Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {ma’nodosh}
So‘z bo‘g‘inlari: ma’-no-dosh
Izoh(lar)i:
ma’nodosh ot

1. Ma’nosi bir, ma’no jihatidan teng yoki yaqin. Ma’nodosh so‘zlar. Keltirilgan misollardagi mador — kuch-quvvat, quvonmoq — suyunmoq ma’nodosh so‘zlarining barchasi o‘z ma’nolarida qo‘llangan. O‘TA

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

Ma’nodoshlik(sinonimiya)birdan ortiqtil birligirining ma’no munosabatiga ko‘ra har xil shaklda bo‘lsa-da, bir tushunchani bildirishi: ovoz, tovush, un, sado, sas, nido, sazo.

Tilda bir so‘z ko‘p ma’noni anglatishi bilan birga, bir necha so‘z bir tushunchani bildirishi ham mumkin. Mas., osmon, falak, ko‘k, samo, gardun; yurak, qalb, dil, ko‘ngil kabi. Bir tushunchani turli ma’noda ifodalaydigan so‘z ma’nodosh so‘z. Ma’nodosh so‘zning atash ma’nosi bir xil, o‘zaro qo‘shimcha ma’nosi bilan farqlanadi. Mas., yuz, aft, bashara, chehraso‘zining hissiy va uslubiy bo‘yog‘i farqli.

Ma’nodoshlik so‘z, qo‘shimcha, ibora, gaplarda mavjud. Shunga ko‘ra ma’nodoshlik: 1) lug‘aviy (leksik) ma’nodoshlik, ya’ni so‘z ma’nodoshligi: ish, yumush; gapirmoq, so‘zlamoq; 2) ibora (frazeologik) ma’nodoshligi: boshi osmonga yetdi, terisiga sig‘madi; 3) qo‘shimcha (affiksal) ma’nodoshligi: bu o‘z o‘rnida ikkiga bo‘linadi: a) so‘z yasovchi qo‘shimcha ma’nodoshligi: -ser, -dor, -siz, -be; b) grammatik shakl ma’nodoshligi: yap, yotir, moqda; 4) sintaktik ma’nodoshlik kabi turga bo‘linadi.

Leksikologiyada faqat leksik (lug‘aviy) va frazeologik ma’nodoshlik o‘rganiladi.

Ma’nodoshlikning mohiyatini to‘g‘ri tushunish uchun ikki hodisani birbiridan farqlash lozim:

– tushuncha va so‘z, uning o‘zaro munosabati;

– so‘z va uning ma’nolari, har bir so‘zning ma’no qirrasi.

Tushuncha predmet, belgi, voqea-hodisa, harakat haqida kishining tasavvuri, ma’no – uning tilda namoyon bo‘lishi. Tushuncha ma’noga, so‘z esa tushunchaga to‘la ravishda mos kelavermaydi. Mas.,yuz, aft, bashara, chehraso‘zi bir tushunchani bildiradi, ammo ma’nosi boshqa-boshqa. Ma’nosi bir xil so‘zning bittasi tilda yashaydi, boshqasi iste’moldan chiqib ketadi.

So‘z ma’nosi tushunchaning hamma tomonini qamrab ololmaydi, balki uning mohiyatini va muhim tomonini aks ettiradi. Tushunchaning boshqa tomoni va xususiyati o‘zga so‘z bilan ifodalanadi.

M a’nodoshlik qatori.Ma’nodosh so‘zlar to‘plamima’nodoshlik qatori deyiladi. Sinonimik qator birdan ortiq so‘zdan tashkil topadi: osmon, ko‘k, samo, falak; qiziq, g‘alati, ajoyib, alomat, antiqa, ajab, ajib kabi.

Sinonimik qatordagi ma’lum aniqlikka ega bo‘lgan, uslubiy jihatdan «betaraf» so‘z bosh so‘z (dominanta) deyiladi: yurak, ko‘ngil, qalb, dil qatorida bosh so‘z – yurak.

Bosh so‘z quyidagi xususiyatga ega: a) boshqalariga nisbatan ko‘p ishlatiladi; b) uslub tanlamaydi; d) boshqasini erkin almashtiradi; e)   hissiy bo‘yoqsiz bo‘ladi.

Qo‘shimcha ma’no anglatish-anglatmasligiga ko‘ra, sinonim uchga bo‘linadi:

a)         to‘liq ma’nodoshlik;

b)        ma’noviy ma’nodoshlik;

d)        sh a r t l i m a’n o d o sh l i k.

Agar asos ma’no ham, qo‘shimcha ma’no ham birbiriga to‘g‘ri kelsa, to‘liq ma’nodoshlik deyiladi: lingvistika – tilshunoslik, fazogir – kosmonavt, huquqshunos – yurist kabi. Bir tilning o‘z so‘zlari o‘zaro to‘liq ma’nodosh bo‘lmaydi.

Asos ma’nosi bir xil, lekin qo‘shimcha ma’nosi (hissiy, uslubiy ma’nosi) birbiridan farq qilsa, ma’noviy ma’nodoshlik deyiladi. Mas., yurak, dil, qalb, ko‘ngil; kerak, lozim, shart, darkor kabi.

