ko‘li ko‘ksida bo‘ldi. Qani, kelinglar, xush ko‘rdik! dedi. Shunday... bir aylanib keldik, dedi Daho. Binoyi-da, xo‘p binoyi-da! Daho boshi bilan mehmonlarni ko‘rsatdi. Bu yigitlar mening do‘stlarim, dedi. Shoirlar! Binoyi, binoyi! Daho shoirlarga otasini tanishtirdi. Bu kishi bizning paxan bo‘ladilar, dedi. Serjant Orziqulov shoirlarga bosh qimirlatdi. Keyin, dasturxonga qaradi. Enangga biron nima aytdingmi, ulim? dedi. Bilmadim, qozon osildi shekilli. Unda, men qozondan xabar olayin, qani. Serjant Orziqulov tashqariladi. Xiyoldan keyin parda orasidan mo‘raladi. Bemalol o‘tira beringlar, dedi. Qo‘ling o‘rgilsin palov bo‘layapti! Shunday. Daho ma’qul, deya bosh irg‘adi. Serjant Orziqulov jelagini yechib keldi. Xush kelibsizlar, ullarim, xush kelibsizlar, dedi. To‘rda o‘tirmish shoir: Qahramon, o, qahramon! dedi. Daho bosh ko‘tardi. Otasi ko‘ksidagi orden-nishonlarga ko‘zi tushdi. Qizarib-bo‘zardi. Serjant Orziqulov ko‘ksidagi orden-nishonlariga nazar soldi. O‘zicha jilmaydi. Bosh irg‘ab-bosh irg‘ab asfalnishin bo‘ldi. Bir shoir Dahodan o‘pkaladi: Pahlavon Daho, shunday qahramon otangiz bor ekan, shu vaqtgacha aytmaganingizni qarang-a! dedi. Qaerlarda bo‘lgansiz, boboy? Siz so‘ramang, men aytmayin, ulim... dedi serjant Orziqulov. Serjant Orziqulov aftodahol bo‘lib qoldi. Dasturxon burchini buklab ermakladi. Shoir darrov gapni boshqa yoqka burdi. Bayramingiz muborak bo‘lsin, boboy! Mana, bugun 9 may bayrami. Ma’muriyat biror-bir tirikchilik qilib berdimi, boboy? Kim? Ma’muriyat! Kolxoz rahbarlari? Ha-a, kattalarmi? Ha, har yilgiday yig‘ilish qildi. So‘g‘in bayram bilan qutladi. Quruq yig‘ilish qildimi? Quruq? Yo‘q, quruq emas. O‘n so‘mdan pul berdi, ikki kilodan go‘sht berdi. Shunday! Shu bilan bo‘ldimi? Ha-da, bundan ziyod siylov bo‘ladimi? Shunday orden-nishon sohiblari-ya... Shunda, Daho gap qo‘shdi: Orden bo‘lgan bilan, bittasiniyam tayini yo‘q! Mayda-chuyda medallar! dedi. Baribir, Daho, baribir. Buncha, sharabaradan bitta Yulduz afzal! dedi Daho. Masalan, manavi chetdagisini olaylik. G‘alaba medali! Buni urush tugaganda hammaga bergan! Unda, nimaga seniki yo‘q? dedi serjant Orziqulov. Biz unda tug‘ilmaganmiz, bo‘lmasa, bizgayam berardi! Ha, bali, shu sharabaralar bo‘lmasa sen tug‘ilmasding, dunyoga kelmasding! Shunday! Serjant Orziqulov shunday deya chiqib ketdi. Daho otasi ketidan tashqariladi. Hovlida uyoq-buyoqqa yurdi. Onasi Daho diqqinafas bo‘layotganini bildi. Hol so‘radi. Anavi cholni qarang, mamasha, deya kuyundi Daho. Bizning shoirlar oldiga almisoqdan qolgan bor temir-taqasini taqib chiqibdi! Koshki ular temir-taqa nimaligini tushunmasa! Ular Kafkani o‘qigan. Ular Joysni o‘qigan!.. Har yili 9 mayda shunday qiladi. Qo‘y, ko‘p diqqinafas bo‘lma. Boshqa kun o‘lsayam taqmaydi. Xaltaga solib qo‘yadi. Odam degan qaerda quruqlik qilishni bilsa-da! Paxan kelganlarni kim deb o‘ylayapti? Axir, ular Marsel’ Prustni o‘qigan! Garantiya beraman, bu qishloqda hech kim Prustni o‘qimagan! Daho oshxona bilan uy orasida borib keldi. Bu vaqt serjant Orziqulov ichkari uyda yonboshlab yotdi. Ko‘zi ilinib-ilinib yotdi. Yotib yotolmadi. Imillab qo‘zg‘oldi. «Borayin, manzirat qilib, gurung berib turayin, dedi. Tag‘in, uy xo‘jasi kelganimizni yomon ko‘rib, boshqa uyga kirib yotib oldi, demasin. Mehmon otangdan ulug‘ degan»;. Serjant Orziqulov qaytib keldi. Asfalnishin bo‘ldi. Qanday, zerikmaygina o‘tiribsizlarmi, ullarim? dedi. Hay, barakalla! Shoirlar yonboshlab yotdi. Ashula eshitib yotdi. Serjant Orziqulov gurung bergisi keldi. Biz ham baholi qudrat mol boqib yuribmiz, ullarim... Serjant Orziqulov og‘zidagi og‘zida qoldi, bo‘g‘zidagi bo‘g‘zida qoldi. Daho yer ostidan otasiga shunday o‘qraydi, shunday o‘qraydi! Daho magnitofonga qarab gapni burdi. O, «Bitlz»;! dedi. Liverpullik buyuk to‘rtlik! Jon Lennon, Pol Makkartni, Jorj Xarrison, Ringo Star! Bechoralar tarqalib ketdi! Iya, hali «Bitlz»; yo‘qmi? Ancha bo‘ldi. Jon Lennon Amerikaga ketib qoldi. Boshqalari Londonda daydi bo‘lib yuribdi. Yaqinda Xanter Devis «Bitlz»; haqida kitob yozdi-yu... Serjant Orziqulov yomon vaziyatda qoldi. Yuzlari lov-lov qizardi. Bush piyolani o‘ynab-o‘ynab, o‘zini-o‘zi aybladi: «O‘zi, meniki noma’qul-da! Bular o‘qimishli odamlar bo‘lsa. Mening podam bilan necha pullik ishi bor? Xay, kalla-e, kalla!»; Serjant Orziqulov ko‘z qiri bilan o‘g‘liga qarab-qarab oldi. Qo‘llarini qovushtirdi. Shoirlar og‘ziga qarab o‘tirdi. Kun qaytdi. Serjant Orziqulov derazalarni ochdi. Pardalarni surdi. Ichkariga ko‘klam havosi ufurdi. Qaerdandir chibin keldi. G‘uj-g‘uj bo‘ldi. Dasturxon to‘la qand-qursga yopishdi. Serjant Orziqulov hovlidan bir dasta yalpiz terib keldi. Dasturxon uzra sochib tashladi. Uyni yalpiz isi oldi. Chibinlar yalpiz isidan g‘oyib bo‘ldi. Daho hayron bo‘ldi. Serjant Orziqulov piyolaga uzaldi. Shunda, dasturxon uzra tag‘in chibin parvozladi. Daho bu gal chibinlar parvozini e’tibor bilan qaradi. Chibinlar pastladi-pastladi, serjant Orziqulov chap oyog‘i oldida ko‘zdan yo‘qoldi. Daho yonboshlamish ko‘yi otasi chap oyog‘i panjalariga qaradi, bebilchagiga qaradi, tovoniga qaradi... Qosh qoraydi. Serjant Orziqulov bolishdan ko‘krak oldi. Inqillab qo‘zg‘oldi. Kalishini yo‘l-yo‘lakay kiyib tashqariladi. Olapar itini bo‘shatdi. Olapar dumini likillatdi. Serjant Orziqulov qo‘lini iskadi. Serjant Orziqulov mehmonxona derazasidan mo‘raladi. Mehmonxonada shishalar yumalab yotdi. O‘g‘li oyoq-qo‘lini yoyib yuztuban yotdi. Shoirlar sandiqqa suyanib-suyanib yotdi. Mehmonxona jimjit bo‘ldi. Serjant Orziqulov qarab turdi-turdi... «Tor-mor bo‘lgan lashkarga o‘xshaydi»;, dedi. Serjant Orziqulov qo‘l siltab ketdi. Ichkaridan ov miltig‘ini olib keldi. Ko‘chaga qarab yurdi. Izidan Olapar ergashdi. Ko‘chada Ochil jiyan duch keldi. Tog‘ang keldi, dedi serjant Orziqulov. Choy-poyiga qarash... Serjant Orziqulov toshloq oralab yurdi. O‘ng oyoq boshmaldog‘i zirq etdi. Bir toshga o‘tirdi. Zirqillamish boshmaldog‘ini changalladi. Kaftlari ho‘l bo‘ldi. Kaftini ko‘zlari oldiga olib keldi. Dimog‘i qon hidini tuydi. Qon boshmaldog‘iga qum sepdi, oqsoqlanib-oqsoqlanib yo‘lga tushdi. Olapar qon tommish qumni iskab qoldi. Tag‘in egasiga yetib oldi. Serjant Orziqulov mozor oldidan o‘tdi. Mozor tarafdan boyo‘g‘li sayradi. Serjant Orziqulov yoqalariga tufladi. Bog‘lar oralab yurdi. O‘rkach-o‘rkach adirlar bo‘ylab yurdi. Izmolisoyga keldi. Buloq bo‘yida oyoq ildi. Hovuchlab-hovuchlab suv ichdi. Yuz chaydi. Tag‘in adirladi. Bir tulki tosh shildiratib chopdi. Serjant Orziqulov yelkasidan miltig‘ini oldi. Toshga suyab qo‘ydi. O‘zida shu toshga suyanib o‘tirdi. Olapar egasi poyida yotdi. Serjant Orziqulov olis-olislarga qaradi. Olislar zim-ziyo bo‘ldi. Olislarda chiroqlar milt-milt etdi. Chiroqlar Denov, Termiz... bo‘ldi. Esida, serjant Orziqulov urushdan ana shu shaharlardan o‘tib keldi. Poezd Termizga kechasi yetib keldi. Shunda, bir odam vagonga otilib kirdi. «Xolliev Alini ko‘rgan bormi?»; dedi. «Bor! ovoz berdi serjant Orziqulov. U xiyol hayallab keladigan bo‘ldi!»; Aslida... termizlik Xollievni o‘z qo‘li bilan yerga berib keldi. Saken qozoq tuproq tashlab turdi... Ay, Saken og‘a, omonmisan?.. Serjant Orziqulov beixtiyor shunday dedi. Poyida yotmish Olapar egasi gapidan sapchib oyoqladi. Dumini likillatib-likillatib turdi. Mendan so‘rasang, Saken og‘a, baholi qudrat elning xizmatini kilib yuribman. Podaniyam o‘ziga yarasha tashvishlari ko‘p, shunday. Ayniqsa ko‘klam vaqti odamning yegani o‘ziga tatimaydi. Shu erta ko‘klamda de, bir yonimda zarang tayog‘im, bir yonimda Olapar itim, qirda yonboshlab yotib, ko‘zim ketibdi. Uyqumda de, bir ko‘k mol bolalayotgan emish. Mol zorlanib, meni so‘rar emish. Men bormas emishman. Nimaga bormas emishman, o‘zim ham bilmas emishman. Birdan ko‘zim yalt etib ochilib ketibdi. Qarasam, Hamidning targ‘ili yuribdi, Berdievning sariq qashqasi yuribdi. Iqbol momoning oq moliyam bor, Said merganning olaoyog‘i ham o‘tlayapti. E’tibor bersam, Ortiqboyning qora qashqasi yo‘q. Katta toshga chiqib, kaftimni qoshim uzra soyabon qilib qaradim. Shunda, qir kungay betidan muttasil mo‘ngragan ovoz eshitdim. Chopqillab borsam, qashqa oldida jajjigina bir buzoq yotibdi. Xuddi onasiday uniyam manglayida qashqasi bor. Qashqa go‘dagini tinmay yalab-yulqadi, yuvib-taradi. Ko‘nglim yorishib, farzand ko‘ribsan-da, qulluq bo‘lsin, dedim. Cho‘kkalab, buzoqni bag‘rimga bosdim, qashqasini silab-siypaladim. So‘g‘in, oqshom vaqti buzoqni bag‘rimga bosib, Ortiqboynikiga bordim. Suyunchiga bir choponlik bo‘ldim, shunday... Serjant Orziqulov jim bo‘lib qoldi. Quroldoshlari ko‘z o‘ngidan bir-bir o‘tdi. Tengiz og‘a, qanday, eson-omonmisan? Haliyam oyoqsiz yuribsanmi? Yo, yog‘och oyoq qo‘ydirdingmi? Yog‘och oyoq emas-da, Tengiz og‘a. Esingdami, bir yerto‘lada ikki kunlab och-nahor yotganimiz? Tuz totmabmiz! Tuzning o‘zi bo‘lmasa nimaniyam totardik. Ulimni bo‘ynimizga oldik, lekin yerto‘ladan qo‘l ko‘tarib, omon-omon, deb chiqmadik. Qirg‘inbarot kunlarning yuzi qursin, Tengiz og‘a. Oynai jahonni ko‘rgan bo‘lsang, bizning hukumat shart qo‘ydi. Ay, Bush, shu kundan e’tiboran atom bombasi portlatgan nomard, qani, qo‘lni ber, dedi. Bush so‘z berdi, qo‘l berdi, lekin yana atom portlatdi. Ukkag‘arning kattasi nomard ekan, gapida turmadi, shunday. Ishqilib, endi qirg‘inbarot kunlar bo‘lmasin. Urushni oxirgi ko‘rgan biz bo‘lib qolaylik, Tengiz og‘a... Serjant Orziqulov o‘ylab qoldi: u yolg‘iz bo‘lmadi. Hali quroldoshlari ko‘p bo‘ldi. Shunda, serjant Orziqulov kuchiga kuch qo‘shildi. Joyidan dadil turdi. Kiyimlarini tuzatdi. Qo‘ynidan o‘q oldi. Miltig‘ini o‘qladi. Lashkar, saflan! deya buyruq berdi. Serjant Orziqulov xayol qildi... Quroldoshlar bo‘ysira bo‘ldi. Qurol-yaroqlar jangir-jungur bo‘ldi. Serjant Orziqulov miltiq o‘qtalib olg‘a bosdi. Olg‘a, lashkar, olg‘a! Serjant Orziqulov olis-olis chnroqlar sari mardona-mardona odimlar otdi. Ketidan