Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {nutq}
So‘z bo‘g‘inlari: nutq
Izoh(lar)i:
nutq [nutq ]

1. Tilning fikr ifodalash va almashish jarayonlarida amal qilishi; so‘z-lovchining til vositalaridan foydalanish jarayoni va shu jarayonning hosilasi. Nutqi yomon. Bolaning nutqini o‘stirmoq. Ochilning nutqi yaxshi edi. P. Qodirov, Uch ildiz

2. Amaldagi, so‘zlashuv jarayonidagi til. Nutq madaniyati. Biz nutqimizda ayrim so‘zlarni o‘zaro biriktirib, gap tuzamiz. Gazetadan

3. Tilning aloqa-aralashuv maqsadi va sharoitiga qarab lisoniy vositalardan muvofig‘ini tanlab ishlatish bilan farqlanuvchi turi, uslub. Poetik nutq. Badiiy nutq. Og‘zaki nutq. Gazetadan

4. Jamoat oldida aytiladigan, o‘qiladigan gap, va’z. Otashin nutq. Hayajonli nutq. Notiqning nutqi. Nutq so‘zlamoq. Nutqqa tayyorlanmoq. Gazetadan

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

Nutq a’zosinutq tovushini hosil qilishda ishtirok etadi, ularning jami nutq apparati deyiladi. Nutq apparati tuzilish nuqtayi nazaridan 4 ga bo‘linadi:1.Nafas apparati: o‘pka, diafragma,bir juft bronx,nafas yo‘li; 2.Bo‘g‘iz bo‘shlig‘i: halqasimon, piramidasimon, qalqonsimon tog‘ay,un paychasi; 3. Og‘iz bo‘shlig‘i: til, tanglay, kichik til,lab, tish; 4.Burun bo‘shlig‘i. Tovush hosil qilishdagi faoliyatiga ko‘ra 2 xil: 1. Faol a’zo: tovush paychasi, kichik til, til, yumshoq tanglay, pastki jag‘, lab; 2. Nofaol a’zo: yuqori jag‘, tish, qattiq tanglay, burun bo‘shlig‘i. Quyida ularning muhimlari tavsiflanadi.

          Diafragma – ko‘krak qafasi bilan qorin bo‘shlig‘i o‘rtasidagi muskul paydan iborat, nofaol nutq a’zosi hisoblanadi. Diafragma qisqarishi va kengayishi bilan nafas olish va nafas chiqarishni yengillashtirishga xizmat qiladi.

O‘pka –odam, quruqlikda yashovchi hayvonlar va ba’zi baliqlarning havodan nafas olish a’zosi. Odamda o‘pka bir juft, ko‘krak qafasining ikki tomonida joylashgan. O‘pka passiv nutq organi hisoblanadi.

Bronx – nofaol nutq azosi, odam kekirdagining havo o‘tadigan naysimon tarmoqlari. Kekirdak o‘ng va chap bronxga bo‘linadi. O‘pkadan chiqayotgan havo bronx orqali kekirdakka uzatiladi.

Bo‘g‘iz nafas a’zolarining burun bo‘shlig‘idan keyingi qismi; ovoz chiqarish va nofaol nutq a’zosi. Nafas olish va tovushnnig ravon chiqishini ta’minlaydi. Shuningdek, unli va hundosh tovushining hosil bo‘lish o‘rni.

Og‘iznutq tovushi hosil bo‘lishining so‘nggi bo‘limi. Old va yon tomonlari lunj bilan, yuqoridan yumshoq va qattiq tanglay, pastdan til osti muskullari bilan chegaralangan, orqa tomondan toq teshik, yani tomoq orqali halqum bo‘shlig‘iga tutashadi. Barcha unli va hdan boshqa undoshlar o‘zaro og‘iz bo‘shlig‘ida farqlanadi.

Burun –nofaol nutq a’zolaridan biri. Ovoz chiqarish va so‘zlashda rezonator vazifasini o‘taydi (ovozni kuchaytiradi va unga ohang beradi). Burun bo‘shlig‘i yondosh bo‘shliqlarga bo‘linadi, ular esa burun bo‘shlig‘iga tor teshiklar orqali ochiladi. Shuningdek, burun bo‘shlig‘i nafas olish, hid bilish vazifalarini bajaradi. Burun bo‘shlig‘im, n, ng tovushlarini hosil qilishda faollashadi.

