Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {iz}
So‘z bo‘g‘inlari: iz
Izoh(lar)i:
iz ot

1. 1. Biror narsa sathida (yuzasida) boshqa narsaning tegishi, bosilishi va shu kabilar natijasida undan qolgan, uni bildiruvchi aksi. Barmoq izi. Oyoq izi. G‘ildirak izi. [Sodiq:] Bo‘ynidan bo‘g‘ilgan. Bu yerda giyoh ham qolmabdi. Faqat mol tuyoqlarining tartibsiz izlari ko‘rinadi. I. Rahim, Chin muhabbat
[Nodir:] Panja izlari bor. N. Safarov, Hayot maktabi
Tunda qalin yoqqan qor izlarni berkitishga ulgurgan edi. Gazetadan

2. 2. Biror narsadan yoki kimsadan qolgan asar, belgi. Hamma yoqda dahshatli zilzila izlari ko‘rinadi: yiqilgan uylar, urilmagan devorlar, vayrona jinko‘chalar M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha
— Samarqandda har qadamda asrlarning izi bor, — dedi Ahrorov. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
Qotillar murdaning shag‘al tagida qolib ketib, umrbod izi yo‘qolishini mo‘ljallagandilar. Gazetadan
Rahim Saidov surishtirishga qaror qildi Balki izi chiqib qolar. O‘. Umarbekov, Yoz yomg‘iri

3. ko‘chma hma Biror narsaning (uni ifodalovchi) kichik bir aksi; nishonasi. Yuzida eski go‘zallikning izlari hali saqlangan qirq yoshli xotin mehribonlik bilan qiziga qaradi. Oybek, Tanlangan asarlar
yuzlarida tabassum izlari ko‘rina boshladi-yu, bir zumda tarqalib ketdi. Oydin, Hikoyalar

4. 4. Ma’lum yo‘nalishdagi harakat (yurish) tufayli yer sathida qoladigan uzun iz, yo‘l. U, o‘ng tomonga qiyshaygancha ingrab, tepalikka ko‘tarilayotgan mashina izidan odimlab ketdi. S. Karomatov, Oltin qum
Soylik daryoning bahorgi toshqin vaqtidagi izi bo‘lib, Kichik daryo nomini olgan, kichik daryo paydo bo‘lganda, haligi to‘qay orolga aylanar ekan. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari

5. 5. Bosib o‘tilgan (o‘tilayotgan yoki kelinadigan) tomon, yo‘l. Poyezdning qorasi o‘chguncha, mo‘ltirab qarab turdim, keyin yig‘lab-yig‘lab, izimga qaytdim. S. Siyoyev, Yorug‘lik
Izingda termilib qoldi keksa chol, Ko‘zda tavajjuhi, duosi tilda. A. Oripov, Yillar armoni
Ko‘zim izingga, qulog‘im tovushingga zor bo‘lib o‘tiribman. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar

6. 6. Ish-harakat, faoliyatdagi yo‘l, yo‘nalish. Men ham siz o‘sha tasvirini qilgan tabarruk zotlar izidan boryapman. K. Yashin, Hamza
Bu uyda ikki xotin olish bir rasm bo‘lib qolgan ekan. Erim otasi, akasi izidan ketib, ustimga xotin olsa-ya. Oybek, Tanlangan asarlar

7. 7. Tramvay, poyezd va shu kabilar g‘ildiraklari ostiga (yurish uchun) yotqiziladigan maxsus qurilma. bu yigitlar olomonning oldiga tushib, temir yo‘lni bosdilar va bir soatda bir necha chaqirim temir yo‘lning iz va shpallarini buzib tashladilar. S. Ayniy, Qullar

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: asar [a]
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

Bo‘lishli-bo‘lishsizlik shakli – harakatning tasdiq yoki inkorini ko‘rsatuvchi fe’l shakli.

Fe’llar bo‘lishli yoki bo‘lishsiz shaklda qo‘llanadi: keldi – kelmadi. Bo‘lishli fe’l harakatning tasdig‘ini bildiradi, maxsus ko‘rsatkichga ega emas: o‘qidi, o‘qib, o‘qigan, o‘qish. Bo‘lishsiz fe’l harakatning inkorini bildiradi. -ma shakli bilan hosil qilinadi: o‘qimadi, o‘qimay, o‘qimasdan, o‘qimas, o‘qimaslik.

Uslubiy belgilari.Fe’llarning bo‘lishli yoki bo‘lishsiz ekanligi nutqda -ma shaklini qo‘llanish-qo‘llanmasligi bilan belgilanmaydi. Nutqda bo‘lishsizlik kuchsizlanishi yoki bo‘lishlilik yo‘qolishi mumkin. Mas., Eshitganini aytmay-qo‘ymaydi (bo‘lishli); Sizni ketkizarmidik (bo‘lishsiz); U sho‘rlik qanday kunlarni ko‘rmadi? (bo‘lishli); Olasaaan (bo‘lishsiz); Bolani kim sevmaydi? (bo‘lishli).

Bog‘lovchisiz qo‘shma gapsodda gapning bog‘lovchi vositasiz, ohang yordamida birikishidan tuzilgan qo‘shma gap turi: Kech kirdi, tevarak-atrofga qorong‘ilik tusha boshladi. Bu qo‘shma gapdagi sodda gap o‘zaro faqat ohang yordamida bog‘lanadi. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapning quyidagi turi mavjud: 1) bog‘langan qo‘shma gapga sinonim bo‘lgan bog‘lovchisiz qo‘shma gap: Tig‘ yarasi tuzaladi, til yarasi tuzalmaydi.Bunday gapni bog‘lovchi qo‘yib, bog‘lovchili gapga aylantirish mumkin:Tig‘ yarasi bitar, lekin til yarasi tuzalmaydi; 2) ergashgan qo‘shma gapga sinonim bo‘lgan bog‘lovchisiz qo‘shma gap: Qor yog‘di – don yog‘di. Bunday gapni ergashgan qo‘shma gapga aylantirish mumkin: Qor yog‘di, go‘yoki don yog‘di (o‘xshatish); 3) bog‘langan qo‘shma gapga ham, ergash gapli qo‘shma gapga ham sinonim bo‘lmagan bog‘lovchisiz qo‘shma gap: Xushxabar olib keldim: garnizon yanchildi.Bunday gapnibog‘lovchi vosita yordamida boshqa tur ergash gapga aylantirib bo‘lmaydi.

Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda tinish belgisi.Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda ohang muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun tinish belgisining ahamiyati katta: 1) agar bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismi bir paytda yoki ketma-ket yuz bergan voqea-hodisani ifodalasa, vergul qo‘yiladi: Arava g‘ijirlab borar, aravakash esa xirgoyisini bir zum ham to‘xtatmas edi;2)  agar bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismi mazmunan bir-biridan ancha uzoq bo‘lsa, nuqtali vergul qo‘yiladi: Yomg‘ir chelakdan quyganday sharillab yog‘ardi; uning xayoli uzoq, yoshlik paytlarida kezmoqda; a) bog‘lovchisiz qo‘shma gapning ikkinchi qismi birinchi qismning sababini bildirsa, izohlasa, to‘ldirsa, ular orasiga ikki nuqta qo‘yiladi: Gap shu: ertaga men bilan yo‘lga chiqasiz;b) agar bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismi o‘zaro zidlik yoki o‘xshashlik munosabatiga kirishgan bo‘lsa, tire qo‘yiladi: Qor yog‘di – don yog‘di. Yoshim yetmish ikkida – o‘zim yigitman.

Chiziqcha bilan yozish1995- yil 24- avgustda qabul qilingan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning 51–56- paragraflarini o‘z ichiga oluvchi imlo qoidasi to‘plami.

Quyidagi holda so‘z yoki uning qismlari chiziqcha bilan yoziladi: 1.Juft so‘z va takror so‘z qismi: el-yurt, mehr-shafqat, qovun-tarvuz, omon-eson, kecha-kunduz, yozin-qishin, asta-sekin, uch-to‘rt, o‘n-o‘n beshta (10-15ta), bilinar-bilinmas, bordi-keldi, kuydi-pishdi, don-dun, oz-moz, mayda-chuyda, aldab-suldab, o‘ylab-netib, so‘ramay-netmay, kiyim-kechak, adi-badi, ikir-chikir, duk-duk, taq-tuq, qop-qop, ming-ming (ming-minglab), bitta-bitta (bitta-bittalab), baland-baland, chopa-chopa, ishlay-ishlay, yaqin-yaqinlargacha, hamma-hammasi, uy-uyiga, ich-ichidan kabi.

1) juft so‘zdan qo‘shimcha yordamida yasalgan so‘z ham chiziqcha bilan yoziladi: baxt-saodatli, xayr-xo‘shlashmoq kabi;

2) juft so‘z qismi orasida -u (-yu) bog‘lovchisi kelsa, undan oldin chiziqcha qo‘yiladi va juft so‘z qismlari ajratib yoziladi: do‘st-u dushman (do‘st-dushman), kecha-yu kunduz (kecha-kunduz) kabi;

3) yetakchi va ko‘makchi fe’l bir xil shaklda bo‘lsa, chiziqcha bilan yoziladi: yozdi-oldi, borasan-qo‘yasan, uxlabman-qolibman kabi.

2. Belgini kuchaytiruvchi qip-qizil, yam-yashil, dum-dumaloq, kuppa-kunduzi, to‘ppa-to‘g‘ri, bab-barobar kabi so‘z shakli chiziqcha bilan yoziladi (lekin oppoq so‘zi qo‘shib yoziladi).

3. So‘zning -ma, ba- yordamida birlashgan qismi chiziqcha bilan yoziladi: ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy, rang-barang, dam-badam kabi. Lekin mustaqil ishlatilmaydigan qism qatnashsa, bunday so‘z qo‘shib yoziladi: ro‘baro‘, darbadar kabi.

4. Rus tilidan aynan yoki so‘zma-so‘z tarjima qilish yo‘li bilan olingan so‘z asliga muvofiq chiziqcha bilan yoziladi: unter-ofitser, kilovatt-soat kabi.

5. -chi, -a (-ya), -ku, -u (-yu), -da, -e, -ey (-ey) yuklamasi chiziqcha bilan yoziladi: sen-chi, boraylik-chi, sen-a, kutaman-a, bola-ya, mingta-ya, keldi-ku, kelgan-u, yaxshi-yu, yaxshi-da, qo‘y-e, yashang-e, o‘g‘lim-ey, keldi-ey kabi. Ammo -mi, -oq (-yoq), -ov (-yov), -gina (-kina, -qina) yuklamasi o‘zidan oldin kelgan so‘zga qo‘shib yoziladi: keliboq, o‘ziyoq, ko‘rganov, ko‘rdiyov, mengina, qo‘shiqqina kabi.

6. Tartib son arab raqami bilan yozilsa, -nchi qo‘shimchasi o‘rniga chiziqcha (-) qo‘yiladi: 7- sinf, 5-„A» sinfi, 3-, 7-, 8- sinf o‘quvchilari, 60- yillar, 1991- yilning 1- sentabri kabi. Tartib sonni ko‘rsatuvchi rim raqamidan keyin chiziqcha yozilmaydi: XX asr, X sinf kabi.

Narsa va hodisalarni o‘z nomi bilan emas, balki boshqa bir qo‘polroq so‘z yoki so‘z birikmasi, ibora bilan atash hollari uchraydi. Masalan, insonga nisbatan ishlatiladigan o‘lmoq so‘zi o‘rnida joyi jahannamdan bo‘ldi, asfalosofilinga ravona bo‘ldi iboralari, homilador so‘zi o‘rnida bo‘goz so‘zlarini ishlatish hollari ham uchrab turadi. So‘z yoki so‘z birikmasi, ibora bunday qo‘pol ma’noda qo‘llanganda disfemizm deyiladi.

Disfemizm grekcha disfemismo so‘zidan olingan bo‘lib, “qo‘pol ifoda” degan ma’noni bildiradi va evfemizmga zid turadi (“Evfemizm” maqolasiga qarang). Disfemizmlar so‘zlashuvda madaniy saviyasi past kishilar nutqida uchraydi. Badiiy asarlarda, odatda, salbiy fe’l-atvorli kishilar nutqida ko‘zga tashlanadi.     

Barcha xalqlarda ayrim narsa va hodisalarning nomini aytish go‘yo ta’qiqlangandek bo‘ladi. Masalan, kishilarga nisbatan o‘lmoq so‘zini aytmaslikka harakat qilinadi. “Ta’qiqlangan” so‘z tabu, ta’qiqlash esa tabulashtirish deyiladi. Ta’qiqlangan so‘z o‘rnida qo‘llangan so‘z, birikma va iboralar evfemizm deb yuritiladi. Evfefizm grekcha euphemismos — “yaxshi”, phemi — “gapiraman” demakdir. Masalan, o‘lmoq so‘zi o‘rnida qo‘llangan vafot etmoq, foniy dunyoni tark etmoq, o‘tmoq, joni uzilmoq kabi so‘z va iboralar evfemizmdir. Evfemizmning “ta’qiqlangan” so‘z o‘rnida ifodalagan ma’nosi uning ko‘chma ma’nosi hisoblanadi. So‘zlovchining evfemizmlarni qo‘llashi uning nutq madaniyati, muloqot odobi yuqoriligidan dalolat beradi.