Olapar ergashdi. Vperyod, diviziya! Moya diviziya! Tvoe orujie ottocheno v boyu, Vperyod, lyubimaya! Neustrashimaya! Vperyod! Za rodinu svoyu! (Olg‘a, lashkar! Lashkarim mening! Qirg‘inda qayraldi yarog‘ing sening! Olg‘a bos, ona yurt, tuprog‘ing uchun! Olg‘a bos, botirim, qarog‘im mening!) Serjant Orziqulov olislarda miltiramish chiroqlarni mo‘ljalga oldi. Nafas yutib tepki bosdi. Adirlar larzaga keldi. Serjant Orziqulov ko‘rdi: mo‘ljalga olmish chiroq lip etib o‘chdi. Serjant Orziqulov ko‘rdi: o‘g‘li oyoq-qo‘li yoyilib yuz-tuban yiqildi... Daho bir kelishida tuman ro‘znomasida bo‘ldi. Ikkita qalamkash yoronini ergashtirib keldi. O‘tirar-o‘tirmas, qishloq yo‘lidan yorildi. Shu, yo‘l yomon-da, paxan, dedi. Shunday, qishloq bo‘ladi-yu, go‘r bo‘ladimi, shunday! dedi serjant Orziqulov. Denovdan qishloqqacha mashina bir martayam lo‘qimaydi. Katta yo‘ldan uyimizga qarab burildi degandan mashina olib uradi. Yoronlar biri qo‘yib biri gapirdi: Men ikki marta boshimni mashina qirrasiga urib oldim. Xiyol bo‘lmasa kallam yorilayin dedi. Kallayam gapmi, men mashina lo‘qiganda mashinadan otilib ketayin dedim. Ayniqsa burilishdagi ariq yomon ekan. Mashina o‘xshatib bir ko‘tarib urdi. Yegan-ichganim ichimdan tushib ketdi. Tishimni tishimga qo‘yaman deb, tilimni tishlab oldim. Endi, ullarim, qishloq o‘z oti o‘zi bilan qishloq-da, dedi serjant Orziqulov. Bilamiz, bova, bilamiz. Qishloqlarda ko‘p bo‘lamiz. Yaqindayam gazeta topshirig‘i bilan kelib-ketib edik. Qaerga borib edik, o‘rtoq Hafizov? U borgan joyimiz yuqoriroqda edi. Katta tut oldidan chapga burilib edik. O‘ziyam, uyi ostonasigacha tosh to‘shalgan edi-da. Familiyasi Xoliqovmidi? Ha, endi, u Xoliqov-da! Urush qatnashchisi! Qo‘sha-qo‘sha orden-nishonlari bor! Ana shunda serjant Orziqulov qulog‘i ding bo‘ldi. Nima bo‘pti? dedi. Biz ham urush qatnashchisi! Iya, shundaymi? Shunday! Bizdada bor, orden-nishon! Daho sergak tortdi. Bir otasiga qaradi, bir yoronlariga qaradi. Keyin, yer singaladi. Xiyol qizardi. Qani, olib keling, qani? dedi yoronlar. Qo‘yinglar-e, ullarim-e... Qo‘yinglari bo‘ptimi? Olib keling, bo‘ling! Serjant Orziqulov choynak qopqog‘ini shiqirlatib o‘ynadi. Bir o‘g‘liga qaradi, bir yoronlarga qaradi. Gap jiddiyligini bildi. Tizzasiga tayanib qo‘zg‘oldi. Yo, pirim! Olib kelsam, olib kelayin, ko‘p qo‘ymadilaring. Serjant Orziqulov shunday deya ichkariladi. Serjant Orziqulov orden-nishonlarini eski do‘ipisida saqlab yurdi. Orden-nishonlar do‘ppidan to‘kilib keta berdi, sochilib keta berdi. Orden-nishonlarini endi belbog‘ida o‘rab yurdi. Endi, orden-nishonlik tugunni topish qiyin bo‘ldn. Orden-nishonni topish uchun sandiq to‘la tugunlarni bittalab ushlab-ushlab ko‘rar bo‘ldi. Bittalab ko‘tarib-ko‘tarib ko‘rar bo‘ldi. Shunday qilmasa, qaysinisida orden-nishon borligini bilib bo‘lmadi. Tugunda bo‘lmadi. Orden-nishon saqlayajak boshqa bir nima izladi. Izladi-izladi, oshxonaga kirdi. Qoziqda osig‘lik tuzxaltaga ko‘zi tushdi. Shu tuzxalta orden-nishonbop idish ko‘rindi! Qoziqdan tuzxaltani oldi. Tuzini chinni kosaga to‘kdi. To‘ntarib-to‘ntarib qoqdi. Orden-nishonlarini ana shu tuzxaltaga ag‘dardi. Og‘zini o‘rab-o‘rab bog‘ladi. Sandiqqa solib qo‘ydi. Serjant Orziqulov ana bu orden xaltani ko‘tarib keldi! Ana! dedi. Yoronlar orden xaltani aylantirib-aylantirib ko‘rdi. Orden xalta og‘zini ochdi. Ko‘zi oldiga olib keldi. Orden xalta ichiga bir ko‘zlab qaradi. Miyig‘ida kuldi. Dasturxonga to‘king, ulim, dasturxonga! dedi serjant Orziqulov. Manavi qand-qursdayin to‘kib tashlang, so‘g‘in, bari ko‘rinadi! Yoronlar orden xaltani dasturxonga to‘ntardi. Xaltadan jaraq-juruq orden-nishon to‘kildi. O-o-o! Eh-e-e! dedi yoronlar. Serjant Orziqulov qand-qurslarni dasturxon chetiga surdi. Xuddi qand-qurs yoymishday, kafti bilan orden-nishon yoydi. Ana, ana! dedi. Shuncha orden-medalingiz bo‘laturib, nima qilib o‘tiribsiz, bova? Nima qilayin? dedi serjant Orziqulov. Orden-nishon ot bo‘lsa ekan, minib ko‘pkari chopsam! Kattalarga boring, yo‘lga tosh to‘shab ber, deng. Qaysi bir 9 mayda rais qanday xizmat bor, deb so‘rab edi. Shunda aytganday bo‘lib edim. Nima deb edingiz? Ko‘chamizga tosh to‘shab bering, deganday bo‘lib edim. Nima deb edi? Bo‘ladi-bo‘ladi, deb edi. Shu-shu, haliyam bo‘ladi-da. Shunday! Kolxoz kattalarini qo‘ying, tumanga boring, tumanga! Bari katta bir go‘r, ullarim. Katta zoti borki, bizga qanday xizmat bor, deb so‘raydi. Siz dardingizni ayta-ayta qolasiz, katta zoti xo‘p-xo‘p, deya, bosh irg‘ab keta beradi. Daho tizzasiga shapillatib urdi. Ay! dedi. O‘zim urushda bo‘lmadim-da, o‘zginam urushda bo‘lmadim-da! Nima qilarding? pisandali dedi serjant Orziqulov. Talab qilardim! Ko‘chaga toshyo‘l olib kelardim, temir naycha bilan jo‘mrak olib kelardim! Ana, Xoliqov! Urush qatnashchisi deb uni aytadi! Ha, endi, Xoliqov yozuvchi-da, ulim, yozuvchi! Yoronlar birdan sergak bo‘ldi... Kim-kim? dedi. Yozuvchi! Shunday! Yozuvchi? Bu qishloqda Pahlavon Dahodan boshqayam yozuvchi bormi? E-e, qanaqa yozuvchi! deya qo‘l siltadi Daho. Beshinchi sinf ma’lumoti bor! O‘g‘liga shikoyat yozdirib yozuvchilik qiladi! Yoronlar qah-qah urib kuldi. O‘g‘liga yozdiradimi, nevarasiga yozdiradimi, ishqilib, yozuvchi degan nomi bor-da! dedi serjant Orziqulov. Yozuvchi bo‘lsa nima? dedi Daho. Yozuvchidan el qo‘rqadi, yozuvchidan katta qo‘rqadi. Sen bilan bizdan kim qo‘rqadi? Qo‘rqmaydimi, qo‘rqmaydimi? Daho shunday deya, juzdonini ochdi. Ichidan qog‘oz-qalam oldi. E, qo‘y-e, ulim-e! dedi serjant Orziqulov. Nima qo‘y-e, nima qo‘y-e? dedi Daho. Siz kimdan kam? Urushda qon to‘kib keldingiz! Serjant Orziqulov qaradi-qaradi, o‘g‘li qarori qat’iyligini bildi. Uzalib, o‘g‘lining qalamli qo‘lini ushladi. Shoshma! dedi. Ahding behazil bo‘lsa, mayli, yoz. Lekin boshqa masalada yoz. Masalan? Masalan, molning yemishi yo‘q. Har yili uch-to‘rt barobar ziyod narxda yemish sotib olaman. Zo‘r bo‘lsang, molga yemish ber, deb yoz! Bo‘ldi, yemish bo‘lsa, yemish-da! Barakalla. Avval iqtisod, keyin siyosat degan Lenin bova. Toshyo‘ldan yurmay, chang yo‘ldan yursak, oyog‘imiz ochdan o‘lmaydi. Lekin mol yemishsiz qolsa bo‘lmaydi, shunday! Bo‘pti, paxan, unda, uchta-to‘rtta ariza yozaman. Bitta-bittadan olib borasiz. Qayoqqa olib boraman? ajablanib so‘radi serjant Orziqulov. Tumanga olib borasiz, qayoqqa olib borardingiz? Tumanda bitmasa, undan ham yuqoriga olib borasiz. Yo‘q-yo‘q! deya qo‘l siltadi serjant Orziqulov. Molim ochdan o‘lsayam bormayman! Shunday! Iya, unda kim boradi? Men boraymi? Borma, kim senga borsin deyapti? Borma-da, xat-jildga solib, xabarqutiga shunday tashlab yubor, o‘zi boradi. Faqat, xatjild betiga shunday-shunday manzilga yetib borsin, deb bitasan, bo‘ldi. Yoronlar tag‘in qah-qah urib kuldi. E, bova, e, bova-e! dedi. Daho qizardi. Qalam uchi bilan chakkasini qashidi. Ovozini bir parda ko‘tarib aytdi: Paxan! O‘rtoqlar oldida odamni uyaltirmang! Idora degani qaerda bo‘ladi, bilmasam, dedi serjant Orziqulov. Idoralarda katta-katta odamlar o‘tiradi. Borib nima deyman, bilmasam... O‘zim o‘rgataman, siz xo‘p deng! Serjant Orziqulov o‘g‘liga tikildi. O‘g‘li avzoyi yomon bo‘ldi. Borishga bir amallab topib boraman, dedi serjant Orziqulov. Lekin dovdirab qolaman-da, gapimni yo‘qotib qo‘yaman-da. Gapingizni yo‘qotmaysiz! Shoirning paxaniday bo‘lib gaplashasiz! O‘zim o‘rgataman! Xo‘p, mayling. Endi borib, vel’vet kostyumingizni olib keling! Chiyduxoba kamzul bir vaqtlar Dahoniki edi. Daho kamzulni kiydi-kiydi, ohorini to‘kdi. Kiydi-kiydi, otasiga berdi. Serjant Orziqulov chiyduxoba kamzulni yuzlik kiyim qilib oldi. To‘y-ma’rakalarda kiydi. E’tiborli-e’tiborli joylarda kiydi. Hayitlarda kiydi. Begim kunlar bo‘xchaga taxlab qo‘ydi. Serjant Orziqulov ichkaridan ana shu chiyduxoba kamzulini olib keldi. Daho kamzul uyoq-buyog‘ini qaradi. O-o-o, vel’vet! dedi. Vel’vet janobi oliylari! Daho kamzulni bolishga yoydi. Orden-nishonlarni bir boshidan kamzul ko‘kragiga takdi. Kamzul ko‘kragi orden-nishonga to‘ldi. Daho kamzul yoqasidan ko‘tarib qaradi, silkib-silkib qaradi. Orden-nishonlarni jaraq-juruqlatib qaradi. Kamzulni kiyib o‘tirdi. Ko‘ksidagi orden-nishonlarni tomosha qilib o‘tirdi. Qalay, yarashdimi? dedi yoronlariga, o‘zim urushda bo‘lmadim-da!.. Daho otasiga qaerga borish, nima qilish, nima deyishlikni o‘rgatdi. Bot-bot o‘rgatdi. Serjant Orziqulov bomdod namozini naridan-beri o‘qidi. Orden-nishonlik kamzulini kiydi. Ustidan beqasam choponini ildi. Belbog‘ini bog‘ladi. Zarang tayog‘ini sudrab, bekatga bordi. Avtobus yo‘lini qaradi. Bobotog‘ uzra kun sariq berdi. Shunda, ko‘z oldida bir nima yilt etdi. Serjant Orziqulov seskanib tushdi. E’tibor bilan qaradi: choponi yoqasidan bir nishon chiqib turdi. Ana shu nishon kun sarig‘ida yilt-yilt etdi. Serjant Orziqulov tuf-tuf, deya, ichiga tufladi. Tevarak-boshga qaradi. Tevarakda odam zoti yo‘q bo‘ldi. Shunda, choponi yoqalarini ohista yonlariga surdi. Ko‘ksi to‘la orden-nishonlarni oftobga tutdi. Ohista-ohista o‘ng tarafiga tebrandi. Orden-nishonlar oftobda jaraq-jaraq etdi! Ohista-ohista chap tarafiga tebrandi. Orden-nishonlar oftobda yaraq-yaraq etdi! Serjant Orziqulov orden-nishonlarini tomosha qildi. Bosh irg‘ab-bosh irg‘ab tomosha qildi. Kulimsib-kulimsib tomosha qildi! Shu vaqt, olisdan avtobus ovoz berdi. Serjant Orziqulov choponi yoqalarini apil-tapil yopdi. Orden-nishonlarini yashirdi. Avtobus zinapoyasidan enkaya-enkaya chiqdi. Enkayishida choponi yoqalari xalta bo‘lib osildi. Ana shunda tag‘in orden-nishonlari ko‘rinish berdi. Orden-nishonlari shalvir-shalvir etdi. Orden-nishonlari jangir-jungur etdi. Avtobusda bolalikdan billa o‘smish Sadir bo‘yinsasi bo‘ldi. Ana shu bo‘yinsasi joyidan lik etib turdi. Serjant Orziqulov askarlikdan qaytmish kunlardan olib hazillashdi. Serjant Orziqulov askarlikdan qaytmish kunlardan olib, barmoqlarini chakkasiga qo‘yib harbiycha salom berdi. Zdravstvuy, serjant Orziqulov! dedi. Skol’ko