Alisher Navoiy – butun turk dunyosi tomonidan “shamsul millat” (millat quyoshi) sifatida tan olingan buyuk mutafakkir shoir. U 1441- yil 9- fevralda Xurosonning poytaxti Hirot shahrida tug‘ildi. Alisher Navoiyni Nizomiddin Mir Alisher deb atashardi. “Nizomiddin” – din nizomi, “mir” esa – amir ma’nosini bildiradi. Navoiyning otasi G‘iyosiddin Muhammad (G‘iyosiddin Kichkina) temuriylarga yaqin amaldor, o‘z davrining obro‘li va ma’rifatli kishisi bo‘lgan. Onasi Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi bo‘lgan. Tog‘alari Mir Said Kobuliy yaxshi shoir, Muhammad Ali G‘aribiy shoir, sozanda va xattot edi. Alisher oilada uchinchi yoki to‘rtinchi farzand bo‘lib, Husayn Boyqaro bilan maktabda o‘qigan. U Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonini fors tilida o‘qib ham yod olgan. 1447- yilda Shohruh Mirzo vafot etib Hirot notinch bo‘lib qoladi. Uning oilasi Iroqqa ko‘chib ketadi. Yo‘lda Taft shahrida Alisher tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Alisherlar xonadoni 1451- yilda Hirotga qaytadi. Ko‘p o‘tmay, taxtga Abulqosim Bobur Mirzo o‘tiradi. Alisherning otasi Mirzo Bobur xizmatiga kiradi. Sabzavor hokimi etib tayinlanadi.
1453- yilda G‘iyosiddin Muhammad vafot etdi. Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kirdi. U 7–8 yoshlaridan she’r yoza boshladi. U o‘zbekcha she’rlariga Navoiy, forscha she’rlariga Foniy deya taxallus qo‘yadi. Yoshlik chog‘ida o‘zbek va fors shoirlari nazmidan 50 ming bayt she’rni yod bilgan. Bolalik vaqtlaridayoq Amir Shoshiy, Lutfiy, Kamol Turbatiy, Said Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad, Darvesh Mansur kabilardan ta’lim oldi. 60- yilarda Samarqandda yashab, Fazlulloh Abullaysdan tahsil oldi.
1465–1466- yillarda muxlislari she’rlarini to‘plab “Devon” tuzdilar. Bu devon “Ilk devon” nomi bilan mashhur. 1487–1488- yillarda Astrobodda hokimlik qildi. 1472–1476- yillarda “Badoye ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”), 1476–1483- yillarda “Navodir un-nihoya” (“Tuganmas nodirliklar”) nomlari bilan ikki devon tuzdi.
1483–1485- yillarda turkiy tilda birinchi bo‘lib “Xamsa” yozdi.
Navoiy fanning bir necha sohasida qalam tebratdi. O‘tmish mavzusida “Tarixi muluki Ajam” (“Ajam podsholari tarixi”), “Tarixi anbiyo va hukamo” (“Payg‘ambarlar va donishmandlar tarixi), aruzga doir “Mezon ul-avzon” (“Vaznlar o‘lchovi”), tazkirachilikka oid “Majolis un-nafois” (“Nafis majlislar”), lug‘atshunoslikka oid “Sab’atu abhur” (“Yetti dengiz”), “Muhokamat ul-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) asarlari shular jumlasidan. 1490- yilda “Xazoyin ul-maoniy” (“Ma’nolar xazinasi”) majmuasini tuzdi. Forscha she’rlarini yig‘ib “Devoni Foniy” ni tartib berdi.
Mashhur shayxlar haqida “Nasoyim ul-muhabbat” (“Muhabbat shabadalari”) asarini yozdi, “Lison ut-tayr” ni qog‘ozga tushurdi, “Munshaot” (“Xatlar”) ni to‘pladi. “Mahbub ul-qulub” (“Ko‘ngillarning sevgani”) maydonga keldi.
Alisher Navoiy 1501- yilning 3- yanvarida vafot etdi.