Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {qista} - moq ( Fe’lga qo‘shiluvchi lug‘aviy shakl yasovchi Lug‘aviy shakl yasovchi )
So‘z bo‘g‘inlari: qis-ta-moq
Izoh(lar)i:
qista fl

1. 1. Biror ish-harakat qilishga zo‘r berib undamoq yoki zo‘rlamoq, hol-joniga qo‘ymay iltimos qilmoq. Qalandar yigit bir tilik handalakni iymanib yedi Avazning qistashiga qaramay, qaytib handalakka qo‘l urmadi. S. Siyoyev, Yorug‘lik
Uning [Sharofatning] mo‘ljaliga ko‘ra, Sidiqjon yana qasam ichishi, yur, deb qistashi, hol-joniga qo‘ymasligi kerak edi. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari

2. 2. Zo‘r berib shoshirmoq, qistovga olmoq, oshiqtirmoq. [O‘zbek oyim] To‘yni tez boshlash uchun o‘g‘lini Marg‘ilon ketmakka qistay boshladi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Anvar uning sidqidildan gapirayotganini tushundi shekilli, yana qistadi: — Kech bo‘lib ketyapti, tur. O‘. Hoshimov, Qalbingga quloq sol

3. 3. Qaytib berishni (qaytarishni) talab qilmoq. To‘yda to‘ningni qistama. Maqol
Nokasdan qarz bo‘lma — ham yo‘lda qistar, ham go‘rda. Maqol
Bir kuni musallas suzdim, suzmasam bo‘lmas edi, Chunki amakim xumini qistadi. A. Qahhor, Qanotsiz chittak

4. 4. Tez yurishga undamoq, tezlamoq. Ho‘kiz kallasini egib, omochni tortishga urinar, qo‘shchi hadeb qistar edi. M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha.
Ul ikki yigit sahar vaqti ot qo‘yganicha Chambil yo‘lida qistab yo‘l bosdi. Bo‘tako‘z

5. shaxs qo‘shimchali so‘zlar bilan lan O‘zidan oldin kelgan so‘z bilan ifodalangan ish-harakatni bajarishga kuchli xohish yoki qaytarib bo‘lmaydigan talab paydo bo‘lganligini bildiradi. Kulgim qistadi. Bilgisi qistadi. So‘zlagisi qistadi. Yo‘talgisi qistayapti. G‘ayratsizning g‘ayrati ish bitganda qistaydi. Maqol
Jahlim qistab, tishlarim g‘ijirlab ketdi. H. Nazir, Yonar daryo
Bilasizmi, ko‘ngling qo‘msaganini ko‘rging qistaganda ko‘rolmasang juda og‘ir. M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha.
[Qayumning] Bu harakatidan achchig‘im qistadi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.
Qomus: mavjud emas.
Ibora(lar): mavjud emas.

1. Qistamoq – zo‘rlamoq – majburlamoq – majbur qilmoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli-kuchsiz darajada ifodalashiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.