zima, skol’ko vesna! Avtobusda o‘tirmishlar piq-piq kuldi. Bo‘yinsasi yoshlarga qaradi. Qani, serjant Orziqulovga joy berganskiy! dedi. Serjant Orziqulov o‘tirganskiy! Boisi, serjant Orziqulov qariganskiy! Yetmishdan oshib ham aqling kirmadi-kirmadi-da! dedi serjant Orziqulov. Serjant Orziqulov Sadir bo‘yinsasi bilan yelkama-elka o‘tirdi. Qani, serjant oshna, shaharlabsan-da? dedi bo‘yinsasi. Shunday, shunday! Menga aql kirmadi deysan, senga qachon aql kiradi, serjant oshna? Eb-ey, nima, aqlimiz yo‘qmi? Aqling bo‘lsa, ertamatandan orden-nishon taqasanmi? Nima, bir senda bormi, orden-medal? Taqsam, o‘zimniki! Bovujud, urushga boribsan ekan-da! Yoril-e, bachchag‘ar, yoril-e! Bozor-o‘chargayam orden-medal taqib bor-e! Komissar chaqiribdi, oshna, komissar! Ha-a, shunday de! Sho‘xlashamanda-e, serjant oshna! Begim kunlar taqib yurmasding, shunga aytaman-da! Serjant Orziqulov so‘radi-so‘radi, tuman ijroqo‘mi binosini topib bordi. Zinapoya ushlagichidan ushlab-ushlab, ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Qavat nimqorong‘iligidan ko‘zi yaxshi o‘tmadi. Shu bois, eshiklarga tikilib borib qaradi. Eshiklarni ushlab-ushlab ko‘rib qaradi. Eshiklarga peshonasi tegayin-tegayin deb qaradi. Qaradi-qaradi, o‘g‘li aytmish o‘n oltinchi eshikni topdi. Adashmayapmanmi, qosh-kipriklari eshikka tegayin-tegayin deb qaradi. Shu vaqt, eshik favqulodda ochildi. Serjant Orziqulov peshonasiga kelib tegdi. Serjant Orziqulov peshonasini ushlay-ushlay ketiga tis bo‘ldi. Ichkaridan chiqmish ayol kechirim so‘ray-so‘ray ketdi. Serjant Orziqulov ochiq qolmish eshikdan ichkariladi. Zarang tayog‘ini burchakka suyab qo‘ydi. Katta bilan ko‘rishib-so‘rashdi. Katta serjant Orziqulovga deraza tarafdan joy ko‘rsatdi. Serjant Orziqulov katta aytmish joyga o‘tirdi. Omin! deya fotiha o‘qidi. Katta yuziga fotiha tortmadi. Bosh irg‘ab qo‘ya qoldi. Qalam uchi bilan stol chertdi. Keling, bova? dedi. Shukur, xudoga shukur! deya bosh irg‘adi serjant Orziqulov. Nima gap? Tirikchilik, katta, tirikchilik. Tirikchilik ham har xil-da. Shu... Serjant Orziqulov go‘yo palov yeyayotganday, kaftini og‘ziga yugurtirib-yugurtirib oldi. Nima, palovmi? dedi katta. Yo‘g‘-e, katta, mol odammidiki, palov yeydi... Serjant Orziqulov tag‘in kaftini og‘ziga yugurtirib-yugurtirib oldi. Haligi, mol, yeydi-ku, oti nima edi... Kombikorma. Yo‘q, unday emas, yo‘q... Sheluxa. Ha-ha, shulxa! Shunday, shulxa! Katta qog‘oz titkiladi. Endi, yemish masalasi chatoq, bova, juda chatoq, dedi. Mana, bozor yo‘liga o‘tayapmiz. Katta... Serjant Orziqulov g‘o‘ldiradi. «Katta, meni urushda bo‘lib edim. Mana, orden-nishonlarim ham bor»;, demoqchi bo‘ldi. Ammo tili bormadi. Bir kattaga, bir ko‘kragiga qaradi. «Katta, ko‘kragimga qarang, ko‘kragimga»;, demoqchi bo‘ldi. Kattaning ko‘zi ko‘kragimga tushsa, o‘zi tushunib oladi, deya o‘yladi. Katta qog‘oz titkilash bilan mashg‘ul bo‘ldi. Serjant Orziqulov ana shunda o‘g‘li dasturiga binoan emas, tamomila teskari tarafga o‘tirib qolganini angladi. «Miyam qursin, deya afsuslandi. O‘g‘lim bunday demab edi-ku»;. Keyin, o‘zini-o‘zi oqladi: «Kattaning o‘zi joy ko‘rsatdi-da, menda nima ayb»;. Ohista joyidan qo‘zg‘oldi. Ha, bova? dedi katta. Manavi deraza shamoli ko‘p yomon ekan. Ha-a. Serjant Orziqulov derazaga muqobil tarafga o‘tdi. Derazaga ro‘paro‘ bo‘lib o‘tirdi. Choponi yoqalarini yonlariga surdi. Orden-nishonlarini derazadan tushmish yoruqqa soldi. Orden-nishonlari yorug‘da yaltiradi! Katta ana shunda orden-nishonlarni ko‘rib qoldi! Uh-u-u! dedi. Zo‘rsiz-ku, bova? Serjant Orziqulov jilmaydi. Bir ko‘kragiga qaradi, bir kattaga qaradi. Shunday, shunday! deya bosh irg‘adi. Serjant Orziqulov ana shunda o‘g‘li kallasiga qoyil bo‘ldi! «Ming qilsayam, shoir kalla-da, shoir kalla. Ha, kallangdan, o‘g‘lim»;. Bo‘pti, bova, dedi katta. Bo‘pti, bir kelib qolibsiz, sadqai suxaningiz. Biz Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilarini e’zozlaymiz. Arizangiz bormi, yo, o‘zim yozib berayinmi? E, ha, aytganday! Serjant Orziqulov qo‘yinlarini paypasladi-paypasladi, to‘rt buklog‘lik qog‘oz oldi. Katta qog‘ozni stolga yoydi. Kaftlari bilan tekisladi. Xatingiz xushro‘y ekan, bova, dedi. Shunday, shunday! Bu, o‘g‘lingiz ham yordam berib turadimi, bova? Yo‘q, katta, ulimiz shahardan beri kelmaydi. O‘zi bilan o‘zi bo‘p ketdi. Ha-a, ishqilib, xushro‘y yozar ekansiz. Birato‘la kunjarayam qo‘shib bera qolay, bova? Serjant Orziqulov ko‘zlarini pirpiratib o‘yladi. O‘g‘li kunjara deb edimi, yo‘qmi, ana shuni o‘yladi. O‘yladi-o‘yladi, o‘g‘li kunjara demaganini esladi. Yo‘q, katta, yo‘q, deya bosh chayqadi. Bizga shu, haligi aytganingizdan bo‘lsa bo‘ladi. Boisi, uyda olam-jahon xashak bor. Adirdan gardi-gurd, bir tutam-ikki tutamdan tashib kelib, uyub tashlab edim. Bir qishni bemalol o‘tkazadi. Bizga shu... Sheluxa! Shunday, shunday! Shulxa bo‘lsa bo‘ladi! Yashang, bova, ba’zi birovlar besh qo‘liniyam og‘ziga tiqib keladi. Birdaniga besh-olti narsa so‘raydi. Yo‘q-yo‘q... «O‘g‘limiz faqat shulxa deb edi»;, deb yuborayin, dedi. Shoirlar tog‘ladi. Buloq boshini mavrid etdi. Daho tollar ostidan qaynab chiqmish buloqqa qo‘llarini uzatib lablariga bosdi. O‘zicha, buloqni cho‘lp-cho‘lp o‘pdi. Kaftlarini tog‘ cho‘qqilariga uzatib lablariga bosdi. O‘zicha, olachalpak tog‘lar betidan o‘pdi. Shoirlar davra oldi. Daho suvga bo‘sh shisha otdi. Shisha ko‘rinib-ko‘rinmay oqdi. Bir kuchuk suv yoqalab chopdi. Shishani yetib oldi. Iskadi-iskadi, yuz o‘girdi-ketdi. Shisha oqib ketmish tarafdan bir odam buloq yoqalab keldi. Shoirlar bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Daho odamni davraga marhamat etdi. Odam uzun-kalta shishalarga qaradi. Shishalardan buloqqa yuz burdi. Qulluq, osh bo‘lsin! dedi. Xush-xushvaqt ketsalaringiz, biz o‘tirganday gap. Bilsalaringiz, buloq tabiat karomati... Bilamiz, brat, bilamiz! Bilsangiz, yaxshi. Anavi kuni besh-oltitasi shahardan kelib... o‘tirib ketdi! Keyin bilsam, artistlar ekan. Artist bo‘lmay, qora yer bo‘lgurlar, buloqqa cho‘milgani kamday, kir paypoqlarini suvga otib ketibdi. Ayollar suvga kelsa, satillariga paypoq ilashibdi. Tayoqni olib chopib keldim. Juvonmarg o‘lgurlar ketib qolibdi... Daho odam tirsagidan ushladi. Artist o‘z nomi o‘zi bilan artist, ha, artist! deya g‘iljaydi. Men shoir! Eshityapsizmi, shoir! Men fazoga intilgan inson! Men ona-tabiatni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylaguvchi posbon! Odam anoyi bo‘ldi, gapida anoyi bo‘ldi: O‘zlaringiz shaharda yashab, tabiatni qanday qilib qo‘riqlaysizlar? dedi. Qo‘riqlaymiz, ha, qo‘riqlaymiz! She’rlar yozamiz, xalqni tabiatni asrashga chorlaymiz! Odam buloq yoqalab ketdi. Xiyoldan keyin soy o‘ng betida ikkita bola qora berdi. Bolalar magnitofon qo‘yib keldi. Shoirlar bildi, odam o‘g‘illarini ko‘z-quloq bo‘lib turish uchun yubordi. Davra qizidi. Bir shoir Dahoning yelkalarini yopib turmish sochlarini silab xirgoyi qildi: Soch emas bu, sharshara-e, sharshara!.. Shoirlar biri qo‘yib biri Dahoni ulug‘ladi: She’rlaringiz klassika! Potok soznaniya! Modernizm! Shoirlar shu bahona o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilgisi keddi. Kimlarni o‘qishlarini bildirgisi keldi. Kafka! Kamyu! Prust! Shoirlar bir-birlari sog‘ligi uchun qadah ko‘tardi. Joze Mariya! Keyrosh! Iya, salomat bo‘lsinlar, ikkovi bitta odam-ku! Yo‘g‘-e! Ha, Saltikov-Shchedrin deganday gap-da! Shundaymi? Uf-f, kayfim oshdi... Daho o‘zini mastlikka olib yonboshladi. Uyatdan ko‘zlarini yumib mudradi. Bir shoir nashriyotdan kuyib gapirdi: Muharrir...oti nima edi?.. O‘sha g‘irt to‘nka ekan! Kitobimni o‘qib bo‘lib, bu tarjimami, deydi. Qaysi, haligimi, u g‘irt savodsiz! Anavimi, u yo‘q odam! Birinchi jumladan boshlab yopishsa bo‘ladimi! «Sherobod adirlari Grenlandiya aysberglari kabi oppoq yastanib yotar edi»;, deb o‘qib, o‘xshatish bunday bo‘lmaydi, deydi. O‘rtoq, savod degan narsa bormi o‘zi, Steynbeklar ko‘p narsalarni Grenlandiya aysberglariga taqqoslab tasvirlagan, dedim. Eshakning qulog‘iga tanbur chertding nima, unga gapirding nima, vo-vo! Shoir shahodat barmog‘i bilan kesakni urib ko‘rsatdi. Daho yozilib kelish uchun ketdi. Chaylada yonboshlab yotmish bolalar magnitofonni ko‘taribroq qo‘ydi. Buloq bo‘ylarini ashula oldi: Kishi holimni bilmas, mehribonidin adashgonman, Vatan ovoradurmen, do‘stonidan adashgonman... Daho kela bermadi. Shoirlar alag‘da bo‘ldi. Haydovchini yo‘lladi. Shoir akangizdan bir xabar oling, uka, dedi. Aytib bo‘ladimi, begona joy... Haydovchi xo‘p, deya qo‘zg‘oldi. Suv yoqalab yurdi. Suv burilib oqar yerda oyoq ildi. Ajab sinoat ko‘rdi: Kun qirlar ortida botay-botay dedi. Buloq suvlari oftob nurida yilt-yilt etdi. Daho quyoshga tabassum bilan boqib xayol surdi. Bir nima suvga yilt-yilt etib tushdi, shitir-shitir etib tushdi. Daho quyoshga shoirona-shoirona boqib... suvga choptirdi! Haydovchi chappa burilib chopdi. Daho buloq yoqalab keldi. Qo‘llarini chaydi. Silkib-silkib quritdi. Ashula kelmish tarafga o‘ng qo‘lini shop qilib baqirdi: Anavini hangratmasalaring-chi! Bolalar yo, Daho gapini eshitmadi, yo, eshitib eshitmaslikka oldi. Buloq bo‘ylari ashula og‘ushida qoldi: Vatansiz benavodurmen, makonidin adashgonman, G‘aribi ko‘yi g‘urbat, xonumonidin adashgonman, Va yo bir murg‘i vahshiy oshyonidin adashgonman. Daho ashulaga qo‘l siltab o‘tirdi. Odam emas bular! dedi. Eshitsayam eshitmaslikka olib, molga o‘xshab o‘tira beradi! Haydovchi yer boqib o‘tirdi. Kalla qashidi. Tolcho‘p bilan yer chizdi. Ko‘ngilxushlik davom etdi. O‘zi, bu ashula kimniki? dedi Daho. Kim biladi! Menimcha, matbuot shanba sonlari uchun g‘azal yozib turadigan Kamtariy, Dehqoniy degan shoirlarniki bo‘lsa kerak! Ha-a, aytdim-a, primitiv dialektikada yozilgan deb! Ulug‘ Furqatning ulug‘ g‘azali buloq bo‘ylari uzra uchdi, yong‘oq yaproqlari uzra uchdi. Tirikman zohirida, xalq bir odam gumon aylar, Va lekin holi surat, tanda jonidin