Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {ma’noli}
So‘z bo‘g‘inlari: ma’-no-li
Izoh(lar)i:
ma’noli sf

1. 1. Ma’nosi bo‘lgan, biror ma’no bildiradigan. Ma’noli gap. Chuqur ma’noli ibora. Ko‘p ma’noli so‘z.

2. 2. Chuqur mazmunga ega bo‘lgan, sermazmun. Odamshavanda, gapi, so‘zi ma’noli bu xasta yigitni Yo‘lchi yaxshi ko‘rar edi. Oybek, Tanlangan asarlar

3. 3. Biror ma’no ifodalaydigan, biror narsaga ishora qiluvchi, shamali. Ma’noli nigoh. Hakimboyvachcha labini tishlab, ukasiga ma’noli qarab qo‘ydi. Oybek, Tanlangan asarlar

4. 4. Aql-idrok, mulohaza bilan ish qiladigan, jiddiy, bama’ni. Ma’noli odam.

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

Bir ma’noliliktil birliklari, ya’ni so‘z, qo‘shimcha, ibora, tasviriy ifodaning bir ma’noni anglatish hodisasi.

            Bir ma’noli so‘z.Bir ma’noli so‘zmatn tarkibida ham, matndan tashqarida ham bir lug‘aviy ma’noni bildiruvchi so‘z. Mas., kompyuter, sinus, kelishik, olmosh so‘zi. Bir ma’noli so‘zgaterminlar yaqqol misol.

Leksema bir ma’noli va ko‘p ma’noli bo‘lishi mumkin (qiyos. Ko‘p ma’noli so‘z). O‘n, Dehqonobod, telefon so‘zi bir ma’noni bildirganligi uchun bir ma’noli so‘z deyiladi. Bir ma’noli so‘z monosemantik so‘z ham deb yuritiladi.

Bir ma’noli so‘z tilda kam va ilmiy, biror soha, kasb-hunar atamasini, shuningdek, yangi paydo bo‘lgan so‘zni o‘z ichiga oladi.

Yangi so‘z (neologizm) ham davr o‘tishi bilan ko‘chma ma’no anglatishi mumkin. Mas., haker so‘zi neologizm, «komputer programmasi buzuvchisi» ma’nosiga ega. U ayni paytda«umuman buzg‘unchi» ma’nosini ham anglatmoqda

 

Ko‘p ma’nolilik – nutq jarayonida til birliklarining birdan ortiq ma’no bildirish hodisasi. Mas., kitob so‘zi ko‘p ma’noli so‘z: 1) «varaqdan tashkil topgan va muqovalangan, bosma yoki qo‘lyozma holidagi o‘quv quroli»; 2) «katta hajmli asarning qismi, bo‘limi”. Yoki qo‘zichoq so‘zi «qo‘yning bolasi» va «aziz farzand» ma’nosiga ega. Ko‘p ma’noli so‘zlarda, qo‘shimchalarda, iboralarda, tasviriy ifodalarda bo‘lishi mumkin. (q. Ko‘p ma’noli so‘z, Ko‘p ma’noli ibora, Ko‘p ma’noli qo‘shimcha.)

Bir ma’nolilik tilda kam va termin, biror soha, kasb-hunar atamasi, shuningdek, yangi paydo bo‘lgan so‘zga daxldor. Yangi so‘z (neologizm) ham davr o‘tishi bilan boshqa ma’no ham kasb eta boshlashi mumkin. Mas., hakker so‘zi neologizm, «kompyuter programmasi buzuvchisi» ma’nosiga ega. U ayni paytda «umuman buzg‘unchi» ma’nosini ham anglatmoqda. Ko‘p ma’noli so‘z metafora, metonimiya, vazifadoshlik, sinekdoxa usullari bilan hosil bo‘ladi.

