Tasviriy ifoda – predmet, voqea va hodisani o‘z nomi bilan emas, balki muhim xususiyatini tasvirlash orqali ifodalovchi birikma: oq oltin – paxta, oq oltin ijodkori – paxtakor, kumush tola – pilla, zangori kema kapitani – mexanizatorva hokazo.
Tasviriy ifoda uslubiy vosita sifatida nutqqa ko‘tarinkilik, obrazlilik baxsh etadi, jamiyat taraqqiyoti talabidan kelib chiqib, lug‘at tarkibini boyitadi. Nutq jarayonida takror va qaytariqdan qochish imkonini beradi, notiqni so‘zamollikka, tinglovchini esa falsafiy mushohada etishga undaydi. Shuningdek, tasviriy ifoda faqat jozibadorlik va obrazlilik, nutqni boyitish, uning mazmunini kuchaytirish uchungina emas, balki jamiyatning olg‘a qadam qo‘yishiga to‘sqinlik qilayotgan illatni fosh qilish, undan kulish va unga qarshi kurashga chaqirish maqsadida ham ishlatiladi. Binobarin, tasviriy ifoda predmet, voqeahodisaning o‘z nomi orqali yuzaga chiqmagan muhim xususiyatini tasvirlab, bo‘rttirib, izohlab va to‘ldirib ko‘rsatishda muhim nutqiy vosita hisoblanadi.
So‘z ma’nosining kengayishi va ko‘chgan holda qo‘llanishi tilning, ayniqsa, lug‘at tarkibining boyligini oshiruvchi omildan biri. So‘zni ko‘chma ma’noda qo‘llash – lug‘at boyligini ko‘rsatuvchi, uslub ravonligi, ifoda mazmundorligini ta’minlovchi, obrazlilik yaratishga xizmat qiluvchi muhim vosita.
Tasviriy ifoda ko‘proq ot va sifat turkumiga mansub. Ba’zan ikki predmetga bitta tasviriy ifoda (aql gimnastikasi – matematika, shaxmat) yoki bitta predmetga ikkita tasviriy ifoda qo‘llanishi (zangori ekran, oynayi jahon – televizor) mumkin.