Turli kasalliklar, jismoniy kamchiliklar, jonivorlar, voqea-hodisalar xalq orasida evfemik nom bilan yuradi. Masalan, gepatit so‘zi o‘rnida qo‘llangan sarg‘ayma so‘zi, sizamiq so‘zi o‘rnida qo‘llangan gul so‘zi, ko‘r so‘zi o‘rnida qo‘llangan ko‘zi ojiz birikmasi, chayon so‘zi o‘rnida qo‘llangan gajak, eshak, oti yo‘q so‘z va birikmalari, ilon so‘zi o‘rnida qo‘llangan arg‘amchi so‘zi shunday evfemik vosita hisoblanadi.    

Mohir so‘z san’atkorlari o‘z asarlarida evfemizmlarni ko‘p qollashadi. Masalan, Abdulla Qodiriyning roman va hikoyalarida, hajviy asarlarida evfemizmlarning juda ajoyib namunalarini ko‘rish mumkin.

 

Ingliz tili Hind-yevropa tillari oilasining g‘arbiy german tillari guruniga mansub. Ingliz tiliBMTning rasmiy ish yuritish tillaridan biri, Buyuk Britaniya, Irlandiya, AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Osiyo va Afrikadagi ko‘pgina mamlakatlarda tarqalgan. Bu tilda 400 milliondan ortiq kishi gaplashadi (1992). Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya, AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Kanada (fransuz tili b-n birga), Irlandiya (Irland tili bilan birga), Hindiston va 15 ta Afrika davlati (JAR, Nigeriya, Gana, Uganda, Keniya, Tanzaniya va boshq.) da rasmiy davlat tili sifatida qo‘llaniladi.

Ingliz tilieramizdan avvalgi V–VI asrlarda qadimgi german qabilalari (ingliz, saks va yut)ning tillaridan kelib chiqqan. Qadimgi ingliz tili(VII–XI asrlar) anglosaks deb atalgan va 4 shevaga ega bo‘lgan: nortumriy, mersiy , uessk va kent. IX–XI asrlarda uessk shevasi asosida adabiy ingliz tilishakllangan. XVI–XVII asrlarda yangi ingliz tilivujudga keldi.

Hozirgi ingliz tilio‘z hududiy shevalariga ega. Buyuk Britaniyada shotland shevasi, shimoliy; janubiy; markaziy shevalar guruhi, AQSHda sharqiy, o‘rta Atlantika (markaziy), jan, sharqiy, o‘rta, g‘arbiy shevalar guruhi mavjud. Boshqa german tillaridan analitik qurilish belgisi bilan farqlanadi. Grammatik munosabatlarni ifodalash yordamchi so‘zlar (artikl, yordamchi fe’llar, predloglar) va so‘z tartibi katta ahamiyatga ega. Ingliz tiliboshqa tillar (lotin, fransuz, italyan, ispan va boshq.) dan 70 % ga yaqin so‘z olgan. Ingliztilining amerikacha variantini Buyuk Britaniya variantidan shu bilan izohlash mumkinki, Shimoliy Amerikaga dastlab ko‘chib kelganlar (1607) London va uning atrofidan, keyingilar esa Shimoliy Britaniya va Irlandiyadan kelishgan. AQSH tilida Britaniyadagi singari aniq farqlangan shevalar yo‘q. Ingliz tilining amerikacha va Buyuk Britaniya variantlari o‘rtasidagi farq leksikada va ma’lum darajada fonetikada namoyon bo‘ladi. Grammatikasidagi farq sezilarli emas. Ingliz tilining Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, JAR va Hindiston variantlari xususida ham shunday fikrni aytish mumkin. Ingliz tiliyozuvi lotin alifbosida.

NizomiddinMahmudov 1951- yil Farg‘ona viloyatida tavallud topgan, filologiya fanlari doktori, professor. Hozirgi o‘zbek tilshunosligining sintaksis, leksikologiya, leksikografiya, sotsiolingvistika sohalari bo‘yicha qator jiddiy tadqiqotlar yaratgan, ona tili bo‘yicha darsliklar e’lon qilgan yirik va sermahsul olim.

«O‘zbek tilidagi sodda gaplarda semantik va sintaktik asimmetriya» (1984), «Yozuv tarixidan qisqacha lug‘at – ma’lumotnoma» (1990), «Til va ma’naviyat» (hamkor, 1992), «O‘zbek tilining mazmuniy sintaksisi» (hamkor, 1992), «Turkcha - o‘zbekcha, o‘zbekcha – turkcha lug‘at» (hamkor, 1993), «O‘zbek tilining nazariy grammatikasi. Sintaksis» (hamkor, 1995), «Til» (1998), «O‘zimiz va so‘zimiz» (1997), «Ma’rifat manzillarida» (2000), «O‘zbek tilida ish yuritish» (hamkor, 2003), «Ona tili» (hamkor, 2004) kabi qator darslik va qo‘llanmalar muallifi.

“O‘zbek tili antonimlarining izohli lug‘ati»Bir-biriga qarama-qarshi, zid ma’no bildiradigan so‘zlarni jamlaydigan filologik lug‘at turi. Bu lug‘at o‘zbek tilshunosligida 1980- yil Sh.Rahmatullayev, N.Mamatov, R.Shukurovlar tomonidan yaratilgan.

Lug‘at ikki qismdan: kirish va lug‘at bo‘limlaridan iborat. Kirish qismida antonim va lug‘at tuzilishi haqida batafsil ma’lumot keltirilgan. Ikkinchi qismda esa qat’iy alifbo tartibida lug‘at keltirilgan. Lug‘atda ikki xil maqola – izoh maqolalar va havola maqolalar mavjud. Izoh maqolasi ancha murakkab tuzilishli, unda avval antonimik juftlik keltiriladi. Izoh maqolasini boshlab beruvchi bunday juftlikda antonimlar alifbo tartibida joylangan: yomon – yaxshi, sekin-tez kabi.

Lug‘atdan hozir ham keng foydalanilmoqda.

«O‘zbek tili frazeologizmlarining izohli lug‘ati» – turg‘un birikmalar bo‘lgan frazeologizm (ibora)larni o‘z ichiga jamlagan filologik lug‘at turi. Sh.Rahmatullayev tomonidan tuzilgan «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati» (Toshkent, 1978) bunday lug‘atning mukammal namunasi.

Lug‘at ikki qismdan iborat, birinchi qismda iboralar tavsiflansa, ikkinchi qismda iboralar tarkibida qatnashuvchi har bir so‘z alifbo tartibida berilib, bu so‘z qatnashuvchi turli iboralar keltiriladi. Lug‘atdan namuna:

Qulog‘i(i)ga chalinmoq nima kimning? Biror gapni yoki tovushni noaniq tarzda eshitmoq. O‘xshashi: qulog‘(i)ga kirmoq.

Erkaklar orasidagi gap Asalbibining qulog‘iga chalingan edi. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar. Uzoqdan traktorning guvillagan ovozi quloqqa chalinadi. R.Fayziy. Cho‘lga bahor keldi. (294- bet)

Iboralarni o‘z ichiga oluvchi bu fililogik lug‘at B.Mengliyev, M.Xudoyberdiyeva va O.Boymatovalar tomonidan tuzilgan, maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan, 2006-yil “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan.

