Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {til}
So‘z bo‘g‘inlari: til
Izoh(lar)i:
til fl

1. 1. Pichoq va shu kabilarni tig‘li narsa bilan uzunasiga kesmoq, qirqmoq, yormoq. Nasimiyni tiriklayin tovonidan tilishgan va terisini shilishgan. Mirtemir, Do‘stlar davrasida
Etlarimni nishtar bilan tilsinlar men sizdan ajralmayman. Hamza, Boy ila xizmatchi
Jilg‘aning boshidan oyog‘igacha so‘qa bilan tilib, ariq ochilsa-da, tog‘olcha bilan yong‘oq ekilsa S. Anorboyev, Oqsoy
Qonli ko‘ylakni Qoratoy ehtiyot bilan tilib, yarani ochdi. Oybek, Tanlangan asarlar

2. 2. Tilim-tilim qilib kesmoq; tilimlamoq. Qovunni tilib qo‘ymoq. Go‘shtni tilib tuzlamoq. Shaharda qorovullik qilamanmi, qovun tilib sotamanmi — mening ishim. Mushtum

3. 3. Yog‘och yoki taxtani uzunasiga arralamoq. Bir kuni mehnat darsida bitta ko‘zlik taxtani tilayotib, elektr arrani sindirib qo‘ydik. E. Raimov, Ajab qishloq
Simyog‘ochlar ham, tilsa, juda so‘ribop ekan. A. Muxtor, Chinor

4. 4. Tirnab yoki yulib, uzun iz hosil qilmoq. Stol ustidagi bir taxta oyna mayda-mayda bo‘lib, Saidiyning bilak va panjalarini tildi. A. Qahhor, Sarob
Salomat butun kuchini yig‘ib, bog‘ma-bog‘ oshib ketdi. Tikanlar oyog‘ini tildi. S. Ahmad, Hukm

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: mavjud emas.

1. til I Ot
jonli mavjudotning og‘zidagi uzun etdan iborat a’zo; fikr ifodalash vositasi

2. til II Fe’l
uzunasiga kesib, tilim-tilim qilmoq

Paronimi: mavjud emas.

Adabiy til umumxalq tilining olim, yozuvchi va shoirlar tomonidan qayta ishlangan, me’yorga solingan, hamma uchun umumiy bo‘lgan, yuqori darajada sayqallashgan shakli. Davlat muassasasi, matbuot, radio, televideniye va ta’lim, madaniyat va ilmda adabiy tildan foydalaniladi. Adabiy til umumxalq tilidan tashqarida bo‘lmaydi. Adabiy til bo‘lishi uchun umumxalq tili yozuv bilan ta’minlangan, qonun-qoidasi aniqlangan, mutaxassislar tomonidan qayta ishlangan bo‘lishi lozim.Adabiy tilning og‘zaki va yozma ko‘rinishi mavjud. Og‘zaki shakl so‘z, tovush, gap, ohang, pauza (to‘xtam) bilan, yozma shakli esa harf, yozuv, tinish belgisi bilan ish ko‘radi. Adabiy tilning og‘zaki va yozma shakli o‘z me’yoriga ega. Uning og‘zaki shakli kishi uchun bevosita, yozma adabiy til esa bilvosita aloqa vositasi. Chunki yozuvda qog‘oz, ruchka, yorug‘lik bo‘lishi kerak. Og‘zaki muloqotda bu shart emas.

Dunyodagi ko‘pgina tilning hozir ham adabiy shakli yo‘q.

Agglutinativ tillar o‘zak va qo‘shimchaning erkin aloqasiga asoslangan tillar. Mas., turkiy, fin-ugor, mo‘g‘ul, dravid, bantu, yapon va boshqa tillar (qiyos. Flektiv tillar). Agglutinativ tillarda so‘z tarkibida ishtirok etayotgan har bir qo‘shimcha bir ma’noni anglatgan holda birin-ketin yopishib kelaveradi: maktabimizgaso‘zida [-imiz]egalik, [-ga]– jo‘nalish; tatar tilida avel – ovul (bosh kelishik), avelda– o‘rin-payt; venger tilida haz – uy, hazba – uyda, hazak – uylar, hazakba – uylarda. Bu tizimdagi tillarda o‘zak va qo‘shimchalar erkin birikib, mexanik ravishda qo‘shilaveradi, lekin o‘zak bilan qo‘shimcha birikib, singib ketmaydi, balki ajralib turadi. Agglutinativ tillartizimidagi turkiy tillar uchun old qo‘shimcha emas (tojik tilidan o‘zlashib qolgan ayrim ba-, be-, no- prefikslardan tashqari), so‘ng (ort) qo‘shimchalar xosdir; qo‘shimchalar o‘zakdan keyin ketma-ket qo‘shilaveradi: ko‘z-lar-im-ning kabi (q. Tillarning morfologik tasnifi).

Arab tili– xom-som tillari oilasining somiy tillari guruhiga kiradi. Som tillari guruhining janubiy tarmog‘iga mansub. Yaqin va O‘rta Sharq hamda Afrika shimolidagi yigirmadan ortiq mamlakatning rasmiy davlat tili. Arab tilida200 milliondan ortiq kishi so‘zlashadi (1997). Qadimgi arab tilieramizdan oldingi V–IV asrga taalluqli. Mumtoz arab tilieramizning V-VII asrlariga xos. Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Forobiy, Marg‘inoniy, Farg‘oniy va boshqalar o‘z asarlarini shu tilda yozgan. Mumtoz arab tilileksik jihatdan biroz o‘zgargan holda arab adabiy tili sifatida hozirgacha amalda. Shuning uchun arab so‘zlashuv tili adabiy tildan keskin farq qiladi.

Arab tiliBirlashgan Arab Amirliklari, Iroq, Sudan, Marokash, Livan, Tunis, Iordaniya, Liviya, Jazoir, Yaman, Suriya kabi davlatlarning davlat tili.

“At-tuhfat uz-zakiyatu fil-lug‘atit turkiya”XV asrning birinchi yarmida noma’lum muallif tomonidan Misrda yozilgan deb taxmin qilinadi. Asarning yagona qo‘lyozma nusxasi Istambulda Valiuddin afandi kutubxonasida saqlanmoqda.

«At-tuhfa» nomi bilan mashhur bu asarda qipchoq tili materiallari izohlanadi. Asar uch qism: kirish, lug‘at, grammatikadan iborat, qipchoq tili morfologiyasi va sintaksisi talqiniga keng o‘rin berilgan. Muallif arab tilshunosligini mukammal o‘rgangan olim, turkiy tildagi barcha grammatik kategoriya va shakllarni arab tilshunosligi atamalari vositasida izohlagan.

Bu nodir yodgorlik asrimizning 20-yillarida turk olimi Fuod Kupruluzoda tomonidan fanga ma’lum qilingan. Polyak, venger, turk olimlari mazkur asar asosida tadqiq ishlari olib borishgan. O‘zbek tiliga 1966- yilda S.Mutallibov tomonidan tarjima qilingan. Asarning mukammal ruscha nashri 1978- yilda E.Fozilov va M.Ziyayevalar tomonidan amalga oshirilgan. “At-tuhfa”da bayon qilingan ko‘pgina fikrlar hozirgi turkiyshunoslik uchun ham o‘z qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Turkiy tillarning tarixiy grammatikasini yaratishda “At-tuhfa”qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.

 

Avstraliya tillari oilasiAvstraliya tub aholisi tillari. Papua, miriam va tasman tillari bundan mustasno. Tillarning umumiy soni 200 dan 600 gacha deb hisoblanadi. Avstraliya tillariquyidagicha tasniflanadi: 1) Shimoliy Kimberlin tillari (varoro, kokoyimidir va boshqalar.); 2) Janubiy-Sharqiy adabiy tillari (buandiq, kulin, kurpai va boshqalar.); 3) Markaziy Avstraliya tillari(parnkala, diyeri, aranta va boshqalar.); 4) G‘arbiy Avstraliya tillari(yungar, loritya va boshqalar.) hamda Kvinslent va Yangi Uels tillari. Ularning lug‘at tarkibi boy, ko‘p ma’noli so‘z ko‘p. Bugungi kunda Avstraliya tillarining ko‘pi yo‘qolib bormoqda.

 

B

Bobo tilbir tildan tarqalgan deb taxmin qilinuvchi, tuzilishi va boshqa xususiyati birbiriga yaqin, o‘xshash bo‘lgan tillar yoki bir butun holda til oilasi, unga asos bo‘lgan til. Mas., turkiy tillar, xususan, o‘zbek tili tarixi oltoy bobo tilidan boshlangan. Manbalarda ko‘rsatilishicha, oltoy bobo tiliilk bor tungus-manchjur va turk-mo‘g‘ul tillariga, so‘ng turk-mo‘gul tili o‘z navbatida turk va mo‘gul tiliga ajralgan. Shuningdek, lotin tili – roman, ya’ni fransuz, italyan, ispan, rumin va boshqa tillar uchun bobo til.

Bolqar tiliQorachoy-Cherkasiya va Kabarda-Bolqariyada yashovchi qorachoy va bolqariya xalqlari tili. Turkiy tillarning qipchoq lahjasiga mansub. Asosiy dialektlari: a) qorachoy-boqson-chegem (“ch” lashgan); b) molqor (“ts”lashgan). Adabiy tilga birinchisi asos bo‘lgan.

Bolqar tilining xususiyati quyidagilar: 1) ba’zan so‘z boshidagi “y” tushib qoladi: yaxshi – axshi; 2) birlikning birinchi va ikkinchi shaxsi hamda qaratqich kelishigi qo‘shimchalari oxiridagi undosh tushib qoladi: men – me, sen – se, ning – ni; 3) o‘nlik sonlar quyidagicha yasaladi: bir o‘n (o‘n), eki o‘n (yigirma), uch o‘n (o‘ttiz) yoki bir jiyirma – yigirma, eki jiyirma – qirq, uch yiyirma – oltmish; 4) leksikasida osetin, adigey tillaridan so‘zlar o‘zlashgan.

Bolqon turklari tiliturkiy tillarningo‘g‘iz guruhiga kiruvchi, Bolqonda yashovchi turklar tili. Bolqon turklari tilikelib chiqish jihatidan turli-tuman, ikki guruhga ajratiladi. Birinchi guruhga makedoniya gagauzlari, surg‘uch, gajallar tili kiradi va ular gagauz tiliga yaqin. Ikkinchi guruh turklari yuruqlar, karamanliklar, qizilboshlar, turk va ozarbayjon tillariga o‘xshaydi.

Boshqa tildan o‘zlashgan so‘zning talaffuzida o‘ziga xos me’yorlar bor. Ular quyidagilar: 1.Turkiy tillarda, ma’lumki, f undoshi bo‘lmagan, shuning uchun jonli so‘zlashuvda arab, fors va rus tillaridan o‘zlashgan so‘zlardagi «f»ni «p» deb talaffuz qilish hollari uchraydi: ulfat>ulpat, faner>paner, ferma>perma kabi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida ularni «f» bilan talaffuz qilish me’yor holiga kelgan. 2. So‘z yoki bo‘g‘in boshida undosh tovushlarning qatorlashib kelishi turkiy tillarga xos bo‘lmagan. Bu hodisa keyinchalik boshqa tillardan o‘zlashtirilgan so‘zlar talaffuziga ham ta’sir qilgan – jonli so‘zlashuvda so‘z yoki bo‘g‘in boshida yoxud bo‘g‘indagi ikki undosh orasida bir unlining orttirilishiga olib kelgan: shkaf > ishkop, stakan > istakon, plan > pilon, traktor > tiraktir kabi. Bunday holat so‘z oxirida ham uchraydi: aql > aqil, fikr > fikir, ilm > ilim, hukm > hukum kabi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida bunday so‘zlarni asl holicha (unli orttirmay) talaffuz qilish orfoepik me’yor sanaladi. Bunday me’yor shu tipdagi so‘zlarning yozuvdagi shaklini (imlosini) to‘g‘ri belgilashga ham yordam beradi. 3. Umumturkiy so‘zlarda ikki unli yonma-yon qo‘llanmaydi, bu hol arab tilidan o‘zlashgan oila, doir, rais, maorif, saodat, mutolaa kabi so‘zlar talaffuziga ta’sir qilgan: oila, doir, rais so‘zlarida bitta «y» orttirilgan (oyila, doyir, rayis kabi), maorif, saodat, mutolaa so‘zlari esa unlilarning diftonglashuviga – mo:rip, so:dat, mutola: kabi talaffuz qilinishiga olib kelgan. Keyingi bir asr ichida rus tilidan so‘z o‘zlashtirishning faollashganligi, ruscha o‘zlashmalarning rus tilidagi talaffuz va imlo me’yorlarini o‘zbek tiliga aynan singdirish an’anasining ustun bo‘lganligi o‘zbek tilida ikki unlining so‘z tarkibida yonma-yon kelishini orfoepik va orfografik me’yorga aylantirdi: biologiya, geometriya, geologiya, geodeziya va boshqalar. Bu hol arabcha o‘zlashmalarda (oila, doir, rais, maorif, saodat, matbaa, mutolaa kabilarda) ham ikki unlining yonma-yon talaffuz qilinishi va yozilishini me’yor darajasiga ko‘tardi. 4. Arab tilidan o‘zlashtirilgan ta’na, da’vo, ma’no, e’lon, me’mor, mo‘tabar kabi so‘zlarning birinchi bo‘g‘inidagi unlilar cho‘ziqroq talaffuz etiladi. 5. Rus tilidan o‘zlashgan so‘zlarda «i» unlisi o‘zbek tilining «i» unlisidan torroq va cho‘ziqroq talaffuz etiladi. tish (o‘zb.) – tip > ti:p (rus.), til (o‘zb.) – tir > ti:r (rus.) kabi. 6. Ruscha leksik o‘zlashmalarning urg‘usiz bo‘g‘inidagi «e» unlisi o‘zbekcha «e»dan ancha tor («i»ga yaqin) talaffuz etiladi: telefon > tilifon., televizor > tilivizir, adres > adris kabi. 7. Rus tili orqali o‘zlashgan so‘zlarda «a» unlisi o‘zbekcha «a»dan yo‘g‘onroq talaffuz etiladi: kana (o‘zb.) – kanal (rus) kabi. 8. Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlardagi o‘rta keng, lablangan «o» unlisi urg‘uli bo‘g‘inda o‘zbek tilidagi o‘rta keng, lablangan «o‘»dan kengroq talaffuz etiladi: ton (rus.) – to‘n (o‘zb.), tok (rus.) – to‘q (o‘zb.), tort (rus.) – to‘rt (o‘zb.) kabi. 9. Jonli tilda «r» bilan boshlangan arabcha, forscha va ruscha so‘zlarning boshida bir «o‘» tovushining orttirilishi ancha keng tarqalgan: ro‘za>o‘raza, rus>o‘ris, ro‘mol>o‘ramol kabi. Adabiy talaffuz me’yori sifatida ro‘za, rus, ro‘mol shakllari saralangan. 10. Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlarning oxirida lab-tish «v» undoshi jarangsiz «f» tarzida talaffuz qilinadi: aktiv > aktif, passiv > passif, ustav > ustaf, kursiv > kursif kabi; «v»ning jarangsizlanishi so‘z ichidagi assimilyativ holatda ham yuz beradi: avtomat > aftomat, stavka > stafka kabi. Bunday talaffuz adabiy til uchun me’yor sanaladi, ammo o‘zbek tilining o‘z so‘zlarida qo‘llanadigan lab-lab «v» undoshi so‘z oxirida ham, jarangsiz undosh ta’sirida ham «f» ga o‘tmaydi: ov, birov, ovqat, shavkat kabi. (Bu holat ham orfoepik me’yor sanaladi). 11. Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zning ko‘pchiligida urg‘u erkin bo‘ladi, bu hol o‘zbek adabiy tili va talaffuziga ham singib bormoqda: atlas, trolleybus, tramvay kabi. 12. O‘zbek tilidagi urg‘u asosan so‘zning oxirgi bo‘g‘iniga tushadi, ammo ayrim o‘zlashgan so‘zlarda urg‘u so‘zning oldingi bo‘g‘inlarida bo‘lishi ham mumkin: hamma, jami, hamisha, afsuski kabi. Bunday holatlardan xabardor bo‘lish adabiy talaffuz me’yoriga amal qilish imkonini beradi.

 

Boshqird tiliboshqird xalqining tili.Turkiy tillar g‘arbiy tarmog‘ining qipchoq guruhiga kiradi. Boshqird tilida 1 millionga yaqin kishi so‘zlashadi (1992 yildagi ma’lumot). Ikkita asosiy shevasi bor: a) janubiy (yurmata); b) sharqiy (quvaqan). Boshqird tiliturkiy tillardan tatar tiliga yaqin turadi, faqat talaffuz va qisman grammatik jihatdan farqlanadi. Yozuvi arab (1929- yilgacha), lotin (1929–1939) va kirill (1940- yildan) alifbolari asosida.

 

Chig‘atoytiliatamasi mo‘g‘ul istilosidan keyin paydo bo‘lgan. Chingizxonning o‘rtancha farzandi bo‘lgan Chig‘atoy O‘rta Osiyo va Afg‘onistonda hukmronlik qilgan. Natijada chig‘atoy yurti, chig‘atoy ulusi, chig‘atoy adabiyoti, chig‘atoy tili degan atama iste’molga kirgan

Barcha davlat hujjati davlat tilida yoziladi, yig‘in, anjuman va qurultoy shu tilda olib boriladi. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga Davlat tilimaqomi berildi va 1990-yil 19-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «Davlat tili to‘g‘risida»gi 30 moddadan iborat Qonun qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Asosiy Qonunining 4 moddasida, «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunning 1 moddasida shunday deyilgan: «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir». Shuning uchun ham mamlakatimiz fuqarolari har yili 21-oktabrni til bayrami sifatida nishonlaydi. Qonun O‘zbekiston xalqi sobiq Sho‘ro davlati tarkibida bo‘lgan vaqtda qabul qilinganligi sababli mustaqillik qo‘lga kiritilgandan keyin uni qayta ko‘rib chiqish zarurati paydo bo‘ldi. Shuning uchun 1995yil 21dekabrda yangi tahrirdagi «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. Avvalgi 30 moddadan iborat Qonunning 11 moddasi chiqarilib, 5 modda yangidan qo‘shildi. Natijada u 24 moddadan iborat bo‘ldi.

Dravid tillar oilasiHindistonning janubi-sharqi va janubi-g‘arbi, shuningdek, Seylon orolining shimolida yashovchi aholining tili. Bu oilaga tamil, malayalam, kannara, telugu, broxui va boshqa bir qancha kichik tillar kiradi

Dunyoda taxminan 3000 dan (ba’zi adabiyotda ular 3000 dan 7000 gacha sanaladi) ortiq til bor. Bu tilning ayrimida bir necha o‘n, hatto yuz millionlab kishi gaplashsa, ba’zisidan bir necha ming kishigina foydalanadi, xolos. Mas., Kongoda aholi 500 tilda, Indoneziyada 250 tilda, Sudanda 117 tilda gaplashadi. Xitoy tilida hozir bir milliardga yaqin kishi so‘zlashsa, chukot va vele tilida bor-yo‘g‘i bir necha ming kishi muloqotda bo‘ladi. Kavkaz tog‘ida joylashgan Dog‘istonda 1 milliondan ortiq aholi bo‘lib, ular 40 ga yaqin tilda so‘zlashadi. Yangi Gvineyada deyarli har bir qishloq aholisi o‘z tiliga ega. Dunyodagi 200 tilning har birida 1 milliondan ortiq, 70 tilning har birida 5 milliondan ziyod, faqat 13 tilning har birida 50 milliondan ortiq kishi so‘zlaydi. Qolganining har birida esa 1 milliondan kam kishi gaplashadi.

Angliya, AQSH, Kanada kabi mamlakat fuqarosi, asosan, ingliz tilida, Ispaniya, Kuba, Chili, Meksika fuqarosi, asosan, ispan tilida gaplashadi. Demak, tilning tarqalish, ishlatilish doirasi va nomlanishi har xil. Jahon tili orasida nomi bir tovushdan iborat til ham mavjud. Bu I tili. I tili Xitoyning Sichuan, Yunnan, Guyjou viloyatlariga tarqalgan.

Dunyo tillari tasnifi. Olimlar tillar orasidagi o‘xshashlikni ko‘rsatuvchi dalilni o‘rganib borishgan. O‘zbek tilidagi ona so‘zining ruscha mat, bulg‘orcha moyka, polyakcha matka, litva tilida mamina, nemischa mutter, fransuzcha mere, tojik tilida modar kabi muqobilga o‘xshashligi bunga misol bo‘la oladi. Kuzatish va qiyoslash tasnifga olib kelgan. Tilni o‘xshashlik va farqqa ko‘ra guruhlash til tasnifi (klassifikatsiyasi) deyiladi. Tilshunoslikda tilni tasniflashda, odatda, ikki belgi qo‘llanildi: morfologik vagenetik (q. Morfologok tasnif, Genetik tasnif). Biz uchun genetik (geneologik) tasnif muhim. Genetik tasnif tilni o‘zaro qarindoshligi asosida guruhlaydi. Morfologik tasnifda tillar grammatik xususiyatiga ko‘ra tasnif qilinadi.

Eski o‘zbek adabiy tili – XIV asrning birinchi yarmidan boshlab XIX asrlargacha amalda bo‘lgan adabiy til.

Bu davrga kelib bugungi kunda amal qilayotgan turkiy tillar bir-biridan juda ko‘plab belgilari asosida farqlanib, mustaqillik kasb eta bordi. Xususan, eski o‘zbek adabiy tili ham vujudga keldi. Shuningdek, yozma adabiyot ommalashmaganligi tufayli adabiy til zaifroq, yozma manbalarda shevaga xos xususiyatlar ko‘plab ko‘zga tashlanadi. Chunonchi, Farg‘ona va Movaraunnahrda yozilgan asarlar tili Xorazm vohasida yaratilgan asarlar tilidan ma’lum dialektik xossalari bilan ajralib turar edi. Shuningdek, o‘g‘iz lahjasi o‘zbek tilini bugungi kunda ham turkiy tillarning o‘g‘iz guruhi bilan bog‘lab turganligi sababli unda har ikki tomon xususiyatlari qaysidir darajada saqlanishi tabiiy hol. O‘zbek tilining qipchoq lahjasi va turkiy tillarning qipchoq guruhi haqida ham shunday fikr aytish mumkin.