Ma’nodoshlikmunosabati bir so‘z turkumi doirasida bo‘ladi: ulug‘, buyuk, katta (sifat); odam, inson, bashar (ot). Ma’nodoshlik deyarli barcha so‘z turkumida uchraydi.

Ko‘p ma’nolilikda ma’ n o d o sh l i k. Ko‘p ma’noli so‘zda ma’nodoshlik o‘ziga xos. U har bir ma’nosi bilan boshqaboshqa ma’nodoshlikqatorida bo‘lishi mumkin. Mas., bitirmoq so‘zi uch ma’nosi bilan uch ma’nodoshlik qatorida birlashadi:

a) bitirmoq, tugatmoq, tamomlamoq. Bu so‘z «yakuniga yetkazmoq» tushunchasi asosida o‘zaro ma’nodosh.

b)bitirmoq, bajarmoq, ado etmoq, do‘ndirmoq. Bu qatordagi so‘z «ish, vazifa, topshiriqni amalga oshirmoq, bajo keltirmoq» tushunchasi asosida o‘zaro sinonim.

d) bitirmoq, sop qilmoq, yo‘qotmoq. Bu so‘z «butkul yo‘q holatga keltirmoq» tushunchasi asosida sinonimlik hosil qiladi.

Yoki birinchi so‘zini olaylik: a)birinchi(sentabr) (sinonimi yo‘q); b)birinchi(farzand), bosh, to‘ng‘ich, katta;d)birinchi(masala),asosiy, muhim, dolzarb;e)birinchi (qadam),dastlabgi, ilk.

M a’nodoshlikning paydo bo‘lishi. Quyidagi yo‘l bilan paydo bo‘ladi: a) bir tildan ikkinchi tilga so‘z o‘tishi natijasida: manglay, peshona; kuch, quvvat; josus, agent; b) mahalliy shevadan so‘z olish natijasida: do‘ppi, kalapo‘sh; buzoq, go‘sala; d) so‘z yasalishi natijasida: his, sezgi; savol, so‘roq; vazifa, topshiriq; e) so‘zning yangi ma’no kasb etishi natijasida: o‘rin, joy, lavozim.

Ayrim so‘z ko‘chma ma’noda qo‘llanib, boshqa so‘zga vaqtincha ma’nodosh bo‘ladi. Mas., qattiq so‘zi ko‘chma ma’noda baxil, xasis, ziqna, mumsik so‘zi bilan, o‘t so‘zi chiroy, husn so‘zi bilan ma’nodosh. Bu shartli ma’nodoshlik deyiladi.

Ko‘rinib turibdiki, ma’nodoshlikning asosi turlicha, ular o‘zaro umumiy ma’nosi asosida bog‘lanadi. Har bir ma’nodosh so‘z ma’no xususiyatiga ko‘ra farqlanadi. Shuning uchun ham uning ba’zisini ikkinchisining o‘rnida ishlatib bo‘lmaydi.

          Ibora ma’nodoshligi. Ibora (frazeologik) ma’nodoshligi–shaklihar xil, ma’nosi birbiriga yaqin bo‘lgan ibora (frazeologik sinonim)lar munosabati: toqati toq bo‘lmoq-sabr kosasi to‘lmoq; yaxshi ko‘rmoq – ko‘ngil bermoq; terisiga sig‘madi – boshi osmonga yetdi.Lug‘aviy birlik sifatida ibora so‘z bilan sinonimlik tashkil qila oladi: g‘azablanmoq – joni chiqmoq, sevmoq – yuragidan urmoq, maqtamoq – ko‘klarga ko‘tarmoq. Bu ibora va so‘z (leksik-frazeologik) ma’nodoshligi deyiladi.

M a’nodoshlik ning uslubiy xususiyati. Og‘zaki va yozma nutqda ma’nodoshlikning amaliy ahamiyati katta. Ma’nodoshlik so‘zni o‘rinsiz takrorlashga yo‘l qo‘ymaydi, uslubning ravonligini ta’minlaydi.

Ma’nodoshlikbadiiy nutqda tasvir vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Yozuvchi ma’nodoshlik vositasida kishi xarakterini, voqeahodisani, manzarani aniq va jozibali qilib tasvirlaydi. Ma’nodoshlikdagi bunday xususiyatni XV asrdayoq idrok etgan Alisher Navoiy «Muhokamat ullug‘atayn» asarida ichmoq so‘zining 6 ta, yig‘lamoq so‘zining 7 ta ma’nodoshini keltiradi: yig‘lamoq, ingramoq, singramoq, siqtamoq, o‘kirmoq, inchkiramoq, hoyhoy yig‘lamoq. Alisher Navoiy bu ma’nodosh so‘zlarni birbiridan o‘zining nozik ma’no qirrasi bilan farqlanishini she’riy nutqda qo‘llash asosida tushuntiradi.

