1. Bir-biriga ulangan, uyg‘unlashgan yoqimli tovushlar oqimi.
Ariqdan mayin ohang bilan suv oqar.
Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
2. Turli tovushlarning ma’lum bir tartibda uyg‘unlashib, musiqiy butunlik tashkil etgan birikmasidan iborat musiqa asari; kuy.
Bularning [she’rlarning] hammasi deyarli gazetada bosilar, ba’zilarini bolalar ohangga solib, sahnalarda ashula qilib aytar edilar.
A. Qahhor, Sarob
3. Nutqda ma’noga qarab ovozning ko‘tarilishi va pasayishi; intonatsiya.
Ziyodaxon ba’zi jumlalarni ma’nosiga mos kelmaydigan ohangda o‘qib, tinglovchilarga uqtira olmagani uchun, hikoyaning davomini Ibrohimovning o‘zi o‘qidi.
A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
4. So‘zlovchining ichki his-tuyg‘ularini ifodalaydigan talaffuz uslubi.
Kechir demoqchisiz, — dedi Inobat mayin, alamli ohang bilan.
X. To‘xtaboyev, Felyetondan so‘ng
5. Narsalarning o‘zaro qo‘shilishidagi moslik, uyg‘unlik.
Bo‘yoqlarning nafis ohangi benihoyat nozik tovlanar edi.
Oybek, Navoiy