Ko‘makchi – ot, olmosh, sifatdosh va harakat nomidan keyin kelib, uni hokim so‘zga bog‘lash uchun xizmat qiluvchi yordamchi so‘z.
Umumiy grammatik belgilari.Ko‘makchimorfologik jihatdan o‘zgarmaydi: turlanmaydi, tuslanmaydi. So‘z yasalishi, shakl yasalishi uchun asos bo‘lmaydi.
Ko‘makchi o‘zidan oldingi mustaqil so‘zga vosita, maqsad, sabab, vaqt, makon kabi grammatik ma’no va munosabatni berish uchun qo‘llanadi va u bilan bitta gap bo‘lagi vazifasini bajaradi: 1) vosita: Ismat bobo hassasi bilan (to‘ldiruvchi) eshikni ochdi. 2) sabab: O‘qiganligi uchun (sabab holi) javob berdi. 3) maqsad: O‘qish uchun (maqsad holi) keldi. 4) payt: Kelgandan so‘ng (payt holi) gaplashamiz. 5) makon: Tom boshida (o‘rin holi) tog‘ora.
Ko‘makchili so‘z to‘ldiruvchi va hol, ayrim holda kesim bo‘lib keladi.
Hozirgi o‘zbek tilida ko‘makchining ikki turi ajratiladi:
1. Sof ko‘makchi – mustaqil lug‘aviy ma’nosini butunlay yo‘qotgan, faqat grammatik ma’no ifodalaydi: bilan, uchun, sari, sayin, kabi, singari, yanglig‘, qadar, dovur, to, doir, oid.
2. Vazifadosh ko‘makchi – aslida mustaqil turkumga mansub lug‘aviy ma’noli so‘z, lekin ko‘makchi vazifasini bajarayotganda faqat grammatik ma’no ifodalaydi: tomon, qarab, qaramay, qaraganda, qaramasdan, boshqa, bo‘lak, tashqari, sababli, tufayli, so‘ng, oldin, keyin, beri, ko‘ra, bo‘yicha, uzra, chog‘i, osha, bo‘ylab, ichra, bo‘yi, chamasi, haqida, to‘g‘risida, holda, yo‘sinda, qarshi, yarasha, asosan, binoan, muvofiq, qarata, o‘zga, buyon, burun, ilgari, boshlab, badaliga, davomida, vajidan, evaziga, borasida, bobida, misoli, tortib; ko‘makchi otlar: ost, ust, tepa, old, orqa, yon, ich, ora, bosh, o‘rta (i/si egalik va ga/da/dan kelishik qo‘shimchasi bilan).
Ko‘makchivazifasida qo‘llanuvchi so‘z quyidagi turkumdan ko‘chib o‘tgan: 1) otdan: tomon, haqida, chamasi, misoli, holda, yo‘sinda, bo‘yi; osti, tagi, usti, oldi, orqasi, yoni, bo‘yi, ichi, orasi, o‘rtasi + ga/da/dan; 2) sifatdan: boshqa, bo‘lak, o‘zga, tashqari, sababli, chog‘li, to‘g‘risida, qarshi, muvofiq; 3) ravishdan: so‘ng, oldin, burun, ilgari, keyin, beri, nari, bo‘yicha, uzra, ichra, asosan, binoan; 4) fe’lning sifatdosh shaklidan: qaraganda, qaramasdan; 5) fe’lning ravishdosh shaklidan: qarab, qaramay, ko‘ra, osha, bo‘ylab, yarasha, qarata, boshlab, tortib.
K o‘makchining qo‘llanishiga ko‘ra turi. Ko‘makchi biror kelishik bilan ham birga qo‘llanadi va shunga ko‘ra uning quyidagi turi ajratiladi:
1) bosh kelishikdagi so‘z va ba’zan qaratqich kelishigidagi olmosh bilan: bilan (qalam bilan, sening bilan, seningla), uchun, kabi, singari, yanglig‘, sayin, sari, sababli, orqali, tufayli, chog‘li, osha, bo‘ylab, uzra, ichra, bo‘yi, chamasi, haqda//to‘g‘rida, haqida//to‘g‘risida, holda//yo‘sinda;
2) qaratqich kelishigidagi so‘z bilan: ost, tag, ust, old, orqa, yon, qarshi, bo‘yi, ich, o‘rta, bosh;
3) jo‘nalish kelishigidagi so‘z bilan: tomon, qadar, ko‘ra, qarshi, qarab, qaraganda, qaramasdan/qaramay, yarasha, doir, asosan, binoan, muvofiq, qarata;
4) chiqish kelishigidagi so‘z bilan: so‘ng, keyin, boshqa, bo‘lak, tashqari, o‘zga, beri, buyon, nari/nariga, burun, ilgari, oldin, avval, boshlab, tortib.