Lugat maqolalari alfavit tartibida tuzilgan, unda mingga yaqin iboraga qisqacha nutqiy izoh berilgan.

Iboralar birdan ortiq variantga ega bo‘lsa, ular ketma-ket vergul bilan ajratilgan holda berilib, so‘ngra izohlangan:

Avra-astarini ag‘dardi, avra-astarini qoqdi, avra-astari so‘kildi, avra-astari qoqildi – barcha kirdikorlarini ochib tashladi.

Avj oldi, avjiga mindi, avjiga chiqdi – 1) rivojlandi 2) zo‘raydi, kuchaydi.

Fe’llar o‘quvchilarga qulaylik maqsadida asosan yaqin o‘tgan zamon shaklida berilgan.

«O‘zbek tili omonimlarining izohli lug‘ati»hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi shakldosh so‘zlarni jamlagan filologik lug‘at, 1984-yil Sh.Rahmatullayev tomonidan yaratilgan. Lug‘atda 497 omoifoda ostiga birlashuvchi 1160 dan ortiq leksema tasvirlangan. Dastlab omonimlarga tarixiy-etimologik izoh berilib, keyin ma’nosi ta’riflangan, shu omonimdan yasalgan leksemalar sanalgan, so‘ngra bu omonim qatnashadigan birikma, gap berilib, oxirida matnli misol keltirilgan.

Lug‘atga omofonlar va omograflar ilova qilingan. Lug‘at filologiya fakulteti talabalariga, til va adabiyot o‘qituvchilariga mo‘ljallangan.

«O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati» – o‘zbek tilidagi ma’nodosh so‘zlarni o‘z ichiga jamlagan filologik lug‘at turi. Bu lug‘atning yorqin namunasi sifatida A.Hojiyevning 1974- yilda nashr etilgan lug‘atini ko‘rsatish mumkin.

Lug‘at hozirgi o‘zbek adabiy tili uchun xarakterli bo‘lgan sinonimik qatorlarni o‘z ichiga olgan. Unga leksik va grammatik sinonimlar kiritilgan. Lug‘at so‘zlari sinonimik qatordagi bosh so‘zga ko‘ra tartiblangan.

«O‘zbek tilining eskirgan so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati»o‘zbek adabiy tilining me’yoriy lug‘atidan biri. Lug‘at X.Norxo‘jayeva tomonidan tuzilib, 2006- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida ko‘p nusxada chop etilgan.

Lug‘atda so‘zlar quyidagicha tavsiflangan:

I. Har bir so‘zning ma’nosi qisqa va aniq ifoda etilgan.

II. Lug‘atda so‘zlarning, asosan, hozirgi o‘zbek adabiy tilida iste’moldan qolgan, eskirgan ma’nolari berilgan.

III. So‘zlarning ma’nolari bir-biridan arab raqamlari bilan ajratilgan, har bir ma’noga taaluqli ma’no nozikliklari esa shu ma’no ichida bir tik chiziqdan keyin berilgan. Masalan:

DODXOH (f-t) 1 Adolat talab etuvchi, adolat istovchi. 2 Buxoro xonligida adolat istovchilardan amir nomiga ariza qabul qiluvchi lavozimli kishi. 3 Farg‘ona vodiysi va Toshkentda mingboshi va boshqa ba’zi amaldorlarni ulug‘lash uchun ishlatiladigan so‘z.

IV. Bosh so‘zlarning mustaqil ko‘chma ma’nolari arab raqamlari bilan ajratilgan va ko‘chma belgisi bilan ta’minlangan.

V. Lug‘atda ayrim so‘zlarning leksik ma’no kasb etgan grammatik shakllari (lek, ila, limu, badaliga kabi) ham berilgan turli leksikografik usullar bilan izohlangan.

Masalan:

MURABBA (a, murabba, III sh.brl. murabbai). Tomonlari teng to‘g‘ri to‘rtburchak, kvadrat, chorsi.

VI. Ayrim so‘zlarning boshqa so‘zlarga birikib qoshma so‘z yasash xususiyati ham alohida- alohida izohlab berilgan.

VII. Lug‘atda atash vazifali so‘zlarning, ayniqsa, ot, sifat va fe’llarning ma’nolarini ochishda tavsifiy izoh usullaridan keng foydalanilgan. Bu xildagi so‘z ma’nosi uning asosiy belgilari (mas., tashqi ko‘rinishi, tuzilishi, qollanishi, vazifasi, ta’siri, xarakteri yuzaga kelish yo‘li, sababi va sh.k.) orqali ochib beriladi.

Masalan:

ABAD (a) Oxiri, poyoni yo‘q kelajak zamon, mangulik.

ABAJUR (r

VIII. Ko‘makchilar, bog‘lovchilar, yuklamalar, undoshlar, taqlidiy, tasviriy va modal so‘zlarni izohlashda tushuntirma izoh usulidan foydalanilgan.

Bunda mazkur so‘zlarning ma’nosi, vazifasi tushuntirilgan.

Masalan:

ORIY (f-t) Shundoq, rost, albatta.

IX. Ba’zi yasama so‘z ma’nolarini ochishda grammatik izoh usullaridan foydalanilgan. Bunda so‘zning ma’nosi shu so‘z havola qilingan so‘zning izohidan anglashiladi.

XI. Lug‘atda ma’nodoshlarning betaraf va faollari izohlangan, qolganlari esa ularga havola qilingan. Masalan:

JARROH (a) Xirurg.

XII. Ayrim hollarda, izohdan keyin, so‘z ma’nosini to‘laroq ochish, izohni to‘ldirish maqsadida izohlanuvchi so‘zning antonimidan ham foydalanilgan bo‘lishi kerak.

Masalan:

ZEHNIYAT (a)…

ZINDON (f-t)…

DAFTARNAVIS (grek +f-t)…

XIII. Ma’nodoshlar boshqa turdagi izohdan keyin ham ishlatilgan. Bunda ular izohni to‘ldirish, ko‘p ma’noli so‘zlar ma’nolarini bir- biridan yaqqolroq faqlash uchun xizmat qiladi.

Masalan:

VALLOMAT Valine’mat. 1.Oqsoqol, boshliq, amaldor. 2. Sarboz, yigit. 3. Oz mehnati singmagan narsalarga, birovnikiga saxiylik, xo‘jayinlik qilaveradigan odam; errayim.

Lug‘at izohli lugatning bir ko‘rinishi.

 

«O‘zbek tilining izohli lug‘ati»– o‘zbek tilida istemolda bo‘lgan o‘z va o‘zlashma so‘zlarning ma’nosini umumiy tarzda izohlaydigan lug‘at turi. Hozirga qadar ikki marta o‘zbek tilida izohli lug‘at yaratilgan: 1. 1981-yil Moskvada nashr qlingan. 2 jildli. Unda 60 ming so‘z va birikma izohlangan. 2. 2006-2008 yil nasr etilgan. 5 jildli. 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmasi izohlangan.