adashgonman. Daho bir olmani artdi-artdi, yegisi kelmadi. Haydovchiga uzatdi. Lutfan taqdim etaman! dedi. Haydovchi bir olmaga qaradi, bir Daho qo‘liga qaradi. Olmadi! Ashula poyonladi. Xayriyat-e, ovozi o‘chdi! dedi Daho. Endi, buyam san’atda-a? Nima deb bo‘kirdi? Bunday ashulani biz ham ayta olamiz! Daho quloch ochdi, dutor chalajak sozchi qiyofasini oldi. Ovozini yo‘g‘onlatib aytdi: Tirikman zohirida, xalq bir odam gumon aylar... Daho tog‘dan eniboq so‘radi: Nima bo‘ldi, paxan? Binoyi bo‘ldi, binoyi. Urush ishtirokchilariga o‘zlari olib kelib beradigan bo‘ldi. Ana, aytdim-ku, ana! Daho so‘radi, serjant Orziqulov javob berdi. Gap kunjaraga keldi. Ana shunda Daho chidab turolmadi. Bolishdan lik etib turdi. Tarsillatib kaftiga mushtladi. Serjant Orziqulov seskanib tushdi. Eh, paxan, eh, paxan! dedi Daho. Siz, kunjara kerak emas, dedingizmi? Shunday, shunday! O‘zing aytding-da, shulxadan yaxshisi yo‘q deb? Daho tag‘in kaftiga mushtladi. Men aytgan bo‘lsam, sheluxa yaxshi yemish, shu sababli sheluxa so‘rang, deb edim! Kunjara sheluxadan ham yaxshi-ku? Bilaman, shulxa bilan kunjarani aralashtirib bersa, mol semiradi. Lekin sen, men nima desam, shuni qiling, deding-da. Daho shahodat barmog‘ini chakkasiga nuqiladi. Bu kalla bilan Gitlerni qanday qilib tor-mor qilgansiz, paxan? Tasavvur qilolmayman! Shu yog‘igayam shukur, ulim, shuyam yo‘q edi. Ha, mayli, bo‘lgan ish bo‘ldi. Shunday qilib, yemish masalasi bo‘ldimi, paxan? Bo‘ldi, ulim, bo‘ldi. Yana qanday kam-ko‘stingiz bor? Endi, shu molxona... ming‘illadi serjant Orziqulov. Molxona? Nima molxona? Qani, yuring-chi. Daho otasi oldiga tushib molxonaga bordi. Molxona og‘zidan qaradi. Molxona ikkita bolor yog‘ochi siniq bo‘ldi. Siniq joyi xiyol cho‘kib turdi. Shu bois, bolor sinig‘iga ikkita ustun tirog‘lik bo‘ldi. Shunday tura bersa bo‘lmaydimi? dedi Daho. Bo‘ladi, besh-olti yildan buyon shunday turibdi. Tag‘inda tura beradi. Bo‘lmasa nimaga molxona, molxona deysiz? Yomoni, qishda shu cho‘kkan joyidan tomchi tomadi. Unda bunday qiling, paxan. Ikkita ustunniyam olib tashlang. Yo‘g‘-e... Siz xo‘p deng, bo‘ling! Serjant Orziqulov ikkita ustunnida olib tashladi. Endi, tomga chiqing. Serjant Orziqulov narvondan tomga chiqdi. O‘g‘li aytmish ishni qildi: siniq bolorlar ustidan bir oyoqlab tepdi. Bolorlar cho‘rt sinib, ichkari tushdi. Ustidan tom tuproq to‘kildi. Molxona usti o‘ra bo‘lib qoldi. Ana endi tuman borasiz-da, shifer bilan yog‘och so‘raysiz! Daho otasi qo‘liga ariza yozib berdi. Serjant Orziqulov tag‘in tuman yo‘l oldi. O‘n oltinchi eshikni topib bordi. Hozir shifer bilan yog‘och tugadi-ku, bova, dedi katta. Bilmasam... deya yelkasini qisdi serjant Orziqulov. Vaqtliroq aytsangiz bo‘lardi, bova. Endi nima qilamiz? Picha sabr qilasizmi? O‘zingiz bilasiz, katta. Ishonmasangiz borib ko‘ring, tom teshilib yotibdi. Mana shunday teshik! Serjant Orziqulov quchog‘ini katta ochib ko‘rsatdi. Mol-holingiz shu qishni o‘tkazolmaydimi? dedi katta. O‘tkazolmas-ov. U teshikdan qor-yomg‘ir tugul, xarsangtosh kirib ketadi, shunday. Unda, uyingizga taftish yuboramiz, bova. Bir-ikki kun sabr qilasiz endi. Sizday-sizday besh-oltita juda muhtojlar bor. Shularni ta’minlaymiz. O‘n kunlardan keyin qishloq sho‘rosidan uchta odam keldi. Molxona ostidan qaradi, molxona ustidan qaradi. Yordam berajak bo‘ldi. Serjant Orziqulov tag‘in bir bor o‘g‘li kallasiga qoyil bo‘ldi. «Molxona muqaddamgiday bo‘lsa, yordam bermasdilar, deya o‘yladi. O‘g‘limning kallasi shoir kalla-da»;. Bu safar nazmboz o‘g‘il yolg‘iz keldi. Qalay, paxan? dedi. Bo‘ldi, bari bo‘ldi. Ana, og‘ilxonamizgacha shipir bo‘p ketdi. Ko‘rdim, ko‘chadanoq ko‘rdim. Xudo martabasini ulug‘ qilsin, ko‘p yaxshi katta ekan. Xo‘p muruvvat qildi. Soddasiz, paxan, soddasiz! Mana, kim uchun qildi, mana! Daho shunday deya ko‘kragiga urdi. Orqangizda kim turganini bilib turibdi, ha, rahbarlar ham anoyi emas! Nima, katta seni taniydimi? Tanimasayam, ishqilib, biladi! Yozuvingiz chiroyli ekan, dedimi? Bo‘ldi, bekorga bunday demaydi! Sizning bunday yozolmasligingizni yaxshi biladi! Ishqilib, gapimni yerda qoldirmadi-da. Qoldirib ko‘rsin! Daho joylashib o‘tirib, tag‘in bir nima yozdi. Bu, mashina arizasi bo‘ldi. Ana shunda serjant Orziqulov yorildi. Endi, shu arizabozlikni qo‘y, ulim, dedi. Odamning beti chidamay qoldi. Bugun bu, ertaga u... Serjant Orziqulov qarigan chog‘ida tilanchi bo‘lib qolibdi, demaydimi? Deydi! Tilanchi demasayam, mo‘ltoni deydi! E-e, paxan, siz foydangizni o‘ylasangiz-chi, foydangizni! Tilanchi deydi, mo‘ltoni deydi!.. Shuyam gapmi? Gap, ulim, gap. Yoshim yetmishdan oshdi. Urushda... Endi, paxan, hozir oshkoralik davri... Urushgan bo‘lsangiz... o‘zingiz uchun urushgansiz! Serjant Orziqulov seskandi. Piyolasidagi choy chayqaldi. O‘ngiriga bir-ikki tomchi choy tomdi. Piyolasini shoshib dasturxon qo‘ydi. O‘g‘liga tikildi. Nima-nima? dedi. Urushgan bo‘lsangiz, o‘zingiz uchun urushgansiz! Xafa bo‘lmang, paxan, hozir oshkoralik davri! Siz otmaganingizda, nemis otar edi! Oqibat, urushdan qaytib kelmas edingiz! Xullas, o‘z joningizni saqlash uchun urushgansiz! Tag‘in gaping bormi? Qaltiramang, paxan, qaltiramang! Hozir oshkoralik davri! Bo‘lsa, aytib qol, armonda qolma! Men sizga foydangizni gapirsam, darrov achchig‘ingiz keladi, paxan! O‘sha vaqtda tug‘ilganimizda biz ham urushga borgan bo‘lardik! Zamonangiz to‘g‘ri kelib, urushga boribsizmi, endi shundan foydalaning deyapman! Besh kunligingiz bormi-yo‘qmi, bola-chaqangizni ta’minlab keting, deyapman! Ana, nima deyapman! Ta’minlamay, nima qilyaiman? Ana, molxonagacha shipir bo‘lib ketdi. Kimning molxonasi shipirli? E-e, bular bir tiyin, paxan, bir tiyin! Bo‘lmasa, tag‘in nima deysan? Daho qo‘lidagi qog‘ozni ko‘z-ko‘z qildi. Mana, nima deyman! Mashina, mashina! Ota-bovam piyoda yurgan!.. Chin, paxan, chin, otangiz mashina minmagan! Sababi, u zamonda mashina bo‘lmagan! Hozir esa bor! Mashina kerak bo‘lsa, o‘zing bor! Men borishim mumkin, paxan. Lekin menga mashina bermaydi, paxan, bermaydi! Mashina tugul, gugurt so‘rab boray, bermaydi! Sizga esa beradi! Sababi, siz yaxshimi-yomonmi, urushda bo‘lgansiz, orden-medal olgansiz! Kunim adirda o‘tadi, men mashinani nima qilaman? To‘porisiz, paxan, to‘porisiz! Yana-tag‘in, urushda bo‘lganman, deysiz! Bu kalla bilan qanday kilib urushgansiz, tasavvur qilolmayman! Sotamiz! Tushundingizmi? Sotamiz! Mashina qo‘lda qirq ming turadi! Qirq ming! Davlat narxi esa bor-yo‘g‘i o‘n ming! Shunda, serjant Orziqulov shashtidan tushdi. «Haqiqatan ham ko‘p pul bo‘lar ekan»;, deya o‘yladi. Hali mana bu nevaralaringizni uylantirish kerak bo‘ladi, joylantirish kerak bo‘ladi! dedi Daho. Buning uchun pul kerak bo‘ladi, paxan, pul! «Bolaning kallasi ishlaydi, deya o‘yladi serjant Orziqulov. Ming qilsayam, shoir kalla-da»;. Mayli, mashina arizaniyam olib boraman, dedi serjant Orziqulov. Lekin oldin tosh yo‘l bilan jo‘mrak hal bo‘lsin. Besh qo‘lni barobar og‘izga tiqsak, yaxshi bo‘lmas. Ha-a, yashang, paxan! O‘zimning paxanimdan-da, o‘zginamning paxanginamdan-da!.. Daho otasini cho‘lpillatib o‘pib oldi. Lekin buni og‘zingizdan chiqarmang, paxan... Dasht osmonday bepoyon bo‘ldi. Ufq alvon-alvon bo‘ldi. Oqshom musaffo-musaffo bo‘ldi. Bepoyon dasht uzra to‘rg‘aylar havoladi. Charx urib chuldiradi, charx urib bo‘zladi. Daho shoirona-shoirona boqib odimladi. Izidan sakkiz yashar jiyani ergashdi. Qoqilib-surinib ergashdi. Burnini kovlab-kovlab ergashdi. Daho bir xarsangtosh oldida oyoq ildi. Kamzulini buklab-buklab toshga qo‘ydi. Tushib ketmasin deya, kamzul ko‘krak cho‘ntagidagi daftar-qalamni bosib-bosib qo‘ydi. Daho tosh o‘ngida, jiyan tosh chapida o‘tirdi. Daho papiros burqsitdi. Dashtga termulib xayol surdi. Dasht uzra to‘rg‘aylar charxpalak bo‘ldi, to‘rg‘aylar yulduzday uchdi, to‘rg‘aylar joyida muallaq qotib qoldi. To‘rg‘aylar sozi ko‘ngilni oromladi, to‘rg‘aylar sozi ko‘ngilni sozladi. Besh-o‘n qadam oldin toshlar orasidan bir to‘rg‘ay o‘qday otilib uchdi. Toshlar uzra muallaq bo‘lib chuldiradi. Tag‘in toshlar aro sho‘ng‘idi, tag‘in samoda havolandi. Jiyan ana shu toshlarga qarab chopdi. Qo‘llarini tizzalariga tirab enkaydi. Enkaydi-enkaydi, qomatini oldi. Tog‘a, manavinga qarang! dedi. Daho imillab qo‘zg‘oldi. Jiyani oldiga bordi. Toshlar orasida xas-cho‘pdan bino bo‘lmish in bo‘ldi. Inda patlar to‘shog‘lik bo‘ldi. Inda ikkita polapon qimir-qimir etdi... Polaponlar pati bo‘lmadi, polaponlar qanoti bo‘lmadi. Polaponlar hali jish bo‘ldi! Polaponlar pitir-pitir etdi. Indan yerga tushgisi keldi. Yo‘rg‘alab-yo‘rg‘alab yurgisi keldi. Havolanib-havolanib uchgisi keldi. Ammo nachora, dard boru, darmon yo‘q bo‘ldi! Polaponlar og‘zini kappa-kappa ochdi. Norasta-norasta ovoz berdi: Chiy-chiy-chiy!.. Daho cho‘kkaladi. Indan bir cho‘p sug‘urib oldi. Cho‘p uchini polapon og‘ziga olib bordi. Polapon og‘zini yumib oldi. Daho cho‘pni shaylab turdi. Intiho, polapon tag‘in og‘zini ochdi. Chiy-chiy-chiy!.. dedi. Daho cho‘p uchini polapon og‘ziga tiqib yubordi. O, kirdi! dedi. Jiyan seskanib tushdi. Polapon to‘lg‘ondi, polapon talpindi. Chiy-chiy-chiy... degisi keldi. Daho cho‘p bilan polaponni turtdi. Polaponda hayot nishon bermadi! To‘rg‘ay boshlari uzra charx urib bo‘zladn. Shunda, toshlar orasidan haddan ziyod nimjon ovoz keldi. Daho toshni ko‘tarib qaradi. Tosh ostida yong‘okday chipor moyak bo‘ldi. Moyak yorig‘idan bir tumshuq chiqib turdi. Tumshuq vaqti-vaqti bilan qimirladi. Hayotga talpindi. Bechora-e, chiqolmayapsanmi? Hozir chiqaramiz, hozir. Avval bir suv ichib ol! Daho shunday deya, og‘zida tupuk to‘pladi. Tupugini avaylab moyak yorig‘iga to‘kdi. Moyak yorig‘i balg‘amga to‘ldi. Daho papirosini burqsitib-burqsitib tortdi. Cho‘g‘ini polapon tumshug‘iga olib bordi. Cho‘g‘ tupukda jiz-jiz etdi. Jiyan ingrab yubordi. To‘rg‘ay boshlari uzra charx urib bo‘zladi. Daho moyakni indan oldi. Aylantirib qaradi. Polaponda jon asari