Sintaksis(yunon.sintaxys – tuzish, qurish) – grammatikaning so‘zning o‘zaro erkin bog‘lanishi, bu erkin bog‘lanish natijasida hosil bo‘lgan so‘z birikmasi va gap, uning turi va xususiyatini o‘rganuvchi tarkibiy qismi. Sintaksisning asosi gap haqidagi ta’limot. Gaplar, aslida, so‘zlarning erkin birikuvlariga ham asoslanganligi tufayli so‘zlarning bog‘lanish qonuniyatlari, so‘z birikmalari ham sintaksisda o‘rganiladi. Atom xususiyatlari va ularning birikish qonuniyatlarini ochish molekula tabiatini o‘rganishga bo‘ysundirilganligi kabi so‘z birikmalarini o‘rganish ham gap ta’limotining tarkibiy qismi, undan ajratilgan holda qaralishi mumkin emas. Sintaksis so‘zlarning har qanday birikuvlarini emas, balki hokim-tobelik munosabatiga kirishgan erkin nutqiy birikuvlar va ularning lisoniy mohiyatlarini tekshiradi. Qaysidir yo‘sindagi so‘zlarning birikuvlari sanalmish qo‘shma so‘zlar (uchburchak, ertapishar, sotib olmoq), frazeologik birliklar (ilonning yog‘ini yalagan, po‘konidan yel o‘tmagan, ko‘ngli bo‘sh) sintaksisning tadqiq doirasidan chetda qoladi. Chunki ular erkin bog‘lanishga ega emas. Sintaksis atamasi, grammatika atamasining o‘zi kabi ikki ma’nolidir: 1) tilning sintaktik qurilishi; 2) grammatikaning tarkibiy qismi.