Undalma – so‘zlovchining nutqi qaratilgan shaxs/narsa/mavjudotni bildirgan so‘z. Undalma, odatda, ikkinchi shaxsga qaratilgan bo‘ladi: Kel, ey, dilbar, ki bo‘ston vaqti bo‘ldi. She’riy asarda shoir ba’zan o‘ziga, ya’ni so‘zlovchiga ham murojaat qilishi mumkin: Nazm tuz, Erkin, axir, erkin zamondur bu zamon. Undalma boshqa gap bo‘lagi bilan faqat mazmunan bog‘langan bo‘ladi. Undalma egaga o‘xshab ketadi, chunki u ishtirok etgan gapda ko‘pincha ega tushiriladi. Biroq ega kesim bilan shaxs va son (birlik va ko‘plik)da bog‘langan bo‘ladi, undalma esa bog‘lanmaydi: Karimjon (ega, 3-shaxs, birlik) ertaga keladimi? (kesim, 3-shaxs birlik) Karimjon (undalma, 3-shaxs, birlikda), ertaga kelasizmi? (2-shaxs, ko‘plikda). Ayrim holda, ayniqsa, she’riy asarda hayvon/qush/jonsiz narsa/ning nomini bildirgan so‘z ham undalma bo‘ladi: Quyosh, nuring to‘ka ber mo‘l-ko‘l! Bahor, ketma bizning bog‘lardan! (Oyb.) Bir so‘z bilan ifodalangan undalma yig‘iq undalma (Bugun menga bir qarashib yubormaysanmi, Otabek), so‘z birikmasi bilan ifodalangan undalma yoyiq undalma (Ey, usta Parfi, keling, bormisiz?) deyiladi. Undashni kuchli ifodalash uchun undalmadan oldin e, ey, hoy, obbo kabi undov ham qo‘llanadi, keyin vergul qo‘yiladi. Undalmaning ifodalanishi: 1) ot: Hamid, badiiy o‘qish to‘garagiga qatnashasanmi?2) olmosh: Hoy, sen, menga qara-chi.3) otlashgan sifat: Shunday demaysizmi, azizim! 4) otlashgan son: To‘rtinchi, birinchiga javob bering.5) undov: Hoy! Beri keling!6) so‘z birikmasi: Hoy, imonsiz qari chol, aroq-paroq ichdingmi?7) turg‘un birikma: Yigit tushmagur, nima qilib qo‘yding! Undalma gapning boshida kelsa, undalmadan so‘ng, gap o‘rtasida kelsa, ikki tomoniga, gapning oxirida kelsa, undalmadan oldin vergul qo‘yiladi: So‘zla, ko‘zgujon, Haqiqatni et bayon!