Ko‘p ma’noli so‘z. Nutq jarayonida birdan ortiq ma’no bildiradigan so‘z ko‘p ma’noli so‘z. Tildagi so‘zning ancha qismi ko‘p ma’noli, chunki kishi o‘zining kundalik hayotida yangi paydo bo‘lgan tushunchaning har biri uchun alohidaalohida so‘z qo‘llayveradigan bo‘lsa, uning soni o‘ta ko‘payib, xotirada saqlash mumkin bo‘lmay qoladi. Natijada tildan foydalanish ham qiyinlashadi.

Har qaysi tilda sanoqli til birligining turli xil birikuvidan cheksiz tushuncha va fikrni ifodalashga harakat qilinadi. Ana shunday harakat tufayli tilda ilgari mavjud bo‘lgan so‘zga yangiyangi ma’no yuklanadi. Natijada ko‘p ma’noli so‘z hosil bo‘ladi. Mas., tosh so‘zi dastlab «suv ta’sir qilmaydigan qattiq yoki mo‘rt holdagi tabiiy jins» ma’nosiga ega bo‘lgan: Yo‘lda tosh yotibdi. Keyinchalik so‘zdagi «qattiqlik» ma’no qirrasi faollashib, “g‘am ham yemira olmaydigan” ma’nosi vujudga kelgan: Tosh ekan boshim.

Nutq jarayonida ikki va undan ortiq ma’noda qo‘llanuvchi so‘z ko‘p ma’noli yoki polisemantik so‘z, ko‘p ma’nolilik hodisasi esa polisemiya deyiladi. Polisemiya yunoncha poli «ko‘p», semio «ma’no» so‘zidan olingan, ko‘p ma’noli demakdir. Polisemiya monosemiya (yunoncha mono bir, semio ma’no)ga zidlanadi.

Qo‘shimcha (hissiy va uslubiy) ma’no so‘zni ko‘p ma’noli qila olmaydi. Chunki u o‘zi alohida tushunchani ifodalamaydi, balki tushunchaga biror qo‘shimcha ma’no orttiradi. Ko‘p ma’nolilikka birinchi anglatgan tushuncha va tasavvurdan tashqari boshqasini anglatish asos qilib olinadi.

Ko‘p ma’noli so‘z qancha ma’noni bildirmasin, baribir o‘sha predmet, hodisa, harakat orasida aloqa, umumiy belgi mavjud bo‘lishi shart. Mas., belso‘zi uch predmetni anglatadi, ammo ular orasidagi o‘xshashlikka asoslangan umumiy (“o‘rta qism”) belgisi mavjudligi birbiri bilan bog‘lab turadi. Qiyoslang: 1) Avazxon olmos po‘latni beliga boylab, otning beliga mindi; 2) Ezilib ketadi tog‘larning beli.

Ko‘p ma’noli so‘zda ma’no qancha bo‘lsa ham, u bir so‘z hisoblanaveradi. Ko‘chma ma’no nutq tarkibida boshqa so‘z bilan bog‘langanda namoyon bo‘ladi, so‘z nutq tarkibidan chiqarilganda o‘z ma’nosi qoladi. Mas., tosh so‘zi nutq qurshovidan ajratib olinsa, «suv ta’sir qilmaydigan qattiq yoki mo‘rt holdagi tabiiy jins» ma’nosini anglatadi.

Har qanday ko‘p ma’noli so‘z gapning ichida faqat bir ma’noni anglatadi. Chunki bunda so‘zlovchi bir ma’noni nazarda tutadi va gapdagi qo‘shni so‘z ham boshqa ma’noni yuzaga chiqarmaydi.

            Ko‘p ma’noli ibora. Ko‘p ma’noli iborabirdan ortiq ma’noga ega. Mas., Bosh ko‘tarmoq: 1) «sekin sog‘aymoq»; 2) «sekin qaramoq»; 3) «qo‘zg‘olon qilmoq»; o‘ziga kelmoq: 1) «sekinlik bilan tushunmoq»; 2) «sekinlik bilan sog‘aymoq»; ko‘zi ochildi: 1) «qoqilib tushdi»; 2) «ko‘rdi».