Jag‘ – odam yuz skeletidagi eng yirik suyak. Yuqori va pastki jag‘larga bo‘linadi. Jag‘nutq tovushini hosil qilishda ishtirok etuvchi nofaol a’zo.

Tanglay – passiv nutq a’zosi, burun va og‘iz bo‘shlig‘ini bir-biridan ajratib turadi. Tanglay ikkiga ajraladi: a) qattiq tanglay; b) yumshoq tanglay. Tanglayning kichik tilga tutashgan qismi yumshoq tanglay, yuqori tishdan ungacha bo‘lgan qismi qattiq tanglay deyiladi. Yumshoq tanglay til va halqum bilan birlashadi. Unlilarning hosil bo‘lishida tilning tanglayga yaqinlashishi yoki uzoqlashishi muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, undoshlarning aksariyati talaffuzida ham tanglay ishtirok etadi.

Tish ayrim undosh tovushlarni talaffuz qilishda ishtirok etuvchi a’zo. Tovushlarni talaffuz qilishda tish boshqa a’zolar, xususan, til, lab bilan qatnashadi. Shu boisdan lab-tish (f) tovushi ajratiladi. Boshqa undoshlarda ham tish ishtirok etsa-da, biroq tasniflarda u qayd etilmaydi. Mas., l, s, sh, z kabi undoshlar talaffuzida bevosita ishtirok etadi. Tish kasalligi, tishning noto‘g‘ri parvarishi noto‘gri qo‘yilgan sun’iy tishlar tovush talaffuzini buzadi.

Til – odam va umurtqali hayvonlar og‘iz bo‘shlig‘idagi muskulli organ. Odamda ovqatni chaynash, yutish bilan birga gapirishda qatnashadi.

Lab – og‘iz bo‘shlig‘ining kirish qismini tashkil etadigan muskul teri burmalari bo‘lgan faol nutq a’zosi. So‘zlashda talaffuzning to‘g‘ri va ravon bo‘lishini ta’minlaydi. O‘zbek tilidagi 5 ta undoshni (b, p, v, f, m) hosil qilishda qatnashadi, unlilarning lablanishini ta’minlaydi (u, o‘, o).

Adabiy tilning ijtimoiy hayotdagi ma’lum bir sohada qo‘llanadigan ko‘rinishi adabiy til uslubi deyiladi. O‘zbek adabiy tilida 5 ta asosiy nutq uslubi bor: so‘zlashuv uslubi, badiiy uslub, rasmiy-idoraviy uslub, ommabop uslub, ilmiy uslub. Ayrim darslikda so‘zlashuv uslubidan boshqa barcha uslub kitobiy uslub degan umumiy nom ostida beriladi. Barcha uslubda cheklanmagan tarzda ishlatiladigan so‘z va qo‘shimcha uslubiy betaraf deyiladi: suv, tog‘, bola, xat.

So‘zlashuv uslubi. Keng qo‘llanadigan uslubdan biri – so‘zlashuv uslubi. Bu uslubda, odatda, adabiy til me’yoriga rioya qilinmaydi. So‘zlashuv uslubidagi gap asosan dialogik shaklda bo‘ladi. Bunda turli uslubiy bo‘yoqli so‘z, grammatik vosita qo‘llanadi. Shuningdek, tovush tushib qolishi, orttirilishi mumkin: 1.Obbo, hamma ishni do‘ndiribsiz-da. 2. Mazza qildik. 3. Ketaqoool!So‘zlashuv uslubida gapdagi so‘z tartibi ancha erkin. Ko‘proq sodda, to‘liqsiz, undalmali gapdan foydalaniladi. Jargon, argo, vulgar, varvar so‘z ham ishlatiladi. Bu nutq madaniyati yuqori bo‘lmagan kishida uchraydi.

Ilmiy uslub. Fan-texnikaning turli tarmog‘iga doir ilmiy asarlar, darslik va qo‘llanmalar ilmiy uslubda yoziladi. Ilmiy uslub aniq ma’lumot asosida chiqarilgan ilmiy xulosa (qoida, ta’rif)ga boy bo‘lishi bilan boshqa uslubdan farq qiladi: Yomg‘ir - suyuq tomchi holidagi atmosfera yog‘ini. Tomchining diametri 0,5-0,6 mm bo‘ladi.Ilmiy uslubda har bir fanning o‘ziga xos ilmiy atamasidan foydalaniladi, bu uslubda so‘z o‘z ma’nosida qo‘llanadi, qoida yoki ta’rifning mazmunini ochishga xizmat qiladigan ajratilgan bo‘lak, kirish so‘z, kirish birikma, shuningdek, qo‘shma gapdan keng foydalaniladi.