Shunday bo‘lsa-da, bu davrda mavjud shevaviy xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtirgan umumiy o‘zbek adabiy tilini shakllantirishga intilish kuchayadi. Pirovardida eski o‘zbek adabiy tili shakllandi. Bu tilda quyidagi asosiy yozma manbalar yaratildi: Xorazmiy «Muhabbatnoma»si, Said Ahmadning «Taashshuqnoma»si, Qutbning «Xisrav va Shirin» asari, Sayfi Saroyining «Guliston»i, Durbekning «Yusuf va Zulayho» dostoni. Shuningdek, Lutfiy, Atoyi, Sakkokiy, Yaqiniy, Ahmadiy, Yusuf Amiriy, Mirhaydar, Alisher Navoiy, Bobur, Muhammad Solih asarlari shu davr tilida. Bu davr tili o‘zbek tiliga birmuncha yaqin. Mas., oldingi bosqichlardagi d tovushi to‘la y tovushiga aylandi. Shart mayli qo‘shimchasi -sa ga aylanib bo‘ldi. Kelishiklar bugungi qiyofasini topdi. Ravishdosh va sifatdosh shakllari kengaydi. Harakat nomining -moqshakli iste’moli kengayib, -ishshakli faollashdi va boshqalar.

 

Eski turkiy til XI–XIV asrlarda amalda bo‘lgan. Bu tilda «Qutadg‘u bilig», «Hibatul haqoyiq», «Devonu lug‘otitturk», «O‘g‘uznoma», «Muhabbatnoma», «Qissasi Rabg‘uziy» kabi mashhur adabiy asarlar bitilgan.

Eski turkiy til XI–XIV asrlarda amalda bo‘lgan. Bu tilda «Qutadg‘u bilig», «Hibatul haqoyiq», «Devonu lug‘otitturk», «O‘g‘uznoma», «Muhabbatnoma», «Qissasi Rabg‘uziy» kabi mashhur adabiy asarlar bitilgan.

Flektiv tillartillarning morfologik tasnifiga asosano‘ziga xos grammaik tuzilishga ega bo‘lgan tillar turi.Bunday tipga, avvalo, Hind-Yevropa, som-xom tillari kiradi. Agglutinatsiyadan (q. Agglutinativ tillar) farqli ravishda, fleksiyada o‘zakka affiks alohida, mustaqil qo‘shilmaydi, balki unga singib ketadi, natijada o‘zak shaklini, tarkibini o‘zgartiradi. Ingliz, nemis, rus va fransuz, ayniqsa, arab tillari misolida flektiv tillarlarning morfologik asoslarini kuzatish mumkin: ingliz tilida begin-began, find-found, bring-brought va ko‘plik formalari: goose-geese, foot-feet, tuth-tooth; nemis tilida: schreiben-schrieb, fahren-fuhr; bruder (aka-uka) – bruder, buch-bucher va hokazo. Rus tilida ko‘plab so‘zlar fleksiya formalarida ifodalanadi: viju (videt); fransuz tilida undosh tovushlarning almashishi sifatning rod formalarini ham o‘zgartiradi: a) grand – katta (bolshoy– muj. r.) ([d] tovushi talaffuz qilinmaydi.) b) grande – (bolshaya – jen.r.) ([d] talaffuz qilinadi.) Flektiv tilning tipik ko‘rinishi – arab tili. Bunda o‘zak-negiz faqat undosh tovushlardan iborat “formula”, yangi ma’noli so‘zlar unli tovushlar qo‘shilishi natijasida hosil bo‘ladi: HBB – hubub (sevmoq), uhbub – sev; mahbub – oshiq, sevimli; mahbuba – ma’shuqa, sevimli ayol; muhabbat-ishq, sevgi; habib, habiba-sevimli, sevgili; KTB-kataba – yozdi, katib – kotib, yozuvchi, kitab – kitob, akteb – yozmoq, maktab – idora yoki maktab – makaatib – idoralar, maktub – xat, noma, yozilgan narsa. Flektiv tillarning agglutinativ tillardan ajralib turadigan yana bir morfologik jihati-qo‘shimchalarning ko‘p ma’noli va polifunksionalligi. Rus tilida: videl so‘zidagi[-yel] qo‘shimchasi zamon (o‘tgan), son (birlik), shaxs (I), mayl, rod ma’nolarini ifodalaydi.

Fransuz tili – hind-yevropa tillari oilasining roman guruhiga mansub til; Fransiya, Fransiya Gvianasi, Gaiti, Monako, Benin, Gabon, Gvineya, Kongo Demokratik Respublikasi, Kongo Respublikasi, Kot d’Ivuar, Mali, Markaziy Afrika Respublikasi, Niger, Senegal, Togo, Chad davlatlarining rasmiy tili; Belgiya Qirolligi, Shveytsariya Konfederatsiyasi, Kanada, Luksemburg, Andorra, Kamerun, Madagaskar, Burundi, Ruanda, Komor orollari, Federativ Islom Respublikasi, Jibuti, Vanuatu, Seyshel orollari davlatlaridagi rasmiy tillardan biri. Shuningdek, Italiya, AQS’H hududlarida ham tarqalgan. BMTning rasmiy va ishchi tillaridan. 100 milliondan ortiq aholi gaplashadi.

Fonetik xususiyati: urg‘u, asosan, so‘nggi bo‘g‘inga tushadi, urg‘u ta’sirida unlilar o‘zgarishi, unlilar o‘rtasidagi va so‘z oxiridagi undoshlarning tushib qolishi kuzatiladi.

Morfologik xususiyati: so‘zlar morfologik jihatdan o‘zgarmaslikka moyil, murakkab zamon, nisbat, qiyosiy darajaning analitik shakllari farqlanadi. Bir qancha grammatik ma’nolarning ifodalanishi sintaksis bilan bog‘lanadi. Yordamchi so‘zlar keng qo‘llanadi. Fe’lda to‘rt mayl, uch nisbat va keng tarmoqli zamon shakllari farqlanadi.

Gagauz tiligagauzlar tili. Turkiy tillarning janubi-g‘arbiy (o‘g‘uz) guruhiga mansub. Moldaviya va Ukrainaning janubida, shimoliy Kavkaz, Ruminiya, shimoli-sharqiy Bolgariyada tarqalgan. So‘zlashuvchilarning umumiy soni 220 ming kishi (1990 – yildagi ma’lumot). Bu til leksikasida bolgar, rus, moldavan kabi qo‘shni tillarning ta’siri bor. Fonetikasidagi asosiy xususiyat shuki, ikkilamchi cho‘ziq unlilar mavjud, diftonglashuvning yuzaga kelishi hamda so‘z boshida yuqori va o‘rta ko‘tarilishdagi unlilar oldidan undoshlarning “y”lashuvi. Ko‘pgina undoshlar old qator unlilar bilan yonma-yon kelganda yumshaydi. Gapda so‘zlar erkin tartibda keladi. Yordamchi so‘zlar vositasida birikma hosil qilish rivojlangan. Ikki lahjasi bor: chodirlung-qumrat (markaziy) va vulkanesht (janubiy). Yozuvi 1957-yilda qabul qilingan, kirill grafikasiga asoslangan.

Bu oilaga slavyan guruhi (belorus, rus, ukrain, slovak, chex, polyak, makedon, serb, xorvat, sloven tili), german guruhi (ingliz, nemis, shved, norveg, dat, island, golland tili), roman guruhi (fransuz, ispan, portugal, italyan, rumin, moldavan tili) boltiq guruhi (litva, latish, latgal tili), eron guruhi (fors, afg‘on, osetin, kurd, tojik tili), hind guruhi (hind, urdu, bengal, panjob, gujarat tili) kiradi.

 

Hozirgi o‘zbek adabiy tiliXX asr boshidan hozirgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrda Fitrat, Cho‘lpon, A.Qodiriy, A.Qahhor, G‘afur G‘ulom, H.Olimjon va boshqa adiblar asarlar yaratdi. Bu til XX asrdan boshlab shakllandi.Hozirgi o‘zbek adabiy tili mustaqil o‘zbek millatining milliy adabiy tili. Ma’lumki, til ijtimoiy hodisa bo‘lganligi sababli undagi o‘zgarishlar ijtimoiy o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda o‘zbek tilining XX asrdagi taraqqiyoti juda katta tarixiy evrilishlar jarayonida yuz berdi. XX asrning boshlarida gazeta, jurnallarning tili panturkizm g‘oyalari ta’siriga haddan tashqari berilish natijasida juda chalkash bir ahvolda edi. Ularda iste’moldagi arab, fors so‘zlari turk, ozarbayjon, qadimiy turkiy so‘zlar bilan almashtirilgan va baribir, omma tilidan uzoqlashgan edi. Ba’zi bir oqimlar tilni tozalash bayrog‘ini baland ko‘tarib, jonli tildan ancha yiroq bo‘lgan eski o‘zbek tili («chig‘atoy tili») ni adabiy til sifatida qabul qilish fikrida bo‘ldilar. Abdurauf Fitrat turk (o‘zbek) tilining ayanchli ahvoli haqida «dunyoning eng boy tili turkchadir, eng baxtsizi yana shul turkchadir» degan xulosaga kelgan edi. U buning sabablari xususida to‘xtalib: «Turklarning baxtsizligi arab bosqini bilan bog‘lanmishdir. Dunyoning eng boy tili bo‘lg‘on turkchamiz yolg‘uz arabcha yumruqlar bilan emas, forsiycha tepkilar bilan dag‘i ezilmishdir» - deydi kuyunib. Markaziy Osiyo Rossiya tomonidan bosib olingandan so‘ng bu yerdagi millatlar ustida ham ulug‘davlatchilik va ulug‘millatchilik mafkurasi o‘rnatila boshladi. Kuchli mafkuraviy tazyiqlar natijasida hukmron tilga nisbatan ijobiy munosabat ham paydo bo‘la boshladi. Jonli nutqda, hatto she’riy asarlarda ham ruscha so‘zlarni ishlatish hollari kuzatila boshladi. Buni Muqimiy, Zavqiy she’rlaridagi durak, chert, vot, poshyol so‘zlari isbotlaydi. 1917- yilgi Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng nafaqat ruscha, balki sovetizm deb ataluvchi so‘zlar ham tilimizda hisobsiz darajada ko‘payib bordi. U mavjud so‘zlarimizni ham siqib chiqara boshladi. Mas., pioner (kashshof), propaganda (targ‘ibot), agitatsiya (tashviqot), yedinitsa (birlik), grajdan (fuqaro), problema (muammo), poeziya (she’riyat) kabi. Rus tili hukmronligi kuchayishi natijasida boshqa milliy tillar kabi o‘zbek tili ham o‘zbek millatiga mansub kishilarning o‘zaro suhbat tiliga aylanib, rasmiy doiralardan siqib chiqarila boshladi. Rus tilida gaplashishlariga qarab kishilarni «madaniyatli» va qoloq kishilarga ajratish urf bo‘ldi. Yig‘inlar rus tilida olib borilar, barcha rasmiy hujjatlar va ish qog‘ozlari rus tilida yuritilar edi. Oliy o‘quv yurtlardagi asosiy mashg‘ulotlar rus tilida o‘tilar edi. Umuman olganda, o‘tgan asrning 80- yillariga kelib, O‘zbekistonda ham rus tili mutlaq hukmronlikni qo‘lga oldi va o‘zbek tilining vazifa doirasi keskin toraydi. Mamlakatdagi bu kabi boshqa ijtimoiy jarayonlar kuchayishi sobiq Sho‘ro hududida milliy istiqlol harakatiga turtki bo‘ldi. Milliy respublikalar milliy mustaqillik, milliy tillarga davlat tili maqomini berish talablari bilan chiqdilar. Bu jarayon O‘zbekistonda ham kuchli portlashlar asosida vujudga keldi. Natijada 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi unga tom ma’noda mustaqillik baxsh etdi. U tobelik kishanlaridan butkul xalos bo‘lib, mustaqil rivojlana boshladi. 1991-yilda O‘zbekistonning alohida davlat sifatida istiqlolga erishuvi o‘zbek tili davlat tili maqomining abadiyligini kafolatladi.

Ingliz tili Hind-yevropa tillari oilasining g‘arbiy german tillari guruniga mansub. Ingliz tiliBMTning rasmiy ish yuritish tillaridan biri, Buyuk Britaniya, Irlandiya, AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Osiyo va Afrikadagi ko‘pgina mamlakatlarda tarqalgan. Bu tilda 400 milliondan ortiq kishi gaplashadi (1992). Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya, AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Kanada (fransuz tili b-n birga), Irlandiya (Irland tili bilan birga), Hindiston va 15 ta Afrika davlati (JAR, Nigeriya, Gana, Uganda, Keniya, Tanzaniya va boshq.) da rasmiy davlat tili sifatida qo‘llaniladi.

Ingliz tilieramizdan avvalgi V–VI asrlarda qadimgi german qabilalari (ingliz, saks va yut)ning tillaridan kelib chiqqan. Qadimgi ingliz tili(VII–XI asrlar) anglosaks deb atalgan va 4 shevaga ega bo‘lgan: nortumriy, mersiy , uessk va kent. IX–XI asrlarda uessk shevasi asosida adabiy ingliz tilishakllangan. XVI–XVII asrlarda yangi ingliz tilivujudga keldi.

Hozirgi ingliz tilio‘z hududiy shevalariga ega. Buyuk Britaniyada shotland shevasi, shimoliy; janubiy; markaziy shevalar guruhi, AQSHda sharqiy, o‘rta Atlantika (markaziy), jan, sharqiy, o‘rta, g‘arbiy shevalar guruhi mavjud. Boshqa german tillaridan analitik qurilish belgisi bilan farqlanadi. Grammatik munosabatlarni ifodalash yordamchi so‘zlar (artikl, yordamchi fe’llar, predloglar) va so‘z tartibi katta ahamiyatga ega. Ingliz tiliboshqa tillar (lotin, fransuz, italyan, ispan va boshq.) dan 70 % ga yaqin so‘z olgan. Ingliztilining amerikacha variantini Buyuk Britaniya variantidan shu bilan izohlash mumkinki, Shimoliy Amerikaga dastlab ko‘chib kelganlar (1607) London va uning atrofidan, keyingilar esa Shimoliy Britaniya va Irlandiyadan kelishgan. AQSH tilida Britaniyadagi singari aniq farqlangan shevalar yo‘q. Ingliz tilining amerikacha va Buyuk Britaniya variantlari o‘rtasidagi farq leksikada va ma’lum darajada fonetikada namoyon bo‘ladi. Grammatikasidagi farq sezilarli emas. Ingliz tilining Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, JAR va Hindiston variantlari xususida ham shunday fikrni aytish mumkin. Ingliz tiliyozuvi lotin alifbosida.

Ispan til Hind-Yevropa tillari oilasining roman tillari guruhiga mansub. Ispan tilida 320 milliondan ortiq kishi so‘zlashadi (1990- yilgi ma’lumot). Ispaniya va Lotin Amerikasidagi 19 mamlakatning rasmiy tili. Shuningdek, Peruda kechua, Boliviyada kechua va aymara, Puerto-Rikoda ingliz tili bilan birga qo‘llanadi. Filippin va va AQSHning janubi-g‘arbida ham tarqalgan. Jonli lotin tili asosida shakllangan, ko‘p dialektli, lug‘ati tarkibida arab tilidan o‘zlashgan so‘zlar anchagina. Ispan adabiy tiliga kastil dialekti asos qilib olingan. Shuning uchun bu til XV asrgacha “kastil tili” deb ham atalgan. Ispan tiliga oid dastlabgi yozuv namunalari X–XI asrga oid rasmiy hujjatlarda uchraydi. Ispan tilitovush qurilishi uchun 5 unli, diftong va triftonglar xos. Urg‘uning o‘rni qat’iy emas. Ot va sifat turlanmaydi, jins va son kategoriyalari, artiklning 3 turi (aniq, noaniq va nol) mavjud. Faqat kishilik olmoshlari turlanadi. Gapda so‘zlar tartibi nisbatan erkin. Yozuvi lotin alifbosi asosida. Ispan tili– BMTning olti rasmiy va ish yuritish tilidan biri.

Bu oilaga g‘arbiy guruh (abxaz, abazin, adigey, kabardin, ubix tili), nax guruhi (chechen, ingush, batsbiy tili), dog‘iston guruhi (avar, dargin, lezgin, lak, karatin, gunzib tillari), janubiy guruh (megrel, chan, gruzin, kartali, svan, guriy va boshqa tillar) kiradi.

Koreys til Oltoy tillariga, ba’zan Tungus-manjur tillariga kiradi, deb taxmin qilinadi. KXDR va Koreya Respublikasining rasmiy tili. Bu tilda 60 million kishi so‘zlashadi. Uning genetik jihatdan boshqa tillar bilan bog‘liqligi aniqlanmagan. Koreys tilining shimoli-sharqiy, shimoli-g‘arbiy, markaziy, janubi-sharqiy, shimoliy va janubiy shevalari bor. Koreys tilida 40 fonema (19 undosh, 21 unli) mavjud. Morfologik jihatdan agglutinatsiya rivojlangan. Fe’l zamonlari hozirgi, 2 o‘tgan, 2 kelasi zamon shaklidan iborat. Son kategoriyasida birlik va ko‘plik shakli farqlanmaydi. Hisbat kategoriyasi hamma fe’llarga xos emas. Leksikasida xitoy tilidan, sanskpit, mo‘g‘ul va ba’zan Yevropa tillaridan o‘zlashgan so‘zlar bor. Koreys tili1993- yilgacha “standart til”, 1966- yilda “milliy til” (munxbao) deb atalgan. Bu tilning 2 turi ham KXDR hamda Koreya Respublikasida qo‘llanib kelinadi. KXDRda koreys yozuvi, Koreya Respublikasida xitoy-koreys aralash yozuvi qo‘llaniladi.

Mazkur tillar oilasiana’anaga ko‘ra 4 guruhga bo‘linadi: indonez, polinez, melonez va mikronez tillari. Mazkur tillar o‘zagini malay, polinez tillari tashkil qiladi. Malay-polinez tillari oilasi avstronez tillari ham deb yuritiladi. Hozirgi tasniflarda Tayvan avstronez tillari qolgan avstronez tillariga qarama-qarshi qo‘yiladi. Ulardan Okeaniya (sharqiy avstronez) shoxobchasi ajralib turadi.

No‘g‘ay tiliturkiy tillar oilasiga mansub, Rossiya Federatsiyasining ChechenistonRespublikasida, Stavroipol (jumladan, Qorachoy Cherkes Resbublikasi) va Krasnodar o‘lkalarining bir qator tumanlarida tarqalgan. Oqno‘g‘ay, no‘g‘ay, qorano‘g‘ay lahjalariga bo‘linadi. 60 mingga yaqin kishi so‘zlashadi. Fonetik va grammatik xususiyatlari bilan qozoq va qoraqalpoq tillariga yaqin. Mas., umumturkiy “ch” va “sh” tovushlari “sh” va “s” tarzida talaffuz qilinadi (qish –qis, tash – tas).

Adabiy shakli 20- yillarda shakllangan; uning ta’sirida dialektal farqlar yo‘qolib bormoqda. Yozuvi 1924–28-yillarda arab alifbosi, 1928–38-yillarda lotin alifbosi asosida bo‘lgan. 1938-yildan esa rus grafikasi asosidagi alifbodan foydalaniladi.

 

O‘lik tilqadimda qo‘llanib, shu tilda gaplashgan xalqning turli sabab bilan yo‘q bo‘lib yoki boshqa xalqqa qo‘shilib, o‘zga tilda gaplashib ketishi natijasida iste’moldan chiqib, muomalada ishlatilmaydigan bo‘lib qolgan, bugungacha faqat yozma manba orqali yetib kelgan til. Mas., lotin, qadimgi hind yoki sanskrit, qadimgi slavyan, qadimgi xorazmiy, qadimgi arab, qadimgi fors, so‘g‘d tili va boshqalar.

Lotin tili qadimgi Rim imperiyasining rasmiy tili sifatida mavjud bo‘lgan. Imperiya yemirilgandan keyin asta-sekin o‘lik tilga aylana borib, hozirgi davrda qoldig‘i ilmiy atama sifatida uchraydi. Lotin tili o‘rta va oliy tibbiyot o‘quv yurtidagina o‘qitiladi. Lekin bu uning muomalada ekanligini ko‘rsatmaydi.

Eroniy tilning sharqiy turkumiga kirgan qadimgi xorazmiy tilida qadimgi Xorazm aholisi gaplashgan. Bu til XI asrgacha muomalada bo‘lgan. So‘ngra iste’moldan chiqib, o‘lik tilga aylangan (qiyos. Tirik til).

Bu tip tillar qo‘shimchali tillarga zid qo‘yiladi, chunki bunda grammatik munosabat ifodalovchi affikslar bo‘lmaydi. Grammatik ma’nolar yordamchi so‘zlar, so‘z tartibi, intonatsiya, urg‘u (ularning musiqaviyligi kuchli) yordamida yuzaga chiqadi. Xitoy, birma, tay, tibet va boshqa Janubi-Sharqiy Osiyo tillari kiradi. Xitoy tili o‘zakli (ajratuvchi) tillarning tipik vakili hisoblanadi. Bunda analitik tarkibli so‘zlarda suffiks o‘rnida mustaqil so‘z, morfema qo‘llaniladi. Mas., (gunjen - ishchi) ish + odam tarkibli; nuyjen – ayol. Bunday polusuffikslar talaygina: sza, ish, sin, xau. Sza (sze, za): fansza-uy, chjozsa-stol, itsza-stul, putsza-do‘kon va hokazo. Xitoy tilida so‘zlarning gap bo‘laklari bo‘yicha guruhlanishi ham o‘ziga xos. Otlar, gapda subyekt, obyekt, atribut, ot-kesim bo‘lib kelishi mumkin, shuningdek, xitoy tili otlari predlog va posleloglar bilan mos: szay chjotsza shan-stolda, szay Moseke-Moskvada, utsza li-ko‘chada. Ot turlanmaydi, rod va son shakliga ega emas. Xitoy tilidagi fe’llar esa bog‘lamasiz ham kesimga aylanishi mumkin: Ma paoOt yuguryapti; Ta kan bao – U gazeta o‘qiyapti; Vo chi – Yeyapman. Xitoy tilida so‘z ko‘p ma’noli va polifunksional (bir necha vazifalarda). Mas., xao so‘zi turli so‘z birikmalari va kontekstda turli xil ma’no anglatadi: xao jen – yaxshi odam, si xao – yaxshilik qilish, dzio xao – qadimgi do‘stlik, xao vo – Bu kishi meni yaxshi ko‘radi. Ajratuvchili – analitik tillarda ton va urg‘u asosiy rol o‘ynaydi: tovushning pasayishi va ko‘tarilishi hatto fe’l zamonlarini ham ifodalaydi. Bu tillar amorf deb ham ataladi (amorf – yunoncha amorphos – «shaklsiz» demakdir). O‘zakli tillarning o‘ziga xos, ajratuvchi morfologiyasi bu tillarda affiksli yoki flektiv shaklarning yo‘qligini yaqqol ko‘rsatib turadi.

