Shoir va nosir, dramaturg va publitsist, tilshunos va adabiyotshunos, tarixchi va faylasuf, san’atshunos va jamoat arbobi Abdurauf Fitrat1886- yildaBuxoroda ziyoli oilasida tavallud topgan. Buxoro va Istanbul madrasalari va dorilfununlarida o‘qigan. Arab, fors va turk tillarini mukammal bilgan. Otasi savdogar bo‘lib, 1918- yilgacha Qashqarda turib qolgan. Fitrat 1909- yili Turkiyaga o‘qishga borib, 1913- yilgacha Istanbul dorilfununida tahsil ko‘rgan. Turkiyada tashkil topgan “Buxoro ta’limi maorifi” uyushmasida faollik ko‘rsatgan. Uning ilk to‘plami “Sayha” (1911) va asarlari “Sayyohi hindi”, “Munozara” shu yillari Turkiyada chop etilgan. Asarlari jadidchilik g‘oyalari bilan sug‘orilgan. U Turkiyada Fitrat (zukko, dono, bilimdon) deb taxallus olgan. Ijodi o‘z xalqini zulm botqog‘idan qutqarish, Ovro‘pa fani va madaniyatini targ‘ib qilish g‘oyasini ilgari suradi. 1917- yilgi fevral inqilobidan keyin “Hurriyat” gazetasini tashkil etib, unda asarlari bosiladi. Uning “Qon”, “Begijon”, “Temur sag‘anasi”, “ O‘gizxon”, “Abo Muslim”, “Hind ixtilochilari”, “Chin sevish”, “Abulfayzxon”, “Arslon”, “Vose’ qo‘zg‘oloni” dramalarida milliy mustaqillik uchun kurash ifodalangan. 1922- yili nashr etilgan “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamida “Mirrix yulduziga”, “Behbudiyning sag‘anasini izlab”, “Sharq”, “Shoir” she’rlarida Oktabr inqilobidan keyingi voqealarning g‘ayri insoniy mohiyatini fosh qilgan. “Shaytonning tangriga isyoni” dramasi, “Qiyomat” kabi hikoyalarida diniy aqidaparastlik fosh etilgan.
Adabiyotshunos sifatida “Adabiyot qoidalari”, “Eski o‘zbek adabiyoti namunalari”, “Aruz haqida” kabi ishlari, Hayyom, Firdavsiy, Bedil, Navoiy, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy haqida tadqiqot yaratgan.
Fitratning o‘zbek tili garammatikasiga oid darsliklari (“Sarf”, “Nahv”) 1925–1930- yillarda besh marta chop etilgan. Filologik tadqiqotlari uchun unga o‘zbek olimlari orasida birinchilardan bo‘lib professor unvoni berilgan.
Fitrat 1938- yil 4- oktabrda hukumat qarori bilan otib o‘ldirilgan.
1991- yil 25- sentabrda adabiyotshunoslik sohasidagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berilgan.