bo‘lmadi! Daho moyakni otib yubordi. Polapon bir yon bo‘ldi, beshigi bir yon bo‘ldi! To‘rg‘ay boshlari uzra charx urib bo‘zladi. Jiyan chinqirib yubordi. Tog‘asi tizzasiga yuzlarini yashirib yig‘ladi. Nimaga yig‘laysan? dedi Daho. Cho‘qib oladi deb qo‘rqyapsanmi? Cho‘qib ko‘rsin, tosh bilan solaman! Jiyan o‘pkasini bosolmay yig‘ladi. Ko‘zi qiri bilan yerda sulayib yotmish polaponga qaradi. Tag‘in yuzlarini yashirdi. Ketdik, jiyan, ketdik, dedi Daho. Jiyan ketiga qaray-qaray ergashdi. Daho kamzuli oldiga keldi. Birdan afti burishdi. Tfu! dedi. Jiyan olg‘a o‘tib qaradi. Kamzul ko‘krak cho‘ntagida turmish daftar-qalamga... qush o‘tirib ketdi! Katta bir serjant Orziqulovga qaradi, bir derazaga qaradi. Tashqari tikilib o‘yladi. Serjant Orziqulov qoshiga kelib o‘tirdi. Barmoqlarini bir-biriga kiydirdi. Serjant Orziqulovga tikildi. Bova, dedi, bir gap aytsam, birovga aytmaysizmi? Qandaychikin gap? Yo‘q, siz oldin ayting-da. Masalan, o‘g‘limga aytmayman, deng-da. «O‘g‘limdan qo‘rqar ekan, xayol qildi serjant Orziqulov. O‘g‘limning ko‘kragiga mushtlaganicha bor ekan»;. Ayta bering, aytmayman. Gap bunday, bova. Siz ana shu o‘g‘lingizni chaqaloqdan go‘dak qildingiz, go‘dakdan bola qildingiz, boladan yigit qildingiz. Xullas, bir parcha etni odam qildingiz. To‘g‘rimi gapim? Shunday, shunday! Keyin, o‘qitdingiz, uylantirdingiz, joylantirdingiz. Buyam mayli, bu, har bir ota-ona burchi. Eng dahshatlisi, urushda bo‘ldingiz! Jon olib, jon berib keldingiz, qon kechib keldingiz. Kim uchun qon kechib keldingiz? Avvalo, ana shu farzandlar uchun! Qola bersa, ana shu el-yurt uchun! Ana shu el-yurtni deb, ajdarho og‘ziga qo‘l tiqib keldingiz! Gitler ajdarho edi-da, to‘g‘rimi gapim? Shunday, shunday! Shunday ekan, farzandlardan qarzingiz qolmadi! El-yurtdan qarzingiz qolmadi! Jamiki burchingizni bajarib bo‘ldingiz! Endi, oyoqni uzatib yoting! Farzandlar o‘z kunini o‘zi ko‘rsin! Endi, katta, shu nevaralar... Kecha farzand tashvishi deb chopdingiz, bugun nevara tashvishi deb chopyapsiz. Ertaga chevara tashvishi keladi, indinga evara tashvishi keladi. Dunyo shunday, bova! Endi siz qo‘ying, bova, damingizni oling! Nevaralar o‘z kunini o‘zi ko‘rsin! Shunday, katta, shunday! O‘lmang, bova! Mayli, bu aytganingizniyam bajarib beraman! Imkoniyat bo‘ldi degandan o‘zim xabar qilaman! Serjant Orziqulov qo‘yniga qo‘l soldi. Manavini... Yo‘q-yo‘q, bova, ariza o‘zingizda tursin. Bu yerda nima ko‘p, qog‘oz ko‘p, yo‘qolib qoladi. O‘zim xabar qilaman, o‘shanda olib kelasiz. Qani, qo‘lni bering. Xayr, omon bo‘ling. Daho oqshom vaqti keldi. Ko‘cha bosh-adog‘iga qaradi. Serjant Orziqulov o‘g‘li nimaga qarayotganini bildi. Ijobat bo‘lmadi, ulim, ijobat bo‘lmadi, dedi. Ko‘rib turibman, bo‘lmaganini. Lekin o‘zim xabar qilaman, dedi. Arizani olib qoldimi? Yo‘q, ariza qo‘ynimda turibdi, mana. Unda, bo‘lmaydi! Yo‘q, bo‘ladi, dedi. So‘g‘in xabar beraman, dedi. E-e, qachongacha xabar olasiz? To‘rt marta bordingizmi? To‘rt marta! Shu vaqtgacha bo‘lsa bo‘lardi-da! Men, xalqimni sarson qiladiganlarga ko‘rsatib qo‘yaman! Daho shunday deya ichkariladi. Izidan yoronlari yurdi. Yoronlar davra bo‘lib o‘tirdi. Serjant Orziqulov dasturxon yoydi. Choy olib keldi. O‘tiring, paxan, o‘tiring, dedi Daho. Bemalol choy ichib o‘tira beringlar. Men o‘choqqa o‘tin yorib berayin, dedi serjant Orziqulov. Daho yoronlari bilan maslahatlashdi-maslahatlashdi, qog‘oz-qalam oldi. Ichkari uyga kirdi. Bu orada serjant Orziqulov keldi. Ay, yashanglar, ullarim, dedi. Choynakni qimirlatib-qimirlatib ko‘rdi. Choyi tugaganini bildi. Choy damlab keldi. Asfalnishin bo‘lib o‘tirdi. Choy qaytardi. Choy quyib berdi. Xiyol o‘tdi, Daho keldi. Yoronlariga bir qog‘oz uzatdi. Yoronlar birin-birin o‘qidi. Bosh irg‘ab-irg‘ab o‘qidi. Go‘zal! dedi. Lekin bu odamlar qaerda, Daho? Shu qishloqda, qaerda bo‘ladi. Bular qo‘l qo‘yarmikin? Men aytaman-u, xalqim yo‘q, deydimi? Jon deydi! Men elga og‘iz solsam, el jon deydi-ya, paxan? Jon demasayam, ishqilib, yo‘q demaydi. Ayniqsa, Orolni asraylik, deya ma’ruza qilayotganingdan buyon, el izzatingni qilib qoldi! Ana, eshitdingizmi? Xo‘-o‘sh, Ochil jiyan ko‘rinmaydi, paxan? Jiyaning ulfatlari bilan yurgandir-da. Nima edi? Xizmat bormi? Bo‘lsa, ayta ber. Mana, o‘zim bor. Daho bir qator ism-sharif o‘qidi. Ana shularni uyga aytib keling, paxan! Nima, zaril ish bormi? Bor, zaril ish bor! Unda, enangga aytayin-da, xo‘rakni mo‘lroq qilsin? Boring, shunday qiling! Serjant Orziqulov bir osh pishirimlar o‘tib qaytib keldi. Aytdim, bari boramiz, dedi, deya bosh irg‘adi. Yoronlar Dahoga qarab bosh irg‘adi. Mabodo bu bilan ham bo‘lmasa nima qilamiz-a? dedi Daho. Yoronlar pinak buzmadi. Unda, o‘sha iflosning kavushini to‘g‘rilab qo‘yamiz, dedi. Qanday qilib kavushini to‘g‘rilaysiz? To‘g‘rilaymiz-da. Siz Toshkentda yurgan odamsiz, Daho. Biz tumanda ishlaymiz. Tumanda kim qanday, barini bilamiz! Masalan, o‘sha rahbar haqida nimani bilasiz? Umi? U... u, uchiga chiqqan buzuqi-ku! Buzuqi? Buzuqiligini qaerdan bilasiz? Butun tuman biladi! Bilishning o‘zi bo‘lmaydi-da. Dalil kerak, dalil! dedi Daho. Dalil ko‘p. Masalan? Masalan, bir ko‘kko‘z o‘rinbosari bor. Paxtaday oppoqqina ayol. Ana shu ko‘kko‘z o‘rinbosari bilan yuradi. Kuppa-kunduz kuni shu ko‘kko‘zni mana bunday qilib tizzasida olib o‘tiradi... Yoron tizzasida go‘dak quchoqlab o‘tirmishday qilib ko‘rsatdi. Serjant Orziqulov e’tibor bilan ko‘rdi, qunt bilan eshitdi. Daho kaftlarini bir-biriga ishqadi. Olma po‘stlog‘ini qulochkashlab dasturxonga urdi. Bo‘ldi! dedi. Eshitdingiz-a, paxan, shikoyatni e’tiborga olsa oldi, olmasa, ustidan yuqoriga yozamiz! Maishiy buzuqlarga davlat idoralarida o‘rin yo‘q, deb yozamiz! Birin-ketin urush ishtirokchilari kirib keldi. Daho urush ishtirokchilariga bir-bir qarab oldi. Go‘yo majlisda so‘zlamoqchiday tomog‘ini qirdi. Ovozini atayin yo‘g‘onlatdi. Tantanali suratda so‘z boshladi. Hammamiz uchun hurmatli va aziz urush qahramonlari! dedi. Biz qalam ahli haqiqatni barqaror etish uchun keldik! Toptalgan haqiqatni izlab topishga yordam berish uchun sizlarni chaqirdik! Bir chol qulog‘i og‘ir shekilli, qabatida o‘tirmish yigitdan so‘radi: Nima deyapti? dedi. Haqiqatni izlab topish kerak, deyapti! dedi yigit. Daho gapida davom etdi: Mana siz, Qulmat bova, oqsaysiz! Jabhalarda oyog‘ingizdan yarador bo‘lib keldingiz! Natijada Qulmat cho‘loq, deb taxallus... yo‘q, laqab oldingiz! Qulmat cho‘loq! Ona-Vatan uchun cho‘loq bo‘lish! Ona-Vatan hurmat-e’tibori esa bu! Xudoga shukur, nevaram, to‘kin-sochinchilik, yeyish-ichishdan kamchiligimiz yo‘q. Kamchiligimiz yo‘q? Ay, otaxon-e! Ko‘changizni qarang, ko‘changizni! Shu ko‘chadan yurib bo‘ladimi? Hatto, mashinada yurib bo‘lmaydi! Umrimiz shu ko‘chada o‘tdi, nevaram, endi, buyog‘iyam bir gap bo‘lar. Yo‘q, otaxon, yo‘q! Umringiz bunday o‘tmaydi! Mana, biz bor! Endi oynaday ravon yo‘lda yurasizlar! Sizlar bunga munosibdirsizlar! Ulug‘ Vatan urushi! Jabha! Moskva! Berlin! Yo‘q, men Berlingacha borganim yo‘q, nevaram. Men Bulg‘oriyani ozod qilishda tizzamdan o‘q yeb qaytib kelib edim. Baribir! Urushda bo‘lganmisiz? Bo‘lgansiz! Mayib-majruh bo‘lganmisiz? Bo‘lgansiz! Jaydari xalq aytganday, cho‘loqsiz! Qulmat cho‘loq! U-ku, chin, nevaram. Bo‘pti-da! Daho yoronlariga qarab oldi. Eshityapsizlarmi, bular haliyam foyda-ziyonini bilmaydi! Bular bu to‘poriligi bilan qanday qilib urushgan, tasavvur qilolmayman. Eh, o‘zim urushda bo‘lmadim-da!.. Shunda, yosh yigit gap qo‘shdi: Endi, bovalar qaridi, shoir aka, qaridi, dedi. Birovi kar bo‘p qoldi, birovi shapko‘r bo‘p qoldi, birovi joyidan turolmay qoldi... Mana, siz, uka? dedi Daho. Otingiz nima edi? Ha, Avaz! Mana, siz urush qatnashchisiz... Biz urush qatnashchisi emas, shoir aka. Biz Afg‘onistonda bo‘lib keldik, xolos. Bo‘lmasa, unda sizni kim deydi? Bizni «afg‘on»;, deydi. Avazboy, Afg‘onistonga dam olish uchun borib keldingizmi? Albatta, urushga-da! Chin, lekin afg‘on boshqa, urush boshqa... Afg‘onistonda lola sayli bo‘lmadi, urush bo‘ldi, urush! Siz shu urushda baynalminal burchingizni bajarib keldingiz, baynalminal burchingizni! Chin, baynalminal burchimizni bajarib keldik, chin. O-o-o, baynalminal burchni bajarishning o‘zi bo‘lmaydi! O-o-o, dushman o‘qi quloqlar ostidan viz-viz o‘tib turadi! Goh o‘ng tarafda, goh chap tarafda dushman bombalari paq-paq yorilib turadi! Har qadamda dushman minalari gumbur-gumbur portlab turadi! Dushman samolyotlari ajal urug‘ini sochib turadi! Suv osti kemalari patir-putur torpedo otib turadi!.. Afg‘onistonda ichgani suv yo‘q, shoir aka, suv osti kemasi nima qiladi? Nega suv yo‘q? Amudaryo-chi? Qadimiy Jayhun? Men Afg‘onistonda bo‘lganim bilan dushman yuzini ko‘rganim yo‘q, shoir aka. Unda, nima ish qildingiz? Oziq-ovqat omborxonasida ishladim. Ana, ana! Siz oziq-ovqat bermaganingizda lashkar och qolar edi, jangda mag‘lub bo‘lar edi! Orden-medallardan bormi? Sandiqda bir-ikkita bor edi shekilli. Iya, nimaga sandiqda yotadi? Taqish kerak, olib taqish kerak! Mana, otaxonlarimizni qarang, ko‘kraklari yalt-yult qiladi! Ko‘z quvonadi! Siz ham taqing-da! Qo‘ying, shoir aka, qo‘ying, uyalaman. Soddasiz, Avazboy, soddasiz. Uyalsangiz, bu dunyoda ochdan o‘lasiz! Daho urush ishtirokchilarini ruhan arbadi, qalban eladi. Oxir-oqibat, chollar ma’qullab bosh irg‘adi. Birov tuzumni so‘kdi, birov orden-nishonni so‘kdi, birov kattani so‘kdi! Daho ana shunda o‘zi yozmish arizani o‘qib berdi. Urush ishtirokchilari bir ovozdan rozilik berdi. Daho arizani ohista bir chetga surdi. O‘rniga oppoq qog‘oz qo‘ydi. Urush ishtirokchilari Daho yuzigada qaramay qo‘l qo‘yib berdi. Faqat «afg‘on»; Daho yuziga qaradi. Ariza uyoqda qoldi-ku, shoir aka? dedi. Endi, «afg‘on»; uka... deya kalovlandi Daho. Ha-ha, ariza oxirida imzo uchun bo‘sh joy qolmadi, ha! Qo‘l qo‘ya bering, «afg‘on»; uka, hamma qog‘oz, bir qog‘oz! «Afg‘on»; qo‘lida qalam, o‘yladi-o‘yladi, shartta qo‘l qo‘yib yubordi. Qulmat