“O‘zbek tili antonimlarining izohli lug‘ati»Bir-biriga qarama-qarshi, zid ma’no bildiradigan so‘zlarni jamlaydigan filologik lug‘at turi. Bu lug‘at o‘zbek tilshunosligida 1980- yil Sh.Rahmatullayev, N.Mamatov, R.Shukurovlar tomonidan yaratilgan.

Lug‘at ikki qismdan: kirish va lug‘at bo‘limlaridan iborat. Kirish qismida antonim va lug‘at tuzilishi haqida batafsil ma’lumot keltirilgan. Ikkinchi qismda esa qat’iy alifbo tartibida lug‘at keltirilgan. Lug‘atda ikki xil maqola – izoh maqolalar va havola maqolalar mavjud. Izoh maqolasi ancha murakkab tuzilishli, unda avval antonimik juftlik keltiriladi. Izoh maqolasini boshlab beruvchi bunday juftlikda antonimlar alifbo tartibida joylangan: yomon – yaxshi, sekin-tez kabi.

Lug‘atdan hozir ham keng foydalanilmoqda.

«O‘zbek tili frazeologizmlarining izohli lug‘ati» – turg‘un birikmalar bo‘lgan frazeologizm (ibora)larni o‘z ichiga jamlagan filologik lug‘at turi. Sh.Rahmatullayev tomonidan tuzilgan «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati» (Toshkent, 1978) bunday lug‘atning mukammal namunasi.

Lug‘at ikki qismdan iborat, birinchi qismda iboralar tavsiflansa, ikkinchi qismda iboralar tarkibida qatnashuvchi har bir so‘z alifbo tartibida berilib, bu so‘z qatnashuvchi turli iboralar keltiriladi. Lug‘atdan namuna:

Qulog‘i(i)ga chalinmoq nima kimning? Biror gapni yoki tovushni noaniq tarzda eshitmoq. O‘xshashi: qulog‘(i)ga kirmoq.

Erkaklar orasidagi gap Asalbibining qulog‘iga chalingan edi. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar. Uzoqdan traktorning guvillagan ovozi quloqqa chalinadi. R.Fayziy. Cho‘lga bahor keldi. (294- bet)

Iboralarni o‘z ichiga oluvchi bu fililogik lug‘at B.Mengliyev, M.Xudoyberdiyeva va O.Boymatovalar tomonidan tuzilgan, maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan, 2006-yil “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan.

Lugat maqolalari alfavit tartibida tuzilgan, unda mingga yaqin iboraga qisqacha nutqiy izoh berilgan.

Iboralar birdan ortiq variantga ega bo‘lsa, ular ketma-ket vergul bilan ajratilgan holda berilib, so‘ngra izohlangan:

Avra-astarini ag‘dardi, avra-astarini qoqdi, avra-astari so‘kildi, avra-astari qoqildi – barcha kirdikorlarini ochib tashladi.

Avj oldi, avjiga mindi, avjiga chiqdi – 1) rivojlandi 2) zo‘raydi, kuchaydi.

Fe’llar o‘quvchilarga qulaylik maqsadida asosan yaqin o‘tgan zamon shaklida berilgan.

Har qanday til o‘z so‘z boyligiga ega. Tilning lug‘at tarkibi ma’nosidaleksika atamasi ham qo‘llanadi. Leksika muayyan tildagi barcha so‘zlar yig‘indisi. Hozirga qadar biror bir tilning lug‘at tarkibida qancha so‘z borligi to‘liq aniqlangan emas. Bu borada taxmin bor, xolos. Jumladan, tilshunos Elbek Navoiy davridan to 1930-yilga qadar o‘zbek tilida 40–45 ming so‘z bo‘lgan deb taxmin qiladi. Tilshunos G‘.Abdurahmonov hozirgi kunda o‘zbek tili so‘z miqdori 80 mingdan ortiq deb ko‘rsatadi. Akademik E.Fozilov esa o‘zbek tilidagi so‘zlar miqdorini yuzikki yuz mingdan ortiq deb taxmin qiladi. Tildagi taxminiy so‘z miqdorini lug‘atdan ham bilsa bo‘ladi. 1981-yil nashr etilgan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da 60 ming, 1976-yil nashr qilingan «O‘zbek tilining imlo lug‘ati»da 65 ming so‘z qayd etilgan. Buning ham to‘liq emasligi o‘zo‘zidan ravshan.

Til lug‘at tarkibi – juda murakkab va keng hajmli tushuncha. U tilning yashash shakliga ko‘ra aniq lug‘aviy qatlam (o‘zbek adabiy tili leksikasi, sheva, kasbhunar so‘zi va hokazo)ni o‘z ichiga oladi.

            O‘zbek tili leksikasi tasnifi. So‘zni turlicha tasniflash mumkin.

So‘z o‘zlashgan-o‘zlashmaganligiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:

a)o‘z qatlam;

b)o‘zlashma qatlam.

Qo‘llanishiga ko‘ra tasnifi. So‘z qo‘llanish miqdoriga ko‘ra farqlanadi. Ko‘p so‘z cheklanmagan, ba’zisi kam qo‘llanishga ega. Shu jihatdan so‘z ikki turga bo‘linadi:

a) qo‘llanishi chegaralanmagan so‘z;

b) qo‘llanishi chegaralangan so‘z.

Qo‘llanish davri chegaralangan so‘z: 1) zamonaviy leksika; 2) eskirgan leksika; 3) yangi leksika.

Qo‘llanish doirasi chegaralangan so‘z:

    a) shevaga xos so‘z;

    b)termin (atama);

    d)argo va jargon.

Leksik birliklarning morfemik tarkibi – so‘zlarning o‘zak va qo‘shimcalarga qanday ajratilishini ko‘rsatuvchi filologik lug‘at. Bunday lug‘at birinchi marta A.G‘ulomov, A.N.Tixonov, R.Q.Qo‘ng‘urovlar tomonidan tuzilib, 1977- yilda «Oqituvchi» nashriyoti tomonidan chop etilgan.

Lug‘atning kirish qismida leksemalarning morfem tarkibi va morfemalar haqida ham ma’lumotlar keltirilgan. Lug‘atdan namuna:

kel/ish

kel/ish/gan

kel/ish/gan/lik

kel/ish/il/moq

kel/ish/im    

kabi.

«O‘zbek tili omonimlarining izohli lug‘ati»hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi shakldosh so‘zlarni jamlagan filologik lug‘at, 1984-yil Sh.Rahmatullayev tomonidan yaratilgan. Lug‘atda 497 omoifoda ostiga birlashuvchi 1160 dan ortiq leksema tasvirlangan. Dastlab omonimlarga tarixiy-etimologik izoh berilib, keyin ma’nosi ta’riflangan, shu omonimdan yasalgan leksemalar sanalgan, so‘ngra bu omonim qatnashadigan birikma, gap berilib, oxirida matnli misol keltirilgan.

Lug‘atga omofonlar va omograflar ilova qilingan. Lug‘at filologiya fakulteti talabalariga, til va adabiyot o‘qituvchilariga mo‘ljallangan.

«O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati» – o‘zbek tilidagi ma’nodosh so‘zlarni o‘z ichiga jamlagan filologik lug‘at turi. Bu lug‘atning yorqin namunasi sifatida A.Hojiyevning 1974- yilda nashr etilgan lug‘atini ko‘rsatish mumkin.

Lug‘at hozirgi o‘zbek adabiy tili uchun xarakterli bo‘lgan sinonimik qatorlarni o‘z ichiga olgan. Unga leksik va grammatik sinonimlar kiritilgan. Lug‘at so‘zlari sinonimik qatordagi bosh so‘zga ko‘ra tartiblangan.

Rivojlangan, o‘z yozuviga ega bo‘lgan adabiy tilda so‘zni bir xilda yagona tarzda yozishni yo‘lga qo‘yish uchun imlo to‘g‘risida qonun qabul qilinadi. «O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari» 1995 yil 24 avgustda qabul qilingan. U 82 paragrafdan iborat.

O‘zbek yozuvi uchun hozirgacha 2 marta imlo qoidasi tasdiqlangan. Birinchisi 1956-yil 4-aprelda kirill yozuviga asoslangan o‘zbek tilining imlo qoidasi, 72 paragrafdan iborat bo‘lgan.

Imlo to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish murakkab jarayon, bir nechta tamoyilga tayaniladi. Bu orfografiya tamoyil (prinsip)i deyiladi.

Orfografiyaning 5 tamoyili mavjud: 1) fonetik yozuv; 2) morfologik yozuv; 3) shakliy yozuv; 4) tarixiyan’anaviy yozuv; 5) farqlash yozuvi.

O‘zbek tili leksikasi bir qancha manba asosida boyib, rivojlanib boradi. Uni, eng avvalo, ikki katta guruhga ajratish mumkin: 1) ichki imkoniyat; 2) tashqi imkoniyat.

Birinchisi ichki manba, ikkinchisi tashqi manba deyiladi: 1. O‘zbek tili lug‘at tarkibining birinchi yo‘l bilan boyib borish imkoniyati juda keng. Masalan: a) ilgari qo‘llanib, keyin iste’moldan chiqib ketgan so‘zdan yangi tushunchani ifodalash uchun foydalanish: vazir, hokim, viloyat, shirkat, noib, tuman kabi; b) yasovchi qo‘shimcha yordamida yangi so‘z yasash: uyali (telefon), omonatchi, pudratchi, bojxona, auditchi (auditor), dizaynchi (dizayner) va boshqa; d) shevaga xos so‘zni faollashtirish: mengzamoq (Xorazm) «o‘xshatmoq», «tenglashtirmoq», «qiyoslamoq» ma’nosida. 2. O‘zbek tili lug‘at tarkibi tashqi manba asosida ham boyib bormoqda. Dunyoda ichki imkoniyati asosidagina rivojlanadigan til yo‘q. Faqat ma’lum zarurat tufayli yangi tushunchani tilimizning ichki imkoniyati asosida ifodalab bo‘lmagandagina tashqi manbaga murojaat qilish foydali. Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy ham shunga da’vat qilgan. Keyingi davrda tilimizga Yevropa tillaridan bir qancha so‘z yangi tushuncha bilan birgalikda kirib keldi. Masalan: monitoring, diler, skaner kabi. Buning hammasi o‘zbek tili leksik imkoniyatini kengaytirib, boyitmoqda.

«O‘zbek tilining eskirgan so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati»o‘zbek adabiy tilining me’yoriy lug‘atidan biri. Lug‘at X.Norxo‘jayeva tomonidan tuzilib, 2006- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida ko‘p nusxada chop etilgan.

Lug‘atda so‘zlar quyidagicha tavsiflangan:

I. Har bir so‘zning ma’nosi qisqa va aniq ifoda etilgan.

II. Lug‘atda so‘zlarning, asosan, hozirgi o‘zbek adabiy tilida iste’moldan qolgan, eskirgan ma’nolari berilgan.

III. So‘zlarning ma’nolari bir-biridan arab raqamlari bilan ajratilgan, har bir ma’noga taaluqli ma’no nozikliklari esa shu ma’no ichida bir tik chiziqdan keyin berilgan. Masalan:

DODXOH (f-t) 1 Adolat talab etuvchi, adolat istovchi. 2 Buxoro xonligida adolat istovchilardan amir nomiga ariza qabul qiluvchi lavozimli kishi. 3 Farg‘ona vodiysi va Toshkentda mingboshi va boshqa ba’zi amaldorlarni ulug‘lash uchun ishlatiladigan so‘z.

IV. Bosh so‘zlarning mustaqil ko‘chma ma’nolari arab raqamlari bilan ajratilgan va ko‘chma belgisi bilan ta’minlangan.

V. Lug‘atda ayrim so‘zlarning leksik ma’no kasb etgan grammatik shakllari (lek, ila, limu, badaliga kabi) ham berilgan turli leksikografik usullar bilan izohlangan.

Masalan:

MURABBA (a, murabba, III sh.brl. murabbai). Tomonlari teng to‘g‘ri to‘rtburchak, kvadrat, chorsi.

VI. Ayrim so‘zlarning boshqa so‘zlarga birikib qoshma so‘z yasash xususiyati ham alohida- alohida izohlab berilgan.

VII. Lug‘atda atash vazifali so‘zlarning, ayniqsa, ot, sifat va fe’llarning ma’nolarini ochishda tavsifiy izoh usullaridan keng foydalanilgan. Bu xildagi so‘z ma’nosi uning asosiy belgilari (mas., tashqi ko‘rinishi, tuzilishi, qollanishi, vazifasi, ta’siri, xarakteri yuzaga kelish yo‘li, sababi va sh.k.) orqali ochib beriladi.

Masalan:

ABAD (a) Oxiri, poyoni yo‘q kelajak zamon, mangulik.

ABAJUR (r

VIII. Ko‘makchilar, bog‘lovchilar, yuklamalar, undoshlar, taqlidiy, tasviriy va modal so‘zlarni izohlashda tushuntirma izoh usulidan foydalanilgan.

Bunda mazkur so‘zlarning ma’nosi, vazifasi tushuntirilgan.

Masalan:

ORIY (f-t) Shundoq, rost, albatta.

IX. Ba’zi yasama so‘z ma’nolarini ochishda grammatik izoh usullaridan foydalanilgan. Bunda so‘zning ma’nosi shu so‘z havola qilingan so‘zning izohidan anglashiladi.

XI. Lug‘atda ma’nodoshlarning betaraf va faollari izohlangan, qolganlari esa ularga havola qilingan. Masalan:

JARROH (a) Xirurg.

XII. Ayrim hollarda, izohdan keyin, so‘z ma’nosini to‘laroq ochish, izohni to‘ldirish maqsadida izohlanuvchi so‘zning antonimidan ham foydalanilgan bo‘lishi kerak.

Masalan:

ZEHNIYAT (a)…

ZINDON (f-t)…

DAFTARNAVIS (grek +f-t)…

XIII. Ma’nodoshlar boshqa turdagi izohdan keyin ham ishlatilgan. Bunda ular izohni to‘ldirish, ko‘p ma’noli so‘zlar ma’nolarini bir- biridan yaqqolroq faqlash uchun xizmat qiladi.

Masalan:

VALLOMAT Valine’mat. 1.Oqsoqol, boshliq, amaldor. 2. Sarboz, yigit. 3. Oz mehnati singmagan narsalarga, birovnikiga saxiylik, xo‘jayinlik qilaveradigan odam; errayim.

Lug‘at izohli lugatning bir ko‘rinishi.

 

«O‘zbek tilining izohli lug‘ati»– o‘zbek tilida istemolda bo‘lgan o‘z va o‘zlashma so‘zlarning ma’nosini umumiy tarzda izohlaydigan lug‘at turi. Hozirga qadar ikki marta o‘zbek tilida izohli lug‘at yaratilgan: 1. 1981-yil Moskvada nashr qlingan. 2 jildli. Unda 60 ming so‘z va birikma izohlangan. 2. 2006-2008 yil nasr etilgan. 5 jildli. 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmasi izohlangan.

«O‘zbek tilining ma’nodosh so‘zlar o‘quv lug‘ati»–maktabo‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Lug‘at O.Shukurov va B.Boymatovalar tomonidan tuzilib, 2007-yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, unda sinonimik qatordagi bosh so‘z hamda o‘zlashma so‘zlar aniqlangan.

                   Lug‘atda bosh so‘z qoraytirib berilgan, lekin ular sinonimik qatorning turli o‘rinlaridan joy olgan.

«O‘zbek tilining o‘quv toponimik lug‘ati» joy nomlari bo‘yicha tuzilgan va o‘qish-o‘rganish jarayoni uchun ko‘proq foydali lug‘at sanaladi. O‘quv toponimik lug‘at respublika, viloyat, shahar, tuman, vodiy yo voha, qishloq yo bir necha qishloqlar guruhi bo‘yicha tuzilishi mumkin. Respublika yoki voha, bir necha viloyatlar toponimlarining izohli lug‘atini tuzish muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Bu lug‘at namunasi T.Nafasov va V.Nafasovalar tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, 1500 dan ortiq so‘zni o‘z ichiga oladi.

O‘quv toponimik lug‘ati uchun, eng avvalo, joy nomlari so‘zligi tuzilgan. Eng muhim oykonim, gidronim, oronim tanlangan. Har bir toponimning hozirgi davrda qanday jo‘g‘rofiy obyektning nomi ekanligi aniqlangan. Nomning sarhadlari belgilangan. Yangiqishloq, Yangiobod, Jartepa, Kattaqishloq, O‘rtaqo‘rg‘on, Uchtepa, Oqtepa, Qoratepa kabi nomlar har bir viloyatda, tumanda bo‘lishi tabiiy. Lug‘atda bu tur va ko‘p uchraydigan nomlarning tarqalish hududi (viloyat, tuman)ni ko‘rsatish shart qilib qo‘yilmagan, lekin qanday obyektning nomi ekanligini zikrlash lozim topilgan: Qiziltepa qishloq; Amudaryo daryo, tuman; Oyqor tog‘.

O‘quv toponimik lug‘ati ilmiy, amaliy, ma’naviy, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan narsa nomining izohini jamlagan. Til umumxalq leksikasining izohli, ma’nodoshlik, shakldoshlik, zidma’nolilik, birikuvchanlik va boshqa tur lug‘atlarda so‘zning hozirgi davrdagi ma’nolari, nutqda qo‘llanilishi bilan bog‘liq lisoniy-nutqiy holatlar, ma’noviy xususiyatlar bayon qilinadi. Toponimik izohda esa nima uchun shu obyekt shu nom bilan atalgan degan savolga javob berilishi lozim. Bu savolga yaqinda yo yaqin o‘tmishda yuzaga kelgan toponimlar misolida aniqroq, ma’qulroq, tushunarliroq, ishonchliroq javob berish, topish mumkin: Yangiqishloq, Yangiobod, Yangiariq, Yangibozor nomlaridagi yangi so‘zining ma’nosi yangi ko‘ylak, yangi ro‘mol kabi birikmalar tarkibidagi yangi so‘zi ma’nosi bilan teng emas. Yangiqishloq, Yangiobod, Yangiariq nomlari XX asrning 50–60-yillarida yuzaga kelgan. Yangibozor nomi o‘tgan asrning oxirida yaraldi. Bu nomlarda yangi so‘zining ma’nosi yo‘qolgan, undan keyin yaralgan qishloq, ariq, bozorlar boshqa nomlar bilan atalganligi ma’lum. Yoki Navkat, Novqat, Denov, Shahrinav, Yangikent nomlari bundan bir necha yuz yillar oldin paydo bo‘lgan. Bu nomlarda yangi, nav (tojikcha, yangi) so‘zlarining ma’nosi nisbiy, yaralgan vaqtda “yangi” ma’nosida bo‘lgan, hozir bu ma’no yo‘qolgan, lekin nom tarkibida bu so‘zlar qotib qolgan.

 

 

«O‘zbek tilining o‘zlashma so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati»Y.Hamrayeva tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan.Lug‘atning maqsadi o‘quvchilarning savodxonlik darajasi va so‘z boyligini oshirishga, tafakkurini kengaytirishga, til madaniyatini shakllantirishga va to‘g‘ri talaffuz me’yorlarini mustahkamlashga, shuningdek o‘quvchilarga tilimizga turli tillardan kirib kelgan muayyan so‘zlar hamda atamalar haqida genetik ma’lumot berishga yo‘naltirilgan.

  Lug‘at so‘zligi tilimizga rus va boshqa chet tillari orqali kirib kelgan qadimgi yunon va lotin tillari elementlaridan tashkil topgan va hozirgi kunda jahondagi ko‘plab xalqlarning tillari uchun umumiy bo‘lgan respublika, konstitutsiya, prezident, demokratiya kabi siyosiy atamalarni, shuningdek kimyo, sanoat, sport, falsafa, fizika, geografiya, etnografiya kabi turli ilmiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid so‘zlar va atamalarni, jahondagi ko‘plab mamlakatlarning pul birliklari nomlarini o‘z ichiga oladi. Shuning uchun «O‘zlashma so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati»dan nafaqat til o‘rgatish darslarida, balki maktab, litsey va kollejlarning sinfxonalarida har qanday fan bo‘yicha olib borilayotgan mashg‘ulotlarda foydalanish mumkin.

Respublikamiz mustaqillikka erishgach, so‘nggi o‘n-o‘n besh yil ichida uning xalqaro aloqalari yanada kuchaydi, mamlakatimizda iqtisod va siyosat, texnika va sanoat, sport va madaniyat sohalarida tub o‘zgarishlar yuz berdi. Taraqqiyot sari qilingan ildam odimlar natijasida, tilimiz ko‘plab yangi tushunchalarni atovchi so‘zlar bilan yanada boyidi. So‘nggi yillar ichida lug‘atimizga jadal kirib kelgan kompyuter, fayl, sayt, biznes, barter, market, marketing, monitoring, shuningdek avvaldan mavjud bo‘lgan va mustaqillikdan keyin yangicha ma’no kasb etgan vazir, tadbirkor, mahkama, devonxona kabi so‘zlar ham mazkur lug‘atda o‘z o‘rnini topdi.

Lug‘atni tuzishda «O‘ZBEK TILINING IZOHLI LUG‘ATI» hamda «SLOVAR INOSTRANNIX SLOV» kitoblaridan foydalanilgan.

Lug‘at maqolalari quyidagicha tuzilgan: har bir maqolaning bosh so‘zlari lug‘atda alifbo tartibida joylashtirilgan. Bosh so‘z va uning muayyan xususiyatiga doir barcha ma’lumotlar va belgilar, unga berilgan izohlar lug‘at maqolasini tashkil etadi. Bosh so‘z katta harflar bilan berilgan, undan so‘ng katta qavs ichida so‘zning genetikasi, ya’ni qaysi tilga mansub ekanligi haqida, keyin esa mazkur so‘z yoki atamaning qaysi sohaga oidligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Agar so‘z tilimizga o‘zlashtirish jarayonida turli fonetik o‘zgarishlarga uchrab, uning o‘zbek tilidagi hozirgi ko‘rinishi o‘zining asl shaklidan uzoqlashib ketgan bo‘lsa, katta qavs ichida etimologik ma’lumotning yonida so‘zning asl ko‘rinishi ham ko‘rsatilgan. Masalan:

VAJ [a vajh] …    

yoki

ASTOYDIL [f-t az tahi dil]…

Bir tildan o‘zlashgan omonimlar, ya’ni shakldosh so‘zlar hamda turli tillardan o‘zlashib omonimik munosabat hosil qilgan so‘zlar alohida-alohida maqolalarda bosh so‘z sifatida berilgan va bir-biridan farqlanishi uchun rim raqamlari bilan belgilangan. Masalan:

GAZ I [f-t] esk. Ilgari amalda bo‘lgan, 0,71metrga teng uzunlik o‘lchovi; arshin.