 

«O‘zbek tilining o‘zlashma so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati»Y.Hamrayeva tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan.Lug‘atning maqsadi o‘quvchilarning savodxonlik darajasi va so‘z boyligini oshirishga, tafakkurini kengaytirishga, til madaniyatini shakllantirishga va to‘g‘ri talaffuz me’yorlarini mustahkamlashga, shuningdek o‘quvchilarga tilimizga turli tillardan kirib kelgan muayyan so‘zlar hamda atamalar haqida genetik ma’lumot berishga yo‘naltirilgan.

  Lug‘at so‘zligi tilimizga rus va boshqa chet tillari orqali kirib kelgan qadimgi yunon va lotin tillari elementlaridan tashkil topgan va hozirgi kunda jahondagi ko‘plab xalqlarning tillari uchun umumiy bo‘lgan respublika, konstitutsiya, prezident, demokratiya kabi siyosiy atamalarni, shuningdek kimyo, sanoat, sport, falsafa, fizika, geografiya, etnografiya kabi turli ilmiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid so‘zlar va atamalarni, jahondagi ko‘plab mamlakatlarning pul birliklari nomlarini o‘z ichiga oladi. Shuning uchun «O‘zlashma so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati»dan nafaqat til o‘rgatish darslarida, balki maktab, litsey va kollejlarning sinfxonalarida har qanday fan bo‘yicha olib borilayotgan mashg‘ulotlarda foydalanish mumkin.

Respublikamiz mustaqillikka erishgach, so‘nggi o‘n-o‘n besh yil ichida uning xalqaro aloqalari yanada kuchaydi, mamlakatimizda iqtisod va siyosat, texnika va sanoat, sport va madaniyat sohalarida tub o‘zgarishlar yuz berdi. Taraqqiyot sari qilingan ildam odimlar natijasida, tilimiz ko‘plab yangi tushunchalarni atovchi so‘zlar bilan yanada boyidi. So‘nggi yillar ichida lug‘atimizga jadal kirib kelgan kompyuter, fayl, sayt, biznes, barter, market, marketing, monitoring, shuningdek avvaldan mavjud bo‘lgan va mustaqillikdan keyin yangicha ma’no kasb etgan vazir, tadbirkor, mahkama, devonxona kabi so‘zlar ham mazkur lug‘atda o‘z o‘rnini topdi.

Lug‘atni tuzishda «O‘ZBEK TILINING IZOHLI LUG‘ATI» hamda «SLOVAR INOSTRANNIX SLOV» kitoblaridan foydalanilgan.

Lug‘at maqolalari quyidagicha tuzilgan: har bir maqolaning bosh so‘zlari lug‘atda alifbo tartibida joylashtirilgan. Bosh so‘z va uning muayyan xususiyatiga doir barcha ma’lumotlar va belgilar, unga berilgan izohlar lug‘at maqolasini tashkil etadi. Bosh so‘z katta harflar bilan berilgan, undan so‘ng katta qavs ichida so‘zning genetikasi, ya’ni qaysi tilga mansub ekanligi haqida, keyin esa mazkur so‘z yoki atamaning qaysi sohaga oidligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Agar so‘z tilimizga o‘zlashtirish jarayonida turli fonetik o‘zgarishlarga uchrab, uning o‘zbek tilidagi hozirgi ko‘rinishi o‘zining asl shaklidan uzoqlashib ketgan bo‘lsa, katta qavs ichida etimologik ma’lumotning yonida so‘zning asl ko‘rinishi ham ko‘rsatilgan. Masalan:

VAJ [a vajh] …    

yoki

ASTOYDIL [f-t az tahi dil]…

Bir tildan o‘zlashgan omonimlar, ya’ni shakldosh so‘zlar hamda turli tillardan o‘zlashib omonimik munosabat hosil qilgan so‘zlar alohida-alohida maqolalarda bosh so‘z sifatida berilgan va bir-biridan farqlanishi uchun rim raqamlari bilan belgilangan. Masalan:

GAZ I [f-t] esk. Ilgari amalda bo‘lgan, 0,71metrga teng uzunlik o‘lchovi; arshin.

GAZ II [goll] Zarralari o‘zaro kuchsiz bog‘langan, shu sababli o‘zi ishg‘ol qilgan bo‘shliqni bir tekis to‘ldirib turadigan yengil modda; yonilg‘i.

Tilimizda o‘zlashmalar mustaqil so‘zlar doirasidagina emas, yordamchilar, undov, taqlid va boshqa so‘zlarlar orasida ham uchraydi. Qo‘llanmaning maqsadi o‘zlashma so‘z haqida batafsil ma’lumot berishga yo‘naltirilganligi bois unga barcha turkumlarga oid so‘zlar kiritilgan.

O‘zlashmalarning aksariyati tilimizga rus tili orqali kirib kelganligi sababli, ularning talaffuzi ham ko‘p hollarda rus tilidagi talaffuzidan farq qilmaydi va bu hozirgi o‘zbek adabiy tili uchun me’yor hisoblanadi. Shuning uchun Lug‘atda so‘zlarning transkripsiyasi, ya’ni talaffuziga doir maxsus ko‘rsatmalar keltirilmagan. Biroq o‘zbek tilida urg‘u turg‘un, u, asosan, so‘zlarning oxirgi bo‘g‘iniga tushadi, hind-yevropa oilasiga mansub tillarning aksariyatida esa urg‘u erkin bo‘lgani uchun, so‘zning har qanday bo‘g‘iniga tusha oladi. Shuningdek, hindcha, yaponcha, portugalcha va ayrim arabcha so‘zlarda ham urg‘u so‘zning birinchi yoki ikkinchi bo‘g‘iniga tushishi mumkin. Shu bois so‘zlarning oxirgi bo‘g‘iniga tushmagan hollarda urg‘u yozuvda ko‘rsatildi.

Alohida maqolalarda bosh so‘z vazifasida kelgan, shaklan o‘xshash, talaffuzda farqlanuvchi so‘zlar (omograflar)ning esa har ikkala shaklida ham urg‘u belgisi qo‘yilgan. Masalan:

AKADÉMIK [r]

AKADEMÍK [r akademicheskiy]

Ma’nodosh (sinonim) so‘zlarning har biri mustaqil ravishda alifbo tartibida o‘z o‘rnida berilib, izohlangan. Ayrim hollarda so‘z izohi o‘rnida ayn. belgisi bilan uning faol sinonimi keltirilgan:

RIYOZIYOT [a] esk. ayn. Matematika.