cho‘loq achchiq bilan qayta-qayta qo‘l qo‘ydi. Mana bo‘lmasa, mana! dedi. Yashang, otaxon, yashang! dedi Daho. Qo‘sh imzo bo‘ldi, qo‘sh imzo! Ziyoni yo‘q! Qo‘sh imzo, masalani qo‘shqo‘llab ma’qullash bo‘ladi! Bo‘ldimi, endi keta bersak, maylimi? dedi urush ishtirokchilari. Yo‘q, shoshmanglar, otaxonlar. Paxan, qozondan bir xabar oling, palov pishdimikin! Men vatan uchun qon to‘kkan tabarruk xalqimni kuruq og‘iz jo‘natmayman! Serjant Orziqulov ikkita lalmi toboqda palov olib keldi. Daho tomog‘iga chertib-chertib aytdi: Endi, aybga buyurmaysizlar, haligidan yo‘q, dedi. Hademay namoz o‘qishni boshlamoqchiman. Toat-ibodatga berilmoqchiman. Bali, ulim, bali! dedi urush ishtirokchilari. Asl musulmon farzandi shunday bo‘ladi! Daho qulochlarini katta ochdi. Og‘zini to‘ldirib-to‘ldirib aytdi: Sizday tabarruk xalqim qon to‘kib himoya qilgan vatan uchun munosib farzand bo‘lmasam bo‘lmaydi-da! O‘zi, kolxozimizga o‘zingiz rais bo‘lsangiz bo‘lar ekan! dedi urush ishtirokchilari. Daho qo‘l siltadi. Yo‘q, vaqtim yo‘q! dedi. Ijod, ijod! Serjant Orziqulov palovdan keyin to‘qson besh choy suzdi. O‘g‘liga choy uzatdi. E, yashang, paxan, yashang! deya choyni oldi Daho. Paxan, endi, qachon tuman jo‘naysizlar? Bilmasam, deya yelka qisdi serjant Orziqulov. Qachon desang, shu. Daho urush ishtirokchilariga qaradi. Xo‘sh, qachon safar qilasizlar, tabarruk otaxonlar? dedi. Urush ishtirokchilari angraydi. Bir-biriga qaradi. Yelka qisdi. Sukunatni «afg‘on»; buzdi. Men borolmayman, shoir aka, dedi. Maktabda darsim bor. Biz ham shu, dedi urush ishtirokchilari. Tirikchilik, ulim, tirikchilik! Daho arizani ro‘kach qildi. Bu tirikchilik emasmi? dedi. Bundan ortiq tirikchilik bormi? Siz shaharda yashaysiz-da, ulim, dedi urush ishtirokchilari. O‘tin-cho‘p demaysiz. Issiq-sovug‘ingiz oldingizda, shu bois, orqayin bo‘lib yurasiz. Bizda, mana, serjant Orziqulov biladi, bir kallada ming xil tashvish. Men aslo bormayman, dedi Qulmat cho‘loq. Shaharlab kelguncha bir kun o‘tadi. Shundayam, avtobus bo‘lsa. Odam idoralarda ikki-uch osh pishirimlab o‘tirib qoladi. Shundayam, kattalar qabul qilsa. Bo‘lmasa, siz qabulida o‘tirasiz, kattalar orqa eshigidan chiqib ketadi. Nafaqam masalasida boshimdan o‘tib edi. Siz, otaxon, mana shunday orden-medallar taqib borasiz, birdan kirib ketasiz! Orden-medal taqib borishdan armon qolmadi, nevaram. Menga o‘xshagan orden-medallilar to‘lib yotibdi! Urush ishtirokchilarini ko‘ndirish qiyin bo‘ldi. Shunda, serjant Orzikulov urush ishtirokchilari joniga ora kirdi. Unda, arizani olib, o‘zim bir borayin qani, dedi serjant Orziqulov. Mabodo, qo‘l qo‘yganlar kelsin, desa, yoppa-baraka bir borib kelasizlar, binoyimi? Mayli, bir borishga borib kelamiz, mayli. Urush ishtirokchilari shunday deya, uy-uylariga tarqaldi. Daho otasini zim-ziyo hovli chetiga qo‘ltiqlab bordi. Gap bunday, paxan, dedi. Ana, imzolar askarday saf bo‘ldi. Endi... shu, toshyo‘l bilan jo‘mrak tashvishini bo‘ldi qilamiz, paxan. Serjant Orziqulov xushhol bo‘ldi. Men aytib edim-ku... Juda bilib aytgan ekansiz, paxan, juda! Ota-bobolarimiz chang yo‘ldan yurgan, ariqdan suv ichgan! Bizniyam chang yo‘l ko‘taradi! Ana endi o‘zingga kelyapsan! Endi, paxan... yuqoriga mashina arizani uzatasiz, kelishdikmi? Serjant Orziqulov ana shunda o‘g‘li maqsadini bilib oldi. Uyat bo‘ladi, ulim, uyat bo‘ladi! dedi. Nimasi uyat bo‘ladi? Ana, qator-qator imzo. Men bekorga alohida qog‘ozga imzo qo‘ydirib olmadim! Jamoa bo‘lib so‘rasa, darrov beradi! Odamda tayin bo‘lsa-da, ulim. Oldin toshyo‘l deb, birdan mashina desam. Yo‘l biryoqli bo‘lsin qani. So‘g‘in, mashina bo‘ladi. Ha, mayli... Unda, dadil-dadil gaplashing, paxan. Qo‘rqmang, o‘zim bor! Bundan ziyod qaytib gapirishayin? Sening aytganing boshqadir, deng! Boyagi gaplar yodingizda-ya? G‘ing desang... yozaman deng!.. Serjant Orziqulov ostonada oyoq ildi. Choponi yoqalarini ochdi. Orden-nishonlarini ko‘rimli qildi. Ammo... ichkarilash uchun beti bo‘lmadi! «Tag‘in keldingmi, chol, desa, nima deyman?»; deya o‘yladi. O‘yladi-o‘yladi, qo‘ynidan buklog‘lik qog‘ozni oldi. Katta ochdi. Olg‘a uzatib ichkariladi. Zarang tayog‘ini burchakka suyab ko‘ydi. Arizani endi qo‘shqo‘llab ushladi. O‘zidan bir qadamcha olg‘a uzatdi. Katta sari yurdi. «Qo‘limda qog‘oz ko‘rib, rahm qiladi»;, deya umidlandi. Chin, qulog‘ida telefon ushlab o‘tirmish katta serjant Orziqulov qo‘shqo‘llab uzatib kelmish qog‘ozga tikilib qoldi. U nima? dedi. Serjant Orziqulov ariza deyishinida bilmadi. Ushbu so‘zlarni og‘ziga ep ko‘rmadi! Ushbu so‘zlarga tili bormadi! Ana, ana! dedi. Nima ana? Noma, noma! Noma? Qani, bering-chi. Katta shunday deya, telefonni joyiga qo‘ydi. Serjant Orziqulov uzatib turmish qog‘ozni oldi. E’tibor bilan qaradi. Ketiga chalqaydi. Yelkasidan nafas oldi. Uf-f! dedi. Bilaman, to‘rt marta o‘qidim, bilaman! Yo‘q, bu boshqa, bunda... Serjant Orziqulov barmoqlari bilan havoda imzo qo‘yib ko‘rsatdi. Bunda qo‘l bor, katta, qo‘l! Katta arizani tag‘in ochdi. Oxirini qaradi. Peshonasi tirishdi. Lablari cho‘chchaydi. Uh-u-u! dedi. Doniyorov, Toshboev, Zaynid-dinov... Zayniddinov Aliboy, Aliboy... Katta derazaga qarab o‘yladi. Keyin, serjant Orziqulovga qaradi. Bova, bu Zayniddinov Aliboy urushdan qaytib kelmab edi shekilli? Shunday, rahmatlik qaytib kelmadi, shunday. Unda, shikoyatga qanday qilib qo‘l qo‘ydi? Ana shunda serjant Orziqulov nima gapligini angladi. Bir boshqa bo‘lib qoldi. «Hay, shum-a, shum shoir-a! deya o‘yladi serjant Orziqulov. Senga tiriklarning imzosi yetmasmidi? Endi nima desam bo‘ladi?»; Endi, katta... deya kalovlandi. Aliboy el-yurt uchun urushda jon berdi, shunday. Endi, otasi uchun bola-chaqasi toshyo‘ldan yursin, deymiz-da. Otasi uchun bola-baqrasi jo‘mraqdan suv ichsin, deymiz-da. Tushundim, bova, tushundim. Urush qurbonlari yetim-esirlariga albatta yordam beramiz. Ammo hali-hozircha ilojimiz yo‘q. Iloji bo‘lsin, darhol yordam beramiz. Nimaga iloji yo‘q ekan? Shuncha nimaning iloji bo‘ladi-yu, bir shu toshyo‘l bilan jo‘mrakning iloji bo‘lmaydimi? Hali.... Serjant Orziqulov chap qo‘ynini ushladi. «Hali toshyo‘l arizasi nima emish, qo‘ynimda mashina arizasiyam bor, mana»;, deyayin-deyayin, dedi! Shunday bir katta rayon uchun besh-olti mashina tosh bilan, yosh bolaning chuldiriday keladigan manavinday jo‘mrak nima degan gap? dedi. Chin, hech gap emas, bova, chin. Bilasizmi-yo‘qmi, rayon ham ro‘zg‘orday gap, bova. Bugun bu yo‘q bo‘ladi, ertaga u yo‘q bo‘ladi. Kuni kelsa, bari bo‘ladi! Hozir bozor yo‘liga o‘tyapmiz. Shu sabab, ko‘p tanqischilik bo‘lyapti. Ulug‘ Vatan urushi eskirdi desalaring, ana, Afg‘onistonda... Serjant Orziqulov shahodat barmog‘i bilan stol chertdi. Afg‘onistonda... Baynalminal! dedi katta. Serjant Orziqulov ketma-ket stol chertdi. Ha-ha, shunday! Afg‘onistonda ana shundaychikin burchini bajarib kelganlar bor! Bizni ikrom qilmasalaring ham, ana shu burchni bajarib kelganlar izzatini qilinglar! Biz Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilariniyam, Afg‘onistonda baynalminal burchini bajarib kelganlarniyam hurmat qilamiz, bova. Afg‘onistonda haligidaychikin... Baynalminal! Ana shundaychikin burchni bajarib kelishning o‘zi bo‘lmaydi, shunday! Bo‘ladi, bova, bo‘ladi. Shu bilan beshinchi bor kelishim, qachon bo‘ladi? Bu idorami, nima o‘zi? Shunday deya bersangiz, meni xafa qilasiz, bova. So‘g‘in, ikkovimizniki bo‘lmaydi... Ana shunda serjant Orziqulov joyidan lik etib turdi. Bo‘lmaydi? dedi. Nimaga bo‘lmaydi? Uf-f, o‘tiring, bova, o‘tiring! Gapga quloq solmasangiz, ikkovimizning oshnachiligimiz bo‘lmaydi, deyapman! Gapga quloq solmay nima qilyapman? Obro‘yingizni saqlang, deyapman-da, bova! Obro‘yimga nima qilibdi?! Men Maskovdan Berlingacha Gitler quvib borib edim! Men oltita «til»; ushlab kelib edim! Men generallardan rahmatnomalar olib edim, generallardan! Men uch joyimdan o‘q yeb edim! Shunday! Tavba qildim, bova, tavba qildim! Men sendayin... Serjant Orziqulov kaftini qulog‘iga tutib ko‘rsatdi. Idorada mana bunday qilib qulog‘imga telefon qo‘ndirib o‘tirmab edim! Shunday! Xo‘p, deyapman-ku, bova, xo‘p! Xo‘p demay ko‘r qani! G‘ing desang... Katta birdan o‘zgardi. Yuzlari qahrli tus oldi. Xo‘p demasam, nima qilasiz? dedi. G‘ing desang... yozaman! Nima qilasiz? Serjant Orziqulov barmoqlarini stol uzra yugurtirib ko‘rsatdi. G‘ing desang... mana bunday qilib yozaman! Sening aytganing boshqadir! Qayoqqa yozasiz? Serjant Orziqulov shahodat barmog‘i bilan shiftga ishora berdi. Gorbachyovga yozaman! Nima deb yozasiz? Ana shu katta... ko‘kko‘z o‘rinbosari bilan... shunday-shunday, deb yozaman!. Nima-nima? Katta ohista-ohista joyidan qo‘zg‘aldi. Ko‘zlari ola-ola bo‘ldi. Ana shu katta ish vaqtida... Serjant Orziqulov tizzasida go‘dak quchoqlab turmishday qilib ko‘rsatdi. Ko‘kko‘z o‘rinbosarini mana bunday qilib tizzasida quchoqlab o‘tiradi, deb yozaman! Katta yuzlaridan rang qochdi. Yuzlari birdan vajohatli tus oldi. He, beting qursin! dedi. Katta qalt-qalt qaltiradi. Serjant Orziqulov nima qilishini bilmadi. Nima deyishini bilmadi. Joyidan dovdirab-dovdirab turdi. Katta ovozi qalt-qalt etdi. Chiq idoradan! - dedi. Nima uchun chiqaman? Sening aytganing boshqadir! Chiq deyman, bo‘lmasa, hozir melisa chaqiraman! Katta uzun stol o‘ngidan yonbosh bo‘lib yurdi. Serjant Orziqulov stol chapidan yonbosh bo‘lib yurdi. Katta serjant Orziqulovga yeguday-eguday bo‘lib tikildi. Sen arizabozdan boshqa odam urushga borgan yo‘qmi? Bir sen arizabozmi, urushga borgan?! Og‘zingga qarab gapir, men vatan uchun jang qilib edim! Agar senga o‘xshagan arizabozlar himoya qilgan vatanda yashashimni bilganimda, bu dunyoga kelmas edim! Kelib yuribsan-ku? Katta o‘ng cho‘ntagi astarini ag‘darib ko‘rsatdi. Ey, inson, qani toshyo‘l, qani?! Katta chap cho‘ntagi astarini ag‘darib ko‘rsatdi. Qani jo‘mrak, qani?! Bo‘lsa ko‘rsat, qo‘lingga berayin-da, sendan qutulayin?! Men urush qatnashchisiman, sening