GAZ II [goll] Zarralari o‘zaro kuchsiz bog‘langan, shu sababli o‘zi ishg‘ol qilgan bo‘shliqni bir tekis to‘ldirib turadigan yengil modda; yonilg‘i.

Tilimizda o‘zlashmalar mustaqil so‘zlar doirasidagina emas, yordamchilar, undov, taqlid va boshqa so‘zlarlar orasida ham uchraydi. Qo‘llanmaning maqsadi o‘zlashma so‘z haqida batafsil ma’lumot berishga yo‘naltirilganligi bois unga barcha turkumlarga oid so‘zlar kiritilgan.

O‘zlashmalarning aksariyati tilimizga rus tili orqali kirib kelganligi sababli, ularning talaffuzi ham ko‘p hollarda rus tilidagi talaffuzidan farq qilmaydi va bu hozirgi o‘zbek adabiy tili uchun me’yor hisoblanadi. Shuning uchun Lug‘atda so‘zlarning transkripsiyasi, ya’ni talaffuziga doir maxsus ko‘rsatmalar keltirilmagan. Biroq o‘zbek tilida urg‘u turg‘un, u, asosan, so‘zlarning oxirgi bo‘g‘iniga tushadi, hind-yevropa oilasiga mansub tillarning aksariyatida esa urg‘u erkin bo‘lgani uchun, so‘zning har qanday bo‘g‘iniga tusha oladi. Shuningdek, hindcha, yaponcha, portugalcha va ayrim arabcha so‘zlarda ham urg‘u so‘zning birinchi yoki ikkinchi bo‘g‘iniga tushishi mumkin. Shu bois so‘zlarning oxirgi bo‘g‘iniga tushmagan hollarda urg‘u yozuvda ko‘rsatildi.

Alohida maqolalarda bosh so‘z vazifasida kelgan, shaklan o‘xshash, talaffuzda farqlanuvchi so‘zlar (omograflar)ning esa har ikkala shaklida ham urg‘u belgisi qo‘yilgan. Masalan:

AKADÉMIK [r]

AKADEMÍK [r akademicheskiy]

Ma’nodosh (sinonim) so‘zlarning har biri mustaqil ravishda alifbo tartibida o‘z o‘rnida berilib, izohlangan. Ayrim hollarda so‘z izohi o‘rnida ayn. belgisi bilan uning faol sinonimi keltirilgan:

RIYOZIYOT [a] esk. ayn. Matematika.

Lug‘atda so‘zlarning asosan hozirgi o‘zbek adabiy tilida keng qo‘llanadigan ma’nolari qisqa izoh bilan bayon etilgan. Polisemantik (ko‘pma’noli) so‘zlarning har bir mustaqil ma’nosi tartib bilan alohida-alohida izohlangan va bir-biridan farq qilishi uchun arab raqamlari bilan ajratilgan. Ko‘chma ma’noda qo‘llanadigan so‘z oldidan ko‘ch. belgisi qo‘yilgan. Agar shakldosh so‘zlar yoki ko‘pma’noli so‘zning alohida ma’nolari turli turkumlarga oid bo‘lsa, u holda izohlanayotgan so‘zning etimologiyasidan keyin grammatik va uslubiy ma’lumotlar ham berilgan. Masalan:

TAAJJUB [a] 1 sft. Kishini hayratda qoldiradigan, ajablanarli, g‘alati.

  2 ot Ajablanish, hayronlik.      3 kirish.s. Ajab, qiziq.

O‘zbek tilida boshqa so‘z bilan turg‘un birikma shaklida qo‘llanadigan o‘zlashmalar tik to‘g‘ri chiziqdan keyin birikma shaklida qora harflar bilan berilib, izohlangan. Bunda izoh bosh so‘zga emas, ana shu birikmaga tegishli bo‘ladi. Masalan:

IJROIYA [a] | Ijroiya qo‘mita – xalq deputatlarining hokimiyat organlari qarorlarini bajaruvchi, amalga oshiruvchi organi.

yoki

XAYRIYA [a] | Xayriya jamiyati - moddiy yordam uyushtiruvchi jamiyat.

O‘z tilida so‘z yasash qonun-qoidalari asosida hosil qilingan turli yasama so‘slar bizning tilimizga tayyor holda kirib kelganligi sababli, o‘zbek tilida ular tub so‘zlar hisoblanadi. Shuning uchun lug‘atda bunday so‘zshakllarning har biri alohida izohlangan:

DIFFERENSIAL I [lot] ot 1 mat. Erkin o‘zgaruvchan miqdorning cheksiz kichik ixtiyoriy ortmasi…

DIFFERENSIÁTSIYA [lot] Bir-biridan farqlanish, ajralish.

Lug‘at hajman kichik, ixcham va foydalanishda qulay bo‘lishi uchun, unga turli iboralar, maqol hamda matallardan misollar va sitatalar kiritilmagan. Muntazam takrorlanuvchi so‘zlar esa qisqartma shaklida berilgan, ushbi qisqartmalar va boshqa belgilar to‘g‘risida lug‘atning KIRISH qismidan batafsil ma’lumot olish mumkin.

O‘zbek tilshunosligida hozirga qadar M.Sodiqova, U.Usmonovalarning «O‘zbek tilining orfoepik lug‘ati» 1977- yilda va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti tomonidan «O‘zbek adabiy talaffuz lug‘ati» 1984- yilda nashr qilingan. Birinchi lug‘atda o‘zbek tilida faol qo‘llanadigan 8000 ga yaqin so‘z, ikkinchisida esa 20 000 dan ortiq so‘z va so‘z shaklining adabiy-me’yoriy talaffuzi belgilab berilgan, ba’zi so‘z va grammatik shaklning talaffuzidagi noto‘g‘ri ko‘rinishi inkor qilinib, uning to‘g‘ri aytilishi ko‘rsatilgan.

«O‘zbek tilining so‘z tarkibi o‘quv lug‘ati»maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Lug‘at B.Mengliyev va B.Bahriddinovalar tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, 5223 so‘zning tarkibiy qismlari ajratib tahlil qilingan.

«O‘zbek tilining so‘z yasalishi o‘quv lug‘ati»maxsus, o‘ziga xos lug‘at turi hisoblanadi, B.Mengliyev, B.Bahriddinova va O‘.Xoliyorovlar tomonidan yaratilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida ko‘p nusxada chop etilgan. Lug‘at yasama so‘zning qanday va nima vositasida yuzaga kelganligini bilishga yordam beradi. Mas., amal so‘zidan beshta yangi so‘z va bu yangi so‘zdan yana beshta boshqa yangi so‘z hosil bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin:

 

amal ®

amal-dor ® amaldor-lik

amal-iy ®

amaliy-ot

g‘ayri-amaliy

amal-la

amal-parast ® amalparast-lik

be-amal ® beamal-lik

 

Yangi so‘z hosil bo‘lishiga tayanch, asos vazifasini o‘tovchi so‘z yasovchi asos hisoblanadi. Yuqoridagi amal so‘zi o‘zidan kelib chiqqan beshta so‘z uchun yasovchi asos. O‘z navbatida bu so‘zlar keyingi yasalish uchun yasovchi asos vazifasini o‘taydi. Yasovchi asosdan yuzaga kelgan so‘z esa yasama so‘z. Amal so‘zidan hosil bo‘lgan beshta so‘z va keyingi yasalishbunga misol.

Yasama so‘zni vujudga keltiruvchi turli vosita mavjud. Ular qo‘shimcha yoki so‘z ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Bunday vosita lug‘atda qoraytirilgan (jirniy) shaklda berilgan.

Yasovchi asos va yasama so‘z yig‘indisi yasalish uyasini tashkil qiladi. Lug‘atda har bir so‘zdan yasalgan yasalish uyasi alohida ajratib berilgan.

O‘quv lug‘ati yana quyidagi belgilari bilan xarakterlanadi:

1) fe’l an’anaviy lug‘atlardagidek harakat nomi shaklida emas, balki buyruq (o‘zak) shaklida berilgan:

lov ® lov-illa, moyil ® moyil-lan, ayni ® ayni-makabi;

2) so‘z yasovchi qo‘shimchadan oldin kelgan lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimchalar ajratilib, qoraytirilmagan ko‘rinishda berilgan:

 

maqta ®

maqta-n-ar-li

maqta-n-choq

maqta-r-li

 

bela ® bela-n-chak kabi;

3) omonim so‘zlar rim raqami bilan belgilab berilgan va ma’nosi izohlab ketilgan:

bandI (mashg‘ul) ®band-lik (mashg‘ullik)

 

band II (dasta) ®

band-li

band-lik (dastalik/soplik);

 

4) lug‘atda, asosan, affiksatsiya usuli bilan yasalishlar keltirilgan;

5) tovush o‘zgarishi hodisasining asli “O‘zbek tilining so‘z tarkibi o‘quv lug‘ati”da berilgani uchun ko‘rsatilmagan:

bo‘ya ® bo‘yo-q, ot (ism) ® at-a ® ato-q ® atoq-likabi.

Lug‘atda 3257 ta tub so‘z (so‘z yasalish uyasi) berilgan, ulardan 9443 ta yasama so‘z hosil bo‘lishi ko‘rsatilgan. Demak, bu lug‘atda o‘rtacha 1 ta so‘zdan 3 ta so‘z yasalganini ko‘rish mumkin. Albatta, lug‘at o‘zbek tilidagi hamma so‘zlarni qamrab olmagan. Faqat eng faollari – maktab o‘quvchilari uchun zarur bo‘lgan so‘zlargina lug‘atda o‘z aksini topgan.

 

«O‘zbek tilining so‘zlar darajalanishi o‘quv lug‘ati»maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Lug‘at Sh.Bobojonov va I.Islomov tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, so‘zning darajalanish qatori tuzilib, ma’nolari izohlangan. Misol:

  1. Jamol-chehra-yuz-bet-aft-turq-bashara (ijobiy bo‘yoqning kamayib, salbiy bo‘yoqning ortib borishiga ko‘ra).
  2. darcha-eshik-darvoza (atalmish hajmining oshib borishiga ko‘ra).

«O‘zbek tilining talaffuzdosh so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati»T.Nafasov va V.Nafasovalar tomonidan yaratilgan, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida ko‘p nusxada chop etilgan. Lug‘atda talaffuzdosh so‘zlarning quyidagi ko‘rininshlari farqlanadi:        

1. So‘z oxiridagi yasovchi qo‘shimchada: borlik-borliq, bo‘shlik-bo‘shliq, otalik-otaliq, jazlik-jazliq, yo‘qlik-yo‘qliq.

2. So‘z o‘rtasidagi unli tovushlarda: gulkor-gilkor, ravon-rovon, oxir-oxur, devon-divan, jayron-jiyron, may-moy.

3. So‘z o‘rtasidagi undosh tovushlarda: abzal-afzal,

4. So‘z oxiridagi unli tovushlarda: tanga-tango, banda-bandi, daha-daho, jodi-jodu, mavzu-mavze, murabba-murabbo.

5. So‘z o‘zagi oxiridagi undosh tovushda: adip-adib, bop-bob, burch-burj, buyuk-buyuq.

6. So‘z boshidagi unli tovushlarda: abro‘-obro‘, ariq-oriq, axir-oxir, ukki-ikki.

7. So‘z boshidagi undosh tovushlarda: paqir-faqir;

8. So‘z o‘rtasidagi unlining cho‘ziq-qisqa aytilishida: sher-she’r, davo-da’vo.

9.So‘z o‘rtasida bir undoshning bor-yo‘qligida: bo‘yincha-bo‘yicha, ziyrak-zirak.

10. So‘z oxirida undoshning tushib qolishida: go‘sh-go‘sht, bolali-bolalik, uyli-uylik, sus-sust.

11.So‘z o‘rtasida bir unlining bor-yo‘qligida: davur-davr, asir-asr, ahil-ahl, qasir-qasr, ilik-ilk.

12. So‘z oxirida bir-biriga yaqin uyadoshli so‘zlarda: qarz-qars, darz-dars; dakki-daqqi, ko‘klik-ko‘hlik.

Lug‘at 1500 dan ortiq so‘zni qamrab olgan va har bir so‘zga izoh berilgan.

 

«O‘zbek tilining toponimik lug‘ati»joy nomlari va ularning kelib chiqish tarixini tavsiflovchi lug‘at turi. O‘zbek tilida lug‘atning yorqin namunasi sifatida dastlab T.Nafasovning „Janubiy O‘zbekiston toponimlarining izohli lug‘ati“ 1988-yil nashr etilgan.

Lug‘at Janubiy O‘zbekiston aholi joylari (shahar, qishloq, mahalla, guzar, ko‘cha), suvliklari (daryo, suv ombori, jilg‘a, ko‘l, ariq, hovuz), yer yuzalari (tog‘, cho‘qqi, tepa, qir, dara, soy, dasht, turli balandlik va joy) nomlari kabi 5 mingdan oqtiq toponimlarni o‘z ichiga olgan. O‘z va o‘zga tillardan kirgan toponimlarning ma’no va morfologik tuzilishini aniqlashda ular turli joylardagi turkiy va boshqa tillardagi toponimlar bilan taqqoslangan.

Luga’t filologiya, tarix, geografiya fakulteti talabalari va o‘qituvchilariga, umuman, O‘zbekiston tarixi bilan qiziquvchilarga mo‘ljallangan.

«O‘zbek tilining zid ma’noli so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati» maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Lug‘at U.To‘rayeva va D.Shodmonova tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, 1300 ga yaqin antonimik juftlikni qamrab oladi. Tuzuvchilar zid ma’noli so‘zlarni strukturasiga ko‘ra quyidagicha tasniflashgan:

1)    har xil o‘zakli zid ma’nolilar: katta-kichik, kirmoq-chiqmoq, muhabbat-nafrat;

2)    bir xil o‘zakli zid ma’nolilar: madaniyatli-madaniyatsiz, aqlli-aqlsiz, ongli-ongsiz;

Lug‘atda zid ma’noli so‘zlar juftlashtirib berilgan:

aniq-noaniq

axloqli-axloqsiz

bahorgi-kuzgi

kabi. Bunda bir so‘zga bir ma’nodoshlik qatoridagi barcha so‘z zidlanishi mumkin:

  abjir – lavang, landavur, lapashang, noshud, og‘zidagi oshini oldiradigan, uquvsiz, sustkash, tepsa-tebranmas, epashang.

  Agar so‘z ko‘p ma’noli, har bir ma’nosi bilan boshqa-boshqa so‘zga zidlansa, zidlari nuqtali vergul bilan ajratilgan:

  ajraldi – qo‘shildi; yarashdi kabi.

Oltoy tili– turkiy tillardan biri. 1948- yilgacha oyrot tili deb atalgan. Rossiya Federatsiyasi Oltoy o‘lkasining Tog‘li Oltoy viloyatida tarqalgan, 60 mingga yaqin kishi so‘zlashadi. Lahjalari 2 guruhga bo‘linadi: a) janubiy (qirg‘iz-qipchoq guruhi); b) shimoliy (uyg‘ur guruhi). Oltoy tilifonetik xususiyatiga ko‘ra qirg‘iz tiliga ancha yaqin: unlilar sistemasi o‘xshash, lab garmoniyasi mavjud. Undoshlar tizimida farqlar ham bor: qirg‘iz tilidagi so‘z boshida keluvchi qorishiq dj ga Oltoy tilida d’ mos keladi. Qirg‘iz tilidan farqli ravishda unlilar orasida jarangsiz undoshlar jarangli undoshlarga aylanadi. Fe’llar tuslanganda, shaxs ko‘rsatkichining reduksiyaga uchrashi – oltoy tilimorfologiyasining asosiy xususiyati.

Bu oilaga turk, mo‘g‘ul, manchjur, yapon, koreys va boshqa til tarmog‘i kiradi. “Oltoy” atamasi ushbu tillarning ehtimoldagi qadimgi vataniga ishora. Turkiy tarmoq o‘z navbatida quyidagi guruhga bo‘linadi: o‘g‘uz guruhi (turkman, gagauz, ozarbayjon, turk, qrim-tatar va bolqon turklari tili), qipchoq guruhi (qo‘miq, qorayim, bolqar, tatar, boshqird, no‘g‘ay, qoraqalpoq, qozoq tili), qorluq-uyg‘ur guruhi (o‘zbek va yangi uyg‘ur tili), uyg‘ur-o‘g‘uz guruhi (tuva, tofa, yoqut, xakas, shor, sariq uyg‘ur va boshqalar), qirg‘iz-qipchoq guruhi (qirg‘iz va oltoy tili).

G.Ramsted, N.N.Poppe, E.D.Polivanov, V.L.Kotvich, R.Ryasyanen kabi turkiyshunoslarning asarlarida turli davrlarda turlicha nuqtai nazardan isbotlashga harakat qilingan oltoy nazariyasining kelib chiqishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan: sanab o‘tilgan til tarmoqlaridagi anchagina umumiy leksika; so‘zning tovush tarkibidagi, fonetik (singarmonizm) va morfologik qurilishidagi (agglyutinatsiya) o‘xshashliklar; sintaktik strukturaning mosligi va so‘z yasalishi tizimining o‘xshashligi. Shuningdek, deyarli barcha tillarida maxsus so‘roq yuklamalari mavjud, old qo‘shimcha yo‘q. Egalik kategoriyasi taraqqiy etgan, ravishdosh va sifatdosh kuchli rivojlangan. Biroq sonlar, tana a’zolari nomlari, yil fasllari va sutka bo‘laklari, osmon jismlari, ob-havo hodisalari nomlari kabi asosiy lug‘aviy guruhlar orasidagi o‘xshashliklar nisbatining ancha pastligi ularga oltoy bobo tili asos bo‘lganligini shubha ostiga qo‘yadi.

Demak, oltoy tillarining qarindoshlik darajasini o‘rganish dolzarb masala.

 

Ozar tili– turkiy tillar oilasining o‘g‘uz guruhiga mansub til; asosan, Ozarbayjon Respublikasida, qisman Armaniston, Gruziya, Turkiya, Iroq Respublikasida tarqalgan. So‘zlashuvchilarning umumiy soni 14 million kishidan ortiq (jumladan, Ozarbayjonda 6 millionga yaqin (1979)). Ozar tili4 ta lahja guruhiga ega: 1) sharqiy (kuba, boku, shemahi lahjalari va mug‘an, lankaran shevalari); 2) g‘arbiy (kazax, qorabog‘, ganja lahjalari, ayrum shevasi); 3) shimoliy (nuhin lahjasi va zakatala-kox shevasi); 4) janubiy (naxichevan, o‘rdubod, tavriz lahjalari, yerevan shevasi). Lahjalardagi farqlar asosan fonetika va leksika sohasida kuzatiladi.

Ozar tili fonetikasining boshqa turkiy tillarga nisbatan farqli jihatlari: ozarbayjon tilida 9 ta unli, 23 ta undosh tovush bor; barcha o‘rinlarda g fonemasining keng qo‘llanilishi; asli turkiy k/q undoshlarining jaranglilanishi (qon-gan) va bo‘g‘iz tovushiga aylanishi (qachon-hachan), so‘z boshidagi ba’zi jarangli undoshlarning jarangsizlanishi (balchiq – palchig) va boshqalar. Morfologiyada bir qator affiksal ko‘rsatkichlar o‘zaro farqlansa, sintaksisda bog‘lovchili qo‘shma gaplar tizimi rivojlangan. Hozirgi ozarbayjon tili leksikasining asosiy qismini shu tilning o‘ziga mansub va umumturkiy so‘zlar tashkil etadi; shuningdek, unda arab va fors tillaridan o‘zlashgan so‘zlar ham anchagina.

Yozuvi 1929-yilgacha arab grafikasi asosida, 1929–1939-yillarda rus grafikasi asosida bo‘lgan. 1992-yilda yana lotin grafikasidagi yozuv joriy qilingan. Hozirgi ozar adabiy tili XIX asr o‘rtalarida boku va shemahi lahjalari asosida shakllana boshlagan.

 

Papuas tillari Yangi Gvineya va Tinch okeanining boshqa bir qancha orollarida tarqalgan til guruhlari va yakka-yakka tillarning umumlashma shartli nomi. Ushbu atama mazkur tillar o‘rtasida genetik o‘xshashlik bor yoki yo‘qligidan dalolat beradi va shu mintaqadagi avstronez tillaridan farqlash uchun ishlatiladi. Shu boisdan noavstronez (avstronez bo‘lmagan) til deb ham yuritiladi. Tillarning umumiy soni 750 dan 1000 tagacha yetadi. So‘zlashuvchilarning umumiy soni 5 mln kishiga yaqin. Papuas tillariga kiruvchi tillarning qarindoshligi haqida aniq va ishonarli ma’lumot yo‘q.

Dastlabgi ma’lumotlar bo‘yicha papuas tillari 12 ta til guruhiga ajraladi. Ulardan eng yiriklari: Yangi Gvineya hududini qamrab oluvchi fila (yun. Phyle – qabila; avstraliyalik olim S.Burm taklif etgan ushbu termin “tillar mikrooilasi” tushunchasiga to‘g‘ri keladi) – 491 tilni qamrab oladi, bu tilda so‘zlashuvchilar soni 4 million kishini tashkil qiladi; G‘arbiy Papua oilasi 24 tilni qamrab oladi, unda 500 mingdan oshiq kishi so‘zlahsadi; Sepik-Ramu oilasi 97 tilni qamrab oladi, so‘zlashuvchilari 300 ming kishidan ortiq. Torrichelli oilasi 47 tilni qamrab oladi, 120 mingdan ortiq kishi so‘zlashadi; Sharqiy Papua oilasi 28 tilni qamrab oladi, 80 mingdan ortiq kishi so‘zlashadi va boshqalar.

Papuas tillari – agglutinativ qurilishli til. Undosh tovushlar tizimi rivojlangan. Morfologik sathda fe’l turkumi murakkab. Ot turkumida turlanish yo‘q.

Papuas tillari o‘z yozuviga ega emas. Maktablarda bu tilda ta’lim olib borilmaydi. Turli papuas tillari uchun lotin yozuvi asosida alifbolar yaratish ishlari olib borilmoqda.