Lug‘atda so‘zlarning asosan hozirgi o‘zbek adabiy tilida keng qo‘llanadigan ma’nolari qisqa izoh bilan bayon etilgan. Polisemantik (ko‘pma’noli) so‘zlarning har bir mustaqil ma’nosi tartib bilan alohida-alohida izohlangan va bir-biridan farq qilishi uchun arab raqamlari bilan ajratilgan. Ko‘chma ma’noda qo‘llanadigan so‘z oldidan ko‘ch. belgisi qo‘yilgan. Agar shakldosh so‘zlar yoki ko‘pma’noli so‘zning alohida ma’nolari turli turkumlarga oid bo‘lsa, u holda izohlanayotgan so‘zning etimologiyasidan keyin grammatik va uslubiy ma’lumotlar ham berilgan. Masalan:

TAAJJUB [a] 1 sft. Kishini hayratda qoldiradigan, ajablanarli, g‘alati.

  2 ot Ajablanish, hayronlik.      3 kirish.s. Ajab, qiziq.

O‘zbek tilida boshqa so‘z bilan turg‘un birikma shaklida qo‘llanadigan o‘zlashmalar tik to‘g‘ri chiziqdan keyin birikma shaklida qora harflar bilan berilib, izohlangan. Bunda izoh bosh so‘zga emas, ana shu birikmaga tegishli bo‘ladi. Masalan:

IJROIYA [a] | Ijroiya qo‘mita – xalq deputatlarining hokimiyat organlari qarorlarini bajaruvchi, amalga oshiruvchi organi.

yoki

XAYRIYA [a] | Xayriya jamiyati - moddiy yordam uyushtiruvchi jamiyat.

O‘z tilida so‘z yasash qonun-qoidalari asosida hosil qilingan turli yasama so‘slar bizning tilimizga tayyor holda kirib kelganligi sababli, o‘zbek tilida ular tub so‘zlar hisoblanadi. Shuning uchun lug‘atda bunday so‘zshakllarning har biri alohida izohlangan:

DIFFERENSIAL I [lot] ot 1 mat. Erkin o‘zgaruvchan miqdorning cheksiz kichik ixtiyoriy ortmasi…

DIFFERENSIÁTSIYA [lot] Bir-biridan farqlanish, ajralish.

Lug‘at hajman kichik, ixcham va foydalanishda qulay bo‘lishi uchun, unga turli iboralar, maqol hamda matallardan misollar va sitatalar kiritilmagan. Muntazam takrorlanuvchi so‘zlar esa qisqartma shaklida berilgan, ushbi qisqartmalar va boshqa belgilar to‘g‘risida lug‘atning KIRISH qismidan batafsil ma’lumot olish mumkin.

«O‘zbek tilining talaffuzdosh so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati»T.Nafasov va V.Nafasovalar tomonidan yaratilgan, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida ko‘p nusxada chop etilgan. Lug‘atda talaffuzdosh so‘zlarning quyidagi ko‘rininshlari farqlanadi:        

1. So‘z oxiridagi yasovchi qo‘shimchada: borlik-borliq, bo‘shlik-bo‘shliq, otalik-otaliq, jazlik-jazliq, yo‘qlik-yo‘qliq.

2. So‘z o‘rtasidagi unli tovushlarda: gulkor-gilkor, ravon-rovon, oxir-oxur, devon-divan, jayron-jiyron, may-moy.

3. So‘z o‘rtasidagi undosh tovushlarda: abzal-afzal,

4. So‘z oxiridagi unli tovushlarda: tanga-tango, banda-bandi, daha-daho, jodi-jodu, mavzu-mavze, murabba-murabbo.

5. So‘z o‘zagi oxiridagi undosh tovushda: adip-adib, bop-bob, burch-burj, buyuk-buyuq.

6. So‘z boshidagi unli tovushlarda: abro‘-obro‘, ariq-oriq, axir-oxir, ukki-ikki.

7. So‘z boshidagi undosh tovushlarda: paqir-faqir;

8. So‘z o‘rtasidagi unlining cho‘ziq-qisqa aytilishida: sher-she’r, davo-da’vo.

9.So‘z o‘rtasida bir undoshning bor-yo‘qligida: bo‘yincha-bo‘yicha, ziyrak-zirak.

10. So‘z oxirida undoshning tushib qolishida: go‘sh-go‘sht, bolali-bolalik, uyli-uylik, sus-sust.

11.So‘z o‘rtasida bir unlining bor-yo‘qligida: davur-davr, asir-asr, ahil-ahl, qasir-qasr, ilik-ilk.

12. So‘z oxirida bir-biriga yaqin uyadoshli so‘zlarda: qarz-qars, darz-dars; dakki-daqqi, ko‘klik-ko‘hlik.

Lug‘at 1500 dan ortiq so‘zni qamrab olgan va har bir so‘zga izoh berilgan.

«O‘zbek tilining zid ma’noli so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati» maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Lug‘at U.To‘rayeva va D.Shodmonova tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, 1300 ga yaqin antonimik juftlikni qamrab oladi. Tuzuvchilar zid ma’noli so‘zlarni strukturasiga ko‘ra quyidagicha tasniflashgan:

1)    har xil o‘zakli zid ma’nolilar: katta-kichik, kirmoq-chiqmoq, muhabbat-nafrat;

2)    bir xil o‘zakli zid ma’nolilar: madaniyatli-madaniyatsiz, aqlli-aqlsiz, ongli-ongsiz;

Lug‘atda zid ma’noli so‘zlar juftlashtirib berilgan:

aniq-noaniq

axloqli-axloqsiz

bahorgi-kuzgi

kabi. Bunda bir so‘zga bir ma’nodoshlik qatoridagi barcha so‘z zidlanishi mumkin:

  abjir – lavang, landavur, lapashang, noshud, og‘zidagi oshini oldiradigan, uquvsiz, sustkash, tepsa-tebranmas, epashang.

  Agar so‘z ko‘p ma’noli, har bir ma’nosi bilan boshqa-boshqa so‘zga zidlansa, zidlari nuqtali vergul bilan ajratilgan:

  ajraldi – qo‘shildi; yarashdi kabi.

Qirg‘iz tili –turkiy tillarning qirg‘iz-qipchoq guruhiga mansub tillardan, Qirg‘iiston Respublikasining davlat tili. Asosan, Qirg‘iziston, shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Xitoy, Afg‘oniston, Rossiya, Pokiston va boshqa hududlarda tarqalgan. Qirg‘iz tilida so‘zlashuvchilarning umumiy soni 2.5 milliondan ortiq, shundan 2 million 330 mingdan ortig‘i Qirg‘izistonda yashaydi (o‘tgan asrning 90- yil) Qirg‘iz tili2 ta: shimoliy va janubiy lahja guruhlariga bo‘linadi. Bu lahjalar fonetika va leksika sohalarida o‘zaro farqlanadi; shu jihatlari bilan boshqa turkiy tillardan ham farqlanadi. Janubiy lahjada o‘zbek tilining ta’siri kuchli.