Rasmiy-idoraviy uslub. Davlat idorasi tomonidan chiqariladigan qaror, qonun, nizom, xalqaro hujjatlar rasmiy-idoraviy uslubda yoziladi. Ariza, tilxat, ma’lumotnoma, chaqiruv qog‘ozi, taklifnoma, shartnoma, tarjimayi hol, e’lon, tavsifnoma, dalolatnoma, hisobot kabilar ham shu uslubda bitiladi. Ilmiy uslubdagi hujjat qisqa, aniq, barcha uchun tushunarli bo‘lishi lozim. Asosiy belgilari – jumlalarningbir qolipda, bir xil shaklda bo‘lishi. Rasmiy-idoraviy uslubda ham so‘z o‘z ma’nosida qo‘llanadi, ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan ayrim qisqartma so‘z ishlatiladi, har bir sohaning o‘ziga xos atamasidan foydalaniladi. Bu uslubda ko‘pincha darak gapdan, qaror, buyruq, ko‘rsatma kabida esa buyruq gapdan ham foydalaniladi. Gap bo‘lagining odatdagi tartibda bo‘lishiga rioya qilinadi: M.Ahmedovga o‘z lavozimini suiiste’mol qilganliigi uchun hayfsan e’lon qilinsin.

Ommabop (publisistik) uslub. Tashviqot-targ‘ibot ishini olib borishda qo‘llanadigan uslub, ya’ni matbuot uslubi – ommabop uslub. Bu uslubda ijtimoiy-siyosiy so‘z ko‘p qo‘llanadi. Nutq ta’sirchan bo‘lishi uchun ta’sirchan so‘z va birikmadan, maqol va hikmatli so‘zdan keng foydalaniladi. Bunday uslubda gap bo‘lagi odatdagi tartibda bo‘ladi, kesim buyruq va xabar maylidagi fe’l bilan ifodalanadi, darak, his-hayajon va ritorik so‘roq gap, yoyiq undalma, takroriy so‘z va birikma unumli qo‘llanadi: Azamat paxtakorlarimiz mo‘l hosil yetishtirish uchun fidokorona mehnat qilishyapti.

Badiiy uslub. Badiiy asar badiiy uslubda bo‘ladi. Bunday asar kishiga ma’lumot berish bilan birga, timsol (obraz) vositasida estetik ta’sir ham ko‘rsatadi: O‘lkamizda fasllar kelinchagi bo‘lmish bahor o‘z sepini yoymoqda. Badiiy uslubda qahramon nutqini jonli berish oddiy nutq so‘zi, sheva, vulgarizmdan ham foydalaniladi. Badiiy asar uslubi aralash uslub hisoblanadi. Unda so‘zlashuv uslubiga, kitobiy uslubga xos o‘rin ham uchraydi.

 

Muallif o‘z nutqida boshqa kishi ifodalagan fikrdan ham foydalanishi mumkin. Bunday fikr ko‘chirma gap, o‘zlashtirma gap, dialog shaklida beriladi.Ko‘chirma gap. O‘zganing hech o‘zgarishsiz berilgan gapi ko‘chirma gap deyiladi. Ko‘chirma gapda ikki xil gap bo‘ladi: ko‘chirilgan gap va muallif gapi. Ikkalasi birgalikda ko‘chirma gapli qo‘shma gapni hosil qiladi. Muallif gapining kesimi dedi, deb so‘radi, deb javob berdi, gapirdi, so‘zladi, aytdi kabi fe’l bilan ifodalanadi. Ko‘chirma gap so‘zlashuv va badiiy uslubda ko‘p ishlatiladi. Ko‘chirilgan gap muallif gapidan avval, keyin, uning ichida yoki ikki tomonida kelishi mumkin: 1. “Mehnat ishtaha ochar”, – deydi bobom. 2. Cho‘pondan so‘radik: “Bu qo‘ylar kimning qo‘yi?” 3. “Men, - dedi u, – ertaga kelaman”. 4.Bosh injener bosiqlik bilan: – Bu gapga Xudoyqulovning aloqasi yo‘q, – dedi. Ko‘chirma gapli qo‘shma gapni sodda gapga aylantirsa, ko‘chirma gap to‘ldiruvchi vazifasini oladi: 1. “Mehnat ishtaha ochar”, – deydi bobom(qo‘shma gap). Bobom mehnat ishtaha ochishini aytdi(sodda gap).2. Bosh injener bosiqlik bilan: – Bu gapga Xudoyqulovning aloqasi yo‘q, – dedi(qo‘shma gap).Bosh injener bosiqlik bilan bu gapga Xudoyqulovning aloqasi yo‘qligini aytdi (sodda gap).

