Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {talaffuz}
So‘z bo‘g‘inlari: ta-laf-fuz
Izoh(lar)i:
talaffuz

1. Tovush yoki so‘zning aytilishi, aytilish xususiyati. Kishi ismlari imlosiga xos bo‘lgan yana bir xususiyat shundaki, ba’zi so‘zlar ismga ko‘chgach, so‘zning talaffuzida ham ayrim o‘zgarishlar yuz beradi. E. Begmatov, Kishi ismlari

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

Asos va qo‘shimcha talaffuzi adabiy tilning og‘zaki shakliga xos orfoepik qoida. 1. q, k bilan tugaydigan otlarning egalik affikslari bilan turlangan shakllari quyidagicha talaffuz etiladi: a) ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarda qishloq>qishlog‘imiz, qishlog‘ingiz, qishlog‘i; telpak>telpagim, telpaging, telpagi kabi. Bir bo‘g‘inli so‘zlarda bunday o‘zgarish bo‘lmaydi: o‘q>o‘qi, tok>toki kabi (yoq, yo‘q so‘zlari bundan mustasno). 2. Q, k, g, bilan tugagan otlarning jo‘nalish kelishigidagi shakllari quyidagicha talaffuz qilinadi: qishloq + ga > qishloqqa, chelak + ga > chelakka, tog‘ + ga > toqqa, pedagog + ga > pedagokka kabi. Boshqa barcha holatlarda: a) jarangsiz undoshlardan so‘ng -ka, jarangli undoshdan va unlidan so‘ng -ga talaffuz etiladi: otka, oshka, qopka, uyga, ovga, tolga, tomga, bolaga, akaga kabi. 3. Fe’llarda: a) ong + la > angla, son + a > sana, yosh + a > yasha kabi; b) ek + gan > ekkan, ket + gan > ketkan, oq + gan > oqqan, tush + gan > tushkan kabi. 4. Olmoshlarda: u + n + da > unda, bu + n + da > bunda, shu + n + da > shunda (bir «n» orttiriladi), men + ning > mening, sen + ning > sening (bir «n» tushirib qoldiriladi).5. Bir so‘zidan dona son yasalganda, o‘zakdagi «r» undoshi «t»ga o‘tadi: bir + ta > bitta kabi.