Fonetik xususiyati: 8 ta qisqa unli fonemaga qarama-qarshi 8 ta cho‘ziq unli mavjud. Singarmonizm izchil saqlangan, so‘z boshida j (portlovchi) undoshining (boshqa turkiy tillarda y yoki j) qo‘llanilishi xos.

Morfologik xususiyati: boshqa turkiy tillarga o‘xshash. Singarmonizm mavjudligi tufayli affikslarning fonetik variantlari ko‘p.

Qirg‘iz adabiy tili shimoliy lahja asosida shakllangan, uning leksikasida sof qirg‘izcha va turkiy so‘zlar qatlamidan tashqari mo‘g‘ul, rus, arab, eroniy tillardan o‘zlashgan so‘zlar ham mavjud.

To‘liqsiz fe’lo‘z lug‘aviy ma’nosini yo‘qotib, asosan, kesim vazifasidagi so‘zning zamonini ifodalashga moslashgan edi, ekan, emish, emasfe’llari: U o‘qituvchi edi/ekan/emish/emas kabi.

Uslubiy belgilari.

  1. Lug‘aviy ma’noga ega emas.
  2. Fe’lning barcha lug‘aviy shakllari bilan birika olmaydi.
  3. Nafaqat fe’l, balki barcha kesim vazifasida kelgan mustaqil so‘zlarga qo‘shilib, o‘tgan zamonni ifodalaydi: Uning ovozi yoqimli edi. Otam eski maktab muallimi edi. Uning bolalari to‘rtta edi.
  4. Gapda bog‘lama vazifasida keladi.

Birinchi unli noturg‘un, asosga -di, -mish, -kan tarzida qo‘shilishi mumkin: Yomg‘ir to‘xtamay quyardi. U ertaga kelarmish. O‘zi aytib qo‘yarkan.

 

Umumiy izohli lug‘atda lug‘aviy birliklarning barcha – grammatik, uslubiy, frazeologik birliklar tarkibida qatnashishi, omonimik, qaysi tildan o‘zlashganlik belgilari ko‘rsatiladi.

O‘zbek tilining bu tipdagi lug‘ati birinchi marta 1981- yilda Moskvada nashr etildi. «Boy leksikografik an’analarning davomi sifatida o‘tgan asrning 50–80 - yillari mobaynida o‘zbek tilshunosligida erishilgan va o‘zbek leksikografiyasini tilshunoslikning tez rivojlanib borayotgan mustaqil sohasiga aylantirgan ulkan muvaffaqiyatlari tufayli yuzaga kelgan» (2 tomli, 1- tom, 5- bet) «O‘zbek tilining izohli Lug‘ati» o‘zbek xalqi tarixi va ma’naviyati taraqqiyotida ulkan hodisa bo‘ldi. «Lug‘atning asosiy vazifasi o‘zbek adabiy tilining so‘z boyligini to‘plash va tavsiflash bilan birga, uning me’yorlarini belgilab berish va mustahkamlashdan ham iboratki, unda adabiy tilning imlo, talaffuz, so‘z yasash va ishlatish me’yorlari tavsiya etildi» (1-tom, 5-bet).

  Demak, o‘zbek tilining ilk izohli lug‘ati o‘z oldiga qo‘yilgan o‘zbek adabiy tilining so‘z boyligini to‘plash va tavsiflash hamda uning me’yorlarini belgilashdan iborat tarixiy vazifasini bajardi. Biroq tilshunoslik fanining rivoji, o‘rganish manbaiga yondashuv omillari va metodologiyasining taraqqiyoti, jamiyat rivojlanishining muayyan bosqichida ijtimoiy fanlarga qo‘yiladigan yangicha talablarning yuzaga kelishi ijtimoiy ong shakllaridan bo‘lgan tilning ilmiy talqinida ham yangicha qarashlar shakllanishiga olib keldi. Natijada 5 tomli izohli lug‘at yaratildi.

1. barmog‘ini bigiz qildi: niqtab ko‘rsatdi

2. bir ikki o‘g‘iz: ozgina, andak

3. bir og‘iz: juda oz, jindak

4. chizgan chizig‘idan chiqmaydi: barcha talablarini to‘la-to‘kis bajardi, ko‘rsatmasiga ko‘ra ish tutdi

5. ellik og‘iz: juda ko‘p

6. gapga to‘n kiygizmoq: gapni juda boplab, qoyilmaqom qilib gapirmoq.

7. ichi qizidi: 1)qiziqish uyg‘ondi 2)zerikib siqildi

8. ichini qizitdi: qiziqish uyg‘otdi

9. Ikki og‘iz: ozgina, andak

10. Ikki-uch og‘iz: ozgina, andak

11. izga soldi: chetga chiqishlarni bartaraf qilib, me’yorga keltirdi

12. izga tushdi: chetga chiqishlar bartaraf bo‘lib, me’yorga keldi

13. izidan chiqdi: rivoji, holati buzildi

14. izidan tushdi: qayerga borsa, zimdan ta’qib qilib bordi

15. iziga qaytdi: yetib kelgan zamon yana qaytib ketdi

16. iziga tushdi I: zimdan yurib butun xatti-harakatini ta’qib qildi

17. iziga tushdi II: chetga chiqishlar bartaraf bo‘lib, me’yorga keldi

18. izmidan chiqdi: hukmiga itoat qilmadi

19. izza tortdi: izza bo‘di, uyaldi

20. izzati nafsiga tegdi: kamsitadigan gap-so‘z, ish qildi

21. katta og‘iz: 1)soxta kibr-havoli, maqtanishni yaxshi ko‘radigan 2)imtiyozli mavqega ega(kinoya)

22. kim biladi deysiz: aniq aytib bo‘lmaydi

23. kuragini yerga tegizmoq: kurashda, bellashuvda yengmoq, g‘alaba qilmoq.

24. o‘n og‘iz: juda ko‘p

25. o‘zingizdan o‘tar gap yo‘q: «Hammasini o‘zingiz bilasiz, o‘rgatadigan joyi yo‘q» ma’nosidagi ibora.

26. o‘zingizdan qolar gap yo‘q: «Hammasini o‘zingiz bilasiz, o‘rgatadigan joyi yo‘q» ma’nosidagi ibora.

27. og‘iz juftladi: gapirishga hozirlandi

28. og‘iz ko‘pirtirdi: ko‘p va maqtanib gapirdi

29. og‘iz soldi: 1)qayliq yoki kuyov qilish niyati borligini aytdi 2)g‘ayri qonuniy ravishda o‘zlashtirishga harakat qildi

30. og‘iz-burun o‘pishdi: apoq-chapoq bo‘lib ketdi

31. og‘izini juftladi: gapirishga hozirlandi

32. og‘izini ko‘pirtirdi: ko‘p va maqtanib gapirdi

33. qo‘lini bigiz qildi: niqtab ko‘rsatdi

34. sakkiz yoshdan sakson yoshgacha: katta-kichik, hamma

35. sanamay «sakkkiz» dedi: aniq bilmay turib gapirdi

36. suvga oqizdi: befoyda sarfladi, diyarli tekinga berdi

37. temirni qizig‘ida bosdi: biror ishni ayni vaqtida qildi

38. to‘qqiz pul: Hech narsaga, bir paqirga arzimaydi, arzimas

39. to‘qqiz puldek qilib tushuntirib bermoq: hushyor savdogar uchun elchining bir imosi kifoya qildi, unga gapni to‘qqiz puldek qilib tugib berishning hojati yo‘q edi.

