Adabiy tilning ijtimoiy hayotdagi ma’lum bir sohada qo‘llanadigan ko‘rinishi adabiy til uslubi deyiladi. O‘zbek adabiy tilida 5 ta asosiy nutq uslubi bor: so‘zlashuv uslubi, badiiy uslub, rasmiy-idoraviy uslub, ommabop uslub, ilmiy uslub. Ayrim darslikda so‘zlashuv uslubidan boshqa barcha uslub kitobiy uslub degan umumiy nom ostida beriladi. Barcha uslubda cheklanmagan tarzda ishlatiladigan so‘z va qo‘shimcha uslubiy betaraf deyiladi: suv, tog‘, bola, xat.
So‘zlashuv uslubi. Keng qo‘llanadigan uslubdan biri – so‘zlashuv uslubi. Bu uslubda, odatda, adabiy til me’yoriga rioya qilinmaydi. So‘zlashuv uslubidagi gap asosan dialogik shaklda bo‘ladi. Bunda turli uslubiy bo‘yoqli so‘z, grammatik vosita qo‘llanadi. Shuningdek, tovush tushib qolishi, orttirilishi mumkin: 1.Obbo, hamma ishni do‘ndiribsiz-da. 2. Mazza qildik. 3. Ketaqoool!So‘zlashuv uslubida gapdagi so‘z tartibi ancha erkin. Ko‘proq sodda, to‘liqsiz, undalmali gapdan foydalaniladi. Jargon, argo, vulgar, varvar so‘z ham ishlatiladi. Bu nutq madaniyati yuqori bo‘lmagan kishida uchraydi.
Ilmiy uslub. Fan-texnikaning turli tarmog‘iga doir ilmiy asarlar, darslik va qo‘llanmalar ilmiy uslubda yoziladi. Ilmiy uslub aniq ma’lumot asosida chiqarilgan ilmiy xulosa (qoida, ta’rif)ga boy bo‘lishi bilan boshqa uslubdan farq qiladi: Yomg‘ir - suyuq tomchi holidagi atmosfera yog‘ini. Tomchining diametri 0,5-0,6 mm bo‘ladi.Ilmiy uslubda har bir fanning o‘ziga xos ilmiy atamasidan foydalaniladi, bu uslubda so‘z o‘z ma’nosida qo‘llanadi, qoida yoki ta’rifning mazmunini ochishga xizmat qiladigan ajratilgan bo‘lak, kirish so‘z, kirish birikma, shuningdek, qo‘shma gapdan keng foydalaniladi.
Rasmiy-idoraviy uslub. Davlat idorasi tomonidan chiqariladigan qaror, qonun, nizom, xalqaro hujjatlar rasmiy-idoraviy uslubda yoziladi. Ariza, tilxat, ma’lumotnoma, chaqiruv qog‘ozi, taklifnoma, shartnoma, tarjimayi hol, e’lon, tavsifnoma, dalolatnoma, hisobot kabilar ham shu uslubda bitiladi. Ilmiy uslubdagi hujjat qisqa, aniq, barcha uchun tushunarli bo‘lishi lozim. Asosiy belgilari – jumlalarningbir qolipda, bir xil shaklda bo‘lishi. Rasmiy-idoraviy uslubda ham so‘z o‘z ma’nosida qo‘llanadi, ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan ayrim qisqartma so‘z ishlatiladi, har bir sohaning o‘ziga xos atamasidan foydalaniladi. Bu uslubda ko‘pincha darak gapdan, qaror, buyruq, ko‘rsatma kabida esa buyruq gapdan ham foydalaniladi. Gap bo‘lagining odatdagi tartibda bo‘lishiga rioya qilinadi: M.Ahmedovga o‘z lavozimini suiiste’mol qilganliigi uchun hayfsan e’lon qilinsin.
Ommabop (publisistik) uslub. Tashviqot-targ‘ibot ishini olib borishda qo‘llanadigan uslub, ya’ni matbuot uslubi – ommabop uslub. Bu uslubda ijtimoiy-siyosiy so‘z ko‘p qo‘llanadi. Nutq ta’sirchan bo‘lishi uchun ta’sirchan so‘z va birikmadan, maqol va hikmatli so‘zdan keng foydalaniladi. Bunday uslubda gap bo‘lagi odatdagi tartibda bo‘ladi, kesim buyruq va xabar maylidagi fe’l bilan ifodalanadi, darak, his-hayajon va ritorik so‘roq gap, yoyiq undalma, takroriy so‘z va birikma unumli qo‘llanadi: Azamat paxtakorlarimiz mo‘l hosil yetishtirish uchun fidokorona mehnat qilishyapti.
Badiiy uslub. Badiiy asar badiiy uslubda bo‘ladi. Bunday asar kishiga ma’lumot berish bilan birga, timsol (obraz) vositasida estetik ta’sir ham ko‘rsatadi: O‘lkamizda fasllar kelinchagi bo‘lmish bahor o‘z sepini yoymoqda. Badiiy uslubda qahramon nutqini jonli berish oddiy nutq so‘zi, sheva, vulgarizmdan ham foydalaniladi. Badiiy asar uslubi aralash uslub hisoblanadi. Unda so‘zlashuv uslubiga, kitobiy uslubga xos o‘rin ham uchraydi.