Qo‘shimcha, ya’ni morfema (morfema –yun. morphe – shakl) o‘ziga xos shakl va ma’noga ega bo‘lgan, boshqa ma’noli qismga bo‘linmaydigan, so‘z yasash, so‘zning biror grammatik shaklini hosil qilish uchun asos bo‘ladigan lisoniy birlik. Masalan: ish-chi, ish-ga, ish-lar.
Qo‘shimcha vazifasiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: so‘z yasovchi morfema, shakl yasovchi morfema. So‘z yasovchi qo‘shimcha yangi leksema hosil qilishda ishtirok etadi va tilning lug‘at qatlamini boyitadi. Shakl yasovchi qo‘shimcha so‘zning biror grammatik shaklini yasash uchun xizmat qiladi: kitob-lar ko‘plik shakli, bola-ni kelishik shakli va boshqalar.
Ayrim manbada so‘z o‘zagi ham morfema sifatida qaraladi.
Qo‘shimchalarning vazifasiga ko‘ra turlari. Qo‘shimcha vazifasiga ko‘ra ikki guruhga bo‘linadi:
1)so‘z yasovchi qo‘shimcha;
2)shakl yasovchi qo‘shimcha.
So‘z yasovchi qo‘shimcha asosdagi atash ma’nosini yangilaydi: ish-chi, ish-chan, ish-la. Yasovchi qo‘shimcha faqat to‘rtta so‘z turkumi (fe’l, ot, sifat, ravish)da mavjud. Boshqa turkumlarning yasalishi munozarali.
Qo‘shimcha qo‘shishusuli bilan so‘z yasash 12 ta so‘z turkumining 4 tasiga xos. Ular: 1. Ot. 2. Sifat. 3. Fe’l. 4. Ravish.Bu to‘rtta so‘z turkumida so‘z yasovchi qo‘shimcha mavjud. Son, olmosh, taqlid, undov va modal so‘z yasalmasada, xuddi shu usul bilan ot, sifat, fe’l va ravish yasashda ishtirok etadi.Qo‘shimcha qo‘shilayotgan so‘z asos, hosil bo‘lgan so‘z yasalma deyiladi.Yasama so‘z tarkibida so‘z yasovchi qo‘shimcha birdan ortiq bo‘lishi ham mumkin. So‘zning yasamaligini belgilashda eng so‘nggi yasalish hisobga olinadi. Mas., terimchilik, suvoqchilik, bichiqchilik, to‘qimachilikso‘zi ter, suva, bich, to‘qife’lidan, terim, suvoq, bichiq, to‘qimaotidan ham emas, balki terimchi, suvoqchi, bichiqchi, to‘qimachiso‘zidan yasalgan.
So‘zda so‘z yasovchi qo‘shimcha birdan ortiq bo‘lishi mumkin: dardmandlik, darmonsizlanmoq, tilshunoslik, tarjimashunoslik, oshpazlik, tekislagich, badavlatlik, bema’nigarchilik, bosqinchi, vafodorlik, notinchlik, beo‘xsha(o)vlik. Qo‘shimcha qo‘shib so‘z yasashga faqat so‘z yasovchi qo‘shimcha emas, qo‘shimchasimon (ya’ni qo‘shimchalashgan so‘z, affiksoid) ham ishtirok etadi: -aro: xalqaro, davlatlararo; -baxsh: orombaxsh, hayotbaxsh, shifobaxsh; -noma: taklifnoma, tavsifnoma, yilnoma; -xona: darsxona, kutubxona, mehmonxona; xush: xushmanzara, xushfe’l, xushbichim.
Bir o‘zakdan yasalgan so‘zlar o‘zakdosh deyiladi. Mas.,gulla, gulchi, guldon, guldorkabi.Turli grammatik qo‘shimcha olgan bir so‘z ko‘rinishlari o‘zakdosh sanalmaydi: kitob, kitobning, kitobni, kitobdan, kitobdakabi.
So‘z yasovchi qo‘shimcha unumli va unumsiz bo‘ladi. Unumli yasovchi – bugungi kunda ham so‘z yasayotgan qo‘shimcha: -chi, -dosh, -kor kabi.
Unumsiz qo‘shimcha til tarixida so‘z yasagan va bugungi kunda hosila bermaydi: - -archilik(ocharchilik), -i (tinchi), -gi (kuzgi)kabi.