Polinez tillari – avstronez tillarining alohida guruhi: Okeaniya tillarining bir guruhi (jami 30 ga yaqin). Polineziyada ( tub aholi tillari), shuningdek, Melaneziya va Mikroneziyaning chekka oilalarida (tashqi polinez tillari) tarqalgan. So‘zlashuvchilarning umumiy miqdori 1 milliondan ortiq. Polinez tillari tonga (tonga va niuye) tillari va asl polionez tillari guruhchalariga, asl polionez tillari esa samoa-tashqi (samoa, tivalu, tokelau, futuna, uvea, pukapuka, shuningdek, barcha tashqi polionez tillari) va sharqiy polionez tillariga (maori, gavay, taiti, rarotongo, rapanui, tuamotu va boshqalar.) ajraladi.

Polinez tillari – grammatik qurilishi jihatdan analitik tillardan. Fonetikasida 5 ta unli va 8 tadan 12 tagacha undosh tovush bor. Gapni tashkil etuvchi eng muhim birlik lug‘aviy ma’no bildiruvchi mustaqil so‘z hamda uning oldidan yoki ortidan joylashuvchi xilma-xil (grammatik ma’no bildiruvchi) so‘zlar majmuidan iborat. Gapda so‘z tartibi bir qadar erkin; ko‘p tillarda ega kesimdan keyin, ba’zilarida esa gap boshida keladi; aniqlovchi aniqlanmishdan keyin keladi. So‘z yasalishining keng tarqalgan turlari so‘z qo‘shish va so‘z takrori.

Polinez tillari XIX asrgacha yozuvga ega bo‘lmagan; XIX asrdan bir qancha adabiy polinez tillari lotin alifbosi asosidagi yozuvga ega bo‘ldi. XX asr o‘rtasigacha polinez tillari yaxshi o‘rganilmagan. XX asr o‘rtalaridan ushbu tillarni sinxron tarzda hamda qiyosiy- tarixiy o‘rganish boshlandi.

Amerika hindulari, chukot, koryak va boshqa tillar – polisintetik til. Bu tillarning asosiy morfologik xususiyati – ega, aniqlovchi, to‘ldiruvchi va holni ifodalab kelgan so‘zlar fe’l bilan birikib, murakkab tarkibli qo‘shma so‘z shakliga o‘xshash gap hosil qilishi. Bunda gap boshida ega, oxirida kesim, to‘ldiruvchi, hol, aniqlovchi esa ega bilan kesimning o‘rtasida keladi. Mas., chukot tilida te-ata-kaa-nme-rkein – Men semiz bug‘ularni o‘ldiryapman.

Qadimgi turkiy til– (VII asrdan – XIII asrgacha) Qadimgi turkiy adabiy til. Turk hoqonligi barpo bo‘lgandan to Qoraxoniylar davrigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrda run (O‘rxun-Enasoy), uyg‘ur, so‘g‘d, manixey, braxma yozuvlarida bitilgan yodgorliklar bizgacha yetib kelgan. Bu yodgorliklar tosh, teri, yog‘ochlarga bitilgan. Yodgorliklarning eng mashhuri turk hoqon va sarkardalari Kultegin, Tunyuquq, Bilga hoqon sha’niga qo‘yilgan tosh yozmalar. Yodgorliklar O‘rxun daryosi bo‘ylaridan (Mo‘g‘uliston) topilgani uchun O‘rxun yodnomalari yoki turk, run, dulbarchin yozuvlari deb ham yuritiladi. Yodnomalar XIX asrning ikkinchi yarmida topilgan. Ularni V.Tomsen o‘qishga, birinchi marta V.Radlov tarjima qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga o‘xshash yodnomalar keyinchalik Enasoy daryosi bo‘ylaridan, Talas vodiysidan ham ko‘plab topilgan. Qadimgi turkiy til o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ulardan eng muhimlari quyidagi:

1.Bu til fonetik jihatdan d-lovchi til hisoblanadi, ya’ni bugungi y, z tovushlari o‘rnida d tovushi ishlatilgan: adoq (oyoq), ado‘g‘ (ayiq), edgu (ezgu) kabi.

2.Morfologik jihatdan ham o‘ziga xos belgilarga ega bo‘lgan. Mas., tushum kelishigi -g‘/-g qo‘shimchasiga, jo‘nalish kelishigi esa g‘aru/qaru/garu shakliga ham ega bo‘lgan: budunug‘ (xalqni), Uyg‘urg‘aru (uyg‘urga) kabi.

Sifatdagi va ravishdagi shakllarning o‘ziga xos ko‘rsatkichlari ishlatilgan: oltachi (o‘lajak), udimato‘ (uxlamay). Shart mayli -sar shaklida bo‘lgan: borsar (borsa). (Bular haqida «Qadimgi turkiy til» kursi bo‘yicha darslik va qo‘llanmalardan batafsil ma’lumot olasiz).

 

Qirg‘iz tili –turkiy tillarning qirg‘iz-qipchoq guruhiga mansub tillardan, Qirg‘iiston Respublikasining davlat tili. Asosan, Qirg‘iziston, shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Xitoy, Afg‘oniston, Rossiya, Pokiston va boshqa hududlarda tarqalgan. Qirg‘iz tilida so‘zlashuvchilarning umumiy soni 2.5 milliondan ortiq, shundan 2 million 330 mingdan ortig‘i Qirg‘izistonda yashaydi (o‘tgan asrning 90- yil) Qirg‘iz tili2 ta: shimoliy va janubiy lahja guruhlariga bo‘linadi. Bu lahjalar fonetika va leksika sohalarida o‘zaro farqlanadi; shu jihatlari bilan boshqa turkiy tillardan ham farqlanadi. Janubiy lahjada o‘zbek tilining ta’siri kuchli.

Fonetik xususiyati: 8 ta qisqa unli fonemaga qarama-qarshi 8 ta cho‘ziq unli mavjud. Singarmonizm izchil saqlangan, so‘z boshida j (portlovchi) undoshining (boshqa turkiy tillarda y yoki j) qo‘llanilishi xos.

Morfologik xususiyati: boshqa turkiy tillarga o‘xshash. Singarmonizm mavjudligi tufayli affikslarning fonetik variantlari ko‘p.

Qirg‘iz adabiy tili shimoliy lahja asosida shakllangan, uning leksikasida sof qirg‘izcha va turkiy so‘zlar qatlamidan tashqari mo‘g‘ul, rus, arab, eroniy tillardan o‘zlashgan so‘zlar ham mavjud.

Qo‘miq tiliturkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub. Rossiyaning Dog‘iston, qisman Checheniston, Ingushiya, Shimoliy Osetiya Respublikalarida tarqalgan. Qo‘miq tilida so‘zlashuvchilarning umumiy soni 282 mingdan oshadi (o‘tgan asrning 90-yili ma’lumoti).

Qo‘miq tilining, asosan, 3 ta: bo‘ynoq, qaytaq, xasavyurt lahjasi farqlanadi. Lahjalarda fonetik va morfologik tafovutlar mavjud. Qo‘miq tiliqipchoq guruhiga mansub bo‘lsa-da, unda o‘g‘iz tillariga mansub belgilar ham kuzatiladi.

Adabiy qo‘miq tiliXX asr boshlarida xasavyurt va bo‘ynoq lahjalari asosida shakllangan.

Qoraqalpoq tiliturkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub tillardan; qozoq va no‘g‘ay tillari bilan birgalikda qipchoq tillarining qipchoq-no‘g‘ay guruhchasini tashkil qiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat tili. Asosan, Qoraqalpog‘istonda, shuningdek, Xorazm, Navoiy, Buxoro viloyatlari hamda Qozog‘iston va Turkmanistonning unga qo‘shni hududlarida, Rossiya, Afg‘onistonda tarqalgan. Qoraqalpoq tilida so‘zlashuvchilarning umumiy soni 425 ming kishidan oshadi (o‘tgan asrning 90-yillari ma’lumoti).

Qoraqalpoq tiliasosan, 2 ta: shimoli-sharqiy va janubi-g‘arbiy lahjaga bo‘linadi. Bu lahjalar fonetik xususiyati jihatidan o‘zaro farqlanadi. Adabiy qoraqalpoq tiliXX asrning 1- yarmida shimoliy-sharqiy lahja asosida shakllangan; ungacha qoraqalpoqlar eski o‘zbek tilidan foydalanishgan.

Fonetik xususiyati: unlilar ohangdoshligi (lab singarmonizmi) va undoshlar assimilyatsiyasi mavjud.

Leksik xususiyati: qoraqalpoq tilida boshqa turkiy tillarda bo‘lganidek, umumturkiy so‘zlardan tashqari, arab, fors, rus tillaridan o‘zlashgan so‘z ko‘p uchraydi.

 

Qozoq tiliturkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub; qoraqalpoq va no‘g‘ay tillari bilan birgalikda qipchoq tillarining qipchoq-no‘g‘ay guruhchasini tashkil qiladi. Qozog‘iston Respublikasining davlat tili. Asosan, Qozog‘iston, Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya, Mongoliya, shuningdek, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Turkiya, Ukraina va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. Qozoq tilidaso‘zlashuvchilarning umumiy soni 9.5 milliondan oshadi (o‘tgan asrning 90-yillari ma’lumoti).

Qozoq tilining dialektik bo‘linishi haqida aniq bir fikr yo‘q. Manbalarda 2 ta, ba’zan 3 ta lahjasi borligi aytiladi. Lahjalar leksik tarkibi va fonetik xususiyati jihatidan o‘zaro farqlanadi.

Fonetik xususiyati: 9 unli fonemaga ega, unlilar ohangdoshligi (lab singarmonizmi) va undoshlar assimilyatsiyasi mavjud, urg‘u dinamik xususiyatga ega. Bo‘g‘inlar ochiq yopiq va yarim yopiq turlarga bo‘linadi.

Morfologik xususiyati: otlar kelishiklar bilan turlanadi, ot yasalishida affiksatsiya va kompozitsiya usullari mavjud bo‘lsa, sifatlar leksik-semantik, morfologik va sintaktik usullar bilan yasaladi. Son va olmosh farqli belgilarga ega emas. Fe’llar morfologik tuzilishiga ko‘ra tub va yasama fe’llarga bo‘linadi. 4 mayl (aniqlik, buyruq, istak, shart), 3 zamon (o‘tgan, hoz., kelasi) farqlanadi. Ravishlar asliy va nisbiy turlarga bo‘linadi. Yordamchi so‘zlar umumturkiy xususiyatga ega.

Sintaktik xususiyati: 4 xil sintaktik aloqa turi (moslashuv, munosabatlashuv, boshqaruv, bitishuv), 4 xil gap turi (darak, so‘roq, buyruq, undov) farqlanadi. Gap haqidagi ta’limot umumturkiy xususiyatga ega. Qo‘shma gaplar bog‘lovchisiz va bog‘lovchili turlarga bo‘linadi.

Leksik xususiyati: qozoq tilileksikasi o‘z qatlamini qad. turkiy tillardan semantik va struktur-morfologik o‘zgarishlarga uchrab o‘tgan umumturkiy qatlam tashkil qiladi, shuningdek, unda arab, fors, mo‘g‘ul, o‘zbek, tatar, rus va xitoy tillaridan o‘zlashgan so‘zlar uchraydi.

Qrim-tatar tiliturkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub. Asosan, O‘zbekiston va Ukrainaning bir qator hududlarida, qisman Rossiya, Mongoliya, Tojikiston, Gruziya, Ozarbayjon, Ruminiya, Turkiya va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. So‘zlashuvchilarning umumiy soni 800 ming kishiga yaqin (o‘tgan asrning 90-yil).

Qrim-tatar tilitarixan tipologik jihatdan bir tekis rivojlanmagan. Unda 3 ta: shimoliy, o‘rta va janubiy lahjalar ajratilib, birinchisi no‘g‘ay tiliga, uchinchisi o‘g‘iz tiliga yaqin turadi. Lahjalar leksik tarkibi va fonetik xususiyati jihatidan o‘zaro farqlanadi.

Fonetik xususiyati: lab va tanglay ohangdoshligining 2- bo‘g‘inga ta’siri, 2- darajali cho‘ziq unlilarning mavjudligi, ba’zan undoshlar assimilyatsiyasi kuzatiladi.

Morfologik xususiyati: kishilik olmoshlarining qaratqich kelishigidagi 1-shaxs birlik va ko‘plik shakllari menim, bizim tarzida qo‘llanishi bilan boshqa turkiy tillardan farqlanadi.

Leksik xususiyati: qrim-tatar tilileksikasida shu tilning o‘zigagina xos bo‘lgan «balaban» (katta), «qo‘ranta» (oila) kabi so‘lar bilan bir qatorda arab, fors, grek, italyan tillaridan o‘zlashgan so‘zlar uchraydi.

XX asrgacha bo‘lgan adabiy qrim-tatar tiliOltin O‘rda turkiy adabiy tilidan kelib chiqqan va unda Qrim xonlarining ko‘plab farmon va yorliqlari saqlanib qolgan. Eng qadimgi yozma yodgorligi XIII asrga mansub. XIX asrdan adabiy til bir necha marta isloh qilingan va so‘zlashuv tiliga yaqinlashtirilgan. Hozirgi adabiy til o‘tgan asrning boshidao‘rta lahja asosida shakllangan.

 

Rus tilirus xalqi tili, jahonda keng tarqalgan tillardan. Avval sobiq SSSRda, so‘ng Rossiya va MDHda millatlararo va davlatlararo aloqa vositasi. Rus tili BMTdagi 6 ta rasmiy tildan biri. Ukrain va belorus tillari bilan birgalikda Hind-yevropa tilari oilasiga kiruvchi slavyan tillari guruhini tashkil etadi. O‘tgan asrning 80- yillaridagi ma’lumotga ko‘ra, rus tilida so‘zlashuvchilarning umumiy soni 250 million kishidan, hozirgi Rossiya va MDH mamlakatlarida 185 million kishidan ortiq. Bundan tashqari, mazkur hududlardagi 60 milliondan ortiq kishi rus tilida erkin so‘zlasha oladi.

Eng qadimgi rus adabiy tili Kiyev Rusida shakllangan, XIV asrgacha sharqiy slavyanlar uchun umumiy til hisoblangan. XIV–XV asrlar qadimiy rus tili 3 tilga – velikorus (rus), ukrain va belorus tillariga bo‘linib ketadi. Shu davrdan boshlab rus tili, boshqacha aytganda, velikorus tili markazi Moskva bo‘lgan. Rus davlati hududida rivojlana boshlaydi.

Rus tili lahja va shevalari 2 ga: shimoliy velikorus (“o” lovchi) va janubiy velikorus (“a” lovchi) guruhlarga bo‘lingan; o‘rta rus shevalari mazkur ikkala guruh xususiyatlarini o‘zida aks ettiradi. XVI–XVII asrlarda shimoliy va janubiy lahjalar chegarasida bo‘lgan Moskvada o‘ziga xos koyne (umumiy lahja) shakllanib, u namuna tilga aylangan.

Qadimiy rus tili xususiyatini saqlab qolgan adabiy til bilan so‘zlashuv tili o‘rtasida sezilarli tafovut paydo bo‘lib, XVII asrdan boshlab rus millati va rus milliy tili shakllana boshladi. XVII asr oxiri XVIII asr boshidagi adabiy til boy va ifodali yevropa o‘zlashmashlariga ega esa-da, barqaror bo‘lmagan. Uni tartibga solish va barqarorlashtirishda M.Lomonosovning xizmatlari katta. XIX asr boshlarida adabiy tilning xalqchilligi bosh muammo hisoblanib, bu muammoning yechimida I.Krilov, A.Griboyedov va, ayniqsa, A.Pushkin ijodi alohida o‘rin tutadi. Ayni Pushkin ijodiyotida rus adabiy tilining shakllanishi yakun topadi. Rus tilining umumiy me’yorlari ishlab chiqilgan va mustahkamlangan hamda, bu me’yorlar Pushkinning zamondoshlari va undan keyingi avlod tomonidan qabul qilingan.

Rus adabiy tilining boyishiga XIX–XX asrlardagi rus adabiyotining mumtoz vakillari ulkan hissa qo‘shdi; XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab uning rivojlanishiga yozuvchilar bilan bir qatorda jamoat arboblari, fan va madaniyat namoyondalari ham katta hissa qo‘shmoqda. Oktabr to‘ntarilishidan so‘ng o‘zgacha ijtimoiy tuzum va texnikaning rivojlanishi tufayli rus tilida, ayniqsa, uning leksikasida sezilarli o‘zgarish bo‘ldi, adabiy tilning umumiy demokratlashuvi kuchaydi.

Rus tili flektiv-sintetik tillardan, unda 3 ta grammatik jins kategoriyasi, otlarning 3 xil turlanishi, fe’lning 2 xil tuslanishi mavjud; ko‘makchi predlog ko‘rinishida, ya’ni o‘zi bog‘lanadigan so‘z oldidan joylashdi.

Hozirgi rus alifbosi kirill yozuviga (kirillitsaga) asoslangn. Unga bitilgan eng qadimiy yodgorlik XI asrga taalluqli.

XX asr o‘rtalaridan boshlab butun jahonda rus tilini o‘rganish keng tarqaldi. U dunyodagi 100 dan ortiq mamlakatda o‘qitiladi. 1967- yilda rus tili va adabiyoti o‘qituvchilarning xalqaro assosiatsiatsiasi, 1973- yilda A.Pushkin nomidagi Rus tili instituti tashkil etilgan. Sho‘ro davrida O‘zbekistonda va MDHning bir qancha mamlakatlarida rus tilida oqish, o‘rganishga alohida e’tibor berilgan.

Sariq uyg‘ur tili sharqiy turkiy tillardan biri. Asosan, Xitoyning Gansu viloyatidagi Minxua mintaqasida tarqalgan. So‘zlashuvchilarning soni taxminan 4-5 ming kishiga yaqin. Aniq dialektal bo‘linishga ega emas; tog‘lik va dashtlik aholi shevalarida fonetika va leksika sohalarida tafovutlar kuzatiladi.

Sariq uyg‘ur tili leksikasi turkiy va noturkiy (sanskrit, tibet, mo‘g‘ul, xitoy) tillarga xos unsurlar qorishmasidan iborat, lekin grammatik qurilishi asl turkiyligicha saqlanib qolgan. Sariq uyg‘ur tilining o‘tmishda qadimgi uyg‘ur tiliga yaqin bo‘lganligi haqida taxminlar bor. Sariq uyg‘urlar XVIII asr oxirlarigacha qadimgi uyg‘ur adabiy tilidan foydalanib kelgan va keyinchalik tibet tilining ta’sirida qadimgi uyg‘ur yozuvi unutilgan bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda sariq uyg‘ur tili oddiy so‘zlashuv tili bo‘lib qolmoqda.

Sart tili – Chor Rossiyasi istilochilari tomonidan o‘zbek tiliga nisbatan ishlatilgan atama. Shunday nomda rus olimlarining yozma asarlari uchraydi. Mas., Z.Alekseyev va V.Vishnegorskiyning «Sort tili samouchiteli» (1884), M.Andreyevning «Sort tilini birinchi bor o‘rganuvchilar uchun qo‘llanma» (1896)sini, F.Mashkovsevning «Sort tili darslari» (1899)ni, V.Nalivkinning «Sort tilini amaliy o‘rganish uchun qo‘llanma» (1898)sini, N.Budzinskiyning «Sort tili darsligi» (1910) bunga misol.

Manabalarda qayd etilishicha, sart so‘zi sanskrit tilida «karvonboshi»,«savdogar», «shaharlik» kabi ma’noda qo‘llangan.

Shor tili– turkiy tillarning uyg‘ur-o‘g‘uz guruhidagi xakas guruhchasiga mansub tillardan; Rossiyaning Kemerovo viloyatida, qisman Oltoy va Xakas Respublikasida tarqalgan. So‘zlashuvchilarning umumiy soni 10 mingga yaqin.

Shor tilida 2 ta: shimoli-g‘arbiy va kondom lahjasi bor. Leksikasida ovchilik terminologiyasi rivojlangan, mo‘g‘ulcha va ruscha o‘zlashmalar uchraydi. Mrass lahjasi yetakchi hisoblanib, adabiy til ana shu lahja asosida shakllangan. Hozirgi kunda shor adabiy til sifatida mavjud emas, u faqat qabilalar ichida so‘zlashuv tili. Yozma adabiy til sifatida xakas, rus tillaridan foydalaniladi.

 

 

So‘g‘d tili milodiy I-IX asrlarda Samarqand – Buxoro – Naxshab – Kesh viloyatlari hududida yashagan so‘g‘d xalqining tili.U eroniy tillarning shimoli-sharqiy guruhiga kirgan o‘lik til, qadimgi So‘g‘d (So‘g‘diyona) davlatining rasmiy tili bo‘lgan. Arab istilosidan so‘ng so‘g‘dlar turkiy tilli xalqlar va fors, tojik xalqlari tarkibiga singishib, qorishib ketgan, elatlik maqomini saqlab qololmagan, ularning tili ham siqib chiqarilgan, XII-XIII asrlarda so‘g‘d tili batamom yo‘qolgan.

So‘g‘d tilida bitilgan yodgorliklar saqlanib qolgan. Moniylik matnlari, kundalik hujjat, yozishma, farmon va yorliqlar, astronomik taqvim, epos namunalari Sin’qzyan va Mug‘ tog‘idan topilgan. Hozir Tojikiston Respublikasining Yag‘nob daryosi (Zarafshonning bosh irmog‘i) bo‘yida yashovchi yag‘nobiylarning tili so‘g‘d tiliga o‘xshash, shu bois hozirgi yag‘nob tilini yangi so‘g‘d tili deb atashadi.

  So‘g‘d tilidan o‘zbek va tojik tiliga bir qancha so‘zlar o‘zlashgan. Ularning ma’nolari va tovush shakli o‘zgargan: oqshom, ofarin, suvoriy, non, pul, hafta, falon, falonchi, falonchi, katta, kichik, kalta, kurta (kulta), bog‘, rog‘, vayish, palag‘da, sharx, chig‘ir, chig‘il, chig‘iriq, namat, po‘st, to‘stak, bod, kafsh, chiroq, charog‘, kat, katak, kent, ravshan, katvol (kutvol), katxudo, katbonu (kayvoni), dev, pora, mix, farishta, poshna, kampir, devor, juvon, istara,           burj, burch, go‘dak, jo‘ja, dakki, daryo, dam, dahliz, charm, xona, kaft, moh, may, mard, murda, muhr, nuqra, nom, noma, nim, rah, sar, mo‘pon, joy.

