Toponimlar (joy nomlari) ma’lum hududda mavjud bo‘lgan joylarga xalq tomonidan maxsus qo‘yilgan atoqli otlar. Odamlar nazariga tushgan, hayoti uchun zarur bo‘lgan joylarni maxsus so‘zlar bilan nomlagan. Joy nomining turlari:
- Shahar, shaharcha, tuman, qishloq, ovul, qo‘rg‘on nomlari – Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Marg‘ilon, Nuriston, Asaka: Oqqishloq, Beliboyli, Yangiqo‘rg‘on, Oqqo‘rg‘on, Toshqo‘rg‘on.
- Suv havzalarining nomlari – Zarafshon, Norin, Amudaryo, Sirdaryo: Toshariq, Yangiariq, Uzunquduq, Xo‘jaquduq, Toshquduq.
- Yer yuza shakllarining nomlari – Oqtog‘, Olatog‘, Qoratog‘, Chimqor, G‘ubdin, Bobotog‘, Uchtepa, Qoratepa, Oqtepa, Ko‘kdala, Oqdala, Uzunqir, Uzunqiya, Qoraqiya.
Joy nomlarida xalq hayoti, ishlab chiqarish tarzi, etnik tarkibi, tabiiy muhiti, ma’naviy olami to‘la aks etadi.
Mang‘it, Nukus, Baliqchi, Mirishkor shahar, qishloq nomlari urug‘ nomlaridan yaratilgan.
Oqdaryo, Oqsuv – muz va qor suvlaridan hosil bo‘lgan daryo. Qorasuv, Qoradaryo, Qorabuloq – yer osmon, buloq, ariq suvlaridan yuzaga kelgan daryo. Charmgar, Tirgarom, O‘qchi, Kamongaron, So‘zangaron, Zargarlik – xalqning kabi hunari bilan bog‘liq nomlar. Qayrog‘och, To‘pli, Qizil olma, Mudin - o‘simlik, daraxt nomlari yuzaga kelgan qishloq nomlari.
Qadimgi turkiy til so‘zlaridan yaralgan joy nomlari ko‘p.
Qozoq, Qozoqli, Beshqozoq, nomlarida qadimgi turkiy qazan, qazug‘, qazak, qazuq, (qazilgan, anhor) so‘zi bor. Beshterak, Boyterak, Beshdarak nomlari asosidagi so‘z qadimgi turkiy teringak (buloq, yer osti suvi: band, to‘g‘on) suvi.
Navkat, Navqat, Kat, Metan, Pormetan, Novmetan, Shamaton (Shov+metan) nomlari tarkibida “qo‘rg‘on” ma’nosidagi qadimgi so‘g‘d tiliga mansub kat, metan, romitan so‘zlari mavjud.
Toponimika - onomastikaning joy nomlarini o‘rganadigan bo‘limi. Yunoncha topos-joy, yer, onuma -nom, ism. Ma’lum bir hudud (respublika, voha, viloyat…) joy nomlarining yaratilish va paydo bo‘lishini, nima sababdan joy shu so‘z bilan atalish sababini o‘rganadi. Nom asosidagi so‘z va qo‘shimchalarning ma’nosi, tovush va ma’no o‘zgarishi haqida bahs yuritiladi. Toponimikaning bo‘limlari: oykonimika - aholi yashash maskanlari (shahar, tuman, qishloq, mahalla, guzar)ning nomlarini o‘rganadi; gidronimika – suv havzalari (daryo, ko‘l, hovuz, ariq, quduq, buloq)ning nomlarini o‘rganadi; oronimika – yer yuzasining tuzilish shakllari (tog‘, qir, tepa, dala, dasht, g‘or) ning nomlarini o‘rganadi.
Toponimik lug‘at. Toponimik lug‘at joy nomlari (viloyat, shahar, shaharcha, tuman, qishloq, ovul, mahalla; daryo, ko‘l, ariq, buloq, quduq; tog‘, qir, choqqi, tepa, dala, dasht)ning lisoniy xususiyatlarini yoritish maqsadida tuziladi. Toponimik izohli, imlo, geografik, tarixiy, o‘zlashma nomlar lug‘atlari tuzilishi mumkin. Ma’rifiy, ilmiy, amaliy jihatdan eng ahamiyatlisi – izohli lug‘at. Barcha tur toponimik lug‘atda har bir joy nomiga alohida lug‘at maqolasi yoziladi. Joy nomining rasmiy, ilmiy nomi yozilib, so‘ngra nomning manzili (viloyat, shahar, tuman) ko‘rsatilib, qanday joy (obyekt)ning nomi ekanligi ko‘rsatiladi: Qarshi – Qashqadaryo viloyatining markazi, shahar (1929), tuman (1926), mahalla (2000), ko‘cha(2002). So‘ngra nomga qisqacha lisoniy izoh beriladi, nima uchun obyektning shu nom bilan atalish omili bayon qilinadi, nom uchun asos bo‘lgan so‘z va qo‘shimchaning nom yaralgan davrdagi ma’nosi ta’kidlandi: Qadimgi turkiy tilda qarshi – shoh qasri, ark. Mo‘g‘ul hukmdori Kebekxon (1318-1326) shoh qasri yonida qurdirgan shahar. T.Nafasov, V.Nafasovaning “O‘zbek tili toponimlarining o‘quv izohli lug‘ati” (Toshkent. Yangi asr avlodi, 2007) lug‘ati ana shu tamoyilda tuzilgan o‘quv toponimik izohli lug‘at. Toponimik imlo lug‘at H.Hasanov tomonidan tuzilgan (Teografik nomlar imlosi: Toshkent, O‘qituvchi, 1962). O‘zbekiston hududida hozir amalda bo‘lmagan, iste’moldan chiqqan, o‘tmishda Respublikamiz hududida qo‘llangan joy nomlari haqidagi tarixiy, geografik ma’lumotlar H.Hasanov tomonidan tuzilgan lug‘atlar va yozilgan kitoblarda bayon qilingan.