Tilshunos, adib, tafsir va hadis olimi Mahmud az-Zamaxshariy – (Abulqosim Mahmud ibn Umar ibn Ahmad) 1075- yil 18- martda Xorazmdagi Zamaxshar qishlog‘ida dindor dunyoqarashli oilada tug‘ilgan. Yoshligida ilm-fanning turli sohalari, arab tili va xattotlikni mukammal egallagan. Ustozi – til, lug‘at va adabiyot sohasida mashhur Abu Madar Isfahoniy. Ilmini oshirish maqsadida Buxoroga borib, u yerda shayxulislom Abumansur Nasr Xorisiy, Abu Sa’d Shaqqoniy va Abdulxattob ibn Abulbatrdan saboq oladi. Ma’lum muddat Xorazmshohlar xizmatida bo‘lib, so‘ngra Marv, Nishopur, Isfahon, Damashq, Bog‘dod va Hijozda, 2 marta Makkada bo‘ladi. Bu yerda arab tili grammatikasi, lahjalari, maqol va urf-odatlari, geografiyasinini o‘rganadi. Asarlarini Makkada yozganligi tufayli u Jorulloh (“Allohning qo‘shnisi”) degan sharafli nisbaga muyassar bo‘lgan.
Zamaxshariy arab grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid 50 dan ortiq asar yozgan. Ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan. “Al-Mufassal” kitobi (“Grammatika bo‘yicha mufassal kitob” (1121) asari arab tili nahvu-sarfini o‘rganishda yirik qo‘llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G‘arbda ham shuhrat topgan. Uning ixcham varianti “Al-Un-muzaj” (“Namuna”) nomi bilan ataladi. “Sibavayh kitobiga sharh” asari - mukammal manba. Otsiz Xorazmshohga bag‘ishlangan “Muqaddimat ul-adab” (“Adab ilmiga muqaddima”, 1137) asaridagi arabcha so‘zlar ostida forsiy va turkiy tarjimalarning berilishi o‘zbek tarixiy leksikologiyasi uchun qimmatli. Asar 5 ta katta qismga bo‘lingan – ot, fe’l, bog‘lovchi, ot o‘zgarishi, fe’l o‘zgarishi. Asarda o‘sha davr arab tilidagi barcha so‘zni qamrab olishga harakat qilingan. “Muqaddimat ul-adab” 1706- yilda Xo‘ja Ishoq afandi tomonidan usmonli turk tiliga tarjima qilingan.
“Kitob-al-jibol val-amkina val-miyoh” (“tog‘lar, joylar va suvlar haqida kitob”) asarida qimmatli geografik ma’lumotlar berilgan. “Asos ul-balog‘a” asarida notiqlik san’ati haqida so‘z boradi.
Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan “Al-Kashshof” asari islom olamida mashhur.
Zamaxshariy ijodi A.Z.Validiy, Muhammad Kozimbek, A.Rustamov,U.Tursunov, U.Uvatov, Z.Islomov, M.Hakimjonov kabilar tomonidan o‘rganilgan.
1144- yilda hozirgi Ko‘hna Ugranchda vafot etgan.