Filologiya fanlari nomzodi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti Abduroziq Rafiyev 1952- yilning 18- oktabrida Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Hozirgi o‘zbek tili leksikologyasi, frazeologiyasi, o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi, turkiy tillarning qiyosiy-tarixiy grammatikasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va metodik ishlari bilan tanilgan.
Faol ishtiroki va ilmiy-metodik rahbarligida respublikamizning ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan sinf (guruh)larda o‘zbek tilini o‘qitish konsepsiyasi va barcha ta’lim bosqichlarida o‘zbek tili predmetining uzviyligini ta’minlashga qaratilgan namunaviy o‘quv dasturlari yaratilgan. Chet elliklar uchun 4 ta audiokassetali (SD) va multimediali “O‘zbek tili” darsligi 50 dan ortiq nufuzli xorij universitetlarida o‘qitilmoqda. Indiana universitetidagi hamkorlari bilan o‘zbek tilini masofadan o‘qitish dasturi va elektron darsligini tayyorlagan.
Kasb-hunar kollejlari uchun “Ona tili va adabiyoti” darsligi, ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 3-11- sinflari uchun “O‘zbek tili” darsligi amalda qo‘llanilmoqda.
A.Rafiyev “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” (1994), “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi fidoyisi” (2002) unvonlari bilan taqdirlangan. Olim Xalqaro turkiyshunoslar jamiyati a’zosi.