Arab istilosi bilan birga kirib kelgan arab yozuvi(VIII asr) bizda 1200 yildan ortiq davr ichida (1926yilgacha) ba’zi isloh bilan (1918–1920) qo‘llanib keldi. Bu yozuvda minglab ilmiy, badiiy, diniy asar yaratildi, rasmiy hujjat tuzildi. Birgina Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida arab alifbosida yozilgan 46 ming jild asar saqlanadi. Arab alifbosi va bu alifboda yozilgan asar Oktabr to‘ntarishidan keyin, ayniqsa, 30 yillarda qattiq ta’qib ostiga olindi. Natijada ko‘p qimmatbaho qo‘lyozma ko‘mildi, suvga oqizildi yoki ma’muriy idoralar tomonidan musodara qilinib, egalari qattiq jazoga mahkum etildi.
Arab yozuvining kufiy, nasta’liq va boshqa shakli (devoni, mag‘rib, taliq) bo‘lib, Markaziy Osiyoda asosan nasta’liq shakli qo‘llandi (Qur’oni Karim kufiy yozuvida yozilgan).
Oktabr to‘ntarishidan so‘ng arab alifbosi ma’lum darajada isloh qilindi. Chunki arab alifbosida unli tovushni ko‘rsatadigan alohida belgi yo‘q edi. Zer, zabar (harfning osti va ustida qo‘llanadigan belgilar) faqat Qur’on va shunga o‘xshash arab tilida yozilgan diniy asardagina qo‘llanar edi. 1921yil 1–5yanvarda Toshkentda chaqirilgan tilimlo qurultoyi, boshqa masala bilan birga, arab harfining so‘z boshi, o‘rtasi va oxirida qo‘llanish shaklini soddalashtirdi, o‘zbek tiliga xos bo‘lmagan sod, zod, itqi, izg‘i harfini alifbodan chiqardi, u, o‘, i, a tovushi uchun alohida harf belgilandi. 1922yil aprel oyida bo‘lgan maorif va madaniyat xodimlarining ikkinchi qurultoyi ham birinchi qurultoy qarorini ma’qulladi.
1926yili Bokuda turkiyshunoslar anjumani bo‘lib (O‘zbekistondan A.Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat qatnashdi), lotin alifbosiga o‘tish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bunga arab alifbosining turkiy til fonetik xususiyatini aks ettirmasligi va o‘rganishning qiyinligi asos sifatida ko‘rsatildi.
Arab yozuvida 28 ta harf bo‘lib, unga forsiylar o‘zlariga xos to‘rt harf (g, p, ch, j (sirg‘aluvchi)) kiritgan. Turkiy xalqlar ham shu to‘rt harf bilan birgalikda arab yozuvidan foydalangan.