aytganing boshqadir! Sen urush qatnashchisi emas... sen urush arizabozisan! Sen urush ig‘vogarisan! Meni qarib qoldi, deb so‘kyapsanmi? Oramizda «afg‘on»; bo‘zbolalar bor! Borib aytmaganimniyam ko‘rasan! Urush-urush dedilaring, endi, Afg‘oniston ham qo‘shildimi?! Farg‘onada o‘q otildi, endi o‘q otganlargayam qo‘l qo‘ydirib ol! O‘shda qirg‘in bo‘ldi, endi qirg‘inchilargayam qo‘l qo‘ydirib ol! Lenin maydonida «Birlik»; namoyishi bo‘ldi, endi namoyishchilargayam qo‘l qo‘ydirib ol! Katta gapira-gapira burchakda suyog‘lik zarang tayoqni oldi. Urush qatnashchisini so‘kkaning uchun hali kallang bilan javob berasan! Sening aytganing boshqadir! dedi serjant Orziqulov. Sen urush qatnashchisi emas! Sen urush fisq-fasodchisisan! Sen urush marazisan! Katta zarang tayoqni eshikdan dahlizga otib yubordi. Shahodat barmog‘i bilan dahlizni ko‘rsatib zug‘um qildi. Chiq! dedi. Qaytib qorangni ko‘rmayin! Serjant Orziqulov ostonadan hatladi. Katta so‘ka-so‘ka, eshikni serjant Orziqulov yuziga qarsillatib yopdi. He, soqoling ko‘ksingga to‘kilsin! dedi. Sen urush arizabozlari o‘lmading, men qutulmadim! Ana shunda... ana shunda, serjant Orziqulov tok urmish odam misol alpang-talpang bo‘ldi. A?.. dedi. Ana shunda... ana shunda, serjant Orziqulov yarasiga tig‘ tegmish bemor misol qalqib-qalqib ketdi. A-a-a?.. dedi. Serjant Orziqulov eshikni mushtlayin dedi. Eshikni tepayin, dedi. Ammo qo‘lida quvvat bo‘lmadi, oyog‘ida darmon bo‘lmadi. Serjant Orziqulov dahlizda mo‘ltayib-mo‘ltayib turdi. Turdi-turdi, yerda yotmish zarang tayog‘ini oldi. Ohista-ohista zinadan endi. «Ay, o‘layin-a, urushga bormay men o‘layin-a!»; deya inqilladi. Ijroqo‘m binosidan tashqariladi. Old-ketiga qaramadi. Avtobus bekatiga yo‘l oldi. Avtobus orqa eshigidan kirdi. Ichkarida odam siyrak bo‘ldi. Joylar bo‘sh bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, serjant Orziqulov... bo‘sh joylardan uyaldi! Bo‘sh joylarga qarashga beti bo‘lmadi! Avtobus oxirida cho‘k tushdi. Yelkasidan nafas oldi. «Ay, jonim-a, esizgina jonim-a»;, deya nolon etdi. Old o‘rindiq qirrasiga bilaklarini to‘shadi. Yuzini bilaklariga bosdi. Ko‘zlarini yumdi. «Urushda o‘qqa uchsam bo‘lmasmidi»;, deya nolon etdi. Uyiga qanday yetib keldi, o‘zida bilmadi. Gap yo‘q, so‘z yo‘q, ko‘rpa-to‘shak qilib yotib oldi. Kampiri girdikapalak bo‘ldi. Nima qildi, chol, nima qildi? dedi. Serjant Orziqulov yuzini teskari burdi. Shunday kunlarga qolgandan ko‘ra, urushda bedarak yo‘qolsam bo‘lmasmidi... deya inqilladi. Serjant Orziqulov shu yotishda o‘ngalmadi. Qo‘ng‘iroq tunda jiringladi. Daho eshitmaslakka oldi. Bolishdan bosh ko‘tarmadi. Kim bo‘lsa-da, jiringlatib-jiringlatib ketadi, deya o‘yladi. Ammo qo‘ng‘iroq tinimsiz jiringladi. Daho uyqusirab qo‘zg‘oldi. Eshik ochib, bo‘sag‘ada turmish jiyanini ko‘rdi. Jiyani yuzida horg‘inlik bo‘ldi, tashvish bo‘ldi. Shu... bovaning tobi qochib qoldi, deya chaynaldi jiyan. Qaysi bova? Otangiz, serjant Orziqulov. Ha-a, bizning paxanmi? Endi, qarichilik shu-da... Xolam qattiq tayinladi, tez yetib kelsin, dedi. Nu-nu, kechasi-ya? Endi, men ertaga boraman-da. Bova og‘ir yotibdi, tog‘a. Boraman desangiz, ana, ko‘chada mashina turibdi. Tong saharda yetib boramiz. Daho o‘ylab-o‘ylab kiyindi. Qishlog‘iga uxlab-uxlab keldi. Ko‘zlarini ochib, mashina chirog‘ida uylarini ko‘rdi. Mashinadan tushib ichkariladi. Serjant Orziqulov uy to‘rida uzala yotdi. Kampiri boshida mung‘ayib-mung‘ayib o‘tirdi. Ko‘zi ilinib-ilinib o‘tirdi. Mudrab-mudrab o‘tirdi. Daho ohista yo‘taldi. Onasi bosh ko‘tardi, poygakda turmish o‘g‘ilni ko‘rdi. Tizzasiga suyalib qo‘zg‘oldi. Qulochini tor ochdi. O‘g‘liga qarab yurdi. O‘g‘lini bag‘riga bosdi. Teskari qaradi. Ko‘zlarini yengi bilan artdi. Tag‘in joyiga qaytib o‘tirdi. Daho otasi boshiga bordi. Cho‘kkalab o‘tirdi. Otasi o‘sha chayir yuzli serjant Orziqulov bo‘lmadi. Yuzlari pajmurda bo‘ldi. Jag‘lari, ko‘zlari ich-ichiga cho‘kib yotdi. Boshlari go‘dak boshlaridayin maydagina bo‘ldi. Serjant Orziqulov ko‘zini ochmadi. Daho otasidan hol so‘radi: Qalay, paxan, o‘zingizni yaxshi his qilyapsizmi? Serjant Orziqulovdan sado chiqmadi. Shunda, kampiri ora kirdi. Ay, otasi, ulingiz keldi, dedi. Sizdan ko‘ngil so‘rayapti, eshityapsizmi? Serjant Orziqulov shundagina ko‘zini ochdi. Boshida turmish o‘g‘ilni ko‘rdi. Bilinar-bilinmas bosh irg‘adi. Qo‘lini ko‘rpa ostidan oldi. Ammo ko‘tara olmadi. Gilam uzra siljitdi-siljitdi, o‘g‘li tarafga olib bordi. Tursun, otang ko‘rishaman deyapti, ol, qo‘llarini, dedi onasi. Daho otasi qo‘lini qo‘shqo‘llab ushladi. Daho bir seskandi. Etlari uvishdi, jimir-jimir etdi. Otasi qo‘li jonsiz bo‘ldi! Xayolida, qurbaqa o‘ligini ushlaganday bo‘ldi. Yuragi duk-duk urdi. Qo‘llari qaltiradi. Bo‘g‘zidan nimadir, nimadir bir nima otilib chiqayin-chiqayin, dedi. Bir amallab joyidan qo‘zg‘oldi. Joyida tikka turdi. Chayqaldi-chayqaldi, ketiga burildi. Eshik tarafga yurdi. Libosini oyog‘iga ilib-ilmadi, kiyib-kiymadi. Tashqari otildi. Zim-ziyoda entikib-entikib nafas oldi. Ko‘ylagi yoqasini ochdi. Tirsagi bilan qayrag‘ochga suyandi. Qayrag‘ochgada og‘irlik qildi. Qayrag‘och qayishib ketdi. Yurdi-yurdi, tutga suyandi. Chakkasini tut tanasiga qo‘ydi. Ko‘zlarini yumdi. Ochiq derazadan onasi ovoz berdi. Ay, Tursun-uv, qaerdasan, otang chaqiryapti! Daho ichkariladi. Otang, Tursun ulim oyog‘imni uqalasin deyapti, dedi onasi. Daho bosh irg‘ab cho‘k tushdi. Ko‘rpa ostiga qo‘l tiqib paypasladi. Otasi oyoqlarini topdi. Zuvalasi pishiq otasi qoqsuyak bo‘ldi-qoldi! Daho, otasi oyoqlarini ohista-ohista uqaladi. Baquvvat qo‘llar muolajasi darmon bo‘ldi shekilli, otasi ko‘zlarini ochdi. Oyoqlari tarafda cho‘kkalab o‘tirmish o‘g‘ilga qaradi. Nimadir demoqchi bo‘ldi. Ammo tomog‘iga bir nima tiqildi. Ovozi ichiga tushib ketdi. Zo‘r berib og‘iz juftladi. Tag‘in bo‘lmadi. Kampiri og‘ziga suv tomizdi. Serjant Orziqulov bilinar-bilinmas yutindi. Ko‘zlarini yumib ochdi. Gapirish uchun chog‘landi. Lablarini qimirlata oldi, ammo ovozini ko‘ksidan ko‘tara olmadi. Odam ovozi og‘ir bo‘ladi, zilday og‘ir bo‘ladi! Serjant Orziqulov chiroq tegrasida aylanmish kapalakka termulib qoldi. Onasi uzaldi. Deraza pardani surdi. Serjant Orziqulov derazaga qaradi. Osmon osti tobora oqarib keldi. Xo‘rozlar qichkirdi. Buzoqlar ma’radi. Serjant Orziqulov jonlandi. Yuzlari xiyol yorishdi. Eshitilar-eshitilmas pichirladi: Poda vaqti bo‘ldi shekilli... Serjant Orziqulov o‘g‘liga termuldi. Yolg‘iz o‘g‘il qishloqdan ketib qoldi. Ota bag‘ridan ketib qoldi. Farzand shu-da. Avval-avval, ota o‘g‘li bo‘ladi. Keyin-keyin, el o‘g‘li bo‘ladi. Yurt o‘g‘li bo‘ladi. El-yurt tashvishlari bilan yuradi. Yolg‘iz o‘g‘il o‘jar bo‘ldi. Yolg‘iz o‘g‘il chars bo‘ldi. Ana, o‘sib-undi. Katta-matta odam bo‘ldi. Oti nima edi... Ha-ha, shoiri zamon Pahlavon Daho bo‘ldi. Bordi-yu, ish buyursa, ota gapini olmadi? Kim biladi, shoiru zamon... Shunday bo‘lsa-da, bir aytib ko‘radi. Farzandga ish buyurishning otalik gashti bo‘ladi. Kim biladi, oxirgi marta ish buyurishi bo‘ladi... Tursun ulim, mollarni podaga haydasang bo‘lardi... Daho bosh irg‘adi. Xo‘p, paxan, xo‘p, deya joyidan ko‘zg‘oldi. Daho og‘ilxona taraf yurdi. Yog‘och panjarali daricha oldiga keldi. Daricha uchiga qo‘lini qo‘ydi. Og‘ilxonaga nazar soldi. Xolasi cho‘nqaydi. Dokadan sut suzdi. Dimog‘i endi sog‘ilmish sut hidini tuydi. Ketidan onasi keldi. Onasi daricha zulfinini oldi. Og‘ilxonaga yurdi. Xolasi qo‘lidan sutni oldi. Ha-a, darrov sog‘ib bo‘ldingizmi? Aylanayin-da, sizdan, dedi. Anavi ola govmishingiz mol emas ekan, ostiga yo‘latmadi. Aytdim-ku sizga, birovini sog‘sangiz bo‘ladi deb. Ola govmish podaga ko‘shilmaydi, birday uyda yotadi. Mendan boshqani yaqiniga yo‘latmaydi. Tursun ulim-a, xolang aytgan anavi ola govmishni qoldir-da, manavisini podaga qo‘shib kel. Ola govmishni hali o‘zim sog‘ib olaman. Daho tevarakka alangladi. Biron-bir xivich izladi. Shunda, bostirma burchagida yotmish tayoqqa ko‘zi tushdi. Borib oldi. Ko‘zlariga olib keldi. Serjant Orziqulov zarang tayog‘i! Burchakda yota berib, chang bosibdi. Zarangligida bilinmay qolibdi. Daho zarang tayoq changini kaftlari bilan sidirib tashladi. Kaftlarini bir-biriga urib qoqdi. Zarang tayoqqa suyandi. Peshonasini qo‘llari ustiga qo‘ydi. Daho arosatda qoldi. U podaga mol haydaydimi? Shoir Pahlavon Daho-ya? Ko‘rganlar nima deydi? Pahlavon Daho kim degan odam bo‘ladi?.. Daricha g‘iyqillab ochildi. Daho bosh ko‘tarib qaradi. Jiyanini ko‘rdi. Jiyan, tog‘asi podaga mol haydashiga ko‘zi yetmadi shekilli, o‘zi keldi. Hovli darvozasini ochdi. Mol bo‘ynidan arqonni oldi. Zarang tayoqqa qo‘l uzatdi. Daho tayoqni bermadi. O‘rgimchak in qo‘ymish yog‘och ko‘ziga tikildi. O‘ylab qoldi. Yo, jiyaniga tayoqni bersinmi? Otasi bilib o‘tiribdimi? Yo‘q, yo‘q... Yo‘q, o‘zim boraman. Paxan... yo‘q, otam aytdi, dedi dimog‘ida. Daho darvoza sari yurmish molga ergashdi. Vo ajab, tayoqni qanday ushlar edi? Otasi qanday ushlar edi? Eslay olmadi. Zarang tayoqni yerga sudrab yurdi. Yo‘q, yarashmadi. Xuddi ketmon ko‘tarmishdayin yelkasiga qo‘ydi. Bir uchidan qo‘shqo‘llab ushladi. Yelkasi osha tayoqqa qaradi. Yo‘q, bunisida ep bo‘lmadi. Endi, juzdon misol qo‘ltiqlab oldi. Ana shu ma’qulday bo‘ldi. Mol ketidan yurdi. Qadamidan chang o‘rladi. Yerdan suv sepilmish tuproq isi keldi. Daho qishloq etagida tosh qalab o‘ralmish podayotoqqa keldi. Bir chetda to‘dalanib tortishmish odamlarni ko‘rdi. Daho iziga qayrildi. Shunda, odamlar Dahoni ko‘rib qoldi. Bari shu yoqqa qarab yurdi. Daho dovdiradi-qoldi. Ko‘ltiqlamish tayoqni ketiga yashirdi. Yuzlari lovv qizidi. Serrayib qoldi. Oldinda kelmish odam keskin qo‘l siltab aytdi: Boqmayman dedimmi, boqmayman! Axir, o‘zimiz kelishib edik-ku, serjant Orziqulov oyoqqa turguncha galma-gal boqamiz deb. Gaplaringda turinglar-da, endi! Qosim, sadag‘ang ketayin, bugun sen boq! Tunov kuni ishga bormay poda boqqanim uchun hisobchi bir kunlik ish haqimni qirqib