  O‘zbekistonning bir qancha shahar, qishloq, daryo, jilg‘a, anhor, tog‘ nomlari so‘g‘dcha. Sug‘diy nomlar tarixiy va hozirgi joy nomlari majmuida anchagina: kat, kent: Kat, Navkat, Navqat, Parkent, Pistaken, Beshkent, Ishkent, No‘shkent, Shirkent; diz,di: Tezguzar, Tezob, Kamandi, Pakandi, Apardi, Jizza; mitan: Metan, Parmetan, Namangan, Romiton, Shamaton, Bo‘rimetan; duvon: Gijduvon, Ayriduvol; g‘ar (tog‘): Palg‘ar, Chimqor, Shovg‘ar, Oyqor; ob: Panjob, Sho‘rob, Farob, Tezob; rud: Ro‘dak, Keshrud, Chag‘onrud, Rudibolo; man: Manak, Gishman, Xushman, Lag‘mon, Tolmon, Motmon; jon\shon: Navjon, Sherjon, Andijon, Zarafshon, Badaxshon, Ardaxshon; kom/kon/gan: Shofurkom, Namangan; za: Varganza, Ispanza, Zog‘za, Dovza.

 

Sun’iy til – ma’lum bir kishilar tomonidan yaratilgan til. Qadim zamondan xalqaro tilga talab sun’iy til yaratishga ham sabab bo‘ldi. 1880- yilda Germaniyada I.M.Shleyer tomonidan «volyapuk» degan til loyihasi e’lon qilindi. 1887- yilda esa polshalik vrach-poliglot Zamengof «esperanto» tilini yaratdi va u ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi, tez orada turli mamlakatga tarqaldi. Hatto badiiy asarlar yozildi yoki bu tilga tarjima qilindi. Ayni paytda esperanto tilida gazeta-jurnal chop etilib, radioeshittirishlar uzatiladi, xalqaro tashkilotlar ish yuritadi.

Tatartiliturkiy tillarning biri. Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasida, Boshqirdiston, Chuvashiston, Mariy El, Udmurtiya, Moldaviya Respublikasi va ko‘plab viloyatning ayrim tumanlarida, shuningdek, Markaziy Osiyoda va Ozarbayjon Respublikasida tarqalgan. So‘zlashuvchilarning umumiy soni 7 million kishiga yaqin (XX asr oxiri). Sezilarli fonetik va morfologik tafovutga ega uch lahjasi bor: o‘rta, g‘arbiy ( yoki mishar), sharqiy (yoki sibir tatarlari lahjasi).

Tatartilifonetikasi 10 unli fonemaning mavjudligi, lab-tish v fonemasining, ch qorishiq undoshlarining yo‘qligi, ba’zi unlilar o‘rnining umumturkiy holatdan farqlanishi bilan ajralib turadi. Morfologiyasida analitik zamon shakllari, yetakchi fe’lning ko‘makchi fel bilan qo‘shilib harakatning davomiyligi, jadalligi, tugallangan-tugallanmaganligi kabi ma’nolarni ifodalashi keng tarqalgan. Leksikasida arabcha, forscha, ruscha va rus tili orqali o‘zlashgan baynalminal so‘zlar ko‘p. Eski adabiy tatartiliyozma yodgorliklari XII asrga mansub. XIX asr o‘rtalaridan adabiy til xalq tili bilan yaqinlasha boshlaydi. Hozirgi adabiy tatartilimorfologik jihatdan fonetik va leksik jihatdan o‘rta lahjaga, morfologik jihatdan g‘arbiy lahjaga yaqin. Yozuvi 1927- yilda arab grafikasi, 1927–39- yilgacha lotin grafikasi, 1939- yidan boshlab rus grafikasi asosida shakllangan.

O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi”dan

Til yordamida suhbatlashib, savol-javob qilinadi. Fikr til yordamida ifodalanib, uzatiladi. Ajdoddan ma’lumot olib, avlodga uzatamiz. Tilning eng muhim aloqa vositasi ekanligi shunda namoyon bo‘ladi.

Insonning eng asosiy, boshqa jonzotdan farqlab turuvchi belgisi – ong va tilga egaligi. Til faqat insonga va jamiyatga xos bo‘lgan hodisa. U bir kishi tomonidan emas, balki kishilik jamiyati tomonidan uzoq davr mobaynida yaratilgan. Shuningdek, til ayrim shaxsga emas, balki jamiyatga xizmat qiladi. Shuning uchun til ijtimoiy hodisa deyiladi.

            Tilning paydo bo‘lishi. Tilning paydo bo‘lishi masalasi – azaliy mavzu. Biror tilning qachon paydo bo‘lganini taxminan aytish mumkin. Mas., manbalarda o‘zbek tili XV asrda shakllanib bo‘lgan, boshqa turkiy tillardan ajralib chiqqan deyiladi. (Ne’matov H., Mahmudov N., G‘ulomov A., Sayfullayeva R., Abduraimova M. Ona tili. 9- sinf uchun darslik. – T.: O‘qituvchi, 2002. – B. 5.) Biroq, umuman insoniyatga xos tilning qachon paydo bo‘lganini aniqlab bo‘lmaydi. Chunki ma’lum bo‘lgan tillarning yozuv tarixi 10–15 ming yildan nariga bormaydi. Olimlar esa tilning paydo bo‘lishini yozma manba asosida belgilaydi.

Tilning paydo bo‘lishi haqida olimlarning fikrini umumlashtirib, shuni aytish mumkinki, til bizga in’om etilgan so‘zlash imkoniyati asosida kishilarning birga mehnat qilishi jarayonida boshqa kishi bilan aloqada bo‘lish zaruriyati, ehtiyoji natijasida paydo bo‘lgan. Til kishining birbirini tushunishiga, yashash vositasini topish va yaratishda birlashishiga yordam bergan.

Tildagi o‘zgarish.Bizni qurshab turgan olamdagi hamma narsa va hodisa kabi til ham muttasil rivojlanish va o‘zgarishda. Buni shu tilning ikki davrdagi holati farqiga qarab bilish mumkin. Mas., eski o‘zbek tili bilan hozirgi o‘zbek tili orasidagi farq lug‘at tarkibida ko‘proq aks etganini sezish mumkin.

Ko‘rinadiki, tildagi o‘zgarish, asosan, lug‘at jamg‘armasida ko‘proq namoyon bo‘ladi, chunki xalq tarixida ro‘y bergan iqtisodiyijtimoiy, siyosiy o‘zgarish tufayli yangi so‘z kirib keladi, ayrimi chiqib ketadi. Mas., eski o‘zbek tiliga xos cherik (askar), o‘kush (ko‘p), talim (bir qancha) singari so‘z hozir qo‘llanmaydi.

Shunday qilib, o‘zbek tili lug‘at tarkibi turmush uchun keraksiz bo‘lib qolgan tushunchani bildiruvchi so‘zning iste’moldan chiqib ketishi, yangi paydo bo‘lgan tushunchani ifodalovchi so‘zning esa kirib kelishi hisobiga doimo rivojlanib, boyib boradi.

            Tilning taraqqiy etishi.O‘zgarish tabiat-hodisalarigagina emas, tabiiyki, ijtimoiy hodisalarga, shu jumladan, til hodisalariga ham xos. Tarixiy taraqqiyot va o‘zgaruvchanlik tilning hamma sathlariga xos. Kishilik jamiyati paydo bo‘lgandan buyon til uzoq davrlar o‘tishi bilan o‘zgarib, boyib borgan. Ayni vaqtda til taraqqiyoti kishilarning turli-tuman tajribalarining takomillashishiga, bu tajriba-yu bilimlarning avloddan avlodga o‘tishiga ham imkon bergan. Til taraqqiyoti natijasida fan, texnika, madaniyat taraqqiy qilgan, ya’ni kishilik jamiyati rivojlangan.

Tilning tarixiy taraqqiyoti va o‘zgaruvchanligi jamiyat hayoti bilan bevosita bog‘liq, ijtimoiy hayotda ro‘y bergan o‘zgarishlar tilda aks etadi. Bu o‘zgarishlar hammadan ko‘proq tilning lug‘at boyligida o‘z ifodasini topadi. Yangi narsa-buyum, tushunchalarning paydo bo‘lishi yoki, aksincha, narsa-buyum va tushunchalarning iste’moldan chiqib ketishi hammadan avval tilning lug‘at boyligida o‘zgarish bo‘lishiga olib keladi. Chunonchi, Muqimiy (1850-1903) ning «Navbahor ochildi gullar, sabza bo‘ldi bog‘lar» matlali g‘azalidagi ayrim baytlarga e’tibor qarataylik:

Xush bu mahfilda tiriklik ulfatu ahbob ila

O‘ynashib, gohi tabiatni qilaylik chog‘lar.

Hayfkim, ahli tamiz ushbu mahalda xor ekan,

Oldilar har yerda bulbul oshyonin zog‘lar.

Hozir Muqimiy davrida keng qo‘llanilgan mahfil, ulfatu ahbob, ahli tamiz kabi juda ko‘p so‘z va so‘z birikmalari iste’moldan chiqib, eskirgan so‘zlarga aylangan. Muqimiy yashagan davrda tilimizda patta, vistavka, gimnaziya, pech kabi yangi-yangi so‘zlar paydo bo‘lgan bo‘lsa, bu so‘zlarning ko‘pchiligi bizning davrimizga kelib eskirib qoldi. Tilning lug‘at tarkibida yangi so‘zlar, iboralar paydo bo‘lishi, ayrim so‘zlarning semantikasida o‘zgarishlar yuz berishi, ba’zi so‘zlarning eskirib qolishi barcha tillarga xos bo‘lgan umumiy qonuniyatlardan. Chunonchi, o‘tgan asrning boshlari va o‘rtalarida rus tilida paydo bo‘lgan bolshevizm, menshevizm, proletariat, syezd, kolxoz, sovxoz marksizm, leninizm, kommunizm kabi ko‘plab so‘zlar hozirda eskirib iste’moldan chiqqan. Tilda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar so‘zning tuzilishiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi, oqibatda u ham asta-sekin o‘zgarib boradi. So‘z strukturasining o‘zgarishi turli tillarda turli yo‘l bilan yuz beradi. Tilshunoslikda buning asosiy uch usuli qayd etiladi: soddalashuv, qayta bo‘linish va murakkablashuv.

So‘zlarni qo‘shish yo‘li bilan yasalgan qo‘shma so‘zlarning tub so‘zlarga yoki o‘zakka, ko‘p morfemali so‘zning bir morfemali so‘zga o‘tish hodisalari soddalashuv deyiladi. Odatda, soddalashuv hodisasi so‘z o‘z «ichki tuzilish shakli»ni o‘zgartirganda, ya’ni morfemalar orasidagi chegara yo‘qolganda ro‘y beradi. Ilmiy adabiyotlarda soddalashuv hodisasining sodir bo‘lishiga asosan ikkita sabab borligi ko‘rsatiladi:

1)    u yoki bu morfemaning ma’nosi kuchsizlanishi, asta-sekin yo‘q bo‘lib ketishi natijasida uning iste’moldan chiqib ketishi;

2)    o‘zakdosh so‘zlar o‘rtasidagi aloqaning uzilishi.

Birinchi usulga o‘zbek tilidagi qishloq, qovurg‘a, yuksak, qachon, bo‘rsiq so‘zlari, rus tilidagi nujniy, xijina, kolsoso‘zlari misol bo‘la oladi. Qishloq so‘zi aslida qish+la (fe’l yasovchi affiks) + q(ot yasovchi affiks) morfemalaridan; qovurg‘aso‘zi qop+ur (daraja ko‘rsatuvchi affiks) + g‘a(ot yasovchi affiks) morfemalaridan; yuksak so‘zi yuk+sa (fe’l yasovchi affiks) + k(sifat yasovchi affiks); qachon so‘zi qay, chog‘va-inmorfemalaridan hamda bo‘rsiq so‘zi esa bo‘r+si+q morfemalaridan tashkil topgan. Hozirgi tilshunoslikda bu so‘zlar sodda tub so‘zlar sifatida baholanadi.

Nujniy, xijina, kolso so‘zlarini hozirgi rus tili grammatikasi nuqtai nazaridan yuqoridagi so‘zlar kabi izohlash mumkin. Bir vaqtlar rus tilida nuja, xija, kolo so‘zlari bo‘lgan, ana shu so‘zlarga so‘z yasovchi (-n, -in, -u) va shakl hosil qiluvchi (-iy, -a, -o) affikslar qo‘shilishi natijasida bu so‘zlar hosil bo‘lgan.

Hozirgi o‘zbek tilidagi qishloq va qishki so‘zlari ikkinchi usulga misol bo‘la oladi. Etimologik jihatdan har ikkala so‘zning ham o‘zagi qishso‘zi bo‘lgan. Hozirgi til nuqtai nazaridan ularda hech qanday semantik umumiylik yo‘q. Rus tilidagi jir (yog‘), jizn (hayot), jivoy (tirik) so‘zlari qadimda o‘zakdosh so‘zlar hisoblangan. Aslida jirso‘zi ji+r(so‘z yasovchi affiks)dan tuzilgan, «hayotda orttirilgan» ma’nosini bergan. Tilning tarixiy taraqqiyotida bu so‘zlarning morfemalari orasidagi chegara yo‘qolgan, ya’ni soddalashuv hodisasi ro‘y bergan. Soddalashuv jarayoni ba’zan bir tildan ikkinchi tilga so‘z o‘zlashtirganda ham sodir bo‘lishi mumkin. Chunonchi, ingliz tilidan o‘zlashgan futbol, voleybol so‘zlari, nemis tilidan o‘zlashgan kurort so‘zi o‘zbek tilida tub so‘zlar hisoblanadi. Aslida esa o‘z holatida bular qo‘shma so‘zlardir, ya’ni foot – oyoq, ball – to‘p, volleyqo‘l, ballto‘p; kurdam, ort joy kabi. O‘zbek tiliga fors tilidan o‘zlashgan navro‘z tub so‘zi aslida nav-yangi, ro‘z-kun ikki o‘zakdan, astoydil tub so‘zi «az tahi dil» uch o‘zakdan tashkil topgan. Rus tiliga o‘zbek tilidan o‘zlashgan karandash, utyug so‘zlari hozirda shu tilda tub so‘zlar hisoblansa-da, etimologik jihatdan o‘zbek tilida bular «qora tosh», «o‘t yoq» shaklidagi qo‘shma so‘zlar bo‘lgan.

So‘zdagi morfemalar chegarasining o‘zgarishi natijasida yangi affiksal morfemalar paydo bo‘lishi ham mumkin. Bunday jarayon so‘zning material strukturasidagi q a y t a b o‘ l i n i s hhodisasi deb yuritiladi.

O‘zbek tilidagi bo‘lajak, ular, gulduros so‘zlarida, rus tilidagi gotovnost so‘zida qayta bo‘linish hodisasini kuzatish mumkin. Hozirgi kunda bu so‘zlar bo‘l+ajak (sifatdosh shakli affiksi), u+lar (ko‘plik shakli affiksi), guldur+os (sifat yasovchi affiks); gotov+nost (so‘z yasovchi affiks) shaklida morfemalarga ajratiladi. Ilmiy adabiyotlarda keltirilishicha, bu so‘zlarda quyidagicha qayta bo‘linish ro‘y bergan:

bo‘lajak < bo‘l-a-jak < bo‘l-ajak

ular < ul-ar < u-lar

gulduros < guldur-a-s < guldur-os

gotovnost < gotov-n-ost < gotov-nost.

Ba’zi hollarda faqat affiksal morfemalar emas, so‘zlar ham qayta bo‘linadi. Mas., rus tilidagi sva k predloglari uchta tovushdan tashkil topgan: s’n, k’n. Ma’lumki, predloglar yordamchi so‘zlar. Nutqda urg‘u olmaydigan predloglar, odatda, olmoshlarga qo‘shilib talaffuz etiladi. Vaqt o‘tishi bilan bu predloglar quyidagi ko‘rinishga ega bo‘lgan:

s’n im< s’nim< s’ nim < s nim;

k’n im

Avval tub deb hisoblangan so‘zlarning yasama yoki murakkab so‘zlar qatoriga o‘tishi m u r a k k a b l a sh u vdeyiladi. Bu hodisani boshqa tildan o‘zlashgan so‘zlarda kuzatishimiz mumkin. Murakkablashuv hodisasi tilda soddalashuv va qayta bo‘linish hodisalariga nisbatan kamroq uchraydi. Chunonchi, rus tilidagi gravyura(toshga, metallga yoki yog‘ochga o‘yib ishlangan va bosmaxonada bosilgan rasm) so‘zi fransuz tilidan olingan, rus tilida gravyor, gravirovatso‘zlari paydo bo‘lgandan keyingina uch morfemaga (grav-yur-a) ajraladigan bo‘lgan.

Til – yaxlit butunlik. Borliqdagi barcha narsa qismlardan tashkil topganligi kabi til ham gap, so‘z birikmasi hosil qilish va so‘z yasash qolipi, so‘z, qo‘shimcha va tovushdan iborat. Ana shu qismlar bir-biri bilan turli qonun-qoida, tartib asosida birikib butunlikni, ya’ni tilni hosil qiladi. Til qismi til birligi hisoblanadi. Maktab darsligida gap, so‘z birikmasi, so‘z, qo‘shimcha va tovush til birligi sifatida qaraladi. Bularning barchasi nutqda qorishgan holda namoyon bo‘ladiki, ular orasiga keskin chegara qo‘yishning iloji yo‘q.

Tilning yaxlit butunligini ikki xil tushunish bor: 1) zohiriy tushunishda bir xil til birligining birikib ikkinchi bir birlikni keltirib chiqarishi tushuniladi: tovush+tovush=so‘z; so‘z+so‘z=so‘z birikmasi yoki gap kabi; 2) botiniy tushunishda bir sath birligi voqelanishi uchun ikkinchi bir sathning yordamga kelishi tushuniladi. Mas., so‘zni voqelantirish uchun morfologik qo‘shimchalar bilan birga so‘z birikmasi va gap qoliplari yordam beradi. Qo‘shimchaning yuzaga chiqishida leksik birliklar so‘z birikmasi va gap qoliplari ko‘maklashadi. So‘z birikmasi va gap qoliplari yuzaga chiqishida esa morfologik qo‘shimchalar va leksik birliklar hamrohlik qiladi.

Muayyan nutq sharoitida yaxshi leksemasi turli daraja shakllari bilan keladi. 1.Salim yaxshi o‘qiydi. 2.Bugun ish unumi yaxshiroq. 3.Eng yaxshi odamlar bizlarga hamrohdir. Ko‘rinadiki, birinchi gapda yaxshiso‘zi oddiy darajada, bunda leksema ma’nosining ifoda bo‘yog‘i darajaning oddiyligi. 2- va 3- gaplarda esa daraja ma’nosi kuchaygan holda voqelangan. Daraja shakllari yaxshi so‘zining ma’nolarini farqlash vazifasini ham bajaradi. Qiyoslang: 1.Yaxshi, hozir yetib boraman. 2.Siz zudlik bilan yo‘lga tayyorlaning. -Yaxshi. 3.Qovun yaxshi yetishibdi. 4. O‘smamiz juda yaxshi. Yaxshi so‘zining voqelangan ma’noviy ko‘rinishlari farqlanuvi asosida gaplarni ikkiga ajratish mumkin:

a) 1- va 2- gaplar;

b) 3- va 4- gaplar.

Birinchi guruh qo‘llanishlarda yuqorida zikr etilgan yaxshi leksemasining barchasi kuzatilmaydi. Aniqrog‘i, bunda «belgi» ma’nosi emas, balki «ma’qullash» ma’nosi voqelangan, «mustaqil gap bo‘lagi» emas, balki «kirish so‘z» (birinchi gapda) va «so‘z-gap» (ikkinchi gapda) vazifasi yuzaga chiqqan. Chunki kirish so‘z va so‘z-gap vazifasida yaxshi so‘zi darajalanish qobiliyatini yo‘qotgan. Demak, yaxshi so‘zida ikki xil ma’no borligiga amin bo‘lish mumkin:

1. Ijobiy, shaxsiy, ma’qullashni bildiruvchi kirish so‘zi yoki so‘z gap.

2. Ijobiy, shaxsiy, oddiy belgi ifodalovchi va gap bo‘laklari vazifasida kela oladigan sifat.

Bu ikki ma’noni sintaktik vazifa va daraja ko‘rsatkichlari farqlaydi. Tilning yaxlitligini ana shunday tushunish lozim.

Til me’yori.Me’yorlisonning ichki qurilish tizimiga nisbatan tashqi omil, lisoniy imkoniyatlardan – sinonimik qatorlardan, lisoniy birliklarning dublet, allovariant va variantlari, sohaviy birliklaridan har birining voqelanish o‘rinlari va xususiyatlarini belgilaydi.

O‘zbek va dunyo tilshunosligida me’yor masalasiga keng o‘rin berilgan va unga bag‘ishlangan qator ishlar mavjud. Bu masala, avvalo, uslubshunoslik va nutq madaniyati masalalari atrofida o‘rganildi. Zero, o‘zbek adabiy me’yorining asoschilaridan bo‘lgan E.Begmatovning uqtirishicha, me’yor masalasi XX asrning boshlarida o‘zbek adabiy tili taraqqiyotining yangi bir bosqichida u uchun asos bo‘lgan dialektal negizni belgilash, yozuv va alifbo masalalarini hal qilish, imlo qoidalarini ishlab chiqish, imlodagi mavjud kamchiliklarni tuzatish, umuman til birliklarini qo‘llashdagi ikkilanish va beqarorlikni bartaraf etish, atamalarni takomillashtirish, grammatikalar yaratish, o‘qish-o‘qitish ishini yo‘lga qo‘yish singari vazifalarni amalga oshirish yo‘lidagi say’-harakatlar ham nutq madaniyati muammolarini hal qilishning tarkibiy qismi edi. Bundan esa o‘tgan davr mobaynida o‘zbek tilini tadqiq etishga bag‘ishlangan kuzatishlarning ma’lum qismi shu tilning adabiy me’yor muammolarini hal etishga xizmat qilgan, degan xulosa kelib chiqadi.

O‘zbek tilshunosligida o‘tgan asrning so‘nggi chorak asri davomida adabiy til me’yorlari bo‘yicha bajarilgan barcha tadqiqot ishlari natijasi o‘laroq qator o‘quv qo‘llanmalari va darsliklar yaratildi.

Tadqiqotlarning barchasida adabiy me’yorga e’tibor qaratilgan. Darhaqiqat, adabiy til normalari, undagi muhim qonuniyatlarni ochish o‘zbek adabiy tili normativ sistemasidagi to‘g‘ri, namunaviy holatlarni belgilash bilan birga, undagi noadabiy hodisalarni, ya’ni xato va nuqsonlarni ham aniqlashga, ularning asosiy sabablarini ochishga ko‘maklashish asosiy diqqat markazida bo‘lgan.