Ko‘p ma’noli iboraningqaysi ma’nosi voqelanayotganligi matndan anglashiladi.

  Ko‘p ma’noli qo‘shimcha. Ko‘p ma’noli qo‘shimchabirdan ortiq ma’no anglatadi. Mas.,-chilik qo‘shimchasini olaylik. Darslik va qo‘llanmada uning quyidagi uch ma’nosi farqlanadi: 1. Asosdan anglashilgan narsa yetishtiriladigan sohani ifodalovchi ot: paxtachilik, urug‘chilik, chorvachilik, uzumchilik.2. Asosdan anglashilgan narsa-hodisaning borlik holatini bildiruvchi ot: pishiqchilik, mo‘lchilik, arzonchilik. 3. Asosdan anglashilgan tushuncha bilan bog‘liq bo‘lgan ishni bildiruvchi ot: ulfatchilik, tirikchilik, dushmanchilik. Aksariyat qo‘shimcha – ko‘p ma’noli. Tilda qo‘shimchaning kamligi uning ko‘p ma’noli bo‘lishiga olib kelgan.

 

Ko‘p ma’noli qo‘shimchaga misol:

Qo‘shimcha

Misol

-li

aqlli (mavjudlik), yog‘li (ortiqlik), o‘tirishli (moslik)

-ma

qovurma (harakat natijasi), burama ( odatdagi xususiyat)

-la

moyla (ega bo‘ldirish), randala (vosita bilan), bolala (paydo qilish)

-chilik

paxtachilik (soha), to‘kinchilik (mavjudlik), tirikchilik (holat)

-dor

Aybdor (mavjudlik), bo‘ydor (ortiqlik)

-no

noumid (ega emaslik), nomard (qarama-qarshilik)

-be

beg‘ubor (yo‘qlik), beg‘am (kamlik)

-siz

Asossiz (ega emaslik), madorsiz (kamlik)

-lik

otalik (qarindoshlik), bolalik (holat), mudirlik (kasb-hunar)

 

 

Mustaqil lug‘aviy ma’noli so‘zatash ma’nosiga ega bo‘lgan so‘zlar. Bunday so‘zlar mustaqil so‘roq qabul qilib gapda turli gap bo‘lagi vazifasida kela oladi. Fe’l, ot, sifat, son, ravish turkumiga mansub so‘zlar mustaqil atash ma’nosiga ega bo‘ladi.

 

Nutqimizda ishlatiladigan barcha so‘zlar mustaqil lug‘aviy ma’no anglatmaydi. Atash ma’nosiga ega bo‘lgan so‘z mustaqil lug‘aviy ma’noli, atash ma’nosiga ega bo‘lmaydigan so‘zlar nomustaqil ma’noli so‘z deyiladi. Mustaqil so‘zdan olmosh, alohida olingan so‘zdan undov, modal va taqlid atash ma’nosiga ega emasligi bilan xarakterlanadi.

«O‘zbek tilining zid ma’noli so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati» maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Lug‘at U.To‘rayeva va D.Shodmonova tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, 1300 ga yaqin antonimik juftlikni qamrab oladi. Tuzuvchilar zid ma’noli so‘zlarni strukturasiga ko‘ra quyidagicha tasniflashgan:

1)    har xil o‘zakli zid ma’nolilar: katta-kichik, kirmoq-chiqmoq, muhabbat-nafrat;

2)    bir xil o‘zakli zid ma’nolilar: madaniyatli-madaniyatsiz, aqlli-aqlsiz, ongli-ongsiz;

Lug‘atda zid ma’noli so‘zlar juftlashtirib berilgan:

aniq-noaniq

axloqli-axloqsiz

bahorgi-kuzgi

kabi. Bunda bir so‘zga bir ma’nodoshlik qatoridagi barcha so‘z zidlanishi mumkin:

  abjir – lavang, landavur, lapashang, noshud, og‘zidagi oshini oldiradigan, uquvsiz, sustkash, tepsa-tebranmas, epashang.

