Yuklama – ayrim so‘z yoki gapga so‘roq, ta’kid, ayirish-chegaralash, gumon, o‘xshatish, inkor kabi ma’nolarni yuklovchi so‘z va qo‘shimchalar. Yuklamalar morfologik jihatdan o‘zgarmaydi, so‘z yasalishi va shakl yasalishi uchun asos bo‘lmaydi, mustaqil gap bo‘lagi vazifasida kelmaydi.
Yuklamalar tuzilishiga ko‘ra so‘z (faqat, axir, hatto//hattoki, na – na, xuddi, naq, nahot//nahotki, ham, xolos, hech, sira, naq) va qo‘shimcha yuklamalarga (a//ya, mi, chi, oq//yoq, ki// kim, gina//kina//qina, dir, u//yu, ku, da) bo‘linadi.
Yuklama ma’no jihatdan quyidagi turlarga bo‘linadi:
So‘roq va taajjub yuklamalarigap ma’nosiga so‘roq, ajablanish, buyruq ma’nolarini yuklaydi: mi, chi, a//ya;
Kuchaytiruv-ta’kid yuklamalari gapning ma’lum bir bo‘lagi yoki butun bir gap ma’nosini kuchaytirib, ta’kidlab keladi: axir, hatto//hattoki, oq//yoq, nahot//nahotki; tim, qoq, liq, lim, g‘irt, g‘arq, shilta, jiqqa; ku, da, ki//kim, u//yu, ham;
Ayiruv-chegaralov yuklamasi o‘zi qo‘shilgan so‘zning ma’nosini ayirib-chegaralab keladi. gina//kina//qina, faqat, xolos; yolg‘iz (sifat), bir (son);
O‘xshatish-qiyoslash yuklamasi so‘zga o‘xshatish-qiyoslash ma’nosini yuklaydigan yordamchi so‘z: xuddi, go‘yo, go‘yoki, naq;
Gumon yuklamasi gap yoki so‘zga gumon manosini yuklaydi: dir;
Inkor yuklamasi gapdagi fikrning inkorini bildiradi: na, hech, sira.
Imlosi:mi, gina//kina//qina, oq//yoq, dir, ki//kim yuklamalari so‘zga qo‘shib yoziladi. chi, a//ya, ku, da, u/yu yuklamalari chiziqcha bilan yoziladi.