1. so‘r. olm. lm. Umuman, shaxs haqida (ismi, ish-amali va boshqalar nuqtai nazardan) so‘roqni bildiradi.
— Kim keldi? — Sobir. — Meni kim so‘radi? — Direktor.
▬
— Mening bu yerda ekanligimni kim aytdi? — dedi Sidiqjon birpas jimlikdan so‘ng. — O‘zingiz so‘roqlab bildingizmi? Kimdan so‘radingiz?
A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
— Xo‘p, yangi ochiladigan maktablarda kim o‘qiydi? — dedi boy. — Musulmon bolalari.
Oybek, Tanlangan asarlar
— Siz o‘zingiz kimsiz? — O‘g‘lingiz Nizomiddinning do‘stlaridanman.
Mirmuhsin, Me’mor
— Yuvg‘uchi kerak bo‘lsa, kadxudoning uyiga bor. Kiming o‘lgan? — dedi choyxonachi qalandarga.
S. Siyoyev, Yorug‘lik
2. 2. Ismi, ish-vazifasi va boshqalar jihatdan aniq bo‘lmagan shaxsni bildiradi.
Shuning uchunmi, ko‘ksi zardobga to‘lib, dardini kimga aytishini bilmay qolgan kezlarida, Avaz Mutribni sog‘inadi, unga ko‘ngil yoradi.
S. Siyoyev, Yorug‘lik
3. 3. Nisbiy olmosh vazifasida ergash gapni bosh gapga bog‘lash uchun xizmat qiladi.
Kimning bilagida kuchi bo‘lsa, kim ishning havosini olsa, o‘sha zarbdor bo‘laveradi.
A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
4. 4. Qator kelgan bir necha gaplar boshida qo‘llanib, biri, ba’zisi degan ma’noni bildiradi.
Ularning bari jarohatlangan: kimi boshini ushlaydi, kimi belini ko‘tara olmaydi.
Oybek, Tanlangan asarlar
Aksarining ust-boshi yupun kimlarda poxol tiqilgan eski kalish, kimlarda jag‘i yirtiq kavush, lekin ular shod.
Oybek, Tanlangan asarlar