Yevgeniy DmitriyevichPolivanov –(1891–1938, Peterburg) mashhur tilshunos olim, o‘zbek tilshunosiligining Toshkent maktabi asoschilaridan biri. Peterburg universiteti professori (1919), O‘rta Osiyo davlat universiteti professori (1925), Qirg‘iziston Madaniy qurilish instituti professori (1934). 1921- yil Komintern apparatida ishlab, yo‘llanma bilan Toshkentga kelgan.
Y.Polivanov umumtilshunoslikning nazariy masalalari, o‘zbek tili fonetikasi, grafikasi, dialektologiyasi, leksikologiyasi, etimologiyasi, leksikografiyasi, morfologiyasi, so‘z yasalishi va turkiy tillar tarixini o‘rganish borasida samarali faoliyat olib borgan. O‘zbek dialektologiyasi faniga asos solgan; o‘zbek va rus tillarini chog‘ishtirib o‘rganish – o‘zbek maktablarida rus tili o‘qitish metodikasiga tamal toshini qo‘ygan. Uning «Toshkent dialektining tovushlar tarkibi» (1922), «Toshkent dialekti bo‘yicha fonetik yozuv namunalari» (1924), «Toshkent tarixidan ocherklar» (1925), «Toshkent nomining kelib chiqishi» (1927), «O‘zbek tilining qisqacha grammatikasi» (1926, 3 qism), «O‘zbek dialektologiyasi va o‘zbek adabiy tili» (1933), «O‘zbek tili bilan qiyoslangan rus tili grammatikasi» (1933), «O‘zbek tili grammatikasidan materiallar» (1935) kabi asarlari o‘zbek tilshunosligining shakllanishida va keyingi taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.
- Polivanov - o‘zbek maktablari uchun rus tili, rus maktablari uchun yozilgan ilk o‘zbek tili darsliklari muallifi.