1. 1. Qovun, bodring kabi o‘simliklarning yerda yoyilib o‘sadigan tana, shox va barglari.
Qovun palak otibdi. Palak yozgan tarvuz.
▬
Domlalarni choy va dasturxon tayyor bo‘lguncha ovutib turish uchun mulla Obid palakdan uch-to‘rtta qovun uzib chiqadi.
A. Qodiriy, Obid ketmon
Ishkom va shaftolilar uchastka chetidagi qovun-tarvuz palaklari ustidan o‘z soyalarini yig‘ib olmoqda edi.
P. Qodirov, Uch ildiz
2. 2. Palak otmoq Ildiz otmoq, avj olmoq; ko‘paymoq, mustahkamlanmoq.
Natijada VIII—IX asrlardan boshlab Termizda sayidlar avlodi palak otib, mashhur bo‘lib ketdi.
Fan va turmush
Chunki bu yerda rasmiyatchilik palak otgan: mendan ketguncha, egasiga yetguncha, qabilida ish tutilmoqda.
Gazetadan
3. 3. Tup qo‘yib, palak otmoq Mustahkam o‘rnashib, martabasi oshmoq; bola-chaqali bo‘lib ketmoq.
Stansiyadagi mo‘tadil havo sekin-asta Salimjonni avval dotsent, keyin professor qilib, tup qo‘yib, palak ottira boshladi.
Mirmuhsin, Umid
Qaytish bizning qismatimizda bo‘lmasa, sizlarda bordir. Zurriyotimiz ota yurtda tup qo‘yib, palak otsa, ming bor shukr qilamiz.
Yoshlik
4. Osmon gumbaziga o‘xshash doira shaklidagi gul-naqshlar bilan qoplangan, odatda uy devorlariga bezak uchun osib qo‘yiladigan kashtachilik buyumi.
Ilgari qiz uzatgan odamlar qizining uyini bezash uchun palak, zardevor, choyshab, gilam, sandiq qilishar edi.
Gazetadan
Hovlilardan kelinlarning palagi olib chiqilib, choyxonaga osildi.
Mirmuhsin. Hikoyalar, qissalar