Ko‘chirma gapda tinish belgisi. Ko‘chirilgan gap qo‘shtirnoq ichiga olinadi, badiiy asarda esa tire bilan ajratib beriladi. Ko‘chirma gapda, ko‘chirilgan gapning o‘rniga qarab, tinish belgisining ishlatilishi turlicha: 1) ko‘chirilgan gap darak gap bo‘lib, muallif gapidan oldin kelsa, undan keyin vergul va tire qo‘yiladi: “Yuring, men o‘sha tomonga boraman”, – dedi Komila (badiiy asarlarda birinchi qo‘shtirnoq o‘rnida tire ishlatiladi, yopilgan qo‘shtirnoq bo‘lmaydi). So‘roq va undov belgisi qo‘shtirnoq ichida qoladi; a) ko‘chirilgan gap muallif gapidan keyin kelsa, muallif gapidan keyin ikki nuqta qo‘yiladi: Ma’ruzachi bunday dedi: “O‘sib borayotgan avlodga kitob xuddi maktab kabi kerak”;b) muallif gapi ko‘chirilgan gap ichida kelsa, tinish belgisi quyidagicha qo‘yiladi: - ko‘chirilgan gapning uzilib qolgan qismida hech qanday tinish belgisi bo‘lmasa yoki vergul yoxud ikki nuqta bo‘lsa, bu belgi tushirilib, muallif gapi har ikki tomondan vergul va tire bilan ajratiladi: “Bizning qishlog‘imizda, - dedi Fazliddin, - kishi zerikmaydi “.;- ko‘chirilgan gapning uzilib qolgan qismidan so‘ng nuqta qo‘yish lozim bo‘lsa, muallif gapidan oldin vergul va tire, muallif gapidan so‘ng esa nuqta qo‘yiladi: “Havo bulut, paxta ochiqda qolmasin, - dedi brigadir. – Har qaysi zvenodan bittadan odam chaqiring, paxtani saroyga tashib kiritsinlar”.Ko‘chirilgan gapning uzilib qolgan qismidan so‘ng so‘roq yoki undov belgisi qo‘yish lozim bo‘lsa, muallif gapidan avval o‘sha belgi va tire qo‘yiladi, muallif gapidan so‘ng nuqta va tire qo‘yilib, ko‘chirma gapning davomi bosh harf bilan boshlanadi: “Bu qaysi jamoa xo‘jaligining mashinasi? – qorachagina bir qiz so‘radi. – Meni ham olib ketsangiz”. – ko‘chirilgan gap muallif gapining o‘rtasida kelsa, tinish belgisi quyidagicha qo‘yiladi: 1) muallif gapining uzilib qolgan qismi oxiriga ikki nuqta qo‘yilib, ko‘chirilgan gap qo‘shtirnoq ichiga olinadi; ko‘chirilgan gapdan keyin vergul va tire qo‘yilib, muallif gapining davomi yoziladi: Saodat: “Biz ham astoydil mehnat qildik”, - dedi.2) ko‘chirilgan gap so‘roq yoki his-hayajon gap bo‘lsa, uning belgisi qo‘shtirnoq ichida bo‘ladi: O‘qituvchimiz : “Sen qaysi badiiy kitoblarni o‘qib chiqqansan?” – deb so‘radilar.3)         ko‘chirma gap dialog tarzida ifodalanganda, yozma nutqda har bir luqmadan avval tire qo‘yiladi. Bu luqmada muallif gapi bo‘lmaydi: - Shaharda qarindoshingiz bormi? – Yo‘q.

Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.