Ma’nodosh so‘z o‘zaro hissiy-ta’siriy bo‘yog‘i bilan farqlanadi: yuz, aft, bashara, bet, chehra, jamol, ruxsor, diydor sinonimik qatoridagi yuzso‘zi betaraf bo‘lsa, bet, aft so‘zi salbiy bo‘yoqli, bashara so‘zida esa salbiy bo‘yoq yanada kuchli, turqso‘zida basharaso‘ziga nisbatan ham kuchliroq; chehraijobiy bo‘yoqqa ega, jamolso‘zida bu bo‘yoq yanada kuchli. So‘zlovchi o‘z kayfiyati, maqsadi va munosabatiga qarab undan tanlaydi. Shuningdek, ma’nodoshning ishlatilish doirasi chegaralangan yoki chegaralanmagan bo‘lishi mumkin: keksa, qari, oqsoqol, nuroniy, mo‘ysafid sinonimik qatoridagi qariso‘zining ishlatilish doirasi keng, qolganiniki esa chegaralangan.

Ma’nodoshni o‘rinsiz ishlatish oqibatida turli uslubiy xato kelib chiqadi: Buldozer ko‘chamizda yiqilay deb turgan devorlarni bir chekkaga surib yo‘l ochar edi gapida yiqilayso‘zi noo‘rin qo‘llangan, chunki bu so‘z kishiga nisbatan ishlatiladi; bunda devorga nisbatan nuray (qulamoq) so‘zi qo‘llanishi maqsadga muvofiq edi.

            Qo‘shimcha (affiksal) ma’nodoshligi.Qo‘shimcha (affiksal) ma’nodoshligi– qo‘shimchalardagi shaklning turlicha, lekin ma’noning bir xil bo‘lish hodisasi. Barcha tur qo‘shimcha ma’nodoshlik munosabatida bo‘ladi. Shu boisdan so‘z yasovchi qo‘shimcha ma’nodoshligihamda grammatik qo‘shimcha ma’nodoshligifarqlanadi.

Qo‘shimcha ma’nodoshligiga misol keltiramiz:

Qo‘shimcha

Misol

Qo‘shimcha

Misol

ba-/-li

bahaybat – haybatli

-qir/-ag‘on

topqir – topag‘on

-ga/-ni

unga tushunmadi –uni tushunmadi

-chi/-shunos

tilchi – tilshunos

-dan/ -ni

nondan oling – nonni oling

no-/-siz

noo‘rin – o‘rinsiz

-dan/-ga

teshikdan sig‘madi – teshikka sig‘madi

-ona/-larcha

mardona – mardlarcha

-dan/-ning

shundan biri – shuning biri

-sa/-sira

suvsamoq – suvsiramoq

-digan/-ar

qiladigan ish – qilar ish

-lab/-dan

saharlab – sahardan

-don/-li

bilimdon – bilimli

(-u)v / -(i)sh

o‘quv – o‘qish

-do‘z/-chi

mahsido‘z – mahsichi

-imtir/-ish/-roq

Oqish – oqimtir – oqroq

-yotir/-moqda/-yapti

borayapti – borayotir – bormoqda

-iz/-dir

Tomiz – tomdir

-ish/-lar

ketishdi – ketdilar

-larcha/-cha/-chasiga

Erkaklarlarcha – erkakchasigaerkakcha

-lay/-ligicha

butunlay – butunligicha

 

 

-loq/-zor

o‘tloq – o‘tzor

-li/-dor

unumli – unumdor

ser-/ -li

sero‘t – o‘tli

be-/-siz

bemaza – mazasiz

-soz/-chi

soatsoz – soatchi

 

 

 

So‘z yasovchi qo‘shimcha ma’nodoshligi. So‘z yasovchi qo‘shimchaning bir-biriga yaqin ma’noni ifodalashi so‘z yasovchi qo‘shimcha ma’nodoshligi deyiladi. Mas., sifat yasovchi-li, -dor, -ser, -ba qo‘shimchasi o‘zaro sinonim: savlatli, savlatdor, sersavlat, basavlat kabi. Biroq ma’nodoshlik to‘liq emas, balki qo‘shimchaning ayrim ma’no qirrasi orasida. Ya’ni bir qo‘shimcha ikkinchi qo‘shimcha bilan barcha ma’nosi asosida sinonim bo‘la olmaydi.

Grammatik qo‘shimcha ma’nodoshligi. Nonni yengnondan yeng, uyga jo‘namoq – uy tomon jo‘namoq kabi hodisada grammatik ma’nodoshlik mavjud. Grammatik ma’nodoshlik grammatik qo‘shimcha orasida ham, grammatik qo‘shimcha va yordamchi so‘z orasida ham bo‘ladi.

 

«O‘zbek tilining ma’nodosh so‘zlar o‘quv lug‘ati»–maktabo‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Lug‘at O.Shukurov va B.Boymatovalar tomonidan tuzilib, 2007-yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, unda sinonimik qatordagi bosh so‘z hamda o‘zlashma so‘zlar aniqlangan.

                   Lug‘atda bosh so‘z qoraytirib berilgan, lekin ular sinonimik qatorning turli o‘rinlaridan joy olgan.

Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.