Lison nutqda turlicha voqelanadi. U adabiy til ko‘rinishida ham, sheva va lahja shaklida ham, turli tabaqa, toifa kishilari nutqida, shuningdek, turli nutq sharoiti va vaziyatiga mos ravishda yuzaga chiqadi. Ana shu moslanish va xoslashuv me’yor tusini oladi.

Umumxalq tilining lisoniy tizimi dastlab ikki ko‘rinishda voqelanadi: sheva va adabiy til. Avvalo, adabiy til va shevaga xos me’yoriy qonun-qoidalar mavjud, bu qonun-qoida umumxalq tilining ikki tarkibiy qismini ajratishga, ularning har birining o‘ziga xos yashovchanligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuning uchun dialektal va adabiy me’yor farqlanadi. Buni chizmada quyidagicha berish mumkin:

 

UMUMXALQ TILI(lison)

Dialektal me’yor      
Adabiy me’yor

 

O‘zbek tilshunosligida umumxalq tilining umumxalq va dialektal ko‘rinishi keng va teran o‘rganilgan, biroq me’yor masalasida adabiy tilga ko‘p e’tibor qaratilgan. Bu shevalarning nutqiy ko‘rinishi me’yorsiz bo‘ladi, degani emas. Holbuki, shevada ham lison voqelanar ekan, bu voqelanish, albatta, ma’lum “cheklov” va so‘zlovchiga lisoniy-ijtimoiy “buyurish” asosida yuz beradi. Ana shu “cheklov” (qolip) va ijtimoiy buyurish me’yorni tashkil etadi. E.Begmatov sheva me’yori xususida fikr yuritar ekan, uning stixiyali tarzda shakllanishi va rivojlanishi, majburiy deb tushunilmasligi, bilvosita, negativ ravishda, ya’ni biz unday demaymiz, biz bunday gapirmaymiz singari tasavvurlar asosida amalga oshirilishini ta’kidlaydi.

Til oilasi – kelib chiqishi umumiy va leksik-grammatik xususiyatlari o‘xshash bo‘lgan til tarmoqlari majmui. Bir oilaga kiruvchi tillarning qarindoshligi tilshunoslikda qiyosiy-tarixiy metod asosida o‘rganiladi. Oila atamasi o‘rnida ba’zan guruh termini ham ishlatiladi. Mas., turkiy tillar bir butun holda guruh sifatida oltoy oilasiga kiradi. Bir oilaga kirishi haqidagi ma’lumotlar kam, uzoqlashib ketgan tillarga nisbatan makrooila, fila, filiya terminlari ishlatiladi.

Ko‘plab til oilalarining tarkibi haqidagi ma’lumotlar oxirigacha isbotlanmagan. Mas., ayrim tilshunoslar mo‘g‘ul, tungus-manjur va turkiy tillarni bir umumiy oila sifatida qaraydilar. Boshqalari esa oltoy, hind-yevropa, som-xom, ural, dravid kabi tillar ilgari qarindosh bo‘lgan deya bir til oilasiga kiritiladi.

Dunyodagi ko‘p tillar hali yetarli darajada o‘rganilmagan. Ayniqsa, Amerika va Afrikadagi tillarning kamayib borayotganligi bu tillarninig biror oilaga munosabatini belgilashni qiyinlashtirmoqda. Bunga qaramasdan, indeys tillarining Shimoliy Amerikada 7 ta, Meksika va Markaziy Amerikada 3 ta, Janubiy Amerikada 20 dan ortiq oilasi borligi aniqlangan. Bundagi har bir oila 15–20 dan 100 tagacha tilni qamrab olgan. Janubiy Amerikada keng tarqalgan chibcha tili oilasi jami 70 tilni o‘z ichiga olgan 20 guruhga bo‘linadi.

Dunyo tillari soni aniq emas (2500 tadan – 5 000 tagacha). Tillar sonini belgilashning qiyinligi shundaki, ayrim tilning alohida til yoki lahjaligi aniq emas. Aloqasi uzilgan lahjalarning alohida tilga aylanishi hozir ham yuz bermoqda. Ziddiyat va chalkashliklar bo‘lishiga qaramay, olimlar 2000 dan ortiq tilni oilalarga bo‘lishgan. Ma’lumotga ko‘ra, hozirgi kunda 20 dan ortiq til oilasi bor. Til oilasidan keng tarqalganlari quyidagilar: 1. HindYevropa oilasi. 2. Oltoy oilasi. 3. Finugor oilasi. 4. Xomsom oilasi. 5. Kavkaz oilasi. 6. Xitoytibet oilasi. Bundan tashqari, dravid, malay-polinez, avstraliya, papua, afrika oilasi ham ajratiladi.

Ayrim darslik va qo‘llanmada turkiy tillarni ba’zan alohida oila, ba’zan guruh sifatida ham berishadi. (Mas., quyidagi manbaga qarang: Irisqulov M. Tilshunoslikka kirish: Dorilfunun va pedagogika inctitutlari talabalari uchun qo‘llanma. – T.: O‘qituvchi, 1992. – B. 176; Ne’matov H., Mahmudov N., G‘ulomov A., Sayfullayeva R., Abduraimova M. Ona tili. 9- sinf uchun darslik. – T.: O‘qituvchi, 2002. – B. 8.) Umuman olganda, bu masalada bir xillik yo‘q. Shuning uchun o‘quvchi amaldagi maktab darsligi bergan ma’lumotga tayangani ma’qul.

Dunyo tillari genetik, morfologik, funksional, areal kabi tasniflarga ega.

Tillarning genetik tasnifitillarni kelib chiqishi, qarindoshligi asosida tasniflash. U geneologik tasnif ham deyiladi.Geneologik tasnifning ildizlari juda qadimga borib taqaladi. Buni qadim olimlar va tarixchilar ham e’tirof etishadi. Tasnifning asoschilari F.Bopp, Y.Grimm, R.Rask, A.X.Vostokovlar. Ma’lumki, qiyosiy-tarixiy tilshunoslik bir bobo tildan ajralib chiqqan, o‘tmishda qardosh, qarindosh bo‘lgan tillar dalillarini o‘zaro qiyoslab o‘rganishi, shuningdek qayta tiklash vazifalarini o‘z ichiga oladi. Avgust Shleyxerning qiyosiy-tarixiy tilshunoslik bo‘yicha qilgan ishlari bizga ma’lum (hind-yevropa tillarida bobo til, tillar shajarasi, bobo til haqida). Tillarning geneologik tasnifi til dalillarini tarixiy tamoyil asosida o‘rganib, tillarning qarindoshlik munosabatini aniqlaydi. Bu tasnif turi dunyo tilshunosligida ancha keng tarqalgan, deyarli barcha tillarni qamrab oladi. Tadqiqotlar natijasida tarixiy qarindoshlik belgisi asosida til oilalari deb ataluvchi bir necha yirik guruhlarga bo‘linishi mumkin ekanligini aniqlashadi. Bir oilaga mansub tillar o‘zaro uzoq yoki yaqin «qarindoshlik munosabatlari» bilan bog‘lanadi, bu esa bunday tuzilishlar, aslida bobo til, asos tilga borib taqalishini ko‘rsatuvchi tillararo umumiy xususiyatlarda, uyg‘unlikda seziladi. Xuddi shuningdek, geneologik jihatdan turli til oilalariga mansub bo‘lgan tillarda tarixiy genezis asoslari yoki umumiy kelib chiqishini ifodalovchi so‘z va shakllar mavjud emas.

Tillarning hozirgi kungacha amaldagi geneologik tasnifi quyidagicha:

I. Hind-Yevropa oilasi keng tarqalgan oila, unda 2500 million so‘zlashashadigan tillar mujassam. Bu tillar ko‘proq Yevropa mamlakatlariga tarqalgan. Osiyo (mas., Hindiston), Amerika, hatto, Avstraliya va Afrikada ham Hind-Yevropa tillaridan foydalaniladi. Hozirgi hind-yevropa tillari quyidagi guruhlarga ajratiladi: hind, eron, slavyan, boltiq, german, roman, kelt , grek, alban, arman. Bu tillarning barchasi umumiy qonuniyatga ega, ya’ni ularda o‘zak, qo‘shimcha va tovush muntazam mos keladi.

  1. Xom-som oilasi 3 guruhga bo‘linadi: A. Berber guruhi – Tripoli janubi, Tunis, Aljir, Marokko: 1) shilx, 2) tuareg, 3) kabil, 4) amazir – tirik (jonli) tillar; 5) luviy, 6) numidiy, 7) getul – o‘lik til. B. Misr guruhi: 1) qadimgi yahudiy tili; 2) kopt tili – o‘lik til. V. Kushit guruhi. Quyi kushit: 1) bedia (bishari, bezavis) Qizil dengiz va Nil orasida; 2) saxo, 3) afar (dalkali), 4) somali. Yuqori kushit – Efiopiyaning g‘arbida: 1) agav (bilin, xamir, kvara); 2) sidam (kafra). O‘rta kushit - galla (Somalining g‘arbidan Markaziy Afrikaning shimoligacha).
  2. Kavkaz oilasi. 1.G‘arbiy guruh: abxaz, kabardin, cherkas, adigey. 2. Nax tillari: chechen, ingush, batsbiy. 3. Dog‘iston tillari: avar, dargin, lezgin, lak, tabasarin, andiy, karatin, tindin, chamolin, bagaul, axvax, butlix, gadoberin, sez, betetin kabilar.
  3. Ugor – fin oilasi. 3 yirik guruhga ajratiladi: 1. Ugor tillari: vengr (mojor), mansiy, xanti.2. Fin tillari: fin, saam, karel, komi, eston, udmurt, mariy, mordov. 3.Samodiy tillari: nenes, enes, selkum.
  4. Tungus – manchjur oilasi. 1.Tungus guruhi: evenk, even, negidal; 2. Manchjur guruhi: manchjur, nanay, udey, ule, orog.

VI. Xitoy-tibet oilasi. 1. Xitoy tili – 450 million (7 ta bir-biridan juda farq qiluvchi shevalardan iborat). 2. Dungan: Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonda 22 ming kishi, G‘arby Xitoyda 10 million kishi so‘zlashadi; 3.Vetnam (annam). 4. Siam (tay) Hindistonning g‘arbi, Tay. 5. Tibet. 6. Birma tili. 7. Assam tillari.

  1. Dravid oilasi: tamil, malalayam, telugu, kannar, tulu, barxun, gandi.

VIII. Malay-polineziya oilasi: malay, yava, dayak, tagal, batak, age, bali, madur, torigi, bug‘iy kabilar.

  1. Afrika oilasi. 1.Sudan tillari: nil-chad, nil-abissin, nil-ekvatorial guruh, kardofan, nil-kong, ubang, shor, dagaliy va hokazo. 2. Bantu tillari: bube, lundu, fang, kongo, rundi, ganda, poto, igala, luba, bemba, subiyl, suaxili, sanga, shambala, zulu, soto, venda, lunda.
  2. Avstraliya oilasi. Bu yerda mahalliy xalq tillari juda ko‘p, eng asosiy til aranta tili hisoblanadi.
  3. Papuas oilasi. Yangi Gvineya, G‘arbiy Eron hamda Malaneziyadagi ba’zi orollar tili, barchasi yozuvsiz. So‘zlashuvchilar soni 1000 dan oshmaganligi sababli, til va dialektlar aniq farqlanmagan. Bu tillarga: xagen (medyapa), chimbu (kuman), xuli, kamano, abelam (maprik), ngalum, sianelar kiradi.
  4. Eskimos oilasi. Vrangel, Chukotka, Kanada, Alyaskada tarqalgan.
  5. Paleosiyo oilasi. 1) Chukot tillari: chukot, koryak; 2) Sibir guruhi: odul, nix.
  6. Mo‘g‘ul oilasi. 1) a) xalxa - mo‘g‘ul tili; 2) buryat tili; 3) qalmoq tili.
  7. Uzoq Sharqning birorta oilaga kirmagan tillari. 1) Yapon tili. 70 million kishi gaplashadi. 2) Ryukyu – Ryu-Kyu orollarida (yapon tiliga yaqin); 3) Koreys tili. 30 million kishi gaplashadi; 4) ayn tili 15 ming kishi gaplashadi. Yaponiyadagi Xokkondo orollari, Saxalin orolining janubi, Kuril orollari.
  8. Turkiy oila. Bu ham yirik oila, 30 ga yaqin til kiradi. Bu tilda so‘zlashuvchilarning aksariyati Osiyo qit’asida yashaydi. Turkiy tillar oilasiga quyidagilar kiradi: turk, ozarbayjon, turkman, gagauz, qrim-tatar, bashqird, oltoy, shor, xakas, tuva, yoqut, qirg‘iz, o‘zbek, qoraqalpoq, chuvash, uyg‘ur, qozoq. Mazkur oila – bulg‘or tillari guruhi, o‘g‘uz, qipchoq, o‘zbek va uyg‘ur, o‘g‘iz guruhi, qirg‘iz-qipchoq tillari guruhiga ajratiladi.

          Tillarning morfologik tasnifi. Tilshunoslikda tillarning morfologik tasnifi muhim ahamiyatga ega. Bu tasnifning ahamiyatli tomoni shundaki, tillar morfologik xususiyati, tiplari asosida muayyan guruhga birlashtiriladi va, qat’iy tasnifga erishiladi. Morfologik tasnif tillarning kelib chiqishi, tarixi, qarindoshlik aloqalari bilan qiziqmaydi, balki tillarning grammatik xususiyatlarini, aniqrog‘i, o‘zak va affikslarni qarama-qarshi qo‘yish asosida taqqoslab o‘rganishga asoslanadi. Morfologik tasnif asosida til tiplari aniqlanadi va ajratiladi. U yoki bu tilning qaysi morfologik tipga mansub ekanligini aniqlash uchun esa shu tillardagi so‘z qurilishi (strukturasi) o‘rganiladi.

XIX asr o‘rtalarida nemis komparativist olimi Avgust Shleyxer (1821–1868), aka-uka Shlegellar (Fridrix Shlegel va Avgust Shlegel) hamda Gumboldt g‘oyalarini umumlashtirib, o‘zaklar – ma’no, affikslar esa munosabatni ifodalashini isbotlaydi. O‘z vaqtida F.Shlegel (722–1829) o‘zining «Hindlarning donoligi va tili» (1809) nomli asarida sanskrit tilini grek, lotin va turkiy tillar bilan chog‘ishtirib, tillarni ikki tipga ajratiladi: a) affiksli tillar, b) flektiv tillar. Avgust Shlegel esa o‘zining «Provansal tili va adabiyoti haqidagi mulohazalar» (1818) nomli asarida tillarni 3 tipga bo‘ladi: a) flektiv; 2) agglyutinativ va 3) amorf tillar. V.Gumboldt esa bu qatorga polisintetik tillar guruhini ham qo‘shadi. Avgust Shleyxer mana shu faktlarga asoslanib, dunyo tillarini 3 tipga ajratadi: o‘zakli yoki ajratuvchi (ruscha: kornevie, izoliruyushie), agglyutinativ va flektiv. Tillarning morfologik tasnifi masalasi bilan G.Shteyntal (1821–1889), N.Fink, Moskva tilshunoslik maktabining asoschisi F.Fortunatov ham shug‘ullangan (1848–1914). Xullas, dunyodagi barcha tillar morfologik tasnif asosida 4 tipga ajratiladi: I. O‘zakli yoki ajratuvchi tillar.II. Agglyutinativ tillar. III. Flektiv tillar. IV. Polisintetik tillar.(q. Agglyutinativ tillar, Flektiv tillar).

Til so‘zlash, fikrni ifodalash vositasi sifatida ham o‘ziga xos bir olam. Uning xususiyatini o‘rganuvchi va o‘rgatuvchi fan tilshunoslik (lingvistika) deyiladi. Tilshunoslik fani bir necha tarkibiy qism, ya’ni bo‘limdan iborat. Tilshunoslik fani umuman insoniyatga xos tilni yoki ma’lum bir xalq tilini o‘rganish nuqtai nazaridan umumiy va xususiy turga bo‘linadi.

Lingvistika – til haqidagi, uning ijtimoiy tabiati, vazifasi, ichki tuzilishi, tasnifi, muayyan tillarning amal qilish qonunlari, tarixiy taraqqiyoti haqidagi fan. Maqsadi, vazifasi va boshqalarga ko‘ra tilshunoslikning bir necha sohalari ajratiladi: umumiy tilshunoslik – tilni, umuman insonga xos hodisa sifatida o‘rganuvchi, asosiy vazifasi dunyo tillariga xos umumiy belgi-xususiyatlarni aniqlash va yoritish bo‘lgan soha; xususiy tilshunoslik – ayrim bir til umumiy xususiyatlarini o‘rganadi; amaliy tilshunoslik – tildan foydalanish bilan bog‘liq amaliy masalalarni hal qilish metodlarni ishlab chiquvchi soha. Shuningdek, tilshunoslikning turli vazifalar bilan shug‘ullanuvchi matematik lingvistika, strukturaviy tilshunoslik, qiyosiy-tarixiy tilshunoslik, paralingvistika, etnolingvistika, psixolingvistika, sotsiolingvistika, interlingvistika kabi sohalari ham ajratiladi.

          Umumiy tilshunoslik. Umumiy tilshunoslik tilning paydo bo‘lishi, qarindoshlik aloqasi va barcha tillarning umumiy nazariy masalalarini o‘rganadi. U tilshunoslikning alohida sohasi.

            Xususiy tilshunoslik. Xususiy tilshunoslik – muayyan bir til xususiyatini tekshiradi. Jumladan, o‘zbek tilshunosligi xususiy tilshunoslik, o‘zbek tilining tovush tizimi, leksikasi, grammatik qurilishi, yozuvi, shevasi, imlo va talaffuz qoidasi, uslubini o‘rganadi.

Tilshunoslik fani bo‘limlari. O‘zbek tilshunosligi fani quyidagi bo‘limni qamrab oladi:  1. Fonetika. 2. Orfoepiya (talaffuz) . 3. Grafika (yozuv) . 4. Orfografiya (imlo). 5. Leksikologiya. 6. Frazeologiya. 7. Leksikografiya (lug‘atshunoslik). 8. Morfemika (so‘z tarkibi) . 9. So‘z yasalishi. 10. Morfologiya. 11. Sintaksis. 12. Punktuatsiya (tinish belgilari). 13. Uslubiyat. 14. Dialektologiya (shevashunoslik). 15. Etimologiya (so‘zlarning kelib chiqishi). 16. Til tarixi.  

Bu bo‘limdan har biri tilning alohidaalohida tomonini tekshiradi va, o‘z navbatida, kichik bo‘limlarga ham bo‘linishi mumkin.

            O‘zbek tilshunosligi tarixi. O‘zbek tilshunosligi tarixi – O‘zbek tilshunosligi fan sifatida quyidagi tarixiy bosqichni bosib o‘tgan: 1) eski turkiy tilshunoslik (XI–XIII asr); 2) eski o‘zbek tilshunosligi (XIV–XIX asr); 3) zamonaviy o‘zbek tilshunosligi (XX asrning 20- yillaridan hozirgacha).

Eski turkiy tilshunoslik. O‘zbek tilshunosligi fani M.Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari bilan boshlanadi. Asar XI asrda yaratilgan, 1914-yilda Turkiyaning Diyorbakir shahrida topilgan.

«Devonu lug‘otit turk» uch tomdan iborat, 1915–17- yillarda Istanbul shahrida nashr etilgan. Shu nashr asosida V.Brokkelman bu asarni 1928- yilda nemischa tarjimada nashr qildi. 1939- yilda Anqarada Basim Atalay tarjimasida turk tilida bosildi. Olim S.Mutallibov devon tarjimasi ustida samarali ishlab, 1960–63- yillar davomida uch tomda o‘zbek tilida nashr qildi.

Asarning lug‘at qismida 7500 so‘z sakkiz bo‘limda izohlanadi. Asarda so‘zlar ot, fe’l, yordamchi so‘z turkumiga ajratilgan.

Mahmud Koshg‘ariyning hozirgacha topilmagan turkiy til sintaksisiga bag‘ishlangan “Kitob javohir un-nahv fil-lug‘atit turk” asarini yozgani ham manbalarda qayd etilgan.

Mahmud Koshg‘ariy turkiy til qurilishini tasvirlashda qiyosiy usuldan foydalanib, tilshunoslikda qiyosiy-tarixiy metodning asoschisidan biri bo‘lib qoldi.

Ilm-fan xazinasiga bebaho durdona qo‘shgan Mahmud az-Zamaxshariyning eski turkiy tilshunoslikda ham o‘ziga xos o‘rni bor. Zamaxshariy – yirik tilshunos sifatida arab tilshunosligining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olim. Biroq uning lug‘atlarida turkiy so‘zga ham alohida e’tibor berilib, unda XII-XIII asr Markaziy Osiyo turkiy adabiy tilining leksikasi ham o‘z aksini topgan. Mahmud az-Zamaxshariyning “Muqaddimatul-adab» asari arab tili grammatikasiga bag‘ishlangan.

XIII-XIV asrda yashab ijod etgan Abu Hayyon al-Andalusiyning eski turkiy tilshunoslikda tutgan o‘rni o‘ziga xos. U turkiy va arab tili muqoyasasiga doir ko‘plab asar yaratgan, muhimi – «Kitob al-idrok li lisonal-atrok» lug‘ati. Asar 1312- yilda Qohirada bitilgan, lug‘at va grammatikadan iborat. Asarda qipchoq unsuri juda kuchli, shu bilan birga, o‘g‘uz unsuri ham uchrab turadi.

Eski turkiy tilshunoslik taraqqiyotida mashhur tilshunos Jamoliddin Muhammad Abdulloh Turkiyning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Uning taxminan XIII–XIV asrda yozilgan «Kitobul lug‘at al-mushtoq fi lug‘at-it turk val-qafchoq» («Turk va qipchoq tiliga mushtoqlarni qiziqtiruvchi kitob») asari arab, fors, turk, mo‘g‘ul tili qiyosiga bag‘ishlangan, u turkiy tilning tarixiy taraqqiyotini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.

Eski o‘zbek tilshunosligi. Eski o‘zbek tilshunosligining shakllanishi va taraqqiyotida Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Aloyi binni Muhibiy, Mirzo Mahdixon, Is’hoqxon Ibrat kabilarning lingvistik qarashi va asarlari muhim ahamiyatga ega.