Shakl yasovchi qo‘shimcha so‘zning biror grammatik shaklini yasaydi. Shuning uchun unga doimo shakl so‘zi qo‘shib aytiladi: egalik shakli, nisbat shakli, zamon shakli, daraja shakli, kichraytirish shakli, ko‘plik shakli kabi.
Shakl yasovchi umumiy xususiyatiga ko‘ra ikki guruhga bo‘linadi:
1) lug‘aviy shakl yasovchi;
2) sintaktik shakl yasovchi.
Lug’aviyshaklyasovchiso‘zlug‘aviyma’nosigabirozta’sirqiladi. Qo‘llanilishi bir turkum bilan chegaralanadi. Mas., nisbat fe’lga, kichraytirish, erkalash otga, daraja belgi bildiruvchi so‘zga xos. Lug‘aviy shaklga fe’ldagi nisbat, sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi, harakat tarzi (-la, -kila, -imsira, inqira), bo‘lishsizlik shakli; otdagi son, erkalash, kichraytirish, o‘xshatish, chegara, qarashlilik, o‘rin belgisi shakli; sonda uning ma’no turini hosil qiluvchi vositalar kiritiladi.
Sintaktik shakl yasovchisintaktik vazifaga ega. Sintaktik (munosabat) shakl hosil qiluvchi qo‘shimcha so‘z lug‘aviy ma’nosiga ta’sir etmay, bir-biriga bog‘lashga yoki unga ma’lum bir sintaktik vazifa berishga xizmat qiladi. Kelishik, egalik va kesimlik (mayl, zamon, shaxs-son, tasdiq-inkor) shunday shakl yasovchi. Mas., kelishik ergash so‘zni bosh so‘zga, egalik bosh so‘zni ergash so‘zga bog‘laydi: kitobni o‘qimoq, daftarning varag‘i kabi. Kelishik, egalik qo‘shimchasi so‘zni bog‘lasa (Salimning ukasi), kesimlik (mayl, zamon, shaxs-son, tasdiq-inkor) qo‘shimchasi gap kesimini shakllantiradi: O‘qidim (xabar mayli, o‘tgan zamon, birinchi shaxs, tasdiq).
Qo‘shimchalarning tuzilishiga ko‘ra turlari. Qo‘shimcha tuzilishiga ko‘ra sodda va murakkab bo‘ladi. Bir ma’noli qismdan tarkib topgan qo‘shimcha – sodda qo‘shimcha: -chi shaxs oti yasovchi, -dan chiqish kelishigi shakli va hokazo.
Aslida birdan ortiq ma’noli qismdan tarkib topib, ajralmas holga kelib qolgan qo‘shimcha – murakkab qo‘shimcha: -chi+lik (ko‘pchilik, dehqonchilik), -la+b (saharlab, ko‘plab) kabi.
Qo‘shimchalarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari. Qo‘shimchalar shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra quyidagi turga bo‘linadi:
Shakldosh qo‘shimcha (morfologik omonim) – shaklan bir xil, vazifa jihatidan boshqa-boshqa bo‘lgan qo‘shimcha: tinch-i, ranj-i (fe’l yasovchi); rang-i, kitob-i (egalik shakli); bahor-i, jannat-i (sifat yasovchi), chay-i, qaz-i (fe’lning harakat tarzi shakli). -la, -lab, -a, -cha, -iq, -chak, -don, -kash, -dor shakllari ham shakldosh qo‘shimcha.
Ma’nodosh qo‘shimcha (morfologik sinonim) – shaklan har xil, vazifasi bir xil va ma’nosi yaqin qo‘shimcha: -li, -ser, -dor, -mand, ba-, bo-: davlatli, badavlat, serdavlat, davlatmand; unumli, serunum, unumdor.
Zid ma’noli qo‘shimcha (morfologik antonim) – vazifasi o‘zaro zid bo‘lgan qo‘shimcha: -li – -siz, no- – -li, be- – bo- va hokazo.
Talaffuzdosh qo‘shimcha (morfologik paronim) – aytilishi va yozilishi yaqin, vazifasi boshqa-boshqa bo‘lgan qo‘shimcha: -li (sifat yasovchi) / -lik (ot yasovchi) – paltoli – paltolik, otali-otalik; -chan (sifat yasovchi) / -chang (ravish yasovchi) ishchan, uyatchan, unutuvchan; mahsichang, ko‘ylakchang, yaktakchang; -lik / liq: otalik-otaliq, borlik-borliq. Talaffuzdosh qo‘shimchani farqlamaslik so‘z qo‘llashda xatolikka olib keladi.