40. to‘rt og‘iz: oz-moz, bir oz

41. tushingizni suvga ayting: Bekor aytibsiz, bo‘lmagan gap, aslo unday emas

42. uch -to‘rt og‘iz: oz-moz, bir oz

43. xush keldingiz: Mehmon kelganda, hurmat yuzasidan aytiladigan ibora

44. xush kelibsiz: Mehmon kelganda, hurmat yuzasidan aytiladigan ibora

45. yotqizib turg‘izmoq: Kimsaga istagancha o‘z hukmini o‘tkazmoq, kimsani istagancha o‘z amriga, hukmiga bo‘ysundirmoq.

46. yuz o‘giz: juda ko‘p

1. Abas – foydasiz – behuda
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(ko‘p yoki kam ishlatilishiga ko‘ra)

2. Adabsiz – tarbiyasiz – axloqsiz
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini keng ifodalashiga ko‘ra)

3. Adadsiz – son-sanoqsiz – hisobsiz
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanilishining oz-ko‘pligiga ko‘ra)

4. Afif – pokiza – ozoda – toza
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(kam qo‘llanilishiga ko‘ra)

5. Ajib – ajab – ajoyib – qiziq – g‘alati
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanilish uslubining ko‘p-ozligiga ko‘ra)

6. Aql – fahm – tamiz – es – miya – bosh – kalla
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(ijobiy-salbiylik belgisiga ko‘ra )

7. Aqlsiz – beaql – bexirad – nodon – johil
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli darajada ifodalashiga ko‘ra)

8. Asabiy – tajang – jizzaki
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanilish doirasining keng-torligiga ko‘ra)

9. Berahm – shafqatsiz – qahrli – zolim
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgining kuchliligiga ko‘ra )

10. Birdan-bir – yagona – yakkayu-yagona – yolg‘iz – tanho
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli ifodalash darajasiga ko‘ra)

11. Boyaqish – bechora – sho‘rlik – notavon – ojiz – aftoda
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(achinish belgisining kuchliligiga ko‘ra )

12. Eh – esiz – afsus – attang
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(ifoda belgisining kuchiga ko‘ra)

13. Eh – esiz – afsus – attang– pushaymon – nadomat – taassuf
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorlik belgisining ortib borishiga ko‘ra)

14. Gulobi – pushti – qizg‘ish – qizil – ol – qirmizi
Ma’nosiga ko‘ra
(rang darajasining ortib borishiga ko‘ra)

15. Jo‘yak – ariq – kanal – soy – daryo – dengiz
Ma’nosiga ko‘ra
(hajm-ko‘lamining ortib borishiga ko‘ra)

16. Ko‘lmak – hovuz – suv ombori – ko‘l – dengiz – okean
Ma’nosiga ko‘ra
(hajm-ko‘lamining katta-kichikligiga ko‘ra)

17. Ko‘r – basir – so‘qir – ojiz
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanish doirasining oz-ko‘pligiga ko‘ra)

18. Ko‘zi ilinmoq – mudramoq – mizg‘imoq – uxlamoq – dong qotmoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(jismoniy holatning bo‘yoqdorligiga ko‘ra)

19. Kuchsiz – kamquvvat – zaif – nimjon – ojiz notavon
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli darajada ifodalashiga ko‘ra)

20. Men – biz – hamma
Ma’nosiga ko‘ra
(shaxsning ko‘pligiga ko‘ra)

21. Noiloj – nochor – ilojsiz
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli ifodalashiga ko‘ra)

22. Noxush – ko‘ngilsiz – yoqimsiz
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgi ifodalash kuchining ortiq-kamligiga ko‘ra)

23. Noyob – nodir – taqchil – aziz
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli darajada ifodalashiga ko‘ra)

24. Odobsiz – axloqsiz – buzuq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgi ifodalash darajasining kuchli-kuchsizligiga ko‘ra)

25. Ozor – azob – iztirob – jabr
Bo‘yog‘iga ko‘ra
( belgini kuchli darajada ifodalashiga ko‘ra)

26. Qarama-qarshilik – zidlik – nizo – kelishmovchilik – ixtilof – nifoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
( belgini kuchli-kuchsiz darajada ifodalashiga ko‘ra)

27. Qizaloq – qiz – kelin – ayol – juvon – kampir
Ma’nosiga ko‘ra
(yoshining katta-kichikligiga ko‘ra)

28. Qizg‘anchiq – xasis – saxovatli – saxiy – hotamtoy
Ma’nosiga ko‘ra
(xususiyatning ijobiy-salbiyligiga ko‘ra)

29. Qizg‘ish – qizil – qip-qizil
Ma’nosiga ko‘ra
(rang miqdorining oshib borishiga ko‘ra)

30. Qiziq – ajoyib – alomat – antiqa – ajib
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorlik belgisining ortiq-kamligiga ko‘ra)

31. Qoniqarsiz – o‘rta – yaxshi – a’lo
Ma’nosiga ko‘ra
(baho belgisiga ko‘ra)

32. Rota – qism – dviziya – qo‘shin – armiya
Ma’nosiga ko‘ra
(tarkib miqdorining oz-ko‘pligiga ko‘ra)

33. Sabil (savil) – ordona – zormanda – baytalmon – egasiz
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli-kuchsiz ifodalashiga ko‘ra)

34. Sonor – jarangli – jarangsiz
Ma’nosiga ko‘ra
(ovoz ishtirokining kam-ko‘pligiga ko‘ra)

35. Tomchilamoq – sizmoq – oqmoq
Ma’nosiga ko‘ra
(harakatning shiddatiga ko‘ra)

36. Tovon – to‘piq – boldir – tizza – son
Ma’nosiga ko‘ra
(oyoq qismlarining quyi-yuqoriligiga ko‘ra)

37. Toza – ozoda – pok – pokiza – sof – musaffo – beg‘ubor – g‘uborsiz
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli darajada ifodalashiga ko‘ra)

38. Toza – ozoda – pokiza
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanish doirasining keng-torligiga ko‘ra)

39. Tuzsiz – chuchmal – rosa – sho‘r
Ma’nosiga ko‘ra
(maza-ta’mning me’yordan ortiq-kamligiga ko‘ra)

40. Vijdonsiz – noinsof – yaramas – muttaham
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli darajada ifodalashiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.