XIX asrning oxiriga kelib o‘zbek tilshunosligida chor bosqinchilarining mahalliy xalq madaniyati, urf-odati va tilini o‘rganish ehtiyoji natijasida bir qancha amaliy ahamiyatga ega grammatika vujudga keldi. M.A.Terentevning «Turk, fors, qirg‘iz va o‘zbek tili grammatikasi» (1875)ni A.Starlevskiyning «Rus kishisining O‘rta Osiyodagi yo‘ldoshi» (1878) asarini, Z.A.Alekseyev va V.Vishnegorskiyning «Sort tili samouchiteli» (1884), M.Andreyevning «Sort tilini birinchi bor o‘rganuvchilar uchun qo‘llanma» (1896)sini, F.Mashkovtsevning «Sort tili darsi» (1899)ni, V.P.Nalivkinning «Sort tilini amaliy o‘rganish uchun qo‘llanma» (1898)sini, N.Budzinskiyning «Sort tili darsligi» (1910) ni misol sifatida ko‘rsatish mumkin.

Zamonaviy o‘zbek tilshunosligi. Tom ma’nodagi fan sifatida o‘zbek tilshunosligi XX asrning 20–30- yillarida shakllana boshladi va asrning oxiriga kelib o‘zining yuqori cho‘qqilaridan biriga erishdi.

XX asr o‘zbek tilshunosligining shakllanishida Abdurauf Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov, Ulug‘ Tursunov, Y.D.Polivanov, Qayum Ramazon, Faxri Kamolov va Ayyub G‘ulomovlarning xizmati katta.

Bu davrda o‘zbek tilining ichki qurilishi zamonaviy tilshunoslik yutug‘i asosida ishlab chiqildi va o‘zbek tilshunosligi jahon zamonaviy tilshunosligining bir bo‘lagi sifatida shakllandi. Imlo qoidasi yaratilib, o‘rta, o‘rta maxsus va oliy maktab uchun bu tildan me’yoriy darslik, qo‘llanma va ilmiy grammatika tuzildi. Tilshunoslikning mavjud barcha bo‘limi bo‘yicha ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishi vujudga keldi.

Lug‘atshunoslik bo‘yicha olib borilgan ish nihoyatda samarali bo‘ldi. Bir tilli, ko‘p tilli va turli sohaviy lug‘at yaratilib, leksikografiya tilshunoslikning alohida, ilg‘or bo‘limi sifatida namoyon bo‘ldi.

Bu sohaning barchasi bo‘yicha 1934- yil Toshkentda ochilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, universitet va pedagogika institutlarining tilshunoslari samarali mehnat qilishdi.

1975–76- yilda yaratilgan ikki tomli «O‘zbek tili grammatikasi», 1980- yilda nashr qilingan «O‘zbek tili leksikologiyasi» nomli asar, ko‘p tomli «O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi», ikki tomli «O‘zbek tilining izohli lug‘ati», o‘zbek tili frazeologiyasi, terminologiyasi, kasb-hunar leksikasi, Navoiy asarlari tilining lug‘ati va boshqa soha bo‘yicha ham bir qator lug‘at yuzaga keldi.

          O‘zbek o‘quv lug‘atchiligi. O‘quv lug‘atchiligi vatanimizda XXI asr boshida shakllana boshladi. Bugungi kunda maktab o‘quvchilari uchun “Ona tili” darsligiga yordamchi manba sifatida yaratilib, chop etilayotgan “O‘zbek tilining ma’nodosh so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining zid ma’noli so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining so‘zlar darajalanishi o‘quv lug‘ati”, “O‘zbek tilining so‘z tarkibi o‘quv lug‘ati”, “O‘zbek tilining so‘z yasalishi o‘quv lug‘ati”, “O‘zbek tilining o‘zlashma so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining so‘zlar birikuvchanligi o‘quv lug‘ati”, “O‘zbek tilining eskirgan so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati”, “O‘zbek tili iboralarining o‘quv izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining o‘quv etimologik lug‘ati”, “O‘zbek tilining o‘quv toponimik lug‘ati”, “O‘zbek tilining talaffuzdosh so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati” kabi o‘nlab o‘quv lug‘ati ham o‘zbek lug‘atchiligi yutug‘i.

Turk tili asosan, Turkiyada, shuningdek, Iroq, Suriya, Eron, Ruminiya, Bolgariya, Gretsiya, Rossiya, Germaniya, Niderlandiya, Fransiya, Kipr oroli, Makedoniya va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. Turkiya Respublikasining va Kipr Respublikasining (grek tili bilan birga) rasmiy tili. O‘tgan asr oxirida so‘zlashuvchilarining umumiy soni 55 millionga yaqin (Turkiyaning o‘zida 50 milliondan ortiq) kishini tashkil etgan. Dialektal jihatdan Turkiyadan sharqdagi, ayniqsa, Anatoliyaning shimoli-sharqidagi mintaqa ozar tiliga o‘xshashlik belgilari bilan ajralib turadi. Anatoliyaning boshqa qismi hamda sharqiy frakiya shevalari, shuningdek boshqa mamlakatlardagi turk tililahjalari o‘zaro unchalik farq qilmaydi.

Turk tilining fonetik o‘ziga xosliklari: so‘z boshi va o‘rtasidagi j undoshining qarindosh turkiy tillardagi boshqa o‘xshash tovushlarga to‘g‘ri kelishi, so‘z boshidagi p-v, d-t, k-g jarangsizlari va jaranglilarning farqlanishi hamda singarmonizmning mavjudligi, bir qancha so‘zlarda portlovchi b o‘rniga sirg‘aluvchi v undoshining kelishi; boshqa turkiy tillardagi “bo‘l” felining “o‘l” tarzida kelishi va boshqalar. Morfologik belgilaridan -mish shaklli sifatdoshning qipchoq va boshqa bir qancha turkiy tillardagi -gan shaklli sifatdosh bilan vazifadoshligi; -dik shakli qadimgi harakat nomi va -yor shakli aniq hozirgi zamon fe’lining faol qo‘llanishi va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.

Adabiy turk tilininghozirgi shakli XIX asr o‘rtalaridan shakllana boshlagan. Bu davrda o‘rta asr adabiy tili (eski turk yoki usmonli turk tili) arabcha, forscha elementlarga boy bo‘lgan. XX asrning 20- yillaridagi islohotlardan so‘ng adabiy til umumxalq so‘zlashuv tili bilan yaqinlashgan. Eski turk tilining arab yozuvida bitilgan yodgorliklari XII asrdan boshlab mavjud. Dastlabgi yodgorliklardan sharqiy turkiy (qoraxoniy-uyg‘ur) adabiy tilining sezilarli ta’siri bor. Hozirgi yozuvi 1929- yildan boshlab lotin alifbosi asosida.      

Turkiy til– Manbalarda turk atamasining urug‘, elat, «bahodir», «qalpoq», «bo‘ri», «kuchli», «qudratli», «qurolsiz», «dubulg‘a» ma’nosida ishlatilgani yozilgan. Turk nomi o‘tmishda turkiy tilning umumiy nomini bildirishi bilan birga o‘zbek xalqi va tiliga nisbatan ham ishlatilgan. Turkiy tilatamasi bu til guruhiga kiruvchi tillar bir-biridan ajralguncha ularning umumiy nomi, so‘nra esa bu tillarning jamini anglatadigan bo‘lgan. Turkiy tillar yirik oila (yoki guruh), 30 ga yaqin tilni qamrab oladi. Bu tilda so‘zlashuvchilarning aksariyati Osiyo qit’asida yashaydi. Turkiy tillar oilasiga Sibirdan Bolqon yarim oroligacha cho‘zilgan quyidagi tillar kiradi: turk, ozar, turkman, gagauz, qrim-tatar, boshqird, oltoy, shor, xakas, tuva, yoqut, qirg‘iz, o‘zbek, qoraqalpoq, chuvash, uyg‘ur, qozoq. Mazkur oila – bulg‘or tillari guruhi, o‘g‘uz, qipchoq, o‘zbek va uyg‘ur, o‘g‘iz guruhi, qirg‘iz-qipchoq tillari guruhiga ham ajratiladi.

Turkiy tillar uchun umumiy belgi quyidagilar: 1) singarmonizmning mavjudligi; 2) so‘z boshida undoshlarning ketma-ket kelmasligi; 3) gap bo‘laklari tartibining o‘xshashligi (aniqlovchi+ega+aniqlovchi+to‘ldiruvchi+hol+kesim).

Turkiy tillarda kesim gapning markaziy va uyushtiruvchi bo‘lagi, egaga ham hokimlik qiladi. Kesimlik kategoriyasi kuchli rivojlangan. Agglutinatsiya asosiy shakl yasalishi sanaladi. Grammatik jins kategoriyasi yo‘q. Nol shakl va harakat tarzi kategoriyasi kuchli grammatik xusuyatga ega. So‘z yasalishi asosan affiksatsiya asosida.

Eng qadimgi turkiy til (V asrgacha), Qadimgi turkiy adabiy til (V–X asrlar), Eski turkiy adabiy til (XI–XIII asrlar) bosqichlari turkiy tillar uchun mushtarak davrlar.

Oltoy oilasining turkiy tarmog‘i 100 ga yaqin (ba’zi adabiyotda 24 ta) jonli tilni qamrab oladi. Butun dunyoda birnecha yuz million kishi turkiy tilda so‘zlashadi. Turkiy aholi Uzoq Sharqdan Markaziy Yevropagacha, Taymir yarim orolidan Bolqon yarim oroligacha yoyilgan.

Hozirgi turkiy tillar so‘z boyligi va grammatik qurilishi jihatidan bir-biriga juda yaqin turadi. Shuning uchun bu tilda so‘zlashuvchilar bir-birini tarjimonsiz tushunadi.

Turkiy tillar uzoq tarixiy yozuv madaniyatiga ega. Bu tillarda bitilgan dastlabgi yodgorliklarga «Xuastuanift» (V asr), V–VII asrga oid O‘rxun-Enasoy yodgorliklari yorqin dalil. (q.Turkiy til)

 

Turkmantili–turkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub til; Turkmaniston Respublikasining davlat tili. Asosan, Turkmaniston, shuningdek, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiyaning Stavropol o‘lkasi, Eron, Iroq, Turkiya va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. Turkman tilida so‘zlashuvchilarning umumiy soni 4.8 milliondan oshadi (o‘tgan asrning 90-yili ma’lumoti).

Asosiy lahjalari: taka, yovmut, ersari, go‘klan, sariq, salir, chovdur.

Turkmantilig‘arbiy o‘g‘uz qabila tillari negizida shakllangan. Turkman tilining o‘ziga xos belgilari: birlamchi cho‘ziq unlilarning mavjudligi, lab undoshlari garmoniyasining rivojlanganligi, kelasi zamon gumon fe’li inkor shaklining -r tugallanmali variantining qo‘llanilish va boshqalar. Leksikasida arab, fors, mo‘g‘ul, o‘zbek, tatar, rus va xitoy tillaridan o‘zlashgan so‘zlar uchraydi.

Eski adabiy turkmantili, asosan, she’riyat tili hisoblangan. Hozirgi adabiy turkman tiliXXasrning 20- yillaridan turkman lahjalarining taka lahjasi negizida birlashuvi natijasida shakllangan.

Tuva tili– turkiy tillar oilasiga mansub til. Asosan, Rossiyaning Tuva Respublikasida, qisman, Mongoliya va Xitoyda tarqalgan. So‘zlashuvchilarning umumiy soni 205 mingga yaqin (o‘tgan asrning 90- yili ma’lumoti). Tuva tilimarkaziy, g‘arbiy, shimoli-sharqiy va janubi-sharqiy lahjalarga bo‘linadi.

Fonetik xususiyati: kuchli va kuchsiz undoshlar oppozitsiyasi, qisqa, cho‘ziq va faringal unlilarning mavjudligi va boshqalar. Morfologik xususiyati: jo‘nalish kelishigining maxsus shakli, shart maylining murakkab shakli, chegara mayli, birgalik, ravishdosh shakllarining mavjudligi. Sintaktik xususiyati: ot-kesimning qadimgi shakli qo‘llanishi bilan ajralib turadi. Leksik xususiyati: leksikasida mo‘g‘ul tilidan o‘zlashgan so‘zlar ko‘p. Adabiy tuva tiliXX asrning 30–50- yillarida shakllangan.

Umumxalq tilima’lum bir xalqning so‘zlashuv tili, uzoq vaqt davomida shakllanadi. Bir tilga mansub barcha sheva va lahja umumxalq tilini tashkil qiladi. O‘zbek umumxalq tili uch lahjadan tashkil topgan. Umumxalq tili milliy til ham deyiladi.

Uyg‘ur tili –turkiy tillardan biri. Asosan, Xitoyning Sintszyan-Uyg‘ur muxtor rayonida, shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Rossiya va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. So‘zlashuvchilarning umumiy soni 7.7 milliondan oshadi (1990- yil ma’lumoti.)

Uyg‘ur tili3 lahjaga bo‘linadi: markaziy, sharqiy va janubiy. Markaziy lahja hozirgi uyg‘ur tiliga asos bo‘lgan. O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda yashovchi uyg‘urlarning 2 ta lahjasi bo‘lib, ularning nomlanishida uyg‘urlarning G‘arbiy Xitoydan Yettisuv va Farg‘onaga ko‘chib o‘tganlari aks etgan.

Boshqa turkiy tillardan farqli ravishda uyg‘ur tilida unli va undoshlarning regressiv assimilatsiyasi mavjud; singarmonizm izchil emas: unlilarning lab va tanglay garmoniyasi buzilish hollari uchraydi; unlilar reduksiyasi, undoshlarning tushib qolishi, tovush orttirilishi kuzatiladi.

 Xakas tili –turkiy tillardan biri. Asosan, Rossiyaning Xakasiya Respublikasida, shuningdek, Krasnoyarsk o‘lkasi va Tuva Respubilkasining unga qo‘shni hududlarida tarqalgan. So‘zlashuvchilarning umumiy soni 80 mingdan oshadi (o‘tgan asrning 90-yillari.)

Lahjalari: sagay, kalchin, qizil va shor. Sagay va kalchin lahjasi hozirgi xakas tiliga asos bo‘lgan.

Fonetikada 17 unli va 24 undosh mavjud; unlilarning cho‘ziq, qisqa variantlari bor. Asl xakas tilidagi so‘zlarda undoshlarning qattiq va yumshoqligi unliga bog‘liq. Ammo bu hodisa fonematik darajada bo‘lmaganligi sababli variant undoshlar alifboda aks etmagan. Xakascha so‘zlar boshida jarangli undoshlar deyarli bo‘lmaydi. Grammatikasi barcha turkiy tillar kabi belgilarga ega bo‘lsa-da, ayrim yasovchi affikslarning qo‘llanishi, kelishiklar tizimi, ayrim fe’l shakllari jihatidan o‘ziga xosliklarga ega. Leksikasida oz miqdorda arabcha va forscha, ruscha o‘zlashmalar bor.

Xalqaro til(jahon tili)Dunyoda qo‘llanish doirasi juda keng, boshqa til egasi ham foydalanadigan til. Hozir rasmiy tan olingan 6 ta xalqaro til mavjud: ingliz, ispan, rus, xitoy, arab va fransuz tili. Ko‘p qo‘llanadigani ingliz tili.

Turli davrda turli til xalqaro vazifani o‘tagan. O‘rta asrda Sharqda arab tili, Yevropada esa lotin, undan keyingi davrda fransuz tili katta ahamiyatga ega bo‘lgan. XX asrda ingliz va nemis tili xalqaro tildarajasiga ko‘tarildi. Xalqaro tilshu til amal qiluvchi davlatning xalqaro maydondagi nufuzi bilan belgilanadi. BMT tashkil topishi bilan rasmiy xalqaro til masalasi hal bo‘ldi. 1945- yil rasmiy xalqaro til sifatida ingliz, fransuz, rus, ispan, xitoy tili belgilandi. 1973- yildan arab tili ham jahon tili sifatida tan olindi.

 Xitoy tili – xitoy-tibet tillar oilasiga mansub tillardan; Xitoy Xalq Respublikasining rasmiy tili. Unda so‘zlashuvchilarning umumiy soni 1 milliard 292 milliondan oshadi (2003-y.). Shuningdek, bu tilda Indoneziya, Kambodja, Laos, Vetnam, Myanma, Malayziya, Tailand, Singapur, Bruney, Syangan, Aomin, Filippin, Yaponiya, Koreyada 30 milliondan ortiq kishi so‘zlashadi. BMTning rasmiy va ishchi tillaridan biri.

Xitoy tilida, asosan, 7 lahja mavjud: shim, u, syan, gan, xakka, yue, min. Lahjalar leksik tarkibi va fonetik xususiyati jihatidan ancha farqlanadi, hatto turli lahja vakillari bir-birlarini tushunmaydi, ammo lahjalarnung grammatik qurilishi yagona.

Xitoy tiliga oid qadimiy yozma yodgorliklar miloddan avvalgi 2- ming yillikning 2- yarmiga oid Qadimgi adabiy yodnomalar – «Shutszin» (Tarix kitobi) va «Shitszin» (Qo‘shiqlar kitobi) miloddan avvalgi 1- ming yillikning 1- yarmiga oid. O‘sha davrdagi jonli lahjalar asosida qadimgi adabiy xitoy tilishakllangan.

Xitoy tilidagi morfema va sodda so‘zlar odatda bir bo‘g‘inli. Bo‘g‘in tarkibiga kiruvchi undosh va unli tovushlar ma’lum tartibda joylashadi. Xitoy tilida bo‘g‘in tarkibiga kiruvchi tovushlarning hammasi ham bir-biri bilan birika olmaydi, shuning uchun xitoy tili bo‘g‘inlarining miqdori chegaralangan. Putunxuada 44 bo‘g‘in, ton variantlarini hisobga olganda 1324 bo‘g‘in mavjud.

Xitoy tilida bir bo‘g‘inli so‘zlarga qaraganda ikki bo‘g‘inli so‘zlar ko‘proq. Terminologiyaning rivojlanishi natijasida ikkidan ortiq bo‘g‘inli so‘zlar ham ko‘paymoqda. So‘z yasalishi so‘z qo‘shish, affiksatsiya, konversiya orqali amalga oshiriladi. Bu tilda deyarli o‘zlashma so‘zlar yo‘q. O‘ziga xos morfologik va sintaktik belgilarga ega.

 

Yapon tiliYaponiyaning rasmiy tili. Yapon tilining genetik aloqalari, ya’ni qaysi oilaga mansubligi uzoq vaqt aniqlanmay, turli oilalarga nisbatlangan. So‘nggi yillardagi tadqiqotlar yapon tilining oltoy tillar oilasiga mansubligini isbotlamoqda. Asosan, Yaponiyada, shuningdek, Osiyo, Amerika va Yevropaning bir qancha mamlakatlarida tarqalgan. Yapon tilida so‘zlashuvchilarning umumiy soni 126 milliondan ortiq (2000-y.).

Yapon tilida shimoli-sharqiy, g‘arbiy va janubiy lahja guruhlari farqlanadi. Fonologik tizimi avstronez tillarinikiga yaqin, adabiy tilda 35 fonema mavjud. Unlilar cho‘ziq-qisqalik, undoshlar esa yakka va qo‘shaloq kelish xususiyatlariga ega, bu xususiyatlar ko‘pincha ma’no farqlash uchun xizmat qiladi. Grammatik tizimi oltoy, xususan, turkiy tillarnikiga o‘xshash. Leksikasida asl yapon so‘zlaridan tashqari xitoy tilidan o‘zlashgan so‘zlar ko‘p, ular Yapon tiliga xitoy yozuvi bilan birga kirib kelgan.

IX-X asrlarda adabiy yapon tilig‘arbiy lahja asosida shakllangan. XIII-XIV asrlarda bungo me’yorlari og‘zaki nutqdan farqlana boshlagan. Hozirgi kunda adabiy yapon tili ayrim o‘ziga xos shevalarni hisoblamaganda, qolgan barcha shevalarni ham iste’moldan chetlashtirmoqda. Mahalliy lahja va shevalardan oila doirasidagina foydalanilmoqda.

Yapon tilida ikkita alifbo mavjud. Katakana chet tilidan kirib kelgan so‘zlar uchun, Xiragana esa “o‘zlarining” so‘zlari uchun ishlatiladi.

1. otilgan tosh: yomonlik xatti-harakatlarini qildi

2. qordan qutilib, yomg‘irga tutildi: avvalgisidan ham yomoniga uchradi

3. til biriktirdi: yashirin holda kelishib oldi

4. tilga keldi: gapirish qobiliyati tiklandi

5. tilga kirdi: 1)nutqqa ega bo‘ldi(go‘dak) 2)ma’lum fursat o‘tgandan keyin gapira boshladi

6. tilga oldi: gapirdi

7. tili bir qarich: maqtanishga, gapirishga haqli

8. tili bormadi: biror andisha mulohaza bilan aytishni ma’qul ko‘rmaydi

9. tili chiqdi: 1)nutqqa ega bo‘ldi 2)indamay yurgan kishi gapiradigan bo‘lib qoldi 3)aytishadigan bo‘ldi

10. tili qichidi: gapirgisi keldi

11. tili qisiq: gapirmaslikka, e’tiroz bildirmaslikka majbur

12. tili uzun: har qancha gapirishga haqi bor

13. tiliga burov solmoq: gapirish imkoniyatidan, huquqidan mahrum qilmoq, gapirtirmay qo‘ymoq.

14. tiliga tushdi: 1) ko‘pchilik orasida gap-so‘z bo‘ldi 2) shuhrat qozondi

15. tilini qisdi: gapirmaslikka, e’tiroz bildirmaslikka majbur qildi

16. tilini tishladi: o‘zini gapirmaslikka majbur qildi

17. tilini tiymoq: 1. biror narsa deyishdan, gapdan o‘zini tutmoq, gapirishdan to‘xtamoq, og‘ziga erk bermaslik. 2. gapirtirmay qo‘ymoq, gapirishdan to‘xtatmoq, gapirmaslikka majbur qilmoq.

1. Atama – termin – istiloh
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(ishlatilish doirasining kamligiga ko‘ra)

2. Istamoq – xohlamoq – tusamoq – orzulamoq – orzu qilmoq – tilamoq – ixtiyor qilmoq – sog‘inmoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorlik belgisining ortib borishiga ko‘ra )

3. Qarama-qarshilik – zidlik – nizo – kelishmovchilik – ixtilof – nifoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
( belgini kuchli-kuchsiz darajada ifodalashiga ko‘ra)

4. Urinmoq – harakat qilmoq – intilmoq – tirishmoq – unnamoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli-kuchsiz ifodalashiga ko‘ra)

5. Xushomadgo‘y – laganbardor – labbayguy – tilyog‘lama – yaltoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(salbiylik bo‘yog‘ining ortib borishiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.