tashladi, bo‘ldi-da! Nima gap? dedi Daho. Siz so‘ramang, biz aytmaylik! Otangizning boshlari yostiqqa tekkandan buyon kunimiz shu! Hozirning o‘zidayoq yigirmadan oshiq odam molini bozorga sotib keldi! Joniga tekkandan keyin shu-da! Anavi Sodiqov muallim gali kelganda poda boqishga or qilib, sigirini so‘yib sotdi! To‘g‘ri-da, diplomi bo‘p turib poda boqadimi! Yaxshimi-yomonmi, bir ustalning egasi! O‘zi, zamon biror ustalni egallaganniki bo‘p qoldi! Ustallar ko‘payib ketdi... Daho ko‘ngliga gap tugul, qil sig‘madi. Tezroq iziga qaytgisi keldi. Raisga boringlar, raisga, dedi. Raisga necha marta aytdik, podachi tayinlang deb! Rais odamlarda yig‘iladigan puldan boshqa oylikda tayinladi. Hech kim rozi bo‘lmadi! O‘zingiz bilasiz, zo‘rlab ishlatishni zamon ko‘tarmaydi! Rais Jonibek kalga aytibdi. Kal, bir kamim endi molga ergashib yurishmi, depti! Ortiq soqovgada aytibdi. Soqov, qo‘lini mana bunday qilib ko‘rsatibdi, men traktor haydayman, depti! Xo‘p, podani qaerda boqasan? Tevarak-boshing paxta, imorat... Chini bilan bir qarich bo‘sh yer qolmabdi-e. Dala chetlari-chi? Paxta hasharotiga qarshi dori sepilgan, molingdan ajramoqchi bo‘lsang boq! Yaxshisi, podani tarqatib yubora qolaylik! Og‘zingga tosh-e!.. Yaxshisi, bunday qilaylik. Mana, hammamizning ulimiz bor, birortasining bo‘yniga qo‘yaylik, tamom! E, ular oyni ko‘zlab turibdi! Mening ulim paylasup bo‘lmoqchi! Manavi Jo‘ravoyning uli boqmasa! Ulimni hozir Toshkentdan topasiz, u prokurorlikka hujjat topshirgani ketdi! Mening ulim, hech bo‘lmasa oshpazlikka o‘qiyman deb yuribdi! Xoliqboy, kenjangiz ikki yildan buyon o‘qishga kirolmay kelyapti, shuni bir aldab ko‘ring! Enag‘arga aytdim, ko‘nmayapti-da! Podachi bo‘lsa, qizlar qaramas emish! Shunday dedimi? Chin-da, hozir diplom bo‘lmasa, qizlar qaramaydi! E, bilmay qoldim bu farzandlarni! Maktabni bitiradi-yu, shahar jo‘naydi! Ularni qo‘ying, mening bir ulim hali ishton kiygan yo‘q, fazogir bo‘laman deydi! Shu, fazodayam poda bormikin? E-e, bo‘lgan bilan bu farzandlar boqmaydi! O‘sha yoqdayam biror ustalni oladi. Daho gangib qoldi. G‘ala-g‘ovurdan kishi bilmas sug‘urildi. Ketiga qarab-qarab jo‘nadi. «Nima bo‘lyapti o‘zi? Shu o‘zimizning qishloqmi yo boshqa yermi?»; Olam osmonrang bo‘ldi. Tong yellari mushk-anbar taratdi. Daho darvoza bo‘sag‘asida oyoq ildi. Bir ko‘ngli, ichkari kirayin, dedi. Ichkarida ota yotibdi, ko‘ngil buziladi, dedi. Bir ko‘ngli iziga qaytayin, dedi. Qaytib qaerga borayin, dedi. Daho o‘yladi-o‘yladi, ichkariladi. Ola govmish oxuriga oyoq qo‘ydi. Devorga chiqib oldi. Devorda to‘rt oyoqlab o‘rmaladi. Undan bostirmaga o‘tdi. Bostirmada yurmish babaq xo‘roz qoqoqlab yerladi. Daho cho‘chib tushdi. Babaq xo‘roz ketidan o‘qrayib qaradi. Bir siniq qutiga omonat o‘tirdi. Tizzalarini quchoqladi. Ko‘zlarini yumdi. Badani qizidi. O‘zini hammom bug‘xonasida o‘tirmish his etdi. Mayin havoni hammom bug‘i deb tasavvur etdi. Qo‘llarini yonlariga yoydi. Entikib-entikib nafas oldi. Oyoq-qo‘llarini uqaladi. Ko‘kraklarini ohista-ohista siladi. Barmoqlarini botirib-botirib uqaladi. Boshidan suv quymoqchi bo‘ldi. Tevaragini paypasladi. Tog‘ora izladi. Ammo qo‘liga tog‘ora ilashmadi. Ana shunda, ko‘zlarini ochdi... Daho entikdi. Ko‘ngli tag‘inda kenglikni qo‘msadi, tag‘inda yuksakni qo‘msadi. Ketiga o‘girilib qaradi. Bostirma usti yarmi sinch tom bo‘ldi. Sinch tom ustida bir g‘aram xashak bo‘ldi. Sinch tom ikki qavatli uyga kelbat berdi. Daho ana shu tomdagi g‘aramga chiqqisi keldi. Qanday qilib chiqishni o‘yladi. Yerga qaradi. Bostirmaga tiralmish narvonga ko‘zi tushdi. Yerga uzaldi-uzaldi, narvonni tortib oldi. Sinch tomga tiradi. Bosib-bosib ko‘rdi. Narvondan ohista-ohista yuqoriladi. Ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Sinch tom usti yuksak bo‘ldi, shamolgoh bo‘ldi. Daho g‘aram bo‘ylab o‘rmaladi. Shunda, chap oyog‘ini bir nima tortib qoldi. Daho intildi, ammo oyog‘ini tortib ololmadi. Avaylab enkaydi, oyog‘iga qaradi. Cholvori poychasi narvon mixiga ilashib qoldi. Daho g‘aramni quchoqladi. Oyog‘ini siltab-siltab qoqdi. Bo‘lmadi, cholvori poychasini mixdan tortib ololmadi. Tfu! deya narvonni bir tepdi. Narvon bostirmaga, undan yerga taraqlab tushdi. Tovuqlar qoqoqladi. Olapar it hurdi. Daho yerga qarab qo‘l siltadi. «O‘lib ketmaydimi. Yuqori ko‘tarilib oldim, bo‘ldi-da»;, dedi. Chalqancha uzalib yotdi. Oyoq-qo‘llarini bor bo‘yicha yoydi. Ko‘zlarini yumdi. Yerdan onasi ovozi eshitildi: Ha-a, taraqlagan nima ekan desam, narvon ag‘nab ketibdi-da. Eb-ey-eb-ey, esimdan aylanayin-da, govmishim sog‘uvsiz qolibdi-ku... Qishloq uzra tovushlar taraldi. Xo‘rozlar qichqirdi. Qo‘y-echkilar ma’radi. Mollar mo‘ngradi. Otlar kishnadi. Tong yonib ketdi. Daricha g‘iyqillab ochildi. Daho yerga enkayib qaradi. Onasi kadini daricha panjarasiga to‘ntardi. Qoziqdagi buzoqni qo‘yberdi. Buzoq irg‘ishlab-irg‘ishlab o‘ynadi. Govmish yeliniga chopdi. Tizzalab cho‘kkaladi. Tirsillab turmish-tirsillab turmish yelinni sho‘rpillatib-sho‘rpillatib so‘rdi. Govmish, buzog‘ini yalab-yulqidi. Onasi vaqti-vaqti bilan buzoqni no‘xtasidan tortib-tortib turdi. Sutdan ayirib-ayirib turdi. Buzoqni tag‘in qoziqqa qantardi. Panjaradagi kadini olib keldi. Tirsillab turmish yelin oldida cho‘nqayib o‘tirdi. Govmish bekasi doka ro‘molini iskab-iskab ko‘rdi. Bekasi govmishi yelinini kaftlariga olib siladi. Yelin uchlarini yerga bir-ikki tortdi. Yelindan tizillab sut otildi. Govmish bezovta bo‘ldi. Bekasini dumi bilan turtdi. Bosh-bosh, jonivor, bosh deyman! Bo‘lmasa, podaga qo‘shib kelaman! Bekasi avval-avval dimog‘ida aytdi. Aytib-aytib, govmishini sog‘ib boshladi: Izmolida o‘ting bor, Oqar buloq suting bor, Otli molim, xo‘sh xo‘sh, Zotli molim, xo‘sh-xo‘sh! Bekasi oriq barmoqlari govmish yeliniii cho‘eib-cho‘zib tortdi. Kadiga tizillab tushmish oppoq-oppoq sut sado berdi: povv-povv-povv!.. Seni haydab boqayin, Ko‘ztumorlar taqayin. Targ‘il molim, xo‘sh-xo‘sh, Govmish molim, xo‘sh-xo‘sh. Bekasi govmishini qo‘shiqqa soldi, govmishini olqishladi. Bekasi govmishini suyib-suyib kuyladi, to‘lib-to‘lib kuyladi: Xo‘sh-xo‘sh deyman, olabosh, Ko‘zing o‘tkir, qalamqosh. Qalam qoshing suzilsin, Suting yerga sizilsin. Govmishi vazmin-vazmin kavsh qaytardi. Quralay ko‘zlari mudradi. Yelinidan quyuq-quyuq, oppoq-oppoq sut tag‘inda tizillab okdi: povv-povv-povv!.. Zotdor ola oting bor, Qozon-qozon suting bor. Govmish, sen ro‘zg‘orimiz obodi bo‘lding, bolalarimiz rizq-ro‘zi bo‘lding, oqligi bo‘lding. Bolalarimiz uyqudan uyg‘onadi. Sut, sut, deydi. Shunda, bolalarimizga ko‘kragimizni beramiz. Bolalarimiz ko‘kragimizni sho‘lp-sho‘lp emadi, cho‘lp-cho‘lp emadi. Shunday bo‘lsa-da, bolalarimiz baribir... baribir sening sutingni so‘raydi, govmishim. Sening suting bizning sutimizdanda mazali-da, to‘yimli-da, govmishim. Mayli, bizning sutimiz qurib qolsa qolsin, ammo sening suting qurib qolmasin, govmishim. Iy, govmishim, iy!.. Quralay ko‘z, xohishim, Tuyoqlari kumushim. Govmishim, bilaman, senga qiyin. Tun demayin, kunduz demayin, sut yig‘asan, yeliningni to‘ldirasan. Yelin to‘la sutingni biz sog‘ib olamiz. Bizdan qolmishini buzog‘ing emib oladi. Senga bo‘lsa, shalviramish yelin qoladi. Shunday, govmishim, shunday, sen odamzot rizq-ro‘zi uchun bino bo‘lding, nasibasi uchun bino bo‘lding, govmishim. Iy, govmishim, iy!.. Jonivor, meni ko‘rgin, Kavsh qaytar, jim turgin. Xurmalarni to‘ldirib Iyib sutingni bergin. Govmishim, bolalarimiz ko‘kraklarimizni hadeb ezg‘ilab torta bersa, bizga malol keladi. Bo‘lmasa, o‘z bolamiz-a, pushtu kamarimiz-a! Sening yeliningni bo‘lsa bizda so‘ramiz, buzog‘ingda so‘radi. Senga esa malol kelmaydi, govmishim. Qulluq senga, govmishim, qulluq! Ana, tirsillab turmish yelining so‘lib qoldi. Yelinlaringni torta berib-torta berib, qo‘llarim toldi. Ana, buzog‘ing tamshanyapti, senga talpinyapti... Sen bezovtasan, sen alag‘dasan... Iy, govmishim, iy!.. Kadimni to‘ldirarman, Bolangni kuldirarman. Olaymagin, jonivor, Bolangga qoldirarman... Ko‘shiq qo‘shiqda qoldi, sut sutda qoldi. Uy tarafdan jonholat ovoz keldi: Oyxol, chop, Oyxol! Bekasi kadini ko‘tarib hadahaladi. Daho qo‘shiqdan karaxt bo‘ldi. Ko‘zlarini yumib yotdi-yotdi, o‘zini... o‘lik fahmladi! Qimir etmadi. Xayolan jonini izladi. Izladi-izladi, topolmadi. Ich-ichidan hayron bo‘ldi. Qo‘zlarini nim ochdi. Ko‘zlari moviy-moviy olam ko‘rdi. Ko‘zlari qirmiz-qirmiz rang ko‘rdi. «Anavi moviy olam, lojuvard osmon. Qirmizrang quyosh nurlari, deya xayollandi Daho. Demak, o‘lmabman. O‘lik odam ko‘rmaydi. O‘lik odam dunyoni his etmaydi»;. Daho ko‘kraklarini ushlab-ushlab ko‘rdi. Boshlarini ushlab-ushlab ko‘rdi. «Mana, boshim joyida turibdi. Yana-tag‘in, fikrlayapti, tag‘in xayollandi Daho. Yo‘q, o‘lmabman. O‘lik odam boshi fikrlay olmaydi»;. Shunda... shunda, uydan yig‘i keldi: Otam-ay, otam-ay!.. Yig‘i avj oldi. Yig‘i hovlini oldi. Daho ana shunda o‘ziga keldi! Dirk etib o‘tirdi. Uy tarafga olazarak boqdi. Xayolida, narvon joyida bo‘ldi. Xashakni quchoqlab uzala tushdi. Oyoqlarini qo‘shiq aytilmish yerga uzatdi. Oyoqlari yerga yetmadi! Ona Yer olis bo‘ldi! Sut qo‘shig‘i olis bo‘ldi! Oyoqlarini likillatdi, oyoqlarini tipirlatdi, oyoqlarini salanglatdi. Oyoqlari yerni topolmadi! Momo Yer yo‘q bo‘ldi! Sut qo‘shig‘i yo‘q bo‘ldi! Nazmboz bo‘lmishdan buyon intilib kelmish, nazmboz bo‘lmishdan buyon talpinib kelmish osmonga qaradi. Osmon olisdan-olis bo‘ldi! Momo Yer osmondanda olis bo‘ldi!. Pahlavon Daho muallaq qoldi.

Oldingi Keyingi

Manba:

NomiMomo Yer qo‘shig‘i (qissa)
Muallif(lar)i Tog‘ay Murod 1948
Yaratilgan vaqti17.12.2023
Nashr yili0
Nashr parametri
NashriyotiYoshlik jurnali
Qo‘llanish sohasi adabiyotshunoslik
Adabiy turiDramatik
Janriqissa
Voqea vaqti va joyi1987
Matn tipidetektiv
Uslubi Badiiy
Auditoriya yoshiUmumiy
Auditoriyaning salohiyat darajasiadabiyotshunoslik
Ichki korpus turiDavriy nashrlar korpusi
So‘z(shakl) miqdori0
TeglovchiKamoliddin