  Agar so‘z ko‘p ma’noli, har bir ma’nosi bilan boshqa-boshqa so‘zga zidlansa, zidlari nuqtali vergul bilan ajratilgan:

  ajraldi – qo‘shildi; yarashdi kabi.

Zid ma’nolilik– so‘z, ibora va qo‘shimchaning o‘zaro zid ma’no asosidagi munosabati. Uning leksik (yaxshi – yomon, keng – tor), morfologik (li – siz), frazeologik (qo‘li uzun – qo‘li kalta) ko‘rinishi mavjud. Zid ma’nolilikni hosil qiladigan belgi – asos ma’nodagi zidlik. Qo‘shimcha ma’nosidagi zidlik antonimlik hosil qila olmaydi. Mas., chehra va bashara so‘zi qo‘shimcha ma’nosi bilan farqlanadi. Inkor yoki fe’lning bo‘lishlibo‘lishsizlik shakli ham antonimlik hosil qila olmaydi.Mas., o‘qidi va o‘qimadi fe’llari o‘zaro antonim emas. Ma’nodagi zidlik asosida bo‘ladigan inkor bilan biror narsa, belgi yoki harakatning aynan o‘zining inkor etilishini farqlash kerak. Zid ma’nolilikda, yuqorida ko‘rilganidek, o‘zaro zidlik yotadi. Bu zidlik ikki birlikning ma’nosi o‘rtasida bo‘ladi. Oddiy inkorda esa, aynan bir narsa, belgi yoki harakat inkor etiladi. Bunda o‘zaro qaramaqarshi turadigan ikki narsa, ikki belgi, ikki harakat bo‘lmaydi. Mas., tun, qora, olmoq so‘zi bildirgan narsa, belgi, harakat inkor etilishi bilan tun emas, qora emas, olmadikabida oq – qora, bormoq – kelmoq so‘zidagiga o‘xshash zidlik yo‘q. Ko‘p ma’noli so‘zning zid ma’noliligi qanday ma’noda kelganligiga qarab belgilanadi. Bir so‘z har xil ma’nosi bilan har xil so‘zga zid ma’noli bo‘la olishi mumkin. Mas., qattiq so‘zi bir ma’nosi bilanyumshoq so‘ziga, boshqa bir ma’nosi bilan esa saxiy so‘ziga zid ma’noli bo‘ladi. Qiyoslang: qattiq predmet – yumshoq predmet, qattiq odam – saxiy odam. Zid ma’noli so‘zlar juft holda qo‘llanib ko‘chma ma’no ifodalaydi: yaxshiyomon(har xil) gaplar, ertakech (doim) xayolimdasan. Zid ma’nolilik, asosan, belgi bildiruvchi so‘z – sifat va ravishda uchraydi. Ot va fe’lda kamroq: vafo – jafo, yig‘lamoq – kulmoq kabi. Zid ma’nolilikyordamida badiiy adabiyotda tazod, antiteza san’ati hosil qilinadi. Biroq zid ma’noliliknitazod va antitezaga tenglashtirib qo‘ymaslik kerak. Zid ma’noli bo‘lmagan so‘zlar ham bu san’atni hosil qilaveradi.

Zid ma’nolilikdan to‘g‘ri foydalana olmaslik ham uslubiy xatolikni keltirib chiqaradi: Choyxona mudiri Yusufjon Nozimov turmushning issiq-chuchugini tatigan kishiga o‘xshaydi. Gapdagi issiq-chuchugini juftligi o‘rnida achchiq-chuchuk juftligi ishlatilishi kerak edi.

Ibora(lar): mavjud emas.

1. Ma’noli – mazmundor – mantiqli
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgining kuchliligiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.