Boshqa tildan o‘zlashgan so‘zning talaffuzida o‘ziga xos me’yorlar bor. Ular quyidagilar: 1.Turkiy tillarda, ma’lumki, f undoshi bo‘lmagan, shuning uchun jonli so‘zlashuvda arab, fors va rus tillaridan o‘zlashgan so‘zlardagi «f»ni «p» deb talaffuz qilish hollari uchraydi: ulfat>ulpat, faner>paner, ferma>perma kabi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida ularni «f» bilan talaffuz qilish me’yor holiga kelgan. 2. So‘z yoki bo‘g‘in boshida undosh tovushlarning qatorlashib kelishi turkiy tillarga xos bo‘lmagan. Bu hodisa keyinchalik boshqa tillardan o‘zlashtirilgan so‘zlar talaffuziga ham ta’sir qilgan – jonli so‘zlashuvda so‘z yoki bo‘g‘in boshida yoxud bo‘g‘indagi ikki undosh orasida bir unlining orttirilishiga olib kelgan: shkaf > ishkop, stakan > istakon, plan > pilon, traktor > tiraktir kabi. Bunday holat so‘z oxirida ham uchraydi: aql > aqil, fikr > fikir, ilm > ilim, hukm > hukum kabi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida bunday so‘zlarni asl holicha (unli orttirmay) talaffuz qilish orfoepik me’yor sanaladi. Bunday me’yor shu tipdagi so‘zlarning yozuvdagi shaklini (imlosini) to‘g‘ri belgilashga ham yordam beradi. 3. Umumturkiy so‘zlarda ikki unli yonma-yon qo‘llanmaydi, bu hol arab tilidan o‘zlashgan oila, doir, rais, maorif, saodat, mutolaa kabi so‘zlar talaffuziga ta’sir qilgan: oila, doir, rais so‘zlarida bitta «y» orttirilgan (oyila, doyir, rayis kabi), maorif, saodat, mutolaa so‘zlari esa unlilarning diftonglashuviga – mo:rip, so:dat, mutola: kabi talaffuz qilinishiga olib kelgan. Keyingi bir asr ichida rus tilidan so‘z o‘zlashtirishning faollashganligi, ruscha o‘zlashmalarning rus tilidagi talaffuz va imlo me’yorlarini o‘zbek tiliga aynan singdirish an’anasining ustun bo‘lganligi o‘zbek tilida ikki unlining so‘z tarkibida yonma-yon kelishini orfoepik va orfografik me’yorga aylantirdi: biologiya, geometriya, geologiya, geodeziya va boshqalar. Bu hol arabcha o‘zlashmalarda (oila, doir, rais, maorif, saodat, matbaa, mutolaa kabilarda) ham ikki unlining yonma-yon talaffuz qilinishi va yozilishini me’yor darajasiga ko‘tardi. 4. Arab tilidan o‘zlashtirilgan ta’na, da’vo, ma’no, e’lon, me’mor, mo‘tabar kabi so‘zlarning birinchi bo‘g‘inidagi unlilar cho‘ziqroq talaffuz etiladi. 5. Rus tilidan o‘zlashgan so‘zlarda «i» unlisi o‘zbek tilining «i» unlisidan torroq va cho‘ziqroq talaffuz etiladi. tish (o‘zb.) – tip > ti:p (rus.), til (o‘zb.) – tir > ti:r (rus.) kabi. 6. Ruscha leksik o‘zlashmalarning urg‘usiz bo‘g‘inidagi «e» unlisi o‘zbekcha «e»dan ancha tor («i»ga yaqin) talaffuz etiladi: telefon > tilifon., televizor > tilivizir, adres > adris kabi. 7. Rus tili orqali o‘zlashgan so‘zlarda «a» unlisi o‘zbekcha «a»dan yo‘g‘onroq talaffuz etiladi: kana (o‘zb.) – kanal (rus) kabi. 8. Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlardagi o‘rta keng, lablangan «o» unlisi urg‘uli bo‘g‘inda o‘zbek tilidagi o‘rta keng, lablangan «o‘»dan kengroq talaffuz etiladi: ton (rus.) – to‘n (o‘zb.), tok (rus.) – to‘q (o‘zb.), tort (rus.) – to‘rt (o‘zb.) kabi. 9. Jonli tilda «r» bilan boshlangan arabcha, forscha va ruscha so‘zlarning boshida bir «o‘» tovushining orttirilishi ancha keng tarqalgan: ro‘za>o‘raza, rus>o‘ris, ro‘mol>o‘ramol kabi. Adabiy talaffuz me’yori sifatida ro‘za, rus, ro‘mol shakllari saralangan. 10. Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlarning oxirida lab-tish «v» undoshi jarangsiz «f» tarzida talaffuz qilinadi: aktiv > aktif, passiv > passif, ustav > ustaf, kursiv > kursif kabi; «v»ning jarangsizlanishi so‘z ichidagi assimilyativ holatda ham yuz beradi: avtomat > aftomat, stavka > stafka kabi. Bunday talaffuz adabiy til uchun me’yor sanaladi, ammo o‘zbek tilining o‘z so‘zlarida qo‘llanadigan lab-lab «v» undoshi so‘z oxirida ham, jarangsiz undosh ta’sirida ham «f» ga o‘tmaydi: ov, birov, ovqat, shavkat kabi. (Bu holat ham orfoepik me’yor sanaladi). 11. Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zning ko‘pchiligida urg‘u erkin bo‘ladi, bu hol o‘zbek adabiy tili va talaffuziga ham singib bormoqda: atlas, trolleybus, tramvay kabi. 12. O‘zbek tilidagi urg‘u asosan so‘zning oxirgi bo‘g‘iniga tushadi, ammo ayrim o‘zlashgan so‘zlarda urg‘u so‘zning oldingi bo‘g‘inlarida bo‘lishi ham mumkin: hamma, jami, hamisha, afsuski kabi. Bunday holatlardan xabardor bo‘lish adabiy talaffuz me’yoriga amal qilish imkonini beradi.

 

«O‘zbek tilining talaffuzdosh so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati»T.Nafasov va V.Nafasovalar tomonidan yaratilgan, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida ko‘p nusxada chop etilgan. Lug‘atda talaffuzdosh so‘zlarning quyidagi ko‘rininshlari farqlanadi:        

1. So‘z oxiridagi yasovchi qo‘shimchada: borlik-borliq, bo‘shlik-bo‘shliq, otalik-otaliq, jazlik-jazliq, yo‘qlik-yo‘qliq.

2. So‘z o‘rtasidagi unli tovushlarda: gulkor-gilkor, ravon-rovon, oxir-oxur, devon-divan, jayron-jiyron, may-moy.

3. So‘z o‘rtasidagi undosh tovushlarda: abzal-afzal,

4. So‘z oxiridagi unli tovushlarda: tanga-tango, banda-bandi, daha-daho, jodi-jodu, mavzu-mavze, murabba-murabbo.

5. So‘z o‘zagi oxiridagi undosh tovushda: adip-adib, bop-bob, burch-burj, buyuk-buyuq.

6. So‘z boshidagi unli tovushlarda: abro‘-obro‘, ariq-oriq, axir-oxir, ukki-ikki.

7. So‘z boshidagi undosh tovushlarda: paqir-faqir;

8. So‘z o‘rtasidagi unlining cho‘ziq-qisqa aytilishida: sher-she’r, davo-da’vo.

9.So‘z o‘rtasida bir undoshning bor-yo‘qligida: bo‘yincha-bo‘yicha, ziyrak-zirak.

10. So‘z oxirida undoshning tushib qolishida: go‘sh-go‘sht, bolali-bolalik, uyli-uylik, sus-sust.

11.So‘z o‘rtasida bir unlining bor-yo‘qligida: davur-davr, asir-asr, ahil-ahl, qasir-qasr, ilik-ilk.

12. So‘z oxirida bir-biriga yaqin uyadoshli so‘zlarda: qarz-qars, darz-dars; dakki-daqqi, ko‘klik-ko‘hlik.

Lug‘at 1500 dan ortiq so‘zni qamrab olgan va har bir so‘zga izoh berilgan.

Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.