Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {po‘k}
So‘z bo‘g‘inlari: po‘k
Izoh(lar)i:
po‘k sf

1. 1. Ichi chirigan yoki kavak. Po‘k daraxt. Po‘k yog‘och. Bu tolning ichi po‘k. Nusratbek ham shunday qildi. Biroq rediska po‘k ekan. Tuflab tashlashga uyaldi. S. Nurov, Narvon

2. 2. Biror kasallik tufayli daraxt tanasidan o‘sib chiqadigan, g‘ovak to‘qimadan iborat o‘simta; daraxt buqog‘i. Tolning po‘ki. Tut po‘kidan sariq bo‘yoq sifatida foydalanilgan. Bu jangga dushman o‘z ixtiyoridagi hamma narsani tashladi; uning orqa tomoni qurigan daraxtdek po‘kdir. H. Olimjon, Tanlangan asarlar

3. ko‘chma hma Semiz, lekin kuchi kam; xom-semiz. Dalaning ko‘kiga, odamning po‘kiga ishonma. Maqol
Mehnat qilib o‘rganmagan Kamol po‘k edi, bir-ikki siltanib, qo‘llarini Nodirdan zo‘rg‘a bo‘shatib oldi. S. Yunusov, Kutilmagan xazina

4. ko‘chma hma Ma’nosiz, sayoz, bo‘sh (umri qisqa). Zamon po‘k narsani tez unutdirar, Ya’ni turg‘unlikdan hayot o‘ch olar, Eski loy qal’a yo‘q, qissasi turar, Yerga cho‘kib ketgan eski ko‘chalar. M. Shayxzoda, Toshkentnoma

5. shv. hv. Po‘kak, tiqin. Tarelka yonida yotgan pichoqni olib, uning uchi bilan shisha og‘zidagi po‘kni olmoqchi bo‘ldi. Sh. Rizo, Qor yog‘di, izlar bosildi.
[Mingboshi] Shishaning tagiga yo‘g‘on shapalog‘i bilan ikki marta urdi, po‘k sachrab chiqib, shipga tegdi, so‘ngra u yerdan sachrab, tokchadagi katta jomga kelib tushdi; jar-r-rang etdi jom. Cho‘lpon, Kecha va kunduz

6. taql. s. Ichi bo‘sh yoki kavak narsani urganda, qizdirilmagan childirmani chertganda, yurakning qattiq urishida chiqadigan tovush haqida. Pishgan qovoq chertilsa, po‘k etadi. Ahyon-ahyonda shampanskiyning po‘k etgan ovozi eshitilib qoladi. Mushtum
Dutorning ting‘ir-ting‘iri-yu childirmaning po‘k-po‘k tovushini atrof yutib yuborayotganday edi. Yoshlik

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: puk Oshiqning chikkaga qarama-qarshi tomoni. Oshiqning puk tomoni. Puk tushmoq.
Qomus: mavjud emas.

1. yuragi po‘killamoq: biror yoqimsiz ishning voqe bo‘lishidan hadiksiradi

Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.