1. Hech narsa bilan bekitilmagan, to‘silmagan.
Iskandar esa qizil dasturxonni yana xazina ustiga yopdi-da, tokchadan soqol oladigan asboblarini olib, ochiq shiyponga chiqdi.
M. Mansurov, Yombi
2. Ochiq darvoza. Ochiq deraza. Bekitilmagan, mahkamlanmagan, qulflanmagan.
3. Yalang‘och.
Politsiya boshlig‘i pishiq o‘rilgan charm qamchin bilan Yo‘lchining ochiq ko‘kragini va bo‘ynini uzib oldi.
Oybek, Tanlangan asarlar
4. Berk emas, ochilgan holda.
Eshik va darchalar ochiq bo‘lsa ham, uyda birov ko‘rinmadi.
A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
5. Yorilgan, ochilgan.
Mana bu ochiq pistalar ham o‘zimizning tog‘larniki!
Sh. Xolmirzayev,T.Usmonov, So‘nmas o‘t
6. Ravshan; aniq; ayon; ko‘rinib, bilinib turadigan.
Qorong‘i bo‘lsa ham, O‘zbek oyimning tusidagi shodlik belgilari ochiq ko‘rinib turar edi.
A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
7. Ochiq gap. To‘g‘ri, haqiqiy.
8. Hech kimdan yashirilmagan.
Dushmanligimni ochiq bildirib, qaytaga hayotimni xavf ostiga qoldirdim chamamda.
Sharq yulduzi
9. Ko‘chma Hamma, xohlagan kishi qatnashsa bo‘laveradigan.
Shu hafta ichi ochiq dars o‘tkazishni boshlaymiz.
S. Zunnunova, Olov
10. Ochiq chit. Rangi tiniq, sho‘xchang.
11. Xushfe’l, yuragida kiri yo‘q; xushchaqchaq
U [Ali] ichi kirsiz, serkulgi, ochiqqina bir yigit edi.
A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
12. Paranji tashlagan, ozodlikka chiqqan (xotin-qizlar haqida).
Yig‘ilganlarning ko‘pchiligi xotin-qizlar bo‘lib, ular orasida ochiqlar ham, paranjililar ham bor edi.
S. Zunnunova, Gulxan