Ko‘chirish qoidasi– 1995- yil 24- avgustda qabul qilingan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning 75–82- paragraflarini o‘z ichiga oluvchi ko‘chirish to‘g‘risidagi imlo qoidasi to‘plami.
Ko‘chirish qoidasiquyidagilarni o‘z ichiga oladi: 1. Ko‘p bo‘g‘inli so‘zning oldingi satrga sig‘may qolgan qismi keyingi satrga bo‘g‘inlab ko‘chiriladi: to‘q-son, si-fatli, sifat-li, pax-takor, paxta-kor kabi. Tutuq belgisi oldingi bo‘g‘inda qoldiriladi: va’-da, ma’-rifat, mash’-al, in’-omkabi. 2. So‘zning bosh yoki oxirgi bo‘g‘ini bir harfdan iborat bo‘lsa, quyidagicha ko‘chiriladi: 1) so‘z boshidagi bir harfdan iborat bo‘g‘in yolg‘iz o‘zi oldingi satrda qoldirilmaydi: a-badiy emas, aba-diy, e-shikdan emas, eshik-dan kabi; 2) so‘z oxiridagi bir harfdan iborat bo‘g‘in yolg‘iz o‘zi keyingi satrga ko‘chirilmaydi: mudofa-a emas, mudo-faa, matba-a emas, mat-baa kabi. 3. O‘zlashma so‘zning bo‘g‘ini chegarasida kelgan ikki yoki undan ortiq undosh quyidagicha ko‘chiriladi: 1) ikki undosh kelsa, ular keyingi satrga birgalikda ko‘chiriladi: dia-gramma, mono-grafiya kabi; 2) uch undosh kelsa, birinchi undosh oldingi satrda qoldirilib, qolgan ikki undosh keyingi satrga ko‘chiriladi: silin-drik kabi. 4. Bir tovushni ko‘rsatuvchi harflar birikmasi (sh, ch, ng) birgalikda ko‘chiriladi: pe-shayvon, pe-shona, mai-shat, pi-choq, bi-chiqchi, si-ngil, de-ngiz kabi. 5. Bosh harfdan yoki bo‘g‘inga teng qism va bosh harfdan iborat qisqartma, shuningdek, ko‘p xonali raqam satrdan satrga bo‘lib ko‘chirilmaydi: AQSH, BMT, O‘zMU, 16, 245, 1994, XIX kabi. 6. Harfdan iborat shartli belgi o‘zi tegishli raqamdan ajratib ko‘chirilmaydi: 5-„A” sinf, V „B” guruhi, 110 gr, 15 ga, 105 m, 25 sm, 90 mm kabi. 7. Atoqli ot tarkibiga kiradigan raqam nomi ajratilgan holda keyingi satrga ko‘chirilmaydi: „Navro‘z–92” (festival), „O‘qituvchi–91” (ko‘rik-tanlov), „Andijon–9”, „Termiz–16” (g‘o‘za navi), „Boing–767” (samolyot), „Foton–774” (televizor) kabi. 8. A.J.Jabborov, A.D.Abduvaliyev kabilarda ism va ota ismining birinchi harfiga teng qisqartma familiyadan ajratib ko‘chirilmaydi. Shuningdek, v.b. (va boshqalar), sh.k. (shu kabilar) singari harfiy qisqartma ham oldingi so‘zdan ajratib ko‘chirilmaydi.